toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
“Advokatura toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 31-moddasiga oʻzgartirish kiritish haqida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2023-yil 16-mayda qabul qilingan
Senat tomonidan 2023-yil 4-avgustda maʼqullangan
Keyingi yillarda mamlakatimizda inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari ximoya kilinishini taʼminlashning samarali institutlaridan biri sifatida advokaturaning oʻrni va ahamiyatini oshirish boʻyicha keng koʻlamli islohotlar amalga oshirildi.
Xususan, advokatura institutining va advokatlarning mustaqilligini taʼminlashga, sud ishini yuritishning barcha bosqichlarida taraflarning tortishuv prinsipi asosida ishlarni tashkil etishga qaratilgan chora-tadbirlar koʻrildi, advokatlarning oʻz professional faoliyatini amalga oshirishi uchun zarur qonunchilik bazasi yaratildi.
Shu bilan birga advokaturaga ishga qabul qilish tartib-taomilini, shuningdek advokatlik faoliyati bilan shugʻullanish huquqiga doir litsenziyani olish tartibini soddalashtirish zarurati yuzaga kelmoqda.
Mazkur Qonun bilan “Advokatura toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga advokatlik faoliyati bilan shugʻullanish huquqiga doir litsenziyani olish uchun imtixon topshirishga talabgor shaxsning yuridik mutaxassislik boʻyicha kamida ikki yillik ish stajiga ega boʻlishi toʻgʻrisidagi talab bekor kilinishini nazarda tutuvchi oʻzgartirish kiritilmoqda.
Ushbu Qonun advokatura sohasining jozibadorligini oshirishga hamda mazkur sohaga yosh kadrlarni va yuridik mutaxassislik boʻyicha ikki yillik ish stajiga ega boʻlmagan kadrlarni jalb etishning samarali tizimini yaratishga xizmat kiladi.
1-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 1996-yil 27-dekabrda kabul qilingan “Advokatura tugʻrisida”gi 349-1-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-yil, № 2, 48-modda; 2001-yil, № 1-2, 23-modda; 2003-yil, № 5, 67-modda; 2004-yil, № 1-2, 18-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2005-yil, № 9, 312-modda; 2008-yil, № 12, 641-modda; 2009-yil, № 9, 337-modda; 2018-yil, № 10, 673-modda; 2019-yil, № 1, 3-modda, № 5, 267-modda, № 9, 591-modda; 2021-yil, 4-songa ilova; 2022-yil, № 8, 787-modda) 31-moddasining ikkinchi kismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Advokat maqomiga ega boʻlishga talabgor shaxs (bundan buyon matnda talabgor deb yuritiladi) litsenziya olish uchun advokatlik tuzilmasida (advokatlik byurosida, advokatlik firmasida, advokatlar hayʼatida, yuridik maslahatxonada) kamida uch oy muddat stajirovka oʻtashi kerak hamda malaka imtihonini topshirishi shart”.
2-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va boshka manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.
3-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-hukuqiy hujjatlarini kayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
4-modda. Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 9-avgust,
OʻRQ-862-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.08.2023-y., 03/23/862/0578-son)