toggle_night_mode
Hujjat 04.07.2023 sanasi holatiga
Amaldagi versiyaga o‘tish
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Maʼmuriy islohotlar doirasida madaniy meros sohasida davlat boshqaruvi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi faoliyatiga oid Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Maʼmuriy islohotlar doirasida madaniy meros sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2023-yil 1-iyundagi PQ-177-son qarorining ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga quyidagilarni nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin:
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasining (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) Oʻzbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi faoliyatiga koʻmaklashish boʻyicha funksiyalarini belgilash;
Jamgʻarmaning daromadlar va xarajatlar smetasi Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri tomonidan tasdiqlanishini belgilash;
Respublika bolalar kutubxonasini Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim va maktab taʼlimi vazirligidan Jamgʻarma tizimiga oʻtkazish;
YUNESKO ishlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi milliy komissiyasining yangi tarkibini tasdiqlash.
2. Vazirlar Mahkamasining “Madaniyat va sanʼatni rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” 2022-yil 6-avgustdagi 436-son qarorining 2-bandi va unga 1-ilova oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
3. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi raisi zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2023-yil 3-iyul,
271-son
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 3-iyuldagi 271-son qaroriga
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatning ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida” 2017-yil 1-noyabrdagi 886-son qarorida:
a) quyidagi mazmundagi 11-band bilan toʻldirilsin:
“11. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi boshqaruv xodimlarining cheklangan soni 50 nafar etib belgilansin.”;
b) ilovaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasining (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) maqomi, asosiy vazifalari, funksiyalari, huquq va majburiyatlarini, shuningdek, uning faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Jamgʻarma oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, boshqa qonunchilik hujjatlariga, shuningdek, mazkur Nizomga amal qiladi.
3. Jamgʻarma davlat muassasasi shaklidagi yuridik shaxs hisoblanadi, oʻzining mustaqil balansiga, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasida ochilgan milliy valyutadagi shaxsiy gʻazna hisobvaraqlariga hamda tijorat banklarida milliy va chet el valyutasida bank hisobvaraqlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va oʻz nomi yozilgan muhriga ega boʻladi.
Jamgʻarmaning rasmiy nomi:
a) davlat tilida:
toʻliq nomi — Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi;
qisqartirilgan nomi — Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi;
b) ingliz tilida:
toʻliq nomi — Art and Culture Development Foundation under the Cabinet of Ministers of the Republic of Uzbekistan;
qisqartirilgan nomi — Art and Culture Development Foundation;
v) rus tilida:
toʻliq nomi — Fond razvitiya kulturi i iskusstva pri Kabinete Ministrov Respubliki Uzbekistan;
qisqartirilgan nomi — Fond razvitiya kulturi i iskusstva.
2-bob. Jamgʻarmaning asosiy vazifalari va funksiyalari
4. Quyidagilar Jamgʻarmaning asosiy vazifalari hisoblanadi:
moliyaviy, tashkiliy va ijodiy yoʻnalishlarda kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish asosida madaniyat va sanʼat sohasini yanada rivojlantirishga koʻmaklashish, shuningdek, madaniyat arboblarini hamda tasviriy sanʼat, adabiyot, teatr, musiqa va xoreografiya sohalarida ularning tashabbusi bilan tashkil etiladigan tadbirlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash;
xalqaro va davlatlararo madaniy aloqalarni kengaytirish, madaniyat va sanʼat sohasida xalqaro madaniyat tashkilotlar va xayriya jamgʻarmalari bilan hamkorlikni rivojlantirish, xorijiy investitsiyalar va grantlarni jalb etish, mamlakatimizda madaniyat va sanʼatga doir homiylikni rivojlantirishga koʻmaklashish;
madaniyatlararo ijodiy muloqotni yoʻlga qoʻyish va oʻzbek sanʼatining jahon badiiy va madaniy makoniga integratsiyalashuviga koʻmaklashish, shuningdek, mamlakatimizning madaniy va ilmiy-texnik salohiyatini hamda raqobatbardoshligi bilan bogʻliq jihatlarni namoyish etish;
madaniyat va sanʼat sohasida kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish, shu bilan birga, madaniyat va sanʼat muassasalarini zarur adabiyotlar va davriy nashrlar bilan taʼminlash;
xorijiy tajribalarni hisobga olgan holda, mamlakatimiz muzeylari va boshqa madaniyat muassasalari faoliyatining samaradorligini oshirish tizimini takomillashtirishga koʻmaklashish;
madaniy meros sohasida davlat siyosatini yuritishga koʻmaklashish;
xalqaro standartlarga muvofiq yangi madaniyat muassasalarini qurish uchun moliyaviy mablagʻ va koʻmak berish;
madaniyat va sanʼat muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va ularni kapital hamda joriy taʼmirlash;
xalqaro institutlar, xorijiy mamlakatlar hukumatlari, homiylar va donorlar bilan hamkorlikda loyihalarni birgalikda moliyalashtirishni tashkil etishni taʼminlash;
jahondagi ilgʻor tajribalarni mamlakatimizda joriy etish boʻyicha takliflar tayyorlash maqsadida madaniyat va sanʼat sohasini moliyalashtirish boʻyicha rivojlangan davlatlar tajribasini oʻrganish;
aholiga pulli xizmatlar koʻrsatish hajmini oshirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;
qonunchilikda belgilangan manbalardan tushayotgan mablagʻlarni jamgʻarishni taʼminlash;
ajratilayotgan maqsadli mablagʻlardan toʻgʻri, samarali va maqsadli foydalanish ustidan tizimli nazorat oʻrnatish;
Jamgʻarma va uning tizimida faoliyat koʻrsatayotgan xodimlarni moddiy ragʻbatlantirish va ijtimoiy himoya qilish boʻyicha tadbirlar uchun maqsadli mablagʻlar ajratish.
5. Jamgʻarma oʻziga yuklangan vazifalarni bajarish uchun quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
a) moliyaviy, tashkiliy va ijodiy yoʻnalishlarda kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish asosida madaniyat va sanʼat sohasini yanada rivojlantirishga koʻmaklashish, shuningdek, madaniyat arboblarini hamda tasviriy sanʼat, adabiyot, teatr, musiqa va xoreografiya sohalarida ularning tashabbusi bilan tashkil etiladigan tadbirlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash borasida:
madaniyat va sanʼat sohasini moliyalashtirish boʻyicha xorijiy mamlakatlar tajribasini oʻrganish va joriy qilish boʻyicha takliflar tayyorlash;
milliy va xorijiy madaniyat hamda sanʼat namoyandalarining ijodi bilan tanishishga doir tadbirlarni tashkil etish;
madaniyat va sanʼatni rivojlantirish, madaniy meros sohalarida normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish;
madaniyat va sanʼatning turli sohalarini ommalashtirish, shuningdek, madaniyat arboblarini qoʻllab-quvvatlash tadbirlarini oʻtkazish;
Jamgʻarma tomonidan oʻtkaziladigan tadbirlarning kalendar rejasini tuzish va tasdiqlash uchun Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziriga kiritish;
madaniyat va sanʼatni hamda ushbu sohadagi ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish boʻyicha tadbirlarni amalga oshirish;
b) xalqaro va davlatlararo madaniy aloqalarni kengaytirish, madaniyat va sanʼat sohasida xalqaro madaniyat tashkilotlari va xayriya jamgʻarmalari bilan hamkorlikni rivojlantirish, xorijiy sarmoya va grantlarni jalb etish, mamlakatimizda madaniyat va sanʼatga doir homiylikni rivojlantirishga koʻmaklashish borasida:
xorijiy sheriklar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish va oʻzaro tadbirlar, shu jumladan ularning investitsiya loyihalarida, grantlarni ajratishdagi ishtirokini tashkil etish va Oʻzbekiston Respublikasi madaniyati va sanʼatini rivojlantirishga yoʻnaltirilgan boshqa yordamlar koʻrsatish;
oʻzbek madaniyati va sanʼatini ommalashtirish hamda Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro maydondagi nufuzini mustahkamlashga qaratilgan xalqaro madaniy tadbirlarning respublika va uning tashqarisida oʻtkazilishini tashkil qilish;
Oʻzbekiston Respublikasida metsenatlikni rivojlantirishga koʻmaklashish;
v) madaniyatlararo ijodiy muloqotni yoʻlga qoʻyish va oʻzbek sanʼatining jahon badiiy va madaniy makoniga integratsiyalashuviga koʻmaklashish, shuningdek, mamlakatimizning madaniy va ilmiy-texnik salohiyati hamda raqobatbardoshligi bilan bogʻliq jihatlarni namoyish etish borasida:
madaniyat va sanʼat arboblarini jahon madaniy hamjamiyatiga keng jalb etish, shu jumladan ularning xalqaro koʻrgazmalar, konferensiyalar, festivallar va shu kabilardagi ishtirokini taʼminlashga doir tadbirlarni tashkil etish va oʻtkazish;
Oʻzbekiston madaniyati va sanʼatini jahon darajasida keng targʻib qiladigan adabiyotlar yaratish va ularni xorijiy nashriyot uylari orqali ommalashtirish;
g) madaniyat va sanʼat sohasida kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish, shu bilan birga, madaniyat va sanʼat muassasalarini zarur adabiyotlar va davriy nashrlar bilan taʼminlash borasida:
madaniyat va sanʼat sohasi uchun kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirishga, ularning ilmiy faoliyatini qoʻllab-quvvatlashga, yoshlar hamda Oʻzbekiston Respublikasida va uning tashqarisida Oʻzbekiston madaniyati va sanʼatini rivojlantirishga qaratilgan faoliyat bilan shugʻullanuvchi shaxslarni ragʻbatlantirishga doir tadbirlarni, shu jumladan, grant dasturlarini shakllantirish orqali tashkil etish;
Jamgʻarma va uning tizimida faoliyat koʻrsatayotgan xodimlarni oʻqitish, tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish boʻyicha tadbirlar uchun maqsadli mablagʻlar ajratish;
d) xorijiy tajribalarni hisobga olgan holda, mamlakatimiz muzeylari va boshqa madaniy muassasalari faoliyati samaradorligini oshirish tizimini takomillashtirishga koʻmaklashish borasida:
xorijiy tajribani doimiy oʻrganish va muzeylar hamda boshqa madaniyat muassasalarining faoliyati samaradorligini oshirishda koʻmaklashish;
muzeylar, madaniy meros obyektlari va madaniyat muassasalarida inklyuziv muhitni yaratish;
e) madaniy meros sohasida davlat siyosatini yuritishga koʻmaklashish borasida:
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi faoliyatini rivojlantirish, uning vakolat doirasiga kiruvchi masalalar, ijro va mehnat intizomini taʼminlash boʻyicha tavsiyalar berish;
Madaniy meros agentligi taklifiga asosan Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan asrashga doir ishlar amalga oshiriladigan moddiy madaniy meros koʻchmas mulk obyektlarining har yillik manzilli roʻyxatini koʻrib chiqish hamda kelishish;
Madaniy meros agentligi tizimidagi tashkilotlarning rahbarlari faoliyati samaradorligining asosiy koʻrsatkichlari (indikatorlari)ni monitoring qilib borish;
j) xalqaro standartlarga muvofiq yangi madaniy muassasalar qurish uchun moliyaviy mablagʻ va koʻmak berish borasida:
madaniyat va sanʼat obyektlarini loyihalash, restavratsiya, rekonstruksiya hamda qurilish-taʼmirlash boʻyicha mazkur maqsadlar uchun ajratilgan respublika budjeti va oʻz mablagʻlari hisobidan buyurtmachi funksiyasini bajarish;
jahon tajribasidan kelib chiqib, yangi madaniyat muassasalarini qurish ishlarini amalga oshirishga xorijiy mutaxassislarni jalb qilish;
xalqaro standartlarga muvofiq yangi madaniyat muassasalarini qurish ishlarini amalga oshirish;
madaniyat muassasalarini qurish uchun maqsadli moliyaviy mablagʻlar ajratish;
z) madaniyat va sanʼat muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va ularni kapital hamda joriy taʼmirlash borasida:
muzeylar, madaniy meros obyektlari va madaniyat muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga koʻmaklashish;
madaniyat muassasalarini loyihalash, restavratsiya, rekonstruksiya qilish va qurish uchun yetakchi xalqaro va mahalliy ekspertlarni jalb etish;
muzeylar, madaniy meros obyektlari va madaniyat muassasalarida restavratsiya, rekonstruksiya va kapital taʼmirlash ishlarini belgilangan tartibda amalga oshirish;
i) xalqaro institutlar, xorijiy mamlakatlar hukumatlari, homiylar va donorlar bilan hamkorlikda loyihalarni birgalikda moliyalashtirishni tashkil etishni taʼminlash borasida:
xalqaro institutlar, xorijiy mamlakatlar hukumatlari, homiylar va donorlar bilan hamkorlik aloqalarini oʻrnatish;
Oʻzbekiston Respublikasida madaniyat va sanʼatni rivojlantirishga yoʻnaltirilgan grantlar ajratish va boshqa koʻmak berishda xalqaro institutlar, xorijiy mamlakatlar hukumatlari, homiylar va donorlar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish va qoʻshma tadbirlarni, shu jumladan, ularning investitsiya loyihalarida ishtirok etishini tashkil etish;
k) jahondagi ilgʻor tajribalarni mamlakatimizda joriy etish boʻyicha takliflar tayyorlash maqsadida madaniyat va sanʼat sohasini moliyalashtirish boʻyicha rivojlangan davlatlar tajribasini oʻrganish borasida:
madaniyat va sanʼat sohasida jahondagi ilgʻor tajribalarni oʻrganish va tahlil qilib borish;
ilgʻor tajribalarni joriy etish boʻyicha asosli takliflarni tayyorlash;
ilgʻor tajribalarni joriy etish boʻyicha chora-tadbirlar rejalari va tegishli normativ-huquqiy hujjat loyihalarini tayyorlash;
l) aholiga pulli xizmatlar koʻrsatish hajmini koʻpaytirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish:
joriy holatni oʻrganish, shuningdek, madaniyat va sanʼat tashkilotlari tomonidan aholiga koʻrsatilayotgan pulli xizmatlar hajmini oshirish boʻyicha takliflar tayyorlash;
pulli asosda noyob brend mahsulotlarni ishlab chiqish va realizatsiya qilish, royalti tizimini qoʻllash, shu jumladan kitob, bosma nashrlar savdosi va Jamgʻarma tomonidan oʻtkaziladigan madaniy tadbirlarga chipta savdosini amalga oshirish;
Oʻzbekiston Respublikasida va uning tashqarisida mamlakatimiz madaniyati va sanʼati sohasidagi eng yaxshi yutuqlarni targʻib qilish maqsadida xizmatlar koʻrsatish va ishlarni bajarish;
m) qonunchilikda belgilangan manbalardan tushayotgan mablagʻlarni jamgʻarishni taʼminlash borasida:
tahlil oʻtkazish va Jamgʻarmaga mablagʻlarning oʻz vaqtida tushishini taʼminlash;
Jamgʻarmaga mablagʻlarning tushishi va sarflanishini prognoz qilish;
Jamgʻarmaning vaqtincha boʻsh mablagʻlarini moliya tashkilotlariga joylashtirish;
n) ajratilayotgan maqsadli mablagʻlardan toʻgʻri, samarali va maqsadli foydalanish ustidan tizimli nazorat oʻrnatish borasida:
ajratilayotgan mablagʻlardan maqsadli foydalanilishini monitoring qilish;
Jamgʻarmaning daromad va xarajatlari smetalarini ishlab chiqish va Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritish;
Jamgʻarma daromadlari va xarajatlarining hisobini yuritish va ularning bajarilishi boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga har choraklik hisobotni taqdim etish;
o) Jamgʻarma va uning tizimida faoliyat koʻrsatayotgan xodimlarni moddiy ragʻbatlantirish va ijtimoiy himoya qilish boʻyicha tadbirlar uchun maqsadli mablagʻlar ajratish borasida:
Jamgʻarma va uning tizimida faoliyat koʻrsatayotgan xodimlarni ragʻbatlantirish boʻyicha takliflarni, ularga davlat mukofotlari berish yuzasidan taqdimnomalarni kiritish;
xizmat vazifalarini bajarish chogʻidagi alohida xizmatlari uchun va pensiyaga chiqishi munosabati bilan qimmatbaho sovgʻalar bilan mukofotlash;
xodimlarni moddiy ragʻbatlantirish va ijtimoiy himoya qilish (xodimlar uchun uy-joy qurish va xarid qilish, sanatoriy-kurortda davolanish va tibbiy xizmat koʻrsatish, mukofotlar toʻlash, ustamalar belgilash, moddiy yordam va boshqalar);
xodimlarining lavozim maoshi, ilmiy darajalari, uzoq muddat uzluksiz xizmati uchun ustama haqlar, bayram kunlari uchun mukofotlar, mukofotlar, qoʻshimcha haqlar, ustamalar, ragʻbatlantirish toʻlovlari, qoʻshimcha moddiy ragʻbatlantirish toʻlovlari va qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa toʻlovlarni toʻlab borish.
3-bob. Jamgʻarma faoliyatini tashkil etish tartibi
6. Jamgʻarma faoliyati Jamgʻarma raisi tomonidan boshqariladi.
Jamgʻarma raisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi. Jamgʻarma raisining birinchi oʻrinbosari va oʻrinbosarlari Jamgʻarma raisining taklifiga binoan Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi.
Jamgʻarma raisi, uning birinchi oʻrinbosari va oʻrinbosarlari maqomi va mehnatga haq toʻlash shartlari, tibbiy va transport taʼminoti sharoitlari boʻyicha tegishli ravishda vazirga, vazirning birinchi oʻrinbosariga hamda vazir oʻrinbosariga tenglashtiriladi.
7. Jamgʻarma raisi:
Jamgʻarmaning tuzilmasini tasdiqlaydi hamda zarur hollarda, unga Jamgʻarma xodimlarining belgilangan umumiy soni doirasida oʻzgartirishlar kiritadi;
Jamgʻarma daromadlari va xarajatlari smetasini tayyorlaydi va tasdiqlash uchun Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziriga taqdim etadi;
Jamgʻarmaning shtatlar sonini va Jamgʻarmani taʼminlash mablagʻlarining cheklangan umumiy miqdorini belgilash boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziriga takliflar kiritadi;
Jamgʻarmaga yuklangan asosiy vazifalar va funksiyalarga muvofiq Jamgʻarma faoliyatini tashkil etadi, xodimlarning cheklangan umumiy soni doirasida Jamgʻarmaning shtatlar jadvalini shakllantiradi, xoʻjalik, mehnat va boshqa shartnoma hamda hujjatlarni Jamgʻarma nomidan imzolaydi;
Jamgʻarma raisining birinchi oʻrinbosari va oʻrinbosarlari lavozimlariga nomzodlarni tayinlash va lavozimdan ozod qilish boʻyicha belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritadi;
mahalliy va xorijiy malakali mutaxassislarni shartnoma asosida ularga, istisno tariqasida, Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan ish haqi va boshqa toʻlovlarni belgilagan holda jalb qiladi;
Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan Jamgʻarma xodimlariga ularning asosiy egallab turgan lavozimlari boʻyicha lavozim maoshlari (tarif stavkalari)ga qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa toʻlovlardan qatʼi nazar, ustama va boshqa ragʻbatlantiruvchi toʻlovlar hamda uzoq muddat xizmat qilgani uchun ustama haq toʻlash tartibi va miqdorlarini belgilaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi markaziy apparati boshqaruv xodimlari, hududiy boshqarmalari boshliqlari, uning tizimidagi tashkilotlar rahbarlari, shu jumladan davlat muzeylari direktorlari lavozimlariga nomzodlarni tayinlash va lavozimdan ozod qilish masalalarini koʻrib chiqadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda belgilangan tartibda Jamgʻarma mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanilishini tekshirishni tashkil etadi, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha zarur choralar koʻradi;
har yili Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziriga Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanilishi haqidagi hisobotni taqdim etadi;
Jamgʻarma mablagʻlari tushumlarini koʻpaytirish va ulardan samarali foydalanilishi, shu jumladan xorijiy investitsiya va homiylarni jalb etish boʻyicha takliflar tayyorlaydi;
mazkur Nizomga va boshqa qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshiradi.
8. Jamgʻarma raisining taklifiga binoan Jamgʻarmaning Vasiylik kengashi tuzilishi mumkin, uning tarkibi Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri tomonidan tasdiqlanadi.
9. Jamgʻarma huzurida madaniyat va sanʼat arboblaridan iborat Ekspert kengash tuzilishi mumkin, uning tarkibi Jamgʻarma raisi tomonidan tasdiqlanadi.
4-bob. Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish tartibi
10. Quyidagilar Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish manbalari hisoblanadi:
Vazirlar Mahkamasining hujjatlariga asosan ajratiladigan respublika budjeti mablagʻlari;
Jamgʻarmaning vaqtincha boʻsh mablagʻlarini tijorat banklariga joylashtirishdan olinadigan daromadlar;
yuridik va jismoniy shaxslarning hamda xalqaro tashkilotlarning homiylik xayriyalari, metsenatlik koʻmagi, grantlari;
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
5-bob. Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanish tartibi
11. Jamgʻarma raisi Jamgʻarma mablagʻlarining tasarrufchisi hisoblanadi.
12. Jamgʻarmani taʼminlash mablagʻlarining cheklangan umumiy miqdori Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri tomonidan tasdiqlanadi.
13. Jamgʻarmani taʼminlash xarajatlari qoplangandan soʻng Jamgʻarma mablagʻlari Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri tomonidan tasdiqlangan Jamgʻarma daromad va xarajatlari smetasiga muvofiq mazkur Nizomning 4 va 5-bandlarida nazarda tutilgan vazifa va funksiyalarni bajarish uchun yoʻnaltiriladi.
14. Jamgʻarmaning daromad va xarajatlar smetasi budjetdan tashqari mablagʻlar boʻyicha budjet tashkilotlari uchun (choraklar, tushumlar manbalari va ularning sarflanish yoʻnalishlari boʻyicha) qonunchilikda belgilangan tartibda tuziladi va Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri tomonidan tasdiqlanadi.
15. Jamgʻarmaning boʻsh mablagʻlaridan grant asosida milliy madaniy davlat dasturlari va loyihalarini moliyalashtirish (birgalikda moliyalashtirish) uchun foydalanilishi mumkin.
16. Jamgʻarmaga, istisno tariqasida, tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) sotib olish uchun yetkazib beruvchilar bilan import bitimlari (shartnomalari) tuzilgan taqdirda, Jamgʻarmaning oʻz mablagʻlari hisobidan (Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan ajratiladigan mablagʻlar bundan mustasno) 15 foizdan ortiq avans toʻlashga ruxsat beriladi.
6-bob. Jamgʻarmaning huquqlari va majburiyatlari
17. Jamgʻarma oʻziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish doirasida quyidagi huquqlarga ega:
belgilangan tartibda respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlaridan Jamgʻarma vakolatlariga kiruvchi masalalarni hal etish uchun zarur axborotlarni soʻrash va olish;
oʻz bank hisobvaraqlarida mazkur Nizomning 11-bandida belgilangan manbalardan tushadigan mablagʻlarni jamgʻarish;
Jamgʻarma tomonidan ajratilayotgan mablagʻlardan maqsadli foydalanilishini nazorat qilish, qoidabuzarliklar aniqlangan taqdirda, moliyalashtirishni toʻxtatish yoki ajratilgan mablagʻlarni qaytarib olish;
vaqtincha boʻsh mablagʻlarni likvidli moliyaviy instrumentlarga (depozitlar, qimmatli qogʻozlar, obligatsiyalar va shu kabilarga) joylashtirish;
Jamgʻarma mablagʻlarining madaniyat va sanʼatni rivojlantirishga doir aniq loyihalar uchun ajratilishida shartlarni belgilash;
oʻz maqsad va vazifalarini amalga oshirish uchun xorijiy hamkorlar shartnomalar tuzish;
madaniyat va sanʼatni rivojlantirishning turli masalalari boʻyicha belgilangan tartibda tashabbuslar bilan chiqish;
yoshlar hamda Oʻzbekiston madaniyati va sanʼatini rivojlantirishga qaratilgan faoliyat bilan shugʻullanuvchi Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari hisoblangan shaxslarga grantlar shaklida mablagʻlar ajratish;
ommaviy axborot vositalarida oʻz faoliyati haqida materiallar chop etish;
Jamgʻarma vakolatiga kiruvchi masalalar boʻyicha xalqaro hamkorlikni amalga oshirish;
normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini, shuningdek, Jamgʻarmaga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish bilan bogʻliq boʻlgan boshqa hujjatlarni belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga yoki Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritish;
oʻz vakolatlari doirasida respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari, shuningdek, fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy boʻlgan qarorlar qabul qilish;
idoraviy mansubligidan qatʼi nazar, respublikadagi barcha muzeylar, madaniy meros obyektlari va madaniyat va sanʼat muassasalari Jamgʻarma loyihalarining amalga oshirilishiga oʻz vakolatlari doirasida yaqindan koʻmaklashish;
Jamgʻarma idoraviy mansub tashkilotlarining davlat mulkini bir boʻlinmadan boshqasiga belgilangan tartibda oʻz tashkiliy tuzilmasi doirasida, tekin foydalanish huquqi bilan berishi mumkin;
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan faoliyat turlarini amalga oshirish.
Jamgʻarma qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
18. Jamgʻarma:
mazkur Nizomda belgilangan asosiy vazifalarning bajarilishini taʼminlashi;
Jamgʻarma mablagʻlarining maqsadli va samarali sarflanishi yuzasidan doimiy nazoratni amalga oshirishi;
Jamgʻarma daromadlarining istiqbolli koʻrsatkichlari bajarilishi samaradorligini tahlil qilish, aniqlangan va mablagʻlarining kelib tushishiga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha tegishli choralar koʻrishi shart.
7-bob. Yakunlovchi qoidalar
19. Jamgʻarma har yili qonunchilikka muvofiq moliyaviy hisobotni tayyorlaydi. Jamgʻarmaning moliyaviy hisoboti moliyaviy yil yakunlangandan soʻng auditorlik tashkilotlari tomonidan majburiy tartibda tekshiriladi. Moliyaviy hisobot, auditorlik xulosasi har yili 1-maydan kech boʻlmagan muddatda Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziriga taqdim etiladi.
Jamgʻarma mablagʻlarining maqsadli sarflanishi yuzasidan nazorat qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.
20. Jamgʻarmani qayta tashkil etish va tugatish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
21. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradilar”.
2. Vazirlar Mahkamasining “Davlat madaniyat muassasalari va davlat arxivlari xodimlari mehnatiga haq toʻlash va ularni moddiy ragʻbatlantirishning takomillashtirilgan tizimini tasdiqlash haqida” 2018-yil 19-iyundagi 458-son qaroriga 9-ilovaning izoh qismi 2-bandining uchinchi xatboshisidagi “Xalq taʼlimi vazirligining Respublika bolalar kutubxonasi” soʻzlari “Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasining Respublika bolalar kutubxonasi, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining” soʻzlari bilan almashtirilsin.
3. Vazirlar Mahkamasining “YUNESKO ishlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi milliy komissiyasi faoliyatini takomillashtirish toʻgʻrisida” 2018-yil 26-noyabrdagi 957-son qaroriga 3-ilovaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“YUNESKO ishlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi milliy komissiyasining
TARKIBI

Lavozimiga koʻra

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi raisi, milliy komissiya raisi

B.O. Saidov

tashqi ishlar vaziri, milliy komissiya raisining oʻrinbosari

I.Y. Abdurahmonov

oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri, milliy komissiya raisining oʻrinbosari

O.A. Nazarbekov

madaniyat va turizm vaziri

A.I. Ikramov

yoshlar siyosati va sport vaziri

Sh.X. Shermatov

raqamli texnologiyalar vaziri

H.Oʻ. Umarova

maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri

A.R. Karimov

iqtisodiyot va moliya vaziri oʻrinbosari

B.S. Yoʻldashev

Fanlar akademiyasi prezidenti

A.V. Nuriddinov

Badiiy akademiya raisi

A.A. Xodjayev

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori

A. Koʻchimov

Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori

A.D. Xadjayev

Milliy teleradiokompaniya raisi

lavozimiga koʻra

Milliy komissiya Bosh kotibi

Izoh. Milliy komissiya aʼzolari boshqa ishga oʻtganda uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangidan tayinlangan yoki tegishli vazifalarini bajarish zimmasiga yuklangan shaxslar kiritiladi”.
4. Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 19-fevraldagi 146-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi toʻgʻrisidagi nizomning 9-bandi uchinchi xatboshisidagi “Respublika bolalar kutubxonasi” soʻzlari chiqarib tashlansin.
5. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi huzuridagi Madaniy meros obyektlari va sanʼat ashyolarini restavratsiya qilish ilmiy-tadqiqot markazi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 17-iyuldagi 598-son qarorida:
a) 2-bandning beshinchi xatboshisidagi “ijrochi direktoriga” soʻzlari “raisiga” soʻzi bilan almashtirilsin;
11-bandning toʻrtinchi xatboshisidagi, 12-bandning birinchi xatboshisidagi, 13-banddagi va 14-bandning beshinchi xatboshisidagi tegishli kelishikdagi “ijrochi direktori” soʻzlari tegishli kelishikdagi “raisi” soʻzi bilan almashtirilsin;
ikkinchi xatboshidagi “Kengashi tomonidan” soʻzlari “smetasida” soʻzi bilan almashtirilsin;
uchinchi xatboshidagi “Innovatsion rivojlanish vazirligi” soʻzlari “Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
20-bandning yettinchi xatboshisidagi “Jamgʻarma Kengashining qarori boʻyicha” soʻzlari chiqarib tashlansin.
6. Vazirlar Mahkamasining “Toshkent shahrida Zamonaviy sanʼat markazi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 6-martdagi 131-son qarorida:
a) 3-bandning toʻrtinchi xatboshisidagi va 6-bandning ikkinchi xatboshisidagi “Kengashi” soʻzi chiqarib tashlansin;
10-banddagi “ijrochi direktori” soʻzlari “raisi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
12-bandning ikkinchi xatboshisidagi “Kengashi” soʻzi chiqarib tashlansin.
7. Vazirlar Mahkamasining “Maktabdan tashqari taʼlim tizimini takomillashtirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 27-maydagi 331-son qarorida:
a) 3-bandning ikkinchi xatboshisidagi “Respublika “Bolalar kutubxonasi” soʻzlari chiqarib tashlansin;
3-bandning ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Respublika bolalar kutubxonasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) tizimiga kiradi”;
5-band quyidagi mazmundagi ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Jamgʻarma Respublika bolalar kutubxonasining muassisi hisoblanadi”;
6-bandning ikkinchi xatboshisi chiqarib tashlansin;
21-banddagi “Bolalar kutubxonalari” Vazirlik bilan” soʻzlari “Respublika bolalar kutubxonasi Jamgʻarma bilan, boshqa “Bolalar kutubxonalari” esa Vazirlik bilan” soʻzlari bilan almashtirilsin;
26-bandning birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“26. Respublika bolalar kutubxonasiga Jamgʻarma raisi tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan direktor rahbarlik qiladi”;
27-bandning ikkinchi xatboshisidagi “Respublika bolalar kutubxonasiga” soʻzlari “kutubxonaga” soʻzi bilan almashtirilsin;
28 va 30-bandlardagi hamda 32-bandning birinchi va ikkinchi xatboshilaridagi tegishli kelishikdagi “Respublika bolalar kutubxonasi” soʻzlari tegishli kelishikdagi “Vazirlik” soʻzi bilan almashtirilsin.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.07.2023-y., 09/23/271/0440-son)