toggle_night_mode
Hujjat 15.08.2023 sanasi holatiga
Amaldagi versiyaga o‘tish
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga koʻchmas mulk tarixi maʼlumotlarini taqdim etish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishni yoʻlga qoʻyishga yoʻnaltirilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida
Tadbirkorlik subyektlari va aholiga davlat xizmatlarini koʻrsatish milliy tizimining sifat jihatidan yangi darajaga oʻtkazilishini taʼminlash, ularga qulay shart-sharoitlar yaratish, koʻchmas mulk tarixi maʼlumotlarini taqdim etish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishni yoʻlga qoʻyish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan tartibga solishni soddalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2022-yil 9-noyabrdagi PF-244-son Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan tartibga solishni soddalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2022-yil 9-noyabrdagi PF-244-son Farmonida koʻchmas mulk tarixi maʼlumotlarini taqdim etish boʻyicha davlat xizmatini Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi oʻrinlarda — YIDXP), davlat xizmatlari markazlari hamda Kadastr agentligining davreestr.uz veb-sayti orqali koʻrsatishni yoʻlga qoʻyish belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga quyidagilarni nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin:
koʻchmas mulk tarixi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni taqdim etish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizi miqdorida yigʻim belgilash;
koʻchmas mulkning tarixi toʻgʻrisida maʼlumotlarni taqdim etish boʻyicha davlat xizmatidan foydalanish uchun murojaat qilish, soʻrovnoma toʻldirish hamda davlat xizmatini koʻrsatish tartibini belgilovchi Koʻchmas mulk tarixi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni taqdim etish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentini tasdiqlash.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda Adliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda:
Koʻchmas mulk tarixi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni taqdim etish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti davlat xizmatlarini koʻrsatish tizimi bilan integratsiya qilinishini va YIDXP orqali joriy etilishini taʼminlasin;
YIDXP orqali davlat xizmati koʻrsatilishining har bir bosqichida murojaatlar koʻrib chiqilishini kuzatib borish tartibini joriy etsin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.A. Kuchkarov, Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri A.J. Tashkulov hamda Oʻzbekiston Respublikasi raqamli texnologiyalar vaziri Sh.X. Shermatov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2023-yil 14-avgust,
380-son
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 14-avgustdagi 380-son qaroriga
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining “Davlat kadastri sohasida davlat xizmatlari narxlarini belgilashda tabaqalashtirilgan yondashuv tartibini takomillashtirish toʻgʻrisida” 2014-yil 10-iyuldagi 186-son qaroriga ilova quyidagi mazmundagi 4.18-pozitsiya bilan toʻldirilsin:

4.18.

Koʻchmas mulk tarixi toʻgʻrisida maʼlumotnoma berish

Bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizi

(davlat organlari uchun bepul)

.

2. Vazirlar Mahkamasining “Kadastr sohasida ayrim davlat xizmatlari koʻrsatishning maʼmuriy reglamentlarini tasdiqlash toʻgʻrisida” 2020-yil 2-sentabrdagi 535-son qarorida:
toʻqqizinchi xatboshidagi “tasdiqlansin.” soʻzi chiqarib tashlansin;
quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Koʻchmas mulk tarixi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni taqdim etish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti 5g-ilovaga muvofiq tasdiqlansin”;
b) quyidagi mazmundagi 5g-ilova bilan toʻldirilsin:
“Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 2-sentabrdagi 535-son qaroriga
5g-ILOVA
Koʻchmas mulk tarixi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni taqdim etish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Reglament jismoniy va yuridik shaxslarga (keyingi oʻrinlarda — ariza beruvchi) koʻchmas mulk tarixi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni taqdim etish boʻyicha davlat xizmatini (keyingi oʻrinlarda — davlat xizmati) koʻrsatish tartibini belgilaydi.
2. Koʻchmas mulk tarixi toʻgʻrisidagi maʼlumot (keyingi oʻrinlarda — maʼlumotnoma) Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi Davlat kadastrlari palatasining tegishli hududiy boshqarmasi (keyingi oʻrinlarda — Palataning tegishli hududiy boshqarmasi) tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining “Shaxsga doir maʼlumotlar toʻgʻrisida”gi hamda “Davlat sirlarini saqlash toʻgʻrisida”gi qonunlari talablariga rioya qilingan holda taqdim etiladi.
3. Maʼlumotnomada koʻchmas mulkka boʻlgan amaldagi hamda avvalgi huquqlar, davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan sana, huquqni belgilovchi hujjatlar turi, kim tomonidan berilganligi, sanasi va raqami toʻgʻrisidagi maʼlumotlar aks ettiriladi.
4. Maʼlumotnoma ushbu Reglamentga 1-ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq beriladi.
2-bob. Davlat xizmatini koʻrsatish tartibi
5. Ariza beruvchi maʼlumotnomani olish uchun davlat xizmatlari markaziga oʻzi kelib murojaat etadi, davlat xizmatidan elektron tarzda foydalanish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida (keyingi oʻrinlarda — YIDXP) yoki Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligining davreestr.uz veb-saytida (keyingi oʻrinlarda — davreestr.uz veb-sayti) roʻyxatdan oʻtadi.
6. Ariza beruvchi oʻzi kelib murojaat etgan taqdirda, davlat xizmatlari markazi xodimi ariza beruvchi nomidan, YIDXP yoki davreestr.uz veb-sayti orqali murojaat etgan taqdirda esa — ushbu Reglamentga 2-ilovaga muvofiq shakldagi soʻrovnomani elektron tarzda mustaqil toʻldiradi.
7. Zarur maʼlumotlar soʻrovnomaga kiritilgandan soʻng ariza beruvchi maʼlumotlarning toʻgʻriligini tekshiradi va imzolarni identifikatsiya qilishning tegishli vositalari (daktiloskopiya, elektron imzo, Mobil-ID va boshqalar) bilan tasdiqlaydi.
Ariza beruvchi YIDXP yoki davreestr.uz veb-sayti orqali murojaat etgan taqdirda, soʻrovnomani ERI bilan tasdiqlash talab etilmaydi.
8. Davlat xizmatini koʻrsatish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizi miqdorida yigʻim undiriladi.
Davlat xizmatini koʻrsatish uchun YIDXP orqali murojaat etilganda, yigʻim summasining 90 foizi undiriladi.
Davlat xizmatini koʻrsatish uchun yigʻim undirilganligi Yagona billing tizimi orqali tasdiqlanadi.
9. Yigʻimlar summasi quyidagi tartibda taqsimlanadi:
a) davlat xizmatlari markaziga oʻzi kelib murojaat etganda:
18 foizi — Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Davlat xizmatlarini rivojlantirish jamgʻarmasining shaxsiy hisobvaragʻiga;
82 foizi — Palataning tegishli hududiy boshqarmasi hisobvaragʻiga;
b) YIDXP orqali murojaat etilganda:
10 foizi — Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Davlat xizmatlarini rivojlantirish jamgʻarmasining shaxsiy hisobvaragʻiga;
11,75 foizi (shundan 0,5 foizi — yagona billing tizimi orqali davlat xizmati koʻrsatilganda) — Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi “Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi” davlat muassasasining Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasidagi maxsus hisobvaragʻiga;
qolgan mablagʻlar Palataning tegishli hududiy boshqarmasi hisobvaragʻiga;
v) davreestr.uz veb-sayti orqali murojaat etilganda:
0,5 foizi (yagona billing tizimi orqali davlat xizmati koʻrsatilganda) — Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi “Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi” davlat muassasasining Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasidagi maxsus hisobvaragʻiga;
qolgan mablagʻlar Palataning tegishli hududiy boshqarmasi hisobvaragʻiga oʻtkaziladi.
10. Ariza beruvchi davlat xizmatlari markaziga kelib murojaat etganda, uning soʻrovnomasi davlat xizmatlari markazi xodimi tomonidan toʻldirilib, ariza beruvchi tomonidan tasdiqlangandan soʻng soʻrovnoma real vaqt rejimida Palataning tegishli hududiy boshqarmasiga elektron shaklda yuboriladi.
YIDXP yoki davreestr.uz veb-sayti orqali murojaat etilganda esa — soʻrovnoma avtomatik tarzda Palataning tegishli hududiy boshqarmasiga yuboriladi.
11. Palataning tegishli hududiy boshqarmasiga kelib tushgan soʻrovnoma masʼul xodim tomonidan qabul qilib olinadi va uning toʻgʻri toʻldirilganligi tekshiriladi. Agar soʻrovnomada xato va kamchiliklar boʻlsa, ularni besh ish kuni ichida bartaraf etish uchun qaytaradi.
12. Belgilangan muddatda xatolar bartaraf etilmagan, yetishmayotgan maʼlumotlar taqdim etilmagan va notoʻgʻri maʼlumotlar taqdim etilgan yoki davlat xizmatini koʻrsatish uchun yigʻim toʻlanmagan taqdirda, davlat xizmatini koʻrsatish rad etiladi.
Davlat xizmatini koʻrsatishni ushbu bandda koʻrsatilgandan tashqari boshqa asoslar boʻyicha rad etish taqiqlanadi.
13. Palataning tegishli hududiy boshqarmasi soʻrovnoma tushgan va toʻlov amalga oshirilgan vaqtdan boshlab uch ish kuni ichida ushbu Reglamentga 3-ilovaga muvofiq shakl boʻyicha QR-kod (matrik shtrixli kod) qoʻyilgan maʼlumotnomani rasmiylashtiradi va davlat xizmatlari markaziga (oʻzi kelib murojaat etgan taqdirda) yoxud ariza beruvchiga (elektron shaklda murojaat etgan taqdirda) YIDXP yoki davreestr.uz veb-sayti orqali yuboradi.
14. Davlat xizmatlari markazi maʼlumotnoma tushgandan soʻng real vaqt rejimida uni ariza beruvchining elektron manziliga yuboradi va ariza beruvchini bu haqda axborot-kommunikatsiya tizimi orqali xabardor qiladi.
Ariza beruvchi oʻzi kelib murojaat etgan taqdirda, davlat xizmatlari markazi xodimi ariza beruvchining soʻroviga koʻra unga maʼlumotnomani elektron yoki qogʻoz shaklda berishi mumkin.
3-bob. Yakunlovchi qoidalar
15. Ariza beruvchi davlat xizmatidan foydalanishdan uni koʻrsatishning har qanday bosqichida bosh tortish huquqiga ega.
Ariza beruvchi davlat xizmatidan foydalanishdan bosh tortganda, uning soʻrovnomasi koʻrilmasdan qoldiriladi. Bunda toʻlangan yigʻim summasi qaytarilmaydi.
16. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, uning hududiy boshqarmalari va davlat xizmatlari markazlari ushbu Reglament talablari ijrosi boʻyicha davlat organlari va boshqa tashkilotlarning faoliyatini, shu jumladan, YIDXP orqali doimiy nazorat va monitoring qilib boradi.
17. Ariza beruvchi davlat xizmatini koʻrsatishda davlat organlari va boshqa tashkilotlar xodimlarining xatti-harakatlari (harakatsizligi) yuzasidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilishi mumkin.
18. Mazkur Reglament talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Koʻchmas mulk tarixi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni taqdim etish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga
1-ILOVA
Koʻchmas mulk tarixi toʻgʻrisidagi maʼlumotnomani taqdim etish
SXEMASI

Bosqichlar

Subyektlar

Tadbirlar

Bajarish muddatlari

1-bosqich

Ariza beruvchi

1. Maʼlumotnoma olish uchun davlat xizmatlari markaziga oʻzi kelib murojaat etadi, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yoki davreestr.uz veb-sayti orqali murojaat etadi.

2. Xizmat koʻrsatish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizi miqdorida yigʻim toʻlaydi.

Oʻz xohishiga koʻra

2-bosqich

1. Davlat xizmatlari markazi

2. YIDXP

3. davreestr.uz veb-sayti

Soʻrovnomani Palataning tegishli hududiy boshqarmasiga yuboradi.

Soʻrovnoma toʻldirilishi bilan

3-bosqich

Palataning tegishli hududiy boshqarmasi

QR-kod (matrik shtrixli kod) qoʻyilgan maʼlumotnomani rasmiylashtiradi va davlat xizmatlari markaziga, ariza beruvchiga (elektron shaklda murojaat etgan taqdirda) YIDXP yoki davreestr.uz veb-sayti orqali yuboradi.

3 ish kuni ichida

4-bosqich

1. Davlat xizmatlari markazi

2. YIDXP

3. davreestr.uz veb-sayti

Maʼlumotnomani ariza beruvchining elektron manziliga joʻnatadi va ariza beruvchini bu haqda axborot-kommunikatsiya tizimi orqali xabardor qiladi. Oʻzi kelib murojaat etganda, maʼlumotnomani ariza beruvchiga beradi.

Real vaqt rejimida

Koʻchmas mulk tarixi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni taqdim etish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga
2-ILOVA
Koʻchmas mulk tarixi toʻgʻrisidagi maʼlumotnomani taqdim etish boʻyicha
SOʻROVNOMA

Ariza beruvchi (yuridik yoki jismoniy shaxs) toʻldirishi lozim boʻlgan maʼlumotlar:

1. Jismoniy shaxsning ismi, familiyasi, otasining ismi, yuridik shaxsning nomi (ishonchnoma egasining F.I.O.)

2. Yuridik shaxslarda soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami (STIR), jismoniy shaxslarda jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (JSHSHIR)

3. Koʻchmas mulkning kadastr raqami

4. Jismoniy shaxsning yashash manzili yoki yuridik shaxsning joylashgan joyi (yuridik manzili)

5. Elektron pochta manzili (mavjud boʻlsa)

Koʻchmas mulk tarixi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni taqdim etish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga
3-ILOVA

(Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri)

Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi
‎Kadastr agentligining Davlat kadastrlari palatasi

Koʻchmas mulk tarixi toʻgʻrisida
‎MAʼLUMOTNOMA

№ _____

20 ____ “_____” _____________

20 ____ “_____” _____________da kelib tushgan arizaga asosan shuni maʼlum qilamizki,

Koʻchmas mulk obyektining nomi
Kadastr raqami:
Joylashgan joyi:
Amaldagi huquq turi‏
umumiy maydoni (m2)
qurilish osti maydoni (m2)
qurilgan yili

Yer uchastkasining huquqni belgilovchi hujjatlarining shakli, kim tomonidan berilganligi, sanasi, raqami:

Bino va inshootlarning huquqni belgilovchi hujjatlarining shakli, kim tomonidan berilganligi, sanasi, raqami:

Avvalgi huquq turi:
umumiy maydoni (m2)

qurilish osti maydoni (m2)

qurilgan yili

Yer uchastkasining huquqni belgilovchi hujjatlarining shakli, kim tomonidan berilganligi, sanasi, raqami:

Bino va inshootlarning huquqni belgilovchi hujjatlarining shakli, kim tomonidan berilganligi, sanasi, raqami:

...
Cheklanish mavjudligi

Izoh. Vazirlar Mahkamasining “Kadastr sohasida ayrim davlat xizmatlari koʻrsatishning maʼmuriy reglamentlarini tasdiqlash toʻgʻrisida” 2020-yil 2-sentabrdagi 535-son qaroriga 5g-ilovaga muvofiq yuqoridagi maʼlumotlar taqdim qilinadi.

QR-kod

”.

Keyingi tahrirga qarang.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.08.2023-y., 09/23/380/0611-son; 25.12.2025-y., 09/25/821/1211-son)