toggle_night_mode
Hujjat 08.10.2002 sanasi holatiga
Amaldagi versiyaga o‘tish
Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
“SELEKSIYA YUTUQLARI TOʻGʻRISIDA”GI OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNIGA OʻZGARTISHLAR VA QOʻSHIMCHALAR KIRITISH HAQIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qaror qiladi:
1996-yil 30-avgustda qabul qilingan “Seleksiya yutuqlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996-yil, № 9, 133-modda; 1997-yil, № 4-5, 126-modda; 1999-yil, № 1, 20-modda) oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritilib, uning yangi tahriri tasdiqlansin (ilova qilinmoqda).
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2002-yil 29-avgust,
395-II-son
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING QONUNI
Seleksiya yutuqlari toʻgʻrisida
(yangi tahriri)
I. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi seleksiya yutuqlarini yaratish, huquqiy muhofaza qilish va ulardan foydalanish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
zot — genetik jihatdan oʻzaro bogʻliq biologik va morfologik xususiyatlari hamda belgilariga qarab aniqlanadigan hayvonlar (shu jumladan parrandalar, hasharotlar, ipak qurti) yoki ularning duragaylari guruhi boʻlib, bu xususiyatlar hamda belgilarning ayrimlari aynan shu guruhga xos boʻladi va uni hayvonlarning boshqa guruhlaridan farqlab turadi. Zot guruhi, zot ichidagi (zonal) tip, zavod tipi, zavod liniyasi, zot oilasi, partenoklonlar, liniyalar, duragaylar zotning muhofaza qilinadigan obyektlaridir;
ish beruvchi — seleksiya yutugʻini yaratish toʻgʻrisida topshiriq bergan va bu topshiriq bajarilishini moliyalashtirayotgan yuridik yoki jismoniy shaxs;
litsenziar — seleksiya yutugʻidan foydalanish huquqini litsenziatga litsenziya shartnomasi asosida beruvchi patent egasi;
litsenziat — seleksiya yutugʻidan foydalanish huquqini litsenziardan litsenziya shartnomasi asosida olgan yuridik yoki jismoniy shaxs;
nav — oʻsimliklar guruhi boʻlib, u nasldan naslga barqaror oʻtuvchi, muayyan genotip yoki genotiplar kombinatsiyasini boshqalaridan ajratib turuvchi belgilarga qarab aniqlanadi va ayni bir botanik taksondagi boshqa oʻsimliklar guruhidan bir yoki bir necha belgilari bilan farqlanadi. Klon, liniya, birinchi avlod duragayi, populyatsiya navning muhofaza qilinadigan obyektlaridir;
patent egasi — seleksiya yutugʻiga berilgan patentning egasi;
seleksiya yutugʻi — oʻsimliklarning yangi navi, hayvonlarning yangi zoti;
talabnoma beruvchi — seleksiya yutugʻiga patent berish haqida talabnoma topshirgan yuridik yoki jismoniy shaxs.
3-modda. Seleksiya yutuqlari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari
Seleksiya yutuqlari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining seleksiya yutuqlari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
Keyingi tahrirga qarang.
4-modda. Seleksiya yutuqlarini huquqiy muhofaza qilishning tashkiliy asoslari
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat patent idorasi (bundan buyon matnda Patent idorasi deb yuritiladi) seleksiya yutuqlarini huquqiy muhofaza qilish sohasidagi davlat siyosatining amalga oshirilishini taʼminlaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
Patent idorasi seleksiya yutuqlariga patentlar berish haqidagi talabnomalarni (bundan buyon matnda patent berish haqidagi talabnoma deb yuritiladi) qabul qilib oladi hamda koʻrib chiqadi, ular boʻyicha rasmiy ekspertiza oʻtkazadi, Oʻsimlik navlari davlat reyestrini hamda hayvon zotlari davlat reyestrini (bundan buyon matnda reyestr deb yuritiladi) yuritadi, seleksiya yutuqlariga patentlar beradi, talabnoma materiallari va Oʻzbekiston Respublikasida roʻyxatga olinib, muhofaza qilinayotgan seleksiya yutuqlari haqidagi maʼlumotlarni rasmiy ravishda eʼlon qiladi, seleksiya yutuqlari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini qoʻllashga doir qoidalar qabul qiladi hamda tushuntirishlar beradi.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligining Qishloq xoʻjalik ekinlari navlarini sinash davlat komissiyasi, Chorvachilikda naslchilik ishlari boʻyicha bosh davlat inspeksiyasi (bundan buyon matnda ixtisoslashtirilgan tashkilotlar deb yuritiladi) talabnomada koʻrsatilgan seleksiya yutuqlarining patentga layoqatliligini ekspertizadan oʻtkazadi.
Keyingi tahrirga qarang.
5-modda. Seleksiya yutugʻining muallifi
Ijodiy mehnati bilan oʻsimliklarning yangi navi yoki hayvonlarning yangi zotini yaratgan (chiqargan yoki aniqlagan) jismoniy shaxs seleksiya yutugʻining muallifi deb eʼtirof etiladi.
Agar seleksiya yutugʻini yaratishda bir nechta jismoniy shaxs ishtirok etgan boʻlsa, ularning hammasi hammualliflar deb eʼtirof etiladi. Hammualliflarga tegishli boʻlgan huquqlardan foydalanish tartibi qonun hujjatlarida hamda ular oʻrtasidagi kelishuvda belgilanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Mualliflik huquqi boshqaga oʻtkazilmaydigan shaxsiy huquq boʻlib, muddatsiz himoya qilinadi.
Muallif (hammualliflar) oʻz nomi (nomlari) patent berish haqidagi talabnomada, patentda va seleksiya yutugʻi xususida eʼlon qilinadigan barcha materiallarda koʻrsatilishi huquqiga ega.
6-modda. Patent egasi
Seleksiya yutugʻiga patent:
seleksiya yutugʻining muallifiga (hammualliflariga) yoki uning (ularning) merosxoʻriga (merosxoʻrlariga);
muallif yoki uning merosxoʻri tomonidan patent berish haqidagi talabnomada yoki seleksiya yutugʻi roʻyxatdan oʻtkazilgunga qadar Patent idorasiga topshirilgan talabnoma beruvchini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi arizada koʻrsatilgan yuridik va (yoki) jismoniy shaxslarga (ular rozi boʻlgan taqdirda);
Keyingi tahrirga qarang.
ushbu Qonunning 7-moddasida nazarda tutilgan hollarda ish beruvchiga beriladi.
7-modda. Xizmat tartibida yaratilgan seleksiya yutugʻi patentining egasi
Agar muallif (hammualliflar) seleksiya yutugʻi yaratilayotganda:
oʻzi (oʻzlari) egallab turgan lavozimga xos vazifalarni bajargan boʻlsa;
seleksiya yutugʻini yaratish maqsadini koʻzlab zimmasiga (zimmalariga) maxsus yuklatilgan vazifalarni bajargan boʻlsa;
ish beruvchi tomonidan oʻziga (oʻzlariga) berilgan moddiy vositalar yoki moliyaviy mablagʻlardan foydalangan boʻlsa;
oʻzi (oʻzlari) ish jarayonida orttirgan, ish beruvchi tashkilotning oʻziga xos xususiyatini tashkil etadigan bilim va tajribadan foydalangan boʻlsa, bunday seleksiya yutugʻi xizmat tartibida yaratilgan deb hisoblanadi.
Agar ish beruvchi yaratilgan seleksiya yutugʻi toʻgʻrisida muallif (hammualliflar) tomonidan xabardor qilingan kundan eʼtiboran toʻrt oy ichida Patent idorasiga patent berish haqidagi talabnomani topshirmasa, patent berish haqidagi talabnomani topshirish huquqidan boshqa shaxs foydasiga voz kechmasa va seleksiya yutugʻini sir saqlash toʻgʻrisida muallifga (hammualliflarga) maʼlum qilmasa, muallif (hammualliflar) talabnoma topshirish va oʻz nomiga patent olish huquqiga ega boʻladi. Bunday holda, ish beruvchi patent egasiga shartnomada belgilanadigan miqdorda tovon toʻlab, oʻz ishlab chiqarishida seleksiya yutugʻidan foydalanish huquqiga ega boʻladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Ish beruvchi seleksiya yutugʻini sir saqlagan taqdirda muallifga (hammualliflarga) mutanosib ravishda haq toʻlashi shart, haq miqdori shartnomada belgilanadi.
Patent egasi boʻlmagan seleksiya yutugʻining muallifi (hammualliflari) seleksiya yutugʻiga doir litsenziyadan foydalanilganligi yoxud u sotilganligi uchun haq olish huquqiga ega, bu haqning miqdori va uni toʻlash tartibi patent egasi yoki uning huquqiy vorisi bilan tuzilgan shartnomada belgilab qoʻyiladi.
Muallifga (hammualliflarga) haqni patent egasi yoki uning huquqiy vorisi, agar seleksiya yutugʻidan foydalanganlik uchun haq toʻlash tartibi va muddatlari toʻgʻrisidagi shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, patentning amal qilish muddati davomida toʻlaydi.
Haq muallifga (hammualliflarga) seleksiya yutugʻidan foydalanilgan hisobot davri tugaganidan keyin uzogʻi bilan olti oy ichida toʻlanadi.
II. Seleksiya yutugʻining patentga layoqatliligi
8-modda. Seleksiya yutugʻiga huquqiy muhofaza berish shartlari
Agar seleksiya yutugʻi yangilik, farqlanish, turdoshlik va barqarorlik mezonlariga javob bersa, u huquqiy muhofaza qilinadi.
Ushbu Qonun 13-moddasining talablariga muvofiq seleksiya yutugʻining nomi boʻlishi lozim.
9-modda. Yangilik
Agar urugʻlik, navning koʻchat materiali yoki zotning nasl materiali patent berish haqidagi talabnoma topshirilgan sanadan eʼtiboran:
Oʻzbekiston Respublikasi hududida — kamida bir yil oldin;
boshqa davlat hududida — kamida toʻrt yil yoki, agar tok, yogʻochbop, manzarali, mevali daraxtlar va oʻrmon daraxtlarining navlariga taalluqli boʻlsa, kamida olti yil oldin muallif, uning merosxoʻri tomonidan yoxud ularning roziligi bilan sotilmagan va foydalanish uchun boshqa shaxslarga berilmagan boʻlsa, yangilik hisoblanadi.
10-modda. Farqlanish
Seleksiya yutugʻi patent berish haqidagi talabnoma topshirilgan sanada boshqa har qanday barchaga maʼlum seleksiya yutugʻidan aniq-ravshan farqlanishi lozim.
Seleksiya yutugʻi, agar patent berish haqidagi talabnoma har qanday mamlakatda topshirilgan va bu talabnomaga muvofiq patent yoki muhofazaning shunga oʻxshash boshqa bir shakli berilgan boʻlsa yoxud seleksiya yutugʻi shu mamlakatning seleksiya yutuqlari rasmiy reyestriga kiritilgan boʻlsa, talabnoma topshirilgan sanada barchaga maʼlum deb hisoblanadi.
Barchaga maʼlumlik:
keyinchalik koʻpaytirish, saqlash maqsadlarida yetishtirish, takror yetishtirish, nav yoki nasllik konditsiyasiga yetkazish va yuqorida sanab oʻtilgan maqsadlarda asrash natijasida barchaga maʼlum bilim darajasining bir qismiga aylangan seleksiya yutugʻiga nisbatan;
sotishga taklif etilgan, sotilgan, mamlakatga olib kirilgan yoki mamlakatdan olib chiqib ketilgan seleksiya yutugʻiga nisbatan aniqlanadi.
11-modda. Turdoshlik
Agar koʻpaytirishning oʻziga xos xususiyatlarini hisobga olganda muayyan navli oʻsimliklar yoki muayyan zotli hayvonlar seleksiyalashtirish belgilariga koʻra bir xillikka ega boʻlsa, seleksiya yutugʻi turdosh hisoblanadi.
12-modda. Barqarorlik
Agar seleksiya yutugʻi bir necha marta koʻpaytirilganidan keyin yoki alohida sikl boʻyicha koʻpaytirilgan taqdirda koʻpaytirishning har bir sikli oxirida uning asosiy belgilari oʻzgarishsiz qolsa, u barqaror hisoblanadi.
13-modda. Seleksiya yutugʻining nomi
Seleksiya yutugʻining talabnoma beruvchi taklif etgan va Patent idorasi tomonidan qabul qilingan nomi boʻlishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
Seleksiya yutugʻining nomi seleksiya yutugʻini identifikatsiya qilish imkonini berishi, qisqa boʻlishi, shu yoki shunga yaqin botanik yoxud zoologik turdagi mavjud seleksiya yutuqlarining nomidan farqlanib turishi kerak. Seleksiya yutugʻining nomi faqat raqamlardan iborat boʻlib qolmasligi, seleksiya yutugʻining xususiyatlari, kelib chiqishi, ahamiyati haqida, muallifning (hammualliflarning) shaxsi haqida yanglishishlarga olib kelmasligi, insonparvarlik va axloq qoidalariga zid boʻlmasligi lozim.
Seleksiya yutugʻining nomi tegishli reyestrga ayni bir vaqtda muhofaza etiladigan seleksiya yutugʻi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar ham kiritilgan holda qayd etiladi.
Agar patent berish haqidagi talabnoma Oʻzbekiston Respublikasi va boshqa davlatlarda topshirilayotgan boʻlsa, seleksiya yutugʻining nomi bu talabnomalarda bir xil boʻlishi lozim.
Oʻzbekiston Respublikasi hududida yoki Oʻzbekiston Respublikasi seleksiya yutuqlarini huquqiy muhofaza qilish toʻgʻrisida shartnoma tuzgan mamlakat hududida urugʻlikni, navning koʻchat materialini yoxud zotning nasl materialini sotishni taklif etayotgan yoki sotayotgan har qanday shaxs seleksiya yutugʻining nomidan, agar uchinchi shaxslarning huquqlari bundan foydalanishga toʻsqinlik qilmaydigan boʻlsa, hatto seleksiya yutugʻiga berilgan patentning amal qilish muddati tugaganidan keyin ham foydalanishi shart.
III. Seleksiya yutugʻiga patent olish
14-modda. Seleksiya yutugʻining patenti
Patentga layoqatlilik mezonlariga javob beradigan va Oʻzbekiston Respublikasida muhofaza qilinadigan botanik va zoologik oila turkumlari hamda turlarga taalluqli seleksiya yutugʻiga patent beriladi.
Seleksiya yutugʻining patenti (bundan buyon matnda patent deb yuritiladi) seleksiya yutugʻining yangilik ekanligini, farqlanishini, turdoshligi va barqarorligini, shuningdek patent egasining seleksiya yutugʻining nomi, seleksiya yutugʻiga egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etishga boʻlgan huquqini tasdiqlaydi.
Patent egasining huquqi seleksiya yutugʻi roʻyxatga olinganligi toʻgʻrisida Patent idorasining rasmiy axborotnomasida maʼlumot eʼlon qilingan sanadan eʼtiboran amalda deb hisoblanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Patentning amal qilish muddati seleksiya yutugʻi tegishli reyestrda roʻyxatga olingan sanadan eʼtiboran yigirma yilga teng. Tok, yogʻochbop, manzarali, mevali daraxtlar va oʻrmon daraxtlarining navlari, shu jumladan ularning payvandtaglari uchun bu muddat yigirma besh yilni tashkil etadi.
Patentning amal qilish muddati patent egasining iltimosnomasiga binoan koʻpi bilan oʻn yilga uzaytirilishi mumkin.
15-modda. Patentga boʻlgan huquq
Patentga boʻlgan huquq muallifga (hammualliflarga) yoki uning (ularning) merosxoʻriga (merosxoʻrlariga) tegishlidir.
Agar bir nechta shaxs birgalikda bitta seleksiya yutugʻi yaratgan boʻlsa, patentga boʻlgan huquq ularning hammasiga tegishli boʻladi. Ulardan bittasining yoki bir nechtasining patentga boʻlgan huquqdan voz kechishi boshqalarining patent olish harakatlarini sodir etishiga hamda patent olish taomilida ishtirok etishiga taalluqli boʻlmaydi.
Muallif (hammualliflar) oʻzining (oʻzlarining) xizmat vazifalarini, muayyan topshiriqni bajarishi bilan bogʻliq holda yoki ish beruvchi tashkilotning oʻziga xos xususiyatini tashkil etadigan bilim va tajriba yordamida yaratilgan seleksiya yutugʻiga beriladigan patentga boʻlgan huquq, agar bu ular oʻrtasidagi shartnomada nazarda tutilgan boʻlsa, ish beruvchiga tegishlidir.
Agar seleksiya yutugʻini bir nechta shaxs bir-biridan mustaqil ravishda yaratgan boʻlsa, patent olish huquqi patent berish haqidagi talabnomani Patent idorasiga oldinroq topshirgan shaxsga, basharti bu talabnoma chaqirib olinmagan yoki rad etilmagan boʻlsa, tegishlidir.
Keyingi tahrirga qarang.
Muallif (hammualliflar), agar oʻzi (oʻzlari) yaratgan seleksiya yutugʻini boshqalar gʻayriqonuniy oʻzlashtirib olishi natijasida bu seleksiya yutugʻiga talabnoma topshirilgan yoki patent olingan boʻlsa, patent berilganligiga qarshi eʼtiroz bildirish yoxud patent egasi sifatida oʻziga (oʻzlariga) patentning oʻtkazilishini sud tartibida talab qilish huquqiga ega.
Patent idorasining va ixtisoslashtirilgan tashkilotlarning xodimlari ana shu idora va tashkilotlarda ishlagan butun davrida ham, ishdan ketganlaridan keyin bir yil davomida ham patent olish, shuningdek oʻzlarini muallif (hammualliflar) sifatida koʻrsatish huquqiga ega emas.
Keyingi tahrirga qarang.
16-modda. Patent berish haqidagi talabnomani topshirish
Patent berish haqidagi talabnoma muallif (hammualliflar), ish beruvchi yoki ularning huquqiy vorisi tomonidan Patent idorasiga topshiriladi.
Patent berish haqidagi talabnoma shaxsan, Patent idorasida roʻyxatga olingan patent vakili orqali yoki ishonchli shaxs orqali topshirilishi mumkin. Boshqa davlatlarning Oʻzbekiston Respublikasida doimiy turar joyiga ega boʻlmagan fuqarolari va boshqa davlatlarning Oʻzbekiston Respublikasida doimiy manzili boʻlmagan yuridik shaxslari, ularning patent vakillari yoki ishonchli shaxslari patent olish va uni oʻz kuchida saqlash borasidagi ishlarni Oʻzbekiston Respublikasining patent vakillari orqali olib boradilar. Patent vakilining vakolatlari unga talabnoma beruvchi yoki ishonchli shaxs bergan ishonchnoma bilan tasdiqlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
17-modda. Patent berish haqidagi talabnomaning mazmuni
Patent berish haqidagi talabnoma:
muallif (hammualliflar) va kimning nomiga patent soʻralayotgan boʻlsa, ana shu shaxs (shaxslar), shuningdek ularning turar joyi yoki manziliga doir maʼlumotlar koʻrsatilgan patent berish haqidagi arizani;
seleksiya yutugʻining nomi toʻgʻrisidagi taklifni;
seleksiya yutugʻining tavsifini (texnikaviy anketasini);
seleksiya yutugʻi namunalarining fotosuratlarini;
talabnoma beruvchi tomonidan oʻtkazilgan seleksiya yutugʻi sinovlariga doir hujjatlarni;
talabnoma beruvchining seleksiya yutugʻidan foydalanilmaganligi, u sotilmaganligi, oʻzga shaxsga berilmaganligi hamda uning yangilik talablariga mosligini tasdiqlaydigan deklaratsiyasini;
seleksiya yutugʻining ustuvorligini tasdiqlovchi hujjatni (zarurat boʻlganda);
talabnoma beruvchining seleksiya yutugʻini sinovdan oʻtkazish uchun materialni belgilangan muddatda ixtisoslashtirilgan tashkilotga taqdim etish majburiyatini;
talabnoma patent vakili yoki ishonchli shaxs orqali topshirilganida ularga berilgan ishonchnomani;
patent boji belgilangan miqdorda toʻlanganligini yoxud patent boji toʻlashdan ozod qilish, shuningdek uning miqdorini kamaytirish asoslarini tasdiqlovchi hujjatni oʻz ichiga olgan boʻlishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
Patent berish haqidagi talabnoma bitta seleksiya yutugʻiga taalluqli boʻlishi lozim.
Patent berish haqidagi talabnoma topshirilgan sana ushbu moddaning birinchi qismi talablariga muvofiq boʻlgan hujjatlar Patent idorasiga kelib tushgan sanaga qarab belgilanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Ushbu modda birinchi qismining yettinchi va sakkizinchi xatboshilarida koʻrsatilgan hujjatlar talabnoma beruvchi tomonidan patent berish haqidagi talabnoma topshirilgan sanadan eʼtiboran uch oy ichida taqdim etiladi. Agar talabnoma beruvchi koʻrsatilgan muddat ichida ana shu hujjatlarni taqdim etmasa yoki koʻrsatilgan muddatni uzaytirish toʻgʻrisida iltimosnoma topshirmasa, talabnoma topshirilmagan hisoblanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Patent berish haqidagi talabnoma hujjatlariga doir talablarni Patent idorasi ixtisoslashtirilgan tashkilotlar bilan birgalikda belgilaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
Patent berish haqidagi talabnomalarning materiallari Patent idorasida sir saqlanishi shart va talabnomalarning rasmiy ekspertizasini oʻtkazish davrida talabnoma beruvchining roziligisiz bu materiallar toʻgʻrisida axborotlar berilmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
18-modda. Seleksiya yutugʻining ustuvorligi
Seleksiya yutugʻining ustuvorligi ushbu Qonunning talablariga muvofiq rasmiylashtirilgan patent berish haqidagi talabnoma Patent idorasiga topshirilgan sanaga koʻra belgilanadi.
Agar patent berish haqidagi aynan oʻxshash talabnomalar ayni bitta ustuvorlik sanasiga ega boʻlsa, u holda patent Patent idorasiga birmuncha oldinroq sana bilan yuborilgan yoki roʻyxatga olish kirim raqami birmuncha oldinroq qayd etilgan talabnomaga beriladi.
Agar talabnoma beruvchi Patent idorasiga patent berish haqidagi talabnomani topshirishdan oldin Oʻzbekiston Respublikasi seleksiya yutuqlarini huquqiy muhofaza qilish toʻgʻrisida shartnoma tuzgan boshqa davlatga talabnoma (bundan buyon matnda birinchi talabnoma deb yuritiladi) topshirgan boʻlsa, talabnoma beruvchi talabnoma tushgan sanadan eʼtiboran oʻn ikki oy davomida birinchi talabnoma boʻyicha ustuvorlik huquqiga ega boʻladi.
Talabnoma beruvchi Patent idorasiga yuborilayotgan patent berish haqidagi talabnomasida birinchi talabnomaning ustuvorlik sanasini koʻrsatishi lozim. Talabnoma beruvchi talabnoma Patent idorasiga topshirilgan sanadan eʼtiboran uch oy ichida birinchi talabnomaning nusxasini va tarjimasini taqdim etishi shart. Bu shartlar bajarilgan taqdirda, talabnoma beruvchi birinchi talabnoma topshirilgan sanadan eʼtiboran uch yil mobaynida qoʻshimcha hujjatlar va sinov uchun zarur material taqdim etmaslikka haqli.
Ushbu moddaning uchinchi qismida koʻrsatilgan muddatga rioya etmaslik, shuningdek belgilangan patent bojlarini toʻlamaslik talab qilinayotgan ustuvorlik eʼtirof etilmasligiga sabab boʻladi.
Patent berish haqidagi keyingi talabnomani topshirish, birinchi talabnomaning predmeti boʻlgan seleksiya yutugʻini eʼlon qilish yoki undan foydalanish, agar bu ishlar ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan muddat ichida amalga oshirilgan boʻlsa, keyingi talabnomani rad etish uchun asos boʻla olmaydi. Bunday hollar uchinchi shaxslarning biron-bir huquqlari yuzaga kelishi uchun ham asos boʻla olmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
19-modda. Seleksiya yutugʻining davlat ekspertizasi
Talabnomada koʻrsatilgan seleksiya yutugʻining davlat ekspertizasi talabnomaning rasmiy ekspertizasini va mazkur seleksiya yutugʻi yangilik ekanligini ekspertiza qilishdan hamda farqlanish, turdoshlik va barqarorlikni aniqlash maqsadida sinovdan oʻtkazishdan iborat patentga layoqatlilik ekspertizasini oʻz ichiga oladi.
Keyingi tahrirga qarang.
20-modda. Talabnomaning rasmiy ekspertizasi
Talabnomaning rasmiy ekspertizasi talabnoma topshirilgan sanadan boshlab ikki oy oʻtgandan keyin oʻtkaziladi. Ekspertiza mobaynida ustuvorlik sanasi belgilanadi, zarur hujjatlarning qoʻyilayotgan talablarga qanchalik mosligi tekshiriladi.
Talabnoma beruvchi talabnoma topshirilgan sanadan eʼtiboran ikki oy mobaynida oʻz tashabbusi bilan talabnoma materiallariga qoʻshimchalar, aniqliklar yoki tuzatishlar kiritishga haqlidir.
Agar zarur qoʻshimchalar, aniqliklar yoki tuzatishlar belgilangan muddatda kiritilmagan yoxud patent berish haqidagi talabnoma tushgan sanada undagi yetishmayotgan hujjatlar taqdim etilmagan taqdirda, talabnoma koʻrib chiqish uchun qabul qilinmaydi.
Talabnoma beruvchi tomonidan oʻtkazib yuborilgan muddat, uning bu muddat oʻtganidan keyin olti oydan kechiktirmay topshirgan iltimosnomasiga binoan, Patent idorasi tomonidan tiklanishi mumkin.
Talabnomaning rasmiy ekspertizasi natijalari boʻyicha Patent idorasining qarori talabnoma beruvchiga maʼlum qilinadi.
Talabnoma beruvchi Patent idorasining qaroriga rozi boʻlmasa, qaror yuborilgan sanadan eʼtiboran uch oy mobaynida Patent idorasining Apellyatsiya kengashiga (bundan buyon matnda Apellyatsiya kengashi deb yuritiladi) murojaat qilish huquqiga ega. Apellyatsiya kengashi apellyatsiya kelib tushgan sanadan eʼtiboran ikki oylik muddat ichida uni koʻrib chiqishi lozim.
Apellyatsiya kengashining qarori ustidan qaror qabul qilingan sanadan eʼtiboran olti oy ichida sudga shikoyat qilinishi mumkin.
Rasmiy ekspertizadan oʻtgan patent berish haqidagi talabnomani Patent idorasi patentga layoqatliligini ekspertizadan oʻtkazish uchun tegishli ixtisoslashtirilgan tashkilotga yuboradi.
Keyingi tahrirga qarang.
21-modda. Seleksiya yutugʻining muvaqqat huquqiy muhofazasi
Muhofaza talab qilingan seleksiya yutugʻiga muvaqqat huquqiy muhofaza patent berish haqidagi talabnomaga oid maʼlumotlar eʼlon qilingan sanadan eʼtiboran seleksiya yutugʻi tegishli reyestrda roʻyxatga olinadigan sanaga qadar belgilanadi.
Seleksiya yutugʻiga muvaqqat huquqiy muhofaza amal qiladigan davrda talabnoma beruvchiga nisbatan ushbu Qonunning 30-moddasiga muvofiq patent egasining huquqi amal qiladi.
Agar patent berishni rad etish haqida qaror qabul qilinib, bu qaror ustidan shikoyat qilish imkoniyatlari tugagan boʻlsa, muvaqqat huquqiy muhofaza boshlanmagan deb hisoblanadi.
Muhofaza talab qilingan seleksiya yutuqlaridan ularga muvaqqat huquqiy muhofaza belgilangan davrda foydalanayotgan shaxs patent olinganidan keyin patent egasining talabiga binoan unga tovon puli toʻlashi shart, bu tovonning miqdori patent egasi bilan tuzilgan kelishuvda belgilab qoʻyiladi.
22-modda. Seleksiya yutugʻi yangilik ekanligining ekspertizasi
Seleksiya yutugʻi yangilik ekanligining ekspertizasini ixtisoslashtirilgan tashkilot mavjud hujjatlar va dalil-isbotlar, shu jumladan oʻz tashabbusi bilan olgan axborotlar asosida amalga oshiradi hamda talabnomada koʻrsatilgan seleksiya yutugʻining yangilik mezoniga muvofiqligi yoki nomuvofiqligi toʻgʻrisida Patent idorasiga xulosa taqdim etadi. Patent idorasi yangilik mavjudligi yoki yoʻqligi toʻgʻrisida talabnoma beruvchini yozma ravishda xabardor etadi.
Patent berish haqidagi talabnomaga oid maʼlumotlar eʼlon qilingan sanadan eʼtiboran olti oy ichida har qanday manfaatdor shaxs talabnomada koʻrsatilgan seleksiya yutugʻining yangilik ekanligiga nisbatan oʻz eʼtirozini tegishli ixtisoslashtirilgan tashkilotga yuborishi mumkin.
Tegishli ixtisoslashtirilgan tashkilot eʼtiroz olinganligini talabnoma beruvchiga maʼlum qiladi. Talabnoma beruvchi eʼtirozga rozi boʻlmasa, bildirishnoma olingan kundan eʼtiboran uch oylik muddat ichida ixtisoslashtirilgan tashkilotga asoslantirilgan eʼtiroz talabini yuborish huquqiga ega. Ixtisoslashtirilgan tashkilot kelib tushgan materiallar yuzasidan qaror qabul qiladi va manfaatdor shaxs hamda talabnoma beruvchini bundan xabardor etadi.
Agar talabnomada koʻrsatilgan seleksiya yutugʻi yangilik mezoniga nomuvofiq boʻlsa, Patent idorasi patent berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Talabnoma beruvchi uch oylik muddat ichida Patent idorasining patent berishni rad etish toʻgʻrisidagi qarori ustidan Apellyatsiya kengashiga apellyatsiya bilan murojaat etishi mumkin. Apellyatsiya kengashi apellyatsiya kelib tushgan sanadan eʼtiboran ikki oylik muddat ichida uni koʻrib chiqishi kerak.
Apellyatsiya kengashining qarori ustidan qaror qabul qilingan sanadan eʼtiboran olti oy ichida sudga shikoyat qilinishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
23-modda. Talabnomada koʻrsatilgan seleksiya yutugʻining sinovlari
Talabnomada koʻrsatilgan seleksiya yutugʻining sinovlari farqlanish, turdoshlik va barqarorlik mezonlariga moslikni sinashdan iboratdir.
Talabnomada koʻrsatilgan seleksiya yutugʻining sinovlari ixtisoslashtirilgan tashkilotlar belgilagan usul va muddatlarda, roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan davlat nav sinash stansiyalarida, davlat nav sinash uchastkalarida, boshqa tashkilotlarda oʻtkaziladi.
Talabnoma beruvchi sinov oʻtkazish uchun kerakli miqdordagi urugʻlikni, koʻchat yoki nasl materialini ixtisoslashtirilgan tashkilot tomonidan belgilangan manzilga, koʻrsatilgan muddatlarda taqdim etishi shart.
Ixtisoslashtirilgan tashkilot talabnoma beruvchi, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining korxonalari, muassasalari, tashkilotlari va boshqa davlatlarning vakolatli organlari tomonidan taqdim etilgan sinov natijalaridan foydalanishga haqli.
Ixtisoslashtirilgan tashkilot sinov natijalariga koʻra seleksiya yutugʻining patentga layoqatlilik mezonlariga mosligi toʻgʻrisida xulosa chiqaradi.
Agar seleksiya yutugʻi patentga layoqatlilik mezonlariga, uning nomi esa belgilangan talablarga javob bersa, ixtisoslashtirilgan tashkilot seleksiya yutugʻining rasmiy tavsifini tayyorlaydi, Patent idorasi esa patent berish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Agar seleksiya yutugʻi patentga layoqatlilik mezonlariga javob bermasa, Patent idorasi patent berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Talabnoma beruvchi uch oylik muddat ichida Patent idorasining qarori ustidan Apellyatsiya kengashiga apellyatsiya bilan murojaat qilishi mumkin. Agar seleksiya yutugʻini qoʻshimcha ravishda sinash zaruriyati yuzaga kelmasa, Apellyatsiya kengashi apellyatsiya kelib tushgan sanadan eʼtiboran ikki oylik muddat ichida uni koʻrib chiqishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
Apellyatsiya kengashining qarori ustidan qaror qabul qilingan sanadan eʼtiboran olti oy ichida sudga shikoyat qilinishi mumkin.
24-modda. Patent berish haqidagi talabnomani chaqirib olish
Patent berish haqidagi talabnoma patent berish toʻgʻrisida yoki patent berishni rad etish haqida qaror qabul qilingunga qadar talabnoma beruvchining yozma iltimosnomasiga binoan chaqirib olinishi mumkin.
Talabnoma beruvchilar bir nechta boʻlsa, patent berish haqidagi talabnoma faqat ulardan har birining roziligi bilan chaqirib olinishi mumkin.
25-modda. Seleksiya yutugʻini roʻyxatga olish
Patent idorasi patent berish toʻgʻrisida qaror qabul qilganidan keyin seleksiya yutugʻini tegishli reyestrda roʻyxatga oladi.
Keyingi tahrirga qarang.
26-modda. Seleksiya yutugʻiga doir maʼlumotlarni rasman eʼlon qilish
Koʻrib chiqish uchun qabul qilingan patent berish haqidagi talabnomalarga, roʻyxatga olingan seleksiya yutuqlariga, Patent idorasining yuridik ahamiyatga ega harakatlariga doir maʼlumotlar, seleksiya yutuqlarining toʻliq tavsiflari, huquqlardan boshqaning foydasiga voz kechish toʻgʻrisidagi roʻyxatga olingan shartnomalar va litsenziya shartnomalari, shuningdek seleksiya yutuqlariga taalluqli boshqa maʼlumotlar Patent idorasining rasmiy axborotnomasida eʼlon qilinadi.
Keyingi tahrirga qarang.
27-modda. Patent berish
Patentni Oʻzbekiston Respublikasi nomidan Patent idorasi beradi.
Keyingi tahrirga qarang.
Seleksiya yutugʻi roʻyxatga olinganligi toʻgʻrisidagi maʼlumot eʼlon qilingan sanadan eʼtiboran olti oy ichida har qanday shaxs patent berilishiga eʼtiroz bildirishga haqlidir.
Keyingi tahrirga qarang.
Patent berilishiga doir eʼtirozni Apellyatsiya kengashi tegishli ixtisoslashtirilgan tashkilotning vakillari ishtirokida eʼtiroz bildirilgan sanadan eʼtiboran olti oy ichida koʻrib chiqadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Agar patent berilishiga eʼtirozlar bildirilmagan yoki bunday eʼtirozlar rad etilgan boʻlsa, Patent idorasi seleksiya yutugʻi roʻyxatga olinganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar eʼlon qilingan sanadan eʼtiboran olti oy oʻtgach, patent beradi.
Keyingi tahrirga qarang.
Patent bir nechta shaxs nomiga soʻralganda ularga bitta patent beriladi.
Patentning shakli va unda koʻrsatiladigan maʼlumotlar tarkibi Patent idorasi tomonidan belgilanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Berilgan patentdagi koʻzga yaqqol tashlanib turgan va texnik xatolar patent egasining talabiga koʻra Patent idorasi tomonidan tuzatiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Patent egasi patentni olganidan keyin muhofaza qilinayotgan seleksiya yutugʻiga taalluqli zarur materialni saqlash uchun yuboradi.
28-modda. Seleksiya yutugʻini saqlash
Patent egasi navni, zotni patentning amal qilish muddati davomida shunday saqlashi shartki, toki nav, zot tegishli reyestrda roʻyxatga olingan sanada tuzilgan ularga doir rasmiy tavsifda koʻrsatilgan belgilar saqlanib qolsin.
Patent egasi ixtisoslashtirilgan tashkilotlar va (yoki) Patent idorasining soʻroviga binoan nazorat sinovlarini oʻtkazish uchun nav urugʻlarini yoki nasl materialini yuborishi va joyning oʻzida tekshirib koʻrilishi uchun imkoniyat yaratib berishi shart.
Keyingi tahrirga qarang.
29-modda. Patent bojlari
Patent berish haqidagi talabnomani topshirish, talabnomada koʻrsatilgan seleksiya yutugʻini ekspertiza va sinovdan oʻtkazish, patent berish, uni oʻz kuchida saqlab turish, shuningdek seleksiya yutugʻining huquqiy muhofazasi bilan bogʻliq yuridik ahamiyatga ega boshqa harakatlarni bajarish uchun patent bojlari undiriladi. Patent bojlari Patent idorasiga toʻlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Patent bojlarining miqdori va ularni toʻlash muddatlari, ularni toʻlashdan ozod qilish, toʻlovlarning miqdorini kamaytirish yoki ularni qaytarib berish asoslari, shuningdek patent bojlaridan foydalanish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Patent bojlari talabnoma beruvchi, patent egasi va boshqa manfaatdor shaxs tomonidan toʻlanadi.
Patentni oʻz kuchida saqlab turganlik uchun patent bojlarini toʻlash maqsadida, qoʻshimcha patent boji toʻlangan taqdirda, patent egasiga olti oylik imtiyozli muddat beriladi.
Agar patentni oʻz kuchida saqlab turganlik uchun patent boji va qoʻshimcha patent boji imtiyozli muddat mobaynida toʻlanmasa, patentning amal qilishi patent boji belgilangan muddatda toʻlanmagan kundan eʼtiboran tugatiladi.
IV. Patent egasining huquqi
30-modda. Patent egasining mutlaq huquqi
Seleksiya yutugʻidan oʻz xohishiga koʻra foydalanishga boʻlgan mutlaq huquq patent egasiga tegishlidir.
Manfaatdor shaxs muhofaza qilinayotgan seleksiya yutugʻining urugʻlik, koʻchat yoki nasl materialini:
yetishtirish va takror yetishtirish (koʻpaytirish);
nav yoki nasllik konditsiyasiga yetkazish;
sotish uchun taklif qilish;
sotish va boshqa usullarda oʻtkazish;
Oʻzbekiston Respublikasi hududidan olib chiqish;
Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirish;
yuqorida koʻrsatib oʻtilgan maqsadlarda saqlash uchun patent egasining ruxsatini olishi kerak
Patent egasi oʻz xohishiga koʻra ruxsat biron-bir shart va (yoki) cheklovlar bilan berilishini oldindan taʼkidlab oʻtishga haqli.
Patent egasining huquqi uning ruxsatisiz fuqarolik muomalasiga kiritilgan nav urugʻligining koʻchat materialidan yetishtirilgan oʻsimlik materialiga yoki nasldor hayvonlardan yetishtirilgan tovarbop hayvonlarga nisbatan ham amal qiladi.
Ushbu moddaning ikkinchi qismida koʻrsatilgan harakatlarni navning urugʻlik, koʻchat materialiga yoki zotning nasl materialiga nisbatan amalga oshirish uchun:
agar bu material oʻzida muhofaza qilinayotgan nav, zot belgilarini asosan saqlab qolgan boʻlsa va ana shu muhofaza qilinayotgan nav yoki zot boshqa nav yoki zotning belgilarini asosan saqlab qolgan nav yoki zot boʻlmasa;
agar bu material ushbu Qonunning 10-moddasiga muvofiq muhofaza qilinayotgan nav yoki zotdan aniq-ravshan farq qilmaydigan boʻlsa;
agar bu material muhofaza qilinayotgan nav yoki zotdan bir necha marta foydalanishni talab qilayotgan boʻlsa, patent egasining ruxsatini olish zarur.
Agar nav yoki zot:
dastlabki nav yoki zotning eng muhim belgilarini oʻzida saqlab qolgan boʻlsa va bu nav yoki zot ham oʻz navbatida oʻzidan oldingi dastlabki nav yoki zot genotipi yoxud genotiplar kombinatsiyasini aks ettiradigan asosiy belgilarni saqlagan holda ularning eng muhim belgilarini oʻzida saqlab qolgan boʻlsa;
tabiiy yoki hosil qilingan mutantni saralab olish, dastlabki nav oʻsimliklari yoki zot hayvonlaridan ayrim mutantni saralab olish, bekkross, nav yoki zotni gen injeneriyasi usullari bilan oʻzgartirish kabi turli usullarni qoʻllash tufayli yuz bergan farqlarni istisno etganda, dastlabki nav yoki zotdan aniq-ravshan ajralib tursa va oldingi nav yoki zotning genotipi yoxud genotiplar kombinatsiyasiga mos kelsa, oʻzida boshqa (dastlabki) nav yoki zotning belgilarini asosan saqlab qolgan nav yoki zot deb eʼtirof etiladi.
Bir nechta patent egaciga tegishli patent bilan muhofaza qilingan seleksiya yutugʻidan foydalanishdagi oʻzaro munosabatlar ular oʻrtasidagi kelishuvga muvofiq belgilanadi. Bunday kelishuv boʻlmasa, har bir patent egasi muhofaza qilinayotgan seleksiya yutugʻidan oʻz xohishi boʻyicha foydalanishi mumkin, biroq muhofaza qilinayotgan seleksiya yutugʻiga boshqa patent egalarining roziligisiz mutlaq litsenziya berishga yoki patentdan boshqa shaxsning foydasiga voz kechishga haqli emas.
31-modda. Patent egasining huquqlaridan istisnolar
Muhofaza qilinayotgan seleksiya yutugʻidan:
shaxsiy va notijorat maqsadlarida foydalanish;
sinov-tajriba maqsadlarida foydalanish;
boshqa navlar yoki zotlar yaratish uchun dastlabki nav yoki zot sifatida foydalanish;
korxona, xoʻjalik patent egasidan olgan navli urugʻlik va nasl materialidan ikki yil davomida takror yetishtirish uchun ana shu korxona, xoʻjalik hududida foydalanish patent egasining huquqlarini buzish deb eʼtirof etilmaydi.
32-modda. Patent egasi huquqlarining tugashi
Muhofaza qilinayotgan nav yoki zotga doir har qanday material Oʻzbekiston Respublikasi hududida patent egasining oʻzi tomonidan yoki uning roziligi bilan sotish yoxud boshqa usullarda oʻtkazish orqali yoxud qayta ishlash va isteʼmol maqsadlarida tegishli botanik yoki zoologik turdagi nav yoki zot muhofaza qilinmaydigan mamlakatga olib chiqish orqali fuqarolik muomalasiga kiritilganidan keyin muhofaza qilinayotgan nav yoki zotning har qanday materialiga doir xatti-harakatlarga nisbatan patent egasining huquqi amal qilmaydi.
Agar navni yoki zotni sotish va boshqa usullarda oʻtkazish ushbu nav yoki zotni keyinchalik koʻpaytirishga qaratilgan boʻlsa yoxud tegishli oila turkumi yoki turdagi nav yoxud zot muhofaza qilinmaydigan mamlakatlarga koʻpaytirish maqsadida navning oʻsimlik materialini yoki zotning nasl materialini olib chiqib ketish bilan bogʻliq boʻlsa, ushbu modda birinchi qismining shartlari bu nav yoki zotlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
33-modda. Patent egasi huquqining buzilishi
Ruxsat olmagan holda:
seleksiya yutugʻini yetishtirish va takror yetishtirish (koʻpaytirish);
seleksiya yutugʻini nav yoki nasllik konditsiyalariga yetkazish;
muhofaza qilinayotgan seleksiya yutugʻidan foydalangan holda yaratilgan mahsulotni sotishga taklif qilish, sotish va boshqacha tarzda fuqarolik muomalasiga kiritish;
saqlash, olib kirish, olib chiqish;
maʼlumotlar Apellyatsiya kengashiga yoki talabnoma beruvchi yoxud patent egasining huquqlarini himoya qilishga qaratilgan rasmiy taomillarni amalga oshirayotgan shaxsga oshkor etilishini istisno qilgan holda, seleksiya yutugʻiga oid tijorat siri hisoblangan maʼlumotlarni oshkor qilish patent egasi huquqlarining buzilishi deb eʼtirof etiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
V. Patent amal qilishining tugatilishi
34-modda. Patentni haqiqiy emas deb eʼtirof etish
Patent oʻzining butun amal qilish muddati davomida, agar:
seleksiya yutugʻi patent berish sanasida yangilik yoki farqlanish mezonlariga mos kelmagan boʻlsa;
patent talabnoma beruvchi taqdim etgan seleksiya yutugʻining turdoshlik va barqarorlik mezonlariga mosligi toʻgʻrisidagi tasdiqlanmagan maʼlumotlarga asosan berilgan boʻlsa, patentga nisbatan eʼtiroz bildirilishi va u haqiqiy emas deb eʼtirof etilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
Har qanday shaxs Apellyatsiya kengashiga patentni ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan asoslar boʻyicha haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisida apellyatsiya berishi mumkin.
Apellyatsiya kengashi apellyatsiya nusxasini patent egasiga joʻnatadi, patent egasi uch oylik muddat ichida dalil-asosli javob qaytarishi lozim.
Apellyatsiya kengashi, agar seleksiya yutugʻini qoʻshimcha ravishda sinovdan oʻtkazish zarurati yuzaga kelmasa, apellyatsiya boʻyicha olti oy ichida qaror qabul qiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Apellyatsiya kengashining qarori ustidan qaror qabul qilingan sanadan eʼtiboran olti oy ichida sudga shikoyat qilinishi mumkin.
35-modda. Patentning amal qilishini muddatidan ilgari tugatish
Patentning amal qilishi:
patentni oʻz kuchida saqlab turganlik uchun patent bojlari belgilangan muddatda toʻlanmasa;
patent egasi Patent idorasiga patentdan voz kechish toʻgʻrisida ariza topshirsa, muddatidan ilgari tugatiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Patentning amal qilishi muddatidan ilgari tugatilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumot Patent idorasining rasmiy axborotnomasida eʼlon qilinadi.
Keyingi tahrirga qarang.
36-modda. Patentni bekor qilish
Quyidagi hollarda:
seleksiya yutugʻi bundan buyon turdoshlik va barqarorlik mezonlariga muvofiq kelmay qolsa;
patent egasi ixtisoslashgan tashkilotlar yoki Patent idorasining soʻroviga binoan oʻn ikki oy ichida urugʻliklarni, koʻchat, nasl materiallarini, hujjatlar va axborotni seleksiya yutugʻi oʻz kuchini saqlab qolganligini tekshirish uchun taqdim etmagan yoki shu maqsadlarda seleksiya yutugʻi joyning oʻzida tekshirib koʻrilishi uchun imkoniyat yaratib bermagan boʻlsa;
Keyingi tahrirga qarang.
seleksiya yutugʻining nomi bekor qilinayotgan, patent egasi esa boshqa munosib nomni taklif etmagan boʻlsa, patent bekor qilinadi.
Patentning bekor qilinganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Patent idorasining rasmiy axborotnomasida eʼlon qilinadi.
Keyingi tahrirga qarang.
37-modda. Patentdan voz kechish
Patent egasi yozma ariza berib, patentdan voz kechish huquqiga ega.
Bir nechta patent egalaridan birining patentdan voz kechishi patentning amal qilishi tugatilishiga olib kelmaydi.
Patentdan voz kechish Patent idorasi patent egasidan yozma ariza olgan sanadan eʼtiboran amal qila boshlaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
Patent egasi patentdan voz kechish niyati toʻgʻrisida muallifni xabardor qilishi shart. Bunday holda muallif patentga egalik qilishda ustuvor huquqqa ega boʻladi.
Agar patent litsenziya shartnomasining obyekti boʻlsa va basharti shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, patentdan faqat litsenziya egasining roziligi bilan voz kechish mumkin boʻladi.
VI. Yakunlovchi qoidalar
38-modda. Seleksiya yutugʻiga boʻlgan huquqlarni boshqa shaxsga oʻtkazish
Patent olish huquqi, patent berish haqidagi talabnoma Patent idorasida roʻyxatga olinganligi natijasida kelib chiqadigan huquqlar, shuningdek patentdan kelib chiqadigan huquqlar har qanday yuridik yoki jismoniy shaxsga oʻtkazilishi mumkin.
Huquqlarni boshqa shaxsga oʻtkazish huquqlardan boshqa shaxs foydasiga voz kechish toʻgʻrisidagi shartnoma yoki litsenziya shartnomasi asosida, shuningdek qonun hujjatlariga muvofiq meros boʻlib oʻtishi orqali amalga oshirilishi mumkin.
Seleksiya yutugʻidan boshqa shaxs foydasiga voz kechish toʻgʻrisidagi shartnoma, shuningdek litsenziya shartnomasi Patent idorasida roʻyxatdan oʻtkazilishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
39-modda. Seleksiya yutugʻidan foydalanish huquqini boshqa shaxsga berish
Patent berilgan nav yoki zot litsenziya shartnomasining predmeti boʻlishi mumkin.
Patent egasi boʻlmagan har qanday yuridik yoki jismoniy shaxs patent bilan muhofaza qilinayotgan seleksiya yutugʻidan patent egasining ruxsati bilangina litsenziya shartnomasi asosida foydalanishga haqlidir.
Patent egasi seleksiya yutugʻidan foydalanish huquqini har qanday shaxsga berish (ochiq litsenziya) toʻgʻrisida Patent idorasiga ariza topshirishi mumkin. Bu holda patentni oʻz kuchida saqlab turganlik uchun undiriladigan patent boji ellik foizga kamaytiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Patent egasining ochiq litsenziyaga boʻlgan huquqni boshqa shaxsga berish toʻgʻrisidagi arizasi chaqirib olinmaydi.
Ochiq litsenziya olish istagini bildirgan shaxs patent egasi bilan litsenziya shartnomasini tuzishi shart.
Patent egasi mutlaq litsenziya yoki nomutlaq (oddiy) litsenziya bergan holda seleksiya yutugʻidan foydalanish huquqini boshqa shaxsga oʻtkazishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
Mutlaq litsenziya berilganida litsenziat seleksiya yutugʻidan litsenziya shartnomasida koʻrsatilgan doirada foydalanish uchun mutlaq huquq oladi, seleksiya yutugʻidan foydalanish huquqining litsenziatga berilmaydigan qismi litsenziarda saqlanib qoladi.
Nomutlaq (oddiy) litsenziya berilganida litsenziar seleksiya yutugʻidan foydalanish huquqini litsenziatga berib, patentdan kelib chiqadigan barcha huquqlarni, shu jumladan boshqa shaxslarga litsenziya berish huquqini ham oʻzida saqlab qoladi.
Keyingi tahrirga qarang.
40-modda. Majburiy litsenziya
Agar patent egasi patent berilgan sanadan eʼtiboran uch yil mobaynida seleksiya yutugʻidan Oʻzbekiston Respublikasida foydalanmasa hamda litsenziya shartnomasi tuzishni rad etsa va, agar mazkur seleksiya yutugʻidan foydalanmaslik jamiyat manfaatlariga daxl etadigan boʻlsa, bu seleksiya yutugʻidan foydalanish istagidagi shaxs oʻziga majburiy litsenziya berishni soʻrab ariza bilan sudga murojaat qilishi mumkin.
Majburiy litsenziya nomutlaq (oddiy) litsenziya tariqasida beriladi va uning egasiga patent egasidan dastlabki urugʻlik, koʻchat yoki nasl materialini olish huquqini beradi.
Keyingi tahrirga qarang.
Majburiy litsenziya faqat seleksiya yutugʻidan ijozat etiladigan uslubda va litsenziyaga muvofiq foydalanilishini taʼminlay oladigan shaxsga beriladi.
Majburiy litsenziya patent egasining muhofaza qilinayotgan seleksiya yutugʻidan foydalanishiga yoki seleksiya yutugʻidan foydalanish uchun boshqa shaxsga litsenziyani berishiga toʻsqinlik qilmaydi.
41-modda. Seleksiya yutugʻidan foydalanish
Agar yetishtirilgan, takror yetishtirilgan, nav yoki nasllik konditsiyasiga yoki keyinchalik koʻpaytirish darajasiga yetkazilgan urugʻlik, koʻchat yoki nasl materiali oʻzining morfologik, fiziologik va boshqa belgilari boʻyicha muhofaza qilinayotgan seleksiya yutugʻining rasmiy tavsifida aks ettirilgan maʼlumotlarga mos kelsa, seleksiya yutugʻidan foydalanilgan deb hisoblanadi.
42-modda. Seleksiya yutuqlarini boshqa davlatlarda patentlash
Oʻzbekiston Respublikasining yuridik va jismoniy shaxslari seleksiya yutuqlarini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda boshqa davlatlarda patentlash huquqiga ega.
Keyingi tahrirga qarang.
43-modda. Chet ellik yuridik va jismoniy shaxslarning huquqlari
Chet ellik yuridik va jismoniy shaxslar ushbu Qonunda nazarda tutilgan huquqlardan Oʻzbekiston Respublikasining yuridik va jismoniy shaxslari bilan teng ravishda yoki kelishuv prinsipi asosida foydalanadilar.
44-modda. Nizolarni hal qilish
Seleksiya yutuqlarini yaratish, huquqiy muhofaza qilish va ulardan foydalanish sohasidagi nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal qilinadi.
Keyingi tahrirga qarang.
45-modda. Seleksiya yutuqlari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik
Seleksiya yutuqlari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
Keyingi tahrirga qarang.
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2002-y., 9-son, 156-modda; Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 52-son, 555-modda; 2017-y., 37-son, 978-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 24.07.2018-y., 03/18/486/1559-son; 09.01.2019-y., 03/19/512/2435-son; 13.11.2019-y., 03/19/583/4016-son; 07.01.2020-y., 03/20/600/0023-son, 05.10.2020-y., 03/20/640/1348-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son; 16.01.2024-y., 03/24/896/0037-son; 11.09.2024-y., 03/24/959/0698-son; 09.08.2025-y., 03/25/1080/0710-son)