toggle_night_mode
Hujjat 08.08.2023 sanasi holatiga
Amaldagi versiyaga o‘tish
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Mahalliy xoʻjalik shartnomalari doirasida yuzaga keladigan yengib boʻlmaydigan kuch (fors-major) holatlarini tasdiqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq, shuningdek, tadbirkorlik subyektlari faoliyatini qoʻllab-quvvatlash hamda ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni 9-moddasiga muvofiq mahalliy xoʻjalik shartnomalari doirasida yuzaga keladigan yengib boʻlmas kuch (fors-major) holatlarini tasdiqlash Savdo-sanoat palatasining asosiy funksiyalaridan biri etib belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Mahalliy xoʻjalik shartnomalari doirasida yuzaga keladigan yengib boʻlmaydigan kuch (fors-major) holatlarini tasdiqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
yengib boʻlmaydigan kuch (fors-major) holatlarini tasdiqlovchi sertifikatni (keyingi oʻrinlarda — sertifikat) olish uchun taqdim etiladigan hujjatlar va ularni berish tartibi;
sertifikat olish uchun taqdim etilgan hujjatlarni koʻrib chiqish tartibi va muddatlari;
sertifikatni rasmiylashtirish va berishni rad etish tartibi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasiga Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda Savdo-sanoat palatasining rasmiy veb-sayti orqali ikki oy muddatda:
mahalliy xoʻjalik shartnomalari doirasida yuzaga keladigan yengib boʻlmaydigan kuch (fors-major) holatlarini tasdiqlash boʻyicha ariza taqdim etish va ularning koʻrib chiqilishini kuzatib borish;
sertifikatlar reyestrini eʼlon qilish imkoniyatlarini yaratish tavsiya etilsin.
4. Ushbu qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran ikki oy oʻtgach kuchga kiradi.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2023-yil 7-iyun,
231-son
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 7-iyundagi 231-son qaroriga
ILOVA
Mahalliy xoʻjalik shartnomalari doirasida yuzaga keladigan yengib boʻlmaydigan kuch (fors-major) holatlarini tasdiqlash tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi (keyingi oʻrinlarda — Palata) tomonidan mahalliy xoʻjalik shartnomalari (keyingi oʻrinlarda — shartnoma) doirasida Oʻzbekiston Respublikasi hududida boshlangan yoki boʻlib oʻtgan yengib boʻlmaydigan kuch (fors-major) holatlarini (keyingi oʻrinlarda — fors-major holatlar) tasdiqlash tartibini belgilaydi.
Mazkur Nizom talablari tashqi savdo bitimlari va xalqaro shartnomalar shartlari doirasida yuzaga keladigan fors-major holatlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
2. Fors-major holatlar Palata raisining elektron raqamli imzosi (keyingi oʻrinlarda — ERI) bilan tasdiqlangan hamda ushbu Nizomga 1-ilovadagi elektron shaklda QR-kod (matrik shtrixli kod) bilan rasmiylashtiriladigan sertifikatni berish orqali tasdiqlanadi.
Sertifikat muddatsiz davrga beriladi. Sertifikat bir martalik xususiyatga ega boʻlib, faqat arizada koʻrsatilgan shartnomaviy munosabatlarga nisbatan tatbiq etiladi.
3. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
sertifikat — Palata tomonidan ushbu Nizom talablariga muvofiq berilgan va fors-major holatlarni tasdiqlovchi davlat namunasidagi rasmiy hujjat;
talabgor — shartnoma doirasida fors-major holatlarni tasdiqlash maqsadida hujjatlarni taqdim etuvchi Oʻzbekiston Respublikasi rezidenti boʻlgan tadbirkorlik subyekti boʻlgan jismoniy va yuridik shaxslar (shartnoma tarafi);
Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari — Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligiga muvofiq davlat roʻyxatidan oʻtgan tadbirkorlik subyektlari va Soliq kodeksining 33-moddasi birinchi qismida nazarda tutilgan yuridik shaxslar;
fors-major holatlar — tomonlarning xohish-irodasi va faoliyatiga bogʻliq boʻlmagan tabiat hodisalari (zilzila, koʻchki, boʻron, qurgʻoqchilik, suv toshqinlari va boshqalar) yoki ijtimoiy-iqtisodiy holatlar (ommaviy noroziliklar, urush holati, qamal, davlat manfaatlarini koʻzlab import va eksportni taqiqlash, xalqaro sanksiyalarning joriy etilishi va boshqalar), obyektiv toʻsqinlik qiluvchi holatlar (epidemiya, pandemiya, karantin), texnogen ofatlar (yonginlar, portlashlar va boshqalar), infratuzilma tarmoqlaridagi (transport, energetika tizimlaridagi), favqulodda va keng miqyosdagi kutilmagan avariyalar, uzilishlar sababli yuzaga kelgan sharoitlarda taraflarga qabul qilingan majburiyatlarni bajarish imkonini bermaydigan favqulodda, oldini olib boʻlmaydigan va kutilmagan holatlar;
shartnoma — Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari oʻrtasida tuzilgan shartnoma.
2-bob. Sertifikat olish uchun ariza berish tartibi
4. Sertifikat talabgorning arizasiga asosan ushbu Nizomga 2-ilovadagi sxemaga muvofiq Palata tomonidan rasmiylashtiriladi va beriladi.
5. Sertifikat berish toʻgʻrisidagi ariza Palataga toʻgʻridan-toʻgʻri yoki uning rasmiy veb-sayti orqali berilishi mumkin.
Ariza talabgor boʻlgan yakka tartibdagi tadbirkor, yuridik shaxsning rahbari yoki uning nomidan ish yuritish vakolatiga ega boʻlgan shaxslar tomonidan imzolanadi.
Arizada quyidagilar koʻrsatilgan boʻlishi lozim:
ariza beruvchi yakka tartibdagi tadbirkorning familiyasi, ismi, otasining ismi, yuridik shaxsning toʻliq nomi (davlat roʻyxatidan oʻtganlik toʻgʻrisidagi guvohnomaga muvofiq);
sertifikat beriladigan shartnoma(lar)ning rekviziti va predmeti;
talabgorning mazkur shartnoma(lar) boʻyicha majburiyatlari, ularni bajarish tartibi va muddatlari;
talabgor shartnoma(lar) boʻyicha oʻz majburiyatlarini lozim darajada bajarishga toʻsqinlik qilgan deb hisoblaydigan fors-major holatlarning tavsifi (ular sodir boʻlgan joy, vaqt, davr hamda ularning taʼsiri);
fors-major holat amal qilish muddatining boshlanganligi va tugaganligi (agar tugagan boʻlsa);
arizaga ilova qilinadigan hujjatlar roʻyxati;
talabgorning rekvizitlari (pochta manzili, telefon raqami, elektron pochta manzili (mavjud boʻlsa), xizmat koʻrsatuvchi tijorat banki nomi va boshqalar) toʻgʻrisidagi maʼlumot.
Arizada fors-major holat bilan bogʻliq qushimcha maʼlumotlar koʻrsatilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Arizaga quyidagilar ilova qilinadi:
shartnoma(lar), qoʻshimcha kelishuv(lar) (mavjud boʻlgan taqdirda);
shartnoma(lar) boʻyicha bajarilgan majburiyatlarning hajmlarini tasdiqlovchi hujjatlar;
fors-major holat yuzaga kelganligi toʻgʻrisidagi hujjatlar (materiallar).
Talabgordan ushbu bandda koʻrsatilmagan hujjatlarni talab qilish taqiqlanadi.
7. Taqdim etilgan maʼlumotlar va hujjatlar ariza beruvchi yakka tartibdagi tadbirkor, yuridik shaxsning rahbari yoki ishonchnoma asosida uning vakili tomonidan imzolanishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
8. Mazkur Nizomning 5 va 6-bandlarida keltirilgan maʼlumotlar va hujjatlar talabgor tomonidan toʻliq taqdim etilmagan boʻlsa yoki taqdim etilgan hujjatlardagi maʼlumotlar fors-major holatni tasdiqlash uchun yetarli boʻlmasa, Palata sertifikat berish toʻgʻrisidagi ariza kelib tushgan kundan boshlab bir ish kuni ichida talabgorga toʻliq taqdim etilmagan maʼlumot va hujjatlarni besh kun ichida taqdim etish toʻgʻrisida soʻrov yuboradi.
Keyingi tahrirga qarang.
Soʻrov arizada koʻrsatilgan manzilga yuboriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Agar talabgor tomonidan soʻralgan maʼlumotlar va hujjatlar belgilangan muddatda taqdim etilmasa yoki ushbu muddatni uzaytirish toʻgʻrisida iltimosnoma berilmagan boʻlsa, ushbu Nizomning 12-bandiga muvofiq Palata tomonidan sertifikat berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi.
Talabgorning iltimosiga koʻra toʻliq taqdim etilmagan maʼlumot va hujjatlarni berish muddati koʻpi bilan ikki kun muddatga uzaytirilishi mumkin.
3-bob. Arizani koʻrib chiqish va sertifikatni berish tartibi
9. Palata qabul qilingan hujjatlar boʻyicha quyidagilarni oʻrganadi:
shartnoma boʻyicha majburiyatlarning mavjudligi va ularni bajarish muddatlari;
shartnoma taraflarining irodasi va faoliyatiga bogʻliq boʻlmagan, favqulodda va yengib boʻlmaydigan xususiyatga ega holatlar, shuningdek, ushbu holatlarni tasdiqlovchi vakolatli organlar (tashkilotlar) hujjatlarining mavjudligi;
sodir boʻlgan holatlar va shartnoma boʻyicha majburiyatlarni bajarish muddatlarini inobatga olgan holda, ularni toʻliq yoki qisman bajara olmaslik oʻrtasidagi sababli bogʻliqlik;
fors-major holatlarning amal qilish muddatlari;
shartnoma taraflarining fors-major holatlar vujudga kelishida aloqasi yoʻqligi.
10. Arizada koʻrsatilgan holatlarning haqqoniyligi Palata tomonidan mustaqil ravishda respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, xoʻjalik birlashmalari va boshqa tashkilotlardan tegishli maʼlumotlarni soʻrab olish orqali aniqlanadi.
11. Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, xoʻjalik birlashmalari va boshqa tashkilotlar Palataning soʻrovi kelib tushgan kundan boshlab besh ish kuni ichida soʻralayotgan maʼlumotlarni yozma shaklda bepul taqdim etishi shart.
12. Talabgorga sertifikat berish yoki berishni rad etish toʻgʻrisidagi qaror Palata tomonidan ariza qabul qilingan kundan boshlab oʻn besh kun ichida qabul qilinadi.
Keyingi tahrirga qarang.
13. Palata tomonidan talabgorga sertifikat berilgan taqdirda, sertifikat rasmiylashtirilgan kunning oʻzida bu haqda talabgorga maʼlum qilinadi hamda sertifikat va u bilan bogʻliq barcha hujjatlar Palataning rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi.
Keyingi tahrirga qarang.
14. Sertifikat berishni rad etish uchun quyidagilar asos boʻladi:
Palata tomonidan oʻtkazilgan oʻrganishlarga asosan arizada koʻrsatilgan holatlar oʻz tasdigʻini topmaganligi;
arizaga ilova qilingan hujjatlarda notoʻgʻri maʼlumotlar mavjudligi yoki maʼlumotlarni buzib koʻrsatish holatlari aniqlanganligi;
shartnoma boʻyicha majburiyatlar Oʻzbekiston Respublikasi hududida boshlanmagan yoki sodir boʻlmagan fors-major holatlar oqibatida bajarilmaganligi;
Oʻzbekiston Respublikasi hududida shartnomadan kelib chiquvchi majburiyatning bajarib boʻlinganligi;
shartnoma boʻyicha majburiyatning bajarilmaganligi fors-major holatlar davom etgan muddatlarga muvofiq emasligi;
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 333-moddasiga muvofiq talabgorning shartlashuvchi sheriklari tomonidan majburiyatlarning buzilganligi, majburiyatni bajarish uchun zarur tovarlarning bozorda mavjud emasligi, talabgorda zarur mablagʻlarning boʻlmaganligi;
fors-major holat sud qaroriga asosan tasdiqlanganligi;
ushbu Nizomning 11-bandiga muvofiq respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, xoʻjalik birlashmalari va boshqa tashkilotlarning fors-major holatlar mavjud emasligi boʻyicha asoslantirilgan maʼlumotlari olinganligi.
Boshqa asoslarga koʻra sertifikat berishni rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
15. Palata tomonidan sertifikat berish rad etilgan taqdirda, talabgorga arizada koʻrsatilgan manzil orqali uch ish kuni ichida asoslantirilgan javob xati yuboriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
16. Sertifikat berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilingandan soʻng qayta kiritilgan ariza koʻrib chiqilmaydi, mazkur Nizomning 8-bandida nazarda tutilgan holatlar bundan mustasno.
17. Mazkur Nizomning 8-bandida koʻrsatilgan muddatlardan kechikib taqdim etilgan ariza yangidan kiritilgan hisoblanadi va Palata tomonidan umumiy asoslarda koʻrib chiqiladi.
18. Talabgor sertifikat berish rad etilganligi toʻgʻrisidagi qaror, shuningdek, Palata mansabdor shaxsining xatti-harakatlari (harakatsizligi) boʻyicha belgilangan tartibda sudga shikoyat qilish huquqiga ega.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
19. Palata tomonidan berilgan sertifikatlar reyestri ushbu Nizomga 3-ilovaga muvofiq Palataning rasmiy veb-saytida avtomatik shaklda yuritiladi.
20. Zarur hollarda Palata tomonidan tadbirkorlik subyektlariga sertifikat berish, fors-major holatlarni tasdiqlash va sertifikat olish uchun hujjatlarni koʻrib chiqish jarayoni boʻyicha maslahatlar beriladi.
21. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Mahalliy xoʻjalik shartnomalari doirasida yuzaga keladigan yengib boʻlmaydigan kuch (fors-major) holatlarini tasdiqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
1-ILOVA
Mahalliy xoʻjalik shartnomalari doirasida yuzaga keladigan yengib boʻlmaydigan kuchlar (fors-major) holatlarini tasdiqlash boʻyicha sertifikat namunasi

___________-son SERTIFIKAT

Mahalliy xoʻjalik shartnomalari doirasida yuzaga keladigan yengib boʻlmaydigan kuch (fors-major) holatlarini tasdiqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga asosan

1. Yengib boʻlmaydigan kuch (fors-major) holatlarini tasdiqlash tartibi

2. Yengib boʻlmaydigan kuch (fors-major) holatlari yuzaga kelganligi

3. Shartnoma toʻgʻrisida maʼlumot (shartnoma tuzilgan sana, shartnoma taraflari va ularning pochta manzili, shartnoma muddatlari, qarama-qarshi majburiyatlarning bajarilishi va boshqa rekvizitlar)

4. Shartnoma majburiyatlarini bajarishda yengib boʻlmaydigan kuch (fors-major) holatlarining yuzaga kelganligini tasdiqlash

Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasining vakolatli shaxsi:

_____________________________________________________

(Lavozimi)_____ _____(QR-kod)__ _________(F.I.O)

Mahalliy xoʻjalik shartnomalari doirasida yuzaga keladigan yengib boʻlmaydigan kuch (fors-major) holatlarini tasdiqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
2-ILOVA
Yengib boʻlmaydigan kuch (fors-major) holatlarini tasdiqlash boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatish
SXEMASI

Bosqichlar

Subyektlar

Chora-tadbirlar

Bajarish muddatlari

1-bosqich

Talabgor

Fors-major holatlarni tasdiqlash boʻyicha sertifikat olish uchun Savdo-sanoat palatasiga toʻgʻridan-toʻgʻri yoki uning rasmiy veb-sayti orqali ariza beradi.

Xohishiga koʻra

2-bosqich

Savdo-sanoat palatasi

1. Taqdim etilgan hujjatlarni koʻrib chiqadi.

2. Taqdim etilgan hujjatlarda kamchiliklar mavjud boʻlgan taqdirda, talabgorga toʻliq taqdim etilmagan maʼlumot va hujjatlarni oʻn kun ichida taqdim etish toʻgʻrisida soʻrov yuboradi.

Bir ish kuni muddatda

3. Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, xoʻjalik birlashmalari va boshqa tashkilotlarga tegishli maʼlumot yoki xulosa olish uchun soʻrov yuboradi.

Zaruratga koʻra

3-bosqich

Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, xoʻjalik birlashmalari va boshqa tashkilotlar

Soʻrov kelib tushgan taqdirda, uni oʻrganib chiqadi hamda tegishli xulosa tayyorlab, Savdo-sanoat palatasiga bepul taqdim etadi.

Besh ish kuni muddatda

4-bosqich

Savdo-sanoat palatasi

1. Fors-major holatlar mavjudligini tasdiqlash yoki rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.

Oʻn besh kun muddatda

2. Sertifikat berish rad etilgan taqdirda, bu haqda talabgorga arizada koʻrsatilgan manzil orqali asoslantirilgan javob xati yuboradi.

Uch kun muddatda

5-bosqich

Savdo-sanoat palatasi

1. Sertifikat rasmiylashtirilgan taqdirda, bu haqda talabgorga arizada koʻrsatilgan manzil orqali maʼlum qiladi.

2. Sertifikatni rasmiy veb-saytida eʼlon qiladi.

3. Berilgan sertifikatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotni sertifikatlar reyestriga kiritadi.

Bir kun muddatda

Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
Mahalliy xoʻjalik shartnomalari doirasida yuzaga keladigan yengib boʻlmaydigan kuch (fors-major) holatlarini tasdiqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
3-ILOVA
Yengib boʻlmaydigan kuch (fors-major) holatlarini tasdiqlash boʻyicha berilgan sertifikatlar
REYESTRI

T/r

STIR

(mavjud boʻlsa)

Talabgor toʻgʻrisida maʼlumot

Sertifikat berilgan shartnoma sanasi va raqami

Sertifikat seriyasi, tartib raqami va berilgan sanasi

Yuridik shaxsning toʻliq nomi va tashkiliy-huquqiy shakli / Yakka tartibdagi tadbirkorning davlat roʻyxatidan oʻtganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma rekvizitlari

Pochta manzili

Elektron pochta manzili

(mavjud boʻlsa),

telefon raqami

1.

2.

3.

(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.06.2023-y., 09/23/231/0342-son; 25.12.2025-y., 09/25/821/1211-son)