toggle_night_mode
Hujjat 01.03.2025 sanasi holatiga
Amaldagi versiyaga o‘tish
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Davlat umumiy oʻrta taʼlim muassasalari direktori lavozimiga nomzodlarni menejerlik oʻquv kurslarida oʻqitish va ularga menejerlik sertifikatini berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2022 — 2026-yillarda maktab taʼlimini rivojlantirish boʻyicha milliy dasturni tasdiqlash toʻgʻrisida” 2022-yil 11-maydagi PF-134-son, “Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda uning tizimidagi tashkilotlar faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2023-yil 26-maydagi PF-79-son farmonlari ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. 2024-yil 1-yanvardan boshlab A. Avloniy nomidagi pedagoglarni kasbiy rivojlantirish va yangi metodikalarga oʻrgatish milliy-tadqiqot institutida Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tizimidagi umumiy oʻrta taʼlim muassasasi (keyingi oʻrinlarda — maktab) direktori lavozimiga nomzodlarni menejerlik oʻquv kurslarida oʻqitish hamda maxsus portal orqali ularga menejerlik sertifikatini elektron shaklda berish tizimi joriy qilinsin.
2. Belgilansinki:
a) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, viloyatlar hamda Toshkent shahar maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmalari tomonidan menejerlik sertifikatiga ega boʻlgan nomzodlar orasidan maktab direktori lavozimiga nomzodlar zaxirasi shakllantiriladi.
Bunda maktab direktori vakant lavozimlariga nomzodlar faqat sertifikati mavjud boʻlgan va ushbu bandning “a” kichik bandi birinchi xatboshisida koʻrsatilgan nomzodlar zaxirasiga kiritilgan kadrlar orasidan tanlab olinadi;

b) 2024-yil 1-sentabrdan boshlab menejerlik sertifikatiga ega boʻlgan quyidagi rahbar xodimlarga ushbu sertifikatning amal qilish muddati davomida lavozim maoshiga har oylik qoʻshimcha ustamalar toʻlanadi:

maktab direktorlariga — 50 foiz;
maktab direktori oʻrinbosarlariga — 30 foiz.
3. Davlat umumiy oʻrta taʼlim muassasalari direktori lavozimiga nomzodlarni menejerlik oʻquv kurslarida oʻqitish va ularga menejerlik sertifikatini berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Belgilansinki, ushbu qarorning ijrosi uchun talab etiladigan mablagʻlar 2024-yilda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligiga ajratilgan mablagʻlar doirasida moliyalashtiriladi, 2025-yildan boshlab esa Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutiladi.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri X.U. Umarova zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2023-yil 25-dekabr,
681-son

Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 25-dekabrdagi 681-son qaroriga

ILOVA

Davlat umumiy oʻrta taʼlim muassasalari direktori lavozimiga nomzodlarni menejerlik oʻquv kurslarida oʻqitish va ularga menejerlik sertifikatini berish tartibi toʻgʻrisida

NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tizimidagi umumiy oʻrta taʼlim muassasalari (keyingi oʻrinlarda — maktab) direktori lavozimiga nomzodlarni (keyingi oʻrinlarda — nomzodlar) menejerlik oʻquv kurslarida oʻqitish va ularga menejerlik sertifikatini berish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizom asosida menejerlik sertifikatiga ega boʻlgan nomzodlarga maktab direktori lavozimi uchun tanlovda ishtirok etish huquqi beriladi.
Maktablarda faoliyat yuritayotgan direktorlar (keyingi oʻrinlarda — direktorlar) har 5 yilda bir marotaba ushbu Nizom talablariga muvofiq menejerlik sertifikatini olishi talab etiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
(2-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 27-avgustdagi 531-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.08.2024-y., 09/24/531/0664-son)
3. Nomzodlarning boshqaruv sohasiga oid bilim va koʻnikmalarini baholash hamda baholash natijasi boʻyicha davlat namunasidagi menejerlik sertifikati elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan va QR-kod qoʻyilgan holda elektron shaklda beriladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Elektron raqamli imzo toʻgʻrisida”gi Qonuni.
4. Mazkur Nizom talablari quyidagi davlat umumiy oʻrta taʼlim muassasalari direktori lavozimlariga nisbatan tatbiq etilmaydi:
Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar;
jismoniy, aqliy, sensor yoki ruhiy nuqsonlari boʻlgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari;
sanatoriy turidagi ixtisoslashtirilgan davlat taʼlim muassasalari;
ixtisoslashtirilgan maktab-internatlar va ixtisoslashtirilgan maktablar;
alohida sharoitlarda taʼminlash, tarbiyalash va taʼlim berishga muhtoj bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktablar.
5. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
menejerlik oʻquv kursi (keyingi oʻrinlarda — oʻquv kursi) — nomzodlarni tayyorlash uchun tasdiqlangan oʻquv rejasi va dasturlari asosida ishlab chiqilgan mashgʻulotlar tizimi;
menejerlik sertifikati (keyingi oʻrinlarda — sertifikat) — davlat maktabi direktori lavozimida ishlash huquqini beruvchi hujjat;
maxsus portal — Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining nomzodlarni roʻyxatdan oʻtkazish, oʻquv kursi talablari va muddatlari haqida hamda oʻquv kursi bilan bogʻliq boshqa maʼlumotlar joylashtiriladigan elektron dasturiy tizimi;
oʻquv rejasi — oʻquv kursida oʻqitiladigan oʻquv modullari, ularga ajratilgan soatlar, oʻqitish muddatlari va shakllari belgilab berilgan hujjat;
oʻquv dasturi — har bir oʻquv mavzusining mazmuni, mashgʻulot shakli, tinglovchilar tomonidan oʻzlashtirilishi lozim boʻlgan bilim, koʻnikma va malakalar hajmi belgilab berilgan hujjat;
yakuniy sinov — oʻquv kursi oxirida oʻtkaziladigan yakuniy nazorat, amaliy topshiriqlar ijrosini baholash jarayoni.
2-bob. Oʻquv kurslarini tashkil etish
6. Uquv kurslari ushbu Nizomga 1-ilovadagi sxemaga muvofiq tashkil etiladi.
7. Uquv kurslari A. Avloniy nomidagi pedagoglarni kasbiy rivojlantirish va yangi metodikalarga oʻrgatish milliy-tadqiqot instituti (keyingi oʻrinlarda — Institut) tuzilmasidagi Xalq taʼlimi xodimlarining bilim darajasi va kasbiy mahoratini baholash markazi (keyingi oʻrinlarda — Markaz) tomonidan tashkil etiladi.
8. Oʻquv kurslari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar maxsus portalga joylashtiriladi.
9. Nomzodlar maxsus portal orqali elektron shaklda roʻyxatdan oʻtadi hamda oʻquv kursida oʻqish uchun ariza topshiradi.
Bunda nomzodlar kamida bakalavr darajasiga hamda maktab direktorlari uchun belgilangan malaka talablariga muvofiq boʻlishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
10. Taʼlimda menejment yoki taʼlimda boshqaruv mutaxassisligi boʻyicha magistr darajasiga ega boʻlgan nomzodlar oʻquv kursida oʻqimasdan, sertifikat olish boʻyicha yakuniy sinov jarayonlarida ishtirok etishlari mumkin.
Taʼlimda menejment yoki taʼlimda boshqaruv ixtisosligi boʻyicha ilmiy darajaga ega boʻlgan nomzodlar uchun sertifikat ularning arizasiga asosan toʻgʻridan-toʻgʻri beriladi.
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 27-avgustdagi 531-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.08.2024-y., 09/24/531/0664-son)
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
11. Arizalar kalendar yil davomida uzluksiz qabul qilinadi.
(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 27-avgustdagi 531-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.08.2024-y., 09/24/531/0664-son)
12. Oʻquv kurslariga jalb etilgan nomzodlar roʻyxati ularning arizalari asosida Institut tomonidan shakllantiriladi hamda tasdiqlanadi.
13. Nomzodlarni oʻquv kurslarida oʻqitish hamda baholash ular bilan Institut oʻrtasida tuzilgan shartnoma asosida amalga oshiriladi.
14. Uquv kurslari 20 — 30 nafar tinglovchilardan iborat akademik guruhlarda tashkil etiladi.
Tinglovchilar kontingenti yetarli boʻlmagan taqdirda, shu jumladan, rus tilida dars olib boriladigan guruhlarda tinglovchilar soni, istisno tariqasida, kamida 15 nafar etib belgilanishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
141. Oʻquv kurslarida oʻqish talabini bildirgan nomzodlar va direktorlar xohish va istaklaridan kelib chiqqan holda, navbatdan tashqari oʻquv kurslari tashkil etilishi mumkin.
Navbatdan tashqari oʻquv kursida oʻqitish toʻlov miqdori Institut tomonidan belgilanadi va bunda oʻqish talabini bildirganlar nomzod sifatida oʻquv kurslarida ishtirok etadi.
(141-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 26-avgustdagi 531-sonli qaroriga asosan kiritilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.08.2024-y., 09/24/531/0664-son)
15. Direktorlarning oʻquv kurslarida ishtirok etishi boʻyicha reja-taqsimoti har yili 1-dekabrga qadar Institut tomonidan shakllantiriladi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
16. Oʻquv kurslarining oʻquv rejasi va dasturlari Institut tomonidan ishlab chiqiladi, Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi huzuridagi Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi tomonidan ekspertizadan oʻtkaziladi hamda Oʻzbekiston Respublikasi maktabgacha va maktab taʼlimi vazirining buyrugʻi bilan tasdiqlanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
(16-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 27-avgustdagi 531-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.08.2024-y., 09/24/531/0664-son)
17. Oʻquv kurslarining davomiyligi 144 soatni tashkil qilib, bir oy davomida oʻqitiladi. Kursdagi auditoriya mashgʻulotlarining eng yuqori hajmi haftasiga 36 soat etib belgilanadi.
18. Oʻquv mashgʻulotlari nazariy, amaliy va maktab amaliyotidan iborat boʻladi. Nazariy va amaliy mashgʻulotlar Institutda, maktab amaliyoti esa maktab hamda taʼlim boshqaruvini amalga oshiradigan tashkilotlarda oʻtkaziladi.
19. Nomzodlarning ixtiyoriy tanlovi asosida oʻquv kurslari ishlab chiqarishdan ajralgan yoki ajralmagan (masofaviy, onlayn) holda tashkil etilishi mumkin.
20. Nomzod quyidagi holatlarda oʻquv kursidan chetlashtiriladi:
oʻquv intizomini va ichki tartib-qoidalarni buzganligi uchun;
oʻquv kursidagi dars mashgʻulotlarini uzrli (kasalligi, davlat yoki jamoat vazifalarini bajarganligi, yaqin qarindoshining vafoti) sabablarsiz 18 soat va undan ortiq qoldirgani uchun;
salomatligi tufayli (tibbiy komissiya maʼlumotnomasi asosida);
nomzodga nisbatan sud hukmi asosida;
vafot etganligi sababli.
21. Oʻquv kurslarini muvaffaqiyatli tugatgan nomzodlar sertifikat berish boʻyicha yakuniy sinovlarga qoʻyiladi.
3-bob. Oʻquv kurslarini moliyalashtirish
Oldingi tahrirga qarang.
22. Oʻquv kurslarida bir nafar nomzod uchun oʻqitish xarajatlarining toʻlov miqdori asoslangan kalkulyatsiyaga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi bilan kelishilgan holda Institut tomonidan tasdiqlanadi.
(22-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 27-avgustdagi 531-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.08.2024-y., 09/24/531/0664-son)
Bunda moliya yili davomida qonunchilik hujjatlariga muvofiq ish haqi miqdorlari va shartlari oʻzgargan hollarda bir nafar nomzod uchun toʻlov miqdori qayta koʻrib chiqilishi mumkin.
23. Tasdiqlangan oʻqitish xarajatlari uchun toʻlov miqdori nomzodlardan undiriladi va ushbu mablagʻlar Institutning budjetdan tashqari jamgʻarmasiga yoʻnaltiriladi.
Ishdan ajralgan holda oʻquv kurslarda ishtirok etish uchun nomzodlarning oʻqishi davrida ularning ish haqi miqdorlari saqlab qolinmaydi va safar xarajatlari qoplab berilmaydi.
24. Reja-taqsimotga kiritilgan direktorlarni oʻqitish xarajatlari Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetidan birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchi sifatida Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligiga ajratilgan budjet mablagʻlari hisobidan Institutning xarajatlar smetasida nazarda tutilgan holda amalga oshiriladi.
25. Direktorlarning oʻquv kursiga jalb etiladigan professor-oʻqituvchilarning sonini belgilashda, Institut va Pedagoglarni yangi metodikalarga oʻrgatish milliy markazlari uchun belgilangan bir nafar oʻqituvchi hisobiga toʻgʻri keladigan tinglovchilar soni nisbatining cheklangan normativlari qoʻllaniladi.
26. Direktorlarning oʻqish davrida ularning asosiy ish joyi boʻyicha lavozimi va amaldagi oʻrtacha ish haqi miqdorlari saqlab qolinadi.
27. Ishdan ajralgan holda oʻquv kurslarda ishtirok etish uchun yuborilgan direktorlar uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda xizmat safari bilan bogʻliq xarajatlar ularning asosiy ish joyidan qoplanadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 2-avgustdagi 424-son “Oʻzbekiston Respublikasi hududida xizmat safarlari toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori.
28. Direktorlar birinchi marta menejerlik sertifikatini olgandan soʻng, keyingi menejerlik oʻquv kurslarida oʻqish va menejerlik sertifikatini olishda nomzod sifatida ishtirok etadi.
Bunda 2024-yil 1-yanvarga qadar direktor lavozimida ishlab kelayotgan xodimlarni oʻqitish va sertifikat olish bilan bogʻliq xarajatlari Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi.
4-bob. Nomzodlarga sertifikat berish uchun yakuniy sinovlarni tashkil etish va oʻtkazish
29. Nomzodlar uchun yakuniy sinovlarni oʻtkazish jadvallarini ishlab chiqish, tasdiqlash, sinovlarni oʻtkazish, ularning natijalarini eʼlon qilish Markaz tomonidan amalga oshiriladi.
30. Yakuniy sinovlarni oʻtkazish sanasi sinovlar oʻtkaziladigan kundan kamida yetti kun oldin eʼlon qilinadi.
Markaz yakuniy sinov oʻtkaziladigan sana va joy toʻgʻrisidagi maʼlumotni maxsus portal orqali nomzodning shaxsiy kabinetiga yuboradi.
Keyingi tahrirga qarang.
31. Agar nomzod turli sabablarga koʻra yakuniy sinovda ishtirok eta olmaydigan boʻlsa, Markazga yakuniy sinov oʻtkaziladigan kundan kamida uch kun oldin yozma yoki elektron shaklda murojaat etishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
Uzrli sababga koʻra (kasalligi yoki oila aʼzolarining vafot etganligini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etganda) yakuniy sinovlarda qatnasha olmagan nomzod yakuniy sinov boshlangan kundan boshlab besh ish kuni mobaynida ushbu holatni tasdiqlovchi hujjatlarni Markazga bevosita yoki elektron shaklda taqdim etishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
Bunda nomzodning navbatdagi yakuniy sinovga kiritilishi taʼminlanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
32. Yakuniy sinov topshiriqlari Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan tasdiqlangan dasturlar asosida Institut tomonidan yetakchi olimlar va malakali mutaxassislar, shuningdek, nodavlat tashkilotlar vakillarini shartnoma asosida jalb qilgan holda ishlab chiqiladi.
(32-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 27-avgustdagi 531-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.08.2024-y., 09/24/531/0664-son)
33. Ishlab chiqilgan yakuniy sinov topshiriqlari asosida Markaz tomonidan yakuniy test va keys savollari bazasi shakllantiriladi.
34. Yakuniy sinovlar sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga, texnika va yongin xavfsizligi qoidalariga qatʼiy rioya qilgan holda oʻtkaziladi.
35. Nomzodlar uchun yakuniy sinovlar ularning bevosita ishtirokida maxsus jihozlangan xonalarda qogʻoz yoki elektron shaklda oʻtkazilishi mumkin.
36. Yakuniy sinovlar 25 ta test, keys hamda amaliy topshiriqlardan iborat boʻladi.
37. Test sinovlari uchun 50 ball, keys topshiriqlari uchun 10 ball va amaliy topshiriqlar uchun 40 ball (jami 100 ball) beriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
70 ball va undan yuqori natija koʻrsatgan nomzodlar yakuniy sinovni muvaffaqiyatli topshirgan hisoblanadi va ularga sertifikat beriladi. Bunda nomzodlar har bir yoʻnalish boʻyicha kamida 50 foiz ball yigʻishi talab etiladi.
(37-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 27-avgustdagi 531-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.08.2024-y., 09/24/531/0664-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Test sinovlari va keys topshiriqlarini bajarish uchun jami 80 daqiqa vaqt beriladi.
(37-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 27-avgustdagi 531-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.08.2024-y., 09/24/531/0664-son)
Amaliy topshiriqlar nomzod tomonidan ijodiy ish shaklida taqdim etiladi va imtihon komissiyasi tomonidan baholanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan amaliy topshiriqlarni baholash va imtihon komissiyasini tashkil etish va oʻtkazish tartibi belgilanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
38. Belgilangan ballni toʻplay olmagan nomzodlar bir yil ichida navbatdagi bitta yakuniy sinovda ishtirok etish huquqiga ega.
Birinchi marta yakuniy sinovdan oʻta olmagan direktorlar ikki oy ichida bir marta yakuniy sinovda ishtirok etishi mumkin. Ushbu muddat ichida yakuniy sinovda ishtirok etmagan yoki ikkinchi yakuniy sinovda ham belgilangan ballni toʻplay olmagan direktorlar belgilangan tartibda lavozimidan ozod etiladi.
Nomzodlar va direktorlar navbatdagi yakuniy sinovda ishtirok etish uchun maxsus portal orqali elektron shaklda ariza beradi.
Keyingi tahrirga qarang.
Navbatdagi yakuniy sinovda ishtirok etish uchun nomzodlar va direktorlardan bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida toʻlov undiriladi.
Ikkinchi marta ham yakuniy sinovlarda belgilangan ballni toʻplay olmagan nomzodlar qayta oʻquv kursida oʻqiganidan soʻng yakuniy sinovlarda ishtirok etish imkoniyatiga ega boʻladi.
(38-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 27-avgustdagi 531-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.08.2024-y., 09/24/531/0664-son)
39. Nomzodlar yakuniy sinovlarni topshirishga pasport (identifikatsiya ID-kartasi) yoki shaxsni tasdiqlovchi boshqa hujjat asosida qoʻyiladi.
Pasporti (identifikatsiya ID-kartasi) yoki shaxsni tasdiqlovchi boshqa hujjati boʻlmagan yoxud test sinoviga kechikkan nomzodlar test sinoviga kelmagan deb hisoblanadilar va navbatdagi test sinovini topshirishga ruxsat etilgan nomzodlar roʻyxatiga oʻtkaziladi.
40. Nomzod uzrsiz sababga koʻra yakuniy sinovda ishtirok etmagan boʻlsa, u yakuniy sinovdan oʻtmagan hisoblanadi.
41. Yakuniy sinovlar jarayonida xolis kuzatuvchilarning ishtirok etishiga ruxsat beriladi.
Bunda xolis kuzatuvchilar sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tizimidagi masʼul xodimlar, nodavlat tashkilotlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishlari mumkin.
42. Yakuniy sinov boshlanishidan oldin Markazning masʼul xodimi quyidagilarni amalga oshirishi lozim:
nomzodlarni sinovlarni oʻtkazish tartibi va davom etish vaqti haqida xabardor qilish;
nomzodlar tomonidan aloqa vositalarini oʻchirishlari va topshirishlarini taʼminlash;
sinov jarayonida foydalanish taqiqlangan barcha predmetlarni oʻz ixtiyorlari bilan topshirishlarini taklif etish;
sinov oʻtkazilayotgan toʻliq vaqt davomida belgilangan tartiblarga qatʼiy rioya qilinishini taʼminlash;
sinovni oʻtkazish tartibini buzgan nomzodlarni tegishli dalolatnoma tuzgan holda sinovdan chetlashtirish.
43. Yakuniy sinov vaqtida normativ-huquqiy hujjatlardan, maʼlumot va maxsus adabiyotdan foydalanish, soʻzlashish, oʻzaro axborot almashish, aloqa vositalardan foydalanish, sinov materiallari yoki ularning mazmuniga oid boʻlgan maʼlumotlarni olib chiqish taqiqlanadi.
Mazkur talablarni buzgan nomzodlar sinovni topshirmagan deb hisoblanadilar va ularning koʻrsatgan natijalari baholanmaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
44. Yakuniy sinovni oʻtkazish jarayoni videoyozuvda qayd qilinadi. Videoyozuv Markazda bir yil davomida saqlanadi.
(44-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 27-avgustdagi 531-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.08.2024-y., 09/24/531/0664-son)
45. Nomzodlarning yakuniy sinov natijalari sinovlar oʻtkazilgan kuni maxsus portal orqali eʼlon qilinadi.
46. Sertifikat 5 yil davomida amal qiladi. Nomzodlar sertifikatning amal qilish muddati davomida amal qilish muddatini uzaytirish maqsadida qayta menejerlik sertifikatini olish boʻyicha yakuniy sinovlarda ishtirok etishlari mumkin.
47. Markaz menejerlik sertifikatlarining elektron hisobini yuritish yuzasidan javobgar hisoblanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
471. Yakuniy test sinovlari va keys topshiriqlari bazasini shakllantirish, sinovlarni tashkillashtirish va oʻtkazish Vazirlik belgilaydigan tizim tashkiloti tomonidan amalga oshirilishi mumkin.
Bunda yakuniy test sinovlari va keys topshiriqlarini oʻtkazish uchun Institut tomonidan Vazirlik tomonidan belgilanadigan tizim tashkilotiga yakuniy sinovlarda ishtirok etgan har bir nomzod uchun bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida mablagʻlar oʻtkaziladi.
(471-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 26-avgustdagi 531-sonli qaroriga asosan kiritilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.08.2024-y., 09/24/531/0664-son)
5-bob. Yakuniy sinov natijalari yuzasidan apellyatsiya berish
Oldingi tahrirga qarang.
48. Yakuniy sinov natijalaridan norozi boʻlgan nomzodlar natijalar eʼlon qilingan vaqtdan boshlab besh ish kuni mobaynida apellyatsiya komissiyasiga maxsus portal orqali elektron shaklda ariza (shikoyat) berishlari mumkin.
(48-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 27-avgustdagi 531-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.08.2024-y., 09/24/531/0664-son)
Oldingi tahrirga qarang.
49. Apellyatsiya komissiyasi yakuniy sinov boshlangandan keyin ikki kun ichida Institut rektorining buyrugʻi asosida 3 yoki 5 nafardan iborat tarkibda tuziladi.
Apellyatsiya komissiyasi aʼzoligiga Institutning budjetdan tashqari jamgʻarmasi hisobidan fuqarolik-huquqiy shartnoma asosida malakali mutaxassislar jalb etiladi.
(49-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 28-fevraldagi 130-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.03.2025-y., 09/25/130/0199-son)
50. Apellyatsiya komissiyasining tarkibi va ish tartibi apellyatsiya komissiyasini tashkil etish toʻgʻrisidagi buyruqda belgilanadi.
Apellyatsiya komissiyasining murojaatlarni masofadan turib onlayn tarzda koʻrib chiqish muddatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar maxsus portalga joylashtiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
51. Ariza (shikoyat) roʻyxatga olingandan soʻng ikki hafta mobaynida yozma ravishda apellyatsiya natijasi maxsus portal orqali ariza (shikoyat) beruvchiga xabardor qilinadi.
(51-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 27-avgustdagi 531-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.08.2024-y., 09/24/531/0664-son)
52. Apellyatsiya komissiyasi tarkibiga yakuniy sinov jarayonlarini oʻtkazishda ishtirok etgan shaxslar kiritilmaydi.
53. Apellyatsiya komissiyasi muammoli holatlarga aniqlik kiritish maqsadida jamoatchilik asosida malakali mutaxassislarni jalb etishi mumkin.
54. Apellyatsiya komissiyasi yigʻilishida komissiya aʼzolarining uchdan ikki qismi ishtirok etsa, uning qabul qilgan qarori qonuniy kuchga ega boʻladi.
55. Apellyatsiya komissiyasi tomonidan nomzodning murojaati koʻrib chiqilgandan soʻng xulosalash jarayonida bevosita yoki masofadan turib onlayn tarzda ishtirok etishi mumkin.
56. Apellyatsiyani koʻrib chiqish natijasi boʻyicha apellyatsiya komissiyasi quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:
toʻplangan ballarni oʻzgarishsiz qoldirish;
toʻplangan ballarni oʻzgartirish;
yakuniy sinovni qayta oʻtkazish.
Oldingi tahrirga qarang.
57. Apellyatsiya komissiyasi qarori nusxasi ariza (shikoyat) beruvchiga apellyatsiya komissiyasi qarori chiqqan kundan eʼtiboran uch kun muddatda maxsus portal orqali taqdim etiladi.
(57-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 27-avgustdagi 531-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.08.2024-y., 09/24/531/0664-son)
58. Takroriy apellyatsiyaga yoʻl qoʻyilmaydi.
Nomzodlar apellyatsiya komissiyasining qarori yuzasidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda sudga shikoyat qilishi mumkin.
6-bob. Sertifikatni berish tartibi
59. Yakuniy sinovda ijobiy natijaga erishgan nomzodga yakuniy sinov natijalari eʼlon qilingan kundan boshlab bir hafta mobaynida Institut rektorining buyrugʻi asosida mazkur Nizomga 2-ilovaga muvofiq shaklda sertifikat beriladi.
Nomzod sertifikatni shaxsiy kabineti orqali yuklab olishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
60. Sertifikatlar reyestri Markaz tomonidan maxsus portal orqali yuritiladi.
(60-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 27-avgustdagi 531-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.08.2024-y., 09/24/531/0664-son)
Sertifikatlar reyestrida quyidagilar koʻrsatilishi lozim:
nomzodning familiyasi, ismi, otasining ismi;
Institutning sertifikat berish toʻgʻrisidagi buyrugʻining sanasi va tartib raqami;
hisobga olish seriyasi va tartib raqami;
berilgan sanasi;
amal qilish muddati.
61. Sertifikatning haqiqiyligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni maxsus portal orqali tekshirish imkoniyati yaratiladi.
7-bob. Yakunlovchi qoidalar
62. Institut tomonidan ariza beruvchilar toʻgʻrisidagi shaxsiy maʼlumotlar maxfiyligi taʼminlanadi. Qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda vakolatli davlat organlari tomonidan rasmiy murojaat boʻlgan taqdirda, ariza beruvchilar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar taqdim etiladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Shaxsga doir maʼlumotlar toʻgʻrisida”gi Qonuni.
63. Mazkur Nizomni qoʻllashda yuzaga keladigan nizolar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
64. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladilar.
Davlat umumiy oʻrta taʼlim muassasalari direktori lavozimiga nomzodlarni menejerlik oʻquv kurslarida oʻqitish va ularga menejerlik sertifikatini berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
1-ILOVA

Oʻquv kurslarini tashkil etish

SXEMASI
Oldingi tahrirga qarang.

Bosqichlar

Subyektlar

Tadbirlar

Muddatlar

1-bosqich

1. Nomzodlar

1. Menejerlik oʻquv kurslarida oʻqish uchun Markazning maxsus portali orqali roʻyxatdan oʻtadi.

Doimiy

2. A. Avloniy nomidagi milliy-tadqiqot instituti tuzilmasidagi Xalq taʼlimi xodimlarining bilim darajasi va kasbiy mahoratini baholash markazi

2. Menejerlik oʻquv kurslarida oʻqish uchun roʻyxatdan oʻtgan nomzodlar bilan shartnomalar tuzadi.

Doimiy

2-bosqich

A. Avloniy nomidagi milliy-tadqiqot instituti tuzilmasidagi Xalq taʼlimi xodimlarining bilim darajasi va kasbiy mahoratini baholash markazi

1. Shakllantirilgan roʻyxat asosida nomzodlar uchun menejerlik oʻquv kurslarini oʻtkazish jadvalini tasdiqlaydi va eʼlon qiladi.

Har oʻquv kursi boshida

2. Nomzodlar uchun menejerlik oʻquv kurslarini tashkil etadi.

Har oy davomida

3. Nomzodlarni tasdiqlangan dasturlar asosida oʻqitadi.

Har oʻquv kursi davomida

4. Menejerlik oʻquv kurslari uchun yakuniy sinovni oʻtkazish jadvallarini tasdiqlaydi va muvaffaqiyatli ishtirok etgan nomzodlarni yakuniy sinovlarga yoʻnaltiradi.

Oʻquv jarayoni yakunida

3-bosqich

A. Avloniy nomidagi milliy-tadqiqot instituti tuzilmasidagi Xalq taʼlimi xodimlarining bilim darajasi va kasbiy mahoratini baholash markazi

1. Kurs yakuni boʻyicha yakuniy sinovni oʻtkazadi.

Har oʻquv kursi yakunida

2. Yakuniy sinov natijalari yuzasidan nomzodlarning apellyatsiya shikoyatlarini koʻrib chiqadi.

3. Sinov natijalariga koʻra menejerlik oʻquv kursini muvaffaqiyatli tamomlagan tinglovchilarga elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan QR-kod qoʻyilgan menejerlik sertifikatini beradi.

(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 27-avgustdagi 531-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.08.2024-y., 09/24/531/0664-son)
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.

Davlat umumiy oʻrta taʼlim muassasalari direktori lavozimiga nomzodlarni menejerlik oʻquv kurslarida oʻqitish va ularga menejerlik sertifikatini berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga

2-ILOVA

Umumiy oʻrta taʼlim muassasalari direktori lavozimiga nomzodlar uchun menejerlik sertifikatining davlat namunasi

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbining tasviri

OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI UMUMIY OʻRTA TAʼLIM MUASSASASI DIREKTORI LAVOZIMIGA NOMZODLAR UCHUN

SERTIFIKAT

sertifikat raqami

Familiyasi, Ismi, Otasining ismi

__________________________________________________________________________________________________________

____ yil __________ dan ____ yil __________ gacha

A. Avloniy nomidagi pedagoglarni kasbiy rivojlantirish va yangi metodikalarga oʻrgatish milliy-tadqiqot institutida

jami _____ soat

“UMUMIY OʻRTATAʼLIM MUASSASASI DIREKTORI LAVOZIMIGA NOMZODLARNI MENEJERLIKKA TAYYORLASH”

kursini muvaffaqiyatli yakunladi

Rektor

umumiy ball

Berilgan sana

Amal qilish muddati

(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2023-y., 09/23/681/0964-son; 28.08.2024-y., 09/24/531/0664-son; 01.03.2025-y., 09/25/130/0199-son; 28.04.2026-y., 09/26/204/0421-son)