toggle_night_mode
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining
Qarori
Sudlar tomonidan fuqarolik ishlarini taftish tartibida ko‘rishning ayrim masalalari to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilganligi munosabati bilan, shuningdek, qonun normalarini bir xilda va to‘g‘ri qo‘llanilishini ta’minlash maqsadida, “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunning 22-moddasiga asoslanib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi qaror qiladi:
1. Sudlarning e’tibori shunga qaratilsinki, fuqarolik ishlarining taftish tartibida qayta ko‘rilishi sud hujjatlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini, sudlar tomonidan moddiy huquq normalari to‘g‘ri qo‘llanilishini va protsessual qonun talablariga rioya etilishini ta’minlovchi huquqiy institutning muhim qismi hisoblanadi.
2. O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksi (bundan buyon matnda FPK deb yuritiladi) 4194-moddasida ko‘rsatilgan sud hujjatlari ustidan taftish tartibida shikoyat (protest) berish huquqi quyidagilarga berilgan:
da’vogar (arizachi), javobgar, uchinchi shaxs, alohida tartibda yuritiladigan ishlar bo‘yicha manfaatdor shaxsga;
da’vogar (arizachi), javobgar, uchinchi shaxslarning qonuniy vakillari va huquqiy vorislariga;
ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan, ammo huquq va majburiyatlari haqidagi masala sud tomonidan hal etilgan shaxslarga;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilga;
O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi va uning hududiy boshqarmalariga palata a’zolarining manfaatida;
prokurorga.
Ishda ishtirok etuvchi shaxsning vakili, shu jumladan advokat, sud hujjati ustidan taftish tartibida shikoyat qilishga, basharti bunday huquq vakolat beruvchi tomonidan berilgan ishonchnomada maxsus ko‘rsatilgan bo‘lgandagina haqli (FPK 69-moddasining ikkinchi qismi).
Sud hujjati ustidan taftish tartibida shikoyat qilish huquqiga ega bo‘lgan shaxsning qonuniy vakili (ota-ona, farzandlikka olganlar, vasiy, homiy va hokazo.) o‘z vakilligini tasdiqlovchi hujjat taqdim qilishi talab qilinadi (FPK 66-moddasi).
Ishda ishtirok etuvchi shaxsning huquqiy vorisi tomonidan berilgan taftish tartibidagi shikoyatga huquq o‘tganligi faktini yoki bunday huquq o‘tishi mumkinligini tasdiqlovchi hujjatlar (nikoh, tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomalar, vasiyatnoma va hokazo.) ilova qilinishi kerak.
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori, viloyat prokurori, unga tenglashtirilgan prokuror va ularning o‘rinbosarlari prokuror ishtirokida ko‘rilgan hamda qonunda prokurorning ishtirok etishi nazarda tutilgan bo‘lib, biroq u sud muhokamasining vaqti va joyi to‘g‘risida tegishli tarzda xabardor qilinmasdan ko‘rilgan ishlar bo‘yicha taftish tartibida protest keltirishga haqli. Prokuror ishtiroki nazarda tutilmagan ishlar bo‘yicha taftish tartibidagi protest ishda ishtirok etuvchi shaxslar, shuningdek ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan, ammo huquq va majburiyatlari haqidagi masala sud tomonidan hal etilgan shaxslarning murojaati mavjud bo‘lganda, keltirilishi mumkin.
(2-bandning o‘n birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qarori tahririda)
3. Sudlarga tushuntirilsinki, FPK 52-moddasining birinchi qismiga muvofiq, davlat boshqaruvi organlari, tashkilotlar (masalan, Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashlari va sh.k.) va ayrim fuqarolar faqat da’vo ariza (ariza) ular tomonidan berilgan holdagina sud hujjati ustidan taftish tartibida shikoyat berishi mumkin. Ular da’vogar bo‘lmagan ish yuzasidan qabul qilingan sud hujjati ustidan taftish tartibidagi shikoyat berilgan holda shikoyatni qabul qilish FPK 41911-moddasi birinchi qismining 1-bandiga asosan rad etiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil, O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi va uning hududiy boshqarmalari ular sudga da’vo arizasi bilan murojaat qilgan yoki qilmaganligidan qat’i nazar, sud hujjati ustidan taftish tartibida shikoyat berishi mumkin.
4. FPK 4195-moddasiga muvofiq, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlarining fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati, O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi (bundan buyon matnda viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar deb yuritiladi), O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati va Rayosati taftish instansiyasi sudlari hisoblanadi.
5. Fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo, tuman, shahar sudlari, hududiy harbiy sudlar tomonidan qabul qilingan va apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida ko‘rib chiqilgan ishlar bo‘yicha sud hujjatlari, shuningdek, viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar sudyasining apellyatsiya yoki kassatsiya shikoyatini (protestini) qaytarish yoki ish yuritishga qabul qilishni rad etish to‘g‘risidagi ajrimlari ustidan berilgan taftish tartibidagi shikoyatlar (protestlar) tegishincha viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar tomonidan taftish tartibida ko‘rib chiqiladi.
Viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar tomonidan apellyatsiya yoki kassatsiya va taftish tartibida ko‘rilgan fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo, tuman, shahar sudlari, hududiy harbiy sudlar tomonidan qabul qilingan ishlar bo‘yicha sud hujjatlari, shu sudlar sudyasining taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) qaytarish yoki ish yuritishga qabul qilishni rad etish to‘g‘risidagi ajrimlari ustidan berilgan taftish tartibidagi shikoyatlar (protestlar), shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar tomonidan birinchi instansiya bo‘yicha qabul qilingan va apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida ko‘rilgan ishlar bo‘yicha sud hujjatlari ustidan berilgan taftish tartibidagi shikoyatlar (protestlar) O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan ko‘riladi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’atining taftish tartibida ko‘rilgan ishlar bo‘yicha qabul qilingan sud hujjatlariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining raisi va O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining protestlari O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Rayosatida ko‘rib chiqiladi.
6. FPK 4196-moddasiga ko‘ra, fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo, tuman, shahar sudi tomonidan qabul qilingan va apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida ko‘rilgan ishlar bo‘yicha sud hujjati, shuningdek, viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar sudyasining apellyatsiya yoki kassatsiya shikoyatini (protestini) qaytarish yoki ish yuritishga qabul qilishni rad etish to‘g‘risidagi ajrimi ustidan berilgan taftish tartibidagi shikoyat (protest) viloyat yoki unga tenglashtirilgan sudning nomiga yo‘llanadi, lekin sud hujjatini qabul qilgan sudga beriladi.
Sud hujjatini qabul qilgan sud shikoyatni (protestni) u kelib tushgan kundan e’tiboran besh kunlik muddatda taftish instansiyasi sudiga ish bilan birga yuborishi shart.
Tushuntirilsinki, sud hujjatini qabul qilgan sud taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) protsessual qonunning biror-bir talablariga mos emasligi asosi bilan qaytarishga yoki uni qabul qilishni rad qilishga haqli emas.
Viloyat va unga tenglashtirilgan sud tomonidan taftish tartibida ko‘rilgan ishlar bo‘yicha sud hujjati ustidan berilgan taftish tartibidagi shikoyat (protest) O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati nomiga yo‘llanadi va bevosita O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga beriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’atining taftish tartibida ko‘rilgan ishlar bo‘yicha qabul qilingan sud hujjati ustidan protest keltirish to‘g‘risidagi ariza O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining raisi yoki Bosh prokurorning nomiga yo‘llanadi va tegishincha, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi yoki Bosh prokuraturasiga beriladi. Ushbu sud hujjati ustidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Rayosatiga yo‘llangan protest bevosita O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga beriladi.
7. Qonunga muvofiq, taftish tartibidagi shikoyat (protest) birinchi instansiyasi sudining hal qiluv qarori, ajrimi, qarori qonuniy kuchga kirgan kundan e’tiboran bir yil ichida berilishi mumkin (FPK 4196-moddasining beshinchi qismi).
Taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) berish muddati birinchi instansiya sudining sud hujjati qonuniy kuchga kirgan kundan hisoblanadi.
8. Viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarga taftish tartibida shikoyat (protest) berish muddati kassatsiya instansiyasi sudi tomonidan ajrim chiqarilguniga qadar o‘tgan taqdirda, shikoyat (protest) kassatsiya instansiyasi sudi tomonidan ajrim qabul qilingan kundan e’tiboran uch oy ichida berilishi mumkin (FPK 4196-moddasining oltinchi qismi).
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga taftish tartibida shikoyat (protest) berish muddati viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar tomonidan taftish tartibida ajrim chiqarilguniga qadar o‘tgan taqdirda, shikoyat (protest) ushbu sudlar tomonidan ishni taftish tartibida ko‘rish natijalari bo‘yicha ajrim qabul qilingan kundan e’tiboran uch oy ichida berilishi mumkin (FPK 4196-moddasining yettinchi qismi).
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Rayosatiga protest kiritish to‘g‘risidagi ariza taftish shikoyati berish muddati ichida, mazkur muddat Oliy sudning Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan ishni taftish tartibida ko‘rish natijalari bo‘yicha ajrim chiqarilgunga qadar o‘tgan taqdirda, ushbu sudlov hay’atining ajrimi qabul qilingan kundan e’tiboran uch oy ichida berilishi mumkin.
Taftish tartibidagi shikoyat (protest) berishning o‘tkazib yuborilgan muddati shikoyat (protest) bergan shaxsning iltimosnomasi bo‘yicha sud (sudya) tomonidan, agar iltimosnoma shikoyatni (protestni) berish muddati o‘tgan kundan e’tiboran uch oy ichida berilgan va shikoyatni (protestni) berish muddati o‘tkazib yuborilishining sabablari uzrli deb topilgan bo‘lsa, tiklanishi mumkin (FPK 4196-moddasining to‘qqizinchi qismi).
Ushbu muddatning o‘tishi muddatni tiklash haqidagi iltimosnomani rad qilishga asos bo‘ladi, shikoyat (protest) esa, ko‘rib chiqilmaydi.
9. Tushuntirilsinki, taftish tartibidagi shikoyat (protest) berishning o‘tkazib yuborilgan muddatini tiklash masalasi shikoyat (protest) bergan shaxsning iltimosnomasi asosida viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarning sudyasi tomonidan yakka tartibda hal qilinadi va bu haqda shikoyatni (protestni) ish yuritishga qabul qilish yoki uni qabul qilishni rad etish to‘g‘risidagi ajrimda ko‘rsatiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga berilgan taftish tartibidagi shikoyat (protest) berishning o‘tkazib yuborilgan muddatini tiklash masalasi alohida ajrim yoxud shikoyatni (protestni) ish yuritishga qabul qilishni rad etish to‘g‘risidagi ajrim bilan hal qilinadi.
Shikoyat (protest) berishning o‘tkazib yuborilgan muddatni tiklash rad etilganligi sababli (FPK 41911-moddasi birinchi qismining 6-bandi) uni qabul qilishni rad etish haqidagi ajrimda o‘tkazib yuborilgan muddatni tiklash qaysi asoslarga ko‘ra rad etilganligi, ajrimning xulosa qismida esa, o‘tkazib yuborilgan muddatni tiklash rad etilganligi ko‘rsatilishi lozim.
10. Sudlar shuni nazarda tutishi lozimki, taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) berish muddati uzrli deb topilgan sabablarga asosan tiklanganda, shikoyat (protest) berish huquqiga ega bo‘lgan boshqa shaxslar tomonidan o‘tkazib yuborilgan muddatni, o‘tkazib yuborilishi sabablaridan qat’i nazar, tiklash to‘g‘risidagi masala qo‘shimcha ravishda ko‘rib chiqilishi talab etilmaydi. Shikoyat (protest) bu shaxslar tomonidan protsessual qonun talablariga rioya etgan holda sud muhokamasi tugaguniga qadar taftish instansiyasi sudiga berilishi mumkin va umumiy asoslarda ko‘rib chiqilishi lozim.
11. Taftish tartibidagi shikoyat (protest) berishning o‘tkazib yuborilgan muddatini tiklash haqidagi iltimosnoma shikoyat (protest) bilan birga beriladi. Protsessual muddatni tiklash haqidagi iltimos bevosita shikoyat (protest) matnida ham bayon qilinishi mumkin.
Shikoyat (protest) berish muddati o‘tishini uzrli sabablariga protsessual harakatni amalga oshirishga obyektiv to‘sqinlik qiluvchi holatlar (masalan, favqulodda holatlar, suv toshqinlari, pandemiya, karantin, ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan, ammo huquq va majburiyatlari haqida sud qaror qabul qilgan shaxsning sud hujjatidan bexabarligi va boshqalar) kiritilishi mumkin.
Jismoniy shaxsning kasalligi, uning oilaviy sharoiti (masalan, oila a’zosining o‘limi yoki og‘ir kasalligi), shuningdek, boshqa holatlar, agar ular qonunda belgilangan muddatda taftish shikoyatini berishni istisno etgan yoxud jiddiy ravishda qiyinlashtirgan bo‘lsa, uzrli sabablar deb topilishi mumkin.
Vakilning yordami uchun yoki davlat boji to‘lash uchun pul mablag‘larining mavjud emasligi, yuridik shaxs vakilining xizmat safarida yoki mehnat ta’tilida bo‘lishi, huquqshunosning yo‘qligi kabi holatlar taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) berish muddati o‘tkazilganligining uzrli sabablari deb hisoblanishi mumkin emas.
12. Tushuntirilsinki, belgilangan muddat o‘tganidan keyin o‘tkazib yuborilgan shikoyat (protest) berish muddatini tiklash to‘g‘risidagi iltimosnomasiz berilgan taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) FPK 41910-moddasi birinchi qismining 4-bandiga muvofiq qaytarishga, o‘tkazib yuborilgan muddatni tiklash rad etilganligi esa, uni FPK 41911-moddasi birinchi qismining 6-bandiga muvofiq ish yuritishga qabul qilishni rad etishga asos bo‘ladi.
13. Sudlarga tushuntirilsinki, FPK 41910, 41911-moddalarida keltirilgan taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) qaytarish, ish yuritishga qabul qilishni rad etish asoslarining ro‘yxatlari tugal hisoblanadi va kengaytirilgan tarzda talqin qilinmaydi.
Sudlar shuni inobatga olishi lozimki, agar taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) qaytarish uchun bir nechta asoslar mavjud bo‘lsa, sud ajrimida ushbu asoslarning har biri ko‘rsatib o‘tilishi va ular bartaraf etilgach, shikoyat (protest) bergan shaxs taftish tartibidagi shikoyat (protest) bilan sudga umumiy tartibda yangidan murojaat qilishga haqli ekanligi tushuntirilishi kerak.
Taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) qaytarish to‘g‘risidagi ajrimda ko‘rsatilgan ayni bir xil kamchilik bilan takroran shikoyat (protest) bilan murojaat qilinganda, ayni bir asoslar bilan shikoyatni (protestni) qaytarish to‘g‘risida ajrim chiqarilmasdan, shikoyat (protest) bergan shaxsga ajrimda ko‘rsatilgan kamchiliklarni bartaraf etish choralarini ko‘rish haqida yozma tushuntirish berish hamda shikoyat (protest) va unga ilova qilingan hujjatlarni qaytarish lozim.
14. Taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) ish yuritishga qabul qilish haqidagi masalani hal qilishda sudlar shikoyat (protest) bergan shaxs tomonidan FPK 4197-moddasining har bir talabiga rioya qilinganligini chuqur tekshirishi lozim.
Qonunning ushbu moddasi mazmuni taftish tartibidagi shikoyat (protest) bitta ish doirasida qabul qilingan sud hujjatlari ustidan berilishini nazarda tutadi. Aynan qaysi sud hujjati ustidan shikoyat (protest) berilganligi noaniq yoki shikoyat (protest) bir nechta ish bo‘yicha qabul qilingan turli sud hujjatlari ustidan berilgan bo‘lsa, shikoyat (protest) FPK 41910-moddasi birinchi qismining 2-bandiga asosan qaytariladi.
15. Taftish tartibidagi shikoyatni bergan shaxs tomonidan davlat boji to‘lashning qonun bilan belgilangan tartibi va miqdorlariga oid talablarga rioya qilinganligi haqidagi masalani hal qilishda taftish instansiyasi sudining sudyasi O‘zbekiston Respublikasi “Davlat boji to‘g‘risida”gi Qonuni 5-moddasining 1-bandi, 8-moddasi va ushbu Qonunning ilovasi bo‘lgan “Davlat boji stavkalarining miqdorlari”ga amal qilishi lozim.
Davlat boji to‘lashni kechiktirish, bo‘lib-bo‘lib to‘lash yoki uning miqdorini kamaytirish haqidagi iltimosnoma sudya tomonidan taftish tartibidagi shikoyatni ish yuritishga qabul qilishda hal qilinishi lozim.
16. Taftish instansiyasi sudining sudyasi sud hujjatining ijrosini to‘xtatib turish haqidagi iltimosnomani hal qilishda, agar bunday chorani ko‘rmaslik sud hujjatining qaytarma ijrosini qiyinlashtirishi yoki bajarib bo‘lmaydigan qilib qo‘yishi mumkin deb hisoblasa, uning ijrosini to‘xtatib turishga haqli, bundan darhol ijro etilishi lozim bo‘lgan sud hujjati mustasno.
Sud hujjatining ijrosini to‘xtatib turish haqida taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) ish yuritishga qabul qilish to‘g‘risidagi ajrimda yoki alohida ajrimda ko‘rsatilishi mumkin.
Sud hujjatining ijrosi taftish instansiyasi sudida ish yuritish tamomlanguniga qadar to‘xtatib turiladi. Agar shikoyatni (protestni) ko‘rib chiqish natijasida sud hujjati o‘z kuchida qoldirilgan bo‘lsa, uning ijrosini tiklash haqida alohida protsessual hujjat qabul qilinishi talab qilinmaydi va yozma ko‘rsatma yuborilishi yetarli hisoblanadi.
17. Shuni inobatga olishi lozimki, sud hujjatining ijrosini to‘xtatib turish masalasi sudning tashabbusi bilan hal qilinmaydi. Bu masala nafaqat shikoyat (protest) bergan shaxsning iltimosnomasiga ko‘ra, balki shikoyat (protest) berish huquqiga ega bo‘lgan boshqa shaxslarning iltimosnomasi asosida ham hal qilinishi mumkin. Iltimosnoma taftish instansiyasida ish yuritishning har qanday bosqichida berilishi mumkin.
Taftish tartibidagi shikoyat (protest) sudlov hay’atida ko‘rilayotganda berilgan sud hujjatining ijrosini to‘xtatib turish haqidagi iltimosnoma shu hay’at tarkibi tomonidan hal etiladi.
18. Taftish instansiyasi sudi FPKning 105-moddasiga asosan ishda ishtirok etuvchi shaxslarning iltimosnomasiga ko‘ra yoki o‘z tashabbusi bilan taftish instansiyasi sudida ish yuritish tamomlanguniga qadar FPK 106-moddasida nazarda tutilgan da’voni ta’minlash choralarini ko‘rishga haqli.
19. Tushuntirilsinki, viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarning sudyasi taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) qaytarish, ish yuritishga qabul qilishni rad etish yoki qabul qilish masalasini yakka tartibda shikoyat (protest) sudga kelib tushgan kundan e’tiboran besh kundan kechiktirmay hal qiladi.
Ajrimda shikoyatni qaytarish, ish yuritishga qabul qilishni rad etish asoslari bilan birga shikoyat berishda to‘langan davlat bojini qaytarish masalasi ham hal etilishi lozim. Bunda pochta xarajatlarini qaytarish qonunda nazarda tutilmaganligi bois, ular qaytarilmasligi tushuntirilsin.
FPKda belgilangan shakl va mazmun talablariga rioya qilgan holda berilgan taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) ish yuritishga qabul qilish to‘g‘risidagi ajrimda uni ko‘rib chiqish vaqti va joyi ko‘rsatiladi (FPK 41912-moddasining birinchi, ikkinchi qismlari).
Agar sud majlisi videokonferensaloqa rejimida o‘tkaziladigan bo‘lsa, bu haqda sudning ajrimida ko‘rsatilib, ushbu ajrim ishda ishtirok etuvchi shaxslarga va videokonferensaloqa o‘tkazilishida ko‘maklashadigan sudga yuboriladi (FPK 209-moddasi).
Ish taftish tartibida ko‘rilayotganda boshqa shaxsdan shikoyat (protest) kelib tushgan taqdirda uni ish yuritishga qabul qilish, qaytarish yoki qabul qilishni rad etish masalasi sudlov hay’ati tarkibi tomonidan hal qilinadi.
20. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyasi FPKning 4194 — 4198-moddalarida belgilangan qoidalarga muvofiq berilgan taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) unga ilova qilingan hujjatlar asosida, zarur bo‘lganda esa, FPKning 41914-moddasiga muvofiq ishni talab qilib olib o‘rganadi.
Taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) o‘rganish natijalari bo‘yicha quyidagi ajrimlardan biri chiqariladi:
1) taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) FPK 41910-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan asoslarga ko‘ra qaytarish to‘g‘risida;
2) taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) FPK 41911-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan asoslarga ko‘ra ish yuritishga qabul qilishni rad etish to‘g‘risida;
3) sud hujjatlarini taftish tartibida tekshirish asoslari mavjud bo‘lmasa, taftish tartibidagi shikoyatni sudlov hay’atida ko‘rib chiqish uchun o‘tkazishni rad etish to‘g‘risida;
4) taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) ish yuritishga qabul qilish va ko‘rib chiqish uchun sudlov hay’atiga o‘tkazish to‘g‘risida.
21. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining sudyasi taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) qaytarish yoki qabul qilishni rad etish masalasini yakka tartibda shikoyat (protest) kelib tushgan kundan e’tiboran besh kundan kechiktirmay hal qiladi.
Ish taftish tartibida ko‘rilayotganda boshqa shaxsdan shikoyat (protest) kelib tushgan taqdirda uni ish yuritishga qabul qilish, qaytarish yoki qabul qilishni rad etish masalasi sudlov hay’ati tarkibi tomonidan hal qilinadi.
Sudya taftish tartibidagi shikoyatni sudlov hay’atida ko‘rib chiqish uchun o‘tkazishni rad etish yoki shikoyatni ish yuritishga qabul qilish va ko‘rib chiqish uchun sudlov hay’atiga o‘tkazish masalasini yakka tartibda shikoyat kelib tushgan kundan e’tiboran bir oy ichida, ish talab qilib olingan taqdirda esa, ikki oy ichida hal qilishi lozim.
Tushuntirilsinki, FPKda belgilangan shakl va mazmun talablariga rioya qilingan holda keltirilgan taftish tartibidagi protest FPK 41915-moddasi ikkinchi qismining 4-bandiga asosan ish yuritishga qabul qilinib, ko‘rib chiqish uchun sudlov hay’atiga o‘tkazilishi lozim.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyasining taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) qaytarish yoki qabul qilishni rad etish to‘g‘risidagi ajrimi shikoyat (protest) bergan shaxsning arizasiga asosan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi yoki uning o‘rinbosari tomonidan bekor qilinishi mumkin.
22. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyasining taftish tartibidagi shikoyatni sudlov hay’atiga ko‘rib chiqish uchun o‘tkazishni rad etish to‘g‘risidagi ajrimi qonuniy va asoslantirilgan bo‘lishi lozim.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi yoki uning o‘rinbosari sudyaning shikoyatni sudlov hay’atiga ko‘rib chiqish uchun o‘tkazishni rad etish to‘g‘risidagi ajrimi bilan kelishmaslikka hamda shikoyatni bergan shaxsning arizasiga asosan uni bekor qilish, shikoyatni ish yuritishga qabul qilish va ko‘rib chiqish uchun ish bilan birga O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga o‘tkazish haqida ajrim chiqarishga haqli (FPK 41916-moddasining oltinchi qismi).
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi yoki uning o‘rinbosarining taftish tartibidagi shikoyatni ish yuritishga qabul qilish va sudlov hay’atiga o‘tkazish haqidagi ajrimi chiqarilgan kunning ertasidan kechiktirmay FPKning 41917-moddasi tartibida shikoyatni ko‘rib chiqishga tayinlash haqida ajrim chiqarishi lozim.
Tushuntirilsinki, taftish tartibidagi shikoyatni ko‘rib chiqish uchun sudlov hay’atiga o‘tkazishni rad etish to‘g‘risidagi ajrimni bekor qilish haqidagi ariza sud hujjati ustidan shikoyat qilish uchun belgilangan muddat ichida berilishi mumkin. Ushbu muddat o‘tganidan keyin berilgan ariza ko‘rib chiqilmaydi.
Ajrimni bekor qilishga asoslar mavjud bo‘lmaganda bu haqda taftish tartibidagi shikoyatni bergan shaxsga yozma xabar beriladi.
23. Qonunda ishda ishtirok etuvchi shaxslarni ish taftish instansiyasi sudida ko‘rilishining vaqti va joyi to‘g‘risida sud tomonidan xabardor qilinishi majburiyligi belgilanganligi sababli, ushbu shaxslar ishni ko‘rish vaqti va joyi to‘g‘risida tegishli tartibda xabardor qilinganligi to‘g‘risida ma’lumotlar mavjud bo‘lmaganda, ulardan birining sud majlisiga kelmaganligi, ishni ko‘rishni keyinga qoldirishga asos bo‘ladi.
Taftish instansiyasi sudi ishda ishtirok etuvchi shaxslar ishni ko‘rish vaqti va joyi haqida tegishli tartibda xabardor qilinganligi to‘g‘risida ma’lumotlar bo‘lganda ham, agar ulardan biri kelmaganligi sababini uzrli deb topsa, ishni ko‘rishni keyinga qoldirishga haqli.
Sud muhokamasining o‘tkazish vaqti va joyi haqida tegishli tartibda xabardor qilingan shaxslarning sud majlisiga kelmaganligi ishni ularning ishtirokisiz ko‘rishga to‘sqinlik qilmaydi (FPK 41912-moddasining uchinchi qismi, 41918-moddasining ikkinchi qismi).
24. Sudlarga tushuntirilsinki, FPK 41919, 41920-moddalarida ko‘rsatilgan taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) ko‘rmasdan qoldirish, u bo‘yicha ish yuritishni tugatish asoslari shikoyatni (protestni) ish yuritishga qabul qilish to‘g‘risida ajrim chiqarilganidan so‘ng aniqlangan bo‘lishini nazarda tutganligi sababli, shikoyatni (protestni) ko‘rmasdan qoldirish, u bo‘yicha ish yuritishni tugatish masalasi sudlov hay’ati tarkibi tomonidan hal etiladi.
25. FPKning 41923-moddasiga muvofiq, taftish instansiyasi sudi maslahatxonaga kirguniga qadar shikoyat bergan shaxs uni to‘ldirishga, o‘zgartirishga yoki undan voz kechishga, protest keltirgan prokuror, shuningdek, yuqori turuvchi prokuror protestni to‘ldirishga, o‘zgartirishga yoki qaytarib olishga haqli.
Shikoyatdan voz kechilishi (protest qaytarib olinishi) munosabati bilan taftish tartibida ish yuritishni tugatish masalasi sud majlisida shaxsning shikoyatdan voz kechishga (protestni qaytarib olishga) vakolati borligi tekshirilganidan so‘ng hal qilinadi. Bunda shuni inobatga olish lozimki, FPKning 69-moddasi mazmuniga ko‘ra, vakilning ishonchnomada ko‘rsatilgan sud hujjati ustidan shikoyat berish huquqi o‘z-o‘zidan, basharti bu holat ishonchnomada maxsus ko‘rsatilgan bo‘lmasa, shikoyatdan voz kechish huquqini bermaydi.
Shikoyatdan voz kechilganda (protest qaytarib olinganda) sud ushbu shikoyat (protest) bo‘yicha taftish tartibida ish yuritishni tugatish haqida ajrim chiqaradi. Sud hujjatiga nisbatan shikoyat (protest) qilish huquqiga ega bo‘lgan boshqa shaxs tomonidan ish bo‘yicha shikoyat (protest) berilgan bo‘lsa, u umumiy asoslarda ko‘rib chiqiladi.
26. FPKning 47-moddasiga asosan protsessual huquqiy vorislik sud protsessining har qanday bosqichida amalga oshirilishi mumkinligini inobatga olgan holda, taraflarning biri, uchinchi shaxs yoki ularning qonuniy vakili nizoli yoxud sudning hal qiluv qarori bilan aniqlangan huquqiy munosabatdan chiqib ketgan taqdirda (fuqaroning o‘limi, yuridik shaxsning qayta tashkil etilishi va hokazo.) taftish instansiyasi sudi bunday shaxslarni ularning huquqiy vorislari bilan almashtiradi hamda ularga ishga doir barcha materiallar bilan tanishishga imkon beradi.
Huquqiy vorisning protsessga kirishganligi haqida taftish instansiyasi sudi ajrim chiqaradi va protsessdan chiqib ketgan ishtirokchining barcha huquq va majburiyatlari huquqiy vorisga o‘tishini tushuntiradi.
27. FPKning 41925-moddasiga muvofiq, viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarda taftish tartibidagi shikoyat (protest) bo‘yicha ish taftish instansiyasi sudi tomonidan shikoyatni (protestni) ish yuritishga qabul qilish to‘g‘risida ajrim chiqarilgan kundan e’tiboran bir oydan ortiq bo‘lmagan muddatda ko‘riladi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’atida taftish tartibidagi shikoyat (protest) bo‘yicha ish shikoyatni (protestni) ko‘rib chiqish uchun sudlov hay’atiga o‘tkazish to‘g‘risida ajrim chiqarilgan kundan e’tiboran bir oydan ortiq bo‘lmagan muddatda ko‘rib chiqiladi.
Alohida hollarda taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) ko‘rib chiqish muddati ishni ko‘rayotgan sudlov hay’ati tomonidan ko‘pi bilan bir oyga uzaytirilishi mumkin. Taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) ko‘rish muddati uzaytirilganligi to‘g‘risida ajrim chiqariladi.
28. Taftish instansiyasi sudida ishni ko‘rib chiqish FPKning 397-moddasida nazarda tutilgan tartibda, FPKning 46-bobida nazarda tutilgan xususiyatlarni inobatga olgan holda amalga oshiriladi.
29. Taftish instansiyasi sudi tomonidan ish yuritishni to‘xtatib turish FPKning 10-bobida nazarda tutilgan asoslar va tartibda amalga oshiriladi.
Ish yuritish tiklanganligi to‘g‘risida taftish instansiyasi sudi ajrim chiqaradi va ishda ishtirok etuvchi shaxslarni ish ko‘riladigan vaqt va joy to‘g‘risida xabardor qiladi.
30. FPKning 41927-moddasiga muvofiq, taftish instansiyasi sudi ishni taftish tartibida ko‘rayotganida sud hujjatlarini to‘liq hajmda tekshirib quyidagilarni aniqlashi lozim:
ish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan holatlarning to‘liq aniqlanganligi va isbotlanganligi;
sud hujjatida bayon qilingan xulosalarning ish holatlariga muvofiqligi;
barcha bildirilgan talablar bo‘yicha sud hujjati qabul qilinganligi;
moddiy huquq normalari to‘g‘ri qo‘llanilganligi va protsessual qonun talablariga rioya etilganligi (FPKning 3722-moddasi);
sud hujjati uning mazmuni va shakliga nisbatan qonunda belgilangan talablarga muvofiqligini.
Tushuntirilsinki, ishni taftish tartibida ko‘rishda sud yangi dalillarni o‘rganib chiqishi va yangi faktlarni aniqlashi mumkin.
Sudlarning e’tibori birinchi instansiya sudida muhokama predmeti bo‘lmagan yangi talablar, shu jumladan, tarafning da’vo muddatini qo‘llash to‘g‘risidagi talabi, taftish instansiyasi sudi tomonidan ko‘rib chiqilmasligiga qaratilsin.
31. Taftish instansiyasi sudi taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha ajrim chiqaradi.
Taftish instansiyasi sudi ajrimi ish muhokamasi tugaganidan keyin darhol chiqariladi. Alohida hollarda, asoslantirilgan ajrimni tayyorlash besh kungacha bo‘lgan muddatga kechiktirilishi mumkin, biroq ajrimning xulosa qismi sud tomonidan taftish muhokamasi tamomlangan majlisda e’lon qilinishi kerak.
32. Taftish instansiyasi sudining e’tibori taftish tartibidagi shikoyatda (protestda) keltirilgan har bir vajni uning asosli yoki asossizligi haqidagi xulosani ajrimda ko‘rsatgan holda muhokama qilish zarurligiga qaratilsin.
Taftish instansiyasi sudi ajrimining xulosa qismida shikoyatni (protestni) ko‘rish natijalari to‘g‘risidagi xulosalar, shu jumladan, sud xarajatlari taqsimlanishi ko‘rsatilishi kerak.
Taftish instansiyasi sudi ajrimni e’lon qilganidan so‘ng, ishda ishtirok etuvchi shaxslarga qabul qilingan ajrimning mazmun-mohiyatini, uning ustidan shikoyat qilish tartibini, shuningdek, sud majlisi bayonnomasi bilan tanishish muddatini tushuntirishi shart.
33. FPKning 3722-moddasiga muvofiq, taftish tartibida sud hujjatini bekor qilish yoki o‘zgartirishga quyidagilar asos bo‘lishi mumkin:
ish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan holatlarning to‘liq aniqlanmaganligi;
sud aniqlangan deb hisoblagan, ish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan holatlarning isbotlanmaganligi;
sud hujjatida bayon etilgan sud xulosalarining ish holatlariga muvofiq emasligi;
bildirilgan talab bo‘yicha qaror qabul qilinmaganligi;
moddiy va (yoki) protsessual huquq normalarining buzilganligi yoki noto‘g‘ri qo‘llanilganligi.
Sudlarning e’tibori mazmunan to‘g‘ri bo‘lgan sud hujjatini faqat rasmiy asoslarga ko‘ra bekor qilinishiga yo‘l qo‘yilmasligiga qaratilsin.
34. Moddiy huquq normalarini buzish yoki noto‘g‘ri qo‘llash deganda, sudlar tomonidan qo‘llanilishi lozim bo‘lgan qonun yoki boshqa qonunchilik hujjati qo‘llanilmaganligi, qo‘llanilishi lozim bo‘lmagan qonun yoki boshqa qonunchilik hujjati qo‘llanilganligi, qonun yoki boshqa qonunchilik hujjatining noto‘g‘ri talqin qilinganligi tushuniladi.
Shuni nazarda tutish lozimki, protsessual huquq normalari buzilishi yoki noto‘g‘ri qo‘llanilishi, basharti bu ishning noto‘g‘ri hal etilishiga olib kelgan bo‘lsa, sud hujjatini bekor qilishga asos bo‘ladi. Shu bilan birga, protsessual huquq normalarning FPKning 3724-moddasida nazarda tutilgan hollarda buzilishi har qanday holda sud hujjatini bekor qilish uchun asos bo‘lmaydi.
Sudlarga tushuntirilsinki, agar qonunda nizoli huquqiy munosabat vujudga kelgan paytda amalda bo‘lgan qonun hujjati qo‘llanilishi nazarda tutilgan bo‘lsa, o‘z kuchini yo‘qotgan qonun hujjati qo‘llanilganligi sud hujjatini bekor qilish uchun asos bo‘lmaydi.
35. Taftish instansiyasi sudi, agar sud hujjatlari qonunga muvofiq qabul qilingan degan xulosaga kelsa, taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) qanoatlantirmasdan, sud hujjatlarini o‘zgarishsiz qoldirishga haqli.
36. Taftish instansiyasi sudi FPKning 122 va 124-moddalarida ko‘rsatilgan asoslar bo‘yicha sud hujjatlarini to‘liq yoki qisman bekor qilishga, arizani ko‘rmasdan qoldirishga yoxud ish yuritishni to‘liq yoki qisman tugatishga haqlidir.
37. Tushuntirilsinki, taftish instansiyasi sudi FPK 3722-moddasi birinchi qismining 4-bandi va 3724-moddasi ikkinchi qismining 4-bandida nazarda tutilgan asoslar mavjud bo‘lganda sud hujjatlarini bekor qilishga va ishni yangidan ko‘rish uchun apellyatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudiga yuborishga haqli.
Sud hujjatlari bekor qilinganda ishni birinchi instansiya sudiga yangidan ko‘rishga yuborishga qonun yo‘l qo‘ymasligiga sudlarning e’tibori qaratilsin, bundan birinchi instansiya sudining ishni mazmunan hal qilmagan ajrimlari bekor qilingan hollar mustasno (masalan, ish yuritishni tugatish, arizani ko‘rmasdan qoldirish va hokazo.).
38. FPK 3722-moddasi birinchi qismining 4-bandini qo‘llashda shuni inobatga olish lozimki, ushbu asos bo‘yicha ishni yangidan ko‘rish uchun apellyatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudiga yuborishga arz qilingan talab bo‘yicha sud tomonidan sud hujjati qabul qilinmagan hollarda yo‘l qo‘yiladi.
Birinchi instansiya sudi tomonidan da’vo talablarining asosi yoki predmetini yoxud da’vo miqdorini o‘zgartirish to‘g‘risidagi arizani (FPK 44-moddasining ikkinchi qismi), shuningdek, qarshi da’vo arizani (FPKning 200-moddasi) ish yuritishga qabul qilishni asossiz rad etilishi apellyatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudi ajrimini bekor qilish uchun asos bo‘ladi.
39. FPK 3-moddasining ikkinchi qismiga ko‘ra, har qanday manfaatdor shaxs buzilgan yoki nizolashilayotgan huquqi yoxud qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatini himoya qilish uchun sudga murojaat qilishga haqli ekanligidan kelib chiqib, FPK 3724-moddasi birinchi qismining 4-bandini qo‘llashda shuni inobatga olish lozimki, ushbu asos bo‘yicha ishni yangidan ko‘rish uchun apellyatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudiga yuborishga sud ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan shaxslarning huquq va majburiyatlari to‘g‘risidagi masalani hal qilganda yo‘l qo‘yiladi.
40. Shuni nazarda tutish lozimki, sud xarajatlarini taqsimlash masalasining hal etilmaganligi yoki noto‘g‘ri hal etilganligi o‘z-o‘zidan sud hujjatini bekor qilishga yoxud o‘zgartirishga asos bo‘lmaydi. Bunday holda taftish instansiyasi sudi ajrimning xulosa qismida sud xarajatlarini FPKning 138 — 141-moddalarida nazarda tutilgan qoidalar bo‘yicha taqsimlanishini ko‘rsatadi.
41. FPKning 261 — 263-moddalarida nazarda tutilgan asoslar mavjud bo‘lganda taftish instansiyasi sudi:
ajrim yozuvida yo‘l qo‘yilgan xatolarni va ochiq ko‘rinib turgan arifmetik xatolarni tuzatishga;
qo‘shimcha ajrim chiqarishga;
ajrimni tushuntirishga haqli.
Ushbu masalalar sud majlisida ishda ishtirok etuvchi shaxslarni uni o‘tkazilish vaqti va joyi haqida xabardor qilgan holda ko‘riladi. Biroq mazkur shaxslarning kelmaganligi bu masalalarni ko‘rib chiqish uchun to‘sqinlik qilmaydi.
42. Apellyatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudida ko‘rilgan birinchi instansiya sudining ajrimi ustidan, agar unga nisbatan shikoyat (protest) berish qonunda nazarda tutilgan yoki u ishning keyingi harakatlanishiga to‘sqinlik qiladigan bo‘lsa, taftish tartibida shikoyat (protest) berilishi mumkin.
Apellyatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudida ko‘rilgan birinchi instansiya sudining ajrimi ustidan taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) berish va uni ko‘rish, hal qiluv qarori ustidan taftish tartibidagi shikoyat (protest) berish va ko‘rish uchun nazarda tutilgan qoidalar bo‘yicha amalga oshiriladi.
43. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan ish taftish tartibida ko‘rilganidan so‘ng shikoyat kelib tushganda, uni bergan shaxsga O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Rayosatiga protest kiritish haqidagi ariza bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi yoki Bosh prokuroriga murojaat qilish huquqi tushuntiriladi (FPK 4195-moddasining ikkinchi qismi).
44. Taftish instansiyasi sudi davlat organi yoki boshqa organ, tashkilot, mansabdor shaxs yoki fuqaroning faoliyatida qonun hujjatlari buzilishi fakti aniqlaganda, ularning sud protsessida ishtirokidan qat’i nazar, FPKning 275-moddasiga muvofiq xususiy ajrim chiqarishga haqli. Agar sud shaxslarning harakatlarida jinoyat alomatlarini aniqlasa, u jinoyat ishi qo‘zg‘atish masalasini hal qilish uchun bu haqda tegishli materiallarni ilova qilgan holda prokurorga xabar qiladi.
Xususiy ajrim chiqarilganligi va xabarnoma yuborilishi haqida sud majlisida e’lon qilinadi va bu haqda sud majlisi bayonnomasida ko‘rsatiladi.
45. Protsessual qonun normalarini bir xilda va to‘g‘ri qo‘llanilishi amaliyotini shakllantirish maqsadida viloyat va ularga tenglashtirilgan sudlarga hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga fuqarolik ishlarini taftish tartibida ko‘rish sud amaliyotini umumlashtirib borish tavsiya etilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi B. ISLAMOV
Plenum kotibi, Oliy sud sudyasi N. XAKIMOVA
Toshkent sh.,
2024-yil 25-iyun,
20-son