1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.13.00.00 Shaharsozlik va arxitektura / 09.13.02.00 Shaharsozlik va arxitektura sohasini boshqarish. Arxitektura va shaharsozlik faoliyati sohasini litsenziyalash]
[TSZ:
1.Iqtisodiyot / Arxitektura va qurilish]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Shaharsozlik faoliyatini geoaxborot bilan taʼminlash mexanizmini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Shaharsozlik faoliyati sohasida davlat boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirish hamda 2023 — 2027-yillarda aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish dasturlarini tasdiqlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2023-yil 11-sentabrdagi PQ-299-son qarori ijrosini taʼminlash hamda shaharsozlik faoliyatining geoaxborot taʼminotini samarali tashkil qilish, shaharsozlik faoliyati monitoringini yuritish va sohaga innovatsion texnologiyalarni keng joriy etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Shaharsozlik faoliyatini geoaxborot bilan taʼminlash uchun markazlashtirilgan topografik maʼlumotlar bazasini yaratish va yuritish qoidalari 1-ilovaga muvofiq;
Yirik masshtabli topografik rejalar uchun shartli belgilar klassifikatori 2-ilovaga muvofiq;
Markazlashtirilgan topografik maʼlumotlar bazasini ishga tushirish va yanada rivojlantirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
[OKOZ:
1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.13.00.00 Shaharsozlik va arxitektura / 09.13.01.00 Umumiy qoidalar;
2.12.00.00.00 Axborot va axborotlashtirish / 12.07.00.00 Kadastr maʼlumoti]
2. Qurilishda muhandislik qidiruvlari, geoaxborot va shaharsozlik kadastri ilmiy-tekshirish instituti Raqamli texnologiyalar vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi va boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2025-yil 1-iyulga qadar:
oʻz mablagʻlari hisobidan shaharsozlik faoliyatini geoaxborot bilan taʼminlash uchun ishlab chiqilayotgan barcha turdagi yirik masshtabli topografik tasvirlar va rejalar “topografiya” maʼlumotlar bazasiga kiritib borilishini taʼminlovchi oʻz veb-platformasining dastlabki versiyasini ishlab chiqib, ishga tushirsin;
“topografiya” maʼlumotlar bazasini “Oʻzbekiston Respublikasi davlat shaharsozlik kadastri” geografik axborot tizimi, Kadastr agentligining davlat geodeziya va kartografiya fondi maʼlumotlar bazasi hamda boshqa davlat axborot tizimlari va maʼlumotlar bazalari bilan integratsiya qilishni tashkil etsin.
[OKOZ:
1.03.00.00.00 Fuqarolik qonunchiligi / 03.10.00.00 Majburiyat huquqi / 03.10.05.00 Shartnoma. Shartnomalarni tuzish, oʻzgartirish va bekor qilish;
2.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.13.00.00 Shaharsozlik va arxitektura / 09.13.02.00 Shaharsozlik va arxitektura sohasini boshqarish. Arxitektura va shaharsozlik faoliyati sohasini litsenziyalash]
3. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2025-yil 1-iyuldan boshlab:
respublika hududida mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, qurilishi tugallangan barcha obyektlarda ijroviy topografik tasvirga olish jarayonlari bajariladi va “topografiya” maʼlumotlar bazasiga kiritiladi;
idoraviy boʻysunishi va mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, barcha tashkilotlar va korxonalar tomonidan amalga oshirilgan yirik masshtabli topografik tasvirlar va rejalar “topografiya” maʼlumotlar bazasiga kiritiladi;
yirik masshtabli topografik tasvirlar va rejalar, jumladan, qurilishi tugallangan obyektlarning ijroviy topografik tasvirlari davlat geodeziya koordinatalar tizimi, xalqaro (WGS-84) koordinatalar tizimi yoxud davlat geodeziya koordinatalari tizimi bilan oʻzaro bogʻliqligi taʼminlangan mahalliy koordinatalar tizimida bajariladi;
“topografiya” maʼlumotlar bazasiga kiritilmagan topografik rejalardan foydalanilgan ishchi loyiha hujjatlarini ekspertizadan oʻtkazishga yoʻl qoʻyilmaydi;
“topografiya” maʼlumotlar bazasiga kiritilgan ijroviy topografik tasvirlari mavjud boʻlmagan qurilish va (yoki) rekonstruksiyasi tugallangan obyektlar foydalanishga qabul qilinmaydi;
joy holatining oʻzgarishi bilan bogʻliq boʻlgan, hududni obodonlashtirish va buzishga oid barcha turdagi ishlar yakunlangach, ijroviy topografik tasvirga olish jarayonlari bajarilib, yakuniy topografik rejalar “Topografiya” maʼlumotlar bazasiga kiritiladi;
hududlarda amalga oshirilgan buzish va (yoki) obodonlashtirish ishlari yakuni boʻyicha “Topografiya” maʼlumotlar bazasiga kiritilgan ijroviy topografik tasvirlari mavjud boʻlmagan ishlar uchun ishlarni qabul qilish dalolatnomalarini rasmiylashtirish qatʼiyan taqiqlanadi;
qurilishi yakunlangan obyektlarning ijroviy topografik tasvirlari obyekt boʻyicha pudrat tashkiloti va geodeziya faoliyatini amalga oshirish vakolatiga ega yuridik shaxslar oʻrtasida tuzilgan shartnomalar asosida ishlab chiqiladi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A. J. Ramatov va qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri Sh.S. Xidoyatov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 12-fevral,
85-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 12-fevraldagi 85-son qaroriga 1-ILOVA
Shaharsozlik faoliyatini geoaxborot bilan taʼminlash uchun markazlashtirilgan topografik maʼlumotlar bazasini yaratish va yuritish
QOIDALARI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Qoidalar shaharsozlik faoliyatini geoaxborot bilan taʼminlash uchun olib boriladigan muhandislik-geodezik qidiruvlari jarayonida ishlab chiqiladigan yirik masshtabli: 1:200, 1:500 va 1:1000 masshtabli topografik tasvirlar va rejalarining markazlashtirilgan topografik maʼlumotlar bazasini (keyingi oʻrinlarda — “Topografiya” maʼlumotlar bazasi) shakllantirish, yuritish va undan foydalanish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Qoidalarda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
ariza beruvchi — topografik ishlar tugagandan soʻng yakuniy topografik maʼlumotlarni “Topografiya” maʼlumotlar bazasiga kiritish yoki “Topografiya” maʼlumotlar bazasida mavjud maʼlumotlarni olish uchun murojaat etuvchi ixtisoslashgan tashkilot;
buyurtmachi — topografik ishlarni bajarishga buyurtma bergan jismoniy yoki yuridik shaxs;
geodeziya mutaxassisi — ixtisoslashgan tashkilot xodimi, geodeziya ishlarini bajarishga vakolatli masʼul shaxs;
ijroviy topografik tasvir — ushbu Qoidalarda hamda shaharsozlik norma va qoidalarida koʻrsatilgan talablarni hisobga olgan holda, hududlarda amalga oshirilayotgan qurilish, buzish va obodonlashtirish ishlari vaqtida va (yoki) yakunida hududdagi bino va inshootlar, muhandislik kommunikatsiya tarmoqlari va joyning holati toʻgʻrisidagi topografik maʼlumotlar;
ixtisoslashgan tashkilot — belgilangan tartibda geodeziya va (yoki) kartografiya faoliyatini amalga oshiruvchi yuridik shaxs;
“Topografiya” maʼlumotlar bazasi ishtirokchisi (ishtirokchi) — idoraviy axborot tizimlari “Topografiya” maʼlumotlar bazasiga integratsiya qilingan vazirliklar va idoralar;
“Topografiya” maʼlumotlar bazasi operatori (operator) — Qurilishda muhandislik qidiruvlari, geoaxborot va shaharsozlik kadastri ilmiy-tekshirish instituti (“Topografiya” maʼlumotlar bazasini shakllantirish va topografik maʼlumotlarni saqlash boʻyicha ijrochi tashkilot);
“Topografiya” maʼlumotlar bazasi foydalanuvchisi (foydalanuvchi) — “Topografiya” maʼlumotlar bazasi maʼlumotlaridan foydalanuvchi jismoniy va yuridik shaxslar;
topografik maʼlumotlar — joy holatining yirik (1:200, 1:500 va 1:1000) masshtabli topografik rejalari, qurilishi va (yoki) rekonstruksiyasi tugallangan obyektlarning ijroviy topografik tasvirlari;
shaxsiy kabinet — ariza beruvchi va ekspertlarga “Topografiya” maʼlumotlar bazasida maʼlumotlarni kiritish, yuklash, saqlash, yuborish va qayta ishlash funksiyalarini amalga oshirish maqsadida biriktirilgan sahifa;
chiziqli obyektlar — yangi qurilgan yoki demontaj qilingan muhandislik kommunikatsiyalarining ijroviy topografik tasvirlari;
qurilishi va (yoki) rekonstruksiyasi tugallangan obyektlar — binolar va inshootlarni, muhandislik kommunikatsiyalarini qurish yoki rekonstruksiya qilish, joyning oʻzgarishi bilan bogʻliq buzish yoki obodonlashtirish ishlari bajarilgan barcha obyektlar.
3. Yirik (1:200, 1:500 va 1:1000) masshtabda amalga oshirilgan barcha topografik maʼlumotlar, joy holatining topografik rejalari, qurilishi va (yoki) rekonstruksiyasi tugallangan obyektlarning ijroviy topografik tasvirlari “Topografiya” maʼlumotlar bazasiga kiritilishi shart.
4. Topografik rejalar va ijroviy topografik tasvirlar mazkur Qoidalarda belgilangan tartibda tekshirilib, “Topografiya” maʼlumotlar bazasiga kiritilgandan soʻng amal qiladi.
Topografik rejalar “Topografiya” maʼlumotlar bazasiga kiritilgan kundan boshlab bir yil davomida amal qiladi.
Ijroviy topografik tasvirlarning amal qilish muddati cheklanmagan.
2-bob. Topografik maʼlumotlarni tekshirish va “Topografiya” maʼlumotlar bazasiga kiritishda elektron xizmatlar koʻrsatish tartibi
5. Topografik maʼlumotlarni tekshirish va “Topografiya” maʼlumotlar bazasiga kiritishda elektron xizmatlar koʻrsatish axborot-kommunikatsiya tizimlari yordamida operatorning veb-platformasida quyidagilar orqali amalga oshiriladi:
ariza beruvchining shaxsiy kabineti;
ekspertlarning shaxsiy kabineti.
Shaxsiy kabinetga qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda Yagona identifikatsiya tizimi orqali kiriladi.
LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 30-oktabrdagi 679-son “Aholiga taqdim etilayotgan elektron davlat xizmatlarini koʻrsatishda shaxsni tasdiqlash tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori.
[OKOZ:
1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.13.00.00 Shaharsozlik va arxitektura / 09.13.02.00 Shaharsozlik va arxitektura sohasini boshqarish. Arxitektura va shaharsozlik faoliyati sohasini litsenziyalash]
6. Topografik ishlar tugagandan soʻng ixtisoslashgan tashkilot operatorning veb-platformasida oʻzining shaxsiy kabineti orqali “Topografiya” maʼlumotlar bazasiga topografik maʼlumotlarni kiritish uchun ariza beradi.
Arizada quyidagi maʼlumotlar koʻrsatiladi:
obyekt nomi;
obyektning joylashuvi yoki manzili;
koordinata va balandlik tizimi;
topografik tasvir yoki rejaning masshtabi;
ish hajmi (maydonli obyektlar gektarda, chiziqli obyektlar metrda);
topografik ishlar yakunlangan sana;
topografik ishlar maqsadi;
buyurtmachi rekvizitlari.
Bunda ariza beruvchi topografik maʼlumotlarni raqamli koʻrinishda, AutoCAD dasturiy taʼminotining DWG vektor formatida yuklaydi.
Ushbu bandda nazarda tutilmagan boshqa hujjatlarni talab qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
7. Topografik maʼlumotlarda topografik ishlar amalga oshirilgan hudud chegarasi koʻrsatilishi shart. Arizada koʻrsatilgan ish hajmi topografik ishlar amalga oshirilgan hudud chegarasi maydoniga mos kelishi kerak.
8. Ariza beruvchining shaxsiy kabineti elektron xizmatlardan foydalanish, elektron xizmatlar koʻrsatish jarayonini kuzatish, shaxsiy maʼlumotlarni saqlash va qayta ishlash imkoniyatini beradi.
[OKOZ:
1.03.00.00.00 Fuqarolik qonunchiligi / 03.11.00.00 Majburiyatlarning alohida turlari / 03.11.10.00 Pullik xizmat koʻrsatish]
9. “Topografiya” maʼlumotlar bazasiga topografik maʼlumotlarni kiritish uchun ariza toʻldirgandan soʻng ariza beruvchi koʻrsatiladigan xizmatlar uchun toʻlov hisob-varaqasini oladi. Ariza beruvchi besh ish kuni ichida koʻrsatiladigan xizmatlar uchun operatorning hisobraqamiga toʻlovni amalga oshirishi shart. Koʻrsatiladigan xizmatlar uchun toʻlov amalga oshirilgandan soʻng, operator taqdim etilgan topografik maʼlumotlarni tekshirish va “Topografiya” maʼlumotlar bazasiga kiritish jarayonini boshlaydi.
10. Operator quyidagilarni tekshiradi:
topografik maʼlumotlar elementlarining tarkibi yirik masshtabli topografik rejalar uchun shartli belgilar klassifikatori talablariga muvofiqligi;
topografik maʼlumotlar va unda koʻrsatilgan joy holatining “Topografiya” maʼlumotlar bazasidagi mavjud maʼlumotlarga mosligi;
topografik maʼlumotlarning topologik tartibi — topografik elementlarning oʻzaro joylashuvi, ularning joydagi obyektlarning oʻzaro geometrik joylashuv holatiga mosligi;
arizada koʻrsatilgan maʼlumotlarga, koordinata va balandlik tizimlariga topografik maʼlumotlarning mosligi.
[OKOZ:
1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.13.00.00 Shaharsozlik va arxitektura / 09.13.05.00 Shaharsozlik normativlari. Shaharsozlik hujjatlari. Ekspertiza]
11. Taqdim qilingan topografik maʼlumotlarni tekshirish uchun topografik tasvirga olish jarayoni amalga oshirilgan hududning hajmiga (maydoniga yoki uzunligiga) qarab quyidagi muddatlar belgilanadi:
maydoni 0,5 gektargacha yoki uzunligi 300 metrgacha (chiziqli obyektlar uchun) — besh ish kuni;
maydoni 0,5 gektardan 2,0 gektargacha yoki uzunligi 300 metrdan 1000 metrgacha (chiziqli obyektlar uchun) — yetti ish kuni;
maydoni 2,0 gektardan 5,0 gektargacha yoki uzunligi 1000 metrdan 2500 metrgacha (chiziqli obyektlar uchun) — sakkiz ish kuni;
maydoni 5,0 gektardan 10,0 gektargacha yoki uzunligi 2500 metrdan 5000 metrgacha (chiziqli obyektlar uchun) — oʻn ish kuni;
maydoni 10 gektardan 50 gektargacha yoki uzunligi 5000 metrdan 50 000 metrgacha (chiziqli obyektlar uchun) — oʻn besh ish kuni;
50 gektardan ortiq maydon — yigirma ish kuni.
12. Taqdim qilingan topografik maʼlumotlarni ekspertlar tomonidan tekshirish jarayonida nomuvofiqliklar aniqlansa, topografik maʼlumot faylining oʻzida alohida qatlamda nomuvofiqliklarni koʻrsatgan holda topografik maʼlumotlar bir ish kuni ichida ariza beruvchiga qaytariladi.
13. Ariza beruvchi koʻrsatilgan nomuvofiqliklarni yigirma kun muddatda bartaraf qiladi (tuzatadi) hamda topografik maʼlumotlarni tekshirish va “Topografiya” maʼlumotlar bazasiga kiritish uchun operator veb-platformasidagi shaxsiy kabineti orqali qayta yuboradi.
Koʻrsatilgan nomuvofiqliklar yigirma kun muddat ichida bartaraf etilib, topografik maʼlumotlar qayta yuborilganda, operator xizmatlari uchun toʻlov olinmaydi.
14. Tekshiruvdan muvaffaqiyatli oʻtgan topografik maʼlumotlarga takrorlanmaydigan yagona roʻyxatga olish raqami beriladi va bu ishni bajargan ixtisoslashgan tashkilotga uning topografik maʼlumotlari “Topografiya” maʼlumotlar bazasiga kiritilganligi toʻgʻrisida QR-kodli xabar yuboriladi.
Topografik maʼlumotlarni tekshirish va “Topografiya” maʼlumotlar bazasiga kiritishda elektron xizmatlar mazkur Qoidalarga 1-ilovada keltirilgan sxemaga asosan koʻrsatiladi.
15. Ekspertlarning shaxsiy kabineti qabul qilingan arizalarni qayta ishlash uchun moʻljallangan boʻlib, elektron xizmatlar koʻrsatishda zarur hujjatlar va maʼlumotlarni tayyorlash, tahrir qilish, qidirish va arizaga javob berish imkoniyatini beradi.
16. Topografik maʼlumotlarni tekshirish, “Topografiya” maʼlumotlar bazasiga kiritish va “Topografiya” maʼlumotlar bazasida mavjud maʼlumotlarni taqdim etishga oid elektron xizmatlar operator va ixtisoslashgan tashkilot oʻrtasida tuziladigan ommaviy shartnoma asosida koʻrsatiladi. Topografik maʼlumotlarni tekshirish, “Topografiya” maʼlumotlar bazasiga kiritish va “Topografiya” maʼlumotlar bazasida mavjud maʼlumotlarni taqdim etishga oid elektron xizmatlarni koʻrsatish uchun toʻlov miqdorlari ushbu Qoidalarga 2-ilovaga muvofiq belgilanadi.
[OKOZ:
1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.13.00.00 Shaharsozlik va arxitektura / 09.13.01.00 Umumiy qoidalar]
17. Operator quyidagi holatlarda amalga oshirilgan toʻlovni qaytarib bermasdan, “Topografiya” maʼlumotlar bazasiga topografik maʼlumotlarni kiritishni rad etishi mumkin:
ariza beruvchi oʻz shaxsiy kabineti orqali operator tomonidan yuborilgan nomuvofiqliklarni olgan kundan boshlab yigirma kun muddat ichida topografik maʼlumotlarning oʻzgartirilgan (tuzatilgan) faylini operatorga qayta yubormasa;
ariza beruvchi topografik maʼlumot faylida koʻrsatilgan nomuvofiqliklarni bartaraf etmasdan qayta yuborsa.
Ushbu bandda koʻrsatilmagan boshqa sabablarga koʻra amalga oshirilgan toʻlovni qaytarib bermasdan, “Topografiya” maʼlumotlar bazasiga topografik maʼlumotlarni kiritishni rad etish taqiqlanadi.
18. Agar “Topografiya” maʼlumotlar bazasiga topografik maʼlumotlarni kiritishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilinsa, rad etish sabablari koʻrsatilib, ariza beruvchining shaxsiy kabinetiga rad etish toʻgʻrisida xabar yuboriladi va ushbu xabarni ariza beruvchining elektron pochta manziliga takrorlash mumkin.
19. Ariza beruvchi topografik maʼlumotlarni “Topografiya” maʼlumotlar bazasiga kiritishni rad etish uchun asos boʻlgan sabablarni bartaraf etganidan keyin qayta murojaat qilgan taqdirda, ariza beruvchi tomonidan berilgan ariza yangi ariza sifatida qabul qilinadi va operator tomonidan belgilangan tartibda koʻrib chiqiladi.
20. Agar operator ushbu Qoidalarning 11-bandida belgilangan muddatda arizani koʻrib chiqib, taqdim etilgan topografik maʼlumotlar “Topografiya” maʼlumotlar bazasiga kiritilganligi yoxud rad etilganligi toʻgʻrisida xabarnoma bermasa, belgilangan muddat tugagandan soʻng tizim avtomatik ravishda taqdim etilgan topografik maʼlumotlarni “Topografiya” maʼlumotlar bazasiga kiritadi va ariza beruvchiga taqdim etilgan topografik maʼlumotlar avtomatik ravishda “Topografiya” maʼlumotlar bazasiga kiritilganligi toʻgʻrisida QR-kodli xabar yuboradi.
21. Topografik maʼlumotlarni tekshirish va “Topografiya” maʼlumotlar bazasiga kiritish muddatlari xizmatlar koʻrsatganlik uchun haq toʻlangan kundan boshlab hisoblanadi. Agar operator tekshirish vaqtida nomuvofiqliklarni aniqlasa va topografik maʼlumotlarni qayta koʻrib chiqish (tuzatish) uchun qaytarsa, bu holda topografik maʼlumotlarni tekshirish muddati koʻrsatilgan nomuvofiqliklar bartaraf etilib, tuzatilgan topografik maʼlumot qayta taqdim etilgunga qadar toʻxtatib turiladi. Tuzatilgan topografik maʼlumot qayta taqdim etilgan kundan eʼtiboran tekshirish muddatlarining oʻtishi davom etadi.
22. Topografik maʼlumotlar “Topografiya” maʼlumotlar bazasiga kiritilgandan soʻng qurilish vaqtida mavjud yer osti muhandislik tarmoqlarining joylashuvi yoxud ularning belgilanishi, joyning holati “Topografiya” maʼlumotlar bazasiga kiritilgan topografik rejada aks ettirilgan holatga mos kelmasligi aniqlansa, topografik tasvirga olish jarayoni buyurtmachisi bu haqda darhol ushbu hududning topografik rejasini ishlab chiqqan ixtisoslashgan tashkilotga xabar beradi.
Ixtisoslashgan tashkilot besh ish kuni mobaynida topografik ishlar qayta bajarilishini tashkil etishi va buyurtmachi hamda tegishli kommunikatsiya tarmogʻi vakili ishtirokida nomuvofiqliklar bartaraf etilganligi toʻgʻrisida dalolatnoma imzolagan holda, topografik rejaning yangi (tuzatilgan) versiyasini tuzishi shart.
Topografik ishlar yakunlangandan soʻng ixtisoslashgan tashkilot operatorning veb-platformasidagi oʻz shaxsiy kabineti orqali yangilangan topografik maʼlumotlarni “Topografiya” maʼlumotlar bazasiga kiritish uchun mazkur hujjatda belgilangan tartibda ariza beradi.
3-bob. Topografik maʼlumotlar “Topografiya” maʼlumotlar bazasiga kiritilganligi toʻgʻrisidagi elektron xabarlar repozitoriysi
[OKOZ:
1.12.00.00.00 Axborot va axborotlashtirish / 12.03.00.00 Axborot resurslari. Axborot resurslaridan foydalanish / 12.03.02.00 Axborotni hujjatlashtirish. Elektron hujjat aylanishi / 12.03.02.01 Elektron hujjat aylanishi]
23. Elektron xizmatlar koʻrsatish natijalari, yaʼni topografik maʼlumotlar “Topografiya” maʼlumotlar bazasiga kiritilganligi toʻgʻrisida yuborilgan elektron xabarlar “Topografiya” maʼlumotlar bazasining elektron hujjatlar repozitoriysida saqlanadi.
24. Ariza beruvchi oʻzining shaxsiy kabinetidan foydalangan holda, operatorning veb-platformasida yaratilgan elektron xabarlar nusxasini olish imkoniyatiga ega boʻladi.
25. Davlat organlari operatorning veb-platformasida yaratilgan elektron xabarning yagona roʻyxatga olish raqamini elektron hujjatlar repozitoriysi rasmiy veb-sahifasiga kiritish yoxud elektron xabarda koʻrsatilgan QR-kodni skaner qilish orqali murojaat etuvchilardan olingan elektron xabarlar nusxalarining haqiqiyligini tekshirish va ular haqidagi maʼlumotlarni olish imkoniyatiga ega boʻladi.
4-bob. “Topografiya” maʼlumotlar bazasida saqlanadigan maʼlumotlarning tarkibi
26. Operator har bir ariza boʻyicha tekshirilgan va “Topografiya” maʼlumotlar bazasiga kiritilgan topografik maʼlumotlarning hisobini yuritadi va unda quyidagi maʼlumotlarni koʻrsatadi:
obyekt nomi;
obyektning joylashuvi yoki manzili;
koordinata va balandlik tizimi;
topografik tasvir yoki rejaning masshtabi;
ish hajmi (maydonli obyektlar gektarda, chiziqli obyektlar metrda);
topografik ishlar bajarilgan (yakunlangan) sana;
topografik ishlar maqsadi;
buyurtmachi rekvizitlari;
roʻyxatga olish raqami.
Operator bu maʼlumotlarni geodeziya va kartografiya faoliyati sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi, Mudofaa vazirligi, sud va huquqni muhofaza qilish organlarining soʻroviga binoan taqdim etadi.
27. Operator topografik maʼlumotlarni “Topografiya” maʼlumotlar bazasida alohida fayllar holatida saqlaydi.
Mahalliy yoki davlat geodeziya koordinatalar tizimida tegishli masshtabdagi topografik tasvirlar va rejalarning nomenklatura varaqlariga mos holda alohida topshirilgan fayllarni yigʻish va navbatchi topografik rejalar koʻrinishida saqlash mumkin.
Operator topografik tasvirlar va rejalarning nomenklatura varaqlari joylashuv sxemasini oʻz veb-platformasida eʼlon qiladi.
28. “Topografiya” maʼlumotlar bazasi 1:200, 1:500 va 1:1000 masshtablar qatoriga mos holda, har bir masshtab qatori uchun alohida yuritiladi.
29. Operator maʼlumotlarni zaxiralashni va “Topografiya” maʼlumotlar bazasida saqlashni taʼminlaydi. Maʼlumotlarni saqlash muddati — 10 yil.
30. “Topografiya” maʼlumotlar bazasi tugatilgan taqdirda, uning maʼlumotlari belgilangan tartibda saqlash uchun davlat kartografiya-geodeziya fondiga oʻtkaziladi.
5-bob. Boshqa axborot tizimlari bilan oʻzaro axborot almashinuvi
[OKOZ:
1.12.00.00.00 Axborot va axborotlashtirish / 12.04.00.00 Axborotlashtirish. Axborot tizimlari, texnologiyalari va ularni taʼminlash vositalari / 12.04.02.00 Axborot tizimlari, texnologiyalari va ularni taʼminlash vositalari]
31. “Topografiya” maʼlumotlar bazasi davlat organlarining quyidagi axborot tizimlari bilan oʻzaro bogʻliq holda tashkil etiladi:
“Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi;
Davlat shaharsozlik kadastri geografik axborot tizimi geoportali;
Davlat geodeziya va kartografiya fondi maʼlumotlar bazasi;
“Elektron hukumat” tizimi foydalanuvchilarini identifikatsiya qilishning yagona axborot tizimi;
“Litsenziya” axborot tizimi.
32. Operator har bir ish kuni yakunlangach, ish kuni davomida “Topografiya” maʼlumotlar bazasiga kiritilgan topografik maʼlumotlarni “FTR” fayl uzatish protokoli serveri (keyingi oʻrinlarda — FTR-server) yordamida Davlat geodeziya va kartografiya fondi maʼlumotlar bazasiga taqdim etadi.
Tomonlar (maʼlumotlar bazasi egalari) oʻzaro kelishuv asosida topografik maʼlumotlarni uzatishning boshqa usullaridan foydalanishlari mumkin.
33. Topografik maʼlumotlar raqamli koʻrinishda, AutoCAD dasturiy taʼminotining DWG vektor formatida taqdim etiladi.
6-bob. “Topografiya” maʼlumotlar bazasidagi maʼlumotlarni foydalanuvchilarga taqdim etish tartibi
34. “Topografiya” maʼlumotlar bazasidan soʻralgan maʼlumotlar quyidagi uslublarda taqdim etilishi mumkin:
operator veb-platformasi orqali;
FTR-serverlardan foydalangan holda;
elektron pochta xizmatidan foydalangan holda;
qogʻoz shaklida (buyurtma asosida qogʻozga chop etish).
35. Operator foydalanuvchining arizasi asosida topografik maʼlumotlarni quyidagi elektron fayl formatlarida tayyorlaydi va taqdim etadi:
AutoCAD dasturiy taʼminotining DWG vektor formati;
portativ hujjat fayl formati (PDF);
tasvirli rastr fayl formati (JPEG yoki PNG).
36. “Topografiya” maʼlumotlar bazasida mavjud maʼlumotlarni olish uchun foydalanuvchi operatorning veb-platformasida oʻzining shaxsiy kabineti orqali arizani yuboradi.
Arizada quyidagi maʼlumotlar koʻrsatiladi:
maʼlumot soʻralayotgan hudud joylashuv oʻrni, aniq chegarasi koʻrsatilgan holda;
soʻralayotgan maʼlumot turi: topografik maʼlumot/geodezik punktlar;
soʻralayotgan topografik maʼlumot masshtabi;
maʼlumotlarni taqdim etish uslubi va formati;
maʼlumotlardan foydalanish maqsadi;
buyurtmachi rekvizitlari.
Bunda maʼlumotlar soʻralayotgan hudud maydoni ariza beruvchi tomonidan koʻrsatilgan chegara asosida avtomatik ravishda tizim tomonidan hisoblanadi.
37. Operator uch ish kuni davomida arizada koʻrsatilgan hudud uchun “Topografiya” maʼlumotlar bazasida mavjud maʼlumotlarni oʻrganadi va oʻrganishlar natijasi asosida:
mavjud maʼlumotlarni taqdim etish boʻyicha elektron xizmatlar uchun toʻlov hisob-varaqasini va taqdim etiladigan maʼlumotlar roʻyxatini shakllantiradi hamda ariza beruvchiga joʻnatadi;
arizada koʻrsatilgan hudud uchun “Topografiya” maʼlumotlar bazasida maʼlumotlar mavjud boʻlmasa, ariza beruvchiga maʼlumotlar mavjud emasligi toʻgʻrisida xabar yuboradi va mazkur ariza yakunlangan hisoblanadi.
38. Ariza beruvchi maʼlumotlarni taqdim etishga oid xizmatlar uchun toʻlov hisobvaraqasini va taqdim etiladigan maʼlumotlar roʻyxatini olgandan soʻng ixtiyoriga koʻra besh ish kuni davomida koʻrsatiladigan xizmatlar uchun operatorning hisobraqamiga toʻlovni amalga oshiradi. Belgilangan muddatda toʻlov amalga oshirilmasa, mazkur ariza boʻyicha elektron xizmat amalga oshirilmaydi va ariza yakunlangan hisoblanadi.
[OKOZ:
1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.16.00.00 Aloqa / 09.16.07.00 Elektron pochta]
39. Ariza beruvchi “Topografiya” maʼlumotlar bazasida mavjud maʼlumotlarni taqdim etishga oid xizmatlar uchun toʻlovni amalga oshirgan taqdirda operator uch ish kuni davomida ariza beruvchining soʻroviga asosan taqdim etiladigan maʼlumotlarni mazkur Qoidalarda va arizada belgilangan uslubda va formatda ariza beruvchiga taqdim etadi hamda ariza beruvchining shaxsiy kabinetiga uning arizasiga asosan maʼlumotlar taqdim etilganligi toʻgʻrisida xabar yuboradi. Ushbu xabarni ariza beruvchining elektron pochta manziliga takrorlash mumkin.
“Topografiya” maʼlumotlar bazasidagi maʼlumotlarni foydalanuvchilarga taqdim etishda elektron xizmatlar koʻrsatish sxemasi mazkur Qoidalarga 3-ilovada keltirilgan.
7-bob. Yakunlovchi qoidalar
40. Ariza beruvchi oʻzi taqdim etgan topografik maʼlumotlarning haqiqiyligi za aktualligini taʼminlash uchun javobgardir.
[OKOZ:
1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.13.00.00 Shaharsozlik va arxitektura / 09.13.06.00 Shaharsozlik toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlarining bajarilishi ustidan nazorat]
41. Davlat organlari oʻzlarining idoraviy axborot tizimlari va maʼlumotlar bazalaridan olingan maʼlumotlarning haqqoniyligi va aktualligini taʼminlaydi.
42. Tizim ishtirokchilari va foydalanuvchilariga axborot tizimiga kirish uchun berilgan roʻyxatga olish maʼlumotlarini (foydalanuvchi nomlari, loginlar, parollar va boshqalarni) boshqa uchinchi shaxslarga berish taqiqlanadi.
[OKOZ:
1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.13.00.00 Shaharsozlik va arxitektura / 09.13.07.00 Nizolarni hal qilish. Shaharsozlik va arxitektura sohasida qonun buzganlik uchun javobgarlik]
43. Ushbu Qoidalar talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 99-moddasi.
Shaharsozlik faoliyatini geoaxborot bilan taʼminlash uchun markazlashtirilgan topografik maʼlumotlar bazasini yaratish va yuritish qoidalariga 1-ILOVA
Topografik maʼlumotlarni tekshirish va “Topografiya” maʼlumotlar bazasiga kiritishda elektron xizmatlar koʻrsatish
SXEMASI
Bosqichlar
Subyektlar
Tadbirlar
Ijro muddatlari
1-bosqich
Ariza beruvchi
Topografik ishlar tugagandan soʻng ixtisoslashgan tashkilot operatorning veb-platformasida oʻzining shaxsiy kabineti orqali “Topografiya” maʼlumotlar bazasiga topografik maʼlumotlarni kiritish uchun ariza beradi va talab etilgan maʼlumotlarni yuklaydi.
Ixtiyoriga koʻra
2-bosqich
Operator
Koʻrsatiladigan elektron xizmatlar uchun toʻlov hisob-varaqasini shakllantiradi va ariza beruvchiga joʻnatadi.
Bir soat
3-bosqich
Ariza beruvchi
Toʻlov hisobvaraqasida koʻrsatilgan toʻlovni amalga oshiradi.
Besh ish kuni
4-bosqich
Operator
Taqdim etilgan topografik maʼlumotlarni tekshiradi va tekshiruvdan muvaffaqiyatli oʻtgan topografik maʼlumotlarni roʻyxatga olib, ariza beruvchiga topografik maʼlumotlar “Topografiya” maʼlumotlar bazasiga kiritilganligi toʻgʻrisida QR-kodli xabar yuboradi.
Tekshiruvda nomuvofiqliklar aniqlansa, topografik maʼlumotni tuzatmalar kiritish uchun qaytaradi.
Koʻrsatilgan nomuvofiqliklarni bartaraf etgan holda, topografik maʼlumotni yangi versiyasini qayta kiritadi.
Yigirma kun
4b-bosqich
Operator
Qayta taqdim etilgan topografik maʼlumotlarni tekshiradi va tekshiruvdan muvaffaqiyatli oʻtgan topografik maʼlumotlarni roʻyxatga olib, ariza beruvchiga topografik maʼlumotlar “Topografiya” maʼlumotlar bazasiga kiritilganligi toʻgʻrisida QR-kodli xabar yuboradi.
Tekshiruv jarayonida oldin koʻrsatilgan nomuvofiqliklar toʻliq bartaraf etilmaganligi aniqlansa, taqdim qilingan topografik maʼlumotlarni “Topografiya” maʼlumotlar bazasiga kiritish rad etiladi
Shaharsozlik faoliyatini geoaxborot bilan taʼminlash uchun markazlashtirilgan topografik maʼlumotlar bazasini yaratish va yuritish qoidalariga 2-ILOVA
Topografik maʼlumotlarni tekshirish, “Topografiya” maʼlumotlar bazasiga kiritish va “Topografiya” maʼlumotlar bazasida mavjud maʼlumotlarni taqdim etishga oid elektron xizmatlarni koʻrsatish uchun toʻlov
maydoni 5,0 ga dan ortiq boʻlgan obyektlarning qoʻshimcha har bir gektari uchun
1 obyekt
0,2
3.
Muhandislik kommunikatsiyalarining ijroviy topografik tasvirlarini qabul qilish, tekshirish, “Topografiya” maʼlumotlar bazasiga kiritish va navbatchi xaritani yangilash. Muhandislik kommunikatsiyasining uzunligi
3.1.
50 metrgacha
1 obyekt
0,2
3.2.
51 metrdan 300 metrgacha
1 obyekt
0,5
3.3.
300 metrdan ortiq boʻlganda qoʻshimcha har 100 metr uchun
1 obyekt
0,1
4.
Demontaj qilingan muhandislik kommunikatsiyalarining dalolatnomalarini va ijroviy topografik tasvirlarini qabul qilish, tekshirish, “Topografiya” maʼlumotlar bazasiga kiritish va navbatchi xaritani yangilash. Muhandislik kommunikatsiyasining uzunligi
4.1.
50 metrgacha
1 obyekt
0,15
4.2.
51 metrdan 300 metrgacha
1 obyekt
0,3
4.3.
300 metrdan ortiq boʻlganda qoʻshimcha har 100 metr uchun
1 obyekt
0,05
Izoh.
* Xizmatlar narxi qoʻshilgan qiymat soligʻini oʻz ichiga olmaydi;
** Fayl — yirik masshtabli topografik reja nomenklatura varagʻi maydonidan (1:500 masshtabda — 6,25 ga, 1:1000 masshtabda — 25 ga) katta boʻlmagan hajmdagi topografik reja. Soʻralgan topografik maʼlumotlar bir necha nomenklatura varagʻi maydoniga tegishli boʻlsa, nomenklatura varagʻi soni fayl soniga mos keladi;
*** Obyekt — bitta elektron faylda joylashgan va bitta yaxlit hudud uchun olib borilgan topografik oʻlchovlar natijasi. Topografik oʻlchovlar olib borilgan hudud orasidagi masofa masshtabda 10 santimetrdan ortiq boʻlsa, bunday topografik maʼlumotlarni alohida fayl koʻrinishida va har bir fayl alohida obyekt sifatida taqdim etilishi lozim.
Shaharsozlik faoliyatini geoaxborot bilan taʼminlash uchun markazlashtirilgan topografik maʼlumotlar bazasini yaratish va yuritish qoidalariga 3-ILOVA
“Topografiya” maʼlumotlar bazasidagi maʼlumotlarni foydalanuvchilarga taqdim etishda elektron xizmatlar koʻrsatish
SXEMASI
Bosqichlar
Subyektlar
Tadbirlar
Ijro muddatlari
1-bosqich
Ariza beruvchi
Operatorning veb-platformasida oʻzining shaxsiy kabineti orqali “Topografiya” maʼlumotlar bazasida mavjud maʼlumotlarni olish uchun ariza beradi.
Ixtiyoriga koʻra
2-bosqich
Operator
Arizada koʻrsatilgan hudud uchun “Topografiya” maʼlumotlar bazasida mavjud maʼlumotlarni oʻrganadi, maʼlumotlarni taqdim etish boʻyicha elektron xizmatlar uchun toʻlov hisobvaraqasini va taqdim etiladigan maʼlumotlar roʻyxatini shakllantiradi hamda ariza beruvchiga joʻnatadi. Arizada koʻrsatilgan hudud uchun “Topografiya” maʼlumotlar bazasida maʼlumotlar mavjud boʻlmasa, arizachiga maʼlumotlar mavjud emasligi toʻgʻrisida xabar yuboradi.
Uch ish kuni
3-bosqich
Ariza beruvchi
Hisob-varaqasida koʻrsatilgan toʻlovni amalga oshiradi.
Ixtiyoriga koʻra oʻn ish kuni davomida
4-bosqich
Operator
Arizachining shaxsiy kabinetiga uning soʻroviga asosan maʼlumotlar taqdim etilganligi toʻgʻrisida xabar yuboriladi va ushbu xabarni arizachining elektron pochta manziliga takrorlash mumkin
uch ish kuni
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 12-fevraldagi 85-son qaroriga 2-ILOVA
Yirik masshtabli topografik rejalar uchun shartli belgilar
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 12-fevraldagi 85-son qaroriga 3-ILOVA
Markazlashtirilgan topografik maʼlumotlar bazasini ishga tushirish va yanada rivojlantirish boʻyicha
“YOʻL XARITASI”
T/r
Chora-tadbirlar nomi
Amalga oshirish mexanizmi
Ijro muddati
Ijro uchun masʼullar
1.
Yirik masshtabli topografik tasvirlar va rejalar markazlashtirilgan topografik maʼlumotlar bazasiga (keyingi oʻrinlarda — “Topografiya” maʼlumotlar bazasi) kiritib borilishini taʼminlovchi veb-platformani ishlab chiqish va ishga tushirish.
1. Veb-platformani ishlab chiqish uchun konsepsiya, texnik topshiriqni shakllantirish va oʻrnatilgan tartibda kelishish.
2025-yil aprel
Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi,
Qurilishda muhandislik qidiruvlari, geoaxborot va shaharsozlik kadastri ilmiy-tekshirish instituti
2. Veb-platformani ishlab chiqish va test rejimida ishga tushirish.
2025-yil iyul
3. Veb-platformadan foydalanish boʻyicha qoʻllanmalarni ishlab chiqish.
2025-yil iyul
2.
“Topografiya” maʼlumotlar bazasini boshqa axborot tizimlari va maʼlumotlar bazalari bilan integratsiya qilish hamda axborot almashinuvi boʻyicha hamkorlikni taʼminlash.
1. “Elektron hukumat” axborot tizimi foydalanuvchilarini identifikatsiya qilishning yagona axborot tizimi bilan integratsiya qilinishini taʼminlash.
2025-yil iyun
Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi,
Qurilishda muhandislik qidiruvlari, geoaxborot va shaharsozlik kadastri ilmiy-tekshirish instituti,
Raqamli texnologiyalar vazirligi,
Adliya vazirligi,
Soliq qoʻmitasi,
Kadastr agentligi, tegishli vazirlik va idoralar
2. “Litsenziya” axborot tizimi bilan integratsiya qilinishini taʼminlash.
2025-yil iyun
3. Yuridik shaxslarning maʼlumotlar bazalari bilan integratsiya qilinishini taʼminlash.
2025-yil iyun
4. “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi bilan integratsiya qilinishini taʼminlash.
2025-yil iyun
5. Davlat shaharsozlik kadastri geografik axborot tizimi geoportali bilan integratsiya qilinishini taʼminlash.
2025-yil iyun
6. Davlat geodeziya va kartografiya fondi maʼlumotlar bazasi bilan integratsiya qilinishini taʼminlash.
2025-yil iyun
7. Zarurat tugilganda boshqa axborot tizimlari va maʼlumotlar bazalari bilan integratsiya qilinishini taʼminlash.
Zaruratga koʻra
3.
“Topografiya” maʼlumotlar bazasidan foydalanish boʻyicha oʻquv-amaliy seminarlarni tashkil etish.
Quyidagi hududiy tashkilotlar va idoralar xodimlari uchun “Topografiya” maʼlumotlar bazasidan foydalanish zarurati, mazkur qaror ijrosini taʼminlashdagi ahamiyati boʻyicha oʻquv-amaliy seminarlarni tashkil etish va oʻtkazish:
geodeziya ishlarini bajarishga ixtisoslashgan tashkilotlar;
qurilishi tugallangan obyektlarni ekspluatatsiyaga qabul qilish komissiyasi aʼzolari va boshqalar.
Grafik asosida
(2025-yil iyul — sentabr)
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahri va viloyatlar hokimliklari,
Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi,
Qurilishda muhandislik qidiruvlari, geoaxborot va shaharsozlik kadastri ilmiy-tekshirish instituti, tegishli vazirlik, idora va tashkilotlar
4.
“Topografiya” maʼlumotlar bazasini modernizatsiya qilish va yanada takomillashtirish.
“Topografiya” maʼlumotlar bazasini modernizatsiya qilish va yanada takomillashtirish boʻyicha texnik va tashkiliy choralar amalga oshirilishini taʼminlash.
Doimiy ravishda
Qurilishda muhandislik qidiruvlari, geoaxborot va shaharsozlik kadastri ilmiy-tekshirish instituti
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.02.2025-y., 09/25/85/0137-son; 23.10.2025-y., 09/25/666/0965-son)