1.10.00.00.00 Tashqi iqtisodiy faoliyat. Bojxona ishi / 10.01.00.00 Tashqi iqtisodiy faoliyat sohasidagi umumiy qoidalar / 10.01.01.00 Umumiy masalalar. Tashqi iqtisodiy aloqalar subyektlari]
[TSZ:
1.Tashqi iqtisodiy faoliyat. Bojxona / Tashqi iqtisodiy faoliyatni davlat tomonidan tartibga solish]
Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING TAShQI IQTISODIY FAOLIYATI TOʻGʻRISIDA
LexUZ sharhi
Mazkur Qonun yangi tahrirda qabul qilingan. Oʻzbekiston Respublikasining 2000-yil 26-maydagi 77-II-son “Oʻzbekiston Respublikasining Tashqi iqtisodiy faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Qonuniga qarang.
Ushbu Qonun Oʻzbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy faoliyatining asosiy qoidalarini va bu faoliyatni amalga oshirish tartibini belgilaydi. Qonun mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, tashqi iqtisodiy aloqalar qatnashchilarining huquqlari, manfaatlari va mol-mulki xalqaro huquqning hamma tomonidan eʼtirof etilgan normalariga muvofiq muhofaza qilinishini taʼminlaydi, respublika iqtisodiyoti jahon iqtisodiy sistemasiga samarali ravishda qoʻshilishi uchun huquqiy asos yaratib beradi.
Ushbu Qonun tashqi iqtisodiy aloqalarning barcha turlari va shakllariga, shu jumladan iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlikka, kadrlar tayyorlashga, tashqi savdo va chegara savdosiga, sugʻurta, bank, transport operatsiyalariga, sayyohlikka va xalqaro iqtisodiy munosabatlar sohasidagi boshqa faoliyatga nisbatan amal qiladi.
I BOʻLIM. UMUMIY QOIDALAR
1-modda. Tashqi iqtisodiy faoliyat
Oʻzbekiston Respublikasining tashqi iqtisodiy faoliyati deganda Oʻzbekiston Respublikasi davlat idoralarining, yuridik va jismoniy shaxslarining xorijiy davlatlar, ularning yuridik va jismoniy shaxslari, xalqaro tashkilotlar bilan tashqi iqtisodiy hamkorlik oʻrnatishga, bunday hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan jami amaliy harakatlari tushuniladi.
2-modda. Oʻzbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy faoliyatning subyekti sifatida
Oʻzbekiston Respublikasi tasarrufiga:
tashqi iqtisodiy faoliyatni tashkil etishning qonun asoslarini belgilash;
tashqi iqtisodiy siyosatni, shu jumladan valyuta-kredit siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish, Oʻzbekiston Respublikasi valyuta fondini shakllantirish va undan foydalanish;
tashqi iqtisodiy iqtisodiy faoliyat sohasida xalqaro shartnomalar tuzish va ularni ijro etish;
Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida respublikaning, uning yuridik shaxslari va fuqarolarining iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish;
respublika hududida chet ellik investorlar faoliyati uchun huquqiy kafolatlarni belgilash;
Oʻzbekiston Respublikasi nomidan xalqaro iqtisodiy tashkilotlar va birlashmalarda vakillik qilish;
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasidan kelib chiqadigan boshqa vakolatlar kiradi.
3-modda. Oʻzbekiston Respublikasining SSR Ittifoqi, boshqa ittifoqdosh respublikalar bilan tashqi iqtisodiy faoliyat sohasidagi oʻzaro munosabatlari
Oʻzbekiston Respublikasi oʻzining tashqi iqtisodiy siyosatini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi qabul qilgan qonun hujjatlariga muvofiq mustaqil belgilaydi, SSR Ittifoqi va ittifoqdosh respublikalar bilan tashqi iqtisodiy faoliyatini shartnomalar va bitimlar asosida muvofiqlashtiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy faoliyatni yagona valyuta-moliya sistemasi va SSSR boj qonunlari negizida amalga oshiradi.
Hamma turdagi resurslar, xalq xoʻjaligining barcha tarmoqlari va sohalarida yaratiladigan tovarlar hamda koʻrsatiladigan xizmat, qimmatbaho qogʻozlar, fan-texnika mahsulotlari, intellektual va boshqa boyliklar. Oʻzbekiston Respublikasida tashqi iqtisodiy faoliyatning obyektlaridir, Oʻzbekiston Respublikasi va SSSR qonunlari bilan tashqi iqtisodiy faoliyatda foydalanish man etiladigan obyektlar bundan mustasno.
Mulkchilikning shakllaridan qatʼi nazar, Oʻzbekiston Respublikasida tashqi iqtisodiy aloqalarning ishtirokchilari sifatida roʻyxatga olinib, respublika hududida yoki uning tashqarisida ish olib borayotgan yuridik va jismoniy shaxslar, shu jumladan ajnabiy yuridik va jismoniy shaxslar, xalqaro tashkilotlar Oʻzbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy faoliyatining subyektlari boʻlishi mumkin.
Tashqi iqtisodiy aloqalar subyektlarini roʻyxatga olish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi. Roʻyxatga olishni rad etish konkret iqtisodiy yoki boshqa hisob-kitoblar va dalillar bilan asoslab berilishi kerak.
7-modda. Tashqi iqtisodiy faoliyatni tartibga soladigan qonun normalari va boshqa normalar
Oʻzbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy faoliyatini amalga oshirish bilan bogʻliq munosabatlar ushbu Qonun, Oʻzbekiston Respublikasining boshqa qonun hujjatlari, SSR Ittifoqi ixtiyoriga berilgan masalalarda SSR qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari hamda bitimlari, shuningdek xalqaro normalar, qoidalar va shartlar bilan tartibga solinadi.
8-modda. Qoraqalpogʻiston Respublikasining tashqi iqtisodiy faoliyat sohasidagi vakolatlari
Qoraqalpogʻiston Respublikasining tashqi iqtisodiy faoliyat sohasidagi vakolatlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Konstitutsiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi va Qoraqalpogʻiston Respublikasi qonunlari bilan belgilanadi.
9-modda. Tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlarining huquqlari
Mulkchilikning shakllari va tashqi iqtisodiy faoliyatning turlaridan qatʼi nazar, tashqi iqtisodiy faoliyatning barcha subyektlari tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishda teng huquqlarga egadir.
Tashqi iqtisodiy faoliyatning har bir subyekti amal qilib turgan qonunlar doirasida tashqi iqtisodiy aloqalardagi oʻz ishtirokining turlari, shakllari va yoʻnalishlarini mustaqil belgilashi, oʻz xohishiga qarab tashqi iqtisodiy faoliyatini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan yuridik va jismoniy shaxslarni belgilangan tartibda shartnoma asosida yoki boshqacha tarzda haq toʻlab yoxud toʻlamasdan jalb etishi mumkin.
Tashqi iqtisodiy faoliyatining har bir subyekti Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq tashqi iqtisodiy faoliyatning natijalariga, shu jumladan chet el valyutasidagi daromadga egalik qilishga, ulardan foydalanishga va ularni tasarruf etishga haqlidir. Uning qaroriga koʻra tashqi iqtisodiy faoliyatning natijalariga egalik qilish, ulardan foydalanish va ularni tasarruf etish huquqlari qonunlarda belgilangan tartibda boshqa yuridik va jismoniy shaxslarga oʻtkazilishi yoxud ularga ishonib topshirilishi mumkin. Huquqlar ana shu tarzda oʻzgaga oʻtkaziladigan taqdirda tomonlar oʻzaro munosabatlarni shartnomalar (bitimlar) asosida tartibga oladilar.
10-modda. Tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlarining vazifalari
Tashqi iqtisodiy faoliyat subyekti:
Oʻzbekiston Respublikasi hududida amal qilib turgan qonun normalari va oʻzga normalarga, hamma tomonidan eʼtirof etilgan xalqaro normalar va qoidalarga rioya etishi;
belgilangan tartibda tashqi iqtisodiy aloqalarning ishtirokchisi sifatida roʻyxatdan oʻtishi hamda buxgalteriya va statistika hisobotlarini taqdim etishi;
xalqaro hamkorlik doiralarida bajarilayotgan ishlar, qidiruv ishlari loyihalarining sanitariya-gigiyena, ekologiya talablari va boshqa talablarga muvofiqligi haqida ekspertiza xulosasini olishi;
roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tashqi iqtisodiy faoliyatning ayrim turlarini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyaga ega boʻlishi shart.
11-modda. Oʻzbekiston Respublikasi banklarining tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishdagi ishtiroki
Oʻzbekiston Respublikasining toʻlov balansini tartibga solish, chet el valyutasidagi mablagʻlarni jalb etish va joylashtirish bilan bogʻliq xalqaro valyuta-kredit hamda hisob-kitob operatsiyalarining tartibi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari bilan belgilanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi hududida tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlariga xizmat koʻrsatish boʻyicha hisob-kitob-kredit, kassa operatsiyalari va boshqa operatsiyalar Oʻzbekiston Respublikasi davlat bankining litsenziyalari boʻyicha ajnabiy yuridik va jismoniy shaxslar uchun soʻm bilan yuritiladigan hisob raqamlari, sovet fuqarolari uchun esa valyuta bilan yuritiladigan hisob raqamlarini ochish huquqiga ega boʻlgan tijorat banklari, boshqa banklar va bank muassasalari tomonidan amalga oshiriladi.
12-modda. Oʻzbekiston Respublikasi va SSR Ittifoqi hududidan tashqaridagi iqtisodiy faoliyat
Oʻzbekiston Respublikasining yuridik shaxslari va ayrim fuqarolari Oʻzbekiston Respublikasi va SSR Ittifoqi hududidan tashqarida tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish, shu jumladan yuridik shaxs huquqiga ega boʻlgan korxonalar, shuningdek shuʼbalar, vakolatxonalar va boshqa alohida boʻlinmalar barpo etishga haqlidirlar. Ularni ochish va ular faoliyatini toʻxtatish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi tomonidan, shuningdek hududida bu korxonalar ish olib boradigan davlatning qonunlari bilan belgilanadi.
Oʻzbekiston Respublikasining, uning yuridik shaxslari va fuqarolarining huquq hamda manfaatlarini taʼminlash, tashqi iqtisodiy faoliyat sohasida bevosita oʻzaro foydali aloqalarni oʻrnatish maqsadida xorijiy davlatlarda xalqaro tashkilotlar huzurida Oʻzbekiston Respublikasining savdo yoki oʻzga vakolatxonalari yohud SSSRning savdo yoki boshqa vakolatxonalari huzurida respublika vakolatxonalari taʼsis etilishi mumkin. Bu vakolatxonalar oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga, oʻzlari toʻgʻrisidagi nizomga, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi hamda vakolatxona joylashgan davlatlar ishtirokchi boʻlgan xalqaro shartnomalarga amal qiladi. Oʻzbekiston Respublikasining chet eldagi vakolatxonalari toʻgʻrisidagi nizomni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi tasdiqlaydi.
13-modda. Oʻzbekiston Respublikasi hududida ajnabiy subyektlar ishtirokida tashqi iqtisodiy faoliyat
Oʻzbekiston Respublikasi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq chet el investitsiyasi ishtirokidagi korxonalar, sovet yuridik shaxslari hamda fuqarolari va ajnabiy yuridik shaxslar hamda fuqarolar ishtirokida xalqaro tashkilotlar tuzilishi mumkin.
Chet davlatlar, firmalar, banklar, xalqaro tashkilotlar hamda oʻzga yuridik shaxslar Oʻzbekiston Respublikasida tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshiruvchi oʻz vakolatxonalarini, shuʼbalarini va oʻzga tarmoq boʻlinmalarini taʼsis etishlari mumkin.
Ularni ochish va ular faoliyatini toʻxtatish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Oʻzbekiston Respublikasida erkin iqtisodiy tadbirkorlik zonalari tuzilishi mumkin. Bu tadbirkorlik zonalarida konsessiya shartnomalari boʻyicha tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish shartlari Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari bilan belgilanadi.
1.10.00.00.00 Tashqi iqtisodiy faoliyat. Bojxona ishi / 10.01.00.00 Tashqi iqtisodiy faoliyat sohasidagi umumiy qoidalar / 10.01.02.00 Tashqi iqtisodiy faoliyatning boshqaruvi]
III. TAShQI IQTISODIY FAOLIYATNING DAVLAT TOMONIDAN TARTIBGA SOLINIShI
14-modda. Tashqi iqtisodiy faoliyatni davlat tomonidan tartibga solish shakllari
Tashqi iqtisodiy faoliyatni davlat tomonidan tartibga solish:
tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlarini roʻyxatdan oʻtkazishni;
tabaqalashtirilgan soliqlar va imtiyozlar sistemasini, shu jumladan valyuta boʻyicha ham belgilashni;
tashqi iqtisodiy faoliyatni axborot bilan taʼminlashning davlat sistemasini yaratishni;
ayrim mintaqalar, tarmoqlar va korxonalarning tashqi iqtisodiy faoliyatini amalga oshirish va rivojlantirishi uchun dotatsiyalar, subsidiyalar, subvensiyalar, budjetdan qarz berish tarzida moliyaviy yordam koʻrsatishni, tavakkalchilikni sugʻurta qilishni;
respublika tashqi iqtisodiy aloqalarining turli shakllarini rivojlantirishga qaratilgan aniq maqsadli kompleks dasturlarni ishlab chiqish, pul bilan taʼminlash va ekspertiza qilishni;
SSSR davlat chegarasi orqali Oʻzbekiston Respublikasiga olib kelinadigan va Oʻzbekiston Respublikasidan olib chiqib ketiladigan tovarlar va boshqa mol-mulklarni hujjatlashtirishni;
mahsulotni (ishlarni, xizmatlarni) eksport va import qilish tartibini belgilashni;
valyuta va boshqa fondlar mablagʻlarini vujudga keltirish va ulardan foydalanishni oʻz ichiga oladi.
15-modda. Tashqi iqtisodiy faoliyatni tartibga solish sohasida davlat idoralarining vakolatlari va masʼuliyati
Ushbu Qonunning ijrosini tashkil etishni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi vakolatli davlat idoralari orqali amalga oshiradi.
Bu idoralarning tashqi iqtisodiy faoliyatni tartibga solish sohasidagi vakolatlari va masʼuliyati amaldagi qonunlar bilan belgilanadi.
Tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlarining xoʻjalik faoliyatiga hokimiyat idoralari va davlat boshqaruvi idoralarining, shuningdek mansabdor shaxslarning oʻz vakolat doirasidan ortiqroq darajada aralashuviga yoʻl qoʻyilmaydi.
16-modda. Valyuta bilan oʻz xarajatlarini oʻzi qoplash
Tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlarining barcha valyuta xarajatlari ularning valyuta tushumlari, shuningdek chet el valyutasini olishning qonunlarda ruxsat etilgan boshqa manbalaridan kelgan mablagʻlar hisobidan taʼminlanadi.
Tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlarining oʻz xarajatlarini valyuta bilan oʻzi qoplashi ular ishtirokida yaratiladigan uyushmalar, konsorsiumlar va boshqa birlashmalar doirasida taʼminlanishi mumkin.
IV. TAShQI IQTISODIY FAOLIYAT SUBYEKTLARI HUQUQLARINING KAFOLATI VA ULARNING JAVOBGARLIGI
17-moddasi. Tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlari huquq va manfaatlarining kafolati
Oʻzbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlarining qonuniy manfaatlari taʼminlanishiga kafolat beradi.
Oʻzbekiston Respublikasining davlat idoralari tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlarining ushbu Qonunda belgilangan huquqlarini buzuvchi hujjatlar qabul qilgan taqdirda, ularda keltirilgan zarar Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga va hamma tomonidan eʼtirof etilgan xalqaro huquq normalariga muvofiq sud tartibida shu idoralar tomonidan tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlariga toʻlanadi.
18-modda. Tashqi iqtisodiy faoliyatni toʻxtatib turish va toʻxtatish
Ushbu Qonunning 6-moddasida belgilab qoʻyilgan subyektlarning tashqi iqtisodiy faoliyati ularni roʻyxatga olgan idoraning taqdimnomasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi tomonidan 6 (olti) oygacha muddatga toʻxtatib turilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari buzilgan, subyekt singan hollarda hamda roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan boshqa asoslarga koʻra subyektlarning tashqi iqtisodiy faoliyati mustaqil ravishda yoki sud qarori bilan toʻxtatib qoʻyilishi mumkin. Bunday hollarda zararni qoplash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari bilan belgilanadi.
Tashqi iqtisodiy faoliyatni toʻxtatib turish yoki toʻxtatish haqidagi qaror ustidan sud tartibida shikoyat berilishi mumkin.
19-modda. Tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlarining javobgarligi
Tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlarining majburiyatlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi javobgar boʻlmaydi. Tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlari Oʻzbekiston Respublikasi majburiyatlari boʻyicha javobgar boʻlmaydilar.
Shartnoma majburiyatlariga rioya etmagan taqdirda tashqi iqtisodiy faoliyatning subyektlari qonunlarda va tuzilgan shartnomalarda koʻzda tutilgan mulkiy va boshqacha javobgar boʻladilar.
Shartnoma talablarini buzganlik uchun jarimalarni toʻlash, shuningdek keltirilgan zararni qoplash aybdor tomonni majburiyatlarni bajarishdan ozod etmaydi, basharti qonunda yoki shartnomada oʻzga hol nazarda tutilmagan boʻlsa.
Tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish natijasida kelib chiqadigan nizolar sudlar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarida va hamma tomonidan eʼtirof etilgan xalqaro huquq normalarida belgilangan tartibda koʻrib chiqiladi.
21-modda. Tashqi iqtisodiy faoliyat toʻgʻrisidagi qonunlarni buzganlik uchun javobgarlik
Ushbu Qonunning va tashqi iqtisodiy faoliyat toʻgʻrisidagi boshqa qonun hujjatlarining qoidalarini buzganlik uchun aybdorlar Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq grajdanlik-huquqiy, maʼmuriy tartibda va jinoiy javobgar boʻladilar.