1.02.00.00.00 Davlat boshqaruvi asoslari / 02.03.00.00 Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xo‘jalik boshqaruvi organlari / 02.03.04.00 Agentliklar, inspeksiyalar va boshqa idoralar]
[TSZ:
1.Davlat va jamiyat qurilishi / Davlat hokimiyati organlari. Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari]
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
DAVLAT MULKI JAMG‘ARMASINI TAShKIL QILISh TO‘G‘RISIDA
LexUZ sharhi
Mazkur Farmon O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1994-yil 7-fevraldagi PF-758-son “O‘zbekiston Respublikasining Davlat mulkini boshqarish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash davlat qo‘mitasini tashkil qilish to‘g‘risida”gi Farmoni bilan o‘z kuchini yo‘qotgan.
“Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga muvofiq hamda davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish, bozor munosabatlarini shakllantirish jarayonida respublikaning mulkiy huquqlari va davlat manfaatlarini ta’minlash, shuningdek davlat korxonalari va tashkilotlarini boshqa xil mulkchilik shakllariga aylantirishdan tushadigan mablag‘larni ustuvor umumdavlat vazifalarini hal etish va aholini ijtimoiy muhofaza qilishga safarbar etish maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasining Moliya vazirligi huzurida Davlat mulki jamg‘armasi (“O‘zdavjamg‘arma”) tashkil etilib, unga davlat boshqaruvi organi huquqlari berilsin.
2. Qoraqalpog‘iston Respublikasining Moliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar moliya boshqarmalari huzurida “O‘zdavjamg‘arma”ning hududiy bo‘limlari tuzilsin.
3. Davlat mulki jamg‘armasining zimmasiga quyidagi vazifalar yuklansin:
davlatning mulkiy huquqlari va manfaatlarini himoya qilish;
hissadorlik jamiyatlari, boshqa xo‘jalik jamiyatlari va shirkatlarining sarmoyasida davlatga tegishli ulush (pay, hissalar)ga egalik qilish vazifalarini, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining Davlat mulkini boshqarish va xususiylashtirish komiteti unga topshirgan davlat korxonalari va tashkilotlarini ijaraga berish to‘g‘risidagi shartnomalarni amalga oshirish;
hissador (paychilar)ning umumiy yig‘ilishlarida, jamiyatlar hamda shirkatlarning kengashlari va boshqaruvlarida mulk egasi bo‘lmish davlatning vakolatlarini ro‘yobga chiqarish;
o‘ziga ishonib topshirilgan Davlat mulkidan samarali foydalanishi uchun javobgarlik;
davlat mulki inshootlarini davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirishdan, davlat korxonalari va tashkilotlarini ijaraga olish uchun to‘lanadigan haqdan, davlat yangi ta’sis etadigan hissadorlik jamiyatlarining aksiyalarini sotishdan olinadigan daromadlardan tushadigan mablag‘larni jamlash;
davlat korxonalari va tashkilotlarini ijaraga topshirish, jamoa yoki ijarachi sotib olishi, ularni sotish, hissadorlik jamiyatiga, boshqa xo‘jalik jamiyatlari va shirkatlariga aylantirish chog‘ida ulardagi mulkning qiymatiga baho beruvchi maxsus komissiyalarning ishida qatnashish.
4. Davlat mulki jamg‘armasiga quyidagi huquqlar berilsin:
davlatga tegishli ulushlar (pay, hissalar) bo‘yicha boshqarish huquqini davlat boshqaruvining o‘zga organlariga, konsernlar, assotsiatsiyalar, korporatsiyalar, uyushmalarga va boshqa xo‘jalik assotsiatsiyalariga berib qo‘yish;
hissadorlik jamiyatlarini rivojlantirish va ijtimoiy muammolarni hal qilish uchun davlatga tegishli hissalardan olinadigan foydaning qismini shartnoma asosida ana shu jamiyatlarga topshirish;
hissadorlik jamiyatlarining, boshqa xo‘jalik jamiyatlari, shirkatlarning hissalari (paylari)ni sotib olish;
Hukumatning yoki u vakil qilgan organning qaroriga binoan davlatga tegishli hissalarni sotish, shuningdek ularni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirishga oid maxsus jamg‘armalarning, xolding kompaniyalari hissalariga almashtirish ishlarini amalga oshirish.
5. O‘zbekiston Respublikasining Moliya vazirligi davlat mulkini davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirishdan tushadigan mablag‘larni jamlash uchun maxsus hisob raqami ochib, ularni respublika va mahalliy budjetlarning daromadlarida alohida modda qilib ajratib qo‘ysin hamda davlat manfaatlari va aholini ijtimoiy muhofaza qilish manfaatlari yo‘lida ulardan samarali foydalanishni ta’minlasin.
6. O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddat ichida O‘zbekiston Respublikasining Moliya vazirligi huzuridagi Davlat mulki jamg‘armasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qilib, u haqdagi Nizomni tasdiqlasin.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1992-yil 7-sentabr,
PF-471-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1992-y., 10-son, 424-modda)