toggle_night_mode
Hujjat 11.10.2024 sanasi holatiga
Amaldagi versiyaga o‘tish
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Yoʻl harakati qoidalariga jamoat transportidan foydalanish samaradorligini oshirishga qaratilgan qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisida
Soʻnggi yillarda aholiga sifatli avtotransport xizmatini koʻrsatish va jamoat transporti uchun alohida yoʻlaklar tashkil etish orqali yoʻllarda harakat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha tizimli choralar koʻrilmoqda.
Shu bilan birga, jamoat transporti uchun alohida ajratilgan yoʻlaklarda boshqa transport vositalarining harakatlanishi qatnov muntazamligi va jamoat transportining erkin harakatlanishiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.
Jamoat transportida aholiga sifatli va qulay xizmat koʻrsatilishini samarali tashkil etish, jamoat transporti harakati ustuvorligini hamda yoʻllarda harakat xavfsizligini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 12-apreldagi 172-son qarori bilan tasdiqlangan Yoʻl harakati qoidalariga ilovaga muvofiq yoʻnalishli transport vositalari uchun alohida ajratilgan tasmasi bor yoʻldan yoʻnalishli jamoat transporti vositalaridan tashqari boshqa transport vositalarining harakatlanishini taqiqlashga qaratilgan qoʻshimcha kiritilsin.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ushbu qarorning mazmun-mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida keng tushuntirilishini taʼminlasin.

3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri P.R. Bobojonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2024-yil 10-oktabr,
658-son

Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 10-oktabrdagi 658-son qaroriga

ILOVA

Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 12-apreldagi 172-son qarori bilan tasdiqlangan Yoʻl harakati qoidalariga kiritilayotgan qoʻshimcha
Quyidagi mazmundagi 171-bob bilan toʻldirilsin:
“171-bob. Yoʻnalishli transport vositalari uchun alohida ajratilgan tasmasi bor yoʻl orqali harakatlanish
1151. Yoʻnalishli transport vositalari uchun alohida ajratilgan tasmasi bor yoʻldan yoʻnalishli jamoat transporti vositalari harakatlanishi mumkin va boshqa transport vositalari ushbu yoʻlakda harakatlanishi taqiqlanadi, bundan tezkor va maxsus xizmatlarning transport vositalari mustasno.

1152. Yoʻnalishli transport vositalari uchun alohida ajratilgan tasmasi bor yoʻlda harakatlanishi taqiqlangan transport vositalari ushbu yoʻldan faqat yondosh hududga kirish yoki chiqish maqsadida yondosh hududning kirish yoki chiqish joyidan 50 metr masofada uzuq-uzuq chiziqli joygacha yoxud yaqin masofadagi uzuq-uzuq chiziqli joygacha harakatlanishi mumkin.

​​​​​​​

Bunda transport vositasi mazkur yoʻlakda harakatlanib kelayotgan yoʻnalishli transport vositasi harakatiga toʻsqinlik qilmasligi va unga yoʻl bergandan soʻng yondosh hududga kirish yoki chiqish harakatini amalga oshirishiga ruxsat etiladi”.

(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.10.2024-y., 09/24/658/0807-son)