Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
Oʻzbekiston poytaxti Toshkent shahri aholisiga va xorijiy mehmonlarga transport xizmati koʻrsatish darajasi va sifatini oshirish, sotib olinayotgan “Mercedes-Benz Conecto O345” rusumli yoʻlovchi tashish avtobuslarining sifatli texnik tavsiflarini hamda qulayligini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Toshshaharyoʻlovchitrans” davlat uyushmasi bilan “EvoBus GmbX, Mersedes-Bens Avtobuslar” (Germaniya) kompaniyasi oʻrtasida 2002-yil 5-apreldagi oldi-sotdi Bosh kontraktiga bosh kontraktning 37,42 mln yevro summasidagi tasdiqlangan umumiy qiymati doirasida avtobuslar rusumlari spetsifikatsiyalarini aniqlashtirishni nazarda tutuvchi shahar yoʻlovchi tashish avtbuslarini bosqichma-bosqich yetkazib berish yuzasidan Bosh kontraktga 1-son qoʻshimcha bitim tuzilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
“Toshshaharyoʻlovchitrans” davlat uyushmasi tuzilgan qoʻshimcha Bitimga muvofiq 30 ta “Mercedes-Benz Conecto O345U” rusumli avtobusi, 3 ta “Mercedes-Benz Sprinter 413 CDI” rusumli mikroavtobus, 1 ta “Mercedes-Benz Tourizmo RHD” rusumli sayyohlik avtobusi oʻz vaqtida sotib olinishi va ulardan samarali foydalanilishini taʼminlasin.
2. “Toshshaharyoʻlovchitrans” davlat uyushmasi ushbu qarorga muvofiq “EvoBus GmbX, Mersedes-Bens Avtobuslar” kompaniyasi bilan tuzilgan kontraktlar asosida respublikaga keltiriladigan 270 ta “Mercedes-Benz Conecto O345” rusumli avtobus, 30 ta “Mercedes-Benz Conecto O345U” rusumli avtobus, 3 ta “Mercedes-Benz Sprinter 413 CDI” rusumli mikroavtobus, 1 ta “Mercedes-Benz Tourizmo RHD” rusumli sayyohlik avtobusi, ehtiyot qismlar, maxsus texnika, asbob-uskunalar va boshqa foydalanish materiallari uchun bojxona toʻlovlarini toʻlashdan (bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlari bundan mustasno) ozod qilinsin.
3. Vazirlar Mahkamasining “Toshkent shahrini yoʻlovchilar tashish avtobuslari bilan taʼminlash toʻgʻrisida” 2002-yil 24-sentabrdagi 331-son qarorning 11-bandi
uchinchi xatboshi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari K.N. Toʻlaganov zimmasiga yuklansin.