1.21.00.00.00 Oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha kompleks tusdagi hujjatlar / 21.03.00.00 Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari]
[TSZ:
1.Davlat va jamiyat qurilishi / Qonunchilik tashabbusi. Norma ijodkorligi faoliyati]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash hamda subsidiya berish mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Paxta xom ashyosi yetishtiruvchilar faoliyatini yanada qoʻllab-quvvatlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2023-yil 26-yanvardagi PQ-23-son qarori ijrosini taʼminlash, shuningdek, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash hamda subsidiya berish mexanizmlarini takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Paxta xom ashyosi yetishtiruvchilar faoliyatini yanada qoʻllab-quvvatlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2023-yil 26-yanvardagi PQ-23-son qaroriga muvofiq:
2023-yildan boshlab xorijdan olib kelingan va respublikamizda ishlab chiqarilgan lazerli qurilmaga ega avtomatlashtirilgan yer tekislagich agregatlarini sotib olgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilariga yer tekislagich agregatlari qiymatining 30 foizi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan qoplab berilishi;
paxta xom ashyosi yetishtiriladigan maydonlarni nasos orqali sugʻorishda sarflanadigan elektr energiyasi xarajatlarining 50 foizigacha qismi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan qoplab berilishi belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga quyidagilarni nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin:
paxta xom ashyosi va boshoqli don yetishtiruvchi fermer xoʻjaliklarining nasos agregatlari va sugʻorish quduqlari isteʼmol qiladigan elektr energiyasi qiymatining 50 foizigacha qismini qoplash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan qoplab berish;
xorijdan olib kelingan va respublikamizda ishlab chiqarilgan lazerli qurilmaga ega avtomatlashtirilgan yer tekislagich agregatlarini sotib olgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilariga yer tekislagich agregatlari qiymatining 30 foizini Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan qoplab berish.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vaziri A.B. Voitov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2023-yil 11-avgust,
364-son
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 11-avgustdagi 364-son qaroriga ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 3-maydagi 320-son qarori bilan tasdiqlangan Fermer xoʻjaliklarining nasos agregatlari va sugʻorish quduqlari isteʼmol qiladigan elektr energiyasi qiymatini qoplash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan subsidiyalar ajratish tartibi toʻgʻrisidagi nizomda:
“1. Ushbu Nizom paxta xom ashyosi va boshoqli don yetishtiruvchi fermer xoʻjaliklarining (keyingi oʻrinlarda isteʼmolchilar deb ataladi) nasos agregatlari va sugʻorish quduqlari isteʼmol qiladigan elektr energiyasi qiymatining 50 foizigacha qismini qoplash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan (keyingi oʻrinlarda Davlat budjeti deb ataladi) subsidiyalar ajratish tartibini belgilaydi.
Isteʼmolchilarga subsidiya ajratish boʻyicha materiallarni jamlash, koʻrib chiqish hamda vakolatli organlar va tashkilotlar bilan kelishish “Agro-subsidiya” yagona axborot tizimi orqali amalga oshiriladi”;
5-banddagi “Oʻzbekenergo” aksiyadorlik jamiyati” soʻzlari “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati” soʻzlari bilan, “Moliya vazirligi” soʻzlari “Iqtisodiyot va moliya vazirligi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
7-band “Dalolatnomalar tuman ishchi guruhi rahbari tomonidan” soʻzlaridan keyin “Agro-subsidiya” yagona axborot tizimi orqali” soʻzlari bilan toʻldirilsin;
11-bandning ikkinchi xatboshisi “Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligiga” soʻzlaridan keyin “Agro-subsidiya” yagona axborot tizimi orqali” soʻzlari bilan toʻldirilsin;
“12. Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari tomonidan isteʼmolchilarning nasos agregatlari va sugʻorish quduqlarining keyingi yilda sugʻorish ishlari uchun suv va elektr energiyasi isteʼmoli hamda elektr energiyasi qiymatining muvofiqlashgan talabnomalarini tahlil qiladi, umumlashtiradi hamda Qishloq xoʻjaligi vazirligi va Energetika vazirligi bilan kelishib har yilning 1-iyuniga qadar Iqtisodiyot va moliya vazirligiga taqdim etadi”;
13-banddagi “Moliya vazirligi” soʻzlari “Iqtisodiyot va moliya vazirligi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
16-band “elektr energiyasi qiymatini qoplash boʻyicha hisob-kitoblarni” soʻzlaridan keyin “Agro-subsidiya” yagona axborot tizimi orqali” soʻzlari bilan toʻldirilsin;
17-bandning ikkinchi xatboshisi “Dalolatnoma tuman ishchi guruhi rahbari tomonidan” soʻzlaridan keyin “Agro-subsidiya” yagona axborot tizimi orqali” soʻzlari bilan toʻldirilsin.
2. Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 26-noyabrdagi 952-son qarori bilan tasdiqlangan Qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalashni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalashni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan, shuningdek, “Toshkent qishloq xoʻjaligi texnikasi zavodi” AJ va uning hududida ijara shartnomalari asosida joylashgan, Chirchiq shahriga koʻchirilayotgan korxonalar hamda qishloq xoʻjaligi mashinasozligi klasteri tomonidan 2024-yil 31-dekabrga qadar tayyor holda chetdan olib kelinadigan qishloq xoʻjaligi texnikalarini sotib olgan xaridorlarga texnika qiymatini hamda xorijdan olib kelinadigan va respublikamizda ishlab chiqarilgan lazerli qurilmaga ega avtomatlashtirilgan yer tekislagich agregatlari qiymatini qisman qoplab berish uchun Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjeti mablagʻlari hisobidan subsidiyalar ajratish tartibini belgilaydi.
2. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalar — Oʻzbekiston Respublikasi hududida belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilgan qishloq xoʻjaligi texnikalarini ishlab chiqaruvchi tashkilot;
subsidiya — mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan, shuningdek, “Toshkent qishloq xoʻjaligi texnikasi zavodi” AJ va uning hududida ijara shartnomalari asosida joylashgan, Chirchiq shahriga koʻchirilayotgan korxonalar hamda qishloq xoʻjaligi mashinasozligi klasteri tomonidan 2024-yil 31-dekabrga qadar tayyor holda chetdan olib kelinadigan qishloq xoʻjaligi texnikalarini sotib olgan xaridorlarga texnika qiymatining 15 foizini hamda xorijdan olib kelingan va respublikamizda ishlab chiqarilgan lazerli qurilmaga ega avtomatlashtirilgan yer tekislagich agregatlari qiymatining 30 foizini qoplash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjeti mablagʻlari hisobidan ajratiladigan mablagʻlar;
xaridor — qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi yuridik va jismoniy shaxslar, paxta-toʻqimachilik tashkilotchilari va klasterlar, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari boʻlgan qishloq xoʻjaligida mexanizatsiyalash xizmatlarini koʻrsatuvchi tashkilotlar;
hisobvaraq-faktura — qishloq xoʻjaligi texnikasining haqiqatdan sotilganini tasdiqlovchi, mahalliylashtirilganlik darajasini koʻrsatuvchi va qishloq xoʻjaligi texnikasi narxini oʻz ichiga olgan hujjat yoki shartnoma;
qishloq xoʻjaligi texnikasi va agregati — Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqariladigan barcha turdagi qishloq xoʻjaligi texnikalari, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Chirchiq shahrida qishloq xoʻjaligi mashinasozlik klasterini tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 11-noyabrdagi PQ-7-son qaroriga asosan “Toshkent qishloq xoʻjaligi texnikasi zavodi” AJ va uning hududida ijara shartnomalari asosida joylashgan, Chirchiq shahriga koʻchirilayotgan korxonalar hamda qishloq xoʻjaligi mashinasozligi klasteri tomonidan 2024-yil 31-dekabrga qadar tayyor holda chetdan olib kelinadigan qishloq xoʻjaligi texnikalari, xorijdan olib kelinadigan va respublikamizda ishlab chiqarilgan lazerli qurilmaga ega avtomatlashtirilgan yer tekislagich agregatlari.
3. Subsidiyalarni ajratish Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
Bunda subsidiya mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan, shuningdek, 2024-yil 31-dekabrga qadar tayyor holda chetdan olib kelinadigan qishloq xoʻjaligi texnikalari hamda xorijdan olib kelingan va respublikamizda ishlab chiqarilgan lazerli qurilmaga ega avtomatlashtirilgan yer tekislagich agregatlari uchun bir marta ajratiladi.
Xorijdan olib kelingan va respublikamizda ishlab chiqarilgan lazerli qurilmaga ega avtomatlashtirilgan yer tekislagich agregatlariga subsidiyalar 2023-yildan boshlab xaridor tomonidan xarid qilingan agregatlarga nisbatan tatbiq etiladi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) subsidiya ajratish uchun Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetidan ajratilgan mablagʻlar miqdori toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni har chorak yakuni bilan oʻzining rasmiy veb-saytida joylashtiradi, shuningdek, ularning oʻzlashtirilishi va qoldigʻi haqidagi maʼlumotlarni yangilab boradi.
5. Subsidiyalarni ajratish ushbu Nizomga 1-ilovaga muvofiq sxema boʻyicha amalga oshiriladi.
2-bob. Subsidiyalarni ajratish tartibi
6. Subsidiyalar yangi va xarid qilingan kundan boshlab bir yil muddat davomida (hisobvaraq-faktura taqdim etilgan sanadan boshlab) taqdim etilgan arizaga muvofiq qishloq xoʻjaligi texnikasi va agregati uchun ajratiladi.
7. Xaridor oldi-sotdi toʻgʻrisidagi shartnomani tuzgandan soʻng, shartnoma shartlariga muvofiq mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalarga qishloq xoʻjaligi texnikasi qiymatini toʻlab beradi.
8. Xaridor shartnoma shartlariga muvofiq toʻlovni toʻliq amalga oshirib qishloq xoʻjaligi texnikasini yoki agregatini sotib olgandan soʻng, qishloq xoʻjaligi texnikasi qiymatining 15 foizi, shuningdek, agregat qiymatining 30 foizi miqdorida subsidiya olish uchun Jamgʻarmaga quyidagi hujjatlarni taqdim qiladi:
a) mazkur Nizomga 2-ilovaga muvofiq shakldagi ariza;
b) qishloq xoʻjaligi texnikasi va agregati boʻyicha:
oldi-sotdi shartnomasi yoki shartnoma (kredit shartlarida xarid qilinganda), hisobvaraq-faktura, toʻlov hujjati nusxasi;
lizing shartnomasi, hisobvaraq-faktura, toʻlov hujjati, lizing obyektini qabul qilish — topshirish dalolatnomasi nusxasi (lizing shartlarida xarid qilinganda);
davlat roʻyxatidan oʻtganligi toʻgʻrisidagi “texnik pasport” yoki “texnik guvohnoma” nusxasi.
9. Jamgʻarma mazkur Nizomning 8-bandiga muvofiq taqdim etilgan hujjatlarni besh ish kuni davomida oʻrganib chiqadi.
Oʻrganish natijalariga koʻra, “ijobiy” qaror qabul qilinganda, Jamgʻarma besh ish kuni davomida Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetidan subsidiya uchun ajratilgan mablagʻlar doirasida xaridorga subsidiya ajratadi.
Bunda Jamgʻarma qishloq xoʻjaligi texnikasi qiymatining 15 foizi, agregat qiymatining 30 foizi miqdoridagi subsidiyalarning pul mablagʻlarini xaridorning arizada koʻrsatilgan asosiy bank hisobvaragʻiga oʻtkazadi.
10. Jamgʻarma quyidagi hollarda subsidiya ajratishni rad etadi:
mazkur Nizomning 8-bandida koʻrsatilgan hujjatlar toʻliq taqdim qilinmaganda;
chet eldan olib kelingan qishloq xoʻjaligi texnikasi va agregatining bojxona yuk deklaratsiyasi boshqa shaxs nomiga rasmiylashtirilganda;
qishloq xoʻjaligi texnikasi va agregati xarid qilingan kundan (hisobvaraq-faktura taqdim etilgan sanadan) boshlab bir yil muddat oʻtib murojaat qilinganda (qayta murojaat qilayotgan xaridor uchun ushbu muddatga oʻttiz kun qoʻshiladi).
Xaridor aniqlangan kamchiliklarni oʻttiz kun ichida bartaraf etib, hujjatlarni qayta taqdim qilish huquqiga ega.
3-bob. Yakunlovchi qoidalar
11. Xaridordan qonunchilik hujjatlarida va mazkur Nizomda nazarda tutilmagan boshqa hujjatlarni talab qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
12. Qishloq xoʻjaligi texnikasi va agregatini ishlab chiqaruvchi korxonalar hamda xaridor taqdim etiladigan hujjatlarning ishonchliligi va asoslantirilganligi yuzasidan qonunchilik hujjatlariga muvofiq masʼul hisoblanadi.
13. Xaridor subsidiya ajratish rad etilganligi, shuningdek, Jamgʻarmaning mansabdor shaxsini xatti-harakatlari ustidan belgilangan tartibda yuqori turuvchi organga yoxud sudga shikoyat qilish huquqiga ega.
Qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalashni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan subsidiyalarni ajratish
SXEMASI
Bosqichlar
Masʼul ijrochilar, amalga oshirish mexanizmi
Muddatlar
Qishloq xoʻjaligi texnikasi qiymatining 15 foizi va lazerli qurilmaga ega yer tekislagich agregati qiymatining 30 foizi miqdorida subsidiya ajratish
1-bosqich
Xaridor oldi-sotdi toʻgʻrisidagi shartnomani tuzganidan soʻng shartnoma shartlariga muvofiq qishloq xoʻjaligi texnikasi va agregatini ishlab chiqaruvchi mahalliy tashkilotlarga texnikaning toʻliq qiymatini toʻlab beradi.
Shartnomaga asosan
2-bosqich
Xaridor shartnoma shartlariga muvofiq qishloq xoʻjaligi texnikasi uchun toʻlovni amalga oshirganidan soʻng qishloq xoʻjaligi texnikasi qiymatining 15 foizi va lazerli qurilmaga ega yer tekislagich agregatlari qiymatining 30 foizi miqdorida subsidiya olish uchun Jamgʻarmaga tegishli hujjatlarni taqdim qiladi.
Xaridor ixtiyoriga koʻra
3-bosqich
Jamgʻarma subsidiya ajratish uchun xaridor tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni koʻrib chiqadi.
5 ish kuni davomida
4-bosqich
Ijobiy qaror qabul qilingan taqdirda, Jamgʻarma qishloq xoʻjaligi texnikasi qiymatining 15 foizi va lazerli qurilmaga ega yer tekislagich agregatlari qiymatining 30 foizi miqdoridagi subsidiyani xaridorning arizasida koʻrsatilgan bank hisobvaragʻiga pul mablagʻlarini oʻtkazish orqali ajratadi.
5 ish kuni davomida
Qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalashni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi
Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasiga
Sotib olingan qishloq xoʻjaligi texnikasi qiymatining 15 foizini
(agregat qiymatining 30 foizini) qoplashga subsidiya olish uchun
“_________________________” korxonasidan 202__ yil “_____” _______________da tuzilgan № __________________ raqamli qishloq xoʻjaligi texnikasi (agregati)ning oldi-sotdi shartnomasiga asosan ____________________________________ (summa soʻz bilan yoziladi) soʻmga sotib olingan “_____________” rusumli qishloq xoʻjaligi texnikasi qiymatining 15 foizini (agregat qiymatining 30 foizini) qoplash uchun belgilangan tartibda subsidiya ajratilishini soʻrayman.
Xarid qilingan qishloq xoʻjaligi texnikasi (agregati)ning ____________________________________ _____________________________________________________________________________ boʻyicha hujjatlari _______ varaqda ilova qilinadi.