Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
Aloqa va axborotlashtirish sohasida ustuvorliklarni roʻyobga chiqarish yuzasidan Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi hamda “Oʻzbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasiga yuklangan vazifalarni samarali bajarish uchun shart-sharoitlar yaratish, davlat xarajatlarini qisqartirish hamda Axborot-komunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlaridan foydalanish samaradorligini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi, Davlat mulki qoʻmitasi hamda “Oʻzbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasining:
Toshkent shahri, A. Qodiriy koʻchasi, 2-uydagi binolar kompleksini Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi balansidan kompaniyani joylashtirish uchun “Oʻzbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasi balansiga berish;
Toshkent shahri, A. Navoiy koʻchasi, 28a-uydagi maʼmuriy binoni “Oʻzbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasi balansidan Agentlik apparatini, Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamgʻarmasini va Radiochastotalar boʻyicha Davlat komissiyasini joylashtirish uchun Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi balansiga berish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi hamda “Oʻzbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasi yuqorida koʻrsatilgan binolarni belgilangan tartibda qabul qilsinlar va topshirsinlar.
3. Vazirlar Mahkamasining “Kompyuterlashtirishni yanada rivojlantirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2002-yil 6-iyundagi 200-son qarorining
12-bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.