toggle_night_mode
Hujjat 07.11.2024 sanasi holatiga
Amaldagi versiyaga o‘tish
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
Oʻq otish sport turlarini yanada rivojlantirish va ommalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Mamlakatimizda oʻq otish, stenddan oʻq otish va para oʻq otish sport turlarini yanada ommalashtirish, yoshlarni maʼnaviy-axloqiy va harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ular orasidan sportchilarni saralab olish tizimini takomillashtirish, ushbu sport turlari boʻyicha zamonaviy sport infratuzilmalarini yaratish hamda milliy terma jamoalarimizning nufuzli sport musobaqalarida yuqori natijalarga erishishini taʼminlash maqsadida:
1. Quyidagilar oʻq otish, stenddan oʻq otish va para oʻq otish sport turlarini (keyingi oʻrinlarda — oʻq otish sport turlari) rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:
oʻq otish sport turlarini ommalashtirish, iqtidorli sportchilarni aniqlash, seleksiya qilish hamda ularni professional sportchilar sifatida tayyorlashning barcha bosqichlarini raqamlashtirish;
oʻq otish sport turlari boʻyicha professional trenerlar va boshqa mutaxassislarni tayyorlash tizimini takomillashtirish;
oʻq otish sport turlari boʻyicha zamonaviy sport majmualarini barpo etish, ularni zamonaviy sport anjomlari va jihozlari bilan taʼminlash, mavjud moddiy-texnik bazani mustahkamlash;
oʻq otish sport turlari boʻyicha sport musobaqalarini tizimli tashkil etib borish.
2. Sport vazirligi, Mudofaa vazirligi, Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi va Oʻzbekiston oʻq otish sporti federatsiyasining:
a) harbiy okrug va harbiy qismlar zimmasiga mos ravishda hududlarda (viloyat, tuman va shaharlarda) oʻq otish sport turlarini rivojlantirish, iqtidorli sportchilarni aniqlash va saralab olish, ularni professional sportchilar sifatida tayyorlash hamda hududiy terma jamoalarning respublika sport musobaqalarida yuqori natijalarga erishishini taʼminlash vazifalarini yuklash;
b) olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlarida bosqichma-bosqich 10 m masofaga oʻq otish sport bazalarini tashkil etish hamda ularni zamonaviy sport anjomlari va inventarlari bilan jihozlash.
Bunda, olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlarida oʻq otish sport bazalarini tashkil etish hamda ularni zamonaviy sport anjomlari va inventarlari bilan jihozlash ularning haqiqiy ehtiyojidan kelib chiqib, Sport vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan reja-jadval asosida amalga oshiriladi;
v) Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyatlar markazlaridagi (ularga tutash hududlardagi) harbiy poligonlar oʻq otish sport bazalarini Sport vazirligi tizimidagi davlat sport-taʼlim muassasalariga 25 m va 50 m masofaga oʻq otish boʻyicha amaliy mashgʻulotlarni oʻtkazish sport bazalari sifatida begʻaraz asosda biriktirish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
3. Quyidagilar:
Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlarida tashkil etiladigan 10 m masofaga oʻq otish sport bazalarini jihozlash uchun xarid qilinadigan sport anjomlari va jihozlari roʻyxati 1-ilovaga muvofiq;
Sport vazirligi tizimidagi davlat sport-taʼlim muassasalariga biriktiriladigan Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyatlar markazlaridagi (ularga tutash hududlardagi) harbiy poligonlarning oʻq otish sport bazalari roʻyxati 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Sport vazirligi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi va Oʻzbekiston oʻq otish sporti federatsiyasi bilan birgalikda:
2025/2026 oʻquv yilidan boshlab Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida “Sport faoliyati: oʻq otish va stenddan oʻq otish” bakalavriat taʼlim yoʻnalishini ochish;
oʻq otish sport turlari boʻyicha milliy terma jamoalarning trenerlari, seleksionerlari, hakamlari va boshqa mutaxassislari kasbiy mahoratini oshirib borish maqsadida mahalliy va xorijiy mutaxassislar ishtirokida seminar, trening va mahorat darslari oʻtkazib borilishini yoʻlga qoʻyish;
faoliyati davomida namuna koʻrsatgan yuqori tajribaga ega trener va mutaxassislar malakasini oshirish, zamonaviy bilim va koʻnikmalarga ega boʻlishlarini taʼminlash, ular uchun xalqaro miqyosda tajriba almashish imkoniyatini yaratib berish maqsadida ularni milliy terma jamoalarning xorijda oʻtkaziladigan oʻquv-mashgʻulot yigʻinlari va xalqaro musobaqalarga jalb etish choralarini koʻrsin.
5. Davlat xavfsizlik xizmati, Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya, Sport vazirligi va Oʻzbekiston oʻq otish sporti federatsiyasining 2025-yildan boshlab har yili anʼanaviy tarzda:
harbiylashtirilgan va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari oʻrtasida oʻq otish sport turlari boʻyicha “Mergan” kubogi;
oʻq otish sport turlari boʻyicha belgilangan yosh toifalari oʻrtasida Oʻzbekiston chempionatlarini oʻtkazib borish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
Sport vazirligi Oʻzbekiston oʻq otish sporti federatsiyasi bilan birgalikda ushbu musobaqalarni 2025-yil 1-yanvardan boshlab Sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining respublika kalendar rejasiga kiritsin.
6. Oʻzbekiston mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkilotining tuman (shahar)lardagi sport maktablarida oʻq otish sport turlarini rivojlantirishga uslubiy va moddiy-texnik jihatdan koʻmaklashish toʻgʻrisidagi tashabbusi qoʻllab-quvvatlansin.
Bunda:
tuman (shahar)lardagi sport maktablarida bosqichma-bosqich oʻq otish sport turlari boʻyicha sport guruhlari tashkil etiladi;
Oʻzbekiston mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkilotining hududlardagi mavjud oʻq otish sport bazalari tuman (shahar)lardagi sport maktablari uchun amaliy mashgʻulotlarni oʻtkazish sport bazalari sifatida begʻaraz asosda biriktiriladi;
Mudofaa vazirligiga Oʻzbekiston mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkilotining hududlarda oʻq otish sport turlarini rivojlantirish va ommalashtirish boʻyicha tashabbusli loyihalarini ijtimoiy buyurtma shaklida belgilangan tartibda moliyalashtirib borish huquqi beriladi.
7. Sport vazirligi olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlari hamda tuman (shahar)lardagi sport maktablarida sportchilarni tayyorlashga Oʻzbekiston mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkilotida mehnat faoliyatini yuritayotgan va yuritib kelgan trenerlarni jalb qilish choralarini koʻrsin.
8. Mudofaa vazirligi, Sport vazirligi, Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi va Oʻzbekiston oʻq otish sporti federatsiyasining Mudofaa vazirligining Chirchiq shahridagi “Qibray sport majmuasi” negizida oʻq otish, stenddan oʻq otish va para oʻq otish boʻyicha Terma jamoalar markazini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
9. Belgilansinki:
Terma jamoalar markazi Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi mablagʻlari hisobidan barpo etiladi;
Terma jamoalar markazi oʻq otish sport turlari boʻyicha terma jamoalar va Mudofaa vazirligi Oliy sport natijalarini rivojlantirish markazi uchun oʻquv-mashgʻulotlari hamda sport musobaqalarini oʻtkazish boʻyicha Oʻzbekiston oʻq otish sporti federatsiyasining asosiy sport bazasi hisoblanadi;
Terma jamoalar markazining qurilish-montaj ishlari foydalanishga “tayyor holda topshirish” shartlari asosida amalga oshiriladi.
Bunda, Terma jamoalar markazi barpo etilib, foydalanishga topshirilgunga qadar Mudofaa vazirligi Oliy sport natijalarini rivojlantirish markazining Toshkent shahridagi oʻq otish sport inshooti terma jamoalar va Oʻzbekiston oʻq otish sporti federatsiyasi amaliy oʻquv-mashgʻulotlarini olib borishi uchun begʻaraz asosda biriktiriladi.
10. Toshkent viloyati Oʻrta Chirchiq tumanidagi Oʻrtasaroy posyolkasida joylashgan 99-son harbiy shaharcha hududidagi qurilish-montaj ishlari tugallanmagan bino-inshootlar tutash yer maydonlari bilan birga Oʻzbekiston oʻq otish sporti federatsiyasiga doimiy foydalanish huquqi asosida berilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
11. Mudofaa vazirligi:
a) ikki oy muddatda:
Oʻzbekiston oʻq otish sporti federatsiyasi bilan birgalikda 99-son harbiy shaharcha hududidagi qurilish-montaj ishlari tugallanmagan bino-inshootlar hamda tutash yer maydonlarida zamonaviy oʻq otish sport kompleksini tashkil etish;
Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Sport vazirligi bilan birgalikda 2026-2027-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida Terma jamoalar markazini barpo etish;
Oʻzbekiston mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti bilan birgalikda “Vatanparvar” tashkilotining oʻq otish moddiy-texnik bazasini yaxshilash boʻyicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
b) oʻq otish sport bazalarida oʻq otish va stenddan oʻq otish boʻyicha pullik xizmatlar koʻrsatishni joriy qilsin.
Bunda, pullik xizmatlar koʻrsatishdan tushgan mablagʻlar toʻliq hajmda oʻq otish sport bazalarini saqlash va ularni jihozlashga maqsadli yoʻnaltiriladi;
v) harbiylashtirilgan va huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan birgalikda:
Qurolli Kuchlar tizimida oʻq otish sport turlarini ommalashtirish va rivojlantirish ishlarini amalga oshirsin, shu jumladan harbiy xizmatchilar va xodimlar oʻrtasida musobaqalarni tashkil qilib borsin;
oʻq otish sport turlari boʻyicha davlat sport taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan oʻquvchi-sportchilarni belgilangan tartibda haqiqiy harbiy xizmatni oʻtash uchun Qurolli Kuchlar tizimiga jalb qilib borishni yoʻlga qoʻysin.
12. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2025/2026 oʻquv yilidan boshlab:
umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik fani oʻquv dasturlari doirasida “Oʻqotar va pnevmatik sport qurollarining taktik-texnik tavsiflari” amaliy mashgʻulotlari kiritiladi;
oʻqotar va pnevmatik sport qurollarining taktik-texnik tavsiflari boʻyicha amaliy mashgʻulotlarni tashkil etishda umumiy oʻrta taʼlim muassasalariga oʻzlari biriktirilgan harbiy qism, muassasalar, harbiy poligonlarning doimiy joylashuv joyidagi oʻquv-moddiy bazasidan begʻaraz asosda foydalanishlariga ruxsat etiladi.
13. Sport vazirligining buyurtmanomalari (viza talabnomalari)ga koʻra:
Tashqi ishlar vazirligi oʻq otish sport turlari boʻyicha jalb etiladigan chet ellik sportchi, trener va boshqa mutaxassislar, shuningdek, ularning oila aʼzolariga kirish vizalarini konsullik yigʻimlari va haqiqiy xarajatlarning oʻrnini qoplash hisobidan yigʻimlar undirilmasdan, zarur hollarda, Islom Karimov nomidagi “Toshkent” xalqaro aeroportida belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini taʼminlasin;
Ichki ishlar vazirligi oʻq otish sport turlari boʻyicha jalb etiladigan chet ellik sportchi, trener va boshqa mutaxassislar, shuningdek, ularning oila aʼzolariga belgilangan tartibda koʻp martalik vizalar rasmiylashtirilishi (uzaytirilishi) hamda Oʻzbekiston Respublikasida vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olinishi va uning muddati uzaytirilishini taʼminlasin;
Keyingi tahrirga qarang.
Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi oʻq otish sport turlari boʻyicha chet ellik sportchi, trener va boshqa mutaxassislarga Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi tasdiqnomalar berilishini (uzaytirilishini) taʼminlasin.
14. Sport vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
15. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib sport vaziri A.I. Ikramov va Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi Bosh kotibi O.O. Kasimov belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi departamenti rahbari O.Q. Abduraxmanov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 4-noyabr,
PQ-381-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 4-noyabrdagi PQ-381-son qaroriga
1-ILOVA
Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlarida tashkil etiladigan 10 m masofaga oʻq otish sport bazalarini jihozlash uchun xarid qilinadigan sport anjomlari va jihozlari
ROʻYXATI

T/r

Sport anjomi (jihozi) nomi

Miqdori

(dona)

1.

Qogʻozli nishon toʻplami

8

2.

Elektron nishon toʻplami

2

3.

Mexanik nishon uskunasi

8

4.

Oʻq otish elektron mashgʻulot tizimi (SCATT)

1

5.

Pnevmatik toʻpponcha (Pardini K12)

3

6.

Pnevmatik toʻpponcha (Steyr EVO 10E)

3

7.

Pnevmatik miltiq (Feinwerkbau 500)

3

8.

Pnevmatik miltiq (Feinwerkbau 800)

3

9.

Pnevmatik miltiq uchun oʻq otish maxsus ekipirovkasi (bazaviy) toʻplami

5

10.

Pnevmatik miltiq uchun ustun

5

11.

Pnevmatik oʻq dorilar (4,5 mm kalibrli)

90 000

Izoh:
1. Mazkur meʼyorlar olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlarining 10 m masofaga oʻq otish sport bazalarini jihozlash boʻyicha eng kam talablar hisoblanadi.
2. Jihozlash Sport vazirligining mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
3. Homiylik xayriyalari, mahalliy budjet mablagʻlari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoʻshimcha jihozlar xarid qilinishi mumkin.
4. Sport vazirligiga mazkur roʻyxatga oʻzgartirish kiritish huquqi beriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 4-noyabrdagi PQ-381-son qaroriga
2-ILOVA
Sport vazirligi tizimidagi davlat sport-taʼlim muassasalariga biriktiriladigan Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyatlar markazlaridagi (ularga tutash hududlardagi) harbiy poligonlarning oʻq otish sport bazalari
ROʻYXATI

T/r

Hudud

Biriktiriladigan harbiy poligon

Jihozlash muddati

1.

Toshkent shahri

Oliy sport natijalarini rivojlantirish markazi oʻq otish sport bazasi

2026-y.

2.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi

Nukus poligoni

2026-y.

3.

Andijon viloyati

Andijon umumqoʻshin poligoni

2026-y.

4.

Buxoro viloyati

Buxoro umumqoʻshin poligoni

2027-y.

5.

Jizzax viloyati

Forish togʻ poligoni

2027-y.

6.

Qashqadaryo viloyati

Nuriston umumqoʻshin poligoni

2026-y.

7.

Navoiy viloyati

Markaziy harbiy okrug Kattaqoʻrgʻon poligoni

2027-y.

8.

Namangan viloyati

Gʻurumsaroy dala oʻquv maydoni

2026-y.

9.

Samarqand viloyati

Sazagʻon umumqoʻshin poligoni

2026-y.

10.

Sirdaryo viloyati

Angren poligoni

2026-y.

11.

Surxondaryo viloyati

Termiz umumqoʻshin poligoni

2026-y.

12.

Toshkent viloyati

Angren poligoni

2026-y.

13.

Fargʻona viloyati

Fargʻona poligoni

2026-y.

14.

Xorazm viloyati

Yangiariq poligoni

2027-y.

Izoh:
1. Harbiy poligonlarning oʻq otish sport bazalarini jihozlash Mudofaa vazirligi mablagʻlari hamda Oʻzbekiston oʻq otish sporti federatsiyasiga ajratiladigan homiylik mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
2. Harbiy poligonlarning oʻq otish sport bazalarini jihozlashda ularni 25 m va 50 m masofaga oʻq otish boʻyicha moslashtirishga alohida eʼtibor qaratiladi.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.11.2024-y., 07/24/381/0896-son; 10.06.2026-y., 06/26/109/0580-son)