toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining
Qarori
Sudlar tomonidan fuqarolik ishlarini apellyatsiya, kassatsiya tartibida koʻrishning ayrim masalalari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilganligi munosabati bilan, shuningdek, qonun normalarini bir xilda va toʻgʻri qoʻllanilishini taʼminlash maqsadida, “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonunning 22-moddasiga asoslanib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi qaror qiladi:
1. Sudlarning eʼtibori shunga qaratilsinki, fuqarolik ishini apellyatsiya, kassatsiya tartibida qayta koʻrib chiqish sud protsessi ishtirokchilarining sud hujjati ustidan shikoyat berishga boʻlgan huquqini kafolatlovchi huquqiy institutning muhim qismi hisoblanadi.
2. Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksi (bundan buyon matnda FPK deb yuritiladi) 383, 403-moddalariga muvofiq, apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudida ish yuritish:
a) daʼvo tartibida yuritiladigan ishlar boʻyicha:
daʼvogar, javobgar, uchinchi shaxsning shikoyati boʻyicha;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil shikoyati boʻyicha, bundan tadbirkorlik faoliyati bilan bogʻliq boʻlmagan nizolar mustasno;
Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi va uning hududiy boshqarmalarining palata aʼzolari manfaatida bergan shikoyati boʻyicha;
b) buyruq tartibida yuritilgan ishlar boʻyicha (sud buyrugʻi bundan mustasno):
arizachi (undiruvchi), qarzdorning shikoyati boʻyicha;
v) alohida tartibda yuritiladigan ishlar boʻyicha:
arizachi, manfaatdor shaxsning shikoyati boʻyicha;
g) hakamlik sudining hal qiluv qarori bilan bogʻliq boʻlgan ishlar boʻyicha:
hakamlik muhokamasi taraflarining shikoyati boʻyicha qoʻzgʻatiladi.
Apellyatsiya, kassatsiya tartibida ish yuritish, shuningdek, ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan, ammo huquq va majburiyatlari haqidagi masala sud tomonidan hal etilgan shaxsning shikoyati boʻyicha ham qoʻzgʻatilishi mumkin. Ushbu shaxs sud hujjatida koʻrsatilmagan hollarda ham uning ustidan shikoyat qilish huquqidan foydalanadi.
Sud hujjati ustidan apellyatsiya, kassatsiya tartibida shikoyat qilish huquqiga, shuningdek, taraflar, uchinchi shaxslar hamda ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan, ammo huquq va majburiyatlari haqidagi masala sud tomonidan hal etilgan shaxsning huquqiy vorislari ham ega. Bunday holda shikoyatga huquq oʻtganligi faktini tasdiqlovchi hujjat ilova qilinishi lozim.
Sud hujjati ustidan apellyatsiya, kassatsiya tartibida shikoyat qilish huquqiga ega boʻlgan shaxsning qonuniy vakili (ota-ona, farzandlikka olganlar, vasiy, homiy va h.k.) oʻz vakilligini tasdiqlovchi hujjat taqdim qilishi talab qilinadi (FPK 66-moddasi).
Ishda qatnashayotgan shaxs vakili, shu jumladan, advokat, sud hujjati ustidan apellyatsiya, kassatsiya tartibida shikoyat qilishga bunday huquq vakolat beruvchi tomonidan berilgan ishonchnomada maxsus koʻrsatilgan holdagina haqli (FPK 69-moddasining ikkinchi qismi).
Oldingi tahrirga qarang.
Prokuror, yuqori turuvchi prokuror va ularning oʻrinbosarlari prokurorning ishtirokida koʻrilgan ish boʻyicha hamda qonunda prokurorning ishtirok etishi nazarda tutilgan boʻlib, biroq u sud muhokamasining vaqti va joyi toʻgʻrisida tegishli tarzda xabardor qilinmasdan koʻrilgan ishlar boʻyicha sud hujjati ustidan apellyatsiya, kassatsiya protesti keltirishga haqli. Shuningdek, prokuror FPK 383-moddasining birinchi qismi, 403-moddasining birinchi qismida koʻrsatilgan shaxslarning murojaati mavjud boʻlganda, apellyatsiya, kassatsiya protesti keltirishi mumkin.
(2-bandining oʻn oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
3. Sudlarga tushuntirilsinki, FPK 52-moddasining birinchi qismiga muvofiq, davlat boshqaruvi organlari, tashkilotlar va ayrim fuqarolar (masalan, Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashlari va sh.k.) faqat daʼvo ariza (ariza) ular tomonidan berilgan holdagina sud hujjati ustidan apellyatsiya, kassatsiya tartibida shikoyat berishi mumkin, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil hamda Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi va uning hududiy boshqarmalari bundan mustasno.
(3-bandining birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qarori tahririda)
Ular tomonidan bunday shikoyat berilgan hollarda, uni qabul qilish FPK 3891-moddasi birinchi qismining 1-bandi, 4074-moddasi birinchi qismining 1-bandiga asosan rad etiladi.
4. Sudlarga tushuntirilsinki, qonunda apellyatsiya, kassatsiya tartibida ish yuritish predmeti boʻyicha muayyan istisnolar belgilangan. Jumladan, quyidagilar ustidan apellyatsiya, kassatsiya shikoyati (protesti) berilmaydi:
1) sud buyrugʻi;
2) qonunda shikoyat qilinishi nazarda tutilmagan yoki ishning keyingi harakatlanishiga toʻsqinlik qilmaydigan birinchi instansiya sudi ajrimlari (masalan, nikohdan ajratish haqidagi ishlar boʻyicha er-xotinga yarashish uchun muddat tayinlanishi munosabati bilan ish muhokamasini keyinga qoldirish haqidagi ajrim). Biroq bunday ajrimlarga qarshi eʼtirozlar apellyatsiya, kassatsiya shikoyatiga (protestiga) kiritilishi mumkin.
Bunday sud hujjati ustidan shikoyat (protest) berilgan boʻlsa, shikoyatni (protestni) qabul qilish FPK 3891-moddasi birinchi qismining 2-bandi, 4074-moddasi birinchi qismining 2-bandiga asosan rad etiladi.
5. FPK 385, 405-moddalariga koʻra, apellyatsiya, kassatsiya shikoyati (protesti) apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudining nomiga yoʻllanadi, lekin sud hujjatini qabul qilgan sudga beriladi.
Sud hujjatini qabul qilgan sud apellyatsiya, kassatsiya shikoyatini (protestini) u kelib tushgan kundan eʼtiboran besh kunlik muddatda apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudiga ish bilan birga yuborishi shart.
Har bir shikoyat (protest) kelib tushgan sanasi koʻrsatilgan holda roʻyxatga olinishi lozim.
Sudlarga tushuntirilsinki, agar shikoyat (protest) sud hujjatini qabul qilgan sudni chetlab oʻtgan holda yuborilgan boʻlsa, shikoyat (protest) apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudi tomonidan qaytariladi (FPK 389-moddasi birinchi qismining 4-bandi, 4073-moddasi birinchi qismining 4-bandi). Shikoyat (protest) qayd etilgan asos bilan qaytarilganda, sud ajrimida shikoyat (protest) sud hujjatini qabul qilgan sud orqali berilishi lozimligi koʻrsatilishi kerak.
Sud hujjatini qabul qilgan sud berilgan shikoyatni (protestni) protsessual qonunning biror-bir talablariga mos emasligi asosi bilan qaytarishga yoki qabul qilishni rad qilishga haqli emas.
6. Qonunga muvofiq birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori ustidan apellyatsiya shikoyati (protesti) hal qiluv qarori qabul qilingan kundan eʼtiboran bir oy ichida, kassatsiya shikoyati (protesti) esa, sud hujjati qonuniy kuchga kirgan kundan eʼtiboran olti oy ichida berilishi mumkin.
Shuni inobatga olish lozimki, sudning soddalashtirilgan ish yuritish tartibida koʻrib chiqilgan ish boʻyicha hal qiluv qarori ustidan apellyatsiya shikoyati (protesti) u qabul qilinganidan keyin oʻn kun ichida beriladi.
7. Apellyatsiya, kassatsiya shikoyati (protesti) berish muddati oʻtishining boshlanishi, tegishlicha, sud hujjati qabul qilingan yoki qonuniy kuchga kirgan kundan hisoblanadi.
FPK 262-moddasining uchinchi va toʻrtinchi qismlari mazmuniga koʻra, qoʻshimcha hal qiluv qarori ustidan apellyatsiya, kassatsiya shikoyati (protesti) berish muddati ham asosiy hal qiluv qarori qabul qilingan kundan hisoblanadi.
8. Apellyatsiya, kassatsiya shikoyati (protesti) berish muddatini tiklash toʻgʻrisidagi iltimosnoma apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudining sudyasi tomonidan FPK 3851, 4051-moddalari qoidalari boʻyicha yakka tartibda hal qilinadi. Shikoyat qilish (protest berish) muddatini oʻtkazib yuborilganligining uzrli sabablari deb sudga bunday shikoyat (protest) bilan oʻz vaqtida murojaat qilishga toʻsqinlik qilgan obyektiv holatlar (masalan, favqulodda holatlar, suv toshqinlari, pandemiya, karantin, ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan, ammo huquq va majburiyatlari haqida sud qaror qabul qilgan shaxsning sud hujjatidan bexabarligi va boshqalar) tan olinishi mumkin.
Jismoniy shaxsning kasalligi, uning oilaviy sharoiti (oila aʼzosining oʻlimi yoki ogʻir kasalligi), shuningdek, boshqa holatlar, agar ular qonunda belgilangan muddatda shikoyat berishni istisno etgan yoxud jiddiy ravishda qiyinlashtirgan boʻlsa, uzrli sabablar deb topilishi mumkin.
Shikoyat (protest) berishning oʻtkazib yuborilgan muddati tiklanishi rad etilganligi sababli (FPK 3891-moddasi birinchi qismining 4-bandi, 4074-moddasi birinchi qismining 4-bandi) uni qabul qilishni rad etish haqidagi ajrimda oʻtkazib yuborilgan muddatni tiklash qaysi asoslarga koʻra rad etilganligi, ajrimning xulosa qismida esa, oʻtkazib yuborilgan muddatni tiklash rad etilganligi koʻrsatilishi lozim.
9. Sudlarga tushuntirilsinki, oʻtkazib yuborilgan muddat, agar iltimosnoma hal qiluv qarori qabul qilingan kundan eʼtiboran uch oydan kechiktirmay berilgan va muddatni oʻtkazib yuborish sabablari uzrli deb topilgan boʻlsa, apellyatsiya, kassatsiya shikoyati (protesti) berayotgan shaxsning iltimosnomasiga koʻra apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudining sudyasi tomonidan tiklanishi mumkin.
Apellyatsiya, kassatsiya shikoyatini (protestini) berishning oʻtkazib yuborilgan muddatini tiklash toʻgʻrisida iltimosnoma mavjud boʻlmagan taqdirda, bunday shikoyat (protest) FPK 389-moddasi birinchi qismining 5-bandi, 4073-moddasi birinchi qismining 5-bandiga asosan qaytariladi.
10. Apellyatsiya, kassatsiya shikoyatini (protestini) qaytarish toʻgʻrisidagi, ish yuritishga qabul qilishni rad etish toʻgʻrisidagi ajrimda shikoyatni (protestni) qaytarish, qabul qilishni rad etish asoslari bilan birga shikoyatni berishda toʻlangan davlat bojini qaytarish haqidagi masala ham hal etilishi lozim. Bunda pochta xarajatini qaytarish qonunda nazarda tutilmaganligi bois, shikoyat berishda toʻlangan pochta xarajati qaytarilmasligi tushuntirilsin.
Apellyatsiya, kassatsiya shikoyatini (protestini) qaytarish, ish yuritishga qabul qilishni rad etish toʻgʻrisidagi ajrim ustidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlarining fuqarolik ishlari boʻyicha sudlov hayʼati, Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudiga qonunda belgilangan muddatda taftish shikoyati (protesti) berilishi mumkin (FPK 389-moddasining uchinchi qismi, 3891-moddasining uchinchi qismi, 4073-moddasining uchinchi qismi, 4074-moddasining uchinchi qismi, 4196-moddasining beshinchi qismi).
Apellyatsiya, kassatsiya shikoyatini (protestini) qaytarish, shikoyatni (protestni) ish yuritishga qabul qilishni rad etish toʻgʻrisidagi ajrim bekor qilingan taqdirda, shikoyat (protest) dastlab sudga murojaat qilingan kunda berilgan hisoblanadi.
11. Sudlar shuni nazarda tutishi lozimki, apellyatsiya, kassatsiya shikoyati (protesti) berish muddati uzrli deb topilgan sabablarga asosan FPK 3851 va 4051-moddalariga muvofiq tiklanganda, ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslar tomonidan oʻtkazib yuborilgan muddatni, oʻtkazib yuborilishi sabablaridan qatʼi nazar, tiklash toʻgʻrisidagi masalani qoʻshimcha ravishda koʻrib chiqish talab etilmaydi. Bu shaxslarning apellyatsiya, kassatsiya shikoyati (protesti) tegishincha, FPK 386, 387, 406, 407-moddalari talablariga rioya etgan holda apellyatsiya, kassatsiya muhokamasi tugaguniga qadar apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudiga berilishi va umumiy asoslarda koʻrib chiqilishi lozim.
12. FPK 386, 387 va 406, 407-moddalarida apellyatsiya, kassatsiya shikoyatining (protestining) mazmuni, shuningdek, unga ilova qilinishi lozim boʻlgan hujjatlar yuzasidan muayyan talablar belgilanganligi sababli, apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudining sudyasi shikoyat (protest) bergan shaxs ushbu talablarga rioya etganligini tekshirishi shart.
Ushbu moddalarning talablariga javob bermaydigan apellyatsiya, kassatsiya shikoyati (protesti) FPK 389 va 4073-moddalari asosida qaytarilishi lozim.
13. Apellyatsiya, kassatsiya shikoyati bergan shaxs tomonidan davlat boji toʻlashning qonun bilan belgilangan tartibi va miqdoriga oid talablarga rioya qilinganligi haqidagi masalani hal qilishda apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudining sudyasi Oʻzbekiston Respublikasi “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonuni 5-moddasining 1-bandi, 8-moddasining va ushbu Qonunning ilovasi boʻlgan “Davlat boji stavkalarining miqdorlari”ga amal qilishi lozim.
Davlat boji toʻlashni kechiktirish, boʻlib-boʻlib toʻlash va uning miqdorini kamaytirish haqidagi iltimosnoma sudya tomonidan apellyatsiya, kassatsiya shikoyatini ish yuritishga qabul qilishda hal qilinishi lozim.
14. Sudlarning eʼtibori shunga qaratilsinki, apellyatsiya, kassatsiya shikoyatini (protestini) qaytarish, qabul qilishni rad etish yoki ish yuritishga qabul qilish masalasi FPK 388, 4072-moddalarida belgilangan shikoyat (protest) ish bilan birga sudga kelib tushgan kundan eʼtiboran besh kunlik muddatdan kechiktirmay apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudining sudyasi tomonidan yakka tartibda hal qilinadi.
Ish apellyatsiya, kassatsiya tartibida koʻrilayotganda boshqa shaxsdan shikoyat (protest) kelib tushgan taqdirda uni ish yuritishga qabul qilish, qaytarish yoki qabul qilishni rad etish masalasi sudlov hayʼati tarkibi tomonidan hal qilinadi.
Apellyatsiya, kassatsiya shikoyatini (protestini) qaytarish yoki qabul qilishni rad etish toʻgʻrisida ajrim chiqarilganda, ajrimning koʻchirma nusxasi shikoyat (protest) va ilova qilingan hujjatlar bilan birga shikoyatni (protestni) bergan shaxsga yuboriladi. Ajrim va shikoyatning (protestning) koʻchirma nusxasi fuqarolik ishiga qoʻshib qoʻyiladi.
15. Sudlarning eʼtibori shunga qaratilsinki, FPK 389-moddasining birinchi qismi, 4073-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan apellyatsiya, kassatsiya shikoyatini (protestini) qaytarish asoslarining roʻyxati tugal hisoblanadi va kengaytirilgan tarzda talqin qilinmaydi.
Sudlar shuni inobatga olishi lozimki, agar shikoyatni (protestni) qaytarish uchun bir nechta asoslar mavjud boʻlsa, sud ajrimida ushbu asoslarning har birini koʻrsatib oʻtishi va ular bartaraf etilgach, shikoyatni (protestni) bergan shaxs apellyatsiya, kassatsiya shikoyati (protesti) bilan sudga umumiy tartibda yangidan murojaat qilishga haqli ekanligini koʻrsatishi kerak.
Apellyatsiya, kassatsiya shikoyatini (protestini) qaytarish toʻgʻrisidagi ajrimda koʻrsatilgan ayni bir xil kamchilik bilan takroran shikoyat (protest) bilan murojaat qilinganda, ayni bir asoslar bilan shikoyatni (protestni) qaytarish toʻgʻrisida ajrim chiqarilmasdan, shikoyat (protest) bergan shaxsga ajrimda koʻrsatilgan kamchiliklarni bartaraf etish choralarini koʻrish haqida yozma tushuntirish berilishi hamda shikoyat (protest) va unga ilova qilingan hujjatlar qaytarilishi lozim.
16. Sudlarga tushuntirilsinki, agar shikoyatda uni imzolagan shaxsning familiyasi toʻliq va ismi, otasi ismining faqat bosh harflari koʻrsatilgan boʻlsa, bu holat shikoyatni FPK 389-moddasi birinchi qismining 1-bandi, 4073-moddasi birinchi qismining 1-bandiga asosan qaytarish, agar shikoyat ish yuritishga qabul qilingan boʻlsa, uni FPK 3894-moddasining birinchi qismi, 4078-moddasining birinchi qismiga asosan koʻrmasdan qoldirish uchun asos boʻlmaydi.
17. FPK 389-moddasi birinchi qismining 6-bandi, 4073-moddasi birinchi qismining 6-bandiga muvofiq apellyatsiya, kassatsiya shikoyati (protesti) uni bergan shaxs tomonidan qaytarib olinishiga (chaqirib olinishiga) sudyaning shikoyatni (protestni) ish yuritishga qabul qilish toʻgʻrisidagi ajrimi chiqarilguniga qadar yoʻl qoʻyilishini inobatga olib, shikoyat (protest) ish yuritishga qabul qilinganidan soʻng u qaytarilmaydi. Bunda shikoyat (protest) umumiy asoslarda sudlov hayʼati majlisida koʻrib chiqiladi yoki shikoyat (protest) bergan shaxsga undan voz kechish (chaqirib olish) huquqi tushuntiriladi.
18. FPKda belgilangan shakl va mazmun talablariga rioya etilgan holda berilgan shikoyat (protest) apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudining ish yurituviga qabul qilinadi. Apellyatsiya, kassatsiya shikoyatini (protestini) ish yuritishga qabul qilish toʻgʻrisidagi ajrimda uni koʻrib chiqish boʻyicha sud majlisini oʻtkazish vaqti va joyi koʻrsatiladi hamda bu toʻgʻrisida shikoyat (protest) bergan shaxs, shuningdek, ishda ishtirok etuvchi shaxslar tegishli tartibda xabardor qilinishi lozim.
19. Apellyatsiya instansiyasi sudining sudyasi hal qiluv qarorining ijrosini toʻxtatib turish haqida FPK 3893-moddasining birinchi qismiga muvofiq berilgan iltimosnomani muhokama qilishda iltimosnomada keltirilgan vajlarni oʻrganishi lozim.
Bunda apellyatsiya instansiyasi sudining sudyasi hal qiluv qarori ijroga qaratilganligini aniqlasa, bunday iltimosnomani qanoatlantiradi, bundan darhol ijro etilishi lozim boʻlgan hal qiluv qarorlari mustasno.
Kassatsiya instansiyasi sudining sudyasi FPK 4076-moddasining birinchi qismiga muvofiq berilgan iltimosnomani har qanday holatda qanoatlantiradi, bundan darhol ijro etilishi lozim boʻlgan hal qiluv qarorlari mustasno.
20. Sud hujjatining ijrosi apellyatsiya, kassatsiya instansiyasida ish yuritish tamomlanguniga qadar toʻxtatib turilishi mumkin. Bunday holda sudlar shuni inobatga olishi lozimki, shikoyatni (protestni) koʻrib chiqish natijasida hal qiluv qarori kuchida qoldirilgan boʻlsa, uning ijrosini davom ettirish (tiklash) yuzasidan alohida protsessual hujjat qabul qilinmaydi va yozma koʻrsatma yuborilganligi yetarli hisoblanadi.
Sudlar shuni inobatga olishi lozimki, hal qiluv qarorining ijrosini toʻxtatib turish masalasi sudning tashabbusi bilan hal qilinmaydi. Bu masala nafaqat shikoyat (protest) bergan shaxsning iltimosnomasiga koʻra, balki ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarning iltimosnomasi asosida ham hal qilinishi mumkin. Bunday iltimosnoma apellyatsiya, kassatsiya instansiyasida ish yuritishning har qanday bosqichida berilishi mumkin.
Shikoyat (protest) sudlov hayʼatida mazmunan koʻrilayotganda, hal qiluv qarorining ijrosini toʻxtatib turish haqida iltimosnoma kelib tushganda, ushbu masala sudlov hayʼati tarkibi tomonidan hal etiladi.
21. Sudlarning eʼtibori ishlarni apellyatsiya, kassatsiya shikoyati (protesti) boʻyicha koʻrishda FPK 395, 415-moddalarida belgilangan muddatlarga, shu jumladan, apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudi ishni birinchi instansiya sudida ish yuritish qoidalari boʻyicha koʻrishga oʻtgan holda ham rioya qilinishi lozimligiga qaratilsin.
Shikoyat (protest) boʻyicha tushgan ishni apellyatsiya, kassatsiya tartibida koʻrish muddatlari alohida hollarda qonunda belgilangan muddatlar doirasida (FPK 395, 415-moddalari) sudlov hayʼati tomonidan uzaytirilishi mumkin (masalan, bir ish yurituvida bir nechta talablarning birlashtirilishi, sud jarayoni ishtirokchilarining koʻpligi, qoʻshimcha hajmdagi dalillarni talab qilib olinishi va ularni tekshirish, ishga mutaxassislarni jalb qilish, sud topshiriqlarini yuborish zarurati va h.k.).
22. Sudning ishda ishtirok etuvchi shaxslarni shikoyat (protest) boʻyicha ishni apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudida koʻrish vaqti va joyi toʻgʻrisida xabardor qilishi majburiyligi qonunda belgilanganligi sababli, apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudi ularni bu haqda tegishli ravishda xabardor qilinganligi toʻgʻrisida maʼlumotlar boʻlgan taqdirda ham, ulardan birortasining kelmaganlik sababini uzrli deb topsa, ishni koʻrishni keyinga qoldirishga haqli.
Ishda ishtirok etuvchi shaxslarning kelmaganlik sabablari uzrsiz deb topilgan taqdirda, shuningdek, kelmaganlik sabablari haqida maʼlumotlar va bu sabablarni uzrli ekanligini tasdiqlovchi dalillar mavjud boʻlmaganda, apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudi shikoyat (protest) boʻyicha ishni ularning ishtirokisiz koʻrishga haqli.
23. FPK 47-moddasiga asosan protsessual huquqiy vorislik sud protsessining har qanday bosqichida amalga oshirilishi mumkinligini eʼtiborga olgan holda, taraflarning biri, uchinchi shaxs yoki ularning qonuniy vakili nizoli yoxud sudning hal qiluv qarori bilan aniqlangan huquqiy munosabatdan chiqib ketgan taqdirda (fuqaroning oʻlimi, yuridik shaxsning qayta tashkil qilinishi va h.k.), apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudi bunday shaxslarni ularning huquqiy vorislari bilan almashtirilishiga yoʻl qoʻyadi hamda ularga ishga doir barcha materiallar bilan tanishishga imkon beradi.
Huquqiy vorisning protsessga kirishganligi haqida apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudi ajrim chiqaradi.
24. Sudlarga tushuntirilsinki, FPK 3894, 3895, 4078, 4079-moddalarida koʻrsatilgan apellyatsiya, kassatsiya shikoyatini (protestini) koʻrmasdan qoldirish, u boʻyicha ish yuritishni tugatish asoslari shikoyatni (protestni) ish yuritishga qabul qilish toʻgʻrisida ajrim chiqarilganidan soʻng aniqlangan boʻlishini nazarda tutganligi sababli, apellyatsiya, kassatsiya shikoyatini (protestini) koʻrmasdan qoldirish, u boʻyicha ish yuritishni tugatish masalasi sudlov hayʼati tarkibi tomonidan hal etiladi.
25. FPK 393, 413-moddalarining talablariga koʻra, apellyatsiya, kassatsiya shikoyati bergan shaxs apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudi maslahatxonaga kirguniga qadar shikoyatni toʻldirishga, oʻzgartirishga yoki undan voz kechishga, protest keltirgan prokuror, shuningdek yuqori turuvchi prokuror protestni toʻldirishga, oʻzgartirishga yoki qaytarib olishga haqli.
Shikoyatdan voz kechilganda (protest qaytarib olinganda) sud apellyatsiya, kassatsiya tartibida ish yuritishni tugatish haqida ajrim chiqaradi.
Shikoyatdan voz kechilishi (protest qaytarib olinishi) munosabati bilan apellyatsiya, kassatsiya tartibida ish yuritishni tugatish masalasi apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudi tomonidan sud majlisida shaxsning shikoyatdan voz kechish (protestni qaytarib olish) vakolati tekshirilganidan soʻng hal qilinadi. Bunda shuni inobatga olish lozimki, FPK 69-moddasi mazmuniga koʻra, vakilning ishonchnomada koʻrsatilgan sud hujjati ustidan shikoyat berish huquqi oʻz-oʻzidan, basharti bu holat ishonchnomada maxsus koʻrsatilgan boʻlmasa, shikoyatdan voz kechish huquqini bermaydi.
Sud hujjatiga nisbatan boshqa shaxslar tomonidan shikoyat (protest) berilganligi bu shaxslarning shikoyatdan voz kechishini (protestni qaytarib olishini) qabul qilmaslikka asos boʻlmaydi. Bunday holda voz kechilgan shikoyat (qaytarib olingan protest) qismi boʻyicha ish yuritish tugatilib, boshqa shaxsning shikoyati (protesti) umumiy asoslarda koʻrib chiqiladi.
Davlat boji toʻlashni kechiktirib yoki boʻlib-boʻlib toʻlash belgilangan holda ish yuritishga qabul qilingan shikoyatdan voz kechilganda apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudi shikoyat boʻyicha ish yuritishni tugatish haqidagi ajrimda davlat bojini taraflar oʻrtasida taqsimlash masalasini hal qiladi (FPK 3895-moddasining ikkinchi qismi, 4079-moddasining ikkinchi qismi).
Apellyatsiya shikoyatidan voz kechilganligi (protest qaytarib olinganligi) munosabati bilan apellyatsiya tartibida ish yuritish tugatilganda, sud hujjati qonuniy kuchga kiradi.
26. FPK 166-moddasiga koʻra, sud taraflarni yarashtirish choralarini koʻradi, ularga fuqarolik sud ishlarini yuritishning barcha bosqichlarida nizoni hal etishga koʻmaklashadi. Apellyatsiya, kassatsiya shikoyati (protesti) berilgandan keyin daʼvogarning arz qilingan talablaridan voz kechishi, javobgarning daʼvogar talablarini tan olishi, taraflarning kelishuv bitimi yozma shaklda yoxud elektron hujjat tarzida taqdim etilishi kerak. Bunda taraflarning tasdiqlash uchun taqdim etilayotgan kelishuv bitimi FPK 166, 167-moddalari talablariga javob berishi lozim.
Agar daʼvogarning arz qilingan talablaridan voz kechishi, javobgar tomonidan arz qilingan talablar tan olinishi yoxud taraflarning kelishuv bitimiga erishishi ish apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudida muhokama qilinayotganda amalga oshirilsa, bu haqda sud majlisi bayonnomasiga yozib qoʻyiladi.
Apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudi daʼvogarning daʼvodan voz kechishini qabul qilishdan yoki kelishuv bitimini tasdiqlashdan oldin daʼvogarga (taraflarga) ish yuritishni tugatishning FPK 126-moddasida nazarda tutilgan huquqiy oqibatlarini tushuntirishi shart.
Apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudi daʼvogarning daʼvo talablaridan voz kechishini qabul qilishda, taraflarning kelishuv bitimini tasdiqlashda hal qiluv qarorining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligi masalasini muhokama qilishga kirishmasdan, uni bekor qiladi va ish boʻyicha ish yuritishni tugatadi. Bunday holda sud, shikoyatni (protestni) qanoatlantirish yoki qanoatlantirmaslik masalasini hal qilmaydi.
Agar daʼvogarning arz qilingan talablaridan voz kechishi, javobgarning arz qilingan talablarni tan olishi yoki taraflarning kelishuv bitimi qonunga zid boʻlsa yoxud boshqa shaxslarning huquqlari va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlariga xilof boʻlsa, sud bunday voz kechishni, talablarni tan olishni qabul qilmaydi yoxud tuzilgan kelishuv bitimini tasdiqlashni rad etadi va ishni apellyatsiya, kassatsiya tartibida mazmunan koʻrib chiqadi.
27. FPK 3722-moddasi birinchi qismining 4-bandi, 3724-moddasi ikkinchi qismining 2 va 4-bandlarida nazarda tutilgan asoslar aniqlanganda, apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudi ishni birinchi instansiya sudida ish yuritish qoidalari boʻyicha koʻrishga oʻtadi va bu haqida asoslantirilgan ajrim chiqaradi.
Ishni birinchi instansiya sudida ish yuritish qoidalari boʻyicha koʻrishga oʻtish haqidagi ajrim bilan shikoyat (protest) berilgan sud hujjati bekor qilinmaydi va bu ajrim ishning keyingi harakatlanishiga toʻsqinlik qilmasligi sababli, uning ustidan shikoyat (protest) berilmaydi.
28. Apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudi xolislik va begʻarazlikni saqlagan holda taraflarga protsessual huquq va majburiyatlarini amalga oshirishlari uchun zarur sharoit yaratib berishi shart.
Apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudida ishning koʻrilishi hayʼatda, uch nafar sudyadan iborat tarkibda FPK 397-moddasida nazarda tutilgan istisnolarni inobatga olgan holda, birinchi instansiya sudida ish yuritish qoidalari asosida amalga oshiriladi.
Ishda ishtirok etuvchi shaxslar oʻzlarining tushuntirishlarida shikoyatda (protestda) koʻrsatilmagan vajlarni keltirishga va qoʻshimcha materiallar taqdim etishga haqli.
FPK 276-moddasi talablariga muvofiq apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudining har bir sud majlisi, shuningdek, sud majlisi zalidan tashqarida amalga oshirilgan protsessual harakati haqida bayonnoma tuziladi.
29. Sudlar shuni nazarda tutishi lozimki, apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudi har qanday dalillarni, ular birinchi instansiya sudi muhokamasida boʻlganligidan yoki yangidan taqdim etilgan yoxud talab qilib olinganidan qatʼi nazar, tekshirishga haqli.
Apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudi yangi taqdim qilingan dalillarni tekshirishni rad qilishni ajrimda asoslantirishi lozim.
Apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudi ishda ishtirok etuvchi shaxslarning ekspertiza oʻtkazish, dalillarni taʼminlash va talab qilib olish, guvohlarni soʻroq qilish haqidagi va boshqa iltimosnomalarini ular birinchi instansiya sudi tomonidan rad etilganligi sababligina, rad etishga haqli emas.
Dalillar birinchi instansiya sudi uchun belgilangan tartib boʻyicha tekshiriladi.
30. Sudlarning eʼtibori birinchi instansiya sudida muhokama predmeti boʻlmagan, shu jumladan, qarshi daʼvo tariqasida keltirilgan yangi moddiy-huquqiy talablar, shuningdek, tarafning daʼvo muddatini qoʻllash haqida arz qilgan talabi apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudi tomonidan qabul qilinishi va koʻrilishi mumkin emasligiga qaratilsin.
Bu qoida apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudi ishni birinchi instansiya sudida ish yuritish qoidalari boʻyicha koʻrish chogʻida ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan yoki xabardor qilinmagan shaxslar tomonidan berilgan talablarga nisbatan qoʻllanilmaydi.
31. Apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudi tomonidan ish yuritishni toʻxtatib turish FPK 10-bobida nazarda tutilgan asoslar va tartibda amalga oshiriladi.
Ish yuritish tiklanganligi toʻgʻrisida tegishli instansiya sudi ajrim chiqaradi va ishda ishtirok etuvchi shaxslarni ish koʻriladigan kun toʻgʻrisida xabardor qiladi.
32. Apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudi shikoyat (protest) boʻyicha ishni koʻrish natijalari yuzasidan ajrim chiqaradi.
Apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudining eʼtibori shikoyat (protest)da keltirilgan har bir vajni, uning asosli yoki asossiz ekanligi haqidagi xulosani ajrimda koʻrsatgan holda muhokama qilish zarurligiga qaratilsin.
Shuni inobatga olish lozimki, asoslantirilgan ajrim tuzilishi keyinga qoldirilgan va sud majlisida uning xulosa qismi eʼlon qilinganda, apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudida raislik qiluvchi ishda ishtirok etuvchi shaxslar asoslantirilgan ajrim bilan qachon tanishishlari mumkinligini tushuntirishi shart.
Apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudi ajrimining xulosa qismida FPK 399, 419-moddalarida belgilangan vakolatlar doirasida ishni shikoyat (protest) boʻyicha koʻrish natijalari toʻgʻrisidagi xulosalar, zarur hollarda esa, sud xarajatlari taqsimlanishi koʻrsatilishi kerak.
Apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudi qabul qilingan ajrimni oʻqib eshittirganidan soʻng uning mazmun-mohiyatini sud protsessi ishtirokchilariga tushuntirishi shart.
33. Qonunga koʻra, ish apellyatsiya, kassatsiya tartibida koʻrilayotganda quyidagilar aniqlanishi lozim:
birinchi instansiya sudi ish uchun ahamiyatga ega boʻlgan holatlarni toʻliq tekshirgan-tekshirmaganligi;
sud aniqlangan deb hisoblagan, ish uchun ahamiyatga ega boʻlgan holatlar isbotlangan-isbotlanmaganligi;
sudning hal qiluv qarorida, ajrimida, qarorida bayon etilgan xulosalar ish holatlariga muvofiqligi;
barcha bildirilgan talablar boʻyicha sud hujjati qabul qilingan-qilinmaganligi;
moddiy va (yoki) protsessual huquq normalari buzilgan-buzilmaganligi, ular toʻgʻri qoʻllanilgan-qoʻllanilmaganligi;
qabul qilingan sud hujjati protsessual va moddiy qonun talablariga muvofiq-muvofiq emasligi.
Apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudi FPK 396, 416-moddalariga muvofiq birinchi instansiya sudi sud hujjatining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini toʻliq hajmda tekshiradi. Apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudi yangi dalillarni oʻrganib chiqishi va yangi faktlarni aniqlashi mumkin.
Shikoyat (protest) vajlaridan qatʼi nazar, ishda ishtirok etuvchi shaxslarning buzilgan yoki nizolashilayotgan huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida sud hujjatini toʻliq hajmda tekshirish deganda, birinchi instansiya sudi tomonidan ishning haqiqiy holatlari aniqlanganligini, moddiy va protsessual normalari toʻgʻri qoʻllanilganligini tekshirishni tushunmoq lozim.
Shikoyat (protest) vajlaridan qatʼi nazar, apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudi ishni birinchi instansiya sudida ish yuritish qoidalari boʻyicha koʻrishga oʻtish, ish boʻyicha ish yuritishni tugatish yoki arizani koʻrmasdan qoldirishga asoslar bor yoki yoʻqligini ham aniqlaydi.
Qonunga koʻra, mazmunan toʻgʻri boʻlgan sud hujjati faqat rasmiy, yaʼni ishni toʻgʻri hal qilish uchun ahamiyatli boʻlmagan asoslar (masalan, sud muzokaralarini oʻtkazish tartibi buzilganligi, davlat boji asossiz kamaytirilganligi yoki kechiktirilganligi va h.k.) boʻyicha bekor qilinishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Yoʻl qoʻyilgan kamchilik rasmiy ekanligi toʻgʻrisidagi masala apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudi tomonidan har bir muayyan holda, ishning haqiqiy holatidan kelib chiqib aniqlanadi.
34. Moddiy huquq normalarini buzish yoki notoʻgʻri qoʻllash deganda, birinchi instansiya sudi tomonidan qoʻllanilishi lozim boʻlgan qonun yoki boshqa qonunchilik hujjati qoʻllanilmaganligi yoki qoʻllanilishi lozim boʻlmagan qonun yoki boshqa qonunchilik hujjati qoʻllanilganligi, qonunning yoki boshqa qonunchilik hujjatining notoʻgʻri talqin qilinganligi tushuniladi.
Shuni nazarda tutish lozimki, protsessual huquq normalarining buzilishi yoki notoʻgʻri qoʻllanilishi faqat ishni notoʻgʻri hal etilishiga olib kelgan boʻlsagina, hal qiluv qarori, ajrim, qarorni bekor qilishga asos boʻladi.
35. Apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudlari birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini oʻzgartirish yoki bekor qilish asoslari FPK 3722-moddasida belgilanganligiga eʼtibor qaratishi lozim.
Bunda shuni inobatga olish lozimki, birinchi instansiya sudi tomonidan oʻz kuchini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarining qoʻllanilganligi ham moddiy huquq normalarining notoʻgʻri qoʻllanilishi deb baholanadi.
Shu bilan birga nazarda tutish kerakki, ayrim qonunchilik hujjatlarida huquqiy munosabatlar vujudga kelgan paytda amalda boʻlgan qonunchilik hujjatlari qoʻllanilishi nazarda tutilishi mumkin. Bunday holda sud tomonidan kuchini yoʻqotgan yoki oʻzgartirilgan qonunchilik hujjatlari qoʻllanilganligi moddiy huquq normalarini notoʻgʻri qoʻllash deb hisoblanmaydi.
36. Apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudi, agar birinchi instansiya sudi ish holatlarini har tomonlama va toʻliq aniqlab, qonuniy, asosli va adolatli sud hujjati chiqargan degan xulosaga kelsa, hal qiluv qarori, ajrim, qarorni oʻzgarishsiz, shikoyatni (protestni) esa, qanoatlantirmasdan qoldiradi.
Bunda apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudi ajrimida shikoyat (protest) vajlari notoʻgʻri va sud hujjatining bekor qilinishi yoki oʻzgartirilishiga asos boʻlmaydi, deb topilganligi sabablari koʻrsatib oʻtilishi lozim.
37. Shuni nazarda tutish lozimki, apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudi tomonidan hal qiluv qarori bekor qilinganda, ishni yangidan koʻrish uchun birinchi instansiya sudiga yuborilishiga yoʻl qoʻyilmaydi (FPK 399, 419-moddalari). Bunday holda apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudi mavjud, shuningdek, qoʻshimcha taqdim etilgan yoki talab qilib olingan materiallar (dalillar) asosida ish uchun ahamiyatga ega boʻlgan holatlarni aniqlab, oʻzi hal qiluv qarorini toʻliq yoki qisman oʻzgartirishga yoxud uni toʻliq yoki qisman bekor qilib, yangi hal qiluv qarori qabul qilishga haqli.
38. Sudning hal qiluv qarorini oʻzgartirish deganda, hal qiluv qarorining xulosa qismiga oʻzgartirishlar kiritish tushuniladi.
Yangi hal qiluv qarori deganda, apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudi tomonidan taraflarning huquq va majburiyatlari toʻgʻrisida sudning asosiy xulosasini jiddiy oʻzgartiradigan qaror qabul qilinishi tushuniladi.
39. Apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudi FPK 122 va 124-moddalarida koʻrsatilgan asoslar boʻyicha hal qiluv qarorini toʻliq yoki qisman bekor qilishga hamda arizani koʻrmasdan qoldirishga yoxud ish yuritishni toʻliq yoki qisman tugatishga, agar apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudida shunday qaror qabul qilinishiga sabab boʻluvchi holatlar aniqlangan boʻlsa, haqlidir.
40. Apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudi ish sudga taalluqlilik toʻgʻrisidagi qoidalar buzilgan holda koʻrib chiqilganligini aniqlasa, sudning hal qiluv qarorini bekor qilib, FPK 311-moddasida belgilangan tartib boʻyicha ish materiallarini taalluqliligiga koʻra boshqa sudga yuboradi.
41. Shuni nazarda tutish lozimki, sud xarajatlarini taqsimlash masalasining hal etilmasligi yoki notoʻgʻri hal etilishi, oʻz-oʻzidan sudning hal qiluv qarorini bekor qilishga yoki oʻzgartirishga asos boʻlmaydi. Bunday holda apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudi ajrimining xulosa qismida sud xarajatlarini FPK 138 — 141-moddalarida nazarda tutilgan qoidalar boʻyicha taqsimlash haqida koʻrsatiladi.
42. FPK 261 — 263-moddalarida nazarda tutilgan asoslar mavjud boʻlganda, apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudi:
ajrim yozuvida yoʻl qoʻyilgan xatolarni va ochiq koʻrinib turgan arifmetik xatolarni tuzatishga;
qoʻshimcha ajrim chiqarishga;
ajrimni tushuntirishga haqli.
Ushbu masalalar sud majlisida ishda ishtirok etuvchi shaxslarni sud majlisi oʻtkazilish vaqti va joyi haqida xabardor qilgan holda koʻriladi. Biroq mazkur shaxslarning kelmasligi bu masalalarni hal etish uchun toʻsqinlik qilmaydi.
43. FPK 400, 4191-moddalariga muvofiq, qonunda nazarda tutilgan, shuningdek, ishning keyingi harakatlanishiga toʻsqinlik qiladigan birinchi instansiya sudining ajrimi ustidan apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudiga xususiy shikoyat (protest) berilishi mumkin.
Birinchi instansiya sudi ajrimi ustidan apellyatsiya, kassatsiya tartibida xususiy shikoyat (protest) berish va koʻrish sudning hal qiluv qarori ustidan apellyatsiya, kassatsiya shikoyati (protesti) berish va koʻrish uchun nazarda tutilgan qoidalar boʻyicha amalga oshiriladi.
44. Birinchi instansiya sudi ajrimi ustidan apellyatsiya tartibida xususiy shikoyat (protest) berish uchun FPK 400-moddasining birinchi qismida belgilangan yigirma kunlik muddat sud ajrimi taraflar va ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarga topshirilgan yoki yuborilgan kundan eʼtiboran, ajrim ustidan kassatsiya tartibida xususiy shikoyat (protest) berish uchun FPK 4191-moddasining birinchi qismida belgilangan olti oylik muddat esa, birinchi instansiya sudi ajrimi qonuniy kuchga kirgan kundan eʼtiboran hisoblanadi.
45. Apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudi birinchi instansiya sudining ajrimi ustidan berilgan xususiy shikoyatni (protestni) FPK 402, 4192-moddalariga muvofiq hal qiladi.
46. Sudlarga tushuntirilsinki, FPK 4021, 4193-moddalariga muvofiq, maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish boʻyicha birinchi instansiya sudi qarori ustidan berilgan apellyatsiya, kassatsiya shikoyati (protesti) birinchi instansiya sudining ajrimi ustidan shikoyat (protest) berish uchun qonunda nazarda tutilgan qoidalar va tartibda koʻrib chiqiladi.
47. Apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudi ishni koʻrishda davlat organi yoki boshqa organ, tashkilot, mansabdor shaxs yoki fuqaroning faoliyatida aniqlangan qonun hujjatlari buzilishi faktlari boʻyicha, ularning sud protsessida ishtirokidan qatʼi nazar, FPK 275-moddasiga muvofiq xususiy ajrim chiqarishga haqli.
Ularning harakatlarida jinoyat alomatlari aniqlanganda esa, sud bu haqda jinoyat ishi qoʻzgʻatish masalasini hal qilish uchun tegishli materiallarni ilova qilgan holda prokurorga xabar beradi.
Xususiy ajrim va xabarnoma sud majlisida eʼlon qilinadi va bu haqda bayonnomada aks ettiriladi.
48. Apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudi ish boʻyicha chiqarilgan birinchi instansiya sudi xususiy ajrimining qonuniyligi va asosliligini tekshirishga hamda ushbu ajrimning chiqarilishida xatolik boʻlganligini aniqlagan taqdirda, uni bekor qilishga haqli.
49. Qonun normalarini bir xilda va toʻgʻri qoʻllanilishi holatini tahlil qilib borish maqsadida viloyat va ularga tenglashtirilgan sudlarga fuqarolik ishlarini apellyatsiya va kassatsiya tartibida koʻrish boʻyicha sud amaliyotini har yarim yilda umumlashtirish tavsiya etilsin.
50. Ushbu qaror qabul qilinishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining “Sudlar tomonidan fuqarolik ishlarini apellyatsiya tartibida koʻrish amaliyoti toʻgʻrisida” 2021-yil 20-apreldagi 14-sonli va “Fuqarolik ishlarini kassatsiya tartibida koʻrish boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida” 2021-yil 27-noyabrdagi 35-sonli qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi B. ISLAMOV
Plenum kotibi, Oliy sud sudyasi N. XAKIMOVA
Toshkent sh.,
2024-yil 25-mart,
9-son