toggle_night_mode
Hujjat 14.09.2024 sanasi holatiga
Amaldagi versiyaga o‘tish
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Jismoniy shaxslarni davlat tibbiyot muassasalariga hisobga qoʻyish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentini tasdiqlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida” 2024-yil 21-fevraldagi PF-37-son Farmoniga muvofiq sogʻliqni saqlash sohasida koʻrsatiladigan davlat xizmatlarini raqamlashtirish koʻlamini kengaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Jismoniy shaxslarni davlat tibbiyot muassasalariga hisobga qoʻyish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti (keyingi oʻrinlarda — Maʼmuriy reglament) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
jismoniy shaxslarni davlat tibbiyot muassasalariga hisobga qoʻyish boʻyicha davlat xizmatidan foydalanish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi oʻrinlarda — YIDXP) orqali murojaat qilish tartibi;
jismoniy shaxslarni davlat tibbiyot muassasalariga hisobga qoʻyish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatish muddatlari;
jismoniy shaxs doimiy yashash va vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtganda, uni yangi manzildagi davlat tibbiyot muassasasiga kompozit shaklda hisobga qoʻyish.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Sogʻliqni saqlash vazirligi Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda 2025-yil 1-martga qadar:
Maʼmuriy reglamentga muvofiq davlat xizmatini koʻrsatish YIDXP orqali joriy etilishini taʼminlasin;
YIDXPda davlat xizmati koʻrsatilishining har bir bosqichida murojaatlar koʻrib chiqilishini kuzatib borish tartibini joriy etsin.
3. Adliya vazirligi:
davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan davlat xizmati koʻrsatilishi ustidan, shu jumladan, YIDXP orqali doimiy nazorat hamda monitoring oʻrnatsin;
Maʼmuriy reglament talablarini buzganlik uchun davlat organlari va boshqa tashkilotlar mansabdor shaxslariga nisbatan belgilangan tartibda maʼmuriy jazolarni qoʻllasin.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining beshinchi boʻlimi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 2-ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri v.b A.A. Xudayarov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2024-yil 13-sentabr,
573-son
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 13-sentabrdagi 573-son qaroriga
1-ILOVA
Jismoniy shaxslarni davlat tibbiyot muassasalariga hisobga qoʻyish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning
MAʼMURIY REGLAMENTI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Maʼmuriy reglament (keyingi oʻrinlarda — Reglament) jismoniy shaxslarni Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tizimidagi birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalariga (tuman (shahar) koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalari, oilaviy shifokor punktlari, oilaviy poliklinikalar) (keyingi oʻrinlarda — davlat tibbiyot muassasalari) hisobga qoʻyish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatish tartibini belgilaydi.
Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yoki vaqtincha yashovchi chet el fuqarosi yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxslar mazkur davlat xizmatidan foydalanish uchun Oʻzbekiston Respublikasida berilgan jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqamiga ega boʻlishi zarur.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Jismoniy shaxslar davlat tibbiyot muassasalariga:
tugʻilgan bolani onasining doimiy yashash yoki vaqtincha roʻyxatda turgan manzilidagi davlat tibbiyot muassasalariga hisobga qoʻyish boʻyicha — tugʻilganlikni qayd etish bilan bir vaqtda;
Keyingi tahrirga qarang.
jismoniy shaxsning doimiy yashash yoki vaqtincha turgan manzili oʻzgarganda ixtiyoriy ravishda yangi manzildagi davlat tibbiyot muassasalariga kompozit shaklda hisobga qoʻyish boʻyicha — doimiy yashash va vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olish jarayonida;
Keyingi tahrirga qarang.
jismoniy shaxslarning bevosita davlat tibbiyot muassasalariga yoki Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi oʻrinlarda — YIDXP) orqali bergan murojaatlari asosida hisobga qoʻyiladi.
3. Jismoniy shaxslar davlat tibbiyot muassasalariga Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining “Elektron sogʻliqni saqlash” axborot tizimi orqali hisobga qoʻyiladi.
4. Davlat xizmatini koʻrsatganlik uchun yigʻim undirilmaydi.
2-bob. Davlat xizmatini koʻrsatish tartibi
5. Tugʻilgan bola onasining doimiy yashash yoki vaqtincha roʻyxatda turgan manzilidagi davlat tibbiyot muassasalariga Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 20-oktabrdagi 550-son qarori bilan tasdiqlangan Tugʻilganlikni qayd etish bilan bogʻliq kompleks davlat xizmatlarini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentida belgilangan tartibda hisobga qoʻyiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Jismoniy shaxs doimiy yashash va vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtganda, uning xohishiga koʻra ushbu manzildagi davlat tibbiyot muassasalariga mazkur Reglamentga 1-ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq hisobga qoʻyiladi.
Bunda jismoniy shaxsning doimiy yashash va vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtganlik haqidagi maʼlumotlar “Manzil” avtomatlashtirilgan axborot tizimidan “Raqamli hukumat” tizimining idoralararo integratsiya platformasi orqali “Elektron sogʻliqni saqlash” axborot tizimiga real vaqt rejimida yuboriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Jismoniy shaxslar bevosita davlat tibbiyot muassasalariga murojaati asosida yoki YIDXP orqali davlat tibbiyot muassasalariga ushbu Reglamentga 2-ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq hisobga qoʻyiladi.
8. Jismoniy shaxslar bevosita oʻzi kelib murojaat qilganda, davlat tibbiyot muassasasi xodimi tomonidan jismoniy shaxsning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari asosida doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyi boʻyicha “Elektron sogʻliqni saqlash” axborot tizimida hisobga olinadi.
Voyaga yetmagan shaxslar davlat tibbiyot muassasasiga ularning ota-onalari yoki boshqa qonuniy vakillari tomonidan hisobga qoʻyiladi.
Bunda voyaga yetmagan shaxsning ota-onasi yoki qonuniy vakili tomonidan davlat tibbiyot muassasasiga shaxsini tasdiqlovchi hujjat va bolaning tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnomasi taqdim etiladi.
9. Jismoniy shaxslar YIDXP orqali murojaat etganda, oʻzi mustaqil ravishda ushbu Reglamentga 3-ilovada keltirilgan shaklga muvofiq davlat xizmatidan foydalanish uchun soʻrovnomani elektron shaklda toʻldiradi.
Bunda soʻrovnoma avtomatik ravishda “Elektron sogʻliqni saqlash” axborot tizimiga yuboriladi hamda jismoniy shaxs davlat tibbiyot muassasasiga doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyi boʻyicha real vaqt rejimida hisobga qoʻyiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Soʻrovnomalar YIDXP orqali dam olish va bayram kunlaridan qatʼi nazar, har kuni 24 soat davomida yuborilishi mumkin.
10. Jismoniy shaxs xohishiga koʻra davlat tibbiyot muassasasi xodimi ushbu Reglamentga 4-ilovaga muvofiq davlat tibbiyot muassasasiga hisobga qoʻyilganligi toʻgʻrisidagi QR-kod (matrik shtrixli kod) qoʻyilgan maʼlumotnomani elektron yoki qogʻoz shaklda taqdim etishi yoki jismoniy shaxs YIDXP orqali ushbu maʼlumotnomani bevosita oʻzi olishi mumkin.
11. Jismoniy shaxslar YIDXP orqali murojaat etgan taqdirda, soʻrovnomani elektron raqamli imzo bilan tasdiqlash talab etilmaydi.
12. “Elektron sogʻliqni saqlash” axborot tizimida hisobga qoʻyilganligi haqidagi maʼlumotnoma jismoniy shaxsning YIDXPdagi shaxsiy kabinetiga yuboriladi.
13. Jismoniy shaxs istalgan vaqtda YIDXPdagi shaxsiy kabinetidan davlat tibbiyot muassasalariga hisobga qoʻyilganligi haqida maʼlumotnomani olishi mumkin.
3-bob. Yakunlovchi qoidalar
14. Vakolatli organlar va davlat tibbiyot muassasalari oʻz faoliyatini amalga oshirishi natijasida olingan maʼlumotlarning sir saqlanishini taʼminlaydi.
15. Adliya vazirligi va uning hududiy organlari mazkur Reglament talablari ijrosi boʻyicha davlat organlari va boshqa tashkilotlarning faoliyatini, shu jumladan, YIDXP orqali doimiy nazorat qilib boradi.
16. Ariza beruvchi davlat organlari va boshqa tashkilotlar xodimlarining xatti-harakatlari yuzasidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilishi mumkin.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi va “Sudlar toʻgʻrisida”gi qonunlari.
17. Mazkur Reglament talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 2155-moddasi.
Jismoniy shaxslarni davlat tibbiyot muassasalariga hisobga qoʻyish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga
1-ILOVA
Jismoniy shaxslarni doimiy yashash va vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olinganda, davlat tibbiyot muassasalariga hisobga qoʻyish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning
SXEMASI
Keyingi tahrirga qarang.

Bosqichlar

Subyektlar

Tadbirlar

Bajarish muddatlari

1-bosqich

Ichki ishlar vazirligi

Jismoniy shaxslarning doimiy yashash va vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olinganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotni “Manzil” avtomatlashtirilgan axborot tizimidan “Raqamli hukumat” tizimining idoralararo integratsiya platformasi orqali “Elektron sogʻliqni saqlash” axborot tizimiga yuboradi.

Jismoniy shaxslarning doimiy yashash va vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olingandan boshlab real vaqt rejimida

2-bosqich

Sogʻliqni saqlash vazirligi

Taqdim etilgan maʼlumotlar asosida “Elektron sogʻliqni saqlash” axborot tizimi orqali jismoniy shaxslarni davlat tibbiyot muassasalariga hisobga qoʻyadi.

“Manzil” avtomatlashtirilgan axborot tizimidan maʼlumot kelib tushgandan boshlab real vaqt rejimida

Keyingi tahrirga qarang.
Jismoniy shaxslarni davlat tibbiyot muassasalariga hisobga qoʻyish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga
2-ILOVA
Jismoniy shaxslarni bevosita davlat tibbiyot muassasalariga murojaati asosida yoki YIDXP orqali davlat tibbiyot muassasalariga hisobga qoʻyish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning
SXEMASI

Bosqichlar

Subyektlar

Tadbirlar

Bajarish muddatlari

1-bosqich

Ariza beruvchi

Jismoniy shaxs davlat xizmatidan foydalanish uchun davlat tibbiyot muassasalariga shaxsan oʻzi kelgan holda yoki Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi oʻrinlarda — YIDXP) orqali murojaat qiladi.

Oʻz xohishiga koʻra

2-bosqich

1. Davlat tibbiyot muassasalari

1. Davlat tibbiyot muassasasi xodimi jismoniy shaxsni shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari asosida davlat tibbiyot muassasasiga “Elektron sogʻliqni saqlash” axborot tizimida hisobga Qoʻyadi.

1. Murojaat qilgan vaqtda

(10 daqiqa ichida)

2. YIDXP

2. Soʻrovnoma YIDXP orqali berilganda, jismoniy shaxs davlat tibbiyot muassasasiga “Elektron sogʻliqni saqlash” axborot tizimida hisobga qoʻyiladi.

Jismoniy shaxs davlat tibbiyot muassasasiga hisobga qoʻyilganligi haqida QR-kod (matrik shtrixli kod) qoʻyilgan maʼlumotnoma jismoniy shaxsning YIDXPdagi shaxsiy kabinetiga yuboriladi.

2. Real vaqt rejimida

Jismoniy shaxslarni davlat tibbiyot muassasalariga hisobga qoʻyish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga
3-ILOVA

Jismoniy shaxslarni davlat tibbiyot muassasalariga hisobga qoʻyish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatish boʻyicha

SOʻROVNOMA


I. Jismoniy shaxs toʻgʻrisida maʼlumot

1. F.I.O.

2. Tugʻilgan joyi va sanasi

3. Biometrik pasporti (identifikatsiyalovchi ID-kartasi) seriyasi va raqami

4. JSHSHIR

5. Doimiy yashash joyi yoki vaqtincha roʻyxatda turgan joyi manzili

6. Telefon raqami

7. Voyaga yetmagan shaxsning qonuniy vakilligini tasdiqlovchi hujjat (zarurat boʻlganda);

II. Voyaga yetmagan shaxs toʻgʻrisida maʼlumot

8. F.I.O.

9. Tugʻilganlik haqida guvohnoma seriyasi va raqami:

10. JSHSHIR

Keyingi tahrirga qarang.
Jismoniy shaxslarni davlat tibbiyot muassasalariga hisobga qoʻyish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga
4-ILOVA

NAMUNA

Jismoniy shaxs davlat tibbiyot muassasasiga hisobga qoʻyilganligi toʻgʻrisida

MAʼLUMOTNOMA

____-son

Jismoniy shaxsning F.I.O.:

Tugilgan sanasi:

JSHSHIR:

Jismoniy shaxs hisob qoʻyilgan

davlat tibbiyot muassasasi:

Maʼlumotnoma berilgan sana:

Sogʻliqni saqlash vazirligi

QR-kod

Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 13-sentabrdagi 573-son qaroriga
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qaroriga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 22-oktabrdagi 845-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini doimiy yashash joyi va vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olish tartibi toʻgʻrisidagi nizomda:
a) quyidagi mazmundagi 121-band bilan toʻldirilsin:
“121. Jismoniy shaxslar doimiy yashash va vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtish jarayonida ixtiyoriga koʻra ularning maʼlumotlari yangi yashash joyidagi davlat tibbiyot muassasasiga hisobga olinishi uchun “Manzil” avtomatlashtirilgan axborot tizimidan “Elektron sogʻliqni saqlash” axborot tizimiga yuboriladi”;
b) 4-ilovaning 5-bosqichi “Tadbirlar” ustuni quyidagi mazmundagi ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Jismoniy shaxsning ixtiyoriga koʻra davlat tibbiyot muassasasiga fuqaro doimiy roʻyxatga olinganligi haqida elektron tizim orqali maʼlumot yuboradi”;
v) 5-ilovaning 3-bosqichi “Tadbirlar” ustuni quyidagi mazmundagi 4-kichik band bilan toʻldirilsin:
“4. Jismoniy shaxsning ixtiyoriga koʻra davlat tibbiyot muassasasiga fuqaro doimiy roʻyxatga olinganligi haqida elektron tizim orqali maʼlumot yuboradi”;
g) 9-ilovaning 3-bosqichi “Tadbirlar” ustuni quyidagi mazmundagi 3-kichik band bilan toʻldirilsin:
“3. Jismoniy shaxsning ixtiyoriga koʻra davlat tibbiyot muassasasiga fuqaro doimiy roʻyxatga olinganligi haqida elektron tizim orqali maʼlumot yuboradi”;
d) 10-ilovaning 4-bosqichi “Tadbirlar” ustuni quyidagi mazmundagi ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Jismoniy shaxsning ixtiyoriga koʻra davlat tibbiyot muassasasiga fuqaro doimiy roʻyxatga olinganligi haqida elektron tizim orqali maʼlumot yuboradi”.
2. Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 28-dekabrdagi 1049-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy yashash va vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olish tartibi toʻgʻrisidagi nizomda:
a) quyidagi mazmundagi 301-band bilan toʻldirilsin:
“301. Jismoniy shaxslar doimiy yashash va vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtish jarayonida ixtiyoriga koʻra ularning maʼlumotlari yangi yashash joyidagi davlat tibbiyot muassasasiga hisobga olinishi uchun “Manzil” avtomatlashtirilgan axborot tizimidan “Elektron sogʻliqni saqlash” axborot tizimiga yuboriladi”;
b) 6-ilovaning 5-bosqichi “Tadbirlar” ustuni quyidagi mazmundagi ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Jismoniy shaxsning ixtiyoriga koʻra davlat tibbiyot muassasasiga fuqaro doimiy roʻyxatga olinganligi haqida elektron tizim orqali maʼlumot yuboradi”;
v) 7-ilovaning 3-bosqichi “Tadbirlar” ustuni quyidagi mazmundagi 4-kichik band bilan toʻldirilsin:
“4. Jismoniy shaxsning ixtiyoriga koʻra davlat tibbiyot muassasasiga fuqaro doimiy roʻyxatga olinganligi haqida elektron tizim orqali maʼlumot yuboradi”;
g) 11-ilovaning 4-bosqichi “Tadbirlar” ustuni quyidagi mazmundagi ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Jismoniy shaxsning ixtiyoriga koʻra davlat tibbiyot muassasasiga fuqaro doimiy roʻyxatga olinganligi haqida elektron tizim orqali maʼlumot yuboradi”;
d) 12-ilovaning 3-bosqichi “Tadbirlar” ustuni quyidagi mazmundagi 3-kichik band bilan toʻldirilsin:
“3. Jismoniy shaxsning ixtiyoriga koʻra davlat tibbiyot muassasasiga fuqaro doimiy roʻyxatga olinganligi haqida elektron tizim orqali maʼlumot yuboradi”.
Keyingi tahrirga qarang.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 14.09.2024-y., 09/24/573/0718-son; 06.05.2026-y., 09/26/224/0457-son)