toggle_night_mode
Hujjat 22.05.2023 sanasi holatiga
Amaldagi versiyaga o‘tish
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish uchun masʼul xodimlari malakasini oshirish va reyting baholashni tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2022-2023-yillarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasini yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2022-yil 22-avgustdagi PQ-357-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. 2023-yil 1-iyuldan respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining (keyingi oʻrinlarda — davlat organlari) axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish uchun masʼul xodimlarining (keyingi oʻrinlarda — xodimlar) reyting baholash tizimi asosida malakasini uch yilda bir marotaba majburiy oshirish tartibi joriy etilsin.
2. Xodimlarning malakasini oshirish jarayonlarini muvofiqlashtirishga masʼul vakolatli organ etib — Oʻzbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi, ishchi organ etib — Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi “Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi” davlat muassasasi belgilansin.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Belgilansinki:
xodimlarning malakasini oshirish tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼi nazar, barcha turdagi taʼlim tashkilotlarida Oʻzbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan oʻquv dasturlari asosida amalga oshiriladi;
xodimlarni malaka oshirish kursida oʻqitishning eng kam muddati 24 soatni tashkil etadi;
malaka oshirish kursini yakunlagan xodimlarning axborot-kommunikatsiya texnologiyalari boʻyicha savodxonligi ishchi organ tomonidan ikki oy muddatda reyting baholanadi;
xodimlarning malakasini oshirish bilan bogʻliq barcha xarajatlar ularni malaka oshirishga yuborgan davlat organlarining budjet va budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan qoplanadi;
ishchi organ reyting baholashdan oʻtkazish jarayonini zamonaviy uslubda baholash tizimlari va infratuzilmasiga ega tashkilotlar bilan hamkorlikda amalga oshirishi mumkin;
reyting baholash jarayonlarini tashkiliy va texnik jihatdan qoʻllab-quvvatlash va zamonaviy baholash vositalariga ega tashkilotlar xizmatlaridan foydalanish bilan bogʻliq xarajatlar Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi bilan hamkorlikda 2023-yil 1-avgustdan boshlab, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida grafik asosida davlat organlarining birinchi rahbarlari raqamli texnologiyalarni keng joriy etish va loyihalarni samarali amalga oshirish boʻyicha qisqa muddatli kurslarda oʻqitilishini tashkil etsin.
5. Respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish uchun masʼul xodimlari malakasini oshirish va reyting baholashni tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
6. Vazirlar Mahkamasining “Davlat va xoʻjalik boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati organlari xodimlarining malakasi va koʻnikmalarini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar hamda ularni ishda kompyuter texnikasi va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish yuzasidan attestatsiyadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida” 2011-yil 27-oktabrdagi 289-son qaroriga 2-ilovaga muvofiq qoʻshimchalar kiritilsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi raqamli texnologiyalar vaziri Sh.X. Shermatov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2023-yil 20-may,
208-son
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 20-maydagi 208-son qaroriga
1-ILOVA
Respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish uchun masʼul xodimlari malakasini oshirish va reyting baholashni tashkil etish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va ularning tizimiga kiruvchi tashkilotlarning (keyingi oʻrinlarda — davlat organlari) axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish uchun masʼul tarkibiy boʻlinmalari rahbarlari va xodimlarining (keyingi oʻrinlarda — talabgor) axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (keyingi oʻrinlarda — AKT) boʻyicha malakasini oshirish va reyting baholashni tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
vakolatli organ — Raqamli texnologiyalar vazirligi;
ishchi organ — vakolatli organ huzuridagi “Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi” davlat muassasasi;
Keyingi tahrirga qarang.
reyting baholash axborot tizimi — reyting baholash imkonini beruvchi yagona axborot tizimi (attestat.egov.uz);
reyting baholash guvohnomasi — talabgorning AKT boʻyicha savodxonlik darajasini hamda reyting baholashdan muvaffaqiyatli oʻtganligini tasdiqlovchi hujjat;
reyting baholash maʼlumotnomasi — talabgorning AKT boʻyicha savodxonlik darajasini va reyting baholashdan muvaffaqiyatsiz oʻtganligini tasdiqlovchi hujjat;
reyting baholash — reyting mezonlari yordamida talabgorning AKT boʻyicha savodxonlik darajasini baholash usuli;
reyting indikatori — talabgorning AKT boʻyicha bilimlarini baholashning asosiy koʻrsatkichlari;
talabgor — tarkibiy boʻlinma xodimi;
tarkibiy boʻlinma — davlat organining axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish uchun masʼul boʻlgan, qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda tashkil etilgan tuzilmasi yoki bitta shtat birligidan iborat xodimi.
3. Talabgorning AKT boʻyicha savodxonligi mos ravishda ishchi organ va vakolatli organning hududiy boʻlinmalarida har uch yilda bir marta reyting baholashdan oʻtkaziladi.
4. Talabgor reyting baholashdan oʻtish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi oʻrinlarda — YIDXP) orqali murojaat qiladi.
5. Qonunchilik hujjatlarida belgilangan hollarda masʼul tarkibiy boʻlinma xodimlarining AKT boʻyicha savodxonligi ular mehnat faoliyatini yuritayotgan davlat organlari tomonidan reyting baholashdan oʻtkazilishi mumkin. Bunda mazkur davlat organlarida reyting baholash komissiyasiga vakolatli organning kamida uch nafar vakili kiritilishi shart.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 27-oktabrdagi 289-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat va xoʻjalik boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati organlari xodimlarining ishda kompyuter texnikasi va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish boʻyicha malakasini oshirishga qoʻyiladigan davlat talablari.
6. Tarkibiy boʻlinmaga ishga qabul qilingan yangi xodimning reyting baholash guvohnomasi boʻlmagan taqdirda, ishga qabul qilingan kundan boshlab olti oy mobaynida reyting baholashdan oʻtkaziladi.
Birinchi marta ishga qabul qilingan talabgor AKT sohasida ikki yil ish stajiga ega boʻlgan vaqtdan boshlab, uch oy ichida reyting baholashdan oʻtkazilishi kerak.
Reyting baholash guvohnomasi uch yil muddatga amal qiladi, shuningdek, talabgor reyting baholash guvohnomasining amal qilish muddati tugaganidan keyin ikki oy davomida reyting baholashdan oʻtishi kerak.
AKT sohasidagi ixtisosliklar boʻyicha ilmiy darajaga yoki yoʻnalishi boʻyicha professional darajadagi xalqaro IT-sertifikatga ega boʻlgan talabgor reyting baholashdan oʻtkazilmaydi, shuningdek, ishchi organ yoki vakolatli organning hududiy boʻlinmasi tomonidan bunday talabgor soʻroviga asosan reyting baholash guvohnomasi taqdim etiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Mazkur Nizomda belgilangan muddatlarda talabgorning AKT boʻyicha savodxonligini reyting baholashdan oʻtkazishni taʼminlash davlat organi rahbari zimmasiga yuklanadi.
7. Quyidagilar reyting baholashdan oʻtkazilmaydi:
homilador va uch yoshgacha bolalari bor ayollar;
18 yoshga toʻlmagan shaxslar;
fuqarolik-huquqiy shartnoma asosida ishlarni bajarayotgan yoki xizmat koʻrsatayotgan shaxslar;
qonunchilik hujjatlariga muvofiq uzrli deb topilgan holatlarda, ushbu holatlar bartaraf boʻlgunga qadar.
2-bob. Reyting baholash tartibi
8. Reyting baholash mazkur Nizomga 1-ilovadagi sxemaga muvofiq kompyuterda reyting baholash axborot tizimi orqali amalga oshiriladi.
9. Talabgor reyting baholashdan oʻtish uchun YIDXPda soʻrovnomani mazkur Nizomga 2-ilovaga muvofiq elektron shaklda toʻldiradi va yuboradi.
10. Soʻrovnomaga talabgor tomonidan quyidagi hujjatlar elektron shaklda ilova qilinadi:
AKT sohasida eng kam muddati 24 soatni tashkil etadigan malaka oshirish kursini tamomlaganligini tasdiqlovchi sertifikat;
AKT sohasidagi ixtisosliklar boʻyicha ilmiy darajasini tasdiqlovchi hujjat (agar mavjud boʻlsa).
yoʻnalishi boʻyicha professional darajadagi xalqaro IT-sertifikat (agar mavjud boʻlsa).
Keyingi tahrirga qarang.
11. Talabgor tomonidan soʻrovnomada notoʻgʻri yoki qalbaki maʼlumotlar koʻrsatilishi reyting baholashdan oʻtkazishni rad etish uchun asos hisoblanadi.
12. Ishchi organ yoki vakolatli organning hududiy boʻlinmasi tomonidan soʻrovnoma oʻrganib chiqilib, reyting baholashdan oʻtkazishga qabul qilish haqida talabgorga YIDXP orqali reyting baholash oʻtkaziladigan kundan besh ish kuni oldin, rad etilganda esa uch ish kuni ichida maʼlum qilinadi.
Talabgor reyting baholashdan oʻtkazishga qabul qilinganda, reyting baholash oʻtkaziladigan sana va joy belgilanadi, rad etilganda rad etish sababi koʻrsatiladi.
13. Talabgor reyting baholashdan oʻtkaziladigan manzilga 15 daqiqa oldin yetib kelishi lozim.
Ishchi organ yoki vakolatli organning hududiy boʻlinmasi masʼullariga talabgor tomonidan shaxsini tasdiqlovchi hujjati (biometrik pasporti yoki identifikatsiyalovchi ID kartasi) taqdim etilgan taqdirda, uning reyting baholash oʻtkaziladigan auditoriyaga kirishiga ruxsat beriladi.
14. Reyting baholash test sinovlari orqali oʻtkaziladi, bunda talabgor reyting baholash axborot tizimida reyting baholashdan oʻtish uchun Elektron hukumatning Yagona identifikatsiya tizimi orqali identifikatsiyadan oʻtadi va test savollariga javob beradi.
Test savollarining soni va ularni yechish vaqti davomiyligi vakolatli organ tomonidan belgilanadi.
15. Reyting baholashdan oʻtkazish 100 ballik tizim asosida baholanib, bunda 55 balldan yuqori ball toʻplagan talabgor reyting baholashdan oʻtgan deb hisoblanadi.
16. Reyting baholashdan oʻtkazishga ajratilgan vaqt ichida talabgor kompyuter vositasida oʻtkaziladigan test sinovlarini yakunlashi shart. Bunda ushbu talabni buzgan talabgor reyting baholashdan oʻtmagan deb hisoblanadi.
17. Reyting baholashning test savollari vakolatli organ tomonidan ishchi organ hamda ekspertlarni jalb qilgan holda tuziladi.
Test savollari qonunchilik hujjatlariga kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalarni hisobga olgan holda muntazam yangilab boriladi, shuningdek, test savollaridan namunalar reyting baholash axborot tizimida eʼlon qilinadi.
18. Reyting baholashdan oʻtkazish jarayonlari uzluksiz videotasvirga (ovozli) tushiriladi va videotasvir ishchi organ tomonidan bir yil davomida saqlanadi.
19. Reyting baholash vaqtida quyidagilar taqiqlanadi:
qonunchilik hujjatlari va yoʻriqnoma materiallar, axborotnomalar va maxsus adabiyotlardan foydalanish;
mobil aloqa vositasi va boshqa aloqa vositalaridan foydalanish;
boshqa talabgorlar bilan suhbatlashish;
auditoriyadan tashqariga chiqish (auditoriyadan tashqariga chiqqan shaxslar qaytib kiritilmaydi).
Ushbu bandda belgilangan talablarni buzgan talabgorlar auditoriyadan chiqarib yuboriladi va reyting baholashdan oʻtmagan deb hisoblanadi.
Auditoriyadan chiqarib yuborish sabablari reyting baholash axborot tizimida qayd etiladi.
Begona shaxslarga reyting baholashda ishtirok etishga ruxsat berilmaydi.
20. Reyting baholashdan oʻtmagan deb hisoblangan talabgorlar bir oy ichida belgilangan tartibda reyting baholashdan oʻtish uchun takroran murojaat qiladi.
21. Talabgorning reyting baholash axborot tizimidagi shaxsiy kabinetida reyting baholash natijasi boʻyicha QR kod (matrik shtrixli kod) qoʻyilgan holda rasmiylashtirilgan reyting baholash guvohnomasi yoki maʼlumotnomasi avtomatik tarzda shakllanadi.
22. Reyting baholash guvohnomasi va maʼlumotnomasining haqiqiyligini tekshirish — elektron qurilmada QR kod (matrik shtrixli kod)ni oʻqib olish orqali amalga oshiriladi.
Elektron qurilma orqali QR kod (matrik shtrixli kod) oʻqilganda (skaner qilinganda), reyting baholash guvohnomasi va maʼlumotnomasining haqiqiyligi repozitoriydan tegishli hujjat berilgan sanani va raqamini solishtirish orqali aniqlanadi.
23. Davlat organlariga talabgorning reyting baholash natijalari ishchi organ tomonidan besh ish kuni ichida yuboriladi.
3-bob. Reyting baholash mezonlari
24. Reyting baholash quyidagi mezonlar orqali amalga oshiriladi:
0 — 55 ball — qoniqarsiz;
56 — 70 ball — qoniqarli;
71 — 85 ball — yaxshi;
86 — 100 ball — yuqori.
25. Reyting baholash quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha amalga oshiriladi:
“elektron hukumat” tizimini joriy etish bilan bogʻliq bilimlar — 20 ball;
“raqamli iqtisodiyot” tizimini joriy etish bilan bogʻliq bilimlar — 20 ball;
axborot xavfsizligini taʼminlash bilan bogʻliq bilimlar — 20 ball;
AKT infratuzilmasi tashkil etilishi bilan bogʻliq bilimlar — 20 ball;
davlat organining faoliyatiga AKTni joriy etish hamda boshqaruv koʻnikmalari bilan bogʻliq bilimlar — 20 ball.
4-bob. Reyting baholash maʼlumotnomasini olgan talabgorning malakasini oshirish tartibi
26. Davlat organlari toʻrt oy muddat ichida talabgorning reyting baholash maʼlumotnomasida tavsiya etilgan yoʻnalishlar boʻyicha qisqa muddatli oʻquv kursida malaka oshirishini va reyting baholashdan oʻtish uchun takroran murojaat etishini tashkil etadi.
27. Talabgor malaka oshirish yakunlangandan soʻng oʻn ish kuni ichida belgilangan tartibda reyting baholashdan oʻtish uchun takroran murojaat qiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
28. Reyting baholashdan takroran oʻta olmagan talabgorga reyting baholashdan muvaffaqiyatli oʻtgunga qadar davlat organi tomonidan belgilangan ustama haq toʻlash tarzidagi moddiy ragʻbatlantirishga yoʻl quyilmaydi.
29. Davlat organlari takroran reyting baholashdan oʻta olmagan talabgorning lavozimga loyiqlik masalasini koʻrib chiqadi.
5-bob. Reyting baholash guvohnomalari va maʼlumotnomalari reyestrlarini yuritish tartibi
30. Reyting baholash axborot tizimidagi reyting baholash natijasi boʻyicha QR kod (matrik shtrixli kod) qoʻyilgan holda rasmiylashtirilgan reyting baholash guvohnomasi yoki maʼlumotnomasi mazkur Nizomga 3 va 4-ilovalarga muvofiq avtomatik tarzda shakllanadi.
31. Ishchi organ reyting baholash guvohnomasi va maʼlumotnomasining reyestrlarini yuritadi.
32. Reyting baholash guvohnomalar reyestrida quyidagi maʼlumotlar qayd etiladi:
talabgorning familiyasi, ismi, otasining ismi;
biometrik pasport yoki identifikatsiyalovchi ID karta maʼlumotlari;
reyting baholash oʻtkazilgan sana;
reyting baholash natijasi (ball);
reyting baholash natijasi (darajasi);
reyting baholash guvohnomasini hisobga olish raqami va berilgan sanasi;
reyting baholash guvohnomasining amal qilish muddati.
33. Reyting baholash maʼlumotnomalari reyestrida quyidagi maʼlumotlar qayd etiladi:
talabgorning familiyasi, ismi, otasining ismi;
biometrik pasport yoki identifikatsiyalovchi ID karta maʼlumotlari;
reyting baholash oʻtkazilgan sana;
reyting baholash natijasi (ball);
reyting baholash natijasi (darajasi);
reyting baholash maʼlumotnomasi berilgan sana;
malaka oshirish yoʻnalishlari boʻyicha tavsiya.
6-bob. Apellyatsiyani koʻrib chiqish
34. Reyting baholashdan oʻta olmagan talabgor reyting baholash oʻtkazilgan kundan boshlab 20 kalendar kun ichida ishchi organga apellyatsiya berish huquqiga ega.
Apellyatsiya reyting baholash axborot tizimida talabgorning shaxsiy kabineti orqali elektron shaklda taqdim etiladi.
Ishchi organ bir hafta muddatda kiritilgan apellyatsiyani koʻrib chiqadi va reyting baholash axborot tizimida talabgorga qabul qilingan qaror haqida shaxsiy kabineti orqali elektron shaklda xabar beradi.
35. Apellyatsiyani koʻrib chiqish natijalari yuzasidan ishchi organ tomonidan quyidagi qarorlardan biri qabul qilinadi:
reyting baholash natijalarini oʻzgarishsiz qoldirish va apellyatsiyani qanoatlantirishni rad etish toʻgʻrisida;
apellyatsiyani qanoatlantirish va talabgorni reyting baholashdan muvaffaqiyatli oʻtgan deb hisoblash toʻgʻrisida;
apellyatsiya bergan talabgorning reyting baholash ushbu Nizom talablariga zid ravishda oʻtkazilganligi holatlari aniqlanganda, reyting baholashni takroran oʻtkazish toʻgʻrisida.
36. Reyting baholash natijalarini oʻzgarishsiz qoldirish va apellyatsiyani qanoatlantirishni rad etish toʻgʻrisidagi qaror quyidagi hollarda qabul qilinadi:
apellyatsiya mazkur Nizom talablarini buzgan holda taqdim etilgan boʻlsa;
apellyatsiyada koʻrsatilgan vajlar oʻz tasdigʻini topmasa.
37. Ishchi organ tomonidan apellyatsiya bergan talabgor uchun reyting baholashni takroran oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda, takroriy reyting baholash mazkur Nizomda belgilangan tartibda oʻtkaziladi.
38. Talabgor takroran apellyatsiya berishi mumkin emas.
39. Ishchi organning qarori ustidan qonunchilik hujjatlariga muvofiq sudga shikoyat qilinishi mumkin.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 55-moddasi, “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonunining 14-moddasi, “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Qonun.
7-bob. Yakunlovchi qoidalar
40. Vakolatli organ ushbu Nizom talablariga rioya etilishi taʼminlash maqsadida davlat organlarining faoliyati boʻyicha monitoring olib boradi.
41. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish uchun masʼul xodimlari malakasini oshirish va reyting baholashni tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
1-ILOVA
Respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish uchun masʼul xodimlari malakasini oshirish va reyting baholashni tashkil etish
SXEMASI

Bosqichlar

Subyektlar

Tadbirlar

Bajarish muddatlari

1-bosqich

Talabgor

Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi oʻrinlarda — YIDXP) orqali Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi “Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi” davlat muassasasiga (keyingi oʻrinlarda — ishchi organ) murojaat qiladi.

Belgilangan muddatlarda

2-bosqich

Ishchi organ va Raqamli texnologiyalar vazirligining hududiy boʻlinmasi

1. Soʻrovnomada keltirilgan maʼlumotlar haqiqiyligini tekshiradi va qabul qiladi.

2. Talabgorga YIDXP orqali reyting baholash oʻtkaziladigan sana va joy yoki reyting baholashdan oʻtkazish rad etilganligi toʻgʻrisida elektron xabarnoma yuboradi.

Baholash oʻtkaziladigan sanadan 5 ish kuni oldin

3-bosqich

Talabgor

Reyting baholashdan oʻtish uchun “elektron hukumat”ning yagona identifikatsiya tizimi orqali identifikatsiyadan oʻtadi va test savollariga javob beradi.

Belgilangan muddatlarda

4-bosqich

Ishchi organ

Talabgor reyting baholashdan muvaffaqiyatli oʻtganda QR-kod qoʻyilgan reyting baholash guvohnomasi rasmiylashtiriladi va talabgorga reyting baholash axborot tizimi orqali yuboriladi.

Real vaqt rejimida

5-bosqich

Respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organi

Talabgor reyting baholashdan oʻta olmagan taqdirda:

1. Baholash maʼlumotnomasida tavsiya etilgan yoʻnalishlar boʻyicha 24 soatdan kam boʻlmagan oʻquv kurslarida malakasini oshiradi;

1. 4 oy mobaynida

2. Takror reyting baholashdan oʻtishini taʼminlaydi.

2. 10 ish kuni mobaynida

6-bosqich

Ishchi organ

Respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga talabgorning reyting baholash natijalarini yuboradi.

5 ish kuni mobaynida

Keyingi tahrirga qarang.
Respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish uchun masʼul xodimlari malakasini oshirish va reyting baholashni tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
2-ILOVA

__________________

(sana)

__________________

(raqam)

Reyting baholashdan oʻtish uchun

SOʻROVNOMA

Talabgor haqidagi maʼlumotlar:

1. F.I.O.:

2. Biometrik pasport yoki identifikatsiyalovchi ID karta seriyasi va raqami:*

3. JSHSHIR:

4. Test oʻtkaziladigan hudud:

5. Test oʻtkaziladigan til:

6. Telefon raqami:

7. Yashash manzili:*

8. Ish joyi va staji:*

* Elektron hukumat idoralararo integratsiyalashuv platformasidan foydalangan holda, reyting baholash axborot tizimida (attestat.egov.uz) avtomatik shakllantiriladi.
Respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish uchun masʼul xodimlari malakasini oshirish va reyting baholashni tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
3-ILOVA
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasida reyting baholashdan oʻtganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma shakli

Oʻzbekiston Respublikasi

Raqamli texnologiyalar

vazirligi

The Ministry of Digital

technologiyes of the

Republic of Uzbekistan

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasida reyting baholashdan oʻtganligi toʻgʻrisidagi

GUVOHNOMA

________________-son

F.I.O.: ______________________________________________________________________________

Biometrik pasport yoki identifikatsiyalovchi ID karta maʼlumotlari:

_____________________________________________________________________________________

Reyting baholash oʻtkazilgan sana: ______________________________________________________

Reyting baholash natijasi (ball):_______________________________________________________

Reyting baholash natijasi (darajasi): __________________________________________________

Berilgan sana: ________________________________________________________________________

Amal qilish muddati: __________________________________________________________________

QR-kod

Oʻzbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi

Manzili: Toshkent, 100047, Amir Temur shoh koʻchasi 4-uy

Telefon: (998 71) 238-41-59 E-mail: info@mitc.uz
Keyingi tahrirga qarang.
Respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish uchun masʼul xodimlari malakasini oshirish va reyting baholashni tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
4-ILOVA
AKT boʻyicha savodxonlik darajasini reyting baholash natijasi toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma shakli

Oʻzbekiston Respublikasi

Raqamli texnologiyalar

vazirligi

The Ministry of Digital

technologiyes of the

Republic of Uzbekistan

AKT boʻyicha savodxonlik darajasini reyting baholash natijasi toʻgʻrisida

MAʼLUMOTNOMA

________________-son

F.I.O.: __________________________________________________________

Biometrik pasport yoki identifikatsiyalovchi ID karta maʼlumotlari:

__________________________________________________________________

Reyting baholash oʻtkazilgan sana: __________________________________

Reyting baholash natijasi (ball):__________________________________

Reyting baholash natijasi (darajasi): _____________________________

Berilgan sana: ___________________________________________________

Malaka oshirish yoʻnalishlari boʻyicha tavsiya: _______________________

__________________________________________________________________

__________________________________________________________________

QR-kod

Oʻzbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi

Manzili: Toshkent, 100047, Amir Temur shoh koʻchasi 4-uy

Telefon: (998 71) 238-41-59 E-mail: info@mitc.uz

Keyingi tahrirga qarang.
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 20-maydagi 208-son qaroriga
2-ILOVA
Vazirlar Mahkamasining “Davlat va xoʻjalik boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati organlari xodimlarining malakasi va koʻnikmalarini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar hamda ularni ishda kompyuter texnikasi va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish yuzasidan attestatsiyadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida” 2011-yil 27-oktabrdagi 289-son qaroriga kiritilayotgan qoʻshimchalar
1. 1-ilovaning 1-bandi quyidagi mazmundagi ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Ushbu talablar respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish uchun masʼul tarkibiy boʻlinmalari rahbarlari va xodimlariga nisbatan tatbiq etilmaydi”;
2. 2-ilovaning muqaddimasida:
quyidagi mazmundagi uchinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Ushbu Nizom talablari respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish uchun masʼul tarkibiy boʻlinmalari rahbarlari va xodimlariga nisbatan tatbiq etilmaydi”;
uchinchi xatboshi toʻrtinchi xatboshi deb hisoblansin.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.05.2023-y., 09/23/208/0289-son; 29.12.2023-y., 09/23/688/0996-son; 16.09.2025-y., 09/25/584/0830-son)