toggle_night_mode
Hujjat 23.11.2024 sanasi holatiga
Amaldagi versiyaga o‘tish
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Uy-joy mulkdorlari shirkatini tugatishning soddalashtirilgan tartibi joriy etilishi munosabati bilan Vazirlar Mahkamasining “Tadbirkorlik subyektlari boʻlmagan ayrim yuridik shaxslarni tashkil etish va tugatishga doir normativ-huquqiy xujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida” 2022-yil 28-sentabrdagi 542-son qaroriga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Koʻp kvartirali uylarni boshqarishni yanada samarali tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2023-yil 15-avgustdagi PQ-278-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining “Tadbirkorlik subyektlari boʻlmagan ayrim yuridik shaxslarni tashkil etish va tugatishga doir normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida” 2022-yil 28-sentabrdagi 542-son qaroriga ilovaga muvofiq quyidagilarni nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin:
moliya-xoʻjalik faoliyatini amalga oshirmayotgan uy-joy mulkdorlari shirkatlarini aniqlash;
soliq xizmati organlari, tijorat banklari hamda Davlat xizmatlari markazlarining uy-joy mulkdorlar shirkatini harakatsiz holatga oʻtkazish hamda davlat reyestridan chiqarish.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.J. Ramatov hamda Bosh vazir oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2024-yil 21-noyabr,
778-son
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 21-noyabrdagi 778-son qaroriga
ILOVA
Vazirlar Mahkamasining “Tadbirkorlik subyektlari boʻlmagan ayrim yuridik shaxslarni tashkil etish va tugatishga doir normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida” 2022-yil 28-sentabrdagi 542-son qaroriga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
yettinchi xatboshidan “tasdiqlansin” soʻzi chiqarib tashlansin;
quyidagi mazmundagi sakkizinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Moliya-xoʻjalik faoliyatini amalga oshirmayotgan uy-joy mulkdorlari shirkatlarini davlat reyestridan chiqarish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 61-ilovaga muvofiq tasdiqlansin”;
2. Quyidagi mazmundagi 61-ilova bilan toʻldirilsin:
“Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 28-sentabrdagi 542-son qaroriga
61-ILOVA
Moliya-xoʻjalik faoliyatini amalga oshirmayotgan uy-joy mulkdorlari shirkatlarini davlat reyestridan chiqarish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom moliya-xoʻjalik faoliyatini amalga oshirmayotgan uy-joy mulkdorlari shirkatlarini (keyingi oʻrinlarda — shirkatlar) Tadbirkorlik subyektlarining yagona davlat reyestridan (keyingi oʻrinlarda — davlat reyestri) chiqarish tartibini belgilaydi.
2. Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
moliya-xoʻjalik faoliyati — shirkatlarning ishlarni bajarish, xizmat koʻrsatish, shuningdek, buxgalteriya, moliya, statistika, bank hujjatlari va boshqa hujjatlarni yuritish bilan bogʻliq faoliyati;
roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ — davlat xizmatlari markazlari;
tugatish — roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ tomonidan davlat reyestriga shirkatni tugatish toʻgʻrisidagi yozuvlarni qayd etish;
harakatsiz holatga oʻtkazish — moliya-xoʻjalik faoliyatini amalga oshirmayotgan shirkatni ixtiyoriy tugatish choralari koʻrilmaganda, uni davlat reyestridan chiqarishga qadar qoʻllaniladigan chora.
tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish va hisobga qoʻyishning avtomatlashtirilgan tizimi (keyingi oʻrinlarda — Tizim) — tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazishni, shuningdek, roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ va vakolatli tashkilotlarning aloqa kanallari orqali elektron axborot almashuvini taʼminlovchi tizim.
3. Moliya-xoʻjalik faoliyatini amalga oshirmayotgan uy-joy mulkdorlari shirkatlarini davlat reyestridan ushbu Nizomga 1-ilovaga muvofiq sxema boʻyicha chiqariladi.
2-bob. Moliya-xoʻjalik faoliyatini amalga oshirmayotgan shirkatlarni aniqlash
4. Moliya-xoʻjalik faoliyatini amalga oshirmayotgan shirkatlar faoliyatini harakatsiz holatga oʻtkazish uchun quyidagilar asos boʻladi:
toʻqqiz oy mobaynida moliya-xoʻjalik faoliyati boʻyicha bank hisobvaraqlariga mablagʻlar tushmaganligi;
toʻqqiz oy mobaynida soliq hisobotlari taqdim etilmaganligi.
5. Shirkatlarning bank hisobvaraqlariga toʻqqiz oy mobaynida moliya-xoʻjalik faoliyati boʻyicha mablagʻlar tushmaganda, tijorat banklari uch ish kuni ichida ular hisobga qoʻyilgan joydagi soliq xizmati organiga “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq maʼlumot taqdim etadi.
Bunda soliq xizmati organiga maʼlumot taqdim etilgandan soʻng shirkatning bank hisobvaraqlariga mablagʻlar kelib tushganda, tijorat banklari tomonidan ushbu oʻzgarish boʻyicha bir ish kuni mobaynida qoʻshimcha maʼlumot taqdim etiladi.
6. Soliq xizmati organi tijorat banklaridan maʼlumot kelib tushgach va (yoki) hisobot topshirish muddati tugagach, uch ish kuni mobaynida ushbu Nizomning 4-bandi talablari boʻyicha shirkatlar faollik holatini faoliyat koʻrsatmayotgan holatga oʻzgartiradi va ushbu tashkilotlar toʻgʻrisida Tizim orqali quyidagi tashkilotlarni xabardor qiladi:
roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ va roʻyxatdan oʻtgan joydagi statistika organlarini;
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi tuman (shahar) boʻlimini (keyingi oʻrinlarda — Byuro);
Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligini;
Ichki ishlar vazirligini;
xizmat koʻrsatuvchi bankni;
Iqtisodiyot va moliya vazirligini.
Ushbu bandning uchinchi — oltinchi xatboshilarida koʻrsatilgan tashkilotlar tegishli xabarnoma tushgan kundan boshlab besh ish kuni ichida oʻzlarining maʼlumotlar bazalarida shirkat toʻgʻrisida mavjud boʻlgan maʼlumotlarni soliq xizmati organlariga Tizim orqali taqdim etadi.
7. Soliq xizmati organi ushbu Nizomning 4-bandida koʻrsatilgan shirkatlar boʻyicha:
a) quyidagilarni:
shirkat haqiqatda moliya-xoʻjalik faoliyatini amalga oshirmaganligi;
mol-mulki mavjudligi;
yuridik va faoliyat koʻrsatish manzilida mavjudligi;
shirkatning barcha qarzdorliklari (2-son kartotekasi) tahlili;
soliqlar va yigʻimlar boʻyicha qarzdorligi mavjudligi toʻgʻrisida axborot taqdim etadi;
b) shirkatlarning joylashgan joyini aniqlash va ularni tugatish jarayoniga jalb qilish choralarini koʻradi;
v) shirkatlarning aʼzolariga (uy-joy mulkdorlariga) shirkatni ixtiyoriy tugatishni taklif etadi. Shirkat oʻn ish kunida ixtiyoriy tugatishga kirishmagan, shirkat aʼzolari (uy-joy mulkdorlari) ixtiyoriy tugatishni amalga oshirishni rad etgan, shuningdek, koʻrsatib oʻtilgan shaxslarni aniqlash mumkin boʻlmagan taqdirda, ushbu Nizomning 8-bandida nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshiradi;
d) yigʻilgan va mavjud maʼlumotlar asosida shirkatning faoliyatini kameral soliq tekshiruvidan oʻtkazadi.
3-bob. Moliya-xoʻjalik faoliyatini amalga oshirmayotgan shirkatni harakatsiz holatga oʻtkazish
8. Shirkatning soliq va yigʻimlar boʻyicha qarzdorliklari aniqlanmagan, mol-mulki mavjud boʻlmagan, shirkat aʼzolarini (uy-joy mulkdorlarini), ularning vakillari va rahbarini tugatish jarayoniga jalb etish imkoni boʻlmaganda, soliq xizmati organlari Tizim orqali roʻyxatdan oʻtkazuvchi organga oʻn ish kunida shirkatni harakatsiz holatga oʻtkazish toʻgʻrisida taqdimnoma yuboradi.
9. Roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ:
a) soliq xizmati organlarining taqdimnomasi kelib tushgandan soʻng avtomatik tarzda davlat reyestriga hamda Tizimga tegishli yozuv kiritadi;
b) uch ish kunida:
shirkatning harakatsiz holatga oʻtkazilganligi toʻgʻrisida oʻz rasmiy veb-saytida eʼlonni joylashtiradi;
shirkat aʼzolariga (uy-joy mulkdorlariga) Tizimda shirkatning harakatsiz holatga oʻtkazilganligi toʻgʻrisida xabarnoma yuboradi.
10. Tijorat banklari harakatsiz holatga oʻtkazilgan shirkatlarning hisobvaraqlarini bir ish kunida yopib, ularning mablagʻlarini harakatsiz depozit hisobvaraqlariga oʻtkazadi.
Harakatsiz holatga oʻtkazilgan shirkatlarga kelib tushgan mablagʻlar ularning harakatsiz depozit hisobvaraqlariga kirim qilinadi. Ushbu shirkatlarning hisobvaraqlariga qoʻyilgan talablar harakatsiz depozit hisobvaraqlaridan Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 56-moddasida belgilangan tartibda hisobdan chiqariladi.
11. Soliq xizmati organlari tomonidan oʻtkazilgan tahlillar va oʻrganishlar natijasida soliq qarzdorliklari aniqlangan taqdirda, ularni qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda undirish choralari koʻriladi.
Soliqlar boʻyicha qarzdorliklari undirilgan shirkatlar boʻyicha ish yuritish ushbu Nizomning 8-bandi asosida davom ettiriladi.
12. Shirkatning debitorlik-kreditorlik qarzdorliklari manfaatdor shaxslar tomonidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda undiriladi.
13. Shirkat faoliyat koʻrsatmayotgan korxonalar toifasiga oʻtkazilgandan keyin soliq xizmati organlari tomonidan soliq hisobotlarini qabul qilish toʻxtatiladi.
14. Harakatsiz holatga oʻtkazilgan shirkat faoliyati roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ tomonidan quyidagi holatlarda:
shirkatning aʼzolari (uy-joy mulkdorlari) uch yil ichida shirkat faoliyatini davom ettirish toʻgʻrisida roʻyxatdan oʻtkazuvchi organga murojaat qilgan taqdirda — shirkat aʼzolarining (uy-joy mulkdorlarining) qaroriga asosan;
shirkat sud yoki ijro ishi yuritish jarayoniga daʼvogar yoxud javobgar sifatida eʼtirof etilgan taqdirda, qayta tiklanadi. Bunda shirkat yangi tashkil etilgan deb hisoblanmaydi, uning faoliyati qayta tiklanganligi toʻgʻrisida davlat reyestriga hamda Tizimga tegishli yozuv kiritiladi.
Shirkat faoliyati qayta tiklangan taqdirda, roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ bu haqda tijorat banklarini, Soliq qoʻmitasini hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligini Tizim orqali xabardor qiladi.
4-bob. Moliya-xoʻjalik faoliyatini amalga oshirmayotgan shirkatlarni davlat reyestridan chiqarish
15. Shirkatlar harakatsiz holatda saqlanishiga uch yil toʻlganda roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ:
harakatsiz holatga oʻtkazilgan shirkatlar faoliyati tiklanmagan taqdirda, qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda uch ish kunida davlat reyestridan chiqarish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi va bu haqda davlat reyestriga tegishli yozuv kiritadi;
davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomani bekor qiladi. Agar ularni topish imkoni mavjud boʻlmasa, uch ish kunida bekor qilinishi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar roʻyxatga olish organi veb-saytida eʼlon qilinadi;
tijorat banklariga, Soliq qoʻmitasiga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligiga shirkat davlat reyestridan chiqarilganligi toʻgʻrisida Tizim orqali xabarnoma yuboradi.
Davlat reyestriga tugatish haqida yozuv kiritilgandan soʻng shirkatni tugatish yakunlangan, shirkatning faoliyati esa tugatilgan hisoblanadi.
16. Davlat reyestridan chiqarilgan shirkatning bank hisobvaraqlaridagi mablagʻlarini kreditorlarning talablari qanoatlantirilgandan keyin tijorat banklari besh ish kun ichida milliy va xorijiy valyutadagi yagona hisobvaraqlarida jamlaydi va shirkat aʼzolari oʻrtasida ularning shirkat mol-mulkini shakllantirishdagi ishtirokiga mutanosib tarzda taqsimlanadi.
17. Harakatsiz holatda turgan shirkat davlat reyestridan chiqarilgandan soʻng uning soliq va yigʻimlar boʻyicha ortiqcha toʻlangan summalari mahalliy budjetlarning daromadi hisoblanadi.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
18. Shirkat aʼzolari (uy-joy mulkdorlari), shirkat, tugatuvchi oʻzlari tayyorlagan, roʻyxatdan oʻtkazgan organga va soliq xizmati organiga taqdim etgan hujjatlarning toʻgʻriligi va qonunchilik hujjatlariga muvofiqligi uchun javob beradilar.
19. Ushbu Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar, shu jumladan, oʻzlariga yuklangan vazifalarni bajarmaganlik yoki zarur darajada bajarmaganlik natijasida kreditorlarga yoki uchinchi shaxslarga yetkazilgan zarar uchun qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
Moliya-xoʻjalik faoliyatini amalga oshirmayotgan uy-joy mulkdorlari shirkatlarini davlat reyestridan chiqarish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
1-ILOVA
Moliya-xoʻjalik faoliyatini amalga oshirmayotgan uy-joy mulkdorlari shirkatlarini davlat reyestridan chiqarish
SXEMASI

Bosqichlar

Subyektlar

Tadbirlar

Ijro muddati

1-bosqich

Tijorat banklari

Bank hisobvaraqlariga toʻqqiz oy mobaynida moliya-xoʻjalik faoliyati boʻyicha mablagʻlar tushmagan hollarda, uy-joy mulkdorlari shirkatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali taqdim etadi.

uch ish kunida

2-bosqich

Soliq xizmati organlari

Tijorat banklaridan maʼlumot tushgan va (yoki) toʻqqiz oy mobaynida soliq hisobotlarini taqdim etmagan uy-joy mulkdorlari shirkatlari toʻgʻrisida Tizim orqali tegishli idora va tashkilotlarni xabardor qiladi.

uch ish kunida

3-bosqich

Idoralar va tashkilotlar

Tegishli xabarnoma tushgan kundan boshlab oʻzlarining maʼlumotlar bazasida uy-joy mulkdorlari shirkatlari toʻgʻrisida mavjud boʻlgan maʼlumotlarni Tizim orqali taqdim etadi.

besh ish kunida

4-bosqich

Davlat xizmatlari markazi

Uy-joy mulkdorlari shirkatining harakatsiz holatga oʻtkazilganligi toʻgʻrisida oʻz rasmiy veb-saytida eʼlonni joylashtiradi;

uy-joy mulkdorlari shirkatlarining qatnashchilariga tizimda tashkilotning harakatsiz holatga oʻtkazilganligi toʻgʻrisida xabarnoma yuboradi.

uch ish kunida

5-bosqich

Tijorat banki

Harakatsiz holatga oʻtkazilgan shirkatning hisobvaraqlarini yopish va mablagʻlarni harakatsiz depozit hisobvaraqlariga oʻtkazadi.

bir ish kunida

6-bosqich

Davlat xizmatlari markazi

Uy-joy mulkdorlari shirkati harakatsiz rejimga oʻtkazilgan paytdan eʼtiboran uch yil ichida faoliyati tiklanmagan taqdirda, davlat reyestridan chiqarish toʻgʻrisida qaror qabul qilish va bu haqda davlat reyestriga tegishli yozuv hamda Tizimga tegishli oʻzgartirish kiritadi.

uch ish kunida

7-bosqich

Davlat xizmatlari markazi

Uy-joy mulkdorlari shirkatining davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomalarni bekor qilish. Agar ularni topish imkoni mavjud boʻlmasa, bekor qilinganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni rasmiy veb-saytida eʼlon qiladi.

uch ish kunida

Moliya-xoʻjalik faoliyatini amalga oshirmayotgan uy-joy mulkdorlari shirkatlarini davlat reyestridan chiqarish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
2-ILOVA
Bank hisobvaraqlariga toʻqqiz oy mobaynida moliya-xoʻjalik faoliyati boʻyicha mablagʻlar tushmagan shirkat toʻgʻrisida
MAʼLUMOT

T/r

Maʼlumot turlari

Izoh

1.

Shirkatning toʻliq nomi

2.

Soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami

3.

Pochta manzili (joylashgan yeri)

4.

Xizmat koʻrsatuvchi tijorat banki nomi

5.

Bank hisobvaragʻi

6.

Hisobvaragʻidagi qoldiq mablagʻlar

7.

Hisobvaraq ochilgan sana

8.

Hisobvaraq toʻxtatilgan sana

9.

2-kartoteka boʻyicha qarzdorlik toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (mavjud boʻlsa)

”.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.11.2024-y., 09/24/778/0957-son)