Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
Xalqaro ilmiy-texnikaviy aloqalarni rivojlantirishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash, begʻaraz muruvvat va texnik yordam sifatida hamda ilmiy-texnikaviy hamkorlik sohasidagi xalqaro bitimlar doirasida Oʻzbekiston Respublikasiga beriladigan xalqaro va xorijiy tashkilotlar va jamgʻarmalar grantlari boʻyicha bajariladigan ilmiy-texnikaviy va innovatsiya dasturlarini va loyihalarini muvofiqlashtirishni va ularning monitoringini takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Belgilansinki, xalqaro va xorijiy tashkilotlar va jamgʻarmalardan, shuningdek ilmiy-texnikaviy hamkorlik qilish sohasidagi xalqaro bitimlar doirasida xalqaro va xorijiy tashkilotlar va jamgʻarmalardan olingan grant summasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qoʻmitasi xulosasi asosida soliq solish uchun jismoniy shaxslarning yalpi yillik daromadiga kiritilmaydi.
2. 1998-yil 1-yanvardan boshlab:
xalqaro va xorijiy tashkilotlar va jamgʻarmalar grantlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasida bajarilayotgan ilmiy-texnikaviy va innovatsiya dasturlari va loyihalarini amalga oshirish doirasida;
ilmiy-texnikaviy hamkorlik boʻyicha xalqaro bitimlar doirasida yetkazib beriladigan asbob-uskunalar (priborlar, materiallar, axborot va tashkiliy-texnika tizimlari va vositalari) Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qoʻmitasi koʻrsatib oʻtilgan asbob-uskunalarning ajratilgan grantlar maqsad va vazifalariga muvofiqligi toʻgʻrisidagi xulosasi asosida bojxonada rasmiylashtirishda undiriladigan bojxona poshlinasi, qoʻshilgan qiymat soligʻi va aksiz soligʻi toʻlashdan ozod etilsin.
Sotib olingan yoki xorijdan keltirilgan asbob-uskunalar (priborlar, materiallar, axborot va tashkiliy-texnika tizimlari va vositalari) olib qoʻyilgan taqdirda barcha toʻlovlar va soliqlar belgilangan tartibda toʻlanadi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Fan va texnika davlat qoʻmitasi, Moliya vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi va Davlat bojxona qoʻmitasi xalqaro va xorijiy tashkilotlar va jamgʻarmalar hamda ilmiy-texnikaviy hamkorlik boʻyicha xalqaro bitimlar doirasida xorijdan keltirilayotgan pul mablagʻlari va asbob-uskunalarning (priborlar, materiallar, axborot va tashkiliy-texnika tizimlari va vositalari) ajratilgan grantlar maqsad va vazifalariga muvofiqligi toʻgʻrisida xulosalar berish tartibini bir oy muddatda ishlab chiqsinlar va tasdiqlasinlar.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari A. Azizxoʻjayev zimmasiga yuklansin.