toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 26.11.2025
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida
 LexUZ sharhi
Mazkur Farmon O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 25-noyabrdagi PF-231-sonli “Qonunchilikdagi huquqiy bo‘shliqlarni bartaraf etish va tartibga solish yukini kamaytirish to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Mamlakatimizda 9-may — Xotira va qadrlash kuni umumxalq bayrami sifatida keng nishonlanishi, shuningdek, Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan ajdodlarimiz xotirasini abadiylashtirish, bugun ham safimizda turib, Vatanimizning obro‘-e’tiborini yuksaltirishga, yoshlarni ma’naviy-axloqiy jihatdan tarbiyalashga hissa qo‘shayotgan faxriylarni e’zozlash hamda fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaning 78 yilligi munosabati bilan urush qatnashchilari va nogironlarini moddiy rag‘batlantirish maqsadida:
1. Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlarining har biriga 18 000 000 (o‘n sakkiz million) so‘m miqdorida bir martalik pul mukofoti belgilansin.
2. Mazkur Farmonni bajarish bilan bog‘liq bo‘lgan sarf-xarajatlar O‘zbekiston Respublikasining respublika budjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshirilsin.
3. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Mudofaa vazirligi, Milliy gvardiya, Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Madaniyat va turizm vazirligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi bilan birgalikda Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlariga ushbu pul mukofotining tantanali hamda bayramona vaziyatda topshirilishini ta’minlasin.
4. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 2-may,
PF-65-son
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.05.2023-y., 06/23/65/0251-son)