toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 22.07.2022
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Yer osti suvlaridan foydalanishni tartibga solish, ularni ifloslanishdan hamda kamayib ketishdan muhofaza qilishni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-iyuldagi 396-sonli “Qonunchilik bazasini yanada tizimlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Vazirlar Mahkamasi shuni ta’kidlaydiki, so‘nggi yillarda respublikada yer osti suvlaridan oqilona foydalanish va ularni muhofaza qilish aholini suv bilan ta’minlashni yaxshilash bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirildi.
Biroq mazkur ishlar nihoyatda past darajada olib borildi va shahar hamda qishloq aholisining sifatli ichimlik suvga bo‘lgan ehtiyojlariga javob bermas edi.
Suvni muhofaza qilish qonunchiligining ko‘plab buzilishlari sodir bo‘lmoqda, bu chuchuk yer osti suvlarining asossiz isrof bo‘lishiga va ifloslanishiga olib kelmoqda. Ichimlik suv nihoyatda taqchil bo‘lib turgan bir paytda ulardan katta miqdorlarda sug‘orish va texnik suv ta’minoti maqsadlarida foydalanish davom etmoqda. Sanitariya muhofazasi zonalari hamda yer osti chuchuk suvining yirik manbalari mavjud bo‘lgan yerlarda sanoat va qishloq xo‘jaligi obyektlarini joylashtirish hollari mavjud.
Bunday obyektlarni yer osti chuchuk suv manbalari bo‘lgan hududlar tashqarisiga chiqarish bo‘yicha choralar ko‘rilmayapti. Natijada ko‘pgina xo‘jalik-ichimlik suv olish inshootlari, ayniqsa respublikaning g‘arbiy viloyatlarida, aholiga sifatsiz suv chiqarib bermoqda.
Suv chiqarishni loyihalashtirish va burg‘ilash ishlari bilan ko‘plab tashkilotlar, shu jumladan, bunga huquqi bo‘lmagan kooperativlar ko‘pincha loyihalarni kelishmasdan va zarur ruxsatnomalarni rasmiylashtirmasdan, ayrim hollarda esa umuman loyiha-smeta hujjatlarisiz shug‘ullanmoqdalar.
Bularning barchasi yer osti suvlaridan foydalanish, birinchi navbatda, ichimlik suv ta’minoti maqsadlarida foydalanishda nazoratsiz vaziyatni vujudga keltirmoqda, uning kengaytirish imkoniyatlarini cheklab qo‘ymoqda.
Yer osti suvlaridan foydalanish ustidan kat’iy nazoratni ta’minlash, ularni ifloslanishdan, kamayib ketishidan muhofaza qilishda tartib o‘rnatish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Melioratsiya va suv xo‘jaligi vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy-kommunal xo‘jaligi hamda Qishloq xo‘jaligi vazirliklari ishtirokida 1991 — 1995-yillar mobaynida O‘zbekiston Respublikasida sug‘oriladigan yerlarni, suv resurslaridan foydalanish va ularning muhofaza qilishning Bosh sxemasi tarkibida yer osti chuchuk suvlaridan foydalanishni tartibga solish hamda ularni muhofaza qilishni kuchaytirish masalalarini chuqurroq o‘rganib chiqishni nazarda tutsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi chuchuk, mineral, sanoat va termal suv manbalarini qidirish-razvedka qilish ishlarini olib borish bo‘yicha bosh pudratchi etib belgilansin.
3. Suv chiqarish-ekspluatatsiya quduqlariga ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Melioratsiya va suv xo‘jaligi vazirligi, Uy-joy-kommunal xo‘jaligi vazirligi, boshqa vazirliklar, idoralar, konsernlar, korxonalar va tashkilotlar 1992-yil mobaynida ularni to‘liq inventarizatsiyadan o‘tkazsinlar va natijalarini 1993-yilning 1-yanvarigacha O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasiga taqdim etsinlar.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi o‘tkazilgan inventarizatsiya natijalarini umumlashtirsin va 1993-yilning 1-martigacha Vazirlar Mahkamasi yer osti suvlaridan xo‘jalik-ichimlik uchun ustun darajada foydalanish bo‘yicha takliflar kiritsin.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi bilan birgalikda inventarizatsiya qilish ishlari ustidan qat’iy nazorat o‘rnatsin, uning natijalari bo‘yicha tanlanma tekshirishlarni amalga oshirsin, mazkur ishni barbod qilgan korxonalar va tashkilotlarga nisbatan quduqlardan va suvdan foydalanish uchun maxsus ruxsatnoma berishni to‘xtatib qo‘yishgacha bo‘lgan qat’iy choralar qo‘llansin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Melioratsiya va suv xo‘jaligi vazirligi, Uy-joy-kommunal xo‘jaligi vazirligi va Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda turli maqsadlarda foydalanilgan yer osti suvi uchun narx belgilash haqida takliflar ishlab chiqsin va ularning 1992-yilning 1-noyabriga qadar Vazirlar Mahkamasiga taqdim etsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(5-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 8-oktabrdagi 276-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — O‘R QHT, 2013-y., 41-son, 550-modda)
6. Qoldiq jinslarni saqlaydigan, shlam to‘playdigan joylari, zaharli suyuq mahsulotlari saqlanadigan omborlari va yer osti suvlarini ifloslantirishi mumkin bo‘lgan boshqa manbalarga ega bo‘lgan korxonalar kuzatish quduqlarining maxsus tarmog‘ini yaratish va kuzatish ishlarini olib borish uslubi O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi va O‘zbekiston Respublikasi Davlat tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi organlari bilan kelishilsin.
7. O‘zbekiston SSR Ministrlar Sovetining “O‘zbekiston SSRda suv chiqarish uchun ekspluatatsiya qilinadigan quduqlarni loyihalash va qurishni tartibga solish bo‘yicha choralar to‘g‘risida” 1978-yil 21-avgustdagi 480-son qarori o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin .
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish I.H. Jo‘rabekov va Q.J. Haqqulov o‘rtoqlar zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A. MUTALOV
Toshkent sh.,
1992-yil 8-aprel,
179-son