1.03.00.00.00 Fuqarolik qonunchiligi / 03.14.00.00 Intellektual mulk / 03.14.01.00 Umumiy qoidalar]
[TSZ:
1.Fuqarolik qonunchiligi. Tadbirkorlik / Intellektual mulk. Fuqarolik muomalasi qatnashchilarini individuallashtirish vositalari]
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirining
buyrugʻi
Patent egasining ochiq litsenziyaga huquq berish haqidagi arizasini koʻrib chiqish va ushbu ariza toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni eʼlon qilish qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2023-yil 7-fevralda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3418]
1. Patent egasining ochiq litsenziyaga huquq berish haqidagi arizasini koʻrib chiqish va ushbu ariza toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni eʼlon qilish qoidalari 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Ayrim idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar 2-ilovaga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
3. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir A. TASHKULOV
Toshkent sh.,
2023-yil 6-fevral,
2-mh-son
Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2023-yil 6-fevraldagi 2-mh-son buyrugʻiga 1-ILOVA
Patent egasining ochiq litsenziyaga huquq berish haqidagi arizasini koʻrib chiqish va ushbu ariza toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni eʼlon qilish
QOIDALARI
Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasining “Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari toʻgʻrisida”gi va “Seleksiya yutuqlari toʻgʻrisida”gi qonunlariga asosan patent egasining ochiq litsenziyaga huquq berish haqidagi arizasini (bundan buyon matnda ariza deb yuritiladi) topshirish, koʻrib chiqish hamda ushbu ariza toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni eʼlon qilish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Qoidalarda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
Axborot tizimi — Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining “Sanoat mulki muhofazasi portali” boʻlib, bevosita oʻziga va Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali kelib tushgan talabnomalarni qabul qiluvchi va ular boʻyicha tegishli amallarni bajaruvchi maxsus tizim;
Vazirlik — Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi;
patent egasi — ixtiro, foydali model, sanoat namunasi, oʻsimliklarning yangi navi, hayvonlarning yangi zotiga berilgan patentning egasi.
2. Patent egasining arizasi va unga ilova qilingan hujjatlar Vazirlikka Axborot tizimi orqali topshiriladi.
3. Ixtiro, foydali model, sanoat namunasi, oʻsimliklarning yangi navi, hayvonlarning yangi zotidan foydalanishga huquq berish toʻgʻrisidagi litsenziya shartnomasi Vazirlikda roʻyxatga olingan boʻlsa hamda ushbu litsenziya shartnomasida patent egasi shartnomaning amal qilish muddati davomida litsenziya berish huquqiga ega boʻlmasligi belgilangan boʻlsa, ixtiro, foydali model, sanoat namunasi, oʻsimliklarning yangi navi, hayvonlarning yangi zoti boʻyicha ariza topshirilmaydi.
4. Topshirilgan ariza chaqirib olinmaydi.
5. Ariza topshirish bilan bogʻliq ishlar patent egasi, vakolatlari ishonchnoma bilan tasdiqlangan vakil yoki patent vakili tomonidan amalga oshirilishi mumkin.
6. Ariza toʻgʻrisidagi maʼlumotlar eʼlon qilinishi uchun Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonunida belgilangan miqdorda davlat boji toʻlanadi.
2-bob. Ariza va unga ilova qilingan hujjatlarni topshirish
7. Ariza davlat tilida topshiriladi. Ariza topshirishda patent egasi tomonidan mazkur Qoidalarning ilovasiga muvofiq shakldagi arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
vakil yoki patent vakili vakolatlarini tasdiqlaydigan ishonchnoma (ariza vakil yoki patent vakili tomonidan topshirilganda);
patent egalari bir nechta boʻlgan hollarda, ularning arizani topshirish haqidagi roziligi arizaga ilova qilinadi.
Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan patent boji toʻlanganligi Vazirlik tomonidan axborot tizimlari orqali mustaqil ravishda tekshiriladi.
Belgilangan miqdordagi patent boji toʻlanmagan taqdirda, arizani koʻrib chiqish boʻyicha yuridik ahamiyatga molik harakatlar amalga oshirilmaydi.
LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonuni.
8. Ariza bitta patentga tegishli boʻlishi kerak.
Ariza Axborot tizimi orqali toʻldirilganidan soʻng ariza beruvchi tomonidan maʼlumotlar toʻgʻri va toʻliqligi tekshiriladi hamda tasdiqlanadi.
Yuridik shaxs nomidan topshiriladigan ariza tashkilot rahbari tomonidan uning lavozimi koʻrsatilgan holda tasdiqlanadi.
Ariza vakil yoki patent vakili orqali topshirilganda, ariza patent vakili yoki ishonchli shaxs tomonidan tasdiqlanadi.
9. Arizaga ilova qilinayotgan hujjatlar xorijiy tilda boʻlganda, ularning davlat tilidagi tarjimalari ilova qilinishi kerak.
3-bob. Arizani koʻrib chiqish va ariza toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni eʼlon qilish
10. Ariza va unga ilova qilingan hujjatlar kelib tushgan kundan eʼtiboran oʻn besh kunlik muddat ichida Vazirlik mazkur Qoidalarning 2-bobiga muvofiq tegishli hujjatlarning mavjudligi va ularning mazkur Qoidalar talablariga muvofiqligini tekshiradi.
11. Mazkur Qoidalarning 2-bobiga muvofiq tegishli hujjatlar mavjud boʻlmaganda yoki hujjatlar mazkur Qoidalarda belgilangan talablarga rioya qilinmagan holda rasmiylashtirilganligi aniqlanganda, ariza beruvchiga shu kunning oʻzida Axborot tizimi orqali bildirishnoma yuboriladi. Bildirishnomada aniqlangan kamchiliklar koʻrsatiladi va ariza beruvchiga bildirishnoma yuborilgan kundan eʼtiboran uch oy ichida ushbu kamchiliklarni bartaraf etish (yetishmagan yoki tuzatilgan maʼlumotlar yoxud hujjatlarni taqdim etish) taklif qilinadi.
Bunda, arizani koʻrib chiqish boʻyicha belgilangan muddatning oʻtishi aniqlangan kamchiliklar toʻliq bartaraf etilgunga (yetishmagan yoki tuzatilgan maʼlumotlar yoxud hujjatlar taqdim etilgunga) qadar, biroq ariza beruvchiga bildirishnoma yuborilgan kundan eʼtiboran uch oydan ortiq boʻlmagan muddatgacha toʻxtatib turiladi.
12. Taqdim etilgan hujjatlar mazkur Qoidalar talablariga mos kelgan hollarda, Vazirlik ariza beruvchini uning arizasi qabul qilinganligi toʻgʻrisida Axborot tizimi orqali xabardor etadi. Ariza toʻgʻrisidagi maʼlumotlar qanday obyektga nisbatan topshirilganiga qarab, tegishli ixtirolar, foydali modellar, sanoat namunalari, oʻsimlik navlari va hayvon zotlarining davlat reyestrlariga kiritiladi.
13. Taqdim etilgan hujjatlar mazkur Qoidalar talablariga mos kelmagan, shuningdek aniqlangan kamchiliklar belgilangan muddatda toʻliq bartaraf etilmagan hollarda, Vazirlik ariza beruvchiga arizani qabul qilish rad etilgani toʻgʻrisida asoslarini koʻrsatgan holda bildirishnoma yuboradi.
14. Rasmiy axborotnomada ariza toʻgʻrisidagi quyidagi maʼlumotlar eʼlon qilinadi:
patent raqami;
ixtiro, foydali model, sanoat namunasi, oʻsimliklarning yangi navi, hayvonlarning yangi zotining roʻyxatga olingani toʻgʻrisidagi maʼlumotlar eʼlon qilingan rasmiy axborotnomaning soni va yili;
Xalqaro patent klassifikatsiyasi (XPK) / Sanoat namunalarining xalqaro klassifikatsiyasining (SNXK) indeksi (ixtiro, foydali model va sanoat namunasiga nisbatan koʻrsatiladi);
ixtiro, foydali model, sanoat namunasi, oʻsimliklarning yangi navi, hayvonlarning yangi zotining nomi;
patent egasi;
yozishma uchun manzil.
15. Vazirlik ariza toʻgʻrisidagi maʼlumotlar rasmiy axborotnomada eʼlon qilingan kundan eʼtiboran 3 kun muddatda ariza beruvchiga tegishli yozuv kiritilgan “Patentga ilova”ni yuboradi.
Patent egasining ochiq litsenziyaga huquq berish haqidagi arizasini koʻrib chiqish va ushbu ariza toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni eʼlon qilish qoidalariga ILOVA
Patent egasining ochiq litsenziyaga huquq berish toʻgʻrisidagi
ARIZASI
Patent egasi har bir shaxsga quyidagi intellektual mulk obyektidan foydalanish huquqini beradi (keragi belgilansin):
Ilova qilib biriktirilayotgan hujjatlar (keragi belgilansin):
vakil yoki patent vakili vakolatlarini tasdiqlaydigan ishonchnoma;
boshqa patent egalarining arizani topshirish haqidagi roziligi (bir nechta patent egasi boʻlgan taqdirda).
Patent egasi
______________________________
(F.I.O., lavozimi)
TASDIQLAYMAN
Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2023-yil 6-fevraldagi 2-mh-son buyrugʻiga 2-ILOVA
Oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilayotgan idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar roʻyxati
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat patent idorasi direktorining 2006-yil 21-sentabrdagi 56-son “Patent egasining ochiq litsenziyaga doir huquqni taqdim etish toʻgʻrisidagi arizasini topshirish va koʻrib chiqish hamda bunday ariza toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni eʼlon qilish qoidalarini tasdiqlash haqida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 1629, 2006-yil 14-oktabr) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 42-son, 420-modda).
2. Oʻzbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi bosh direktorining 2011-yil 26-avgustdagi 28-son “Patent egasining ochiq litsenziyaga doir huquqni taqdim etish toʻgʻrisidagi arizasini topshirish va koʻrib chiqish hamda bunday ariza toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni eʼlon qilish qoidalariga oʻzgartirishlar kiritish haqida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 1629-1, 2011-yil 30-sentabr) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 40-son, 423-modda).
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.02.2023-y., 10/23/3418/0076-son)