toggle_night_mode
Hujjat 04.11.2024 sanasi holatiga
Amaldagi versiyaga o‘tish
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Termit va boshqa hashoratlardan zararlangan uy-joylarni aniqlash va yashash uchun yaroqsiz deb topish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentini tasdiqlash toʻgʻrisida
Termit va boshqa hashoratlardan zararlangan uy-joylarni aniqlash va yashash uchun yaroqsiz deb topish tartiblarini soddalashtirish hamda mazkur holatlarda aholini uy-joy bilan taʼminlashning huquqiy asoslarini yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Termit va boshqa hashoratlardan zararlangan uy-joylarni aniqlash va yashash uchun yaroqsiz deb topish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
termit va boshqa hashoratlardan zararlangan uy-joylarni aniqlash va yashash uchun yaroqsiz deb topish boʻyicha murojaat qilish;
termit va boshqa hashoratlardan zararlangan uy-joylarni aniqlash va yashash uchun yaroqsiz deb topish tartibi;
termit va boshqa hashoratlardan zararlangan uy-joylarni yashash uchun yaroqsiz deb topish toʻgʻrisidagi xulosalarni rasmiylashtirish.
2. Belgilansinki, ushbu qaror bilan tasdiqlangan maʼmuriy reglamentga muvofiq davlat xizmati 2025-yil 1-yanvardan boshlab tumanlar (shaharlar) hokimliklari tomonidan tuziladigan Termit va boshqa hashoratlardan zararlangan uy-joylarni aniqlash komissiyasi tomonidan Davlat xizmatlari markazlari va Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi oʻrinlarda — YIDXP) orqali koʻrsatiladi.
3. Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda Adliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda:
ushbu qaror bilan tasdiqlangan Reglamentga muvofiq davlat xizmatlarini koʻrsatish Davlat xizmatlari markazlari va YIDXP orqali joriy etilishini taʼminlasin;
YIDXPda davlat xizmatlari koʻrsatilishining har bir bosqichida murojaatlar koʻrib chiqilishini kuzatib borish imkoniyatini yaratsin.
4. Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi:
bir oy muddatda Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda Fanlar akademiyasi bilan birgalikda termit va boshqa hashoratlardan zararlangan uy-joylarni yashash uchun yaroqsiz deb topish boʻyicha tegishli texnik talablarni ishlab chiqsin;
ikki oy muddatda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri vazifasini bajaruvchi Sh.S. Xidoyatov hamda adliya vaziri A.J. Tashkulov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2024-yil 4-noyabr,
734-son
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 4-noyabrdagi 734-son qaroriga
ILOVA
Termit va boshqa hashoratlardan zararlangan uy-joylarni aniqlash va yashash uchun yaroqsiz deb topish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning
MAʼMURIY REGLAMENTI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Maʼmuriy reglament (keyingi oʻrinlarda — Reglament) termit va boshqa hashoratlardan zararlangan uy-joylarni aniqlash va yashash uchun yaroqsiz deb topish boʻyicha davlat xizmatlarini (keyingi oʻrinlarda — davlat xizmati) koʻrsatish tartibini belgilaydi.
Davlat xizmati Davlat xizmatlari markazlari va Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi oʻrinlarda — YIDXP) orqali Reglamentga 1-ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq koʻrsatiladi.
2. Davlat xizmati belgilangan tartibda Davlat xizmatlari markazlari va YIDXP orqali tumanlar (shahar) hokimliklari tomonidan tuziladigan Termit va boshqa hashoratlardan zararlangan uy-joylarni aniqlash komissiyasi (keyingi oʻrinlarda — Komissiya) tomonidan koʻrsatiladi.
Tumanlar (shaharlar) hokimliklari tomonidan tuziladigan Termit va boshqa hashoratlardan zararlangan uy-joylarni aniqlash komissiyasi tarkibi ushbu reglamentga 2-ilovada keltirilgan tarkibda tuziladi.
3. Davlat xizmatlari markazlari va Komissiya oʻrtasidagi axborot almashinuvi elektron raqamli imzoni (keyingi oʻrinlarda — ERI) majburiy tartibda qoʻllash orqali faqat idoralararo elektron oʻzaro bogʻlanish yordamida amalga oshiriladi.
2-bob. Davlat xizmatlarini koʻrsatish tartibi
4. Jismoniy va yuridik shaxslar (keyingi oʻrinlarda — ariza beruvchilar) davlat xizmatidan foydalanish uchun Davlat xizmatlari markaziga shaxsan kelib murojaat etadi yoki davlat xizmatlaridan elektron shaklda foydalanish uchun YIDXPda roʻyxatdan oʻtadi.
Jismoniy shaxslar oʻzlari yashab turgan uy-joylarga nisbatan mulk huquqi mavjud yoki mavjud emasligidan qatʼi nazar, davlat xizmatidan foydalanishi mumkin.
Arizalar YIDXP orqali dam olish va bayram kunlaridan qatʼi nazar, har kuni 24 soat davomida yuborilishi mumkin.
Bunda arizalar ish vaqtidan keyin yoki dam olish va bayram kunlarida tushganda, kalendar boʻyicha navbatdagi ish kuni arizalarning Komissiyaga tushgan va Komissiya tomonidan qabul qilingan kun deb hisoblanadi.
5. Ariza beruvchi shaxsan yoki uning nomidan murojaat qilish huquqiga ega boʻlgan shaxs oʻzi kelib murojaat etgan taqdirda, Davlat xizmatlari markazi xodimi ariza beruvchi nomidan, YIDXP orqali murojaat etgan taqdirda esa, mustaqil ravishda mazkur Reglamentga 3-ilovaga muvofiq shakldagi soʻrovnomani elektron shaklda toʻldiradi.
Tegishli uy-joylarni termit va boshqa hashoratlardan zararlanganligini aniqlash va yashash uchun yaroqsiz deb topish boʻyicha mazkur uy-joyda yashovchi har qanday shaxs ishonchnomasiz davlat xizmatidan foydalanishi mumkin.
6. Ariza beruvchidan soʻrovnomadan tashqari boshqa maʼlumotlar va hujjatlarni talab qilish taqiqlanadi.
7. Soʻrovnoma toʻldirilganidan soʻng ariza beruvchi maʼlumotlar toʻgʻriligini tekshiradi va imzolarni identifikatsiya qilishning zamonaviy vositalari (daktiloskopiya, elektron imzo, mobil-ID va boshqalar) bilan tasdiqlaydi.
Ariza beruvchilar YIDXP orqali murojaat etgan taqdirda, soʻrovnomani ERI bilan tasdiqlash talab etilmaydi.
8. Davlat xizmatini koʻrsatganlik uchun toʻlov undirilmaydi.
9. Ariza beruvchilar davlat xizmatlaridan foydalanishdan xizmat koʻrsatishning har qanday bosqichida bosh tortish huquqiga ega. Ariza beruvchi davlat xizmatlaridan foydalanishdan bosh tortganda, uning soʻrovnomasi koʻrilmasdan qoldiriladi.
10. Ariza beruvchi Davlat xizmatlari markaziga shaxsan kelib murojaat etganda, tegishli soʻrovnoma Davlat xizmatlari markazi xodimi tomonidan toʻldirilib, ariza beruvchi tomonidan tasdiqlangandan soʻng 10 daqiqa mobaynida Komissiyaga elektron shaklda yuboriladi. YIDXP orqali murojaat qilinganda esa soʻrovnoma avtomatik tarzda Komissiyaga yuboriladi.
11. Komissiya yetti ish kuni davomida soʻrovnomani koʻrib chiqib, uy-joy joylashgan hududga chiqqan holda quyidagilarni aniqlaydi:
uy-joyning termitlar va boshqa hashoratlardan zararlanganlik darajasini;
uy-joyning termitlar va boshqa hashoratlardan zararlanganligi natijasida uy-joyning texnik holatini;
uy-joyning termitlar va boshqa hashoratlardan zararlanganligi natijasida uy-joyda yashash imkoniyati mavjudligini;
uy-joyning termitlar va boshqa hashoratlardan zararlanganligi natijasida uy-joyni yaroqsiz holatga kelganligini.
Oʻrganish natijasida Komissiya tomonidan uy-joyning termitlar va boshqa hashoratlardan zararlanganligi natijasida yaroqsiz holatga kelganligini tasdiqlash yoki rad etish ushbu Reglamentga 4-ilovaga muvofiq shakldagi QR-kod (matrik shtrixli kod) qoʻyilgan holda rasmiylashtirilgan xulosa Davlat xizmatlari markaziga (shaxsan kelib murojaat etgan taqdirda) yoki YIDXP orqali ariza beruvchiga (elektron tarzda murojaat etgan taqdirda) yuboriladi.
Bunda oʻrganish natijasida uy-joyning yaroqsiz holatga kelganligi tasdiqlansa, xabarnoma qoʻshimcha ravishda tegishlicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga uy-joyni yashashga moʻljallanmagan joylar toifasiga oʻtkazish hamda uy-joy fondidan chiqarish masalasini koʻrib chiqish uchun yuboriladi.
12. Davlat xizmatini koʻrsatishni rad etish uchun quyidagilar asos boʻladi:
soʻrovnomada notoʻgʻri yoki xato maʼlumotlar koʻrsatilganda;
ariza beruvchi tomonidan Komissiyaga uy-joyni koʻzdan kechirish uchun imkon berilmaganda yoki koʻzdan kechirishga toʻsqinlik qilinganda;
uy-joyning termitlar va boshqa hashoratlardan zararlangan boʻlishiga qaramay, uning texnik holati yashash imkonini berganda;
uy-joyda termitlar va boshqa hashoratlardan zararlanish holatlari aniqlanmaganda.
Davlat xizmatini boshqa asoslarga koʻra rad qilish taqiqlanadi.
13. Davlat xizmatlari markazi xulosa kelib tushgandan soʻng 10 daqiqa mobaynida uni ariza beruvchining elektron manziliga yuboradi va ariza beruvchini bu haqda axborot-kommunikatsiya tizimi orqali xabardor qiladi. Davlat xizmatlari markazi ariza beruvchi shaxsan kelib murojaat qilgan taqdirda, unga xulosani ariza beruvchining soʻroviga koʻra elektron shaklda yoki qogʻoz shaklda berishi shart.
14. Ariza beruvchiga berilgan xulosa kelgusida uni belgilangan tartibda davlat tomonidan uy-joy bilan taʼminlash uchun asos hisoblanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
3-bob. Komissiya faoliyatini tashkil etish
15. Komissiya aʼzolari jamoatchilik asosida ishlaydilar.
16. Komissiya oʻz vakolatlariga tegishli masalalarni komissiya raisi boshchiligida zarur hollarda oʻtkaziladigan yigʻilishlarda koʻrib chiqadi.
17. Komissiya raisi:
Komissiyaning umumiy faoliyatiga rahbarlik qiladi, uning ish rejasi bajarilishi yuzasidan doimiy nazoratni amalga oshiradi;
Komissiyaning yigʻilishlarini chaqiradi va ularda raislik qiladi;
Komissiya vakolatiga tegishli boʻlgan masalalarni uning yigʻilishlarida koʻrib chiqish uchun kiritadi;
Komissiya qarorlarini tasdiqlaydi.
18. Tuman (shahar) qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi boʻlimi Komissiyaning ishchi organi (keyingi oʻrinlarda — Ishchi organ) hisoblanadi.
Termit va boshqa hashoratlardan zararlangan uy-joylarni aniqlash va yashash uchun yaroqsiz deb topish boʻyicha soʻrovnomalarni qabul qilish hamda oʻrganish natijasi yuzasidan Komissiya xulosasini taqdim etish Ishchi organ orqali amalga oshiriladi.
19. Ishchi organ:
Komissiya raisining topshiriqlariga asosan Komissiya aʼzolarini Komissiya yigʻilishining oʻtkaziladigan joyi, vaqti va sanasi toʻgʻrisida xabardor qiladi;
Komissiya ish rejalarini tayyorlaydi;
Komissiya bayonnomalarini yuritadi va tasdiqlangan bayonnomalarni komissiya aʼzolariga yuboradi;
Komissiya dalolatnomalari va xulosalarini manzillarga yetkazadi;
Komissiya ish yurituvini amalga oshiradi.
20. Komissiyaning barcha yigʻilishlari bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi va qaror shaklida qabul qilinadi.
21. Komissiya ishining tashkiliy shakli yigʻilish hisoblanadi. Komissiya majlislari Komissiya aʼzolarining roʻyxatdagi tarkibining kamida uchdan ikki qismi qatnashgan taqdirda oʻtkaziladi.
22. Komissiya yigʻilishlarida ishtirok etadigan aʼzolarining uchdan ikki qismi yoqlab ovoz bergan Komissiya qarorlari qabul qilingan hisoblanadi va ushbu yigʻilishlarda qabul qilingan qarorlar yigʻilish kotibi tomonidan bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi.
23. Komissiya qarorlari Komissiya raisi tomonidan imzolanadi.
24. Komissiya hujjatlari Ishchi organ tomonidan uch yil muddatgacha saqlanadi.
25. Ishchi organ masʼul tashkilotlar tomonidan kiritilgan xulosalarni bir ish kuni ichida arizalarni navbat asosida ularning qayd etilishi ketma-ketligiga muvofiq koʻrib chiqib, tasdiqlash uchun Komissiyaga kiritadi.
26. Komissiya raisi Ishchi organ tomonidan kiritilgan mezonlar yuzasidan baholash natijalariga asosan ariza beruvchiga uy-joyning termitlar va boshqa hashoratlardan zararlanganligi natijasida uy-joyning yaroqsiz holatga kelganligini tasdiqlash yoki rad etish boʻyicha xulosani elektron (ERI orqali) shaklda tasdiqlaydi.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
27. Davlat xizmatlari markazlari va Komissiya aʼzolari oʻz faoliyatini amalga oshirishi natijasida olingan maʼlumotlar sir saqlanishini taʼminlaydi.
28. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, uning hududiy boshqarmalari va Davlat xizmatlari markazlari Reglament talablari bajarilishi boʻyicha davlat organlari va boshqa tashkilotlarning faoliyatini davlat xizmatlarini koʻrsatish davomida, shu jumladan, YIDXP orqali, doimiy nazorat va monitoring qiladi.
29. Ariza beruvchilar Komissiya aʼzolarining xatti-harakatlari ustidan qonunchilikda belgilangan tartibda shikoyat qilishlari mumkin.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi va “Sudlar toʻgʻrisida”gi qonunlari.
30. Mazkur Reglament talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 2155-moddaci.
Termit va boshqa hashoratlardan zararlangan uy-joylarni aniqlash yashash uchun yaroqsiz deb topish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga
1-ILOVA
Termit va boshqa hashoratlardan zararlangan uy-joylarni aniqlash va yashash uchun yaroqsiz deb topish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatish
SXEMASI

Bosqichlar

Subyektlar

Tadbirlar

Bajarish muddatlari

1-bosqich

Ariza beruvchilar

Davlat xizmatidan foydalanish uchun Davlat xizmatlari markaziga shaxsan kelib yoki Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi oʻrinlarda — YIDXP) orqali murojaat qiladi.

Oʻz xohishiga koʻra

2-bosqich

1. Davlat xizmatlari markazi

2. YIDXP

1. Soʻrovnomani toʻldirib, Komissiyaga yuboradi.

2. Toʻldirilgan soʻrovnoma avtomatik tarzda Komissiyaga yuboriladi.

1. Soʻrovnoma toʻldirilgandan keyin 10 daqiqada

2. Real vaqt rejimida

3-bosqich

Komissiya

Soʻrovnomani koʻrib chiqib, uy-joyni joyiga chiqib oʻrganadi va oʻrganish natijalari boʻyicha uy-joyning termitlar va boshqa hashoratlardan zararlanganligi natijasida uy-joyning yaroqsiz holatga kelganligini tasdiqlash yoki rad etish boʻyicha xulosani QR-kod (shtrixli kod) qoʻygan holda rasmiylashtiradi va uni Davlat xizmatlari markaziga yoki ariza beruvchiga (YIDXP orqali murojaat qilganda) yuboradi.

Yetti ish kuni davomida

4-bosqich

Davlat xizmatlari markazi

QR-kod (matrik shtrixli kod) qoʻyilgan xulosani ariza beruvchilarga taqdim etadi.

10 daqiqa ichida

Termit va boshqa hashoratlardan zararlangan uy-joylarni aniqlash yashash uchun yaroqsiz deb topish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga
2-ILOVA
Tuman (shahar) hokimliklari tomonidan tuziladigan Termit va boshqa hashoratlardan zararlangan uy-joylarni aniqlash komissiyasi
TARKIBI

1.

Lavozimiga kura

tuman (shahar) hokimining uy-joy, kommunal xizmat koʻrsatish va obodonlashtirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari, komissiya raisi

2.

Lavozimiga koʻra

Fanlar akademiyasining Zoologiya instituti huzuridagi “Respublika termitlarga qarshi kurashish ilmiy ishlab-chiqarish markazi” davlat muassasasi vakili

3.

Lavozimiga koʻra

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasining tuman (shahar) boʻlinmasi boshligi

4.

Lavozimiga koʻra

tuman (shahar) favqulodda vaziyatlar boʻlimi vakili

5.

Lavozimiga qura

tuman (shahar) kadastr boʻlimi boshligʻi

6.

Lavozimiga koʻra

tuman (shahar) qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi boʻlimi boshligʻi, komissiya kotibi

Termit va boshqa hashoratlardan zararlangan uy-joylarni aniqlash yashash uchun yaroqsiz deb topish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga
3-ILOVA
Termit va boshqa hashoratlardan zararlangan uy-joylarni aniqlash va yashash uchun yaroqsiz deb topish boʻyicha
SOʻROVNOMA

I. Ariza beruvchi — jismoniy shaxs toʻgʻrisida maʼlumot:

1. Familiyasi:

2. Ismi:

3. Otasining ismi:

4. Jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (JSHSHIR):

5. Telefon raqami:

6. Elektron pochta manzili (mavjud boʻlsa):

7. Yashash manzili:

II. Ariza beruvchi — yuridik shaxs toʻgʻrisida maʼlumot:

1. Rasmiy nomi (toʻliq):

2. Joylashgan joyi:

3. STIRi:

4. Telefon raqami:

5. Elektron pochta manzili (mavjud boʻlsa):

III. Uy-joy haqida maʼlumot:

1. Uy-joyning kadastr raqami (mavjud boʻlsa):

2. Uy-joyning manzili:

3. Uy-joyning qavatlari soni (agar bir necha qavatdan iborat boʻlsa):

4. Avval ushbu masala boʻyicha murojaat qilinganligi:

Termit va boshqa hashoratlardan zararlangan uy-joylarni aniqlash yashash uchun yaroqsiz deb topish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga
4-ILOVA

Elektron hujjatning identifikatsiya raqami

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri

Uy-joyning termitlar va boshqa hashoratlardan zararlanganligi natijasida uy-joyning yaroqsiz holatga kelganligini tasdiqlash yoki rad etish boʻyicha

XULOSA

Berilgan sana

__________________________________________________________________________________________ qonunchilik hujjatlarida

_____________________________ (vakolatli organ nomi)

belgilangan tartibda va muddatlarda Sizning 20____ yil “____” ________________________________________dagi

_______________________________________________________ (yil, kun, oy)

____________________________________________-son soʻrovnomangiz koʻrib chiqilib.

____________________________________________

___________ (uy-joyning manzili)

uy-joyning termitlar va boshqa hashoratlardan zararlanganligi natijasida uy-joy yaroqsiz holatga kelganligining tasdiqlanganligi yoki rad etilganligi maʼlum qilinadi.

Xulosa berishning rad etish asoslari (ariza rad qilinganda);

1.

2.

3.

Axborot tariqasida maʼlum qilinadiki, davlat xizmatini koʻrsatish rad etilgan taqdirda ariza beruvchi takroran davlat xizmatidan foydalanish huquqiga ega. Bunda mazkur murojaatlar yangidan berilgan hisoblanadi.

____________________________

______________________________

(masʼul shaxsning lavozimi)

(F.I.O)

QR-kod

(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.11.2024-y., 09/24/734/0884-son; 18.09.2025-y., 09/25/579/0840-son)