1.13.00.00.00 Taʼlim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Taʼlim / 13.01.02.00 Taʼlim tizimini boshqarish]
[TSZ:
1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Taʼlim]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti huzuridagi Diplomatik akademiyada diplomatik lavozimlarga tayinlanadigan nomzodlarni oʻqitish, shuningdek, ayrim lavozimdagi mutaxassislarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti faoliyatini tizimli isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2022-yil 23-iyuldagi PQ-330-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti faoliyatini tizimli isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2022-yil 23-iyuldagi PQ-330-son qarorining 7-bandiga muvofiq Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti huzuridagi Oliy diplomatiya maktabi negizida Diplomatik akademiya (keyingi oʻrinlarda — Akademiya) tashkil etilganligi va uning ustuvor vazifalari belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Akademiya yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan davlat oliy taʼlim muassasasi hisoblanadi.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 18-apreldagi 217-sonli qaroriga asosan ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.04.2024-y., 09/24/217/0287-son)
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi:
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti huzuridagi Diplomatik akademiyada diplomatik lavozimlarga tayinlanadigan nomzodlarni oʻqitishni tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq:
Tashqi ishlar vazirligi buyurtmasiga asosan diplomatik lavozimlarga (Oʻzbekiston Respublikasining Favqulodda va Muxtor elchisi, Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro tashkilotlardagi doimiy vakili, Bosh konsul, konsul va boshqalar) tayinlash maqsadida nomzodlarni oʻqitish uchun oʻquv kurslarini tashkil etish tartibi;
oʻquv kurslari dasturlariga qoʻyiladigan asosiy talablar (diplomatik xizmatga qoʻyiladigan kasbiy ixtisoslik talablariga muvofiqlik, zamonaviy texnologiyalarga yoʻnaltirilganlik, dasturlar mazmunining diplomatik xizmatni tashkil qilish va diplomatik faoliyat masalalari boʻyicha belgilangan taʼlim turi va shakllariga muvofiqligi);
oʻquv kurslarining muddatini Tashqi ishlar vazirligi buyurtmasiga asosan besh kundan bir oʻquv yiligacha etib belgilash;
oʻqitish shakllarini (anʼanaviy, masofaviy va muqobil tayyorlashdan oʻtish) belgilash;
oʻquv kurslari yakuni boʻyicha yakuniy imtihon oʻtkazish va apellatsiya berish tartibi;
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti huzuridagi Diplomatik akademiyada Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining, viloyatlar va Toshkent shahar, shuningdek, tuman (shahar) hokimlarining investitsiyalar va tashqi savdo masalalari boʻyicha oʻrinbosarlarini hamda tashqi siyosiy, tashqi iqtisodiy va xalqaro-huquqiy faoliyat sohasidagi mutaxassislarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining, viloyatlar va Toshkent shahar, shuningdek, tuman (shahar) hokimlarining investitsiyalar va tashqi savdo masalalari boʻyicha oʻrinbosarlari, tashqi siyosiy, tashqi iqtisodiy va xalqaro-huquqiy faoliyat sohasidagi mutaxassislarni har uch yilda kamida bir marta qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tartibini belgilash;
oʻquv kurslari dasturlariga qoʻyiladigan asosiy talablar (davlat xizmatiga qoʻyiladigan kasbiy ixtisoslik talablariga muvofiqlik, dasturlar mazmunining davlat xizmatini tashkil qilish va diplomatik faoliyat masalalari boʻyicha belgilangan taʼlim turi va shakllariga muvofiqligi);
oʻquv kurslarining jami muddatini (besh kundan bir oʻquv yiligacha) yuborilayotgan tinglovchilarning lavozimi va kasbiy yuklamasidan kelib chiqqan holda, yuboruvchi tashkilot tomonidan belgilash;
oʻquv kurslari yakuni boʻyicha yakuniy imtihon oʻtkazish va apellatsiya berish tartibi.
3. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti huzuridagi Diplomatik akademiya oʻquv kurslarini tugatganlik haqidagi sertifikat namunasi va uning tavsifi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri v.b. B.O. Saidov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2023-yil 10-yanvar,
8-son
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 10-yanvardagi 8-son qaroriga 1-ILOVA
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti huzuridagi Diplomatik akademiyada diplomatik lavozimlarga tayinlanadigan nomzodlarni oʻqitishni tashkil etish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti huzuridagi Diplomatik akademiyada (keyingi oʻrinlarda — Akademiya) diplomatik lavozimlarga tayinlanadigan nomzodlarni oʻqitishni tashkil etish va taʼlim sifatini nazorat qilish tartibini belgilaydi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi (keyingi oʻrinlarda — Vazirlik) buyurtmasiga asosan quyidagi lavozimlarga tayinlash maqsadida kadrlar zaxirasiga tanlangan shaxslar (nomzodlar) Akademiya oʻquv kurslarida malaka oshirish uchun yuboriladi:
Oʻzbekiston Respublikasining Favqulodda va Muxtor elchisi;
Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro tashkilotlardagi doimiy vakili;
Bosh konsul, konsul;
Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy mamlakatlardagi diplomatik vakolatxonalari, konsullik muassasalari, xalqaro tashkilotlar huzuridagi vakolatxonalardagi maslahatchi-vakili, maslahatchisi (shu jumladan, savdo-iqtisodiy masalalar boʻyicha), birinchi kotibi, ikkinchi kotibi, uchinchi kotibi, attashesi.
4. Istiqbolli kadrlar zaxirasi bilan ishlash boʻyicha umumiy tashkiliy-boshqaruv faoliyati Vazirlikning kadrlar bilan ishlashga masʼul tarkibiy boʻlinmasi, oʻquv-metodik taʼminot Akademiya tomonidan muvofiqlashtiriladi.
5. Kadrlar zaxirasiga tanlangan shaxslar tegishli lavozim boʻyicha maqsadli oʻquv kurslariga bir marta yuboriladi.
2-bob. Oʻquv kurslarining maqsadi va asosiy vazifalari
6. Oʻquv kurslarining maqsadi — diplomatik kadrlar zaxirasi uchun tanlanadigan shaxslarning ilgʻor taʼlim texnologiyalariga asoslangan samarali oʻqitish tizimini shakllantirish orqali kasbiy bilim, malaka va koʻnikmalarini takomillashtirishdan iborat.
7. Quyidagilar oʻquv kurslarining asosiy vazifalari hisoblanadi:
Oʻzbekiston Respublikasi milliy manfaatlaridan kelib chiqqan holda diplomatik kadrlar, jumladan, yuqori boʻgʻin diplomatlarini (elchi va maslahatchilarni) tizimli ravishda tayyorlash;
davlat boshqaruvi tizimi va mahalliy hokimiyat organi xodimlari orasidan munosib nomzodlarni tanlab olish, tayyorlash hamda diplomatik rahbar xodimlar (elchi, bosh konsul va maslahatchilar) zaxirasini yaratish;
Tashqi ishlar vazirligi buyurtmasiga muvofiq xorijga uzoq muddatli safarga yuborilayotgan xodimlar, shu jumladan, maʼmuriy-texnik xodimlar va ularning oila aʼzolari uchun mezbon mamlakatning oʻziga xosliklari, diplomatik protokol va odob-axloq xususiyatlari, chet elda yashash hamda mahalliy aholi bilan muloqot qoidalari kabilar bilan tanishtirishga qaratilgan qisqa muddatli kurslar tashkil qilish;
diplomatik faoliyatni ilmiy-metodik jihatdan taʼminlash, xalqaro munosabatlarning dolzarb muammolari yuzasidan tizimli asosda ilmiy-tadqiqot dasturlari va loyihalarni, jumladan, milliy, xorijiy va xalqaro grantlarni jalb qilgan holda amalga oshirish;
diplomatik kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish boʻyicha faoliyat yuritadigan yetakchi xorijiy taʼlim tashkilotlari bilan uzoq muddatli hamkorlikni yoʻlga qoʻyish va qoʻshma loyihalarni amalga oshirish.
3-bob. Oʻquv kurslari dasturlariga qoʻyiladigan asosiy talablar
8. Taʼlim sifati tinglovchilarning qay darajada zarur va yetarli tayyorgarlikka ega ekanliklari, ularning bilim va amaliy koʻnikmalari diplomatik kadrlarga, diplomatik xizmatga qoʻyiladigan talablarga mosligi bilan belgilanadi.
9. Oʻquv kurslari dasturlariga qoʻyiladigan asosiy talablar quyidagilardan iborat:
diplomatik xizmatga qoʻyiladigan kasbiy ixtisoslik talablariga muvofiqlik;
zamonaviy texnologiyalarga yoʻnaltirilganlik;
dasturlar mazmunining diplomatik xizmatni tashkil qilish va diplomatik faoliyat masalalari boʻyicha belgilangan taʼlim turi va shakllariga muvofiqligi.
4-bob. Oʻquv kurslarini tashkil etish tartibi
10. Oʻquv kurslari anʼanaviy va masofaviy shakllarda tashkil etiladi.
11. Oʻquv kurslarining jami muddati tegishlicha 25, 50,144, 288, 576 va 1152 soat hajmida oʻquv dasturlari boʻyicha tashkil etadi.
Bunda oʻquv kurslarining jami muddati Vazirlik buyurtmasiga asosan yuborilayotgan tinglovchilarning lavozimi va kasbiy yuklamasidan kelib chiqqan holda, besh kundan bir oʻquv yiligacha etib belgilanadi.
12. Oʻquv kurslarining anʼanaviy shaklida tinglovchi oʻquv kursi dasturlarini Akademiyaga kelib, toʻliq dars jarayonlariga qatnashgan holda oʻzlashtiradi. Bunda bir haftadagi oʻquv yuklamasining eng yuqori hajmi 36 soatni tashkil etadi.
13. Oʻquv kurslarining masofaviy shaklida tinglovchi ishlab chiqarishdan ajralmagan holda, taʼlim usullari orqali malaka oshirishning onlayn (videomaʼruzalar, maslahatlar, nazorat turlarini masofadan turib real vaqt rejimida oʻtkazish) va offlayn (masofaviy taʼlim tizimidagi tegishli oʻquv-metodik resurslarni mustaqil ravishda oʻzlashtirish) shaklida oʻquv dasturlarini oʻzlashtiradi.
14. Soʻnggi uch yilda xorijiy davlatlardagi tayyorlov va malaka oshirish kurslarida oʻqish muqobil tayyorlashdan oʻtish hisoblanadi. Muqobil tayyorlashdan oʻtgan tinglovchilarning xorijiy davlatlarda olgan taʼlim toʻgʻrisidagi hujjati (sertifikati) asosida ularga nisbatan sertifikat amal qilish muddati davomida Akademiya oʻquv kurslarida oʻqish talab etilmaydi.
15. Tinglovchilar quyidagi holatlarda tinglovchilar safidan chetlatiladi:
oʻz ixtiyoriga koʻra;
kasb etikasi talablarini buzganda;
salomatligining yomonlashgani sababli (tibbiy maʼlumotnoma yoki tibbiy xulosa asosida).
16. Tinglovchilar safidan chiqarish Akademiya direktori buyrugʻi bilan rasmiylashtiriladi va darhol tinglovchiga hamda Vazirlikka yetkaziladi.
17. Oʻquv kurslari tinglovchilari oʻqishni tugatgandan soʻng yakuniy imtihon topshiradilar. Yakuniy imtihon Akademiya direktori boshchiligidagi komissiya tomonidan qabul qilinadi.
Komissiya tarkibi Akademiya ilmiy kengashi tomonidan Vazirlik bilan kelishilgan holda, tajribali diplomatlar va soha mutaxassislari orasidan kamida 7 kishidan iborat boʻlgan tarkibda shakllantiriladi.
18. Yakuniy imtihon sinovi yozma ish shaklida oʻtkaziladi.
Yakuniy imtihonda 55 ball toʻplagan oʻquv kurslari tinglovchilari imtihondan oʻtgan hisoblanadi. 55 balldan kam olgan tinglovchilarga ikkinchi marta yakuniy imtihon topshirish huquqi beriladi.
19. Yakuniy imtihondan muvaffaqiyatli oʻtgan tinglovchilarga Vazirlik Hayʼati bilan kelishilgan holda, Akademiya oʻquv kurslarini tugatganlik toʻgʻrisida davlat namunasidagi sertifikat beriladi.
5-bob. Oʻquv kurslari yakuniy imtihon natijalari yuzasidan appelatsiya berish tartibi
20. Yakuniy imtihon natijalaridan norozi boʻlgan tinglovchilar natijalar eʼlon qilingan kundan boshlab uch kun ichida Apellatsiya komissiyasiga yozma ravishda appelatsiya berishlari mumkin.
21. Apellatsiya komissiyasi yakuniy imtihon boshlangandan keyin oʻn kun ichida Akademiya direktorining buyrugʻiga koʻra har bir taʼlim turi boʻyicha tajribali diplomatlar va soha mutaxassislari orasidan 7 kishidan iborat tarkibda tuziladi.
Apellatsiya komissiyasi muammoli holatlarga aniqlik kiritish uchun jamoatchilik asosida malakali mutaxassislarni jalb etishi mumkin.
Apellatsiya komissiyasining tarkibi va ish tartibi Apellatsiya komissiyasini tashkil etish toʻgʻrisidagi buyruqda belgilanadi.
22. Ariza (shikoyat) roʻyxatga olingan kundan boshlab oʻn kun muddatda koʻrib chiqiladi.
Murojaat etuvchi tinglovchilar Apellatsiya komissiyasi tomonidan murojaati koʻrib chiqilishi jarayonida bevosita yoki masofadan turib onlayn tarzda ishtirok etishi mumkin.
Apellatsiya komissiyasining murojaatlarni masofadan turib (onlayn tarzda) koʻrib chiqish vaqtlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Akademiyaning rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi.
23. Apellatsiya komissiyasi tinglovchilarning yakuniy imtihon jarayonlariga oid murojaatini koʻrib chiqib, quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:
tinglovchilarning toʻgʻri baholanganligi, sinovlarni oʻtkazish jarayonida tashkiliy-texnik jihatdan kamchiliklar aniqlanmagan taqdirda, yakuniy imtihon natijalarini oʻzgarishsiz qoldirish;
tinglovchilar tayyorgarligi notoʻgʻri baholanganligi aniqlangan taqdirda, yakuniy imtihon natijalarini oʻzgartirish;
sinovlarni oʻtkazish jarayonida tashkiliy-texnik jihatdan kamchiliklar mavjudligi aniqlangan taqdirda, yakuniy imtihonning qaytadan topshirilishini tashkil etish.
24. Apellatsiya komissiyasi yigʻilishida komissiya aʼzolarining yarmidan koʻpi ishtirok etsa, uning qabul qilgan qarori qonuniy kuchga ega hisoblanadi.
25. Apellatsiya komissiyasi qarorining nusxasi murojaat etuvchilarga ushbu komissiya qarori chiqqan kundan eʼtiboran besh kun ichida taqdim etiladi.
6-bob. Yakunlovchi qoida
26. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javob beradilar.
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti huzuridagi Diplomatik akademiyada diplomatik lavozimlarga tayinlanadigan nomzodlarni oʻqitishni tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ILOVA
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti huzuridagi Diplomatik akademiyada diplomatik lavozimlarga tayinlanadigan nomzodlarni oʻqitishni tashkil etish tartibi
SXEMASI
Bosqichlar
Subyektlar
Oʻtkaziladigan tadbirlar
Bajarish muddatlari
1-bosqich
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi
Diplomatik lavozimlarga tayinlash maqsadida kadrlar zaxirasiga tanlangan shaxslar (nomzodlar)ni Diplomatik akademiya oʻquv kurslarida malaka oshirish uchun yuborish
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi buyurtmasiga asosan
2-bosqich
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Diplomatik akademiya
Oʻquv kurslarining jami muddatini belgilash
Oʻquv kurslari boshlanishidan 1 oy oldin
3-bosqich
Diplomatik akademiya
Oʻquv kurslari dasturlarini ishlab chiqish va tasdiqlash
Oʻquv kurslari boshlanishidan 1 oy oldin
4-bosqich
Diplomatik akademiya
Oʻquv kurslari shakllarini aniqlash
Oʻquv kurslari boshlanishidan 1 oy oldin
5-bosqich
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining kadrlar bilan ishlashga masʼul tarkibiy boʻlinmasi
Oʻquv kurslariga yuborilgan tinglovchilar ustidan umumiy tashkiliy-boshqaruv
Doimiy ravishda
Diplomatik akademiya
Oʻquv-metodik taʼminotni muvofiqlashtirish
Doimiy ravishda
6-bosqich
Diplomatik akademiya
Oʻquv kurslari tinglovchilaridan oʻqishni tugatgandan soʻng yakuniy imtihon olish
Oʻquv kurslari yakuni boʻyicha
7-bosqich
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Diplomatik akademiya
Yakuniy imtihondan muvaffaqiyatli oʻtgan tinglovchilarga oʻquv kurslarini tugatganlik toʻgʻrisida davlat namunasidagi sertifikat berish
Yakuniy imtihon natijalari boʻyicha
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 10-yanvardagi 8-son qaroriga 2-ILOVA
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti huzuridagi Diplomatik akademiyada Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining, viloyatlar va Toshkent shahar, shuningdek, tuman (shahar) hokimlarining investitsiyalar va tashqi savdo masalalari boʻyicha oʻrinbosarlarini hamda tashqi siyosiy, tashqi iqtisodiy va xalqaro-huquqiy faoliyat sohasidagi mutaxassislarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti huzuridagi Diplomatik akademiyada (keyingi oʻrinlarda — Akademiya) ayrim lavozimdagi mutaxassislarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tartibini belgilaydi.
2. Quyidagi lavozimlardagi mutaxassislar Akademiyada tashkil etiladigan qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida oʻqitiladi:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining, viloyatlar va Toshkent shahar, shuningdek, tuman (shahar) hokimlarining investitsiyalar va tashqi savdo masalalari boʻyicha oʻrinbosarlari;
tashqi siyosiy, tashqi iqtisodiy va xalqaro-huquqiy faoliyat sohasidagi mutaxassislar.
Ushbu bandning ikkinchi va uchinchi xatboshilarida koʻrsatilgan mutaxassislar har uch yilda kamida bir marta malaka oshirishning tegishli yoʻnalishlari boʻyicha malakasini oshirishi shart.
3. Akademiya har yili Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori va Akademiya direktori tomonidan tasdiqlanadigan oʻquv rejasi va oʻquv dasturlariga muvofiq qayta tayyorlash va malaka oshirishni tashkil etadi.
5. Akademiya oʻquv kurslariga ishdan ajralgan holda yuboriladigan tinglovchilarning asosiy ish joyida egallab turgan lavozimi va maoshi saqlanadi hamda ular yuborayotgan tashkilotning soʻroviga koʻra Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida turar joy bilan taʼminlanadilar.
6. Tinglovchilarning oʻquv kurslari hamda turar joy bilan bogʻliq xarajatlari shartnoma asosida yuboruvchi tomon hisobidan qoplanadi.
2-bob. Oʻquv kurslarining maqsadi va asosiy vazifalari
7. Oʻquv kurslarining maqsadi — ilgʻor oʻqitish texnologiyalariga asoslangan holda, kadrlarning kasbiy bilim, koʻnikma hamda malakalari, ishbilarmonlik koʻnikmalarini takomillashtirishdan iborat.
8. Oʻquv kurslarining asosiy vazifalari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining, viloyatlar va Toshkent shahar, shuningdek, tuman (shahar) hokimlarining investitsiyalar va tashqi savdo masalalari boʻyicha oʻrinbosarlari, tashqi siyosiy, tashqi iqtisodiy va xalqaro-huquqiy faoliyat sohasidagi mutaxassislar hamda xodimlarni qisqa va uzoq muddatli oʻquv kurslarida toʻlov-shartnoma asosida, shu jumladan, masofaviy shaklda qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hisoblanadi.
3-bob. Oʻquv kurslari dasturlariga qoʻyiladigan asosiy talablar
9. Oʻquv kurslari dasturlariga qoʻyiladigan asosiy talablar quyidagilardan iborat:
davlat xizmatiga qoʻyiladigan kasbiy ixtisoslik talablariga muvofiqlik;
dasturlar mazmunining diplomatik xizmatni tashkil qilish va diplomatik faoliyat masalalari boʻyicha belgilangan taʼlim turi va shakllariga muvofiqligi.
4-bob. Oʻquv kurslarini tashkil etish tartibi
10. Oʻquv kurslari anʼanaviy va masofaviy shakllarda tashkil etiladi.
11. Oʻquv kurslarining jami muddati tegishlicha 25, 50,144, 288, 576 va 1152 soat hajmida oʻquv dasturlari boʻyicha tashkil etadi.
Bunda oʻquv kurslarining jami muddati Vazirlik buyurtmasiga asosan yuborilayotgan tinglovchilarning lavozimi va ularning kasbiy yuklamasidan kelib chiqqan holda, besh kundan bir oʻquv yiligacha etib belgilanadi.
12. Oʻquv kurslarining anʼanaviy shaklida tinglovchi oʻquv kursi dasturlarini Akademiyaga kelib, toʻliq dars jarayonlariga qatnashgan holda oʻzlashtiradi. Bunda bir haftadagi oʻquv yuklamasining eng yuqori hajmi 36 soatni tashkil etadi.
13. Oʻquv kurslarining masofaviy shaklida tinglovchi ishlab chiqarishdan ajralmagan holda taʼlim usullari orqali malaka oshirishning onlayn (videomaʼruzalar, maslahatlar, nazorat turlarini masofadan turib real vaqt rejimida oʻtkazish) va offlayn (masofaviy taʼlim tizimidagi tegishli oʻquv-metodik resurslarni mustaqil ravishda oʻzlashtirish) shaklida oʻquv dasturlarini oʻzlashtiradi.
14. Tinglovchilar quyidagi holatlarda tinglovchilar safidan chetlatiladi:
oʻz ixtiyoriga koʻra;
kasb etikasi talablarini buzganda;
qayta tayyorlash kurslarida 24 akademik soat va malaka oshirish kurslarida 12 akademik soat sababsiz dars qoldirganda;
salomatligining yomonlashgani sababli (tibbiy maʼlumotnoma yoki tibbiy xulosa asosida).
15. Tinglovchilar safidan chiqarish Akademiya direktori buyrugʻi bilan rasmiylashtiriladi va darhol tinglovchiga hamda uni oʻquv kursiga yuborgan tashkilotga yetkaziladi.
16. Oʻquv kurslari tinglovchilari oʻqishni tugatgandan soʻng yakuniy imtihon topshiradilar. Yakuniy imtihon Akademiya direktori boshchiligidagi komissiya tomonidan qabul qilinadi.
Komissiya tarkibi Akademiya ilmiy kengashi tomonidan Vazirlik bilan kelishilgan holda soha mutaxassislari orasidan kamida 7 kishidan iborat boʻlgan tarkibda shakllantiriladi.
17. Yakuniy imtihon sinovi yozma ish shaklida oʻtkaziladi.
Yakuniy imtihonda 55 ball toʻplagan oʻquv kurslari tinglovchilari imtihondan oʻtgan hisoblanadi. 55 balldan kam olgan tinglovchilarga ikkinchi marta yakuniy imtihon topshirish huquqi beriladi.
18. Yakuniy imtihondan muvaffaqiyatli oʻtgan tinglovchilarga Vazirlik Hayʼati bilan kelishilgan holda, Akademiya oʻquv kurslarini tugatganlik toʻgʻrisida davlat namunasidagi sertifikat beriladi.
5-bob. Oʻquv kurslari yakuniy imtihon natijalari yuzasidan appelatsiya berish tartibi
19. Yakuniy imtihon natijalaridan norozi boʻlgan tinglovchilar natijalar eʼlon qilingan kundan boshlab uch kun ichida Apellatsiya komissiyasiga yozma ravishda appelatsiya berishlari mumkin.
20. Apellatsiya komissiyasi yakuniy imtihon boshlangandan keyin oʻn kun ichida Akademiya direktorining buyrugʻiga koʻra har bir taʼlim turi boʻyicha soha mutaxassislari orasidan 7 kishidan iborat tarkibda tuziladi.
Apellatsiya komissiyasi muammoli holatlarga aniqlik kiritish uchun jamoatchilik asosida malakali mutaxassislarni jalb etishi mumkin.
Apellatsiya komissiyasining tarkibi va ish tartibi Apellatsiya komissiyasini tashkil etish toʻgʻrisidagi buyruqda belgilanadi.
21. Ariza (shikoyat) roʻyxatga olingan kundan boshlab oʻn kun muddatda koʻrib chiqiladi.
Murojaat etuvchi tinglovchilar Apellatsiya komissiyasi tomonidan murojaati koʻrib chiqilishi jarayonida bevosita yoki masofadan turib onlayn tarzda ishtirok etishi mumkin.
Apellatsiya komissiyasining murojaatlarni masofadan turib (onlayn tarzda) koʻrib chiqish vaqtlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Akademiyaning rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi.
22. Apellatsiya komissiyasi tinglovchilarning yakuniy imtihon jarayonlariga oid murojaatini koʻrib chiqib, quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:
tinglovchilarning toʻgʻri baholanganligi, sinovlarni oʻtkazish jarayonida tashkiliy-texnik jihatdan kamchiliklar aniqlanmagan taqdirda, yakuniy imtihon natijalarini oʻzgarishsiz qoldirish;
tinglovchilar tayyorgarligi notoʻgʻri baholanganligi aniqlangan taqdirda, yakuniy imtihon natijalarini oʻzgartirish;
sinovlarni oʻtkazish jarayonida tashkiliy-texnik jihatdan kamchiliklar mavjudligi aniqlangan taqdirda, yakuniy imtihonning qaytadan topshirilishini tashkil etish.
23. Apellatsiya komissiyasi yigʻilishida komissiya aʼzolarining yarmidan koʻpi ishtirok etsa, uning qabul qilgan qarori qonuniy kuchga ega hisoblanadi.
24. Apellatsiya komissiyasi qarorining nusxasi murojaat etuvchilarga ushbu komissiya qarori chiqqan kundan eʼtiboran besh kun ichida taqdim etiladi.
6-bob. Yakunlovchi qoida
25. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javob beradilar.
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti huzuridagi Diplomatik akademiyada Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining, viloyatlar va Toshkent shahar, shuningdek, tuman (shahar) hokimlarining investitsiyalar va tashqi savdo masalalari boʻyicha oʻrinbosarlarini hamda tashqi siyosiy, tashqi iqtisodiy va xalqaro-huquqiy faoliyat sohasidagi mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ILOVA
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti huzuridagi Diplomatik akademiyada Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining, viloyatlar va Toshkent shahar, shuningdek, tuman (shahar) hokimlarining investitsiyalar va tashqi savdo masalalari boʻyicha oʻrinbosarlarini hamda tashqi siyosiy, tashqi iqtisodiy va xalqaro-huquqiy faoliyat sohasidagi mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish tartibi
SXEMASI
Bosqichlar
Subyektlar
Oʻtkaziladigan tadbirlar
Bajarish muddatlari
1-bosqich
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, shuningdek, tuman (shahar) hokimliklari, manfaatdor vazirlik, idora va tashkilotlar
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining, viloyatlar va Toshkent shahar, shuningdek, tuman (shahar) hokimlarining investitsiyalar va tashqi savdo masalalari boʻyicha oʻrinbosarlari, tashqi siyosiy, tashqi iqtisodiy va xalqaro-huquqiy faoliyat sohasidagi mutaxassislar roʻyxatini shakllantirish
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, shuningdek, tuman (shahar) hokimliklari, manfaatdor vazirlik, idora va tashkilotlar buyurtmasiga asosan
2-bosqich
Diplomatik akademiya
Oʻquv kurslarining jami muddatini belgilash
Oʻquv kurslari boshlanishidan 1 oy oldin
3-bosqich
Diplomatik akademiya
Oʻquv kurslari dasturlarini ishlab chiqish va tasdiqlash
Oʻquv kurslari boshlanishidan 1 oy oldin
4-bosqich
Diplomatik akademiya
Oʻquv kurslari shakllarini aniqlash
Oʻquv kurslari boshlanishidan 1 oy oldin
5-bosqich
Diplomatik akademiya
Oʻquv kurslariga yuborilgan tinglovchilar ustidan umumiy tashkiliy-boshqaruv
Doimiy ravishda
Oʻquv-metodik taʼminotni muvofiqlashtirish
6-bosqich
Diplomatik akademiya
Oʻquv kurslari tinglovchilaridan oʻqishni tugatgandan soʻng yakuniy imtihon olish
Oʻquv kurslari yakuni boʻyicha
7-bosqich
Diplomatik akademiya
Yakuniy imtihondan muvaffaqiyatli oʻtgan tinglovchilarga oʻquv kurslarini tugatganlik toʻgʻrisida davlat namunasidagi sertifikat berish
Yakuniy imtihon natijalari boʻyicha
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 10-yanvardagi 8-son qaroriga 3-ILOVA
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti huzuridagi Diplomatik akademiya oʻquv kurslarini tugatganlik haqidagi sertifikat namunasi
(Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri)
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI TASHQI ISHLAR VAZIRLIGI
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti huzuridagi Diplomatik akademiya oʻquv kurslarini tugatganlik haqida
Date _______________ Registration number _________
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti huzuridagi Diplomatik akademiya oʻquv kurslarini tugatganlik haqidagi sertifikat tavsifi
Oʻquv kurslarini tugatganlik haqidagi sertifikat ofset usulida A4 formatdagi oq qogʻozda beshta boʻyoqdan: qora rang — matn uchun, yashil, koʻk, qizil rang — rasmlar tasviri uchun, och kul rang — fon uchun foydalanib bosiladi.
Varaqning chap tomoni chetidan 10 mm qoldirilib, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat Gerbi tasviri bilan 32 mm kenglikdagi hoshiya joylashtiriladi. Hoshiyaning yuqori qismida 30 mm diametrli Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri, pastki qismida — 35 mm hajmdagi ikkita tutash toʻrtburchakdan tashkil topgan sakkizburchakli yulduz joylashadi, yulduz markazida muhr uchun diametri 25 mm boʻlgan oq doira bor.
Varaqning qolgan qismining yuqorisida davlat tilida lotin grafikasida quyidagi soʻzlar bosiladi:
(“Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti huzuridagi Diplomatik akademiya oʻquv kurslarini tugatganlik haqida Sertiflkat”)
The Ministry of foreign affairs of the Republic of Uzbekistan Certificate of completion of the courses of Diplomatic Academy under the University of World economy and diplomacy
Sertifikat ikki lotin harfi “DA” va olti sondan iborat tartib raqamiga ega. Matn och kul rang fonda guldor naqsh bilan bosiladi.
Sertifikat olti karra himoyalangan boʻlib, quyidagilardan foydalanilgan:
bosishning ikki — ofset va yuqori usuli;
nur orqali nusxa koʻchirishni murakkablashtirish uchun yorqin ranglar;
guldor naqsh;
turli rangli naqshlar toʻrlaridan foydalanish yoʻli bilan har xil ranglar hosil qilish;
maxsus qogʻoz:
almashib turadigan sonlardan tartib raqami.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.01.2023-y., 09/23/8/0012-son; 19.04.2024-y., 09/24/217/0287-son)