toggle_night_mode
Hujjat 18.12.2023 sanasi holatiga
Amaldagi versiyaga o‘tish
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Yoshlarga oid tadbirlarning yillik kalendar rejasini ishlab chiqish va tasdiqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Maʼmuriy islohotlar doirasida yoshlar siyosati va sport sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2023-yil 7-apreldagi PQ-114-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 7-apreldagi PQ-114-son qarorining 3-bandida 2024-yil 1-yanvardan boshlab davlat organlari va tashkilotlari tomonidan yoshlarga oid davlat siyosati sohasida oʻtkaziladigan yoshlar festivallari, forumlar, loyihalar, tanlovlar va boshqa madaniy-maʼrifiy tadbirlarni Yoshlarga oid tadbirlarning yillik kalendar rejasi asosida amalga oshirishni yoʻlga qoʻyish belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 30-iyundagi PF-6017-sonli “Oʻzbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini tubdan isloh qilish va yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni.
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Yoshlarga oid tadbirlarning yillik kalendar rejasini ishlab chiqish va tasdiqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
yoshlar festivallari, forumlar, loyihalar, tanlovlar va boshqa madaniy-maʼrifiy tadbirlarni (keyingi oʻrinlarda — tadbirlar) tashkil etish va oʻtkazish hamda ularda qatnashish tartibi;
Yoshlarga oid tadbirlarning yillik kalendar rejasini (keyingi oʻrinlarda — kalendar reja) shakllantirish va tasdiqlash tartibi;
kalendar rejada nazarda tutilgan tadbirlarni moliyalashtirish.
3. Belgilab qoʻyilsinki,
kalendar reja har yili dekabr oyi yakuniga qadar davlat organlari va tashkilotlarining takliflari asosida Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligi huzuridagi Yoshlar ishlari agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) tomonidan ishlab chiqiladi;
Keyingi tahrirga qarang.
tadbirlarni tashkil etish va oʻtkazish, ishtirokchi yoshlarni ragʻbatlantirish, shuningdek, yoshlarportali.uz elektron platformasidan (keyingi oʻrinlarda — platforma) foydalanish Agentlik tomonidan belgilangan tartib asosida amalga oshiriladi;
kalendar reja doirasida oʻtkaziladigan tadbirlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar platformaga joylashtirib boriladi va tadbirlarda ishtirok etadigan yoshlar platforma orqali elektron roʻyxatga olinadi;
platformani takomillashtirish (funksional kengaytirish) bilan bogʻliq xarajatlar Agentlikning oʻz mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
4. Davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari har yili noyabr oyi yakuniga qadar tadbirlar boʻyicha kalendar reja yuzasidan takliflarni asoslantiruvchi maʼlumotlar bilan birgalikda Agentlikka kiritib borsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligi:
Keyingi tahrirga qarang.
kalendar reja doirasida oʻtkaziladigan tadbirlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar platformaga joylashtirib borilishini taʼminlasin;
davlat organlari va tashkilotlari tomonidan amalga oshirilgan ishlar yuzasidan monitoring yuritsin hamda uning natijasi yuzasidan har chorakda Vazirlar Mahkamasiga maʼlumot kiritib borsin;
manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda yoshlar bilan ishlash yoʻnalishidagi faoliyat boʻyicha maʼlumotlar bazasining platformaga integratsiya qilinishini taʼminlasin;
tadbirlarda ishtirok etadigan yoshlarni ushbu tizim orqali elektron roʻyxatga olishni yoʻlga qoʻysin;
davlat organlari va tashkilotlari tasdiqlagan kalendar rejaga muvofiq oʻtkaziladigan tadbirlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni davlat organlari va tashkilotlarining yoshlar masalalari boʻyicha yetakchilari tomonidan platformaga shaxsiy kabinetlar orqali kiritib borish mexanizmlarini yoʻlga qoʻysin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi yoshlar siyosati va sport vaziri A.I. Ikramov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2023-yil 15-dekabr,
667-son
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 15-dekabrdagi 667-son qaroriga
ILOVA
Yoshlarga oid tadbirlarning yillik kalendar rejasini ishlab chiqish va tasdiqlash tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom davlat organlari va tashkilotlari tomonidan yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish doirasida oʻtkaziladigan yoshlar festivallari, forumlar, loyihalar, tanlovlar va boshqa madaniy-maʼrifiy tadbirlarni tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha yillik kalendar rejani (keyingi oʻrinlarda — kalendar reja) ishlab chiqish hamda tasdiqlash tartibini belgilaydi.
2. Quyidagilar kalendar rejani ishlab chiqish boʻyicha asosiy vazifalar hisoblanadi:
joylarda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish doirasidagi turli tadbirlarni reja asosida oʻtkazish;
davlat organlari va tashkilotlarining yoshlar siyosati sohasidagi faoliyati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni toʻplash, qayta ishlash va tahlil qilish hamda ularning yoshlar siyosati sohasida oʻzaro hamkorligini taʼminlash;
yoshlarga oid tadbirlarning oʻtkazilishi haqida yoshlar, jamoatchilik va ommaviy axborot vositalarining xabardorligini taʼminlash.
3. Kalendar reja ushbu Nizomga 1-ilovadagi namunaviy jadvalga muvofiq ishlab chiqiladi.
4. Tadbirlar Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligi huzuridagi Yoshlar ishlari agentligining (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar yoshlar ishlari boshqarmalari bilan kelishilgan holda, mazkur Nizom talablari asosida oʻtkaziladi.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Kalendar reja doirasida oʻtkaziladigan tadbirlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Agentlikning maxsus elektron platformasiga (keyingi oʻrinlarda — platforma) joylashtirib boriladi hamda davlat organlari va tashkilotlari tomonidan tadbirlarda ishtirok etadigan yoshlar platforma orqali elektron roʻyxatga olinadi.
2-bob. Kalendar rejani ishlab chiqish va tasdiqlash tartibi
6. Kalendar reja Agentlikning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar yoshlar ishlari boshqarmalari tomonidan davlat organlari va tashkilotlarining takliflari asosida respublika, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri hamda tuman va shaharlar miqyosida ishlab chiqiladi.
7. Kalendar reja quyidagi turlarga boʻlinadi:
respublika kalendar rejasi — respublika darajasidagi davlat organlari va tashkilotlari hamda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining takliflari asosida Agentlik tomonidan ishlab chiqiladi;
hududiy kalendar rejalar — mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda davlat organlari va tashkilotlarining hududiy boʻlinmalari takliflari asosida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar yoshlar ishlari boshqarmalari tomonidan ishlab chiqiladi.
8. Respublika miqyosidagi tadbirlarning kalendar rejasi yuzasidan takliflar tegishliligi boʻyicha respublika darajasidagi davlat organlari va tashkilotlari tomonidan Agentlikka, hududlar miqyosidagi tadbirlarning kalendar rejasi yuzasidan takliflar esa mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda davlat organlari va tashkilotlarining hududiy boʻlinmalari tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar yoshlar ishlari boshqarmalariga har yili noyabr oyi yakuniga qadar (istisno tariqasida, tadbirlar oʻtkazilishidan kamida ikki oy oldin) quyidagi hujjatlar bilan birgalikda taqdim etiladi:
tadbirlarni tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha asoslovchi hujjatlar;
tadbirlar konsepsiyasi (konsepsiyada tadbirni oʻtkazish tartibi, aniq vaqti, kuni, joyi va ishtirok etish uchun ariza topshirish muddati boʻlishi lozim);
tadbirlarning davlat organlari va tashkilotlari tomonidan tasdiqlangan moliyalashtirish manbalari va xarajatlar smetasi loyihalari.
Takliflar Agentlik va Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar yoshlar ishlari boshqarmalari tomonidan mazkur Nizom talablariga toʻliq rioya qilgan holda taqdim etilgan taqdirda qabul qilinadi.
9. Kalendar rejaga yoshlar festivallari, forumlar, loyihalar, tanlovlar va madaniy-maʼrifiy tadbirlar hamda boshqa tadbirlar kiritiladi.
10. Kalendar reja ushbu Nizomga 2-ilovadagi sxemaga muvofiq har yili quyidagi tartibda va muddatlarda ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi:
davlat organlari va tashkilotlari tomonidan kalendar rejaga kiritiladigan tadbirlar roʻyxatini shakllantirish — oktabr oyi davomida;
davlat organlari va tashkilotlari tomonidan kalendar rejaga kiritiladigan tadbirlar roʻyxatini tegishliligi boʻyicha Agentlik hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar yoshlar ishlari boshqarmalariga taqdim etish — noyabr oyi davomida;
Agentlik hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar yoshlar ishlari boshqarmalari tomonidan kalendar rejaga kiritiladigan tadbirlar roʻyxatini umumlashtirish hamda davlat organlari va tashkilotlar tomonidan platformaga kiritish — dekabr oyi davomida.
11. Tasdiqlangan kalendar reja har yili yanvar oyida platforma, Agentlik hamda davlat organlari va tashkilotlarining rasmiy veb-saytlari va boshqa ommaviy axborot vositalari orqali eʼlon qilinadi.
12. Yil davomida tashabbus koʻrsatgan, tadbirlarda yoshlar qamrovini yuqori koʻrsatkichga olib chiqqan, yoshlar siyosati sohasida natijadorligi yuqori boʻlgan faol davlat organlari va tashkilotlari har yili 30-iyun — Yoshlar kuni arafasida tantanali ravishda eʼlon qilinadi va sovgʻalar bilan ragʻbatlantiriladi.
Bunda mazkur chora-tadbirlar xarajatlari Yoshlar siyosati va sport vazirligining budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
3-bob. Tadbirlarni moliyalashtirish va kalendar rejaga oʻzgartirish kiritish tartibi
13. Respublika kalendar rejasi hamda hududiy kalendar rejalarda nazarda tutilgan tadbirlar:
davlat organlari va tashkilotlariga budjetdan ajratilgan mablagʻlar doirasida va ularning budjetdan tashqari mablagʻlari;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.
14. Kalendar rejaning yillik smetalariga tadbirlar oʻtkaziladigan vaqtdagi xizmatlar qiymatining oʻzgarishi inobatga olingan holda, oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
15. Kalendar rejaga quyidagi hollarda oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin:
tadbirlarni oʻtkazish muddatlari va (yoki) joylari oʻzgarganda;
kalendar rejaga qoʻshimcha tadbir kiritish zarurati yuzaga kelganda;
tadbirlarning badiiy qismiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilganda;
tadbir qatnashchilarining tarkibi yoki soni oʻzgarganda;
davlat organlari va tashkilotlarining moliyaviy imkoniyati va shartlari oʻzgarganda;
davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati tugatilganda;
tadbirlar uchun nazarda tutilgan mablagʻlar yetishmaganda.
Agentlik va Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar yoshlar ishlari boshqarmalari tomonidan tegishli davlat organlari va tashkilotlari bilan kelishilgan holda, kalendar rejaga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
Bunda tadbirlar uchun zarur boʻladigan qoʻshimcha xarajatlar davlat organlari va tashkilotlarining mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
4-bob. Yakunlovchi qoida
16. Ushbu Nizom talablarini buzgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladi.
Yoshlarga oid tadbirlarning yillik kalendar rejasini ishlab chiqish va tasdiqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
1-ILOVA

NAMUNA

20___ yilda _________________________tomonidan oʻtkaziladigan yoshlarga oid tadbirlarning

(davlat organi va tashkiloti nomi)

YILLIK KALENDAR REJASI

T/r

Tadbir nomi

Tadbirni oʻtkazish uchun asos (hujjat raqami va sanasi)

Bosqich

Yosh chegarasi

Tadbir oʻtkaziladigan joy, sana hamda vaqti

Tadbir ijrochisi

Yoshlar qamrovi (nafar)

Ajratiladigan mukofot va sovgʻalar

(1, 2, 3-oʻrinlar)

1.

“Yosh kitobxon” tanlovi

Yanvar-fevral

(mahalla-sektor-tuman-hudud-respublika)

10 — 14,

15 — 19,

20 — 30 yosh toifalari

mahalla

20__ yil

15 — 20-iyun,

sektor

26 — 30-iyun,

tuman

15 — 20-iyul,

hudud

15 — 20-avgust,

respublika

“Humo Arena” majmuasida

10-sentabr

Yoshlar ishlari agentligi

500

1-oʻrin 80 mln soʻm

2-oʻrin 50 mln soʻm

3-oʻrin 30 mln soʻm

...

Yoshlarga oid tadbirlarning yillik kalendar rejasini ishlab chiqish va tasdiqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
2-ILOVA
Yoshlarga oid tadbirlarning yillik kalendar rejasini ishlab chiqish va tasdiqlash
SXEMASI

Bosqichlar

Subyektlar

Amalga oshiriladigan ishlar

Muddatlar

1-bosqich

Davlat organlari va tashkilotlari

Yoshlarga oid tadbirlarning yillik kalendar rejasiga kiritiladigan tadbirlar roʻyxatini shakllantirish.

Har yili oktabr oyi davomida

2-bosqich

Davlat organlari va tashkilotlari

Yoshlarga oid tadbirlarning yillik kalendar rejasiga kiritiladigan tadbirlar roʻyxatini tegishliligi boʻyicha Yoshlar ishlari agentligi yoki Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar yoshlar ishlari boshqarmalarga taqdim etish.

Har yili noyabr oyi davomida

3-bosqich

Yoshlar ishlari agentligi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar yoshlar ishlari boshqarmalari,

davlat organlari va tashkilotlari

Yoshlarga oid tadbirlarning yillik kalendar rejasiga kiritiladigan tadbirlar roʻyxatini umumlashtirish va Yoshlar ishlari agentligining maxsus elektron platformasiga kiritish.

Har yili dekabr oyi davomida

4-bosqich

Yoshlar ishlari agentligi hamda davlat organlari va tashkilotlari

Yoshlarga oid tadbirlarning yillik kalendar rejasidagi tadbirlar roʻyxatini Yoshlar ishlari agentligining maxsus elektron platformasi, Yoshlar ishlari agentligi hamda davlat organlari va tashkilotlarining rasmiy veb-saytlari va boshqa ommaviy axborot vositalari orqali eʼlon qilish.

Har yili yanvar oyida

5-bosqich

Yoshlar ishlari agentligi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar yoshlar ishlari boshqarmalari

Davlat organlari va tashkilotlari bilan kelishilgan holda, kalendar rejaga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish.

Zaruratga koʻra

(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.12.2023-y., 09/23/667/0944-son; 10.05.2024-y., 09/24/272/0337-son)