Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
Milliy valyuta — soʻmning ichki erkin muomalada boʻlishini taʼminlash, xorijiy investitsiyalarni jalb etish uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Belgilab qoʻyilsinki, Oʻzbekiston Respublikasi hududida 1994-yil 15-oktabrdan boshlab Oʻzbekiston Respublikasining rezidentlari boʻlgan va rezidentlari boʻlmagan yuridik va jismoniy shaxslar oʻrtasidagi barcha toʻlovlar va hisob-kitoblar faqat milliy valyutada — soʻmda amalga oshirilishi kerak, qonunchilikda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Oʻzbekiston Pespublikasi va xorijiy davlatlarning jismoniy shaxslari oʻzlarining valyuta schyotlari va banklardagi omonatlaridan mablagʻlarni, shuningdek, ular boʻyicha foizlarni chet el valyutasida yoki soʻmda belgilangan tartibda olish huquqiga egadirlar. Yuridik shaxslarga respublika hududida oʻzaro hisob-kitoblarni amalga oshirish uchun vakil qilingan banklarda soʻmlarda hisob-kitob schyotlari ochish tavsiya qilinsin.
2. 1994-yil 15-oktabrdan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi hududida erkin muomaladagi valyuta (EMV) da savdo qilish va xizmatlar koʻrsatish, shu jumladan xorijiy fuqarolarga, taqiqlansin, qonunchilikda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Erkin muomaladagi valyutaga sotib olingan tovarlarni sotuvchi savdo korxonalari va tashkilotlari, boshqa yuridik va jismoniy shaxslar narxnomalarda tovarning erkin muomaladagi chakana narxini koʻrsatsinlar hamda amaldagi valyuta almashish kursi koʻrsatkichlarini albatta ilib qoʻysinlar.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankiga vakil qilingan banklar va Oʻzbekiston respublika valyuta birjasi aʼzolari sonini kengaytirish, valyuta oboroti miqdorlarini har tomonlama koʻpaytirish choralarini koʻrish tavsiya qilinsin. Yuridik va jismoniy shaxslarning valyuta almashtirish boʻyicha savdolarda vakil qilingan tegishli banklar orqali qatnashishlari maqsadga muvofiq deb hisoblansin.
4. Vazirlar Mahkamasi 1994-yil 21-iyuldagi 379-son qarorining
5-bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazirning oʻrinbosari B.S. Hamidov zimmasiga yuklansin.