toggle_night_mode
Hujjat 13.04.2026 sanasi holatiga
Amaldagi versiyaga o‘tish
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
Turkiy davlatlar xalqaro universitetini tashkil etish toʻgʻrisida
Turkiy davlatlar oʻrtasida keyingi yillarda tobora rivojlanib borayotgan siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar aloqalarni yanada kengaytirish, taʼlim, ilm-fan va innovatsiyalar sohalarida oʻzaro hamkorlikni mustahkamlash hamda ilgʻor xalqaro tajribalar asosida malakali va raqobatbardosh kadrlar tayyorlash maqsadida:
1. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Respublika oliy taʼlim kengashi hamda Turkiya oliy taʼlim kengashining (Turkiya Respublikasi) Toshkent shahrida Turkiy davlatlar xalqaro universitetini (keyingi oʻrinlarda — Universitet) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Quyidagilar Universitet faoliyatining asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:
muhandislik, qurilish, logistika, axborot texnologiyalari va dasturlash, sogʻliqni saqlash, qishloq xoʻjaligi, oziq-ovqat sanoati hamda iqtisodiy va ijtimoiy soha uchun xalqaro standartlarga muvofiq oliy maʼlumotli kadrlar tayyorlash;
oʻquv dasturlarini xorijiy, shu jumladan, Turkiyaning yetakchi oliy taʼlim tashkilotlari bilan hamkorlikda, shuningdek, qoʻshma taʼlim dasturlari asosida joriy etish hamda ilmiy-tadqiqotlar olib borish;
taʼlim va ilmiy-tadqiqot yoʻnalishlarida yetakchi xorijiy oliy taʼlim hamda ilmiy-tadqiqot tashkilotlari bilan hamkorlikni va talabalarning akademik mobilligini yoʻlga qoʻyish;
professor-oʻqituvchilar stajirovkasi va malaka oshirishini nufuzli xorijiy oliy taʼlim tashkilotlari hamda ilmiy-tadqiqot markazlarida tashkil etish orqali ularning ilmiy-pedagogik salohiyatini oshirib borish;
talabalarda yuksak maʼnaviy va axloqiy fazilatlarni rivojlantirish, Vatanga muhabbat, kasbga sadoqat hissini mustahkamlash, taʼlim-tarbiya jarayoni hamda maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish.
3. Belgilab qoʻyilsinki:
Universitet Respublika oliy taʼlim kengashi hamda Turkiya oliy taʼlim kengashining (Turkiya Respublikasi) muassisligidagi nodavlat oliy taʼlim tashkiloti hisoblanadi hamda oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasining taʼlim sohasidagi qonunchilik hujjatlari asosida amalga oshiradi;
2025/2026 oʻquv yilidan boshlab Universitetda taʼlim jarayoni taʼlim sohasida xalqaro eʼtirof etilgan tashkilotlar reytingida birinchi 1000 talik roʻyxatga kirgan, shuningdek, oʻz yoʻnalishida yetakchi hisoblangan Turkiya Respublikasi oliy taʼlim tashkilotlarining oʻquv dasturlari asosida tashkil etiladi;
kelgusida xalqaro eʼtirof etilgan tashkilotlar reytingida birinchi 1000 talik roʻyxatga kirgan boshqa turkiy davlatlarning nufuzli oliy taʼlim tashkilotlari bilan hamkorlikda taʼlim dasturlari yoʻlga qoʻyiladi;
Universitetda talabalarni oʻqitish toʻlov-kontrakt asosida amalga oshiriladi hamda qabul parametrlari va toʻlov-kontrakt miqdori Universitet tomonidan belgilanadi;
Universitetga qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda davlat buyurtmasining taqsimotida ishtirok etishga ruxsat beriladi;
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonunining 8-bobi.
Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim tashkilotlariga qabul qilish boʻyicha davlat komissiyasi tomonidan Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo va kuzatuvchi maqomidagi davlatlar fuqarolariga Universitetda tahsil olish uchun grant oʻrinlari ajratilishi mumkin;
Universitetga talabalarni oʻqishga qabul qilish va bitiruvchilarning attestatsiyasi Universitet tomonidan Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan kelishilgan holda belgilangan talab va tartibga muvofiq amalga oshiriladi;
Universitet bitiruvchilariga hamkor xorijiy oliy taʼlim tashkilotining diplomi hamda Universitetning belgilangan namunadagi diplomi beriladi. Bunda bitiruvchilarga berilgan diplom Oʻzbekiston Respublikasida tan olinadi;
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 6 iyuldagi 421-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi va xorijiy hamkor oliy taʼlim tashkilotlarining qoʻshma taʼlim dasturlari asosida taʼlim faoliyatini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom.
Universitetga Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligidan belgilangan tartibda litsenziya olingandan soʻng taʼlim faoliyati bilan shugʻullanishga ruxsat beriladi.
4. Respublika oliy taʼlim kengashi hamda Turkiya oliy taʼlim kengashi (Turkiya Respublikasi) oʻrtasidagi kelishuvga asosan quyidagilar Turkiyaning hamkor oliy taʼlim tashkilotlari tomonidan amalga oshirilishi maʼlumot uchun qabul qilinsin:
Universitetni Oʻzbekiston Respublikasi davlat taʼlim standartlarini inobatga olgan holda ishlab chiqilgan oʻquv-metodik materiallar (oʻquv rejasi va dasturlari, oʻquv adabiyotlari) bilan toʻliq taʼminlash;
Universitet talabalari va professor-oʻqituvchilari uchun hamkor xorijiy oliy taʼlim tashkilotlarining kutubxona fondidan foydalanish imkoniyatini yaratish;
Universitetda dars mashgʻulotlarini olib borish uchun yetakchi xorijiy, shu jumladan, Turkiyaning hamkor oliy taʼlim tashkilotlari professor-oʻqituvchilarini jalb qilish;
Universitet uchun pedagog kadrlar tayyorlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga har bir hamkor oliy taʼlim tashkilotining magistraturasi va doktoranturasiga maqsadli grant oʻrinlarini ajratish.
5. Turkiy davlatlar xalqaro universiteti faoliyatini yoʻlga qoʻyish va muvofiqlashtirish boʻyicha boshqaruv kengashi (keyingi oʻrinlarda — Boshqaruv kengashi) tashkil etilsin va uning tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Boshqaruv kengashining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
Universitetning tashkiliy tuzilmasini tasdiqlash;
Universitetni rivojlantirish dasturi va maqsadli koʻrsatkichlari loyihalarini koʻrib chiqish hamda kelishish;
Universitetga yuklangan vazifalar ijrosi, maqsadli koʻrsatkichlarga erishish holatini nazorat qilib borish va yillik hisobotlarni qabul qilish;
Universitetni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash, uning faoliyatini rivojlantirish uchun homiylik xayriyalari va boshqa manbalarni jalb etishga koʻmaklashish;
Universitetga ajratilgan binolarni taʼmirlash va tiklash uchun zarur mablagʻlarni ajratish, ushbu binolarni zamonaviy oʻquv va laboratoriya jihozlari, inventar, kompyuter va boshqa tashkiliy jihozlar hamda kutubxona fondi bilan taʼminlash;
Universitet rektori va prorektori lavozimlariga nomzodlarni koʻrib chiqish va tasdiqlash.
6. Toshkent shahri Uchtepa tumani Kichik halqa avtomobil yoʻli koʻchasi 3 va 3a-uy manzillarida joylashgan Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti hamda Toshkent soliq texnikumining bino va inshootlari Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligiga operativ boshqaruv huquqi asosida bepul berilsin.
Universitet ushbu bino va inshootlarga tekin foydalanish huquqi asosida joylashtirilsin.
7. Toshkent soliq texnikumi hamda Toshkent iqtisodiyot va sanoat texnikumi negizida Toshkent iqtisodiyot va soliq texnikumi tashkil etilsin.
8. Belgilansinki:
faoliyati tugatiladigan Toshkent soliq texnikumi oʻquvchilari Toshkent iqtisodiyot va soliq texnikumida amaldagi dasturlar asosida taʼlimni davom ettiradi;
Toshkent soliq texnikumining barcha tovar-moddiy boyliklari (oʻquv bino va inshootlari bundan mustasno) Toshkent iqtisodiyot va soliq texnikumiga belgilangan tartibda beriladi;
Toshkent iqtisodiyot va soliq texnikumi Toshkent soliq texnikumi hamda Toshkent iqtisodiyot va sanoat texnikumining huquq va majburiyatlari, shuningdek, tuzilgan shartnomalari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi.
9. Quyidagilar Universitet faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilanishi inobatga olinsin:
Respublika oliy taʼlim kengashi mablagʻlari;
Universitetning oʻz mablagʻlari;
toʻlov-kontrakt asosida talabalarni oʻqitishdan va shartnoma asosida taʼlim xizmatlari koʻrsatishdan tushgan mablagʻlar;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari va grantlar;
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
10. Tashqi ishlar vazirligi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining buyurtmanomalariga asosan mazkur qarorning ijrosi doirasida Universitetga jalb qilinadigan chet ellik professor-oʻqituvchilar va maʼmuriy xodimlar hamda ularning oila aʼzolari uchun kirish vizalarini belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini taʼminlasin.
11. Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining buyurtmanomalariga asosan Universitet faoliyatini tashkil etishda ishtirok etuvchi chet ellik mutaxassislarga Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi tasdiqnomalar berilishini (muddati uzaytirilishini) taʼminlasin.
12. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri K.A. Sharipov belgilansin.
Qaror ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Ijtimoiy rivojlanish departamenti rahbari O.Q. Abduraxmanov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 24-yanvar,
PQ-24-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 24-yanvardagi PQ-24-son qaroriga
ILOVA
Turkiy davlatlar xalqaro universiteti faoliyatini yoʻlga qoʻyish va muvofiqlashtirish boʻyicha boshqaruv kengashining
TARKIBI
Oldingi tahrirga qarang.

1.

O. Abduraxmanov

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Ijtimoiy rivojlanish departamenti rahbari, Respublika oliy taʼlim kengashi raisi, Boshqaruv kengashi raisi

2.

E. Oʻzvar

Turkiya oliy taʼlim kengashi raisi, Boshqaruv kengashi hamraisi

3.

K. Sharipov

oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri, Boshqaruv kengashi raisi oʻrinbosari

4.

N. Budak

Turkiyaning Ege universiteti rektori

5.

H. Mandal

Turkiyaning Istanbul texnika universiteti rektori

6.

A. Yozgatligil

Turkiyaning Yaqin sharq texnika universiteti prezidenti

7.

M. Gyuuran

Turkiyaning Xajeteppe universiteti rektori

8.

M. Madrahimov

tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari

9.

Sh. Umurzakov

Toshkent shahar hokimi

11.

Lavozimiga koʻra

Turkiy davlatlar xalqaro universiteti rektori, Boshqaruv kengashi kotibi

Izoh.
Boshqaruv kengashi aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangidan tayinlangan yoki zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklatilgan shaxslar kiritiladi.
Boshqaruv kengashi aʼzolarining koʻpchilik ovozi bilan uning tarkibiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
Boshqaruv kengashi qaroriga koʻra uning faoliyatiga tegishli mutaxassislar jalb etilishi mumkin.
(ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 10-apreldagi PF-58-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.04.2026-y., 06/26/58/0342-son)
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.01.2025-y., 07/25/24/0074-son; 13.04.2026-y., 06/26/58/0342-son)