toggle_night_mode
Hujjat 17.04.2026 sanasi holatiga
Amaldagi versiyaga o‘tish
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat maktabgacha va umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlari pedagog kadrlarini kasbiy sertifikatlash boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentini tasdiqlash toʻgʻrisida
(qaror nomi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 24-noyabrdagi 740-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.11.2025-y., 09/25/740/1090-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda uning tizimidagi tashkilotlar faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2023-yil 26-maydagi PF-79-son Farmonida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash, shuningdek, maktabgacha va umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarini malakali pedagog kadrlar bilan toʻldirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
(muqaddima Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 24-noyabrdagi 740-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.11.2025-y., 09/25/740/1090-son)
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-maydagi PF-79-son Farmoni 3-bandida 2024-yil 1-yanvardan boshlab umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining pedagogik kasblariga birinchi marta ishga qabul qilinayotgan talabgorlarni kasbiy sertifikatlash tizimi joriy etilishi, bunda:
2023/2024 oʻquv yilidan boshlab pedagogik kasblarga birinchi marta ishga qabul qilinadigan oliy maʼlumotli talabgorlar stajyor-oʻqituvchi sifatida faoliyat yuritishi va ular ishga qabul qilingan vaqtdan boshlab bir yil muddat davomida kasbiy sertifikatga ega boʻlishi talab etilishi;
stajyor-oʻqituvchilarga ular kasbiy sertifikat olguniga qadar oliy maʼlumotli (toifasiz) oʻqituvchining bazaviy tarif stavkasi qoʻllanilishi belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Davlat umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlari pedagog kadrlarini kasbiy sertifikatlash boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti (keyingi oʻrinlarda — Reglament) ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
pedagog kadrlarni kasbiy sertifikatlash boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatish tartibi;
kasbiy sertifikat olish uchun murojaat qilish hamda nazorat sinovlarini tashkil etish va oʻtkazish;
nazorat sinovlari yakunlari boʻyicha pedagog kadrlarga kasbiy sertifikat berish.
3. Belgilansinki:
Oldingi tahrirga qarang.
stajyor-oʻqituvchi va stajyor-tarbiyachilar, shuningdek psixologlar bir yilga ishga qabul qilinadilar, muddat yakunlangandan soʻng, faqat kasbiy sertifikat olgan yoki navbatdan tashqari pedagog kadrlar attestatsiyasida ishtirok etib, kamida mutaxassis (oliy maʼlumotli oʻqituvchi) lavozimi saqlangan darajada koʻrsatkichga ega boʻlgan pedagoglar bilan belgilangan tartibda oʻqituvchi yoki mos ravishda psixolog tarbiyachi sifatida mehnat shartnomasi tuziladi;
(3-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 24-noyabrdagi 740-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.11.2025-y., 09/25/740/1090-son)
Oldingi tahrirga qarang.
2023/2024 oʻquv yilidan boshlab umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarida pedagog kasbiga birinchi marta ishga qabul qilingan stajyor-oʻqituvchilar, 2024/2025 oʻquv yilidan boshlab pedagoglar attestatsiyasidan oʻta olmagan, mutaxassis (oliy maʼlumotli oʻqituvchi) lavozimiga muvofiq emas deb topilgan, 2026-yildan boshlab maktabgacha taʼlim tashkilotida tarbiyachi lavozimiga birinchi marta ishga qabul qilingan stajyor-tarbiyachilar va maktabgacha taʼlim tashkiloti psixologlari, 2027-yildan boshlab esa pedagoglar attestatsiyasidan oʻta olmagan, lavozimiga muvofiq emas deb topilgan, pedagog kadrlar ham kasbiy sertifikatlash sinovlariga jalb etiladi;
(3-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 24-noyabrdagi 740-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.11.2025-y., 09/25/740/1090-son)
Keyingi tahrirga qarang.
Reglamentga muvofiq koʻrsatiladigan davlat xizmatidan foydalanish uchun pedagog kadrlar faqat davlat xizmatlari markazlari yoki Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi oʻrinlarda — YIDXP) orqali 2024-yil 1-martdan boshlab murojaat qiladi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda 2024-yil 1-martga qadar:
Reglamentga muvofiq davlat xizmatlarining YIDXP orqali joriy etilishini;
YIDXPda davlat xizmatlari koʻrsatilishining har bir bosqichida murojaatlarning koʻrib chiqilishi kuzatib borilishini taʼminlasin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi:
davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan davlat xizmatlari koʻrsatilishining belgilangan tartibi bajarilishi yuzasidan YIDXP orqali doimiy nazorat oʻrnatsin;
Reglament talablarini buzganlik uchun davlat organlari va boshqa tashkilotlarning mansabdor shaxslariga nisbatan belgilangan tartibda maʼmuriy jazolarni qoʻllasin.
6. Belgilansinki, kasbiy sertifikatlash boʻyicha nazorat sinovlarini tashkil etish va oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi huzuridagi Taʼlim sohasidagi islohotlarga koʻmaklashish jamgʻarmasi hisobidan qoplanadi.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ikki oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri X.U. Umarova zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2024-yil 12-fevral,
87-son

Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 2-fevraldagi 87-son qaroriga

ILOVA

Oldingi tahrirga qarang.
Davlat maktabgacha va umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlari pedagog kadrlarini kasbiy sertifikatlash boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishning
MAʼMURIY REGLAMENTI
(ilovaning nomi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 24-noyabrdagi 740-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.11.2025-y., 09/25/740/1090-son)
1-bob. Umumiy qoidalar
Oldingi tahrirga qarang.
1. Mazkur Reglament davlat maktabgacha va umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlari pedagog kadrlarini kasbiy sertifikatlash boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatish tartibini belgilaydi.
Ushbu Reglament qoidalari Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi va Badiiy akademiya tizimidagi ixtisoslashtirilgan sanʼat va madaniyat maktablari, maktab-internatlar, Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi tizimidagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar, koʻp tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha taʼlim tashkilotlari va qoʻshma tipdagi maktabgacha taʼlim tashkilotlari hamda nodavlat taʼlim tashkilotlari pedagog kadrlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Bunda nodavlat taʼlim tashkilotlari pedagoglari oʻz xohishlariga koʻra navbatdan tashqari nazorat sinovida ishtirok etishlari mumkin.
Pedagogik kasbga birinchi marta ishga qabul qilinadigan oliy maʼlumotli talabgorlar stajyor-oʻqituvchi, shuningdek, maktabgacha taʼlim tashkilotlaridagi oliy va oʻrta-maxsus maʼlumotli talabgorlar stajyor-tarbiyachi sifatida faoliyat yuritadi va ular ishga qabul qilingan vaqtdan boshlab bir yil muddat davomida kasbiy sertifikatga ega boʻlishi talab etiladi.
Kasbiy sertifikat olganidan soʻng pedagoglar pedagogik faoliyatida besh va undan koʻp yil davomida uzilishlar boʻlgan faoliyatini qayta boshlagan vaqtdan boshlab bir yil davomida kasbiy sertifikatga ega boʻlishi lozim.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 24-noyabrdagi 740-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.11.2025-y., 09/25/740/1090-son)
2. Ushbu Reglamentda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
kasbiy sertifikat — nazorat sinovidan muvaffaqiyatli oʻtgan jismoniy shaxsga pedagogik faoliyat bilan shugʻullanish huquqini beradigan, cheklanmagan muddatga beriladigan QR-kod qoʻyilgan davlat namunasidagi hujjat;
nazorat sinovi — kasbiy sertifikat olish uchun jismoniy shaxsning pedagogik kasbi boʻyicha bilimi va pedagogik mahoratini aniqlash jarayoni;
Oldingi tahrirga qarang.
navbatdan tashqari nazorat sinovi — uzrli sabablarga koʻra nazorat sinovida ishtirok eta olmagan hamda birinchi marotaba nazorat sinovida ishtirok etib, undan oʻta olmagan, shuningdek, oʻz xohishlariga koʻra ishtirok etadigan talabgorlar uchun tashkil etiladigan nazorat sinovi;
(2-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 24-noyabrdagi 740-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.11.2025-y., 09/25/740/1090-son)
Keyingi tahrirga qarang.
stajyor-oʻqituvchi — davlat umumiy oʻrta taʼlim tashkilotida pedagogik kasbga birinchi marta ishga qabul qilingan oliy maʼlumotli jismoniy shaxs;
Oldingi tahrirga qarang.
stajyor-tarbiyachi — davlat maktabgacha taʼlim tashkilotida tarbiyachi lavozimiga birinchi marta ishga qabul qilingan jismoniy shaxs;
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 24-noyabrdagi 740-sonli qaroriga asosan oltinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.11.2025-y., 09/25/740/1090-son)
Oldingi tahrirga qarang.
talabgor — kasbiy sertifikat olishga daʼvogar boʻlgan davlat maktabgacha va umumiy oʻrta taʼlim tashkilotidagi hamda avval kasbiy sertifikatlashda ishtirok etib, oʻta olmagan stajyor-oʻqituvchi, stajyor-tarbiyachi, psixolog yoki mutaxassis lavozimidagi, shuningdek, pedagoglar attestatsiyasidan oʻta olmagan, mutaxassis (oliy maʼlumotli oʻqituvchi) lavozimiga muvofiq emas, egallab turgan lavozimiga muvofiq emas (oʻrta maxsus maʼlumotlilar) deb topilgan pedagog kadrlar.
(2-bandning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 24-noyabrdagi 740-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.11.2025-y., 09/25/740/1090-son)
Keyingi tahrirga qarang.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi oʻrinlarda — YIDXP) hamda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi (keyingi oʻrinlarda — Vazirlik) oʻrtasida axborot almashinuvi faqat idoralararo oʻzaro elektron hamkorlik yordamida amalga oshiriladi.
4. Kasbiy sertifikatlashga talabgorlar jalb etiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Stajyor-oʻqituvchi, stajyor-tarbiyachi va psixologlar ishga qabul qilingan vaqtdan boshlab bir yil muddat ichida kasbiy sertifikatga ega boʻlishi talab etiladi.
(4-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 24-noyabrdagi 740-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.11.2025-y., 09/25/740/1090-son)
Talabgor nazorat sinovlariga Vazirlik tomonidan tasdiqlangan reja-grafik asosida jalb etiladi.
5. Kasbiy sertifikatlash jarayoni Vazirlik tomonidan tashkil etiladi, nazorat qilinadi va muvofiqlashtiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
6. Kasbiy sertifikatlash jarayoniga talabgor oʻz muddatida jalb etilishi uchun u faoliyat koʻrsatayotgan davlat maktabgacha va davlat umumiy oʻrta taʼlim tashkilotining rahbari masʼul hisoblanadi.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 24-noyabrdagi 740-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.11.2025-y., 09/25/740/1090-son)
7. Talabgor asosiy ish joyi boʻyicha kasbiy sertifikatlashga jalb etiladi.
Davlat umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarida oʻrindoshlik asosida dars beradigan va asosiy ish joyi boʻyicha pedagogik faoliyat bilan shugʻullanmaydigan talabgor oʻrindoshlik asosida faoliyat yuritayotgan taʼlim tashkilotidan kasbiy sertifikatlash jarayonlariga jalb etiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Bunda belgilangan muddat davomida kasbiy sertifikatni ola olmaganligi sababli tarbiyachi yoki psixolog oʻqituvchi sifatida mehnat shartnomasi tuzilmagan yoki pedagoglar attestatsiyasidan oʻta olmaganligi sababli mehnat shartnomasi bekor qilingan mutaxassis lavozimidagi pedagog kadrlar oxirgi ish joylarini koʻrsatgan holda roʻyxatdan oʻtadilar.
(7-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 24-noyabrdagi 740-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.11.2025-y., 09/25/740/1090-son)
Oldingi tahrirga qarang.
8. Talabgor tegishli maʼlumotga egaligi yoki qayta tayyorlash kursidan oʻtganligi haqidagi diplomda (keyingi oʻrinlarda — diplom) koʻrsatilgan tayyorlov, taʼlim yoʻnalishi, mutaxassislik yoki ixtisosligiga mos keladigan oʻquv fanlari boʻyicha kasbiy sertifikatlashdan oʻtadi.
(8-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 24-noyabrdagi 740-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.11.2025-y., 09/25/740/1090-son)
Keyingi tahrirga qarang.
Talabgorning diplomida bittadan ortiq tayyorlov yoki taʼlim yoʻnalishi, mutaxassislik yoki ixtisoslik koʻrsatilgan boʻlsa, ular dars berayotgan har bir oʻquv fani boʻyicha alohida kasbiy sertifikat olishi lozim.
Talabgorning diplomida bittadan ortiq tayyorlov yoki taʼlim yoʻnalishi, mutaxassislik yoxud ixtisoslik koʻrsatilgan boʻlsa yoki diplomida koʻrsatilmagan oʻquv fanlaridan dars berish huquqiga ega boʻlsa, ular dars berayotgan har bir oʻquv fani boʻyicha alohida kasbiy sertifikat olishi lozim.
9. Quyidagilar kasbiy sertifikatlashga jalb etilmaydi:
fan nomzodi, falsafa doktori Doctor of Philosophy (PhD) yoki fan doktori Doctor of Science (DSc) darajasiga hamda Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan berilgan katta ilmiy xodim, dotsent va professor ilmiy unvoniga ega boʻlgan pedagog kadrlar;
magistr darajasiga ega mutaxassislar;
Oldingi tahrirga qarang.
toifaga ega pedagog kadrlar;
pedagog kadrlar attestatsiyasida ishtirok etib, kamida mutaxassis (oliy maʼlumotli oʻqituvchi) lavozimi saqlangan darajada koʻrsatkichga ega boʻlgan pedagoglar.
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 28-fevraldagi 130-sonli qaroriga asosan toʻrtinchi va beshinchi xatboshilar bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.03.2025-y., 09/25/130/0199-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-sentabrdagi 572-sonli “Maktabgacha, umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, professional va maktabdan tashqari taʼlim tashkilotlari pedagog kadrlarini attestatsiyadan oʻtkazish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori.
10. Quyidagilar kasbiy sertifikatlashdan maʼlum muddatga ozod qilinadi:
homilador ayollar, homiladorlik yoki tugʻish taʼtilida boʻlgan ayollar, ular taʼtilda boʻlgan davrda hamda ishga chiqqanidan keyin bir yil davomida;
pedagogik faoliyat bilan shugʻullanayotgan uch yoshgacha bolalari bor ayollar (farzandi uch yoshga toʻlgunga qadar);
uzoq (uch oydan ortiq vaqt mobaynida) davolanayotgan pedagog kadrlar, ular davolanayotgan davrda hamda ishga chiqqanidan keyin olti oy davomida;
uch oy va undan uzoq muddatga respublika hamda chet el davlatiga oʻqishga, qayta tayyorlash va malaka oshirish kursiga yuborilgan pedagog kadrlar, ular ishga chiqqanidan soʻng olti oy davomida.
Oldingi tahrirga qarang.
11. Davlat davlat maktabgacha va umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlari pedagog kadrlarini kasbiy sertifikatlash boʻyicha davlat xizmatlari mazkur Reglamentga 1-ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq koʻrsatiladi.
(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 24-noyabrdagi 740-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.11.2025-y., 09/25/740/1090-son)
2-bob. Murojaat qilish tartibi
12. Talabgor nazorat sinovida qatnashish uchun mazkur Reglamentga 2-ilovaga muvofiq shakldagi soʻrovnomani davlat xizmatlari markazlariga shaxsan borib yoki YIDXPda toʻldirgan holda roʻyxatdan oʻtadi.
Nazorat sinovida ishtirok etish uchun roʻyxatga olish davriyligi kamida bir oy davom etadi.
Nazorat sinovida ishtirok etish uchun roʻyxatga olish sanasi Vazirlikning rasmiy veb-sayti orqali eʼlon qilinadi.
13. Birinchi marta kasbiy sertifikat olish boʻyicha nazorat sinovida ishtirok etish uchun talabgordan toʻlov undirilmaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
14. Nazorat sinovida ishtirok etish uchun roʻyxatdan oʻtib, nazorat sinovida uzrli sabablar (vaqtincha mehnatga qobiliyatsizligi, davlat yoki jamoat vazifalarini bajarayotganligi, respublika va xalqaro musobaqalarda ishtirok etganligi, vaqtincha xorijiy mamlakatda safarda boʻlib turganligi, yaqin qarindoshi vafot etganligi, vakolatli davlat organi yoki taʼlim tashkilotlari rahbarlarining maʼlumotnomasida koʻrsatilgan asoslar)ga koʻra ishtirok etmagan talabgor, tegishli hujjatlar taqdim etilgan holda, nazorat sinovidan oʻtmagan hisoblanadi hamda keyingi tashkil etiladigan nazorat sinovida ishtirok etish uchun qaytadan roʻyxatdan oʻtishi talab etiladi.
(14-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 28-fevraldagi 130-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.03.2025-y., 09/25/130/0199-son)
Oldingi tahrirga qarang.
15. Navbatdan tashqari nazorat sinovida ishtirok etish uchun talabgor tomonidan bazaviy hisoblash miqdorining ellik foizi miqdorida toʻlov toʻlanadi.
(15-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 16-apreldagi 175-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.04.2026-y., 09/26/175/0373-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Ijtimoiy reyestrning “kambagʻal oila” toifasiga kiritilgan oilalarning aʼzolariga, shuningdek, I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslarga toʻlovlar boʻyicha 50 foiz miqdorida, Ijtimoiy reyestrning “davlat taʼminotidagi oila” toifasiga kiritilgan oilalarning aʼzolariga belgilangan toʻlovlar boʻyicha 75 foiz miqdorida chegirma qoʻllaniladi. Bunda chegirma Ijtimoiy reyestrning:
“davlat taʼminotidagi oila” yoki “kambagʻal oila” toifasidan “kambagʻallik chegarasidagi oila” toifasiga oʻtkazilgan oilalarga, ularning ilgari belgilangan toifasiga muvofiq miqdorda;
ogʻir hayotiy vaziyatga tushgan oila sifatida “kambagʻallik chegarasidagi oila” toifasiga kiritilgan oilalarga “kambagʻal oila” toifasidagi oila uchun belgilangan miqdorda qoʻllaniladi.
(15-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-yanvardagi 35-sonli qaroriga asosan ikkinchi — toʻrtinchi xatboshilar bilan almashtirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.02.2026-y., 09/26/35/0101-son)
Davlat xizmati koʻrsatilishi uchun YIDXP orqali roʻyxatdan oʻtilganda, talabgordan belgilangan toʻlov miqdorining 90 foizi undiriladi.
Uzrli sabablarga koʻra nazorat sinovida ishtirok etmagan talabgordan navbatdan tashqari nazorat sinovida ishtirok etish uchun takroran toʻlov undirilmaydi.
Davlat xizmatlarini koʻrsatish uchun toʻlov toʻlanganligi axborot-kommunikatsiya tizimlari orqali tasdiqlanadi.
16. Toʻlov summasi quyidagi tartibda taqsimlanadi:
a) davlat xizmatlari markazlari orqali murojaat etilganda, toʻlov summasining:
18 foizi — Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Davlat xizmatlarini rivojlantirish jamgʻarmasiga;
0,5 foizi — Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamgʻarmasining elektron hukumat va raqamli iqtisodiyotning idoralararo loyihalarini moliyalashtirish boʻyicha maxsus hisobvaragʻiga;
qolgan qismi — Vazirlik huzuridagi Taʼlim sohasidagi islohotlarga koʻmaklashish jamgʻarmasi hisobvaragʻiga;
b) YIDXP orqali roʻyxatdan oʻtilganda, toʻlov summasining:
11,75 foizi (shundan 0,5 foizi — Yagona billing tizimi orqali davlat xizmati koʻrsatilganda) — Oʻzbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazi davlat muassasasining Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasidagi maxsus hisobvaragʻiga;
10 foizi — Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Davlat xizmatlarini rivojlantirish jamgʻarmasiga;
qolgan qismi — Vazirlik huzuridagi Taʼlim sohasidagi islohotlarga koʻmaklashish jamgʻarmasi hisobvaragʻiga oʻtkaziladi.
Oldingi tahrirga qarang.
17. Talabgor davlat xizmatlaridan foydalanishda xizmat koʻrsatishning har qanday bosqichida nazorat sinovida ishtirok etishdan bosh tortish huquqiga ega. Talabgor davlat xizmatlaridan foydalanishdan bosh tortganda yoki nazorat sinovidan oʻta olmaganda, shuningdek, notoʻgʻri maʼlumotlar yoki qalbaki hujjatlar taqdim etilgani aniqlangan taqdirda, toʻlangan toʻlov summasi qaytarilmaydi.
(17-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 24-noyabrdagi 740-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.11.2025-y., 09/25/740/1090-son)
3-bob. Nazorat sinovini oʻtkazish tartibi
18. Kasbiy sertifikat olish uchun nazorat sinovi qoida tariqasida, har yili mart — may oylarida oʻtkaziladi.
Vazirlikning ichki imkoniyati hamda talabgorlarning murojaatlaridan kelib chiqib, yilning boshqa oylarida ham nazorat sinovlari oʻtkazilishi mumkin.
19. Nazorat sinovi test shaklida oʻtkaziladi.
Nazorat sinovini oʻtkazish joyi va sanasi oʻtkaziladigan kundan kamida oʻn kun oldin Vazirlikning rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi hamda YIDXP orqali talabgorlarning shaxsiy kabinetiga yuboriladi.
20. Nazorat sinovi 50 ta topshiriqdan iborat boʻladi, har bir toʻgʻri bajarilgan topshiriq 2 ball bilan baholanib, nazorat sinovi uchun jami 100 ball beriladi.
21. Nazorat sinovi materiallari Vazirlik huzuridagi Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi huzuridagi Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi (keyingi oʻrinlarda — Markaz) tomonidan testologiyaning xalqaro talablari asosida xolislik va maxfiylikni taʼminlagan holda shakllantiriladi.
Nazorat sinovi materiallarini shakllantirish uchun Markaz tomonidan manfaatdor idoralar, ularning hududiy boʻysunuvidagi tashkilotlar, ilmiy-tadqiqot institutlarining yetakchi olimlari, malakali mutaxassislar, mahalliy va xorijiy ekspertlar, shuningdek, nodavlat tashkilotlar vakillari shartnoma asosida jalb etilishi mumkin.
22. Talabgor nazorat sinovida uzrli sabablarga koʻra ishtirok eta olmaydigan boʻlsa yoki ishtirok etmasa, nazorat sinovi oʻtkaziladigan sanadan boshlab 5 ish kuni davomida davlat xizmatlari markazlari yoki YIDXP orqali Vazirlikka murojaat etishi lozim.
Bunda faqat Vazirlikning Taʼlim sohasidagi islohotlarga koʻmaklashish jamgʻarmasi hisobvaragʻiga kelib tushgan toʻlov miqdori talabgorga qaytariladi (toʻlov amaldagi elektron tizim orqali amalga oshirilganda, koʻrsatilgan xizmat uchun undirilgan toʻlovdan tashqari). Talabgorga xizmat koʻrsatilishi uchun Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamgʻarmasining elektron hukumat va raqamli iqtisodiyotning idoralararo loyihalarini moliyalashtirish boʻyicha maxsus hisobvaragʻiga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Davlat xizmatlarini rivojlantirish jamgʻarmasiga kelib tushgan pul miqdori qaytarilmaydi.
Talabgor belgilangan nazorat sinoviga kechikkan yoki uzrsiz sababga koʻra kelmagan hamda nazorat sinovi qoidalarini buzganlik uchun jarayondan chetlatilgan taqdirda, toʻlangan toʻlov qaytarilmaydi.
23. Nazorat sinovi kompyuterda (onlayn platforma) oʻtkaziladi.
24. Nazorat sinovi Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida joylashgan taʼlim tashkilotlarida hamda boshqa tashkilotlarning katta sigʻimdagi binolarida oshkoralik va shaffoflikni taʼminlagan holda oʻtkaziladi.
25. Nazorat sinovini oʻtkazish uchun kuzatuvchilar jalb etilishi mumkin.
26. Nazorat sinoviga jalb etiladigan kuzatuvchilarga Vazirlik yoki Markaz bilan tuziladigan shartnoma asosida har bir kun uchun belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida haq toʻlanadi.
27. Nazorat sinovini topshirishda talabgor fuqarolik pasporti yoki identifikatsiya ID-kartasining aslini taqdim etadi.
28. Talabgor quyidagi hollarda nazorat sinovidan chetlashtirilgan hisoblanadi:
nazorat sinovi oʻtkazilayotgan auditoriyaga har qanday adabiyot, shpargalka yoki telekommunikatsiya va texnika vositalarini olib kirsa;
nazorat sinovi oʻtkazilayotgan vaqtda boshqa talabgorlar bilan muloqot qilsa;
nazorat materiallarini auditoriyadan olib chiqishga harakat qilsa, savollarni koʻchirib olsa;
savollarni boshqa talabgorga bersa, nazorat sinovini oʻtkazish jarayoniga xalaqit qilsa;
nazorat sinovi jarayonida videokuzatuv orqali talabgorning tartib va qoidalarga amal qilmaganligi aniqlansa.
29. Nazorat sinovi natijalari nazorat sinovi tugallanganidan soʻng shu vaqtning oʻzida maʼlum qilinadi, shuningdek, nazorat sinovi natijalari talabgorning shaxsiy kabinetiga yuboriladi.
Nazorat sinovi natijalari apellyatsiya yakunlariga muvofiq oʻzgarishi mumkin.
30. Nazorat sinovlari natijalari tahliliga koʻra testologiya meʼyorlari buzilishi holati aniqlansa, Vazirlik tomonidan nazorat sinovi natijalari bekor qilinadi.
Nazorat materiallari xavfsizligi va maxfiyligini taʼminlash qoidalari buzilsa, xususan, talabgorlar tomonidan nazorat materiallarini oldindan qoʻlga kiritish holati aniqlansa, testologiya meʼyorlari buzilgan deb hisoblanadi.
Nazorat sinovi natijasi bekor qilinganda talabgorning xohishiga koʻra Vazirlik huzuridagi Taʼlim sohasidagi islohotlarga koʻmaklashish jamgʻarmasi hisobvaragʻiga kelib tushgan toʻlov miqdori qaytariladi yoki qayta nazorat sinovlari tashkil etiladi.
4-bob. Nazorat sinovi natijalari boʻyicha kasbiy sertifikatni rasmiylashtirish, berish va ularning reyestrini yuritish
31. Nazorat sinovi natijasi boʻyicha 56 va undan yuqori ball toʻplagan talabgor nazorat sinovidan oʻtgan hisoblanadi.
Nazorat sinovi yakunlanganidan soʻng bir oy muddatda nazorat sinovi natijasiga koʻra nazorat sinovlaridan oʻtgan talabgorlarning roʻyxati tasdiqlanadi hamda roʻyxatga asosan mazkur Reglamentga 3-ilovaga muvofiq elektron shakldagi sertifikat talabgorning shaxsiy kabinetiga yuboriladi.
Talabgor YAIDPXdagi boʻlim orqali kasbiy sertifikatni yuklab oladi.
32. Vazirlik tomonidan kasbiy sertifikatning elektron reyestri yuritiladi.
33. Nazorat sinovi natijasi boʻyicha 56 balldan kam koʻrsatkichga ega talabgor nazorat sinovidan oʻtmagan hisoblanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
34. Uzrli sabablarga koʻra nazorat sinovida ishtirok eta olmagan hamda birinchi marotaba nazorat sinovida ishtirok etib, undan oʻta olmagan talabgor, shuningdek oʻz xohishlariga koʻra ishtirok etadiganlar uchun navbatdan tashqari nazorat sinovi har yili yangi oʻquv yili boshlangunga qadar tashkil etiladi.
(34-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 24-noyabrdagi 740-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.11.2025-y., 09/25/740/1090-son)
Navbatdan tashqari nazorat sinovida ishtirok etish uchun roʻyxatdan oʻtish sanasi va nazorat sinovini oʻtkazish muddati Vazirlikning rasmiy veb-sayti orqali eʼlon qilinadi.
Navbatdan tashqari nazorat sinovida ishtirok etish uchun roʻyxatdan oʻtish va uni oʻtkazish tartibi mazkur Reglamentga muvofiq tartibda belgilanadi.
35. Navbatdan tashqari nazorat sinovida ishtirok etib, yetarli ball toʻplay olmagan talabgor bilan tuzilgan mehnat shartnomasi mehnat qonunchiligida belgilangan tartibda bekor qilinadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 12-bobi.
36. Ish beruvchi mehnat shartnomasi bekor qilingan talabgor tugatgan oliy taʼlim tashkilotiga talabgorning kasbiy sertifikatlashdan oʻta olmaganligi toʻgʻrisida reklamatsiya yuboradi.
5-bob. Apellyatsiya shikoyatini koʻrib chiqish
37. Kasbiy sertifikatlash natijalaridan norozi boʻlgan talabgor natija eʼlon qilingan kundan boshlab besh kun mobaynida davlat xizmatlari markazlari yoki YIDXP orqali apellyatsiya shikoyati berish huquqiga ega.
38. Apellyatsiya shikoyatini koʻrib chiqish uchun Oʻzbekiston Respublikasi maktabgacha va maktab taʼlimi vazirining buyrugʻi bilan 3 — 7 nafar Vazirlik xodimlari, tajribali pedagoglar va malakali mutaxassislardan iborat tarkibda Apellyatsiya komissiyasi tuziladi.
Apellyatsiya komissiyasi tarkibiga nazorat sinovida qatnashgan xodimlar kiritilmaydi.
39. Apellyatsiya shikoyati ikki hafta mobaynida koʻrib chiqiladi va talabgor Apellyatsiya komissiyasi qarori toʻgʻrisida YIDXP orqali xabardor qilinadi.
40. Apellyatsiya shikoyatini koʻrib chiqish natijalari boʻyicha quyidagi qarorlardan biri qabul qilinadi:
nazorat sinovi natijasini oʻzgarishsiz qoldirish va apellyatsiya shikoyati qondirilishini rad etish;
nazorat sinovi natijasini oʻzgartirish va apellyatsiya shikoyatini qondirish.
Nazorat sinovi natijasini oʻzgarishsiz qoldirish va apellyatsiya shikoyati qanoatlantirilishini rad etish toʻgʻrisidagi qaror quyidagi hollarda qabul qilinadi:
apellyatsiya mazkur Reglament talablari buzilgan holda taqdim etilgan boʻlsa;
apellyatsiyada koʻrsatilgan dalillar oʻz tasdigʻini topmasa.
Nazorat sinovi natijasini oʻzgartirish va apellyatsiya shikoyatini qondirish toʻgʻrisidagi qaror shikoyatda koʻrsatilgan dalillar oʻz tasdigʻini topgan taqdirda qabul qilinadi.
41. Appelyatsiya natijalariga koʻra talabgorning eʼtirozlari oʻrinli deb topilgan taqdirda, notoʻgʻri tuzilgan topshiriq uchun beriladigan ball mazkur topshiriq berilgan barcha talabgorlar foydasiga qoʻshib hisoblanadi.
42. Takroriy apellyatsiyaga yoʻl qoʻyilmaydi.
43. Talabgor Apellyatsiya komissiyasi qarori ustidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda sudga shikoyat qilishi mumkin.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 55-moddasi, “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonunning 14-moddasi, “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Qonuni.
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
44. Vazirlik xodimlari tomonidan talabgor toʻgʻrisidagi shaxsiy maʼlumotlar maxfiyligi taʼminlanadi.
Qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda vakolatli davlat organlari tomonidan rasmiy murojaat boʻlgan taqdirda, talabgor toʻgʻrisidagi maʼlumotlar taqdim etiladi.
Vazirlik tomonidan baholash mezonlari, nazorat sinovi materiallari formati hamda nazorat sinovi uchun ajratiladigan vaqtga milliy va xorijiy tajribadan kelib chiqib, oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
45. Ushbu Reglamentni qoʻllashda yuzaga keladigan nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
46. Mazkur Reglament talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladilar.
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat maktabgacha va umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlari pedagog kadrlarini kasbiy sertifikatlash boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga
1-ILOVA
Davlat maktabgacha va umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlari pedagog kadrlarini kasbiy sertifikatlash
SXEMASI

Bosqichlar

Ijrochilar

Tadbirlar

Muddatlar

.

1-bosqich

Talabgor

Talabgor kasbiy sertifikatlash nazorat sinovida ishtirok etish uchun Davlat xizmatlari markazi, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yoki Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining maxsus elektron platformasi orqali roʻyxatdan oʻtadi.

Roʻyxatga olish rasmiy eʼlon qilingan kundan boshlab bir oy davomida

.

2-bosqich

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi

Talabgorning oʻz fanini (mutaxassisligi) bilishi, pedagogik mahorati, koʻnikma va malakalarini baholash uchun nazorat sinovini tashkil etadi.

Har yili mart — may oylarida

.

3-bosqich

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi

Talabgor kasbiy sertifikatlash nazorat sinovidan muvaffaqiyatli oʻtganda, unga elektron shakldagi sertifikatni (QR-kod) rasmiylashtiradi va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali yuboradi.

Buyruq qabul qilingan kundan boshlab bir oy mobaynida

.

4-bosqich

Talabgor

Nazorat sinovi natijasidan norozi boʻlganda, Apellyatsiya komissiyasiga apellyatsiya shikoyatini beradi.

Natija eʼlon qilingan kundan boshlab besh kun mobaynida

.

5-bosqich

Apellyatsiya komissiyasi

1. Apellyatsiya shikoyatini koʻrib chiqadi.

2. Talabgorni Apellyatsiya komissiyasi qarori toʻgʻrisida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali xabardor qiladi.

Ikki hafta mobaynida

(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 24-noyabrdagi 740-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.11.2025-y., 09/25/740/1090-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat maktabgacha va umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlari pedagog kadrlarini kasbiy sertifikatlash boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga
2-ILOVA
(2-ilovaning belgisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 24-noyabrdagi 740-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.11.2025-y., 09/25/740/1090-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat maktabgacha va umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlari pedagog kadrlarini kasbiy sertifikatlash boʻyicha
SOʻROVNOMA
(2-ilovaning nomi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 24-noyabrdagi 740-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.11.2025-y., 09/25/740/1090-son)

Ariza beruvchi toʻgʻrisida maʼlumot:

1. Familiyasi

2. Ismi

3. Otasining ismi

4. Pasport (ID karta) maʼlumotlari (seriyasi, raqami)

5. Taʼlim tashkiloti joylashgan hudud

6. Taʼlim tashkiloti joylashgan tuman (shahar)

7. Taʼlim tashkiloti nomi yoki raqami

8. Sertifikat olinadigan fan nomi

9. Oʻqigan taʼlim muassasasi

10. Diplom boʻyicha mutaxassisligi

11. Taʼlim tili

12. Jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (JSHSHIR)

13. Yashash manzili (kiritish orqali)

14. Telefon raqami

Oldingi tahrirga qarang.
Davlat maktabgacha va umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlari pedagog kadrlarini kasbiy sertifikatlash boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga
3-ILOVA

Davlat maktabgacha va umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlari pedagog kadrlarining kasbiy sertifikatlashdan oʻtganligi toʻgʻrisidagi sertifikatning davlat namunasi
 

OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT GERBINING TASVIRI

OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MAKTABGACHA VA MAKTAB TAʼLIMI VAZIRLIGI

DAVLAT MAKTABGACHA VA UMUMIY OʻRTA TAʼLIM TASHKILOTLARI PEDAGOG KADRLARINING KASBIY SERTIFIKATLASHDAN OʻTGANLIGI TOʻGʻRISIDA

SERTIFIKAT

Sertifikat seriyasi

Sertifikat raqami

Pedagog kadr toʻgʻrisida maʼlumot:

Pedagog kadrning shaxsiy kodi

Familiyasi

Ismi

Otasining ismi

Tugʻilgan vaqti

Ish joyi

Tayyorlov yoki taʼlim yoʻnalishi, mutaxassislik yoki ixtisoslik nomi

Pedagogik mahorat boʻyicha (nazorat) sinovi natijasi

Oʻquv (maxsus) fani (mutaxassisligi) boʻyicha (nazorat) sinovi natijasi

Jami toʻplangan ball

Berilgan sana

Sertifikatni imzolagan shaxs

QR-kod

(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 24-noyabrdagi 740-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.11.2025-y., 09/25/740/1090-son)
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.02.2024-y., 09/24/87/0120-son; 01.03.2025-y., 09/25/130/0199-son; 19.06.2025-y., 09/25/378/0518-son; 26.11.2025-y., 09/25/740/1090-son; 02.02.2026-y., 09/26/35/0101-son; 17.04.2026-y., 09/26/175/0373-son; 25.06.2026-y., 09/26/321/0621-son)