toggle_night_mode
Hujjat 14.02.2023 sanasi holatiga
Amaldagi versiyaga o‘tish
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi hamda vazirliklar va idoralarning ichki audit xizmatlari xodimlari malakasini sertifikatlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti xarajatlarining samaradorligini yanada oshirish va davlat moliyaviy nazorati organlari faoliyatini takomillashtirish toʻgʻrisida” 2022-yil 14-fevraldagi PQ-128-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 14-fevraldagi PQ-128-son qarori bilan tasdiqlangan 2022-yilda Davlat budjeti xarajatlarining samaradorligini oshirish hamda moliyaviy nazorat faoliyatini takomillashtirish boʻyicha “yoʻl xaritasi”ning 5-bandiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi va ichki audit xizmatlari xodimlari malakasini sertifikatlash tartibini ishlab chiqish belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi hamda vazirliklar va idoralarning ichki audit xizmatlari xodimlari malakasini sertifikatlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
malaka sertifikatini olish uchun talabgorlarga qoʻyiladigan malaka talablari;
malaka imtihonini tashkil etish, oʻtkazish hamda natijasi yuzasidan apellyatsiya berish va uni koʻrib chiqish tartibi;
malaka sertifikatini berish va qayta rasmiylashtirish, shuningdek, malaka sertifikatlari reyestrini yuritish;
malaka oshirish kursini tashkil etish.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov hamda iqtisodiyot va moliya vaziri Sh.D. Kudbiyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2023-yil 13-fevral,
62-son
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 13-fevraldagi 62-son qaroriga
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi hamda vazirliklar va idoralarning ichki audit xizmatlari xodimlari malakasini sertifikatlash tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
Keyingi tahrirga qarang.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi (keyingi oʻrinlarda — Inspeksiya) hamda vazirliklar va idoralarning ichki audit xizmati (keyingi oʻrinlarda — ichki audit xizmati) xodimlari malakasini sertifikatlash va ichki audit milliy malaka sertifikatiga (keyingi oʻrinlarda — sertifikat) ega boʻlgan shaxslar malakasini oshirish tartibini belgilaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
Mazkur Nizom qoidalari Inspeksiyaning moliyaviy nazorat funksiyasi yuklatilmagan lavozimdagi xodimlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
vazirliklar va idoralar — ichki audit xizmati tashkil etilgan budjet mablagʻlarini taqsimlovchilar va ular tizimidagi budjet tashkilotlari hamda davlat maqsadli jamgʻarmalari;
Keyingi tahrirga qarang.
ichki audit xizmati — vazirliklar va idoralarda ichki audit faoliyatini amalga oshiruvchi hamda boshqa tarkibiy tuzilmalardan mustaqil tarkibiy boʻlinma;
Keyingi tahrirga qarang.
malaka imtihoni — talabgorning bilim darajasi sertifikatni olish talablariga mos kelishini tekshirishga yoʻnaltirilgan, test sinovi shaklida axborot texnologiyalaridan foydalangan holda oʻtkaziladigan imtihon;
malaka oshirish kursi — sertifikat egasi sertifikat olgan yildan keyingi yildan boshlab har ikki yilda oʻtashi majburiy boʻlgan malaka oshirish kursi;
Keyingi tahrirga qarang.
sertifikat — Inspeksiya va ichki audit xizmati xodimi malakasini tasdiqlaydigan hamda unga Inspeksiyaning moliyaviy nazorat funksiyasi yuklatilgan lavozimlarda va ichki audit xizmatida faoliyat yuritish imkonini beruvchi hujjat;
talabgor — sertifikatni olish va uning amal qilish muddatini uzaytirishga nomzod boʻlgan jismoniy shaxs;
xalqaro sertifikat — Xalqaro ichki auditorlar instituti tomonidan beriladigan “Diplomli ichki auditor” (CIA) sertifikati, “Xavf-xatarni boshqarishni baholash boʻyicha diplomli mutaxassis” (CRMA) sertifikati, “Ichki audit boshqaruvi malakasi” (QIAL) sertifikati, “Ichki audit amaliyotchisi” (Internal Audit Practitioner) sertifikati, “Davlat auditi boʻyicha sertifikatlangan mutaxassis” (CGAP) sertifikati.
3. Sertifikat Oʻzbekiston auditorlar palatasi (keyingi oʻrinlarda — Auditorlar palatasi) tomonidan malaka imtihonini muvaffaqiyatli topshirgan talabgorga beriladi.
4. Sertifikat shaxsning ichki audit boʻyicha malakasi mavjudligini tasdiqlaydi hamda unga Inspeksiyaning moliyaviy nazorat funksiyasi yuklatilgan lavozimlarda va ichki audit xizmatida faoliyat yuritish imkonini beradi.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Sertifikat dastlab toʻrt yil muddatga beriladi, keyinchalik uning amal qilishi muddatsiz davrga uzaytiriladi.
6. Sertifikat olish, uning amal qilishini uzaytirish, qayta rasmiylashtirish yuzasidan berilgan arizani koʻrib chiqish uchun talabgor tomonidan mazkur Nizomda belgilangan miqdorda yigʻim toʻlanadi.
7. Yigʻim talabgor tomonidan Auditorlar palatasi hisobvaragʻiga oʻtkaziladi va malaka imtihonini tashkil qilish, sertifikatni rasmiylashtirish bilan bogʻliq xarajatlarni qoplash uchun sarflanadi.
8. Yigʻim toʻlash uchun bank rekvizitlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Auditorlar palatasining rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi.
9. Sertifikatni berish mazkur Nizomga 1-ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
2-bob. Sertifikatlashni tashkil etish
10. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi (keyingi oʻrinlarda — Iqtisodiyot va moliya vazirligi) sertifikatlashni tashkil etishda:
imtihon komissiyasi hamda apellyatsiya komissiyasini shakllantiradi;
malaka imtihoni uchun tuziladigan test savollari yoʻnalishlarini Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi (keyingi oʻrinlarda — Hisob palatasi) bilan kelishgan holda belgilaydi;
Ichki audit milliy malaka sertifikatlari reyestrini (keyingi oʻrinlarda — sertifikatlar reyestri) yuritadi;
imtihon komissiyasi va apellyatsiya komissiyasi faoliyatida yuzaga keladigan oʻzaro nomuvofiq holatlarni koʻrib chiqadi.
Keyingi tahrirga qarang.
11. Auditorlar palatasi:
malaka imtihoni va uni oʻtkazishni tashkil etadi, shuningdek, oʻzining rasmiy veb-saytiga malaka imtihonini oʻtkazish sanasi, vaqti va joyi toʻgʻrisidagi axborotni joylashtiradi;
talabgor tomonidan malaka imtihonini topshirish, sertifikatning amal qilish muddatini uzaytirish, uni qayta rasmiylashtirish uchun berilgan arizani koʻrib chiqadi va tegishli qaror qabul qiladi;
talabgorga malaka imtihonini topshirishga ruxsat berish yoki ruxsat berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi;
test savollari yoʻnalishlari boʻyicha mavzularni, adabiyotlar, shuningdek, normativ-huquqiy hujjatlar roʻyxatini, namunaviy test savollarini (javob variantlarisiz) yiliga kamida bir marta oʻzining rasmiy veb-saytiga joylashtiradi;
Keyingi tahrirga qarang.
malaka imtihoni uchun test savollarini tuzadi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishgan holda tasdiqlaydi;
malaka imtihonini muvaffaqiyatli topshirgan talabgorga belgilangan tartibda sertifikatni rasmiylashtiradi va beradi;
sertifikatning amal qilishini belgilangan tartibda tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
12. Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Moliya organlari hamda budjet tashkilotlarining moliya-hisob boʻlinmalari xodimlarini tayyorlash va qayta tayyorlash oʻquv markazi (keyingi oʻrinlarda — Oʻquv markazi):
malaka oshirish kurslarining oʻquv dasturini (keyingi oʻrinlarda — oʻquv dasturi) ishlab chiqadi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishgan holda tasdiqlaydi;
tasdiqlangan oʻquv dasturi asosida malaka oshirish kurslarini tashkil etadi;
malaka oshirish kurslarini muvaffaqiyatli tamomlagan tinglovchilarga malaka oshirganlik toʻgʻrisida guvohnoma beradi.
13. Imtihon komissiyasi:
malaka imtihoni oʻtkazilishini nazorat qiladi;
imtihon natijalarini bayonnoma orqali rasmiylashtiradi;
oʻz vakolatidagi masalalar boʻyicha tushgan taklif, tavsiya va murojaatlarni koʻrib chiqadi.
14. Apellyatsiya komissiyasi tushgan apellyatsiya murojaati boʻyicha:
imtihon komissiyasining qarorini oʻzgarishsiz qoldirish va apellyatsiyani qanoatlantirishni rad etish toʻgʻrisida;
imtihon komissiyasining tegishli qaroriga oʻzgartirish kiritish va talabgorga sertifikat berish yuzasidan qaror qabul qiladi.
3-bob. Imtihon komissiyasi
15. Imtihon komissiyasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan tuziladi.
16. Imtihon komissiyasi besh nafar aʼzodan, shu jumladan, imtihon komissiyasi raisi, uning oʻrinbosari va imtihon komissiyasi kotibidan iborat tarkibda tuziladi.
Imtihon komissiyasi hujjatlarini yuritish va bayonnomalarni rasmiylashtirish imtihon komissiyasi kotibi tomonidan amalga oshiriladi.
17. Imtihon komissiyasi tarkibiga Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va Hisob palatasidan bir nafardan hamda Auditorlar palatasidan ikki nafar vakil kiritiladi.
18. Auditorlar palatasining vakillari imtihon komissiyasi raisi hamda imtihon komissiyasi kotibi, Iqtisodiyot va moliya vazirligining vakili imtihon komissiyasi raisi oʻrinbosari hisoblanadi.
19. Imtihon komissiyasi tarkibi har ikki yilda belgilangan tartibda yangilanadi.
20. Imtihon komissiyasi yigʻilishida uning aʼzolarining kamida uch nafari, shu jumladan, imtihon komissiyasi raisi yoki uning oʻrinbosari ishtirok etgan taqdirda, imtihon komissiyasi yigʻilishi vakolatli hisoblanadi.
21. Imtihon komissiyasi malaka imtihoni natijalarini Auditorlar palatasi maʼlumotlari asosida bayonnoma tuzish orqali rasmiylashtiradi.
Imtihon komissiyasi yigʻilishi videoyozuvga tushiriladi va ushbu videoyozuvlar imtihon komissiyasi bayonnomasiga ilova qilinadi.
22. Bayonnoma imtihon komissiyasi raisi tomonidan (rais qatnashmagan taqdirda, rais oʻrinbosari tomonidan) tasdiqlanadi va ishtirok etgan barcha aʼzolar tomonidan imzolanadi.
4-bob. Talabgorga qoʻyiladigan malaka talablari
23. Talabgorga quyidagi malaka talablari qoʻyiladi:
Oʻzbekiston Respublikasidagi oliy taʼlim tashkilotlarining yoki qonunchilik hujjatlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasida tan olinadigan chet davlatlar oliy taʼlim tashkilotlarining oliy maʼlumotga ega ekanligini tasdiqlovchi hujjatga ega boʻlish;
iqtisodiyot, moliya, soliq, buxgalteriya hisobi va hisoboti, audit sohasida, shu jumladan, ushbu yoʻnalishlarda taʼlim beruvchi oliy taʼlim tashkilotlarida pedagog sifatida kamida ikki yillik ish stajiga ega boʻlish.
Keyingi tahrirga qarang.
24. Talabgor xalqaro sertifikatga (belgilangan davriylikda xalqaro sertifikat doirasida malaka oshirganligini tasdiqlovchi hujjat mavjud boʻlganda) ega boʻlgan taqdirda, sertifikatni berish malaka imtihonini topshirmasdan amalga oshiriladi.
5-bob. Sertifikat olish uchun ariza topshirish
25. Talabgor Auditorlar palatasining rasmiy veb-saytida roʻyxatdan oʻtadi hamda oʻz shaxsiy kabineti orqali mazkur Nizomga 2-ilovada keltirilgan shakldagi arizani quyidagi hujjatlarni ilova qilgan holda elektron shaklda taqdim etadi:
pasport (ID-karta) nusxasi;
oliy maʼlumot toʻgʻrisidagi diplomning yoxud chet davlatlarda olingan oliy maʼlumot toʻgʻrisidagi hujjatni tan olish haqidagi vakolatli davlat organi tomonidan berilgan guvohnomaning nusxasi;
mehnat daftarchasi nusxasi (oʻrindoshlik asosida ish staji mavjud boʻlgan taqdirda, bu haqida mehnat daftarchasiga yozuv kiritilgan boʻlishi lozim) yoki mehnat stajini tasdiqlovchi “Elektron mehnat daftarchasi” tizimidan koʻchirma;
Keyingi tahrirga qarang.
belgilangan davriylik bilan malaka oshirganligini tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilingan holda xalqaro sertifikat nusxasi (mavjud boʻlgan taqdirda);
arizani koʻrib chiqish uchun bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari miqdorida yigʻim toʻlanganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnomaning nusxasi.
26. Ariza topshirish har oyning 1-kunidan 10-kuniga qadar (shu kuni ham) amalga oshiriladi.
27. Talabgordan mazkur Nizomning 25-bandida nazarda tutilmagan hujjatlar talab qilinishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
6-bob. Malaka imtihonini topshirishga ruxsat berish yoki ruxsat berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilish tartibi
28. Auditorlar palatasi tomonidan arizalar har oyning 11-kunidan 15-kuniga qadar (shu kuni ham) koʻrib chiqiladi va malaka imtihonini topshirishga ruxsat berish yoki ruxsat berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi.
29. Arizalarni koʻrib chiqish natijalari koʻrib chiqish yakunlangandan soʻng uch ish kuni ichida talabgorning shaxsiy kabinetiga yuboriladi.
Malaka imtihonini topshirishga ruxsat berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda, rad etish sabablari koʻrsatiladi.
30. Quyidagi hollarda talabgorga malaka imtihonini topshirishga ruxsat berish rad etiladi:
malaka talablariga javob bermaganda;
Keyingi tahrirga qarang.
sertifikat olish uchun taqdim etiladigan hujjatlar belgilangan tartibda, shuningdek, toʻliq holda taqdim etilmaganda;
sertifikatning amal qilishi tugatilgan paytdan boshlab uch yil muddat mobaynida sertifikat berilishi cheklangan boʻlib, ushbu davr mobaynida sertifikat olish uchun talabgor tomonidan murojaat qilinganda.
31. Talabgorning hujjatlari belgilangan tartibda rasmiylashtirilmagan yoki toʻliq holda taqdim etilmaganligi sababli malaka imtihonini topshirishga ruxsat berish rad etilganda, talabgor tomonidan navbatdagi arizalarni topshirish muddati yakuniga qadar kamchiliklarni bartaraf etish uchun muddat beriladi.
Belgilangan muddatda kamchiliklar bartaraf etilgan holda qayta taqdim etilgan arizani koʻrib chiqish uchun yigʻim undirilmaydi.
32. Rad etish uchun asos boʻlgan kamchiliklar berilgan muddatda bartaraf etilmagan taqdirda, toʻlangan yigʻim qaytarilmaydi.
Malaka imtihonini topshirish uchun arizani qaytadan taqdim etish mazkur Nizom asosida amalga oshiriladi.
33. Malaka imtihonini topshirishga ruxsat berilgan talabgorlarning tasdiqlangan roʻyxati Auditorlar palatasi tomonidan imtihon komissiyasiga taqdim etiladi, shuningdek, ushbu roʻyxat Auditorlar palatasining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi.
Mazkur roʻyxat talabgorlarning arizalarini roʻyxatga olish ketma-ketligida shakllantiriladi.
7-bob. Malaka imtihonini tashkil qilish va oʻtkazish tartibi
34. Malaka imtihoni har oyda kamida bir marta oyning uchinchi oʻn kunligida oʻtkaziladi.
35. Imtihon komissiyasining ishchi organi Auditorlar palatasi hisoblanadi.
36. Auditorlar palatasi malaka imtihoni oʻtkaziladigan sanadan kamida besh kun oldin imtihon oʻtkazish sanasi, vaqti va joyi toʻgʻrisidagi xabarnomani oʻzining rasmiy veb-saytiga joylashtiradi hamda har bir talabgorni shaxsiy kabineti orqali xabardor qiladi.
37. Talabgor malaka imtihoniga pasport (ID-karta) asosida kiritiladi.
Pasporti (ID-kartasi) boʻlmagan yoki malaka imtihoniga belgilangan vaqtda kelmagan, shuningdek, qatnasha olmagan talabgor malaka imtihoniga kelmagan deb hisoblanadi.
Malaka imtihoniga kelmagan deb hisoblangan talabgorga navbatdagi malaka imtihonini topshirishga imkoniyat beriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
38. Malaka imtihoni test sinovi shaklida axborot texnologiyalaridan foydalanilgan holda oʻtkaziladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Talabgorga malaka imtihonini topshirish uchun uch soat vaqt beriladi hamda malaka imtihonining oʻtkazilishi davomida tanaffus berilmaydi.
39. Malaka imtihonining ochiqligi va xolisligini taʼminlash maqsadida malaka imtihoni jarayoni Auditorlar palatasining rasmiy veb-saytida uzluksiz ravishda onlayn translyatsiya qilinadi, shuningdek, videoyozuvga tushiriladi. Ushbu videomateriallar Auditorlar palatasi tomonidan kamida uch yil muddat mobaynida saqlanadi.
40. Malaka imtihoni oʻtkazilayotgan paytda qonunchilik hujjatlari, yoʻriqnoma materiallar, axborotnomalar va maxsus adabiyotlardan, uyali telefondan yoki boshqa axborot texnologiya vositalaridan (shu jumladan, kalkulyator sifatida) foydalanish, boshqa talabgorlar bilan muloqot qilish taqiqlanadi.
Ushbu talablarni buzgan talabgor malaka imtihonidan chiqarib yuboriladi va malaka imtihonidan oʻtmagan deb hisoblanadi. Bunda malaka imtihonini topshirish uchun toʻlangan yigʻim qaytarilmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
41. Auditorlar palatasi malaka imtihonini oʻtkazish maqsadida:
talabgorni roʻyxatdan oʻtkazadi;
malaka imtihonini oʻtkazish uchun jihozlangan xonani zarur texnika vositalari bilan taʼminlaydi;
Keyingi tahrirga qarang.
malaka imtihonini oʻtkazish bilan bogʻliq boʻlgan hujjatlar va materiallar saqlanishini taʼminlaydi;
malaka imtihonini oʻtkazish uchun zarur boʻlgan boshqa harakatlarni amalga oshiradi.
42. Test sinovi 100 ta savoldan iborat boʻladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Test savolining har bir toʻgʻri javobi uchun 1 balldan beriladi. Notoʻgʻri javob berilgan yoki javob berilmagan test savoli uchun ball berilmaydi.
43. Test savollari faqat bir toʻgʻri javobni oʻz ichiga olgan 4 ta javob varianti keltirilgan shaklda tuziladi.
44. Test savollari bazasi kelgusi yil uchun yil yakuniga qadar kamida 30 foizga yangilanishi lozim.
45. Talabgorning toʻgʻri javoblari malaka imtihonidagi test savollari umumiy sonining kamida 75 foizini tashkil etgan taqdirda, malaka imtihoni muvaffaqiyatli topshirilgan hisoblanadi.
46. Auditorlar palatasi tomonidan malaka imtihoni natijalari imtihon oʻtkazilgan kunning oʻzida imtihon komissiyasiga tasdiqlash uchun kiritiladi va imtihon komissiyasining bayonnomasi bilan rasmiylashtiriladi hamda Auditorlar palatasiga qaytariladi.
47. Imtihon komissiyasi bayonnomasida quyidagilar koʻrsatiladi:
imtihon komissiyasi yigʻilishida ishtirok etgan aʼzolar roʻyxati;
malaka imtihonida ishtirok etgan talabgorlarning toʻplagan ballari koʻrsatilgan roʻyxat;
malaka imtihonini muvaffaqiyatli topshirgan talabgorlar roʻyxati;
malaka imtihonidan oʻtmagan talabgorlar roʻyxati;
belgilangan malaka imtihonida qatnasha olmaganligi sababli navbatdagi malaka imtihonini topshirishga ruxsat berilgan talabgorlar roʻyxati.
48. Malaka imtihonini topshirishga ruxsat berilgan talabgorlar roʻyxatida mavjud boʻlmagan shaxslarning malaka imtihonida qatnashishiga ruxsat berilmaydi.
49. Malaka imtihonidan oʻtmagan talabgorga yigʻim qaytarilmaydi.
50. Malaka imtihoni natijalari Auditorlar palatasining rasmiy veb-saytida malaka imtihoni oʻtkazilgan kundan keyin uch ish kuni ichida eʼlon qilinadi.
51. Agar talabgor malaka imtihonini topshirish uchun ariza topshirgandan keyin belgilangan malaka imtihoniga ikki marta kelmasa, malaka imtihonini topshirish uchun uchinchi marta imkoniyat berilmaydi.
Bunda toʻlangan yigʻim qaytarilmaydi va malaka imtihonida qatnashish uchun qaytadan ariza topshirish mazkur Nizom asosida amalga oshiriladi.
52. Malaka imtihonida ishtirok etish uchun talabgorlar tomonidan berilgan ariza va unga ilova qilingan hujjatlar hamda imtihon komissiyasining yigʻilishi bayonnomalari kamida besh yil mobaynida Auditorlar palatasida saqlanadi.
8-bob. Malaka imtihoni natijalari yuzasidan apellyatsiya berish va uni koʻrib chiqish tartibi
53. Malaka imtihoni natijalariga koʻra chiqarilgan qarordan norozi boʻlgan talabgor malaka imtihoni natijalari eʼlon qilingan kundan boshlab besh ish kuni ichida Auditorlar palatasiga apellyatsiya berish huquqiga ega.
Bunda malaka imtihonini muvaffaqiyatli topshirgan talabgor tomonidan berilgan apellyatsiya koʻrib chiqilmaydi.
54. Apellyatsiyani koʻrib chiqish uchun Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan apellyatsiya komissiyasi shakllantiriladi.
Apellyatsiya komissiyasi besh nafar aʼzodan, shu jumladan, apellyatsiya komissiyasi raisi, uning oʻrinbosari va apellyatsiya komissiyasi kotibidan iborat tarkibda tuziladi va uning tarkibiga Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va Hisob palatasidan bir nafardan hamda Auditorlar palatasidan ikki nafar vakil kiritiladi.
55. Iqtisodiyot va moliya vazirligining vakili apellyatsiya komissiyasi raisi, Auditorlar palatasining vakillari apellyatsiya komissiyasi raisi oʻrinbosari hamda kotibi hisoblanadi.
56. Apellyatsiya komissiyasi yigʻilishida uning aʼzolarining kamida uch nafari, shu jumladan, apellyatsiya komissiyasi raisi yoki uning oʻrinbosari ishtirok etgan taqdirda, apellyatsiya komissiyasi yigʻilishi vakolatli hisoblanadi.
57. Apellyatsiya komissiyasi tarkibiga imtihon komissiyasi tarkibiga kiritilgan shaxslar kiritilmaydi.
58. Apellyatsiya komissiyasining ishchi organi Auditorlar palatasi hisoblanadi.
59. Apellyatsiya komissiyasi talabgor tomonidan berilgan apellyatsiyani 20 kun muddatda koʻrib chiqadi, tegishli qaror qabul qiladi va qabul qilingan qaror toʻgʻrisida talabgorni elektron xabar shaklida (shaxsiy kabineti orqali) xabardor qiladi.
Talabgor oʻz apellyatsiyasi koʻrib chiqiladigan apellyatsiya komissiyasi yigʻilishida ishtirok etish uchun 5 kun oldin taklif etiladi. Apellyatsiya komissiyasi yigʻilishi talabgor ishtirok etmagan taqdirda oʻtkazilmaydi.
60. Apellyatsiyani koʻrib chiqish natijalari boʻyicha quyidagi qarorlardan biri qabul qilinadi:
imtihon komissiyasining qarorini oʻzgarishsiz qoldirish va apellyatsiyani qanoatlantirishni rad etish;
imtihon komissiyaning tegishli qaroriga oʻzgartirish kiritish va talabgorga sertifikat berish.
Keyingi tahrirga qarang.
61. Imtihon natijalari boʻyicha apellyatsiyani qanoatlantirishni rad etish toʻgʻrisidagi qaror quyidagi hollarda qabul qilinadi:
apellyatsiyada keltirilgan asoslar tasdiqlanmasa;
apellyatsiya belgilangan muddat mobaynida taqdim etilmagan boʻlsa.
62. Imtihon komissiyasining tegishli qaroriga oʻzgartirish kiritish va talabgorga sertifikat berish toʻgʻrisidagi qaror apellyatsiyada keltirilgan asoslar tasdiqlangan hollarda qabul qilinadi.
63. Apellyatsiya berish va apellyatsiyada ishtirok etish uchun talabgordan qoʻshimcha yigʻim undirilmaydi.
Qayta apellyatsiyaga yoʻl qoʻyilmaydi.
9-bob. Sertifikatni rasmiylashtirish va berish tartibi
64. Sertifikat Auditorlar palatasi tomonidan toʻrt yil muddatga malaka imtihonini muvaffaqiyatli topshirgan yoki mazkur Nizomning 24-bandiga muvofiq xalqaro sertifikatga ega boʻlgan talabgorga beriladi.
65. Xalqaro sertifikatga ega boʻlgan talabgorga sertifikatni malaka imtihonini topshirmasdan rasmiylashtirish va berish uchun bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida yigʻim undiriladi.
66. Sertifikat imtihon komissiyasining bayonnomasi olingan kundan boshlab uch ish kuni ichida rasmiylashtiriladi va Auditorlar palatasining QR-kodi bilan tasdiqlanadi.
67. Auditorlar palatasi sertifikat rasmiylashtirilgan kundan boshlab uch ish kuni ichida sertifikatga oid maʼlumotlarni Iqtisodiyot va moliya vazirligiga taqdim etadi va ushbu maʼlumotlar Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan sertifikatlar reyestriga kiritiladi.
Bunda sertifikatlar reyestriga kiritilmagan sertifikat haqiqiy hisoblanmaydi.
68. Sertifikat Auditorlar palatasi tomonidan talabgorning shaxsiy kabinetiga yuboriladi.
69. Sertifikat shakli mazkur Nizomga 3-ilovaga muvofiq rasmiylashtiriladi va Oʻzbekiston Respublikasi hududida amal qiladi.
10-bob. Sertifikatning amal qilish muddatini uzaytirish va qayta rasmiylashtirish tartibi
70. Sertifikatning amal qilish muddatini uzaytirish ushbu Nizomning 7-bobida belgilangan tartibda malaka imtihonini topshirish orqali quyidagi shartlar asosida amalga oshiriladi:
sertifikat egasi malaka oshirish kurslarini tamomlaganligini tasdiqlovchi guvohnomaga ega boʻlganda;
sertifikat egasining Inspeksiya yoki ichki audit xizmati xodimi sifatidagi mehnat faoliyatidagi tanaffus bir yildan oshmaganda.
Bunda talabgor sertifikatning amal qilish muddatini uzaytirish uchun ariza topshirgan paytda Inspeksiya yoki ichki audit xizmatida faoliyat yuritmayotgan boʻlsa, sertifikat muddati uzaytirilmaydi.
71. Sertifikatning amal qilish muddati tugashidan kamida bir oy oldin, biroq uch oydan koʻp boʻlmagan muddatda talabgor Auditorlar palatasiga sertifikatning amal qilish muddatini uzaytirish yuzasidan mazkur Nizomga 2-ilovada keltirilgan shakldagi arizaga quyidagi maʼlumotlarni ilova qilgan holda elektron shaklda murojaat qiladi:
sertifikat raqami;
malaka oshirish kurslarini oʻtaganligini tasdiqlovchi guvohnoma maʼlumotlari;
mehnat daftarchasi nusxasi (oʻrindoshlik asosida Inspeksiya va ichki audit xizmatida ish staji mavjud boʻlgan taqdirda, bu haqida mehnat daftarchasiga yozuv kiritilgan boʻlishi lozim) yoki mehnat stajini tasdiqlovchi “Elektron mehnat daftarchasi” tizimidan koʻchirma;
arizani koʻrib chiqish uchun yigʻim toʻlanganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotning nusxasi.
72. Talabgordan sertifikatning amal qilish muddatini uzaytirish uchun bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari miqdorida yigʻim undiriladi.
73. Talabgor mazkur Nizomda nazarda tutilgan tartibda xabardor qilinganidan soʻng sertifikatning amal qilish muddatini uzaytirish uchun malaka imtihonini topshirishga kelmasa, u imtihondan oʻtmagan hisoblanadi. Bunda arizani koʻrib chiqish uchun toʻlangan yigʻim qaytarilmaydi.
74. Amal qilish muddati tugagan sertifikatning muddati uzaytirilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
75. Sertifikat egasi malaka imtihonini muvaffaqiyatli topshirgan taqdirda, sertifikat muddati amaldagi sertifikat raqami bilan uzaytiriladi hamda Auditorlar palatasining QR-kodi bilan tasdiqlanadi.
76. Sertifikatning amal qilish muddati sertifikatda koʻrsatilgan amal qilish muddati tugagan paytdan boshlab uzaytiriladi.
77. Sertifikatning amal qilish muddatini uzaytirish ilgari berilgan sertifikatga sertifikatlar reyestrida tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish orqali amalga oshiriladi.
78. Sertifikat egasining familiyasi, ismi, otasining ismi oʻzgargan taqdirda, u tegishli oʻzgartirishlarni tasdiqlovchi hujjatlar kuchga kirgan kundan boshlab bir oy muddatda sertifikatni qayta rasmiylashtirish yuzasidan Auditorlar palatasiga mazkur Nizomga 2-ilovada keltirilgan shaklda ariza berishi shart.
79. Sertifikat egasidan sertifikatni qayta rasmiylashtirish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizi miqdorida yigʻim undiriladi.
80. Sertifikat ariza topshirilgan kundan boshlab uch ish kuni ichida ilgari berilgan sertifikat raqami bilan sertifikat egasiga qayta rasmiylashtiriladi va Auditorlar palatasining QR-kodi bilan tasdiqlanadi.
81. Auditorlar palatasi qayta rasmiylashtirilgan sertifikatning tegishli maʼlumotlarini sertifikatlar reyestriga oʻzgartirish kiritish uchun Iqtisodiyot va moliya vazirligiga u qayta rasmiylashtirilgan kundan boshlab besh ish kuni ichida yuborishi lozim.
11-bob. Sertifikatning amal qilishini tugatish tartibi
82. Sertifikatning amal qilishi quyidagi hollarda tugatiladi:
sertifikat egasi tomonidan sertifikatning amal qilishini tugatish toʻgʻrisida ariza taqdim etilganda;
sertifikat egasi vafot etganda;
sertifikat egasi sertifikat olgandan keyin belgilangan tartibda malaka oshirish kursini oʻtamaganda;
sertifikat egasini belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topish toʻgʻrisidagi sud qarori qonuniy kuchga kirganda;
sertifikat berish toʻgʻrisidagi qaror qonunchilik hujjatlariga xilof ekanligi holati aniqlanganda;
muayyan mansabni egallash, muayyan faoliyat bilan shugʻullanish huquqidan mahrum etish tarzidagi yoki ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq jazoni nazarda tutuvchi sud hukmi qonuniy kuchga kirganda;
sertifikat qalbaki hujjatlardan foydalangan holda olinganligi isbotlanganda;
sertifikat egasi Inspeksiya yoki ichki audit xizmatidagi faoliyati mobaynida olingan himoyalangan maʼlumotlarni qonunchilikka xilof ravishda uchinchi shaxslarga taqdim etganda;
sertifikat egasi faoliyatida korrupsiyaviy holatlarga yoʻl qoʻyganligini tasdiqlashni nazarda tutuvchi sud hukmi qonuniy kuchga kirganda.
83. Sertifikatning amal qilishi Auditorlar palatasining qarori bilan tugatiladi. Bunda sertifikatning amal qilish muddati uni tugatish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran tugatiladi.
84. Sertifikatning amal qilish muddatini tugatish toʻgʻrisidagi qaror haqida sertifikat egasi bir ish kuni ichida yozma yoki elektron xabar shaklida xabardor qilinadi, mazkur Nizomning 82-bandi uchinchi va beshinchi xatboshilari bundan mustasno.
85. Sertifikatning amal qilishi mazkur Nizomning 82-bandi yettinchi, sakkizinchi, toʻqqizinchi va oʻninchi xatboshilarida nazarda tutilgan asoslar boʻyicha tugatilgan taqdirda, talabgorga sertifikatning amal qilishi tugatilgan paytdan boshlab uch yil muddat mobaynida sertifikat berilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
86. Iqtisodiyot va moliya vazirligi mazkur Nizomning 82-bandi yettinchi, sakkizinchi, toʻqqizinchi va oʻninchi xatboshilarida nazarda tutilgan asoslar boʻyicha sertifikatning amal qilishini tugatish yuzasidan Auditorlar palatasiga taqdimnoma kiritish huquqiga ega.
87. Sertifikatning amal qilishini tugatish haqidagi qaror ustidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda sudga shikoyat qilish mumkin.
88. Inspeksiya yoki ichki audit xizmatida faoliyat yuritadigan xodimlar sertifikatining amal qilishi tugatilgan taqdirda, Auditorlar palatasi bu haqida sertifikatning amal qilishini tugatish boʻyicha qaror qabul qilingan kundan boshlab bir ish kuni mobaynida ish beruvchilarni xabardor qiladi.
89. Sertifikatning amal qilishini tugatish toʻgʻrisidagi qaror Auditorlar palatasining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi.
12-bob. Sertifikatlar reyestrini yuritish tartibi
90. Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan sertifikatlar reyestri yuritiladi va unda quyidagi maʼlumotlar qayd etiladi:
sertifikat egasining familiyasi, ismi, otasining ismi;
sertifikat raqami, berilgan sanasi va amal qilish muddati;
sertifikat egasining pasporti yoki ID-kartasi maʼlumotlari, shuningdek, jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami;
sertifikat egasining malaka oshirish kursini muvaffaqiyatli tamomlaganligini tasdiqlovchi guvohnoma maʼlumotlari;
sertifikatning amal qilish muddati uzaytirilganligi, qayta rasmiylashtirilganligi, amal qilish muddati tugatilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar.
91. Sertifikatlar reyestrida mavjud quyidagi maʼlumotlar Auditorlar palatasining rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi va jamoatchilikning tanishishi uchun ochiq hisoblanadi:
sertifikat raqami, berilgan sanasi va amal qilish muddati;
sertifikat egasining malaka oshirish kursini tamomlaganligini tasdiqlovchi guvohnoma maʼlumotlari;
sertifikatning amal qilish muddati uzaytirilganligi, qayta rasmiylashtirilganligi, amal qilish muddati tugatilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar.
92. Sertifikatlar reyestri “Davlat fuqarolik xizmati yagona elektron axborot-tahlil tizimi” dasturiy-apparat kompleksining maʼlumotlar bazasi bilan integratsiya qilinadi. Bunda Inspeksiya yoki ichki audit xizmati xodimi lavozimiga ariza topshirishda sertifikat raqami kiritilishi majburiy etib belgilanadi.
13-bob. Malaka oshirish kursini tashkil etish tartibi
93. Sertifikat egasi sertifikat olgan yildan keyingi yildan boshlab har ikki yilda tasdiqlangan oʻquv dasturi asosida Oʻquv markazi tomonidan tashkil etiladigan 36 soat hajmdagi malaka oshirish kursini oʻtashi shart.
Keyingi tahrirga qarang.
Bunda xalqaro sertifikat egasi boʻlgan shaxslar ham oʻquv dasturi asosida malaka oshirish kurslarini oʻtashi lozim.
94. Malaka oshirish kurslari grafik asosida Oʻquv markazi tomonidan tashkil etiladi va oʻtkaziladi.
Keyingi tahrirga qarang.
95. Inspeksiya hamda vazirliklar va idoralar malaka oshirish kursida qatnashishi rejalashtirilgan xodimlar roʻyxatini har yili 20-yanvarga qadar Oʻquv markaziga taqdim etadi.
Inspeksiya hamda ichki audit xizmatida faoliyat koʻrsatmaydigan sertifikat egasi malaka oshirish kursida qatnashish uchun Oʻquv markaziga murojaat qilish huquqiga ega. Bunda bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari miqdoridagi toʻlov ushbu shaxsning oʻz mablagʻi hisobidan amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
96. Inspeksiya va ichki audit xizmati xodimlarining malaka oshirishi budjet mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
97. Oʻquv markazi malaka oshirish kurslarini tamomlagan tinglovchilarga belgilangan tartibda guvohnoma rasmiylashtiradi.
98. Oʻquv markazi malaka oshirish kurslarini oʻtagan shaxslar toʻgʻrisidagi choraklik maʼlumotlarni har chorak tugagandan soʻng keyingi oyning 10-kuniga qadar, yillik maʼlumotlarni keyingi yilning 10-yanvariga qadar Iqtisodiyot va moliya vazirligiga taqdim etadi.
Keyingi tahrirga qarang.
99. Malaka oshirish kursini tamomlaganligini tasdiqlovchi guvohnoma maʼlumotlari Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan sertifikatlar reyestriga kiritiladi.
14-bob. Yakunlovchi qoidalar
100. Mazkur Nizom talablariga rioya etilishi ustidan nazorat Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
101. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi hamda vazirliklar va idoralarning ichki audit xizmatlari xodimlari malakasini sertifikatlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
1-ILOVA
Keyingi tahrirga qarang.
Ichki audit milliy malaka sertifikatini rasmiylashtirish va berish
SXEMASI

Bosqichlar

Subyektlar

Tadbirlar

Muddatlar

1-bosqich

Talabgor

Malaka imtihonini topshirish uchun arizani Auditorlar palatasining rasmiy veb-sayti orqali topshiradi.

Bunda arizani koʻrib chiqish uchun bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari miqdorida yigʻim toʻlanadi.

Talabgorning xohishiga koʻra, har oyning 10-kuniga qadar (shu kuni ham)

2-bosqich

Auditorlar palatasi

1. Talabgorning arizasini koʻrib chiqadi va malaka imtihonini topshirishga ruxsat berish yoki ruxsat berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi. Rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilinganda, rad etish sabablari koʻrsatiladi.

Ariza berilgan oyning 11-kunidan 15-kuniga qadar (15-kunida ham)

2. Arizalarni koʻrib chiqish natijalarini koʻrib chiqish yakunlangandan soʻng bir ish kuni ichida talabgorning shaxsiy kabinetiga yuboradi.

Qaror qabul qilingandan soʻng uch ish kuni ichida

3-bosqich

Auditorlar palatasi

Malaka imtihonini oʻtkazish sanasi, vaqti va joyi toʻgʻrisida talabgorni yozma yoki elektron xabar shaklida xabardor qiladi.

Malaka imtihoni oʻtkaziladigan kundan kamida besh kun oldin

4-bosqich

Imtihon komissiyasi

1. Malaka imtihoni belgilangan vaqtdan boshlab uch soat davomida test sinovi usulida axborot texnologiyalaridan foydalangan holda oʻtkazilishi ustidan nazorat qiladi.

2. Malaka imtihoni natijalarini bayonnoma orqali rasmiylashtiradi.

Malaka imtihoni oʻtkazilgan kuni

5-bosqich

Auditorlar palatasi

1. Malaka imtihoni natijalarini oʻzining rasmiy veb-saytida eʼlon qiladi.

2. Talabgorga malaka sertifikatini rasmiylashtiradi va elektron shaklda yuboradi.

Malaka imtihoni oʻtkazilgan kundan keyin uch ish kuni ichida

Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi hamda vazirliklar va idoralarning ichki audit xizmatlari xodimlari malakasini sertifikatlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
2-ILOVA
Keyingi tahrirga qarang.
____________________________________

(Oʻzbekiston auditorlar palatasi mansabdor shaxsiga)

___________________________ da yashovchi

(yashash manzili)

_________________________________ dan

(ariza beruvchi F.I.O)

____________________________________

(aloqa telefoni)

____________________________________

(elektron pochta manzili)

ARIZA

Menga ichki audit milliy malaka sertifikatini olish/amal qilish muddatini uzaytirish uchun* malaka imtihonini topshirishga/qayta rasmiylashtirishga* ruxsat berishingizni soʻrayman.

Arizaga quyidagilar ilova qilinadi:
1. _______________________________________________________________________
2. _______________________________________________________________________
3. _______________________________________________________________________
4. _______________________________________________________________________
5. _______________________________________________________________________

‎20___ yil “____” __________
shaxsiy imzo __________________

‎* Kerakli soʻzlarning tagiga chiziladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi hamda vazirliklar va idoralarning ichki audit xizmatlari xodimlari malakasini sertifikatlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
3-ILOVA
Keyingi tahrirga qarang.

NAMUNA

OʻZBEKISTON AUDITORLAR PALATASI

QR-kod

Hujjat raqami: _________________


‎ICHKI AUDIT MILLIY MALAKA SERTIFIKATI

F.I.O.: ____________________________________
Rasmiylashtirilgan sana: ____________________________________
Amal qilish muddati: ____________________________________
Sertifikatning amal qilish muddati uzaytirildi:
20__ y. “___” ___________ dan muddatsiz davrga


‎_________________________________________________________

(Oʻzbekiston auditorlar palatasi mansabdor shaxsining F.I.O.)

Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi hamda vazirliklar va idoralarning ichki audit xizmatida faoliyat yuritish uchun ichki audit milliy malaka sertifikati ‎20__ yil “___” _______ da berildi. Sertifikat egasi sertifikat olgan yildan keyingi yildan boshlab belgilangan tartibda malaka oshirish kursini oʻtashi shart.

Ushbu elektron hujjatning nusxasida koʻrsatilgan maʼlumotlar toʻgʻriligini tekshirish uchun uzaudit.uz veb-saytiga oʻting va elektron hujjat raqamini kiriting yoki mobil telefon yordamida QR-kodni skaner qiling.

Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.