toggle_night_mode
Hujjat 22.05.2026 sanasi holatiga
Amaldagi versiyaga o‘tish
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzgalarning parvarishiga muhtoj boʻlgan ayrim shaxslarga qarab turishning haqiqiy holatini tekshirish dalolatnomasini rasmiylashtirish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentini tasdiqlash toʻgʻrisida
Oʻzgalarning parvarishiga muhtoj boʻlgan ayrim shaxslarga qarab turishning haqiqiy holatini tekshirish jarayonini raqamlashtirish, koʻrsatiladigan davlat xizmatlarining sifatini yanada oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Oʻzgalarning parvarishiga muhtoj boʻlgan ayrim shaxslarga qarab turishning haqiqiy holatini tekshirish dalolatnomasini rasmiylashtirish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
oʻzgalarning parvarishiga muhtoj boʻlgan ayrim shaxslarga qarab turishning haqiqiy holatini tekshirish dalolatnomasini (keyingi oʻrinlarda — dalolatnoma) rasmiylashtirish boʻyicha davlat xizmatini (keyingi oʻrinlarda — davlat xizmati) koʻrsatish;
davlat xizmatidan foydalanish uchun soʻrovnomani Davlat xizmatlari markazi va “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi, shuningdek, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi oʻrinlarda — YIDXP) orqali elektron shaklda toʻldirish, koʻrib chiqish va natijasini yuborish;
dalolatnomalar reyestrini shakllantirish va yuritish.
2. Adliya vazirligi va Ijtimoiy himoya milliy agentligi Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda:
mazkur qaror bilan tasdiqlangan Reglamentga muvofiq davlat xizmatini koʻrsatish davlat xizmatlari markazlari va “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi, shuningdek, YIDXP orqali toʻliq joriy etilishini taʼminlasin;
YIDXPda davlat xizmati koʻrsatilishining har bir bosqichida murojaatlar koʻrib chiqilishini kuzatib borish tartibini joriy etsin.
3. Adliya vazirligi:
davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan davlat xizmati koʻrsatilishining belgilangan tartibiga rioya etilishi yuzasidan YIDXP orqali doimiy nazorat oʻrnatsin;
ushbu qaror bilan tasdiqlangan Reglament talablarini buzganlik uchun davlat organlari va boshqa tashkilotlar mansabdor shaxslariga nisbatan belgilangan tartibda maʼmuriy jazolarni qoʻllasin.
4. Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 13-oktabrdagi 592-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat pensiyalarini tayinlash va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ilovaga muvofiq oʻzgartirish kiritilsin.
5. Iqtisodiyot va moliya vazirligi Ijtimoiy himoya milliy agentligi bilan birgalikda ikki oy muddatda dalolatnomalarning elektron maʼlumotlar bazasini yaratsin hamda “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimida shakllantirish choralarini koʻrsin.
6. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach kuchga kiradi.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov hamda adliya vaziri A.J. Tashkulov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2024-yil 31-may,
318-son
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 31-maydagi 318-son qaroriga
1-ILOVA
Oʻzgalarning parvarishiga muhtoj boʻlgan ayrim shaxslarga qarab turishning haqiqiy holatini tekshirish dalolatnomasini rasmiylashtirish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning
MAʼMURIY REGLAMENTI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur maʼmuriy reglament (keyingi oʻrinlarda — Reglament) I guruh nogironligi boʻlgan shaxsga yoki 18 yoshgacha boʻlgan nogironligi bor bolaga, shuningdek, oʻzgalarning parvarishiga muhtoj boʻlgan 80 yoshga toʻlgan qariyalarga qarab turishning haqiqiy holatini tekshirish dalolatnomasini rasmiylashtirish boʻyicha davlat xizmatini (keyingi oʻrinlarda — davlat xizmati) koʻrsatishning tartibini belgilaydi.
Ushbu Reglament umrbod taʼminlash sharti bilan uy-joy (kvartira)ni boshqa shaxsga berish shartnomasi asosida oʻzga shaxslarga qarab turish munosabatlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
2. Ushbu Reglamentda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
ariza beruvchi (qarab turuvchi shaxs) — I guruh nogironligi boʻlgan shaxs yoki 18 yoshgacha boʻlgan nogironligi bor bola, shuningdek, oʻzgalarning parvarishiga muhtoj boʻlgan 80 yoshga toʻlgan qariyalar bilan birga yashaydigan hamda ularga qarab turish uchun mazkur Reglamentga asosan murojaat qilgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi yoxud Oʻzbekiston Respublikasi hududida yashash guvohnomasiga ega boʻlgan chet el fuqarolari yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxs;
vakolatli organ — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi;
parvarishga muhtoj shaxslar — I guruh nogironligi boʻlgan shaxs yoki 18 yoshgacha boʻlgan nogironligi bor bola, shuningdek, oʻzgalarning parvarishiga muhtoj boʻlgan 80 yoshga toʻlgan qariyalar;
qarab turish vaqti — parvarishga muhtoj shaxslarga qarab turilgan vaqt.
3. “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimidagi (keyingi oʻrinlarda — “YAMIH” AT) qarab turishning haqiqiy holatlari toʻgʻrisidagi elektron maʼlumotlar qarab turuvchi shaxsga pensiya tayinlashda ish stajiga kiritish uchun asos hisoblanadi.
4. Qarab turish vaqti pensiya tayinlash uchun zarur boʻlgan ish stajiga faqat parvarishga muhtoj shaxs bilan birga yashagan shaxsga (shaxslardan biriga) qoʻshib hisoblanadi.
Qarab turishning holati nogironligi boʻlgan bolani oʻz qaramogʻiga olgan oilaning aʼzosi uchun ham tatbiq qilinadi.
5. Qarab turish vaqti Oʻzgalarning parvarishiga muhtoj boʻlgan ayrim shaxslarga qarab turishning haqiqiy holatini tekshirish dalolatnomasi (keyingi oʻrinlarda — dalolatnoma) asosida belgilanadi.
Dalolatnoma mavjud boʻlmaganda, qarab turish holati sudning qarori asosida belgilanadi.
6. Dalolatnoma 12 oy muddatga rasmiylashtiriladi.
Qarab turishning haqiqiy holati vakolatli organ xodimlari tomonidan har olti oyda bir marotaba joyga chiqqan holda monitoring qilinadi va oʻrganish natijasi boʻyicha maʼlumotlar “YAMIH” AT orqali yuritiladi.
Dalolatnomani rasmiylashtirgan vakolatli organ xodimining qarab turishning haqiqiy holatini monitoring qilishda ishtirok etishi taqiqlanadi.
7. Shaxsning nogironligi borligi, oʻzgalar parvarishiga muhtojligi va yoshi haqidagi maʼlumotlar “YAMIH” AT orqali avtomatik ravishda tekshiriladi.
Oʻzgalar parvarishiga muhtojlik (keksalar uchun) vakolatli organ xodimi tomonidan Bartel va Lauton shkalalari yordamida “YAMIH” ATda baholanadi.
Bunda baholash natijasida yigʻilgan ball 116 va undan ortiq boʻlgan taqdirda, shaxs oʻzgalar parvarishiga muhtoj deb hisoblanmaydi.
8. Davlat xizmati Davlat xizmatlari markazlari va vakolatli organ xodimlari, shuningdek, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi oʻrinlarda — YIDXP) orqali koʻrsatiladi.
9. Davlat xizmatini koʻrsatganlik uchun toʻlov undirilmaydi.
10. Davlat xizmati ushbu Reglamentga 1-ilovada keltirilgan Oʻzgalarning parvarishiga muhtoj boʻlgan ayrim shaxslarga qarab turishning haqiqiy holatini tekshirish dalolatnomasini rasmiylashtirish sxemasiga muvofiq koʻrsatiladi.
2-bob. Davlat xizmatini koʻrsatish tartibi
11. Ariza beruvchi davlat xizmatidan foydalanish uchun Davlat xizmatlari markaziga yoki vakolatli organ xodimlariga murojaat etadi yoxud davlat xizmatlaridan elektron shaklda foydalanish uchun YIDXPda roʻyxatdan oʻtadi.
12. Ariza beruvchi oʻzi kelib murojaat qilganda, Davlat xizmatlari markazi yoki vakolatli organ xodimi ariza beruvchi nomidan, YIDXP orqali murojaat etganda esa — ariza beruvchi mustaqil ravishda ushbu Reglamentga 2-ilovada keltirilgan Oʻzgalarning parvarishiga muhtoj boʻlgan ayrim shaxslarga qarab turishning haqiqiy holatini tekshirish dalolatnomasini rasmiylashtirish boʻyicha soʻrovnomani elektron shaklda toʻldiradi.
Ariza beruvchidan soʻrovnomada koʻrsatilmagan maʼlumotlarni hamda boshqa hujjatlarni talab qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
13. Zarur maʼlumotlar soʻrovnomaga kiritilgandan soʻng ariza beruvchi maʼlumotlarning toʻgʻriligini tekshiradi va imzolarni identifikatsiya qilishning tegishli vositalari (daktiloskopiya, elektron raqamli imzo, Mobil-ID va boshqalar) bilan tasdiqlaydi.
Ariza beruvchi YIDXP orqali murojaat etgan taqdirda, soʻrovnomani elektron raqamli imzo bilan tasdiqlash talab etilmaydi.
14. Ariza beruvchi davlat xizmatidan foydalanishdan uni koʻrsatishning har qanday bosqichida bosh tortish huquqiga ega.
Ariza beruvchi davlat xizmatidan foydalanishdan bosh tortgan taqdirda, uning soʻrovnomasi koʻrilmasdan qoldiriladi.
15. Arizachi oʻzi kelib murojaat etganda, Davlat xizmatlari markazi soʻrovnoma toʻldirilgan vaqtdan boshlab real vaqt rejimida uni vakolatli organga yuboradi.
YIDXP orqali murojaat etilganda, soʻrovnoma avtomatik ravishda vakolatli organga yuboriladi.
16. Vakolatli organ soʻrovnoma tushgan kundan boshlab besh ish kuni ichida parvarishga muhtoj shaxsning soʻrovnomada koʻrsatilgan doimiy yashash joyi yoki vaqtincha turgan joyi manziliga chiqqan holda, ushbu hududning mahalla fuqarolar yigʻini raisi ishtirokida dalolatnomani rasmiylashtiradi yoki uni rasmiylashtirishni rad qiladi.
Dalolatnoma vakolatli organ xodimi va ushbu hududning mahalla fuqarolar yigʻini raisi tomonidan identifikatsiya qilishning tegishli vositalari (daktiloskopiya, elektron raqamli imzo, Mobil-ID va boshqalar) yordamida imzolanadi.
“Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi rahbari rasmiylashtirilgan dalolatnomani “YAMIH” ATda tasdiqlaydi.
17. Vakolatli organ quyidagi hollarda dalolatnomani rasmiylashtirishni rad etadi:
soʻrovnomada notoʻgʻri va (yoki) xato maʼlumotlar koʻrsatilgan boʻlsa;
soʻrovnomadagi maʼlumotlar oʻz tasdigʻini topmasa;
soʻrovnomada koʻrsatilgan parvarishga muhtoj shaxsning roziligi boʻlmasa;
Oldingi tahrirga qarang.
parvarishga muhtoj shaxs Ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash markazi yoki “Gʻamxoʻrlik” markaziga joylashtirilgan boʻlsa.
(17-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 21-maydagi 271-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.05.2026-y., 09/26/271/0529-son)
Ushbu bandning toʻrtinchi-beshinchi xatboshilaridagi holatlar haqida vakolatli organ va ushbu hududning mahalla fuqarolar yigʻini raisi ishtirokida mazkur Reglamentga 3-ilovada keltirilgan Joyga chiqqan holda tekshiruv oʻtkazilganligi haqida dalolatnoma rasmiylashtiriladi.
Davlat xizmatini koʻrsatishni boshqa asoslarga koʻra, shu jumladan, maqsadga muvofiq emasligi sabablari bilan rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
18. Davlat xizmatini koʻrsatish rad etilganda, vakolatli organ rad etishning aniq sabablarini va qonunchilik hujjatlari normalarini koʻrsatgan holda, mazkur Reglamentga 4-ilovaga muvofiq Oʻzgalarning parvarishiga muhtoj boʻlgan ayrim shaxslarga qarab turishning haqiqiy holatini tekshirish dalolatnomasini rasmiylashtirish rad etilganligi haqida xabarnomani QR-kod (matrik shtrixli kod) qoʻyilgan holda (Joyga chiqqan holda tekshiruv oʻtkazilganligi haqida dalolatnoma rasmiylashtirilgan boʻlsa, ushbu dalolatnomaning PDF formatdagi nusxasi bilan birga) Davlat xizmatlari markaziga, YIDXP orqali murojaat etilganda — ariza beruvchining shaxsiy kabinetiga yuboradi.
Ariza beruvchi davlat xizmatini koʻrsatishni rad etishga sabab boʻlgan holatlarni bartaraf etib, istalgan vaqtda qaytadan davlat xizmatidan foydalanishi mumkin.
20. Agar taqdim etilgan hujjatlar mazkur Reglament talablariga muvofiq boʻlsa, vakolatli organ tomonidan ushbu Reglamentga 5-ilovaga muvofiq shaklda Oʻzgalarning parvarishiga muhtoj boʻlgan ayrim shaxslarga qarab turishning haqiqiy holatini tekshirish dalolatnomasi shu kunning oʻzida “YAMIH” ATda rasmiylashtiriladi hamda Davlat xizmatlari markazi va Pensiya jamgʻarmasining axborot tizimiga yuboriladi.
21. Davlat xizmatlari markazi va vakolatli organ ariza beruvchi oʻzi kelib murojaat etgan taqdirda, ariza beruvchining soʻroviga koʻra unga dalolatnomani yoki rad etish haqida xabarnomani elektron yoki qogʻoz shaklda beradi.
3-bob. Dalolatnomani bekor qilish tartibi
22. Dalolatnoma quyidagi hollarda “YAMIH” ATda avtomatik tarzda bekor qilingan hisoblanadi:
qarab turuvchi va (yoki) parvarishga muhtoj shaxs vafot etsa — oʻlim haqidagi dalolatnoma yozuvi qayd etilgan kundan;
Oldingi tahrirga qarang.
parvarishga muhtoj shaxs Ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash markazi yoki “Gʻamxoʻrlik” markaziga joylashtirilganda — joylashtirilgan kundan;
(22-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 21-maydagi 271-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.05.2026-y., 09/26/271/0529-son)
parvarishga muhtoj shaxs oila qurganda — nikoh tuzilganligi dalolatnoma yozuvi qayd qilingan kundan.
23. Dalolatnoma quyidagi hollarda vakolatli organ tomonidan bekor qilinadi:
18 yoshgacha boʻlgan nogironligi bor bola farzandlikka olinganligi aniqlanganda;
qarab turuvchining xohishiga koʻra;
parvarishga muhtoj shaxs qarab turuvchi shaxs haqiqatda unga qarab turmayotganligi yoki qarab turuvchi tomonidan oʻziga nisbatan huquqbuzarlik harakati sodir etganligi sababli dalolatnomani bekor qilishni soʻrab murojaat qilganda;
parvarishga muhtoj shaxsga qarab turuvchi haqiqatda qarab turmayotganligi aniqlansa;
qarab turuvchi va (yoki) parvarishga muhtoj shaxs Oʻzbekiston Respublikasi hududi doirasida boshqa tuman (shahar)ga, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqariga yashash uchun koʻchib oʻtganda.
Ushbu bandning ikkinchi, beshinchi va oltinchi xatboshilarida koʻrsatilgan holatlar aniqlanganda, mazkur Reglamentga 3-ilovaga muvofiq shaklda dalolatnoma rasmiylashtiriladi.
24. Qarab turuvchi yoki parvarishga muhtoj shaxs ushbu Reglamentning 23-bandi uchinchi va toʻrtinchi xatboshilari asosida dalolatnomani bekor qilish uchun oʻzi kelib murojaat qilganda, Davlat xizmatlari markazi yoki vakolatli organ xodimi ariza beruvchi nomidan, YIDXP orqali murojaat etganda esa — oʻzlari mustaqil ravishda ushbu Reglamentga 6-ilovada keltirilgan Dalolatnomani bekor qilish boʻyicha soʻrovnomani elektron shaklda toʻldiradi.
Qarab turuvchi va parvarishga muhtoj shaxsdan soʻrovnomada koʻrsatilmagan maʼlumotlarni hamda boshqa hujjatlarni talab qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
25. Dalolatnomani bekor qilish boʻyicha soʻrovnomani koʻrib chiqish Oʻzgalarning parvarishiga muhtoj boʻlgan ayrim shaxslarga qarab turishning haqiqiy holatini tekshirish dalolatnomasini rasmiylashtirish boʻyicha soʻrovnomani koʻrib chiqishning ushbu Reglamentda belgilangan tartibi va muddatlarida amalga oshiriladi.
26. Dalolatnoma ushbu Reglamentning 22 va 23-bandlarida keltirilgan asoslar bilan bekor qilinganda, vakolatli organ dalolatnoma bekor qilingan kunning oʻzida bu boʻyicha maʼlumotni “YAMIH” ATga kiritadi hamda bu haqda Pensiya jamgʻarmasining axborot tizimiga avtomatik ravishda xabar yuboradi.
27. Vakolatli organ tomonidan “YAMIH” ATda dalolatnomalar reyestri yuritiladi.
Reyestrda quyidagi maʼlumotlar koʻrsatiladi:
dalolatnoma tuzilgan vaqt va raqami;
ariza beruvchi (qarab turuvchi) va parvarishga muhtoj shaxs toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
dalolatnoma bekor qilingan vaqti.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
28. Davlat xizmatlari markazi va vakolatli organ oʻz faoliyatini amalga oshirishi natijasida olingan maʼlumotlarning sir saqlanishini taʼminlaydi.
29. Adliya vazirligi va uning hududiy organlari mazkur Reglament talablari ijrosi boʻyicha davlat organlari va boshqa tashkilotlarning faoliyatini, shu jumladan, YIDXP orqali doimiy nazorat qilib boradi.
30. Ariza beruvchi davlat organlari va boshqa tashkilotlar xodimlarining xatti-harakatlari yuzasidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilishi mumkin.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 55-moddasi, “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonunning 14-moddasi, “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Qonuni.
31. Mazkur Reglament talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Oʻzgalarning parvarishiga muhtoj boʻlgan ayrim shaxslarga qarab turishning haqiqiy holatini tekshirish dalolatnomasini rasmiylashtirish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga
1-ILOVA
Oʻzgalarning parvarishiga muhtoj boʻlgan ayrim shaxslarga qarab turishning haqiqiy holatini tekshirish dalolatnomasini rasmiylashtirish
SXEMASI

Bosqichlar

Subyektlar

Tadbirlar

Bajarish muddatlari

1-bosqich

Ariza beruvchi

(qarab turuvchi shaxs)

Davlat xizmatidan foydalanish uchun Davlat xizmatlari markaziga yoki “Inson” ijtimoiy xizmatlar markaziga kelgan holda yoxud mahalladagi ijtimoiy xodimlarga murojaat etadi yoki YIDXPda roʻyxatdan oʻtadi.

Oʻz xohishiga koʻra


2-bosqich

1. Davlat xizmatlari markazi,

“Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi xodimlari

1. Soʻrovnomani toʻldirib, vakolatli organga yuboradi.

1. Soʻrovnoma toʻldirilgandan keyin 10 daqiqada

2. YIDXP

2. Elektron toʻldirilgan soʻrovnoma vakolatli organga yuboriladi.

2. Avtomatik ravishda


3-bosqich

Vakolatli organ

1. Parvarishga muhtoj shaxsning soʻrovnomada koʻrsatilgan doimiy yashash joyi yoki vaqtincha turgan joyi manziliga chiqqan holda dalolatnoma “YAMIH” ATda rasmiylashtiradi hamda Davlat xizmatlari markazi va Pensiya jamgʻarmasining axborot tizimiga yuboradi.

2. Soʻrovnomani koʻrib chiqish natijasi boʻyicha dalolatnomani rasmiylashtirish rad etilsa, uning aniq sabablarini va qonunchilik hujjatlari normalarini koʻrsatgan holda QR-kod qoʻyilgan xabarnomani Davlat xizmatlari markaziga, YIDXP orqali murojaat etilganda — ariza beruvchining shaxsiy kabinetiga yuboradi.

Soʻrovnoma kelib tushgandan boshlab 5 ish kuni ichida


4-bosqich

1. YIDXP

1. Davlat xizmatining natijasi ariza beruvchining elektron manziliga yuboriladi va ariza beruvchi bu haqda axborot-kommunikatsiya tizimi orqali xabardor qilinadi.

1. Avtomatik tarzda

2. Davlat xizmatlari markazi,

“Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi xodimlari

2. Ariza beruvchi oʻzi kelib murojaat etgan taqdirda, ariza beruvchining soʻroviga koʻra unga dalolatnomani yoki rad etish haqida xabarnoma elektron yoki qogʻoz shaklda beriladi.

2. 10 daqiqa mobaynida

Oʻzgalarning parvarishiga muhtoj boʻlgan ayrim shaxslarga qarab turishning haqiqiy holatini tekshirish dalolatnomasini rasmiylashtirish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga
2-ILOVA
Oʻzgalarning parvarishiga muhtoj boʻlgan ayrim shaxslarga qarab turishning haqiqiy holatini tekshirish dalolatnomasini rasmiylashtirish boʻyicha
SOʻROVNOMA

I. Ariza beruvchi toʻgʻrisida maʼlumot

1. F.I.O.*

2. Tugʻilgan joyi va sanasi*

3. Biometrik pasport (identifikatsiyalovchi ID-karta) seriyasi va raqami*

4. JSHSHIR*

5. Doimiy yashash joyi yoki vaqtincha turgan joyi manzili

6. Telefon raqami

7. Elektron pochta manzili (agar mavjud boʻlsa)

II. Parvarishga muhtoj shaxs:

□ I guruh nogironligi boʻlgan shaxs.

□ 18 yoshgacha nogironligi bor bola.

□Oʻzgalar parvarishiga muhtoj 80 yoshga toʻlgan keksa shaxs.

III. I guruh nogironligi boʻlgan shaxsga yoki 18 yoshgacha boʻlgan nogironligi bor bolaga, shuningdek, oʻzgalarning parvarishiga muhtoj boʻlgan 80 yoshga toʻlgan qariyalar toʻgʻrisida maʼlumot.

1. F.I.O.*

2. Tugʻilgan joyi va sanasi*

3. Biometrik pasport (identifikatsiyalovchi ID-karta) seriyasi va raqami*

4. JSHSHIR*

5. Doimiy yashash joyi yoki vaqtincha turgan joyi manzili

6. Telefon raqami

7. Elektron pochta manzili (agar mavjud boʻlsa)

* Ushbu maʼlumotlar Elektron hukumat tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali avtomatik ravishda toʻldiriladi.
Oʻzgalarning parvarishiga muhtoj boʻlgan ayrim shaxslarga qarab turishning haqiqiy holatini tekshirish dalolatnomasini rasmiylashtirish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga
3-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi
‎Ijtimoiy himoya milliy agentligi

JOYGA CHIQQAN HOLDA TEKSHIRUV OʻTKAZILGANLIGI HAQIDA
‎DALOLATNOMA

20___ yil “____” ____________‎

__________________

(hudud nomi)

Men, ____________________________________________________________________

(“Inson” markazi xodimining familiyasi, ismi, otasining ismi va lavozimi)

20__yil “__” _______dagi ___-son soʻrovnomaga asosan ___________________________
‎________________________________________________________________________

(viloyat (Toshkent shahar), tuman (shahar), MFY nomi (qisqartirishlarsiz))*

da tekshiruv oʻtkazib, quyidagilarni aniqladim:
1) ______________________________________________________________________;
2) ______________________________________________________________________;

…………………………………………………………………………………………………….……

(quyidagi holatlardan biri yoziladi:
‎a) soʻrovnomada koʻrsatilgan manzilda ariza beruvchi (qarab turuvchi) va parvarishga muhtoj shaxs yoki ulardan biri yashamasligi yoxud manzilda boʻlmasligi;
‎b) parvarishga muhtoj shaxsning roziligi mavjud emasligi;
‎v) qarab turuvchi parvarishga muhtoj shaxsga haqiqatda qarab turmayotganligi.)

Dalolatnoma tuzishda ishtirok etganlar haqida maʼlumot

T/r‎

F.I.O.

Yashash manzili*

Lavozimi

Shaxsiy imzo

1.‎

2.‎

3.‎

...‎

“Inson” markazi
‎____________________

________________________

________________________

(lavozimi)

(shaxsiy imzo)

(F.I.O)

* Viloyat (Toshkent shahar), tuman (shahar), MFY, koʻcha nomi, uy raqami toʻliq yozilish lozim.
Oʻzgalarning parvarishiga muhtoj boʻlgan ayrim shaxslarga qarab turishning haqiqiy holatini tekshirish dalolatnomasini rasmiylashtirish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga
4-ILOVA

Elektron hujjatning identifikatsiya raqami

Oʻzgalarning parvarishiga muhtoj boʻlgan ayrim shaxslarga qarab
‎turishning haqiqiy holatini tekshirish dalolatnomasini
‎rasmiylashtirish rad etilganligi haqida
‎XABARNOMA

________________________________________________________________________

(vakolatli organning nomi)

Qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda va muddatlarda
‎Sizning 20___ yil “___” __________dagi ________ -son soʻrovnomangizni koʻrib chiqib,

(yil, kun, oy)

(soʻrovnoma raqami)‎‎‎

qarab turish haqiqiy holatini tekshirish dalolatnomasi rasmiylashtirish rad etilganligini maʼlum qiladi.

Rad etish asoslari:
‎1.
‎2.
‎‎3.
..........................................................................................................................................................................

QR-kod

____________________________

(Vakolatli organ rahbarining F.I.O.)

Oʻzgalarning parvarishiga muhtoj boʻlgan ayrim shaxslarga qarab turishning haqiqiy holatini tekshirish dalolatnomasini rasmiylashtirish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga
5-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi
‎Ijtimoiy himoya milliy agentligi

Oʻzgalarning parvarishiga muhtoj boʻlgan ayrim shaxslarga
‎qarab turishning haqiqiy holatini tekshirish
‎DALOLATNOMASI

20___ yil “____” ____________‎

__________________

(hudud nomi)

Men, ____________________________________________________________________

(“Inson” markazi xodimining familiyasi, ismi, otasining ismi va lavozimi)

20__yil “__” _______dagi ___-son soʻrovnomaga asosan ___________________________
‎________________________________________________________________________

(viloyat (Toshkent shahar), tuman (shahar), MFY nomi (qisqartirishlarsiz))*

ga chiqqan holda,
_______________________________________________________________________da

(viloyat (Toshkent shahar), tuman (shahar), MFY nomi (qisqartirishlarsiz))*

yashovchi ariza beruvchi (qarab turuvchi) — ______________________________________

(F.I.O)

___________________________________________________________________ boʻlgan

(I guruh nogironligi boʻlgan shaxs yoki 18 yoshgacha nogironligi boʻlgan bola, shuningdek 80 yoshga toʻlgan keksa (shulardan biri yoziladi)

_______________________________________________________________________ga

(parvarishga muhtoj shaxsning familiyasi, ismi va otasining ismi)

haqiqatda qarab turishini aniqladim va ushbu dalolatnoma shu haqda tuzildi.

Dalolatnoma tuzishda ishtirok etgan va tasdiqlaganlar haqida maʼlumot

T/r‎

F.I.O.

Yashash manzili*

Lavozimi

Shaxsiy imzo

1.‎

2.‎

3.‎

...‎

“Inson” markazi
‎____________________

________________________

________________________

(lavozimi)

(shaxsiy imzo)

(F.I.O)

* Viloyat (Toshkent shahar), tuman (shahar), MFY, koʻcha nomi, uy raqami toʻliq yozilish lozim.
Oʻzgalarning parvarishiga muhtoj boʻlgan ayrim shaxslarga qarab turishning haqiqiy holatini tekshirish dalolatnomasini rasmiylashtirish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga
6-ILOVA
Dalolatnomani bekor qilish boʻyicha
SOʻROVNOMA

I. Ariza beruvchi

□ Qarab turuvchi shaxs

□ Parvarishga muhtoj shaxs

II. Ariza beruvchi toʻgʻrisida maʼlumot

1. F.I.O.*

2. Tugʻilgan joyi va sanasi*

3. Biometrik pasport (identifikatsiyalovchi ID-karta) seriyasi va raqami*

4. JSHSHIR*

5. Doimiy yashash joyi yoki vaqtincha turgan joyi manzili

6. Telefon raqami

7. Elektron pochta manzili (agar mavjud boʻlsa)

III. Dalolatnoma raqami va sanasi:**

* Ushbu maʼlumotlar Elektron hukumat tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali avtomatik ravishda toʻldiriladi.
** Ushbu maʼlumotlar “YAMIH” axborot tizimi orqali avtomatik ravishda shakllanadi.
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 31-maydagi 318-son qaroriga
2-ILOVA
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 13-oktabrdagi 592-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat pensiyalarini tayinlash va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirish
61-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“61. I guruh nogironligi boʻlgan shaxsga yoki 18 yoshgacha nogironligi boʻlgan bolaga, shuningdek, 80 yoshga toʻlgan keksalarga qarab turish vaqti Agentlik tomonidan Pensiya jamgʻarmasiga axborot tizimi orqali yuborilgan elektron maʼlumotlar asosida aniqlanadi.
Agentlik avtomatik tarzda fuqaroning I guruh nogironligi boʻlgan shaxsga yoki 18 yoshgacha nogironligi boʻlgan bolaga, shuningdek, 80 yoshga toʻlgan keksalarga qarab turganligi toʻgʻrisidagi elektron maʼlumotlarni Pensiya jamgʻarmasining axborot tizimiga yuboradi.
Agentlik tomonidan axborot tizimi orqali yuborilgan fuqaroning I guruh nogironligi boʻlgan shaxsga yoki 18 yoshgacha nogironligi boʻlgan bolaga, shuningdek, 80 yoshga toʻlgan keksalarga qarab turganligi toʻgʻrisidagi elektron koʻrinishdagi maʼlumotlar fuqaroga pensiya hisoblashda ish staj sifatida inobatga olish uchun asos boʻlib hisoblanadi”.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.06.2024-y., 09/24/318/0391-son; 22.05.2026-y., 09/26/271/0529-son)