toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
Sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartirishlar kiritish haqida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2023-yil 1-avgustda qabul qilingan
Senat tomonidan 2023-yil 27-oktabrda maʼqullangan
Keyingi yillarda mamlakatimizda qonun ustuvorligini taʼminlash, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini roʻyobga chiqarish va jamiyatda adolatni qaror toptirish maqsadida sud-huquq sohasini tubdan isloh etishga doir keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, huquqni qoʻllash amaliyotini tahlil qilish natijalariga koʻra sud ishlarini yuritish jarayoniga yangi institutlar joriy etildi, fuqarolarning huquqlari ishonchli himoya qilinishini taʼminlash maqsadida yarashuv, dastlabki eshituv, shuningdek sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirish kabi institutlar takomillashtirildi. Olib borilgan ishlar natijasida odil sudlovni amalga oshirish jarayonida shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish darajasi yangi bosqichga chiqdi.
Shu bilan birga bugungi kunda sud qarorlarini qayta koʻrish institutining tahlili mazkur institutni takomillashtirish zarurligini koʻrsatmoqda.
Mazkur Qonun bilan Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga tuman, shahar sudlari tomonidan birinchi instansiyada koʻrilgan ishlar viloyat sudlarida va ularga tenglashtirilgan sudlarda apellatsiya yoki kassatsiya tartibida, viloyat sudlari va ularga tenglashtirilgan sudlar tomonidan apellatsiya yoki kassatsiya tartibida koʻrilgan ishlar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼatida taftish tartibida qayta koʻrilishini nazarda tutuvchi oʻzgartirishlar kiritilmoqda.
Ushbu Qonun sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirish mexanizmini yanada takomillashtirishga, fuqarolarning shikoyat qilish huquqidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga hamda ularning buzilgan huquqlari va erkinliklari, shuningdek qonuniy manfaatlari ishonchli himoya qilinishini taʼminlashga xizmat qiladi.
1-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 1994-yil 22-sentabrda qabul qilingan 2015-XII-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1995-yil, № 3, 6-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-yil, № 9, 193-modda, № 12, 269-modda; 1996-yil, № 5-6, 69-modda, № 9, 144-modda; 1997-yil, № 2, 56-modda, № 4-5, 126-modda, № 9, 241-modda; 1998-yil, № 3, 38-modda, № 5-6, 102-modda, № 9, 181-modda; 1999-yil, № 1, 20-modda, № 5, 124-modda, № 9, 229-modda; 2000-yil, № 5-6, 153-modda, № 7-8, 217-modda; 2001-yil, № 1-2, 23-modda, № 9-10, 165, 182-moddalar; 2002-yil, № 1, 20-modda, № 9, 165-modda; 2003-yil, № 1, 8-modda, № 5, 67-modda, № 9-10, 149-modda; 2004-yil, № 1-2, 18-modda, № 5, 90-modda, № 9, 171-modda; 2005-yil, № 1, 18-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2005-yil, № 9, 312-modda, № 12, 413, 417, 418-moddalar; 2006-yil, № 6, 261-modda, № 9, 498-modda, № 10, 536-modda, № 12, 656, 659-moddalar; 2007-yil, № 4, 158, 159, 164, 165-moddalar, № 9, 416, 421-moddalar, № 12, 596, 604, 607-moddalar; 2008-yil, № 4, 181, 189, 192-moddalar, № 9, 486, 488-moddalar, № 12, 640, 641-moddalar; 2009-yil, № 1, 1-modda, № 9, 334, 335, 337-moddalar, № 10, 380-modda, № 12, 462, 468, 470, 472, 474-moddalar; 2010-yil, № 5, 175, 179-moddalar, № 6, 231-modda, № 9, 335, 339, 341-moddalar, № 10, 380-modda, № 12, 468, 473, 474-moddalar; 2011-yil, № 1, 1-modda, № 4, 104, 105-moddalar, № 9, 247, 252-moddalar, № 12/2, 365-modda; 2012-yil, № 4, 108-modda, № 9/1, 242-modda, № 12, 336-modda; 2013-yil, № 4, 98-modda, № 10, 263-modda; 2014-yil, № 1, 2-modda, № 5, 130-modda, № 9, 244-modda, № 12, 341, 343-moddalar; 2015-yil, № 6, 228-modda, № 8, 310, 312-moddalar, № 12, 452-modda; 2016-yil, № 1, 2-modda, № 4, 125-modda, № 9, 276-modda, № 12, 383, 385-moddalar; 2017-yil, № 4, 137-modda, № 6, 300-modda, № 9, 510-modda, № 10, 605-modda; 2018-yil, № 1, 1, 4, 5-moddalar, № 4, 224-modda, № 7, 430, 431, 432-moddalar, № 10, 671, 673, 679-moddalar; 2019-yil, № 1, 1, 3, 5-moddalar, № 2, 47-modda, № 3, 161, 165, 166-moddalar, № 5, 259, 261, 267, 268-moddalar, № 7, 386-modda, № 8, 469, 471-moddalar, № 9, 591, 592-moddalar, № 10, 674, 676-moddalar, № 11, 787, 791-moddalar, № 12, 880, 891-moddalar; 2020-yil, № 1, 4-modda, № 3, 203, 204-moddalar, № 7, 449-modda, № 9, 539, 540-moddalar, № 10, 593, 596-moddalar, № 11, 651-modda, № 12, 691-modda; 2021-yil, № 1, 5, 7, 12, 13, 14-moddalar, № 2, 142-modda, № 3, 217-modda, № 4, 290, 293-moddalar, 4-songa ilova, № 8, 800, 802, 803-moddalar, № 9, 903-modda, № 10, 966, 967, 968, 973-moddalar, № 11, 1066-modda; 2022-yil, № 1, 1, 2-moddalar, № 2, 80, 81-moddalar, № 3, 215, 216-moddalar, № 4, 337-modda, № 5, 464, 465, 466, 467-moddalar, № 8, 667-modda, № 10, 981, 984-moddalar, № 12, 1189-modda; 2023-yil, № 3, 184, 185, 188, 189-moddalar, № 4, 265, 266, 268-moddalar, № 5, 319, 320-moddalar) quyidagi oʻzgartirishlar kiritilsin:
1) 314-moddaning ikkinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish yuzasidan jinoyat ishlari boʻyicha sudning qarori ustidan apellatsiya, kassatsiya va taftish tartibida shikoyat berish ushbu Kodeksning XXIV1 bobida belgilangan tartibda amalga oshiriladi”;
2) 315-moddaning birinchi qismidagi “jinoyat ishlari boʻyicha tuman (shahar) sudining qarori ustidan esa apellatsiya instansiyasi sudiga” degan soʻzlar chiqarib tashlansin;
3) 317-modda birinchi qismining 1-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“jinoyat ishlari boʻyicha sud sudyasining qarori ustidan — ushbu Kodeksning XXIV1 bobida belgilangan tartibda apellatsiya, kassatsiya va taftish instansiyalari sudiga”;
4) XXIV1 bob quyidagi tahrirda bayon etilsin:
XXIV1 BOB. JINOYAT IShLARI BOʻYIChA SUDNING MAʼMURIY HUQUQBUZARLIK TOʻGʻRISIDAGI ISh YuZASIDAN QARORINING QONUNIYLIGI, ASOSLILIGI VA ADOLATLILIGINI TEKShIRISh
1-§. Apellatsiya instansiyasi sudida ish yuritish
3241-modda. Apellatsiya shikoyati (protesti) berish tartibi
Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish yuzasidan oʻziga nisbatan sudning qarori chiqarilgan shaxs, jabrlanuvchi, ularning qonuniy vakillari, advokat, shuningdek maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida bayonnoma tuzgan organ birinchi instansiya sudining qarori ustidan apellatsiya shikoyati berishga, prokuror esa protest keltirishga haqli. Apellatsiya shikoyati (protesti) bergan shaxslar oʻz vajlarini tasdiqlovchi qoʻshimcha materiallar taqdim etishga haqli.
Apellatsiya shikoyatining (protestining) nusxasi bir sutka ichida maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish yuzasidan oʻziga nisbatan sudning qarori chiqarilgan shaxsga, jabrlanuvchiga, ularning qonuniy vakillariga, advokatga, shuningdek maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida bayonnoma tuzgan organga yuboriladi. Koʻrsatilgan shaxslar ish bilan, shu jumladan qoʻshimcha materiallar bilan tanishishga, shuningdek sudga oʻz eʼtirozlarini taqdim etishga haqli.
Sudning maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish boʻyicha qarori ustidan shikoyat (protest) ish bilan birga uch sutka ichida apellatsiya instansiyasi sudiga yuborilishi lozim.
Sudning maʼmuriy qamoqqa olish yoki maʼmuriy tartibda chiqarib yuborish toʻgʻrisidagi qarori ustidan shikoyat (protest) apellatsiya instansiyasi sudiga shikoyat (protest) olingan kuni yuborilishi lozim.
Apellatsiya shikoyati (protesti) apellatsiya instansiyasi sudining nomiga yoʻllanadi, lekin maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish yuzasidan qarorni chiqargan sudga beriladi.
3242-modda. Apellatsiya tartibida ishlarni qayta koʻruvchi sudlar
Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi, viloyatlar, Toshkent shahar sudlari jinoyat ishlari boʻyicha tuman (shahar) sudlari tomonidan maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrish natijalari yuzasidan birinchi instansiya boʻyicha chiqarilgan qarorlarning qonuniyligi, asoslantirilganligi va adolatliligini apellatsiya tartibida tekshiradi.
3243-modda. Apellatsiya shikoyati (protesti) berish muddatlari
Birinchi instansiya sudining maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish boʻyicha qarori ustidan apellatsiya shikoyati (protesti) qaror oʻqib eshittirilgan kundan eʼtiboran oʻn sutka ichida, oʻziga nisbatan sud qarori chiqarilgan shaxs va jabrlanuvchi tomonidan esa, qarorning koʻchirma nusxalari ularga topshirilgan yoki ular tomonidan ushbu koʻchirma nusxalar olingan kundan eʼtiboran xuddi shu muddatda berilishi mumkin.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan muddat oʻtkazib yuborilgan taqdirda, apellatsiya shikoyati (protesti) beruvchi shaxsning iltimosnomasiga koʻra, qarorni chiqargan sud, agar muddatning oʻtkazib yuborilganligi sabablarini uzrli deb topsa, oʻtkazib yuborilgan muddatni tiklashga haqli boʻlib, bu haqda ajrim chiqariladi.
Sudning maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi qarori ustidan apellatsiya shikoyati (protesti) berish muddatini tiklash haqidagi iltimosnomani rad qilish toʻgʻrisida ajrim chiqariladi, uning ustidan xususiy shikoyat (xususiy protest) berilishi mumkin.
3244-modda. Apellatsiya shikoyatining (protestining) mazmuniga qoʻyiladigan talablar
Apellatsiya shikoyatida (protestida) quyidagilar koʻrsatilishi kerak:
1) shikoyat (protest) yuborilayotgan sudning nomi;
2) shikoyat (protest) bergan shaxs, uning protsessual mavqeyi, uning yashash joyi yoki joylashgan yeri toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
3) qaror chiqargan sudning nomi, qaror chiqarilgan sana, sud ishining raqami, ustidan shikoyat (protest) berilayotgan qaror qaysi shaxsga nisbatan chiqarilgan boʻlsa, oʻsha shaxs toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
4) shikoyat (protest) berayotgan shaxsning fikriga koʻra qarorning notoʻgʻriligi nimadan iborat ekanligi toʻgʻrisidagi vajlari, shuningdek uning iltimosining mazmuni;
5) shikoyat (protest) bergan shaxs oʻz talablarini asoslayotgan dalillar, xususan, birinchi instansiya sudi tomonidan tekshirilmagan dalillar;
6) yangidan taqdim etilayotgan dalillar va ularning birinchi instansiya sudiga taqdim etilmaganligining sababi;
7) shikoyatga (protestga) ilova qilinayotgan materiallar roʻyxati;
8) shikoyat (protest) berilgan sana, shikoyat (protest) bergan shaxsning imzosi.
Agar apellatsiya shikoyatining (protestining) mazmuni ushbu moddaning birinchi qismi talablariga javob bermasa va bu ishni keyinchalik mazmunan koʻrib chiqishga toʻsqinlik qilsa, birinchi instansiya sudining sudyasi apellatsiya shikoyatini (protestini) uni bergan shaxsga qaytarish toʻgʻrisida uch kunlik muddatda ajrim chiqarib, apellatsiya shikoyatini (protestini) yangidan tuzish uchun muddat belgilaydi.
Sudyaning apellatsiya shikoyatini (protestini) qaytarish toʻgʻrisidagi ajrimining talablari bajarilmagan va apellatsiya shikoyati (protesti) belgilangan vaqtda kelib tushmagan hollarda, u berilmagan deb hisoblanadi.
3245-modda. Apellatsiya shikoyatini (protestini) qaytarib olish
Sudning maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish boʻyicha qarori ustidan apellatsiya shikoyati bergan shaxs ushbu shikoyatni qaytarib olishga haqli. Apellatsiya protestini qaytarib olish huquqi protestni kiritgan prokurorga, shuningdek yuqori turuvchi prokurorga tegishlidir.
Oʻziga nisbatan sudning maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish boʻyicha qarori chiqarilgan shaxs oʻz advokatining apellatsiya shikoyatini qaytarib olishga haqli.
Maʼmuriy javobgarlikka tortilayotgan shaxsning advokati, qonuniy vakili oʻz shikoyatini faqat maʼmuriy javobgarlikka tortilayotgan shaxsning roziligi bilan qaytarib olishga haqli.
Apellatsiya shikoyatini (protestini) qaytarib olishga apellatsiya instansiyasi sudi qaror qabul qilish uchun alohida xonaga kirguniga qadar yoʻl qoʻyiladi.
Apellatsiya shikoyatini (protestini) qaytarib olish toʻgʻrisidagi hujjat ishda qoldiriladi.
3246-modda. Apellatsiya shikoyatini (protestini) koʻrib chiqish muddatlari
Birinchi instansiya sudining maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish boʻyicha qarori ustidan berilgan apellatsiya shikoyati (protesti) u ishning barcha materiallari bilan kelib tushgan kundan eʼtiboran oʻn besh sutka ichida apellatsiya instansiyasi sudi tomonidan koʻrilishi lozim.
Ushbu Kodeksning 512, 513, 514, 515, 516, 517, 518, 519-moddalarida nazarda tutilgan birinchi instansiya sudining maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha qarorlari ustidan berilgan apellatsiya shikoyatlari (protestlari) ishning barcha materiallari bilan kelib tushgan kundan eʼtiboran besh kunlik muddatda apellatsiya instansiyasi sudi tomonidan koʻrilishi lozim.
Birinchi instansiya sudining maʼmuriy qamoqqa olish yoki maʼmuriy tartibda chiqarib yuborish toʻgʻrisidagi qarori ustidan berilgan apellatsiya shikoyati (protesti) shikoyat (protest) berilgan paytdan eʼtiboran bir sutka ichida apellatsiya instansiyasi sudi tomonidan koʻrilishi lozim.
3247-modda. Sud xabarnomalari va chaqiruvlari
Ishda ishtirok etuvchi shaxslar apellatsiya shikoyati (protesti) koʻriladigan vaqt va joy haqida sud chaqiruv qogʻozlari, telefonogrammalar, telegrammalar va xabardor qilinganligi fakti qayd etilishini taʼminlaydigan boshqa aloqa vositalari orqali xabardor qilinadi.
3248-modda. Apellatsiya shikoyatini (protestini) koʻrish tartibi
Birinchi instansiya sudining maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish boʻyicha qarori ustidan berilgan apellatsiya shikoyati (protesti) apellatsiya instansiyasi sudining sudyasi tomonidan yakka tartibda koʻriladi.
Apellatsiya instansiyasi sudi maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni sud majlisida ushbu paragrafda belgilangan xususiyatlarni hisobga olgan holda, ushbu Kodeksning XXIII bobida nazarda tutilgan maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrish qoidalariga binoan koʻrib chiqadi.
Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish apellatsiya instansiyasida koʻrilayotganda sud majlisi ish boʻyicha raislik qiluvchi tomonidan ochiladi, u qanday ish va kimning apellatsiya shikoyati (protesti) boʻyicha koʻrilayotganligini eʼlon qiladi. Shundan keyin raislik qiluvchi sud tarkibini eʼlon qiladi, sud majlisi kotibining, shuningdek, agar sud majlisida ishtirok etayotgan boʻlsa, prokurorning, advokatning va tarjimonning familiyasini, ismini, otasining ismini maʼlum qiladi.
Raislik qiluvchi ishda ishtirok etuvchi qaysi shaxslar, ularning vakillari kelganligini, hozir boʻlganlarning shaxsini aniqlaydi, mansabdor shaxslar va vakillarning vakolatlarini tekshiradi, ishda ishtirok etayotgan shaxslarga ularning huquq va majburiyatlarini tushuntiradi, berilgan iltimosnomalarni hal qiladi.
Sud majlisining vaqti va joyi toʻgʻrisida lozim darajada xabardor qilingan shaxslarning kelmaganligi ishni apellatsiya tartibida koʻrish uchun monelik qilmaydi.
Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni apellatsiya instansiyasi sudida koʻrish sud majlisida raislik qiluvchi sudyaning maʼruzasi bilan boshlanadi. Maʼruza davomida maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish holatlari, birinchi instansiya sudi qarorining mazmuni, apellatsiya shikoyati (protesti) vajlari bayon etiladi.
Maʼruzadan keyin sud majlisida hozir boʻlgan, ishda ishtirok etuvchi shaxslarning, ularning vakillarining tushuntirishlari eshitiladi. Apellatsiya shikoyati bergan shaxs yoki uning vakili yoxud agar prokuror apellatsiya protesti bergan boʻlsa, prokuror birinchi boʻlib soʻzga chiqadi.
Apellatsiya instansiyasi sudi ishda ishtirok etuvchi shaxslarning soʻzlarini eshitib, tegishli iltimosnomalar mavjud boʻlganda yoki oʻz tashabbusiga koʻra ishdagi mavjud va sudga taqdim etilgan (sud tomonidan talab qilib olingan) yangi dalillarni tekshiradi.
Sud apellatsiya shikoyatining (protestining) vajlari bilan chegaralanmay, unga ilova qilingan qoʻshimcha materiallarni hamda maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish materiallarini toʻliq hajmda tekshiradi.
Apellatsiya instansiyasi sudi ish holatlarini aniqlashtirishni va dalillarni tekshirishni tamomlagach, ishda ishtirok etayotgan shaxslarga ular sudda tushuntirishlar bergan ketma-ketlikda muzokaralarda chiqish imkoniyatini yaratadi.
Sud muzokaralari tugallangach, sudya qaror qabul qilish uchun alohida xonaga kiradi.
Ishni apellatsiya tartibida koʻrib chiqish natijalari boʻyicha qaror qabul qilinadi.
3249-modda. Apellatsiya instansiyasi sudining vakolatlari
Birinchi instansiya sudining qarori ustidan apellatsiya shikoyatini (protestini) koʻrib chiqish natijalariga koʻra, apellatsiya instansiyasi sudi quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:
1) birinchi instansiya sudi qarorini oʻzgarishsiz, apellatsiya shikoyatini (protestini) esa qanoatlantirmay qoldirish toʻgʻrisida;
2) birinchi instansiya sudi qarorini, shuningdek organning (mansabdor shaxsning) qarorini bekor qilish va ishni maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida bayonnoma tuzgan organga (mansabdor shaxsga) qaytarish haqida;
3) birinchi instansiya sudi qarorini oʻzgartirish yoki bekor qilish va yangi qaror chiqarish toʻgʻrisida;
4) birinchi instansiya sudi qarorini bekor qilish va ish yuritishni tugatish toʻgʻrisida;
5) jazo chorasini kuchaytirmagan holda uni maʼmuriy huquqbuzarlik uchun javobgarlik toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatida nazarda tutilgan doirada oʻzgartirish haqida;
6) apellatsiya shikoyati (protesti) qaytarib olinishi munosabati bilan apellatsiya ish yuritishini tugatish toʻgʻrisida.
Apellatsiya instansiyasi sudining qarori chiqarilganidan keyin darhol oʻqib eshittiriladi.
Apellatsiya instansiyasi sudining qarori ustidan taftish tartibida shikoyat (protest) berilishi mumkin.
32410-modda. Apellatsiya instansiyasi sudining qarori
Apellatsiya instansiyasi sudining qarorida quyidagilar koʻrsatilishi kerak:
1) qaror chiqargan sudning nomi va tarkibi;
2) sud ishining raqami, qaror chiqarilgan sana va joy;
3) qaror chiqarilgan ish;
4) apellatsiya shikoyati (protesti) bergan shaxs (familiyasi, ismi, otasining ismi);
5) shikoyat berilgan (protest keltirilgan) sud hujjatlarining mazmuni;
6) sudning apellatsiya shikoyatini (protestini) koʻrib chiqish natijalari yuzasidan xulosalari hamda sud amal qilgan qonunlarga va boshqa qonunchilik hujjatlariga havolalar.
Apellatsiya instansiyasi sudining qarori sudya tomonidan imzolanadi.
Apellatsiya instansiyasi sudining qarori chiqarilgan kundan eʼtiboran qonuniy kuchga kiradi.
Apellatsiya instansiyasi sudining qarori uni chiqargan sudga chiqarilgan kundan eʼtiboran uch sutkadan kechiktirmay ish bilan birga ijro etish uchun yuboriladi.
32411-modda. Apellatsiya instansiyasi sudi qarorining nusxasini yuborish (topshirish)
Apellatsiya instansiyasi sudining qarori chiqarilganidan keyin uning koʻchirma nusxasi oʻziga nisbatan maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish boʻyicha qaror chiqarilgan shaxsga, maʼmuriy huquqbuzarlik haqida bayonnoma tuzgan organga uch sutkagacha boʻlgan muddatda topshiriladi yoki yuboriladi, shuningdek jabrlanuvchiga oʻz soʻroviga binoan ushbu muddatda topshiriladi yoki yuboriladi.
Sudning maʼmuriy qamoqqa olish yoki maʼmuriy tartibda chiqarib yuborish toʻgʻrisidagi qarori ustidan berilgan apellatsiya shikoyatini (protestini) koʻrib chiqish natijalari yuzasidan chiqarilgan qaror u qabul qilingan kuni qarorni ijro etuvchi organning, mansabdor shaxsning, shuningdek oʻziga nisbatan qaror qabul qilingan shaxsning va jabrlanuvchining eʼtiboriga yetkaziladi.
2-§. Kassatsiya instansiyasi sudida ish yuritish
32412-modda. Kassatsiya tartibida sud hujjatlarini koʻrish
Kassatsiya tartibida birinchi instansiya sudining maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha qarorlari, agar ular apellatsiya tartibida koʻrilmagan boʻlsa, koʻrilishi mumkin.
32413-modda. Kassatsiya shikoyati berish (protest keltirish) huquqi
Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish boʻyicha oʻziga nisbatan sud qarori chiqarilgan shaxs, jabrlanuvchi, ularning qonuniy vakillari, advokat va maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida bayonnoma tuzgan organ sud hujjatlari ustidan, agar ish apellatsiya tartibida koʻrilmagan boʻlsa, apellatsiya tartibida shikoyat berish muddati oʻtgach, kassatsiya tartibida shikoyat berish huquqiga ega.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori, uning oʻrinbosarlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi prokurori, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar, shaharlar prokurorlari va ularga tenglashtirilgan prokurorlar, shuningdek ularning oʻrinbosarlari sud hujjatlari ustidan, agar ish apellatsiya tartibida koʻrilmagan boʻlsa, apellatsiya tartibida protest keltirish muddati oʻtgach, kassatsiya tartibida protest keltirishga haqli.
Ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida koʻrsatilgan shaxslar kassatsiya shikoyatida (protestida) bayon etilgan vajlarni tasdiqlovchi qoʻshimcha materiallar taqdim etishga haqli.
32414-modda. Kassatsiya shikoyati (protesti) berish tartibi va muddati
Kassatsiya shikoyati (protesti):
1) jinoyat ishlari boʻyicha tuman (shahar) sudlarining qarorlari ustidan — Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudiga, viloyatlar, Toshkent shahar sudlariga;
2) hududiy harbiy sudlarning qarorlari ustidan — Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudiga berilishi mumkin.
Kassatsiya shikoyatlari (protestlari) qaror chiqargan sud orqali beriladi. Shikoyat (protest) bevosita kassatsiya instansiyasi sudiga berilgan taqdirda, sud ularni qaror chiqargan sudga ushbu Kodeksning 3241-moddasida bayon etilgan talablarni bajarish uchun yuboradi.
Kassatsiya shikoyati (protesti) birinchi instansiya sudining qarori chiqarilgan kundan eʼtiboran olti oy ichida berilishi mumkin.
Ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan muddat oʻtkazib yuborilgan taqdirda, kassatsiya instansiyasi sudi kassatsiya shikoyati (protesti) berayotgan shaxsning iltimosnomasiga asosan, agar uni oʻtkazib yuborish sabablarini uzrli deb topsa, oʻtkazilgan muddatni tiklashga haqli boʻlib, bu haqda ajrim chiqariladi.
32415-modda. Kassatsiya shikoyatining (protestining) mazmuniga qoʻyiladigan talablar
Kassatsiya shikoyatining (protestining) mazmuni ushbu Kodeksning 3244-moddasi talablariga javob berishi kerak.
Agar mazkur talablar bajarilmasa, sud ushbu Kodeks 3244-moddasining ikkinchi va uchinchi qismlarida nazarda tutilgan qarorlardan birini qabul qiladi.
32416-modda. Kassatsiya shikoyatini (protestini) koʻrib chiqish muddatlari
Birinchi instansiya sudining maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish boʻyicha chiqarilgan qarori ustidan kassatsiya shikoyati (protesti) ushbu shikoyat (protest) ishning barcha materiallari bilan birga kelib tushgan kundan eʼtiboran oʻn besh sutka ichida kassatsiya instansiyasi sudi tomonidan koʻrib chiqilishi lozim.
32417-modda. Ishda ishtirok etuvchi shaxslarni xabardor qilish
Ishni birinchi instansiyada koʻrib chiqqan sud tomonidan kassatsiya shikoyati (protesti) kelib tushganligi toʻgʻrisida ishda ishtirok etuvchi shaxslar, agar shikoyat (protest) ularning manfaatlariga daxldor boʻlsa, uch kunlik muddatda xabardor qilinadi.
Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan shaxslarga kassatsiya shikoyatining (protestining) nusxasi yoki uning elektron nusxasi bilan qaror chiqargan sudning internet-resursi orqali tanishish imkoniyati toʻgʻrisidagi xabarnoma yuboriladi. Bunda taraflarga kassatsiya shikoyatiga (protestiga) doir oʻz eʼtirozlarini yozma shaklda yoxud elektron hujjat tarzida taqdim etish huquqi eʼtirozlarni taqdim etish muddati koʻrsatilgan holda tushuntiriladi. Kassatsiya shikoyati (protesti) yuzasidan kelib tushgan eʼtirozlar ishga qoʻshib qoʻyiladi.
Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan shaxslar ish kassatsiya instansiyasi sudiga koʻrib chiqish uchun kiritilganligi toʻgʻrisida birinchi instansiya sudi tomonidan xabardor qilinadi.
32418-modda. Kassatsiya shikoyatini (protestini) qaytarib olish
Sudning maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish boʻyicha qarori ustidan kassatsiya shikoyatini bergan shaxs uni qaytarib olishga haqli. Kassatsiya protestini qaytarib olish huquqi protestni kiritgan prokurorga, shuningdek yuqori turuvchi prokurorga tegishlidir.
Oʻziga nisbatan sudning maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish boʻyicha qarori chiqarilgan shaxs oʻz advokatining kassatsiya shikoyatini qaytarib olishga haqli.
Maʼmuriy javobgarlikka tortilgan shaxsning advokati, qonuniy vakili oʻz kassatsiya shikoyatini faqat maʼmuriy javobgarlikka tortilgan shaxsning roziligi bilan qaytarib olishga haqli.
Kassatsiya shikoyatini (protestini) qaytarib olishga kassatsiya instansiyasi sudi qaror qabul qilish uchun alohida xonaga kirguniga qadar yoʻl qoʻyiladi.
Kassatsiya shikoyatini (protestini) qaytarib olishda kassatsiya instansiyasi sudi qaror chiqaradi va bu qaror bilan, agar sud qarori ustidan boshqa shaxslar shikoyat qilmagan boʻlsa, kassatsiya tartibida ish yuritishni tugatadi.
Kassatsiya shikoyatini (protestini) qaytarib olish toʻgʻrisidagi hujjat ishda qoldiriladi.
32419-modda. Kassatsiya shikoyatini (protestini) koʻrib chiqish tartibi
Birinchi instansiya sudining maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish boʻyicha qarori ustidan berilgan kassatsiya shikoyati (protesti) kassatsiya instansiyasi sudining sudyasi tomonidan yakka tartibda koʻrib chiqiladi.
Kassatsiya instansiyasi sudi maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni sud majlisida ushbu paragrafda belgilangan xususiyatlarni hisobga olgan holda, ushbu Kodeksning XXIII bobida nazarda tutilgan maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrish qoidalariga binoan koʻrib chiqadi.
Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish kassatsiya instansiyasida koʻrilayotganda sud majlisi ish boʻyicha raislik qiluvchi tomonidan ochiladi, u qanday ish va kimning kassatsiya shikoyati (protesti) boʻyicha koʻrilayotganligini eʼlon qiladi. Shundan keyin raislik qiluvchi sud tarkibini eʼlon qiladi, sud majlisi kotibining, shuningdek, agar sud majlisida ishtirok etayotgan boʻlsa, prokurorning, advokatning va tarjimonning familiyasini, ismini, otasining ismini maʼlum qiladi.
Raislik qiluvchi ishda ishtirok etuvchi qaysi shaxslar, ularning vakillari kelganligini aniqlashtiradi, hozir boʻlganlarning shaxsini aniqlaydi, mansabdor shaxslar va vakillarning vakolatlarini tekshiradi, ishda ishtirok etayotgan shaxslarga ularning huquq va majburiyatlarini tushuntiradi, bildirilgan iltimosnomalarni hal qiladi.
Sud majlisining vaqti va joyi toʻgʻrisida lozim darajada xabardor qilingan shaxslarning kelmaganligi ishni kassatsiya tartibida koʻrish uchun monelik qilmaydi.
Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni kassatsiya instansiyasi sudida koʻrish sud majlisida raislik qiluvchi sudyaning maʼruzasi bilan boshlanadi. Maʼruza davomida maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish holatlari, birinchi instansiya sudi qarorining mazmuni, kassatsiya shikoyati (protesti) vajlari bayon etiladi.
Maʼruzadan keyin sud majlisida hozir boʻlgan, ishda ishtirok etuvchi shaxslarning, ular vakillarining tushuntirishlari eshitiladi. Kassatsiya shikoyati bergan shaxs yoki uning vakili yoxud, agar prokuror kassatsiya protesti bergan boʻlsa, prokuror birinchi boʻlib soʻzga chiqadi.
Kassatsiya instansiyasi sudi ishda ishtirok etuvchi shaxslarning soʻzlarini eshitib, tegishli iltimosnomalar mavjud boʻlganda yoki oʻz tashabbusiga koʻra ishdagi mavjud va sudga taqdim etilgan (sud tomonidan talab qilib olingan) yangi dalillarni tekshiradi.
Sud kassatsiya shikoyatining (protestining) vajlari bilan chegaralanmay, unga ilova qilingan qoʻshimcha materiallarni hamda maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish materiallarini toʻliq hajmda tekshiradi.
Kassatsiya instansiyasi sudi ish holatlarini aniqlashtirishni va dalillarni tekshirishni tamomlagach, ishda ishtirok etayotgan shaxslarga ular sudda tushuntirishlar bergan ketma-ketlikda muzokaralarda chiqish imkoniyatini yaratadi.
Sud muzokaralari tugallangach, sudya qaror qabul qilish uchun alohida xonaga kiradi.
Ishni kassatsiya tartibida koʻrib chiqish natijalari boʻyicha qaror qabul qilinadi.
Qarorning koʻchirma nusxalari kassatsiya shikoyati (protesti) bergan shaxsga va ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarga ushbu Kodeksning 32411-moddasida nazarda tutilgan tartibda yuboriladi.
32420-modda. Kassatsiya instansiyasi sudining vakolatlari
Birinchi instansiya sudining qarori ustidan kassatsiya shikoyatini (protestini) koʻrib chiqish natijalariga koʻra, kassatsiya instansiyasi sudi quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:
1) birinchi instansiya sudi qarorini oʻzgarishsiz, shikoyatni (protestni) esa qanoatlantirmay qoldirish toʻgʻrisida;
2) birinchi instansiya sudining qarorini, shuningdek organning (mansabdor shaxsning) qarorini bekor qilish va ishni maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida bayonnoma tuzgan organga (mansabdor shaxsga) qaytarish haqida;
3) birinchi instansiya sudi qarorini oʻzgartirish yoki bekor qilish va yangi qaror chiqarish toʻgʻrisida;
4) birinchi instansiya sudi qarorini bekor qilish va ish yuritishni tugatish toʻgʻrisida;
5) jazo chorasini kuchaytirmagan holda uni maʼmuriy huquqbuzarlik uchun javobgarlik toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatida nazarda tutilgan doirada oʻzgartirish haqida;
6) kassatsiya shikoyati (protesti) qaytarib olinishi munosabati bilan kassatsiya ish yuritishini tugatish toʻgʻrisida.
Kassatsiya instansiyasi sudining qarori chiqarilganidan keyin darhol oʻqib eshittiriladi.
Kassatsiya instansiyasi sudining qarori ustidan taftish tartibida shikoyat (protest) berilishi mumkin.
32421-modda. Sud hujjatini oʻzgartirish yoki bekor qilish uchun asoslar
Sud hujjatining noqonuniyligi, asoslantirilmaganligi va adolatsizligi sud hujjatini kassatsiya tartibida oʻzgartirish yoki bekor qilish uchun asos boʻladi.
Sudning mazmunan toʻgʻri boʻlgan hujjati faqat birgina yuzaki asoslarga koʻra bekor qilinishi mumkin emas.
32422-modda. Kassatsiya instansiyasi sudining qarori
Kassatsiya instansiyasi sudining qarorida quyidagilar koʻrsatilishi kerak:
1) qaror chiqargan sudning nomi va tarkibi;
2) sud ishining raqami, qaror chiqarilgan sana va joy;
3) qaror chiqarilgan ish;
4) kassatsiya shikoyati (protesti) bergan shaxs (familiyasi, ismi, otasining ismi);
5) shikoyat berilgan (protest keltirilgan) sud hujjatlarining mazmuni;
6) sudning kassatsiya shikoyatini (protestini) koʻrib chiqish natijalari yuzasidan xulosalari hamda sud amal qilgan qonunlarga va boshqa qonunchilik hujjatlariga havolalar.
Kassatsiya instansiyasi sudining qarori sudya tomonidan imzolanadi.
Kassatsiya instansiyasi sudining qarori chiqarilgan kundan eʼtiboran qonuniy kuchga kiradi.
Kassatsiya instansiyasi sudining qarori uni chiqargan sudga chiqarilgan kundan eʼtiboran uch sutkadan kechiktirmay ish bilan birga ijro etish uchun yuboriladi.
3-§. Taftish instansiyasi sudida ish yuritish
32423-modda. Taftish tartibida qayta koʻrilishi mumkin boʻlgan sud qarorlari
Jinoyat ishlari boʻyicha tuman (shahar) sudlarining, hududiy harbiy sudlarning apellatsiya yoki kassatsiya tartibida koʻrib chiqilgan qarorlari, shuningdek apellatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudining qarorlari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼati tomonidan taftish tartibida koʻrib chiqiladi.
32424-modda. Sud hujjatlari ustidan taftish tartibida shikoyat berish huquqiga ega boʻlgan shaxslar
Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish boʻyicha oʻziga nisbatan sud qarori chiqarilgan shaxs, jabrlanuvchi, ularning qonuniy vakillari, advokat va maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida bayonnoma tuzgan organ birinchi instansiya sudining apellatsiya yoki kassatsiya tartibida koʻrib chiqilgan qarorlari, shuningdek apellatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudining qarorlari ustidan taftish tartibida shikoyat berishga haqlidir.
32425-modda. Sud hujjatlari ustidan taftish tartibida protest keltirish huquqiga ega boʻlgan shaxslar
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori yoki uning oʻrinbosarlari birinchi instansiya sudining apellatsiya yoki kassatsiya tartibida koʻrib chiqilgan qarorlari, shuningdek apellatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudlarining qarorlari ustidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼatiga taftish tartibida protest keltirishga haqli.
32426-modda. Sud hujjatlarini taftish tartibida qayta koʻrib chiqishga yoʻl qoʻyiladigan muddat
Shikoyat (protest) apellatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudining qarori chiqarilgan kundan eʼtiboran olti oy ichida berilishi mumkin.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan muddat oʻtkazib yuborilgan taqdirda, taftish instansiyasi sudi shikoyat (protest) berayotgan shaxsning iltimosnomasiga koʻra, agar uni oʻtkazib yuborish sabablarini uzrli deb topsa, oʻtkazib yuborilgan muddatni tiklashga haqli boʻlib, bu haqda ajrim chiqariladi.
32427-modda. Taftish tartibida beriladigan shikoyatning (protestning) mazmuniga quyiladigan talablar
Taftish tartibidagi shikoyatda (protestda) quyidagilar koʻrsatilishi kerak:
1) shikoyat (protest) yuborilayotgan, ishni taftish tartibida koʻradigan sudning nomi;
2) shikoyat (protest) bergan shaxs, uning protsessual mavqeyi, uning yashash joyi yoki joylashgan yeri toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
3) sud ishining raqami, ustidan shikoyat (protest) berilayotgan qaror chiqarilgan sana, birinchi instansiya, apellatsiya, kassatsiya instansiyasi sudining nomi;
4) shikoyat (protest) berayotgan shaxsning fikriga koʻra qarorning notoʻgʻriligi nimadan iborat ekanligi toʻgʻrisidagi vajlari, shuningdek uning iltimosining mazmuni;
5) shikoyat (protest) bergan shaxs oʻz talablarini asoslayotgan dalillar;
6) shikoyatga (protestga) ilova qilinayotgan materiallar roʻyxati;
7) shikoyat (protest) berilgan sana, shikoyat (protest) bergan shaxsning imzosi.
32428-modda. Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni taftish tartibida tekshirish uchun talab qilib olish va shikoyatni (protestni) taftish tartibida koʻrib chiqish muddati
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining raisi va uning oʻrinbosarlari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining sudyasi maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni tekshirish uchun suddan taftish tartibida berilgan shikoyat (protest) boʻyicha talab qilib olishga haqli.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori va uning oʻrinbosarlari taftish tartibida protest keltirish toʻgʻrisidagi masalani hal etish uchun maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni suddan talab qilib olishga haqli. Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlarni talab qilib olish uchun ushbu Kodeksning 32424-moddasida koʻrsatilgan shaxslarning shikoyatlari sabab boʻladi.
Taftish tartibida berilgan shikoyat (protest) bir oygacha boʻlgan muddatda, maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish talab qilib olingan taqdirda esa ikki oygacha boʻlgan muddatda koʻrib chiqilishi lozim.
32429-modda. Taftish tartibida berilgan shikoyatni (protestni) qaytarib olish
Sudning maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish boʻyicha qarori ustidan taftish tartibidagi shikoyatni bergan shaxs uni qaytarib olishga haqli. Taftish tartibida berilgan protestni qaytarib olish huquqi protest keltirgan prokurorga, shuningdek yuqori turuvchi prokurorga tegishlidir.
Oʻziga nisbatan sudning maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish boʻyicha qarori chiqarilgan shaxs oʻz advokatining taftish tartibida berilgan shikoyatini qaytarib olishga haqli.
Maʼmuriy javobgarlikka tortilgan shaxsning advokati, qonuniy vakili oʻzining taftish tartibida berilgan shikoyatini faqat maʼmuriy javobgarlikka tortilayotgan shaxsning roziligi bilan qaytarib olishga haqli.
Taftish tartibida berilgan shikoyatni (protestni) qaytarib olishga taftish instansiyasi sudi alohida xonaga kirguniga qadar yoʻl qoʻyiladi.
Taftish tartibida berilgan shikoyatni (protestni) qaytarib olish toʻgʻrisidagi hujjat ishda qoldiriladi.
32430-modda. Taftish tartibida berilgan shikoyatni (protestni) koʻrib chiqmasdan qaytarish
Taftish tartibida berilgan shikoyat (protest) quyidagi hollarda koʻrib chiqilmasdan qaytariladi, agar:
1) shikoyat (protest) ushbu Kodeksning 32427-moddasida nazarda tutilgan talablarga javob bermasa;
2) shikoyat (protest) ushbu Kodeksning 32424 va 32425-moddalarida koʻrsatilgan shaxslar tomonidan berilmagan boʻlsa;
3) shikoyat (protest) belgilangan muddat oʻtkazilib berilgan boʻlsa;
4) taftish tartibida berilgan shikoyatni (protestni) qaytarib olish toʻgʻrisida ariza kelib tushgan boʻlsa;
5) maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish taftish tartibida koʻrilishi lozim boʻlmasa.
Ushbu modda birinchi qismining 1 va 2-bandlarida koʻrsatilgan holatlar bartaraf etilganidan keyin shikoyat (protest) bergan shaxs takroran umumiy asoslarda murojaat qilishga haqlidir.
32431-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼatiga kelib tushgan, taftish tartibida berilgan shikoyatlar boʻyicha qabul qilinadigan qarorlar
Taftish tartibida berilgan shikoyat unga ilova qilingan materiallar bilan birga, zarur boʻlgan hollarda esa ishni talab qilib olgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining sudyasi tomonidan oʻrganib chiqiladi.
Shikoyatni oʻrganib chiqish natijalari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining sudyasi oʻz ajrimi bilan quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:
1) sud qarorlarini taftish tartibida qayta koʻrib chiqish uchun asoslar mavjud emasligi toʻgʻrisida;
2) shikoyatni ish bilan birga koʻrib chiqish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼatiga oʻtkazish haqida.
Taftish tartibida shikoyat bergan shaxsga qabul qilingan qaror toʻgʻrisida uch sutka ichida xabar qilinadi.
32432-modda. Sud qarorlarini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼatida taftish tartibida qayta koʻrib chiqish uchun asoslar mavjud emasligi toʻgʻrisidagi ajrim
Sud qarorlarini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼatida taftish tartibida qayta koʻrib chiqish uchun asoslar mavjud emasligi toʻgʻrisidagi ajrimda quyidagilar koʻrsatilishi kerak:
1) ajrim chiqarilgan joy va sana;
2) ajrim chiqargan sudyaning familiyasi, ismi, otasining ismi;
3) taftish tartibida shikoyat bergan shaxs haqidagi maʼlumotlar;
4) qaror chiqargan birinchi instansiya, apellatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudining nomi, birinchi instansiya, apellatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudining qarori chiqarilgan sana;
5) taftish tartibida berilgan shikoyatning mazmuni;
6) taftish tartibidagi shikoyatni koʻrib chiqish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼatiga oʻtkazishni rad etish sabablari va asoslari.
Sud qarorlarini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼatida taftish tartibida qayta koʻrib chiqish uchun asoslar mavjud emasligi toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyasining ajrimi ustidan taftish tartibida shikoyat bergan shaxs tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisiga, uning oʻrinbosariga shikoyat qilinishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi, uning oʻrinbosari taftish tartibida shikoyat bergan shaxsning shikoyatiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyasining sud qarorlarini taftish tartibida qayta koʻrib chiqish uchun asoslar mavjud emasligi toʻgʻrisidagi ajrimini bekor qilish haqida ajrim chiqarishga va shikoyatni ish bilan birga taftish tartibida koʻrib chiqish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼatiga oʻtkazishga haqlidir.
32433-modda. Taftish tartibida berilgan shikoyatni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼatiga koʻrib chiqish uchun oʻtkazish toʻgʻrisidagi ajrim
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyasining taftish tartibida berilgan shikoyatni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼatiga koʻrib chiqish uchun oʻtkazish toʻgʻrisidagi ajrimida quyidagilar koʻrsatilishi kerak:
1) ajrim chiqarilgan joy va sana;
2) ajrim chiqargan sudyaning familiyasi, ismi, otasining ismi;
3) taftish tartibida shikoyat bergan shaxs haqidagi maʼlumotlar;
4) qaror chiqargan birinchi instansiya, apellatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudining nomi, birinchi instansiya, apellatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudining qarori chiqarilgan sana;
5) taftish tartibida berilgan shikoyatning mazmuni;
6) taftish tartibida berilgan shikoyatni koʻrib chiqish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼatiga oʻtkazish sabablari va asoslari;
7) ishni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼatida koʻrib chiqish joyi va sanasi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining sudyasi taftish tartibida berilgan shikoyatni oʻzi chiqargan ajrim bilan birga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼatiga ish bilan birga oʻtkazadi.
32434-modda. Shikoyat (protest) taftish tartibida koʻrib chiqish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼatiga kiritilganligi toʻgʻrisida xabardor qilish
Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish boʻyicha oʻziga nisbatan sud qarori chiqarilgan shaxs, jabrlanuvchi, ularning qonuniy vakillari, advokat va maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida bayonnoma tuzgan organ, agar shikoyat (protest) ularning manfaatlariga daxldor boʻlsa, maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish taftish tartibida koʻrib chiqish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼatiga kiritilganligi toʻgʻrisida uch sutka ichida xabardor qilinadi.
Taftish tartibida berilgan shikoyatning (protestning) koʻchirma nusxasi yoxud qaror chiqargan sudning internet-resursi orqali uning elektron nusxasi bilan tanishish mumkinligi toʻgʻrisidagi xabarnoma ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan shaxslarga yuboriladi. Bunda taraflarga ularning taftish tartibida berilgan shikoyatga (protestga) doir oʻz eʼtirozlarini yozma shaklda yoxud elektron hujjat tarzida taqdim etish huquqi eʼtirozlarni taqdim etish muddati koʻrsatilgan holda tushuntiriladi. Taftish tartibida berilgan shikoyat (protest) yuzasidan kelib tushgan eʼtirozlar ishga qoʻshib qoʻyiladi.
32435-modda. Ishni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼatida taftish tartibida koʻrib chiqish uchun tayyorlash
Ish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyasining ajrimi, taftish tartibida berilgan shikoyat (protest) bilan birga kelib tushganidan keyin Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼati maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish boʻyicha oʻziga nisbatan sud qarori chiqarilgan shaxsni, jabrlanuvchini, ularning qonuniy vakillarini, advokatni va maʼmuriy huquqbuzarlik haqida bayonnoma tuzgan organni taftish tartibida shikoyat (protest) berilganligi haqida, agar shikoyat (protest) ularning manfaatlariga daxldor boʻlsa, ishni koʻrib chiqish boshlanishidan kamida uch sutka oldin xabardor qiladi. Taftish tartibida berilgan shikoyatning (protestning) nusxasi yoxud qaror chiqargan sudning internet-resursi orqali uning elektron nusxasi bilan tanishish mumkinligi toʻgʻrisida xabarnoma ushbu shaxslarga yuboriladi. Bunda taraflarga ularning taftish tartibida berilgan shikoyatga (protestga) doir oʻz eʼtirozlarini yozma shaklda yoxud elektron hujjat tarzida taqdim etish huquqi eʼtirozlarni taqdim etish muddati koʻrsatilgan holda tushuntiriladi. Taftish tartibida berilgan shikoyat (protest) yuzasidan kelib tushgan eʼtirozlar ishga qoʻshib qoʻyiladi.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan talablar bajarilganidan keyin maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish boʻyicha oʻziga nisbatan sud qarori chiqarilgan shaxs, jabrlanuvchi, ularning qonuniy vakillari, advokat va maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida bayonnoma tuzgan organ, agar shikoyat (protest) ularning manfaatlariga daxldor boʻlsa, ish taftish tartibida koʻriladigan vaqt haqida ishni koʻrib chiqish boshlanishidan kamida uch sutka oldin xabardor qilinadi.
32436-modda. Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼatining sud majlisida taftish tartibida koʻrishda taraflarning ishtirok etishi
Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼatining sud majlisida taftish tartibida koʻrishda maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish boʻyicha oʻziga nisbatan sud qarori chiqarilgan shaxs, jabrlanuvchi, ularning qonuniy vakillari, advokat va maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida bayonnoma tuzgan organ ishtirok etishga haqli. Ushbu shaxslar sud majlisida bevosita yoxud videokonferensaloqa tizimidan foydalangan holda ishtirok etishi mumkin.
Prokuror tomonidan taftish tartibida protest kiritilgan ishlar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori, uning oʻrinbosari yoki ular tomonidan vakolat berilgan prokuror ishtirok etishi shart.
32437-modda. Ishni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼatida taftish tartibida koʻrish tartibi
Ish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼatida Oliy sud sudyasi tomonidan taftish tartibida yakka tartibda koʻrib chiqiladi.
Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼatida taftish tartibida koʻrilayotganda sud majlisi raislik qiluvchi tomonidan ochiladi, u qanday ish va kimning taftish tartibida berilgan shikoyati (protesti) boʻyicha koʻrilayotganligini eʼlon qiladi. Shundan keyin raislik qiluvchi sud tarkibini eʼlon qiladi, sud majlisi kotibining, shuningdek, agar sud majlisida ishtirok etayotgan boʻlsa, prokurorning, advokatning va tarjimonning familiyasini, ismini, otasining ismini maʼlum qiladi.
Raislik qiluvchi ishda ishtirok etuvchi qaysi shaxslar, ularning vakillari kelganligini aniqlashtiradi, hozir boʻlganlarning shaxsini aniqlaydi, mansabdor shaxslar va vakillarning vakolatlarini tekshiradi, ishda ishtirok etayotgan shaxslarga ularning huquq va majburiyatlarini tushuntiradi, bildirilgan iltimosnomalarni hal qiladi.
Sud majlisining vaqti va joyi toʻgʻrisida lozim darajada xabardor qilingan shaxslarning kelmaganligi ishni taftish tartibida koʻrish uchun monelik qilmaydi.
Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni taftish instansiyasi sudida koʻrish sud majlisida raislik qiluvchi sudyaning maʼruzasi bilan boshlanadi. Maʼruza davomida maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish holatlari, birinchi instansiya, apellatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudi qarorining mazmuni, taftish tartibida berilgan shikoyatning (protestning) vajlari bayon etiladi.
Maʼruzadan keyin sud majlisida hozir boʻlgan, ishda ishtirok etuvchi shaxslarning, ularning vakillarining tushuntirishlari eshitiladi. Taftish tartibidagi shikoyatni bergan shaxs yoki uning vakili yoxud, agar prokuror taftish tartibida protest keltirgan boʻlsa, prokuror birinchi boʻlib soʻzga chiqadi.
Taftish instansiyasi sudi ishda ishtirok etuvchi shaxslarning soʻzlarini eshitib, tegishli iltimosnomalar mavjud boʻlganda yoki oʻz tashabbusiga koʻra ishdagi mavjud va sudga taqdim etilgan (sud tomonidan talab qilib olingan) yangi dalillarni tekshiradi.
Sud taftish tartibida berilgan shikoyatning (protestning) vajlari bilan chegaralanmay, unga ilova qilingan qoʻshimcha materiallarni hamda maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish materiallarini toʻliq hajmda tekshiradi.
Taftish instansiyasi sudi ish holatlarini aniqlashtirishni va dalillarni tekshirishni tamomlagach, ishda ishtirok etayotgan shaxslarga ular sudda tushuntirishlar bergan ketma-ketlikda muzokaralarda chiqish imkoniyatini yaratadi.
Sud muzokaralari tugallangach, sudya qaror qabul qilish uchun alohida xonaga kiradi.
Ishni taftish tartibida koʻrib chiqish natijalari boʻyicha qaror qabul qilinadi.
Sud muhokamasining borishi va mazmuni haqida ushbu Kodeksning 308-moddasida belgilangan talablarga muvofiq sud majlisining bayonnomasi tuziladi.
32438-modda. Ishni taftish tartibida koʻrishda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼatining vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼati ishni taftish tartibida koʻrish natijalari boʻyicha quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:
1) birinchi instansiya, apellatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudining qarorini oʻzgarishsiz, taftish tartibida berilgan shikoyatni (protestni) esa qanoatlantirmasdan qoldirish toʻgʻrisida;
2) apellatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudining qarorini bekor qilish va birinchi instansiya sudining qarorini oʻzgarishsiz qoldirish haqida;
3) ish boʻyicha qabul qilingan barcha sud qarorlarini bekor qilish va ish yuritishni tugatish toʻgʻrisida;
4) birinchi instansiya, apellatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudining qarorini oʻzgartirish yoxud bekor qilish va yangi qaror qabul qilish haqida;
5) jazo chorasini kuchaytirmagan holda uni maʼmuriy huquqbuzarlik uchun javobgarlik toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatida nazarda tutilgan doirada oʻzgartirish haqida;
6) taftish tartibida berilgan shikoyat (protest) qaytarib olingan taqdirda, taftish tartibida ish yuritishni tugatish toʻgʻrisida.
32439-modda. Ishni taftish tartibida koʻruvchi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼatining qarori
Ishni taftish tartibida koʻruvchi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼatining qarorida quyidagilar koʻrsatilishi kerak:
1) sud ishining raqami, qaror chiqarilgan sana va joy;
2) sudning nomi va tarkibi, ishni koʻrishda ishtirok etgan prokuror va boshqa shaxslar;
3) taftish tartibida shikoyat (protest) bergan shaxs (familiyasi, ismi, otasining ismi);
4) taftish tartibida shikoyat (protest) berilgan qarorning qaror qismi mazmuni;
5) taftish tartibida berilgan shikoyatning (protestning), ishni taftish tartibida koʻrishda ishtirok etayotgan shaxslar eʼtirozlarining va tushuntirishlarining mazmuni, shuningdek prokurorning fikri;
6) taftish tartibida berilgan shikoyat (protest) boʻyicha ishni koʻruvchi sudning qarori.
Taftish tartibida berilgan shikoyat (protest) qanoatlantirilmay qoldirilgan taqdirda, ishni taftish tartibida koʻruvchi sudning qarorida birinchi instansiya, apellatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudining qarori qonuniy, asosli va adolatli deb topilganligining, shikoyat (protest) qanoatlantirilmasdan qoldirilganligining asoslari koʻrsatilishi kerak.
Qaror bekor qilingan yoki oʻzgartirilgan taqdirda, ishni taftish tartibida koʻruvchi sudning qarorida qonunning qaysi normalari buzilganligi va bekor qilinayotgan yoki oʻzgartirilayotgan qarorning asossizligi va adolatsizligi nimadan iborat ekanligi vajlari koʻrsatilishi kerak.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼatining qarori sudya tomonidan imzolanadi.
Ishni taftish tartibida koʻruvchi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼatining qarori sud majlisi zalida oʻqib eshittiriladi va chiqarilgan kundan eʼtiboran qonuniy kuchga kiradi.
Ishni taftish tartibida koʻrib chiqish natijalari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼati tomonidan chiqarilgan qaror uzil-kesildir.
Ishni taftish tartibida koʻruvchi sudning qarori uni chiqargan sudga yoki boshqa sudga chiqarilgan kundan eʼtiboran uch sutkadan kechiktirmay ish bilan birga ijro etish uchun yuboriladi.
4-§. Qonuniy kuchga kirgan sud hujjatlarini yangi ochilgan holatlar boʻyicha qayta koʻrish yuzasidan ish yuritish
32440-modda. Sudning qonuniy kuchga kirgan sud hujjatini yangi ochilgan holatlar boʻyicha qayta koʻrish huquqi
Jinoyat ishlari boʻyicha sud oʻzi chiqargan hamda qonuniy kuchga kirgan sud hujjatini ushbu paragrafda nazarda tutilgan asoslarga koʻra va tartibda yangi ochilgan holatlar boʻyicha qayta koʻrishi mumkin.
32441-modda. Qonuniy kuchga kirgan sud hujjatlarini yangi ochilgan holatlar boʻyicha qayta koʻradigan sudlar
Birinchi instansiya sudi tomonidan chiqarilgan, qonuniy kuchga kirgan qaror yangi ochilgan holatlar boʻyicha ushbu qarorni chiqargan jinoyat ishlari boʻyicha sud tomonidan qayta koʻriladi.
Yangi ochilgan holatlar boʻyicha apellatsiya, kassatsiya yoki taftish instansiyasi sudining qaysi qarorlari bilan sud hujjati oʻzgartirilgan yoki yangi sud hujjati qabul qilingan boʻlsa, oʻsha qarorlarni qayta koʻrish sud hujjati oʻzgartirilgan yoki yangi qaror qabul qilingan instansiyada amalga oshiriladi.
32442-modda. Sud hujjatlarini yangi ochilgan holatlar boʻyicha qayta koʻrish asoslari
Qonuniy kuchga kirgan sud hujjatini yangi ochilgan holatlar boʻyicha qayta koʻrish asoslari quyidagilardan iborat:
1) sud hujjati qabul qilingan paytda mavjud boʻlgan, lekin arizachiga maʼlum boʻlmagan va maʼlum boʻlishi mumkin boʻlmagan, ish uchun muhim holatlar;
2) sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi bilan aniqlangan va mazkur ish boʻyicha qonunga xilof yoki asoslantirilmagan sud hujjati qabul qilinishiga sabab boʻlgan ekspertning bila turib yolgʻon xulosa berganligi, guvohning bila turib yolgʻon koʻrsatuvlar berganligi, bila turib yolgʻon tarjima qilinganligi;
3) sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi, ajrimi bilan aniqlangan holatlar, yaʼni ishda ishtirok etuvchi shaxsning yoki uning vakilining yoxud sudyaning mazkur ishni koʻrish chogʻida sodir etilgan jinoiy qilmishlari;
4) jinoyat ishlari boʻyicha sudning yoki fuqarolik ishlari boʻyicha sudning yoxud iqtisodiy sudning mazkur ish boʻyicha sud hujjatini qabul qilish uchun asos boʻlib xizmat qilgan hujjati yoki boshqa organning qarori yoxud boshqa huquqiy hujjati bekor qilinganligi.
32443-modda. Sud hujjatini yangi ochilgan holatlar boʻyicha qayta koʻrish toʻgʻrisidagi arizani berish tartibi va muddati
Qonuniy kuchga kirgan sud hujjatini yangi ochilgan holatlar boʻyicha qayta koʻrish toʻgʻrisidagi ariza ushbu sud hujjatini qabul qilgan sudga sud hujjatini qayta koʻrish uchun asos boʻladigan holatlar ochilgan kundan eʼtiboran bir oydan kechiktirmay ishda ishtirok etuvchi shaxslar yoki prokuror tomonidan beriladi.
Arizaning va unga ilova qilingan hujjatlarning koʻchirma nusxalari ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarga yuborilganligini tasdiqlovchi hujjatlar arizaga ilova qilinadi.
Ariza berishning oʻtkazib yuborilgan muddati ariza bilan murojaat qilgan shaxsning iltimosnomasi boʻyicha, agar iltimosnoma qayta koʻrish uchun asos boʻladigan holatlar ochilgan kundan eʼtiboran bir oydan kechiktirib berilgan boʻlsa va sud muddatni oʻtkazib yuborish sabablarini uzrli deb tan olsa, sud tomonidan tiklanishi mumkin.
Sud hujjati chiqarilgan paytdan eʼtiboran bir yil oʻtgach berilgan arizalar koʻrib chiqilmaydi.
32444-modda. Sud hujjatini yangi ochilgan holatlar boʻyicha qayta koʻrish toʻgʻrisidagi arizaning shakli va mazmuni
Qonuniy kuchga kirgan sud hujjatini yangi ochilgan holatlar boʻyicha qayta koʻrib chiqish toʻgʻrisidagi ariza sudga yozma shaklda beriladi. Ariza uni bergan shaxs yoki uning vakili tomonidan imzolanadi.
Qonuniy kuchga kirgan sud hujjatini yangi ochilgan holatlar boʻyicha qayta koʻrib chiqish toʻgʻrisidagi arizada quyidagilar koʻrsatilishi kerak:
1) ariza berilayotgan sudning nomi;
2) ishda ishtirok etayotgan shaxslar (familiyasi, ismi, otasining ismi), ularning turgan joyi (pochta manzili) yoki yashash joyi;
3) arizachi yangi ochilgan holatlar boʻyicha qayta koʻrishni talab qilayotgan sud hujjatini chiqargan sudning nomi; ishning raqami, sud hujjati chiqarilgan sana;
4) arizachining fikriga koʻra, qonuniy kuchga kirgan sud hujjatini qayta koʻrib chiqish uchun asos boʻladigan yangi ochilgan holat, hujjatlarga havola qilingan holda;
5) ariza berayotgan shaxsning talabi;
6) ilova qilinayotgan hujjatlarning roʻyxati.
Arizaga quyidagilar ilova qilingan boʻlishi kerak:
1) yangi ochilgan holatlarni tasdiqlovchi hujjatlarning koʻchirma nusxalari;
2) arizachi qayta koʻrib chiqishni talab qilayotgan sud hujjatining koʻchirma nusxasi;
3) ariza vakil tomonidan imzolangan taqdirda, uni imzolash vakolatini tasdiqlovchi hujjat.
32445-modda. Sud hujjatini yangi ochilgan holatlar boʻyicha qayta koʻrish toʻgʻrisidagi arizani ish yuritishga qabul qilish
Qonuniy kuchga kirgan sud hujjatini yangi ochilgan holatlar boʻyicha qayta koʻrib chiqish toʻgʻrisidagi arizaning shakli va mazmuniga nisbatan ushbu Kodeksda qoʻyilayotgan talablarga rioya etilgan holda berilgan ariza tegishli sudning ish yurituviga qabul qilinadi.
Arizani sudning ish yurituviga qabul qilish toʻgʻrisidagi masala u sudga kelib tushgan kundan eʼtiboran besh kundan kechiktirmay sudya tomonidan yakka tartibda hal qilinadi.
Arizani ish yuritishga qabul qilish toʻgʻrisida sud qaror chiqaradi.
Qarorning koʻchirma nusxalari ishda ishtirok etuvchi shaxslarga ushbu Kodeksning 32411-moddasida nazarda tutilgan tartibda yuboriladi.
32446-modda. Sud hujjatini yangi ochilgan holatlar boʻyicha qayta koʻrish toʻgʻrisidagi arizani qaytarish
Sud qonuniy kuchga kirgan sud hujjatini yangi ochilgan holatlar boʻyicha qayta koʻrib chiqish toʻgʻrisidagi arizani, agar uni ish yuritishga qabul qilish haqidagi masalani hal qilishda quyidagilarni aniqlasa, qaytaradi:
1) ariza ushbu Kodeksning 32443 va 32444-moddalarida belgilangan qoidalar buzilgan holda berilganligini;
2) ariza belgilangan muddat oʻtganidan keyin berilganligini va uni tiklash toʻgʻrisida iltimosnoma mavjud emasligini;
3) muddatni oʻtkazib yuborish sabablari uzrsiz ekanligini, shunga koʻra ariza berish uchun oʻtkazib yuborilgan muddatni tiklashga asos mavjud emasligini.
Arizani qaytarish toʻgʻrisida qaror chiqariladi.
Sudning arizani qaytarish toʻgʻrisidagi qarori ustidan shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin.
Ariza bergan shaxs ushbu modda birinchi qismining 1 va 2-bandlarida koʻrsatilgan holatlar bartaraf etilganidan keyin ariza bilan sudga yangidan murojaat qilishga haqli.
32447-modda. Sud hujjatini yangi ochilgan holatlar boʻyicha qayta koʻrish toʻgʻrisidagi arizani koʻrib chiqish tartibi va muddati
Qonuniy kuchga kirgan sud hujjatini yangi ochilgan holatlar boʻyicha qayta koʻrish toʻgʻrisidagi ariza u sudga kelib tushgan kundan eʼtiboran oʻn besh kundan oshmagan muddatda, ishda ishtirok etuvchi shaxslar xabardor qilingan holda koʻrib chiqiladi.
Tegishli tarzda xabardor qilingan shaxslarning kelmaganligi arizani koʻrib chiqish uchun toʻsqinlik qilmaydi.
32448-modda. Sud hujjatini yangi ochilgan holatlar boʻyicha qayta koʻrish toʻgʻrisidagi arizani koʻrib chiqish natijalari yuzasidan sud tomonidan qabul qilinadigan qaror
Qonuniy kuchga kirgan sud hujjatini yangi ochilgan holatlar boʻyicha qayta koʻrish toʻgʻrisidagi arizani koʻrib chiqish natijalari yuzasidan sud arizani qanoatlantirish va ilgari oʻzi qabul qilgan sud hujjatini bekor qilish haqida yoki arizani qanoatlantirishni rad etish toʻgʻrisida qaror chiqaradi.
Qonuniy kuchga kirgan sud hujjatini yangi ochilgan holatlar boʻyicha qayta koʻrish toʻgʻrisidagi arizani koʻrib chiqish natijalari yuzasidan chiqarilgan qarorning koʻchirma nusxalari ishda ishtirok etuvchi shaxslarga yuboriladi.
Qonuniy kuchga kirgan sud hujjatini yangi ochilgan holatlar boʻyicha qayta koʻrish toʻgʻrisidagi arizani koʻrib chiqish natijalari yuzasidan chiqarilgan sud qarori ustidan shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin.
Yangi ochilgan holatlar boʻyicha qonuniy kuchga kirgan sud hujjati bekor qilingan taqdirda, ilgari oʻzi qabul qilgan sud hujjatini bekor qilgan sudning oʻzi ishni ushbu Kodeksda belgilangan umumiy tartibda takroran koʻradi”.
2-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin;
ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.
3-modda. Ushbu Qonun 2024-yil 1-yanvardan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 25-dekabr,
OʻRQ-884-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2023-y., 03/23/884/0967-son)