toggle_night_mode
Hujjat 01.04.2024 sanasi holatiga
Amaldagi versiyaga o‘tish
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
Respublikada mis xom ashyosini chuqur qayta ishlashni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Respublikada mis xom ashyosini chuqur qayta ishlash asosida yuqori qoʻshilgan qiymatli tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etish, ularga bogʻliq boʻlgan sanoat tarmoqlarida ishlab chiqarishni kengaytirish hamda birja savdolarida misni qayta ishlash korxonalari faol ishtirokini taʼminlash maqsadida:
1. Mis xom ashyosini chuqur qayta ishlash korxonalari faoliyatini oʻrganish boʻyicha komissiya (keyingi oʻrinlarda — Komissiya) 1-ilovaga muvofiq tarkibda tashkil etilsin.
2. Komissiyaga birja savdolari orqali mis xom ashyosini xarid qilayotgan mahalliy korxonalar faoliyatini quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha oʻrganish vazifasi yuklansin:
ishlab chiqarishda koʻp pogʻonali texnologik zanjir joriy etilganligi;
umumiy ishlab chiqarishda yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar ulushi;
eksport maqsadli koʻrsatkichlarining bajarilishi;
mahsulotlar eksportining umumiy hajmida yuqori qoʻshilgan qiymatga ega mahsulotlar ulushi hamda rivojlangan davlatlarga amalga oshirilgan eksport ulushi;
birja savdolarida sotib olingan mis katodlarini qayta ishlash uchun moʻljallangan mis eritish quvvatlarining mavjudligi;
ishlab chiqarish jarayoni raqamlashtirilganligi va xalqaro sertifikat mavjudligi;
sinov bazasi mavjudligi va asosiy vositalarning yangilanish darajasi.
Komissiya oʻrganish natijalariga koʻra mis xom ashyosidan yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulot ishlab chiqaruvchi mahalliy korxonalar roʻyxatini (keyingi oʻrinlarda — Roʻyxat) tasdiqlasin.
3. Belgilansinki:
a) birja savdolari orqali xarid qilingan mis xom ashyosi uchun toʻlovlarning 25 foizini boʻnak tarzida, qolgan 75 foizini mis xom ashyosi olinganidan soʻng 90 kun ichida toʻlashga ruxsat beriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Bunda mis xom ashyosi uchun toʻlovlarni boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati berilgan har bir kun uchun toʻlanishi lozim boʻlgan toʻlovlar summasi quyidagicha belgilanadi:
30 kun ichida amalga oshirilgan toʻlovlar qismiga — foiz hisoblanmaydi;
31 kundan 60 kun ichida amalga oshirilgan toʻlovlar qismiga — Markaziy bank asosiy stavkasining 50 foizi miqdorida foiz hisoblanadi;
61 kundan 90 kun ichida amalga oshirilgan toʻlovlar qismiga — Markaziy bank asosiy stavkasi miqdorida foiz hisoblanadi;
b) mis xom ashyosini xarid qilish uchun birja savdolarida ishtirok etish huquqi Roʻyxatga kiritilgan mahalliy korxonalarga beriladi.
4. “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda yuqori texnologiyali ishlab chiqarishni tashkil etgan mahalliy korxonalarni baholash mezonlari hamda birja savdolari orqali mis xom ashyosini xarid qiladigan mahalliy korxonalar roʻyxatini shakllantirish, ularni roʻyxatdan chiqarish hamda faoliyatini monitoring qilish tartibini ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga 2-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
6. Ushbu qaror 2024-yil 1-apreldan eʼtiboran kuchga kiradi hamda uning talablari 2024-yil 1-aprelga qadar tuzilgan shartnomalarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
7. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 19-fevral,
PQ-77-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 19-fevraldagi PQ-77-son qaroriga
1-ILOVA
Mis xom ashyosini chuqur qayta ishlash korxonalari faoliyatini oʻrganish boʻyicha komissiya
TARKIBI

1.

J.A. Xodjayev

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari, Komissiya rahbari

2.

A.Ya. Xaydarov

iqtisodiyot va moliya vaziri oʻrinbosari, Komissiya rahbari oʻrinbosari

3.

N.N. Saydullayev

Markaziy bank raisining birinchi oʻrinbosari

4.

D.T. Axmedov

investitsiyalar, sanoat va savdo vazirining oʻrinbosari

5.

M.M. Mirzayev

Soliq qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari

6.

I.M. Muxtorov

Bojxona qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari

7.

A.U. Qayumov

Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi raisi oʻrinbosari

8.

A.A. Abduqayumov

Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi bosh direktori oʻrinbosari v.b.

9.

D.A. Vaxabov

Savdo-sanoat palatasi raisi

10.

M.M. Yunusov

“Oʻzeltexsanoat” uyushmasi boshqaruvi raisi

11.

A.X. Xursanov

“Olmaliq KMK” AJ boshqaruvi raisi

12.

T.Yu. Rapikov

Bosh vazir oʻrinbosari kotibiyati mudiri, Komissiya kotibi

Maslahatchi sifatida jalb qilinadigan korxonalar vakillari

13.

T.M. Sharipov

“Procab” QK MCHJ taʼsischisi

14.

A.N. Nodirxonov

“Metal ProcessingTechnology” MCHJ direktori

15.

Lavozimi boʻyicha

boshqa korxonalar vakillari (Komissiya taklifiga asosan)

Izohlar.
Komissiya aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangi tayinlangan yoki zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.
Komissiya ishiga boshqa davlat organlari va xoʻjalik yurituvchi subyektlarning vakillari jalb qilinishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 19-fevraldagi PQ-77-son qaroriga
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 17-yanvardagi “Mamlakat iqtisodiyotining tarmoqlarini talab yuqori boʻlgan mahsulot va xom ashyo turlari bilan barqaror taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3479-son qarori 2-bandining “a” kichik bandida:
ikkinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“ekstraksion benzin, ikkilamchi aluminiy, metall rux, chorva ozuqasi uchun bugʻdoy — faqat tuman (shahar) hokimliklari xulosasiga muvofiq ularni keyinchalik qayta ishlash boʻyicha ishlab chiqarish quvvatlariga ega boʻlgan korxonalarga”;
quyidagi mazmundagi uchinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“mis katodi, mis katankasi — Mis xom ashyosini chuqur qayta ishlash korxonalari faoliyatini oʻrganish boʻyicha komissiya xulosasi asosida”;
uchinchi xatboshi toʻrtinchi xatboshi deb hisoblansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 2-martdagi “Elektrotexnika sanoatini yanada rivojlantirish va mahalliy mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-5011-son qarori 6-bandida:
“1-yanvardan” soʻzlari “1-apreldan” soʻzlari bilan almashtirilsin;
“60 ish kuni ichida har oyda teng ulushlarda” soʻzlari “90 kun ichida” soʻzlari bilan almashtirilsin;
b) yettinchi xatboshi “mis katodi” soʻzlaridan keyin “va mis katankasi” soʻzlari bilan toʻldirilsin;
v) quyidagi mazmundagi xatboshilar bilan toʻldirilsin:
“mis xom ashyosi uchun toʻlovlarni boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati berilgan har bir kun uchun toʻlanishi lozim boʻlgan toʻlovlar summasi quyidagicha belgilanadi:
30 kun ichida amalga oshirilgan toʻlovlar qismiga — foiz hisoblanmaydi;
31 kundan 60 kun ichida amalga oshirilgan toʻlovlar qismiga — Markaziy bank asosiy stavkasining 50 foizi miqdorida foiz hisoblanadi;
61 kundan 90 kun ichida amalga oshirilgan toʻlovlar qismiga — Markaziy bank asosiy stavkasi miqdorida foiz hisoblanadi”.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.02.2024-y., 07/24/77/0139-son; 15.10.2025-y., 07/25/304/0942-son)