toggle_night_mode
Hujjat 04.09.2023 sanasi holatiga
Amaldagi versiyaga o‘tish
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Davlat xizmatlarini joylarga chiqqan holda koʻrsatishning maʼmuriy reglamentini tasdiqlash toʻgʻrisida
Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qoʻllab-quvvatlash ishlarini jadallashtirish, “Har bir fuqaro — eʼtibor markazida” tamoyili asosida aholining barcha qatlamlariga sifatli va tezkor davlat xizmatlari koʻrsatishni yoʻlga qoʻyish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi PF-60-son “2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi toʻgʻrisida”gi Farmonining 2-bandi.
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 28-fevraldagi PF-27-son Farmoni bilan tasdiqlangan 2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida davlat xizmatini koʻrsatuvchi xodimni fuqaroning yashash joyiga chaqirish orqali maxsus texnik qurilmalar yordamida davlat xizmatlarini koʻrsatish amaliyotini kengaytirish belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Davlat xizmatlarini joylarga chiqqan holda koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
Davlat xizmatlaridan foydalanish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Aloqa markazi yoki uning rasmiy veb-sayti (keyingi oʻrinlarda — “Call-markaz” yoki rasmiy veb-sayt) orqali murojaat qilish;
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 3-apreldagi 179-son “Aholi va tadbirkorlik subyektlariga koʻrsatiladigan davlat xizmatlari toʻgʻrisida maʼlumot berish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorining 5-bandi.
davlat xizmatlaridan foydalanish uchun ariza yuborish boʻyicha soʻrovnomalarni qabul qilish va koʻrib chiqish tartibi;
davlat xizmatlarini joyiga chiqqan holda maxsus texnik qurilmalar yordamida (planshet yoki kompyuterga oʻrnatilgan daktiloskopiya, printer va boshqalar) koʻrsatish.
3. Belgilansinki maxsus texnik qurilmalar yordamida (planshet yoki kompyuterga oʻrnatilgan daktiloskopiya, printer va boshqalar) davlat xizmatlarini joylarga chiqqan holda koʻrsatish “Call-markaz” yoki rasmiy veb-saytdan foydalangan holda 2023-yil 1-oktabrdan boshlab amalga oshiriladi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bir oy muddatda “Call-markaz” yoki rasmiy veb-sayt orqali joylarga chiqqan holda koʻrsatiladigan davlat xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha buyurtmalar qabul qilish va mazkur buyurtmalarni tegishli davlat xizmatlari markazlariga yuborish imkoniyatini yaratsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri A.J. Tashkulov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2023-yil 31-avgust,
435-son

Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 31-avgustdagi 435-son qaroriga

ILOVA

Davlat xizmatlarini joylarga chiqqan holda koʻrsatishning

MAʼMURIY REGLAMENTI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Reglament davlat xizmatlari markazlari tomonidan koʻrsatiladigan davlat xizmatlarini (keyingi oʻrinlarda — davlat xizmatlari) joyiga chiqqan holda maxsus texnik qurilmalar (planshet yoki kompyuterga oʻrnatilgan daktiloskopiya, printer va boshqalar) (keyingi oʻrinlarda — maxsus texnik qurilmalar) yordamida koʻrsatish yoki davlat xizmatlaridan foydalanish uchun ariza yuborish tartibini belgilaydi.
Ushbu Reglament milliy haydovchilik guvohnomasini rasmiylashtirish, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi, Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashovchi chet el fuqarosi va fuqaroligi boʻlmagan shaxsning identifikatsiyalovchi ID-kartasini hamda Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish, shuningdek, jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqamini berish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishga nisbatan tatbiq etilmaydi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 12-apreldagi 152-son “Milliy haydovchilik guvohnomasini rasmiylashtirish tartibini soddalashtirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori.
2. Reglamentda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
vakolatli organ — Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining davlat xizmatlari markazlari;
ariza beruvchi — davlat xizmati joyiga chiqish orqali koʻrsatilishi istagini bildirgan jismoniy va yuridik shaxslar.
3. Davlat xizmatlari Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining (keyingi oʻrinlarda — Adliya vazirligi) Aloqa markaziga yoki uning rasmiy veb-saytiga (keyingi oʻrinlarda — “Call-markaz” yoki rasmiy veb-sayt) murojaat qilish orqali koʻrsatiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 3-apreldagi 179-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat organlari va tashkilotlarining davlat xizmatlarini koʻrsatishda idoraviy aloqa markazlari (ishonch telefonlari) faoliyatini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi namunaviy nizom.
4. Davlat xizmatlarini joyiga chiqqan holda koʻrsatish yoki davlat xizmatlaridan foydalanishga ariza yuborish uchun Toshkent shahrida bazaviy hisoblash miqdorining (keyingi oʻrinlarda — BHM) 50 foizi, viloyat markazlarida BHMning 40 foizi, tuman (shahar)larda BHMning 30 foizi miqdorida bir martalik toʻlov undiriladi.
Oʻzgalar yordamiga muhtoj qariyalar, sogʻligʻining holatiga koʻra mustaqil harakatlanish imkoniyati cheklangan hamda I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslarga davlat xizmatlari koʻrsatilganligi uchun toʻlov undirilmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi PF-60-son “2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi toʻgʻrisida”gi Farmonining 2-bandi.
5. Davlat xizmatlarini koʻrsatish yoki davlat xizmatlaridan foydalanishga ariza yuborish uchun toʻlov summasi Adliya vazirligining Davlat xizmatlarini rivojlantirish jamgʻarmasining shaxsiy hisobvaragʻiga oʻtkaziladi.
6. Joyiga chiqqan holda davlat xizmatlarini koʻrsatish tartibi mazkur Reglamentga 1-ilovaga muvofiq sxema asosida amalga oshiriladi.
2-bob. Ariza beruvchilarga davlat xizmatlarini koʻrsatish yoki davlat xizmatlaridan foydalanish uchun ariza yuborish boʻyicha soʻrovnomalarni qabul qilish hamda koʻrib chiqish tartibi
7. Ariza beruvchi davlat xizmatlaridan foydalanish uchun “Call-markaz” yoki rasmiy veb-sayt orqali murojaat qiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
“Call-markaz” orqali soʻrovnomalar soat 09:00 dan 18:00 gacha ish vaqti davomida qabul qilinadi.
Rasmiy veb-sayt orqali sutkaning istalgan vaqtida murojaat qilinishi mumkin.
8. Ariza beruvchi “Call-markaz”ga murojaat qilgan taqdirda, “Call-markaz” xodimi ariza beruvchi nomidan, rasmiy veb-sayt orqali murojaat etganda esa, Reglamentga 2-ilovaga muvofiq shakldagi soʻrovnomani mustaqil ravishda toʻldiradi.
Keyingi tahrirga qarang.
9. Davlat xizmatlarini koʻrsatish vaqti vakolatli organning ish vaqti doirasida belgilanadi.
10. “Call-markaz”ning masʼul xodimi ariza beruvchiga davlat xizmatlarini koʻrsatish tartibini belgilovchi qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan davlat xizmatidan foydalanish uchun zarur boʻlgan barcha hujjatlar (maʼlumotlar) toʻgʻrisida maʼlumot beradi.
Ariza beruvchi soʻrovnomada koʻrsatilgan davlat xizmatlaridan foydalanish uchun davlat xizmatini koʻrsatishda talab etiladigan barcha hujjatlarni (maʼlumotlarni) tayyorlab qoʻyishi lozim.
11. Soʻrovnoma shakllantirilib, soʻrovnomadagi tegishli maʼlumotlar ariza beruvchi tomonidan tasdiqlangandan soʻng uning mobil telefon raqamiga mazkur Reglamentning 4-bandida belgilangan miqdordagi toʻlovni amalga oshirish uchun invoys avtomatik ravishda yuboriladi.
Ariza beruvchi tomonidan toʻlov amalga oshirilgan vaqtning oʻzida soʻrovnoma vakolatli organga avtomatik ravishda yuboriladi.
3-bob. Davlat xizmatini koʻrsatish yoki davlat xizmatlaridan foydalanish uchun ariza yuborish tartibi
12. Vakolatli organning masʼul xodimi tomonidan davlat xizmatlari quyidagi shakllarda koʻrsatiladi:
davlat xizmatlarini toʻliq koʻrsatish (davlat xizmatlari markazi davlat xizmatlarini koʻrsatishga masʼul boʻlganda);
davlat xizmatlaridan foydalanish uchun davlat xizmatini koʻrsatishga masʼul boʻlgan vakolatli organlarga ariza yuborish.
13. Vakolatli organning masʼul xodimi ariza beruvchi bilan telefon orqali bogʻlanib, soʻrovnomada koʻrsatilgan joyga chiqadi hamda maxsus texnik qurilmalar yordamida davlat xizmatlarini koʻrsatadi yoki davlat xizmatlaridan foydalanish uchun davlat xizmatini koʻrsatishga masʼul boʻlgan vakolatli organlarga ariza yuboradi.
14. Ariza beruvchi davlat xizmatidan foydalanishdan uning har qanday bosqichida bosh tortish huquqiga ega. Ariza beruvchi davlat xizmatidan foydalanishdan bosh tortganda, uning soʻrovnomasi koʻrilmasdan qoldiriladi va toʻlangan toʻlov summasi qaytarilmaydi.
15. Agar vakolatli organning masʼul xodimi soʻrovnomada koʻrsatilgan joyga yetib kelgan vaqtdan boshlab 30 daqiqa mobaynida ariza beruvchi soʻrovnomada koʻrsatilgan vaqtda va manzilda boʻlmasa, davlat xizmatlarini koʻrsatish uchun tegishli qonunchilik hujjatlarida belgilangan hujjatlar (maʼlumotlar)ni taqdim etmasa, davlat xizmatlarini koʻrsatish yoki davlat xizmatlaridan foydalanish uchun ariza yuborish rad etiladi.
Bunda vakolatli organning masʼul xodimi tomonidan ariza beruvchiga davlat xizmatlarini koʻrsatish yoki davlat xizmatlaridan foydalanish uchun ariza yuborish rad etilganligi toʻgʻrisida SMS-xabarnoma yuboriladi (rad etish sabablari batafsil koʻrsatiladi).
Mazkur bandning birinchi xatboshisida koʻrsatilgan holatlarda davlat xizmatlarini koʻrsatish yoki davlat xizmatlaridan foydalanish uchun ariza yuborish rad etilgan taqdirda, toʻlangan toʻlovlar qaytarilmaydi.
16. Vakolatli organ masʼul xodimining aybi (kechikishi yoki kelmasligi, axborot tizimi yoki maxsus texnik qurilmalardagi nosozliklar) bilan davlat xizmatlari belgilangan muddatlarda va tartibda koʻrsatilmagan holatlarda davlat xizmatlarini joylarga chiqqan holda koʻrsatishda undiriladigan toʻlov miqdorlari ariza beruvchining murojaatiga asosan unga qaytariladi.
Ariza beruvchi mazkur bandning birinchi xatboshisida belgilangan holatlarda davlat xizmatlarini joylarga chiqqan holda koʻrsatishda undiriladigan toʻlovni qaytarib olishi yoki davlat xizmatlarini joylarga chiqqan holda koʻrsatishda undiriladigan toʻlovni takroran amalga oshirmasdan davlat xizmatlaridan boshqa vaqtda foydalanishi mumkin. Bunda ariza beruvchi davlat xizmatlaridan foydalanish uchun mazkur bobda belgilangan tartibda murojaat qiladi.
17. Ariza beruvchi xohishiga koʻra, davlat xizmatlarini koʻrsatish natijasini Davlat xizmatlari markazlariga bevosita tashrif buyurib, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda yoki pochta aloqasi orqali olishi mumkin. Bunda pochta xarajatlari ariza beruvchi hisobidan qoplanadi.
Pochta aloqasi tomonidan koʻrsatilgan xizmat uchun toʻlov miqdori pochta xizmati tomonidan belgilanadi.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
18. Vakolatli organ oʻz faoliyatini amalga oshirishi natijasida olingan maʼlumotlarning sir saqlanishini taʼminlaydi.
19. Ariza beruvchilar davlat organlari va boshqa tashkilotlar xodimlari xatti-harakatlari ustidan qonunchilikda belgilangan tartibda shikoyat qilishlari mumkin.
20. Mazkur Reglament talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javob beradilar.

Davlat xizmatlarini joylarga chiqqan holda koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga

1-ILOVA

Davlat xizmatlarini joylarga chiqqan holda koʻrsatish tartibi

SXEMASI

Bosqichlar

Subyektlar

Tadbirlar

Bajarish muddati

1-bosqich

Ariza beruvchi

(jismoniy va yuridik shaxslar)

1. Davlat xizmatlaridan foydalanish uchun Adliya vazirligining Aloqa markaziga yoki uning rasmiy veb-saytiga (keyingi oʻrinlarda — “Call-markaz” yoki rasmiy veb-sayt) orqali murojaat etadi.

2. Rasmiy veb-sayt orqali murojaat qilganda soʻrovnomani bevosita oʻzi toʻldiradi.

Oʻz xohishiga koʻra

2-bosqich

“Call-markaz”

1. “Call-markaz” masʼul xodimi ariza beruvchi nomidan soʻrovnomani toʻldiradi va soʻrovnomadagi maʼlumotlar tasdiqlangandan soʻng ariza beruvchiga toʻlov invoysini yuboradi.

1. Soʻrovnoma tasdiqlangandan keyin avtomatik ravishda

2. Tegishli soʻrovnomani vakolatli organga yuboradi.

2. Toʻlov amalga oshirilgandan keyin avtomatik ravishda

3-bosqich

Vakolatli organ

(davlat xizmatlari markazi)

1. Masʼul xodim ariza beruvchi bilan telefon orqali bogʻlanib, soʻrovnomada koʻrsatilgan joyga chiqadi hamda maxsus texnik qurilmalar yordamida (planshet yoki kompyuterga oʻrnatilgan daktiloskopiya, printer va boshqalar) davlat xizmatini koʻrsatadi yoki davlat xizmatlaridan foydalanish uchun ariza yuboradi.

1. Soʻrovnomada belgilangan muddatlarda

2. Davlat xizmatlarini koʻrsatish natijasini ariza beruvchiga taqdim etadi:

ariza beruvchi davlat xizmatlari markazlariga bevosita tashrif buyurganda;

axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda;

pochta xizmati orqali.

2. Davlat xizmatlarini koʻrsatish yakunlangandan soʻng

(davlat xizmatlarini koʻrsatish tartibini belgilovchi qonunchilik hujjatlarida belgilangan muddatlarda)

Keyingi tahrirga qarang.

Davlat xizmatlarini joylarga chiqqan holda koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga

2-ILOVA

Davlat xizmatlarini joylarga chiqqan holda koʻrsatish yoki davlat xizmatlaridan foydalanish uchun ariza yuborish uchun

SOʻROVNOMA

__________

__________

(sanasi)

(raqami)

I. Ariza beruvchi — jismoniy shaxs toʻgʻrisida maʼlumot:

1. Familiyasi, ismi, otasining ismi:

2. Telefon raqami:

3. Elektron pochta manzili (mavjud boʻlsa):

4. Manzili:

II. Ariza beruvchi — yuridik shaxs toʻgʻrisida maʼlumot:

1. Yuridik shaxsning nomi:

2. Yuridik shaxsning tashkiliy-huquqiy shakli:

3. STIR:

4. Telefon raqami:

5. Elektron pochta manzili (mavjud boʻlsa):

6. Joylashgan joyi:

III. Koʻrsatiladigan davlat xizmati toʻgʻrisida maʼlumot:

1. Davlat xizmatlari nomi:

2. Davlat xizmati shakli:

davlat xizmatlarini toʻliq koʻrsatish

davlat xizmatlaridan foydalanish uchun ariza yuborish

3. Davlat xizmatini koʻrsatish joyi (manzili):

4. Davlat xizmatini koʻrsatish sanasi:

5. Davlat xizmatini koʻrsatish vaqti:

6. Koʻrsatilgan davlat xizmatlari natijasini olish usuli:

Davlat xizmatlari markaziga oʻzi kelgan holda

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda

Pochta xizmati orqali

Call-markaz”ning masʼul xodimi F.I.O.: ____________________________

(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.09.2023-y., 09/23/435/0668-son; 05.09.2026-y., 09/26/461/0890-son)