1.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.23.00.00 Bayramlar. Xotira kunlari. Yubileylar]
[TSZ:
1.Davlat va jamiyat qurilishi / Davlat gerbi. Davlat madhiyasi. Davlat bayrogʻi. Davlat tili. Poytaxt. Bayramlar. Xotira kunlari. Yubileylar]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
Turkiston jadidlik harakatining asoschisi, atoqli adib va jamoat arbobi, noshir va pedagog Mahmudxoʻja Behbudiy tavalludining 150 yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida
Vatanimiz tarixida gʻoyat murakkab va sinovli davr boʻlgan XX asr boshida maydonga chiqqan Mahmudxoʻja Behbudiy Turkiston jadidlik harakatining asoschisi hisoblanadi. U milliy ozodlik harakatining buyuk namoyandasi sifatida ilm-fan, taʼlim va tarbiya, adabiyot va sanʼat, matbuot sohalarini rivojlantirish, jahondagi ilgʻor taraqqiyot yutuqlarini oʻzlashtirish orqali xalqimizning ongu tafakkurini yuksaltirish hamda hurriyatga erishish yoʻlida oʻz hayotini baxsh etgan fidoyi zotdir.
Mahmudxoʻja Behbudiy chor hukumati va mahalliy mutaassib kuchlarning mislsiz qarshiligiga qaramasdan, yurtimizda birinchilar qatorida ilk zamonaviy maktablar tashkil qilish, ular uchun zarur darsliklar yaratish, nashriyot va teatrlar barpo etish ishlariga bosh-qosh boʻldi. Mohir publitsist sifatida oʻz davrining dolzarb muammolariga bagʻishlangan qator salmoqli asarlar va ikki yuzdan ortiq maqolalar yaratdi. Shu bilan birga, “Samarqand” gazetasi hamda “Oyina” jurnaliga asos soldi. 1914-yilda “Turon” teatrida sahnalashtirilgan “Padarkush” pyesasi orqali oʻlkamizda teatr sanʼatining tamal toshini qoʻydi. Afsuski, atoqli adib va jamoat arbobi boʻlgan bu mutafakkir zot 44 yoshida yovuz kuchlar qurboni boʻldi.
Mustaqillik davrida Mahmudxoʻja Behbudiy xotirasini abadiylashtirish, hayoti va faoliyatini chuqur tadqiq qilish, ilmiy va badiiy asarlarini keng ommalashtirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Ayniqsa, keyingi yillarda Toshkent shahridagi Adiblar xiyobonida uning muazzam haykali oʻrnatilgani, Samarqand shahrida uy-muzeyi tashkil qilingani mamlakatimiz hayotida katta voqea sifatida eʼtirof etildi. Isteʼdodli dramaturglar uchun Mahmudxoʻja Behbudiy nomidagi mukofot taʼsis qilingani shu yoʻldagi yangi amaliy qadam boʻldi.
Mahmudxoʻja Behbudiy asarlarining yosh avlodimiz intellektual va maʼnaviy salohiyatini oshirish, shu asosda ularni Yangi Oʻzbekiston bunyodkorlari, chinakam vatanparvar insonlar etib tarbiyalash borasidagi oʻrni va ahamiyatini inobatga olib hamda uning bebaho merosini yanada kengroq oʻrganish va targʻib etish maqsadida:
1. Madaniyat vazirligi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Yozuvchilar uyushmasi, Fanlar akademiyasi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Yoshlar ishlari agentligi hamda jamoatchilik vakillarining 2025-yilda Turkiston jadidlik harakatining asoschisi, atoqli adib va jamoat arbobi, noshir va pedagog Mahmudxoʻja Behbudiy tavalludining 150 yilligini keng nishonlash toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
2. Mahmudxoʻja Behbudiy tavalludining 150 yilligini nishonlash boʻyicha tashkiliy qoʻmita (keyingi oʻrinlarda — Tashkiliy qoʻmita) ilovaga muvofiq tarkibda tuzilsin.
[OKOZ:
1.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.23.00.00 Bayramlar. Xotira kunlari. Yubileylar;
2.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.24.00.00 Buyuk shaxslar xotirasi, tarixiy voqealarni abadiylashtirish. Nom berish, toponimik obyektlarni nomlash va nomini oʻzgartirish;
3.12.00.00.00 Axborot va axborotlashtirish / 12.04.00.00 Axborotlashtirish. Axborot tizimlari, texnologiyalari va ularni taʼminlash vositalari / 12.04.03.00 Internet global tarmoq;
4.13.00.00.00 Taʼlim. Fan. Madaniyat / 13.03.00.00 Madaniyat / 13.03.19.00 Ommaviy axborot vositalari (radio, televideniye va boshqalar) (shuningdek, 12.03.09.00.ga qarang)]
3. Tashkiliy qoʻmita (A. Aripov) ikki hafta muddatda Mahmudxoʻja Behbudiy tavalludining 150 yilligini nishonlash boʻyicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlar dasturini tasdiqlasin.
Ushbu dasturda quyidagi masalalarga alohida eʼtibor qaratilsin:
mutafakkir adibning “Tanlangan asarlar” toʻplami, uning hayoti va faoliyatiga bagʻishlangan ilmiy-ommabop kitoblarni nashrga tayyorlash va chop etish;
Mahmudxoʻja Behbudiy haqida spektakllar sahnalashtirish hamda bugungi kunga qadar yaratilgan “Mahmudxoʻja Behbudiy” kinoseriali va “Xalq yuragi” badiiy-publitsistik filmlarining ommaviy namoyishlarini tashkil qilish;
Badiiy akademiyaning Markaziy koʻrgazmalar zalida Mahmudxoʻja Behbudiy hayoti va ijodi, shuningdek, Turkiston jadidlik harakati namoyandalarining faoliyatiga oid tasviriy sanʼat asarlari koʻrgazmasini uyushtirish;
umumiy oʻrta taʼlim muassasalari, ijod maktablari oʻquvchilari, “Temurbeklar maktablari” kursantlari hamda oliy taʼlim muassasalari talabalari oʻrtasida “Mahmudxoʻja Behbudiy saboqlari” mavzusida insholar tanlovini oʻtkazish va gʻoliblarni munosib taqdirlash;
barcha boʻgʻindagi taʼlim muassasalari, kutubxonalar, mehnat jamoalari, mahallalar va harbiy qismlarda taniqli olimlar va adiblar ishtirokida Mahmudxoʻja Behbudiy hayoti va ijodiga bagʻishlangan ijodiy uchrashuvlar, adabiyot va kitobxonlik kechalarini tashkil qilish;
zamonaviy raqamli va targʻibot texnologiyalari asosida Mahmudxoʻja Behbudiy asarlarini yoshlar oʻrtasida keng ommalashtirish;
2025-yil oktabr oyida Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetida “Mahmudxoʻja Behbudiy merosi va jadidlik harakatini oʻrganishning dolzarb masalalari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil qilish;
2025-yil noyabr oyida Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston davlat akademik katta teatrida Mahmudxoʻja Behbudiy tavalludining 150 yilligiga bagʻishlangan tantanali adabiy-maʼrifiy xotira kechasini oʻtkazish;
Samarqand shahridagi Mahmudxoʻja Behbudiy uy-muzeyi hududini obodonlashtirish hamda muzey ekspozitsiyasini boyitish;
Qarshi shahridagi koʻchalardan biriga Mahmudxoʻja Behbudiy nomini berish hamda unga bagʻishlangan yodgorlik lavhasini oʻrnatish;
Internet va ijtimoiy tarmoqlar uchun moʻljallangan audiovizual asarlar yaratish, shuningdek, ommaviy axborot vositalarida turkum materiallarni eʼlon qilish.
Tashkiliy qoʻmitaga Mahmudxoʻja Behbudiy tavalludining 150 yilligini nishonlash doirasida oʻtkaziladigan tadbirlarni yuksak saviyada uyushtirish, mazkur qarorga asosan belgilangan chora-tadbirlarning oʻz vaqtida, sifatli va toʻliq amalga oshirilishini muvofiqlashtirib borish vazifalari yuklatilsin.
4. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi, Oʻzbekiston Milliy media birlashmasi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Mahmudxoʻja Behbudiy tavalludining 150 yilligini nishonlash bilan bogʻliq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.
5. Belgilansinki, mazkur qarorda nazarda tutilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish bilan bogʻliq xarajatlar tashkilotchilarga Davlat budjetidan ajratilgan mablagʻlar doirasida, ularning budjetdan tashqari mablagʻlari hamda qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.
6. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Ijtimoiy rivojlanish departamenti rahbari O.Q. Abduraxmanov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 27-dekabr,
PQ-462-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 27-dekabrdagi PQ-462-son qaroriga ILOVA
Mahmudxoʻja Behbudiy tavalludining 150 yilligini nishonlash boʻyicha tashkiliy qoʻmita
TARKIBI
1.
A.N. Aripov
—
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri, Tashkiliy qoʻmita rahbari
2.
O.Q. Abduraxmanov
—
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Ijtimoiy rivojlanish departamenti rahbari, Tashkiliy qoʻmita rahbari oʻrinbosari
3.
X.M. Sultonov
—
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi
4.
O.A. Nazarbekov
—
madaniyat vaziri
5.
K.A. Sharipov
—
oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri
6.
X.U. Umarova
—
maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri
7.
Sh.A. Ayupov
—
Fanlar akademiyasi prezidenti
8.
A.M. Boboyev
—
Samarqand viloyati hokimi v.b.
9.
M.B. Azimov
—
Qashqadaryo viloyati hokimi
10.
O.R. Fozilkarimov
—
iqtisodiyot va moliya vaziri oʻrinbosari
11.
A.A. Xodjayev
—
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori
12.
A.Z. Saʼdullayev
—
Yoshlar ishlari agentligi direktori
13.
S.S. Saidov
—
Yozuvchilar uyushmasi raisi
14.
A.V. Nuridinov
—
Badiiy akademiya raisi
15.
Sh.T. Rizayev
—
Kinematografiya agentligi direktori v.b.
16.
O.A. Xasanov
—
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari
17.
B.V. Hasanov
—
Qatagʻon qurbonlari xotirasi davlat muzeyi direktori
18.
M.M. Komilov
—
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori
19.
R.I. Xolmurodov
—
Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti rektori
20.
H. Boltaboyev
—
Mirzo Ulugʻbek komidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti oʻzbek adabiyotshunosligi kafedrasi mudiri, filologiya fanlari doktori, professor
21.
H.A. Saidov
—
Oʻzbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti professori, filologiya fanlari doktori, jadidshunos
22.
Sh. Behbudiy
—
Mahmudxoʻja Behbudiyning evarasi
23.
B.O. Onorboyev
—
Vazirlar Mahkamasi boʻlim boshligʻi, Tashkiliy qoʻmita kotibi
Izoh: Tashkiliy qoʻmita aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangi tayinlangan yoki zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.