1.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.17.00.00 Nodavlat notijorat tashkilotlari (shuningdek, 03.03.10.03ga qarang) / 01.17.10.00 Ijtimoiy jamgʻarmalar]
[TSZ:
1.Davlat va jamiyat qurilishi / Jamoat birlashmalari (jamgʻarmalari), diniy tashkilotlar, siyosiy partiyalar]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
“NAVROʻZ” XAYRIYA JAMGʻARMASINI TAShKIL ETISh TOʻGʻRISIDA
LexUZ sharhi
Mazkur Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-apreldagi PF-6218-sonli “Milliy qonunchilik bazasini kompleks tizimlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Milliy madaniyatni, anʼanalar va urf-odatlarni rivojlantirish sohasida respublika fuqarolarining konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirish uchun qulay shart-sharoitlar vujudga keltirish va ularning qonun bilan muhofaza qilinadigan manfaatlarga rioya etish, maʼnaviy qadriyatlarni targʻib qilishga, aholi barcha tabaqalarining millatlararo totuvligini, doʻstligini, hamjihatligi va hamkorligini mustahkamlashga, davlat boshqaruvi idoralarining, xoʻjalik va jamoat tashkilotlarining xayrli faoliyatini kengaytirishga qaratilgan chora-tadbirlarni davlat yoʻli bilan qoʻllab-quvvatlash maqsadida:
1.Oʻzbekiston Respublikasi Davlat teleradiokompaniyasining, Bolalar jamgʻarmasining, Nogironlar jamiyatining, Qizil yarim oy jamiyatining, Mehr-shafqat va salomatlik jamgʻarmasining, shuningdek respublikadagi boshqa bir qancha jamoat tashkilotlarining “Navroʻz” xayriya jamgʻarmasini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
Belgilab qoʻyilsinki, “Navroʻz” xayriya jamgʻarmasini roʻyxatdan oʻtkazish va uning faoliyat koʻrsatishi, korxonalar, tashkilotlar va fuqarolarning jamgʻarmaning xayriya tadbirlarida ishtirok etishi bilan bogʻliq imtiyozlar berish tartibi Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonunlari va hukumat qarorlari bilan aniqlab qoʻyiladi.
2. Oʻzbekiston Respublikasining Moliya vazirligi, Davlat banki boshqa banklari 1992-yilning 14-mayida oʻtkazilgan umumxalq xayriya hashari va “Navroʻz” telemarafonidan tushgan mablagʻlarni “Navroʻz” jamgʻarmasining hisobiga oʻtkazish ishlarini bir oy muddat ichida amalga oshirsinlar.
3. Oʻzbekiston Respublikasining Madaniyat vazirligi, Davlat matbuot komiteti, Davlat teleradiokompaniyasi respublikada oʻtkazilayotgan xayriya tadbirlarini ommaviy axborot vositalarida, televideniye va radio orqali yoritsinlar.
4. Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddat ichida “Navroʻz” xayriya jamgʻarmasining samarali faoliyat koʻrsatishi uchun shart-sharoitlarni yaratish yuzasidan qaror qabul qilsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1992-yil 23-may,
405-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1992-y., 7-son, 273-modda)