Mamlakatimizda veterinariya sohasidagi kadrlarni tayyorlash tizimini takomillashtirish, shuningdek samarali veterinariya nazoratini taʼminlash va veterinariya xizmatlari koʻrsatish sifatini oshirish boʻyicha keng miqyosli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu munosabat bilan veterinariya sohasida yuqori malakali kadrlarni tayyorlash boʻyicha zamonaviy taʼlim tizimini yaratish, shuningdek mazkur sohada faoliyatni amalga oshirayotgan tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini yanada kuchaytirish zaruriyati yuzaga kelmoqda.
Ushbu Qonun bilan “Veterinariya toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi
Qonuniga Davlat veterinariya xizmati tarkibiy boʻlinmalaridan birining nomini aniqlashtiruvchi, shuningdek veterinariya nazorati obyektlariga moneliksiz kirish yuzasidan bosh davlat veterinariya inspektorlarining, ular oʻrinbosarlarining va davlat veterinariya inspektorlarining vakolatlarini qisqartiruvchi oʻzgartirishlar kiritish nazarda tutilmoqda.
Ushbu Qonunning qabul qilinishi veterinariya sohasidagi kadrlar salohiyatini rivojlantirishga, tadbirkorlik subyektlarining huquqlarini yanada taʼminlashga va davlat veterinariya inspektorlari tomonidan oʻtkaziladigan tekshirishlarning tartibini takomillashtirishga xizmat qiladi.
1-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 1993-yil 3-sentabrda qabul qilingan “Veterinariya toʻgʻrisida”gi 935-XII-sonli
Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasining 2015-yil 29-dekabrda qabul qilingan OʻRQ-397-sonli Qonuni tahririda) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2015-yil, № 12, 453-modda; 2017-yil, № 10, 605-modda; 2019-yil, № 11, 791-modda; 2021-yil, 4-songa ilova, № 10, 968-modda) quyidagi oʻzgartirishlar kiritilsin:
1) 10-moddaning
birinchi qismidagi “Samarqand veterinariya meditsinasi instituti va” degan soʻzlar “Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti,” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
2) 13-modda birinchi qismining
toʻrtinchi xatboshisidagi “moneliksiz” degan soʻz “qonunchilikda belgilangan tartibda” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
2-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.
3-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
4-modda. Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.