1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.12.00.00 Qurilish / 09.12.10.00 Uy-joy qurilishi]
[TSZ:
1.Davlat va jamiyat qurilishi / Davlat hokimiyati organlari. Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“TOShKENTUYJOYINVESTQURILISh” TOShKENT MOLIYA-QURILISh KORPORATSIYASI FAOLIYATINI TAShKIL ETISh TOʻGʻRISIDA”
LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 13-apreldagi 145-sonli “Toshkentuyjoyinvestqurilish” Toshkent moliya-qurilish korporatsiyasini tugatish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Toshkent moliya-qurilish korporatsiyasi (“Toshkentuyjoyinvestqurilish”)ni tashkil qilish toʻgʻrisida”gi Farmonni bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Toshshaharloyiha” instituti, Kapital qurilish bosh boshqarmasi va “Farois” firmasining “Toshkentuyjoyinvestqurilish” korporatsiyasiga ixtiyoriy ravishda kirish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
2. Toshkent moliya-qurilish korporatsiyasining tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Toshkent moliya-qurilish korporatsiyasi ijroiya apparatining tuzilmasiga 2 va 2a-ilovalarga* muvofiq va uning xodimlarining cheklangan soni 84 nafardan iborat boʻlishiga rozilik berilsin.
“Toshkentuyjoyinvestqurilish” korporatsiyasiga raisining toʻrt nafar oʻrinbosari, shu jumladan bir nafar birinchi oʻrinbosari boʻlishi tavsiya qilinsin.
Korporatsiya raisi va uning oʻrinbosarlariga Oʻzbekiston Respublikasi vazirlari va vazirlarning oʻrinbosarlari uchun belgilangan moddiy-maishiy va tibbiy xizmat koʻrsatish shart-sharoitlari saqlab qolinsin.
4. “Toshkentuyjoyinvestqurilish” korporatsiyasiga uy-joy obligatsiya zayomini chiqarishga ruxsat berilsin.
Belgilab qoʻyilsinki:
uy-joy obligatsiyalari (uy-joy sertifikatlari) “Toshkentuyjoyinvestqurilish” korporatsiyasining qiymatli qogʻozlari hisoblanadi hamda ularning egalari tomonidan miqdori obligatsiya (sertifikat) ning belgilangan amal qilish muddati davomida oʻzgarmaydigan muayyan miqdoridagi umumiy uy-joy maydoni qurilishi uchun mablagʻ toʻlanganligini tasdiqlaydi;
Toshkent shahrida yashovchilar, uy-joy maydoni bilan taʼminlanganliklaridan qatʼi nazar, uy-joy sertifikatini sotib olish huquqiga ega boʻladilar;
uy-joy obligatsiyalari yirik paneli uysozlikning namunaviy uylaridagi umumiy maydonning 0,5 kv. metri miqdoridagi nominalga ega boʻladi;
muayyan turdagi kvartira umumiy maydonining 30 foiziga muvofiq keluvchi uy-joy obligatsiyasi paketining egasiga, keyinchalik kvartira qiymatining qolgan qismini shartnoma tuzilgan paytdan boshlab toʻrt oy davomida toʻlash sharti bilan, shu kvartirani sotib olish uchun emitent bilan shartnoma tuzish imtiyozi beriladi;
ushbu chiqarilgan uy-joy obligatsiyasi 1998-yilning 1-yanvarigacha amalda boʻladi;
uy-joy obligatsiya zayomi amalda boʻlishi davrida uy-joy sertifikatlari “Toshkentuyjoyinvestqurilish” korporatsiyasi tomonidan sertifikat egasiga Toshkent shahri hududida uy-joy berish yoʻli bilan shuningdek, sertifikatlar egalarining xohishiga koʻra “Toshkentuyjoyinvestqurilish” korporatsiyasining uy-joy obligatsiya zayomini chiqarish va ularning muomalada boʻlishi tartibi toʻgʻrisidagi Nizomga muvofiq unga qiymatini toʻlash yoʻli bilan toʻlanadi;
1998-yil 1-yanvardan keyin ushbu chiqarilgan uy-joy obligatsiyalari navbatdagi chiqarilgan obligatsiyalarga almashtirilishi yoki “Toshkentuyjoyinvestqurilish” korporatsiyasining uy-joy obligatsiya zayomini chiqarishi va ularning muomalada boʻlishi tartibi toʻgʻrisidagi Nizomga muvofiq obligatsiya qiymati toʻlanishi kerak.
5. “Toshkentuyjoyinvestqurilish” korporatsiyasining uy-joy obligatsiya zayomini chiqarish va ularning muomalada boʻlishi tartibi toʻgʻrisidagi Nizom tasdiqlansin.
6. “Toshkentuyjoyinvestqurilish” korporatsiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi, Toshkent shahar hokimligi:
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda ikki hafta muddatda uy-joy obligatsiyasi va uy-joy obligatsiyalariga egalik qilish toʻgʻrisidagi guvohnoma namunalarini tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsinlar;
bir oy muddatda uy-joy obligatsiyasi zayomi emissiya prospektini ishlab chiqsinlar va uni Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligida belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazsinlar. Zayom emissiyasi prospekti roʻyxatga olingandan keyin uy-joy obligatsiyalari va uy-joy obligatsiyalariga egalik qilish toʻgʻrisidagi guvohnomalar nusxalari “Goznak” fabrikasida tayyorlanishiga buyurtma bersinlar va uning haqini toʻlasinlar.
7. Toshkent shahar hokimligiga “Toshkentuyjoyinvestqurilish” korporatsiyasining uy-joy obligatsiyasi egasiga Toshkent shahri hududida kvartira berish boʻyicha majburiyatlari yuzasidan kafil boʻlishga ruxsat berilsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki “Toshkentuyjoyinvestqurilish” korporatsiyasiga xorijiy investitsiyalarni jalb etishda, “Oʻzbekinvest” milliy sugʻurta kompaniyasi esa ularning sugʻurta qilinishini taʼminlashda koʻmaklashsinlar.
9. Xorijiy investitsiyalar jalb etilishini taʼminlash uchun garov sifatida foydalanish mumkin boʻlgan obyektlar roʻyxati 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Toshkent shahar hokimligi koʻrsatib oʻtilgan asosiy fondlari tasarruf etish huquqini “Toshkentuyjoyinvestqurilish” korporatsiyasiga bersin;
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Toshkent shahar hokimligi garov shartnomasi tuzilishi va amalga oshirilishi boʻyicha tashkiliy-huquqiy masalalarni belgilangan tartibda hal etsinlar.
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1995-yil 26-dekabrdagi 475-sonli qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan)
11. Pul-kredit siyosati boʻyicha komissiya “Toshkentuyjoyinvestqurilish” korporatsiyasiga oʻzini tiklab olish davrida ishlab chiqarish faoliyatini taʼminlash uchun belgilangan tartibda kredit ajratishni nazarda tutsin.
12. “Toshkentuyjoyinvestqurilish” korporatsiyasining Toshkent shahri, Oʻzbekiston koʻchasi, 16-uyga joylashishi belgilab qoʻyilsin.
13. Vazirlar Mahkamasining 1993-yil 15-fevraldagi 83-son va 1993-yil 21-iyundagi 299-son qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
14. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R. R. Yunusov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1994-yil 27-dekabr,
622-son
Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 27-dekabrdagi 622-son qaroriga 1-ILOVA
Toshkent moliya-qurilish korporatsiyasi — “Toshkentuyjoyinvestqurilish”
tuzilmasi
“Qurilishmexanizatsiya” aksionerlik jamiyati
“12-trest” aksionerlik jamiyati
“Toshkentmaxsuspardozqurilish” aksionerlik jamiyati
“Uyjoyqurilish” aksionerlik jamiyati
“Toshkentmuhandisqurilish” aksionerlik jamiyati
“1-Toshkent uysozlik kombinati” aksionerlik jamiyati
“Sanoatqurilishindustriya” aksionerlik jamiyati
“Maxsusavto” aksionerlik jamiyati
“Tuzatishqurilish” aksionerlik jamiyati
“1-temir-beton buyumlar zavodi” aksionerlik jamiyati
“8-temir-beton buyumlar zavodi” aksionerlik jamiyati
“Keramzitbeton” aksionerlik jamiyati
“Sirgʻali binokorlik materiallari va konstruksiyalar zavodi” aksionerlik jamiyati
“Altemir (1-tajriba-mexanika zavodi)” aksionerlik jamiyati
Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 27-dekabrdagi 622-son qaroriga 3-ILOVA
“Toshkentuyjoyinvestqurilish” korporatsiyasining uy-joy obligatsiya zayomini chiqarish va uning muomalada boʻlishi tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom “Toshkentuyjoyinvestqurilish” korporatsiyasi (keyingi oʻrinlarda emitent deb ataladi) ning maqsadli obligatsiyalar hisoblanuvchi uy-joy obligatsiyalarini joylashtirish, muomalaga chiqarish, qiymatini toʻlash va sotib olish tartibini belgilaydi.
2. 1995 — 1997-yillar davrida uy-joy qurilishi koʻlamidan kelib chiqib, zayomining hajmi va chiqariladigan uy-joy obligatsiyalarining soni uy-joy umumiy maydonning 60000 kv. metriga toʻgʻri keladi.
3. Obligatsiyalar Toshkent shahar hokimligi tomonidan ilgari belgilab qoʻyilgan Toshkentning ommaviy qurilish ketayotgan joylardagi yirik paneli uysozlikning namunaviy uylaridagi uy-joy umumiy maydonining 0,5 kv.metri miqdoridagi nominalga ega boʻladi.
Obligatsiyaning natura oʻlchamidagi nominali uy-joy obligatsiyasi zayomining amalda boʻlish muddati davomida oʻzgarmaydi.
4. Obligatsiya nominalining pul ekvivalenti “Toshkentuyjoyinvestqurilish” korporatsiyasi, Toshkent shahar hokimligi, Davlat mulki qoʻmitasi va “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi tomonidan tegishli oyda Toshkent shahrida uy-joyning amalda shakllanayotgan smeta qiymatini hisobga olgan holda har oyda belgilab boriladi va matbuotda eʼlon qilinadi.
5. Obligatsiya “Toshkentuyjoyinvestqurilish” korporatsiyasining nomli muddatli qiymatli qogʻozi sifatida meros qoldirish huquqi bilan chiqariladi.
Obligatsiyalarni sotish va ularning boshqa harakatlariga oid operatsiyalar xaridorning xohishiga koʻra obligatsiya egalariga nomli guvohnomalar berib elektron shaklda ham, nomli obligatsiyalar rasmiylashtirib naqd pul bilan ham amalga oshirilishi mumkin. Birinchi holda obligatsiyalarni dastlabki joylashtirish va ularning harakatini hisobga olish depozitariyda ochiladigan shaxsiy schyotlardagi yozuvlar shaklida amalga oshiriladi.
Guvohnoma yoʻqotib qoʻyilgan taqdirda obligatsiya egasiga uni tiklash kafolati beriladi.
Nomli obligatsiya yoʻqotib qoʻyilgan taqdirda emitent javobgar boʻlmaydi, obligatsiyalar dublikatini bermaydi.
6. Toshkent shahrida doimiy yashash uchun roʻyxatga olingan jismoniy shaxslar, ular turar joy maydoni bilan taʼminlanganliklaridan qatʼi nazar, obligatsiyalarni xarid qilish huquqiga ega boʻladilar.
7. Uy-joy obligatsiyalariga egalik huquqi meros qilib olingan taqdirda rasmiylashtirish amaldagi qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.
II. Obligatsiyalarni joylashtirish tartibi
8. Emissiya prospekti respublika Moliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtgan va belgilangan tartibda davlat raqamini olgan uy-joy obligatsiyalarini chiqarishga hamda joylashtirishga yoʻl qoʻyiladi.
Ushbu Nizomni buzgan holda chiqarilgan uy-joy obligatsiyalari noqonuniy va haqiqiy emas deb hisoblanadi.
9. Obligatsiyalarni dastlabki joylashtirishni “Tashsotsuyjoybank” oʻz filiallari tarmogʻi orqali mazkur Nizomning 4-bandiga muvofiq belgilanadigan narxlarda amalga oshiradi.
III. Obligatsiya qiymatini toʻlash tartibi
10. Xarid qilmoqchi boʻlgan kvartirasi umumiy maydonining kamida 30 foiziga toʻgʻri keluvchi obligatsiyalar paketining egasi kvartiraning oldi-sotdi shartnomasini tuzish huquqiga ega boʻladi.
11. Obligatsiya paketining egasi “Toshkentuyjoyinvestqurilish” korporatsiyasi tomonidan oʻz nomida kvartira oldi-sotdi shartnomasi tuzishga vakil qilinadigan “Farois” firmasining tegishli tuman boʻlimiga murojaat qiladi.
12. “Toshkentuyjoyinvestqurilish” korporatsiyasining uy-joy obligatsiya zayomlari amalda boʻladigan davrda uy-joy obligatsiyalari qiymati korporatsiya tomonidan obligatsiya egasiga Toshkent shahri hududida shartnomada nazarda tutilgan kvartirani berish yoʻli bilan toʻlanadi.
13. “Toshkentuyjoyinvestqurilish” korporatsiyasiga obligatsiyasiga qiymatini toʻlash uchun taqdim etgan obligatsiya egalari kvartirani korporatsiya bilan tegishli shartnomani tuzgan vaqtlaridan boshlab 4 (toʻrt) oy mobaynida oladilar.
Agar uy-joy obligatsiyalari qiymatini 4 oy mobaynida toʻlashni bevosita emitentning oʻzi amalga oshira olmasa, uning qiymatini keyingi oy mobaynida oldi-sotdi shartnomasida belgilangan shartlarda toʻlashni Toshkent shahar hokimligi amalga oshirishga majburdir.
14. Sertifikatlar egasi obligatsiyalar qiymatini joriy kurs boʻyicha toʻlash huquqiga egadir.
15. Obligatsiya egasi ularni sotish maqsadida murojaat qilganda “Toshsotsuyjoybank” obligatsiyalarni oʻz filiallari orqali sotib oladi. Obligatsiyalarni sotib olish narxi bank tomonidan obligatsiyalarini sotib olish vaqtida eʼlon qilingan qiymatning 95 foizi darajasida belgilanadi.