toggle_night_mode
Hujjat 26.10.2022 sanasi holatiga
Amaldagi versiyaga o‘tish
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Yoshlarning zamonaviy bilim va kasb-hunar egallash imkoniyatlari kengaytirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida
“Bir million dasturchi” loyihasi doirasidagi oʻquv kurslarini muvaffaqiyatli tugatgan va sertifikat olgan yoshlarga kompyuter xaridlari uchun isteʼmol kreditlari ajratish hamda mazkur kreditlarning foiz toʻlovlarini Yoshlar ishlari agentligi tomonidan kompensatsiya qilish tartibining joriy etilganligi yoshlar oʻrtasida axborot texnologiyalari sohasiga boʻlgan qiziqishning yanada oshishiga olib keldi.
Shu bilan birga, “Bir million dasturchi” loyihasi doirasidagi oʻquv kurslarini muvaffaqiyatli tugatib, kompyuter xaridi uchun isteʼmol krediti olish istagidagi ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarning aksariyati kafillik taqdim eta olmayotganligi, bu imkoniyatdan foydalanishda dolzarb muammo boʻlib qolmoqda.
Axborot texnologiyalari sohasida zamonaviy bilim va kasb-hunar egallayotgan yoshlarga zarur sharoitlar yaratish, ularning oʻz kompyuteriga ega boʻlish imkoniyatini kengaytirish, bu borada ijtimoiy himoyaga muhtoj boʻlgan yoshlarni yanada qoʻllab-quvvatlash maqsadida, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Zamonaviy bilim va kasb-hunar egallash imkoniyatlarini kengaytirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2022-yil 12-avgustdagi PQ-350-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga quyidagilarni nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin:
2022-yil 1-noyabrdan boshlab IT-park rezidenti boʻlgan tashkilotlarning axborot texnologiyalari sohasidagi oʻquv kurslarida tahsil olayotgan ishtirokchi sertifikatini olgan yoki ushbu oʻquv kurslarini soʻnggi 6 oyda muvaffaqiyatli tamomlagan yoshlarga kompyuter xarid qilish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravaridan koʻp boʻlmagan miqdorda isteʼmol kreditlari ajratish;
ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarga kompyuter xaridi uchun ajratiladigan isteʼmol krediti boʻyicha Yoshlar ishlari agentligining Yoshlarga oid davlat siyosatini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi kafilligini berish tizimini joriy etish;
kompyuter xaridi uchun ajratiladigan isteʼmol krediti boʻyicha kreditning muddati oʻtmagan asosiy qarzi uchun hisoblangan foiz toʻlovlarining Markaziy bank asosiy stavkasining 1,5 baravarigacha qismini Yoshlar ishlari agentligining Yoshlarga oid davlat siyosatini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi hisobidan kompensatsiya qilish;
Yoshlar ishlari agentligi tomonidan koʻrsatiladigan davlat xizmatlari tijorat banklarining mobil ilovalari orqali bosqichma-bosqich koʻrsatilishini yoʻlga qoʻyish.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi direktori A.Z. Saʼdullayev zimmasiga hamda Vazirlar Mahkamasining Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va jamoat tashkilotlari masalalari kotibiyatiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 26-oktabr,
617-son
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 26-oktabrdagi 617-son qaroriga
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining “Xalqaro imtihon tizimlari boʻyicha yuqori ball (daraja) toʻplagan yoshlarga imtihon topshirish xarajatlarini toʻliq qoplab berish tartibini joriy etish toʻgʻrisida” 2021-yil 13-apreldagi 209-son qarori quyidagi mazmundagi 41-band bilan toʻldirilsin:
“41. Yoshlar ishlari agentligi va AT “Xalq banki”ning 2023-yil 1-fevralga qadar ushbu qarorda nazarda tutilgan davlat xizmatini AT “Xalq banki”ning mobil ilovasi orqali qoʻshimcha ravishda koʻrsatilishini yoʻlga qoʻyish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin”.
2. Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 29-iyundagi 400-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligining Yoshlarga oid davlat siyosatini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 6-bandida:
yettinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“AT “Xalq banki”, AT “Aloqa bank” va “Mikrokreditbank” ATB tomonidan “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida oʻquv kurslarini muvaffaqiyatli tugatgan va sertifikat olgan yoki IT-park rezidenti boʻlgan tashkilotlarning axborot texnologiyalari sohasidagi oʻquv kurslarida tahsil olayotganligi haqida ishtirokchi sertifikatini olgan yoki soʻnggi 6 oyda ushbu oʻquv kurslarini muvaffaqiyatli tamomlagan yoshlarga kompyuter (shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmagan) xaridlari uchun bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravaridan koʻp boʻlmagan miqdorda ajratilgan isteʼmol kreditlari boʻyicha foiz toʻlovlarini kompensatsiya qilish”;
quyidagi mazmundagi sakkizinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kirgan oilaning farzandi yoki “Yoshlar daftari”ga kirgan “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida oʻquv kurslarini muvaffaqiyatli tamomlab, sertifikat olgan yoki IT-park rezidenti boʻlgan tashkilotlarning axborot texnologiyalari sohasidagi oʻquv kurslarida tahsil olayotganligi haqida ishtirokchi sertifikatini olgan yoki ushbu oʻquv kurslarini soʻnggi 6 oyda muvaffaqiyatli tamomlagan yoshlarga 2023-yil 1-avgustga qadar kompyuterni (shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmagan) isteʼmol krediti asosida xarid qilish uchun kafillik berish”;
sakkizinchi — yigirma toʻqqizinchi xatboshilar tegishlicha toʻqqizinchi — oʻttizinchi xatboshilar deb hisoblansin.
3. Vazirlar Mahkamasining “Ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarni qoʻllab-quvvatlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 4-oktabrdagi 617-son qarorida:
a) 1-bandning yettinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Bir million dasturchi” loyihasi doirasida oʻquv kurslarini muvaffaqiyatli tugatgan yoshlarga, shuningdek, IT-park rezidentining oʻquvchisi yoki bitiruvchisi boʻlgan yoshlarga isteʼmol krediti orqali kompyuter xarid qilish uchun kafillik berish hamda mazkur kreditlarning foiz toʻlovlarini kompensatsiya qilishning maʼmuriy reglamenti 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin”;
b) 2-bandning “b” kichik bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“b) Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Adliya vazirligi bilan birgalikda tasdiqlangan texnik hujjatlarga muvofiq quyidagi:
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazining milliy sertifikatlar boʻyicha elektron bazasi;
IT Parkning “Sertifikatlar reyestri”;
banklarning tegishli axborot tizimlari;
Moliya vazirligining “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi;
Yoshlar ishlari agentligining “Yoshlar daftari” axborot tizimini “Elektron hukumat” tizimining idoralararo integratsiya platformasi orqali oʻzaro hamda “Yoshlar xizmatlari reyestri” axborot tizimiga integratsiya qilinishini taʼminlasin.
YIDXPdagi “Isteʼmol krediti orqali kompyuter xarid qilish uchun yoshlarga kreditlarning foiz toʻlovlarini kompensatsiya qilish va kafillik berish” davlat xizmatini ushbu qarorga 6-ilovada keltirilgan maʼmuriy reglament talablariga muvofiqlashtirsin”;
v) 7-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“7. AT “Xalq banki”, AT “Aloqa bank” va “Mikrokreditbank” ATBga “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida oʻquv kurslarini muvaffaqiyatli tugatgan va sertifikat olgan yoki IT-park rezidenti boʻlgan tashkilotlarning axborot texnologiyalari sohasidagi oʻquv kurslarida tahsil olayotgan ishtirokchi sertifikatini olgan yoki ushbu oʻquv kurslarini soʻnggi 6 oyda muvaffaqiyatli tamomlagan yoshlarga kompyuter xaridlari uchun bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravaridan koʻp boʻlmagan miqdorda Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki asosiy stavkasining 1,5 baravaridan oshmaydigan foizli stavka bilan isteʼmol kreditlari ajratish tavsiya etilsin”;
g) quyidagi mazmundagi 71-band bilan toʻldirilsin:
“71. Yoshlar ishlari agentligi va AT “Xalq banki”, AT “Aloqa bank” va “Mikrokreditbank” ATBning 2023-yil 1-fevralga qadar ushbu qarorga 6-ilovada nazarda tutilgan davlat xizmatlari AT “Xalq banki”ning mobil ilovasi orqali qoʻshimcha ravishda koʻrsatilishini yoʻlga qoʻyish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin”;
d) 6-ilovaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Bir million dasturchi” loyihasi doirasida oʻquv kurslarini muvaffaqiyatli tamomlagan yoshlarga, shuningdek, IT-park rezidentining oʻquvchisi yoki bitiruvchisi boʻlgan yoshlarga isteʼmol krediti orqali kompyuter xarid qilish uchun kafillik berish hamda mazkur kreditlarning foiz toʻlovlarini kompensatsiya qilishning
MAʼMURIY REGLAMENTI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Maʼmuriy Reglament (keyingi oʻrinlarda — Reglament) “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida oʻquv kurslarini muvaffaqiyatli tamomlagan yoshlarga, shuningdek, IT-park rezidentining oʻquvchisi yoki bitiruvchisi boʻlgan yoshlarga isteʼmol krediti orqali kompyuter xarid qilish uchun kafillik berish hamda mazkur kreditlarning foiz toʻlovlarini kompensatsiya qilish boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Reglamentda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
ariza beruvchi — “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida oʻquv kurslarini muvaffaqiyatli tamomlagan, shuningdek, IT-park rezidentining oʻquvchisi yoki bitiruvchisi boʻlgan hamda kompyuter xaridi uchun isteʼmol krediti boʻyicha Yoshlar ishlari agentligining Yoshlarga oid davlat siyosatini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — jamgʻarma) hisobidan jamgʻarma kafilligini berishni va/yoki ushbu kreditning foiz toʻlovlarini kompensatsiya qilishni soʻrab mazkur Reglamentga muvofiq murojaat qilgan oʻttiz bir yoshga toʻlmagan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxs (oʻn toʻrt yoshdan oʻn olti yoshgacha boʻlgan shaxs nomidan murojaat qilgan uning qonuniy vakili);
bank — sertifikat va maʼlumotnoma olgan yoshlarga kompyuter xaridlari uchun isteʼmol kreditlari ajratadigan AT “Xalq banki”, AT “Aloqabank” va “Mikrokreditbank” ATB;
vakolatli organ — Oʻzbekiston Respublikasi Yeshlar ishlari agentligi;
verifikatsiya — ariza beruvchining “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kirgan oila farzandi ekanligini yoki “Yoshlar daftari”ga kirganligini, shuningdek, u tomonidan taqdim etilgan sertifikatni haqiqiyligini tegishli elektron tizimlar orqali tekshirish;
isteʼmol krediti — ariza beruvchiga kompyuter (shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmagan) xaridlari uchun bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravaridan koʻp boʻlmagan miqdorda bank tomonidan beriladigan krediti;
kafillik — isteʼmol krediti boʻyicha kelgusida yuzaga keladigan majburiyatni taʼminlash boʻyicha jamgʻarma tomonidan beriladigan kafolat;
kompensatsiya — isteʼmol kreditining muddati oʻtmagan asosiy qarzi uchun hisoblanadigan foizlarning Markaziy bank asosiy stavkasining 1,5 baravarigacha qismini jamgʻarma hisobidan qoplash uchun vakolatli organ yoki uning hududiy boʻlinmalari tomonidan har oyda bankka oʻtkaziladigan, bank tomonidan esa ariza beruvchining nomiga ochilgan tegishli bank hisobvaragʻiga oʻtkaziladigan mablagʻ;
maʼlumotnoma — vakolatli organ tomonidan ariza beruvchiga kompyuter xarid qilish uchun ajratiladigan isteʼmol krediti boʻyicha jamgʻarma kafilligi berilishi va/yoki mazkur kreditning foiz toʻlovlari kompensatsiya qilinishi toʻgʻrisida taqdim etiladigan hamda 90 kalendar kun mobaynida amal qiladigan elektron hujjat;
sertifikat — “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida oʻquv kurslarini muvaffaqiyatli tamomlagan yoshlar, shuningdek, IT-park rezidenti boʻlgan tashkilotlarning axborot texnologiyalari sohasidagi oʻquv kurslarida tahsil olayotgan yoki ushbu oʻquv kurslarini soʻnggi 6 oyda tamomlagan yoshlar boʻyicha tegishli axborot tizimlari orqali beriladigan elektron hujjat;
sertifikatlar reyestri — IT-park tomonidan yuritiladigan, uning rezidenti boʻlgan tashkilotlarda axborot texnologiyalari sohasidagi oʻquv kurslarida tahsil olayotgan ishtirokchilarga yoki ushbu oʻquv kurslarini muvaffaqiyatli tamomlagan yoshlarga beriladigan sertifikatlarning yagona elektron reyestri.
3. Kompyuter xarid qilish uchun banklar tomonidan bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravaridan oshmagan miqdorda isteʼmol krediti ajratiladi hamda kompyuterning qiymati ajratilgan kredit summasidan oshganda, ortiqcha qismi ariza beruvchi tomonidan toʻlanadi.
4. Ariza beruvchilarga isteʼmol kreditining muddati oʻtmagan asosiy qarzi uchun hisoblangan foiz toʻlovlari jamgʻarma hisobidan toʻlanadi, shuningdek, ushbu isteʼmol kreditini olishda ularning xohishiga koʻra jamgʻarma kafilligi beriladi. Bunda:
sertifikatga ega boʻlgan yoshlar tomonidan olingan isteʼmol kreditining foiz toʻlovlari ushbu kreditning muddati oʻtmagan asosiy qarzi uchun hisoblangan foiz toʻlovlari boʻyicha kompensatsiya jamgʻarma tomonidan toʻlab beriladi;
kafillik sertifikat olgan va “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kirgan oila farzandi boʻlgan yoki “Yoshlar daftari”ga kirgan shaxslarning xohishiga koʻra 2023-yil 1-avgustga qadar jamgʻarma tomonidan beriladi;
isteʼmol krediti boʻyicha foiz toʻlovlari kompensatsiya qilinadigan shaxslarga isteʼmol krediti boʻyicha kafillik ham berilishi mumkin;
ariza beruvchining faqat bitta isteʼmol krediti boʻyicha kompensatsiya va/yoki kafillik beriladi;
oʻn toʻrt yoshdan oʻn olti yoshgacha boʻlgan shaxslarning qonuniy vakillariga isteʼmol kreditining foiz toʻlovlari kompensatsiya qilinadi, murojaatga koʻra ushbu kredit boʻyicha jamgʻarma kafilligi ham beriladi.
5. Davlat xizmatlari markazlari, vakolatli organ va banklar oʻrtasidagi elektron davlat xizmatlarini koʻrsatish doirasida axborot almashinuvi Elektron hukumatning idoralararo maʼlumotlar uzatish tarmogʻi orqali amalga oshiriladi.
2-bob. “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida oʻquv kurslarini muvaffaqiyatli tamomlagan, shuningdek, IT-park rezidentining oʻquvchisi yoki bitiruvchisi boʻlgan yoshlarga isteʼmol krediti boʻyicha foiz toʻlovlarini kompensatsiya qilish va jamgʻarma kafilligini berish tartibi
6. Isteʼmol krediti orqali kompyuter xarid qilish uchun yoshlarga kafillik berish hamda mazkur kreditlarning foiz toʻlovlarini kompensatsiya qilish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatish ushbu Reglamentga 1-ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
7. Ariza beruvchi isteʼmol krediti boʻyicha kompensatsiya toʻlashni va/yoki kafillik berishni soʻrab istalgan tuman (shahar) davlat xizmatlari markazlariga murojaat qiladi yoki YIDXP orqali davlat xizmatidan elektron tarzda foydalanish uchun roʻyxatdan oʻtadi.
8. Ariza beruvchining murojaatiga asosan uning nomidan davlat xizmatlari markazi xodimi, YIDXP orqali murojaat qilinganda esa — ariza beruvchi mustaqil ravishda ushbu Reglamentga 2-ilovaga muvofiq davlat xizmatlaridan foydalanish uchun soʻrovnomani (keyingi oʻrinlarda — soʻrovnoma) elektron tarzda toʻldiradi.
Ariza beruvchidan soʻrovnomada koʻrsatilmagan maʼlumotlarni, shuningdek, boshqa hujjatlarni taqdim etishni talab qilish taqiqlanadi.
Taqdim etilgan hujjatlardagi maʼlumotlarning haqqoniyligiga ariza beruvchi masʼul hisoblanadi.
9. Ariza beruvchi oʻzi kelib murojaat etganda, davlat xizmatlari markazlari xodimi tomonidan soʻrovnoma toʻldirilgandan soʻng ariza beruvchi maʼlumotlarning toʻgʻriligini tekshirib, soʻrovnomani oʻzining elektron raqamli imzosi (keyingi oʻrinlarda — ERI) bilan tasdiqlaydi.
10. Soʻrovnomani ERI bilan tasdiqlash imkoniyati boʻlmagan hollarda tegishli imzolar identifikatsiya qilishning boshqa vositalari (daktiloskopiya, elektron imzo, Mobil-ID tizimi va boshqalar) bilan ham tasdiqlanishi mumkin.
Ariza beruvchi YIDXP orqali murojaat etganda, soʻrovnomani ERI bilan tasdiqlash talab etilmaydi.
11. Davlat xizmatini koʻrsatish bepul amalga oshiriladi.
12. Ariza beruvchi davlat xizmatidan foydalanishdan uni koʻrsatishning har qanday bosqichida bosh tortish huquqiga ega. Ariza beruvchi davlat xizmatidan foydalanishdan bosh tortganda, uning soʻrovnomasi koʻrilmasdan qoldiriladi.
13. Ariza beruvchi davlat xizmatlari markaziga kelib murojaat etganda, uning soʻrovnomasi davlat xizmatlari markazi xodimi tomonidan toʻldirilib, ariza beruvchi tomonidan tasdiqlangandan soʻng 10 daqiqa mobaynida, YIDXP orqali murojaat etganda, avtomatik tarzda vakolatli organga elektron shaklda yuboriladi.
14. Sertifikat olgan yoshlarga isteʼmol krediti boʻyicha kompensatsiya toʻlash va/yoki kafillik berish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishda quyidagilar ishtirok etadi:
a) davlat xizmatlari markazlari ariza beruvchi kelib murojaat etganda uning nomidan soʻrovnomani toʻldirib vakolatli organga yuboradi;
b) vakolatli organ:
tushgan murojaatlarni 5 ish kuni mobaynida koʻrib chiqadi;
kompensatsiya toʻlash boʻyicha ariza beruvchi tomonidan taqdim etilgan sertifikatni, jamgʻarma kafilligini berishda esa qoʻshimcha ravishda ariza beruvchining “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kirgan oila farzandi ekanligini yoki “Yoshlar daftari”ga kirganligini verifikatsiyadan oʻtkazadi;
ariza beruvchining maʼlumotlari toʻgʻri deb topilganda ariza beruvchiga isteʼmol krediti boʻyicha jamgʻarma kafilligi berilishi va/yoki kompensatsiya toʻlanishi toʻgʻrisida maʼlumotnoma beradi;
verifikatsiyadan oʻtgan ariza beruvchilarning elektron reyestrini shakllantiradi, ushbu elektron reyestrni bankka avtomatik ravishda taqdim etib boradi,
jamgʻarma kafilligini berish yuzasidan tegishli bank bilan bitim tuzadi;
isteʼmol krediti foiz toʻlovlarining kompensatsiya mablagʻlarini tegishli banklar hisobvaragʻiga oʻtkazib boradi;
v) bank:
ariza beruvchiga isteʼmol krediti ajratish masalasini koʻrib chiqadi;
ariza beruvchiga berilgan maʼlumotnoma asosida vakolatli organ yoki uning tegishli hududiy boʻlinmasi bilan kafillik boʻyicha uch tomonlama bitim imzolaydi;
isteʼmol krediti ajratish boʻyicha hujjatlarni rasmiylashtiradi, uning summasini kompyuter yetkazib beruvchi tashkilotlarning bankdagi hisobvaragʻiga oʻtkazib beradi hamda vakolatli organni xabardor qiladi;
vakolatli organ tomonidan oʻtkazilgan kompensatsiya mablagʻlarini isteʼmol krediti foizlarini qoplash uchun ariza beruvchilarning bankdagi hisobvaragʻiga oʻtkazib boradi.
15. Quyidagilar davlat xizmatini koʻrsatishni rad etish uchun asos hisoblanadi:
ariza beruvchi tomonidan soʻrovnomada notoʻgʻri maʼlumotlarning koʻrsatilishi;
sertifikatdagi maʼlumotlar ariza beruvchining shaxsini tasdiqlovchi hujjatdagi maʼlumotlarga mos kelmasligi;
murojaat qilingan sanada sertifikat berilganiga 6 oy oʻtganligi;
ariza beruvchiga isteʼmol krediti boʻyicha foiz toʻlovlari kompensatsiya qilinayotganligi (qilinganligi) yoki ilgari kafillik berilganligi;
ariza beruvchi tomonidan isteʼmol krediti boʻyicha kafillik berilishini ham soʻrab murojaat qilganda uning “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kirgan oila farzandi ekanligi yoki “Yoshlar daftari”ga kirganligining tasdiqlanmaganligi;
kafillik berishni soʻrab 2023-yil 1-avgustdan soʻng murojaat qilinganligi;
ariza beruvchining avvalgi murojaati asosida vakolatli organ tomonidan berilgan maʼlumotnomaning amal qilish muddati tugamaganligi;
murojaat qonuniy vakil tomonidan berilganda uning qonuniy vakil ekanligini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilmaganligi.
Davlat xizmatini boshqa asoslar boʻyicha rad etish taqiqlanadi.
Davlat xizmatini koʻrsatish rad etilganda bu haqida ariza beruvchiga avtomatik ravishda SMS xabar yuboriladi.
16. Vakolatli organning isteʼmol krediti boʻyicha jamgʻarma kafilligini berish va/yoki foiz toʻlovlarini kompensatsiya qilish toʻgʻrisidagi maʼlumotnomasi olingandan soʻng banklarning tegishli filiallari oʻzlarining ichki tartib qoidalarida belgilangan tartibda isteʼmol krediti ajratish masalasini koʻrib chiqadi.
Isteʼmol krediti ajratish toʻgʻrisida tegishli hujjat qabul qilingan va kompyuter yetkazib beruvchi tashkilotlarning bankdagi hisobvaragʻiga pul mablagʻlari oʻtkazib berilgandan soʻng bank har oyning 15-kuniga qadar bu haqda ushbu Reglamentga 3-ilovaga muvofiq maʼlumotlarni vakolatli organga taqdim etadi.
17. Isteʼmol krediti boʻyicha foiz toʻlovlari har oyning 25-kuniga qadar vakolatli organ va/yoki uning hududiy boʻlinmalari tomonidan banklarning tegishli hisobvaragʻiga ariza beruvchilarning reyestrini ilova qilgan holda oʻtkazib boriladi.
Taqdim etilgan reyestrga muvofiq banklar ushbu mablagʻlarni isteʼmol krediti foizlarini qoplash uchun ariza beruvchilarning bankdagi hisobvaragʻiga ikki ish kuni ichida oʻtkazib boradi.
18. Vakolatli organning isteʼmol krediti boʻyicha kafillik berish toʻgʻrisidagi maʼlumotnomasi asosida vakolatli organning hududiy boʻlinmasi tegishli bank filiallari bilan belgilangan tartibda kredit boʻyicha kafillik bitimini imzolaydi.
Bunda kredit boʻyicha asosiy qarz ariza beruvchi tomonidan toʻlanmaganda bank asosiy qarzni undirishga qaratilgan barcha zarur choralarni koʻradi (shu jumladan, undiruvni ariza beruvchining ish haqi va boshqa daromadlariga qaratadi).
Koʻrilgan choralarga qaramasdan ariza beruvchidan kamida uch oylik asosiy qarzni va/yoki foiz toʻlovini undirish imkoni boʻlmaganda bank asosiy qarzni undirish uchun koʻrilgan choralar, qarzdorlik summasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni ilova qilgan holda vakolatli organning bitimni imzolagan hududiy boʻlinmasiga talabnoma yuboradi.
Vakolatli organning hududiy boʻlinmasi talabnoma tushganidan soʻng 5 ish kunida jamgʻarma kafilligi berilgan isteʼmol krediti boʻyicha asosiy qarzni va/yoki foiz (shu jumladan, kreditning muddati oʻtgan asosiy qarzi uchun hisoblangan) toʻlovini bankka toʻlash choralarini koʻradi.
Bank ushbu mablagʻlarni kredit boʻyicha asosiy qarzni qoplash uchun ariza beruvchilarning bankdagi hisobvaragʻiga oʻtkazib boradi.
19. Isteʼmol krediti boʻyicha shartnoma shartlarida belgilangan asosiy qarz oʻz muddatida va/yoki foiz toʻlovi ariza beruvchi tomonidan toʻlanmaganligi natijasida yuzaga kelgan penya va boshqa turdagi zarar bank tomonidan umumiy belgilangan tartibda ariza beruvchidan undiriladi.
20. Ariza beruvchiga ajratilgan isteʼmol krediti boʻyicha ariza beruvchi tomonidan haqiqatda kompyuter xarid qilinganligi banklar tomonidan monitoring qilinadi.
Agar ajratilgan isteʼmol krediti mablagʻlari boshqa maqsadlarga sarflangan boʻlsa, banklar tomonidan belgilangan tartibda isteʼmol kreditini va foizlarni ariza beruvchidan undirish choralari koʻriladi.
Bunday holat toʻgʻrisida vakolatli organ va uning tegishli hududiy boʻlinmasi banklar tomonidan 3 ish kunida xabardor qilinadi hamda isteʼmol krediti boʻyicha vakolatli organ tomonidan foiz toʻlovlarini kompensatsiya qilish toʻxtatiladi.
21. Ariza beruvchi tomonidan isteʼmol krediti asosida xarid qilingan kompyuterdan maqsadli foydalanilishi u yashab turgan mahalladagi yoshlar yetakchisi tomonidan har chorakda kamida bir marta monitoring qilinadi.
Ushbu monitoring jarayonida isteʼmol krediti ajratilgan sanadan boshlab ikki yil ichida ariza beruvchi kompyuterdan maqsadli foydalanmayotganligi (shu jumladan, sotganligi yoki uchinchi shaxslarga berganligi) aniqlanganda mahalladagi yoshlar yetakchisi bu haqda dalolatnoma tuzib, uch kun muddatda vakolatli organning tegishli hududiy boʻlinmasini xabardor qiladi.
Bunday xabarnomani olgan vakolatli organning hududiy boʻlinmasi uch kun muddatda bu haqda tegishli bankni xabardor qiladi va ariza beruvchiga ajratilgan isteʼmol krediti boʻyicha foiz toʻlovlarini kompensatsiya qilishni toʻxtatadi.
3-bob. Yakunlovchi qoidalar
22. Vakolatli organ oʻz faoliyatini amalga oshirishi natijasida olingan ariza beruvchilar haqidagi maʼlumotlarning sir saqlanishini taʼminlashi lozim.
23. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, tuman (shahar) davlat xizmatlari markazlari ushbu Reglament talablari ijrosiga masʼul davlat organlari va boshqa tashkilotlarning faoliyati ustidan doimiy monitoringni amalga oshiradi.
24. Ariza beruvchi ushbu Reglament talablari ijrosiga masʼul davlat organlari va boshqa tashkilotlar xodimlarining xatti-harakatlari yuzasidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilishi mumkin.
25. Ushbu Reglament talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
“Bir million dasturchi” loyihasi doirasida oʻquv kurslarini muvaffaqiyatli tamomlagan yoshlarga, shuningdek, IT-park rezidentining oʻquvchisi yoki bitiruvchisi boʻlgan yoshlarga isteʼmol krediti orqali kompyuter xarid qilish uchun kafillik berish hamda mazkur kreditlarning foiz toʻlovlarini kompensatsiya qilishning maʼmuriy reglamentiga
1-ILOVA
Isteʼmol krediti orqali kompyuter xarid qilish uchun yoshlarga kafillik berish hamda mazkur kreditlarning foiz toʻlovlarini kompensatsiya qilish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatish
SXEMASI

Bosqichlar

Subyektlar

Tadbirlar

Bajarish muddatlari

1-bosqich

Ariza beruvchi

“Bir million dasturchi” loyihasi doirasida oʻquv kurslarini muvaffaqiyatli tamomlagan, shuningdek, IT-park rezidentining oʻquvchisi yoki bitiruvchisi boʻlgan oʻttiz bir yoshga toʻlmagan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxs (14 yoshdan 16 yoshgacha boʻlgan shaxs nomidan uning vakili) istalgan tuman (shahar) davlat xizmatlari markazlariga yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali sertifikatni ilova qilgan xolda murojaat qiladi.

Sertifikat berilgan sanadan boshlab 6 oy mobaynida

2-bosqich

Davlat xizmatlari markazlari

Ariza beruvchi tomonidan taqdim etilgan hujjatlar YIDXP orqali avtomatik tarzda vakolatli organga elektron shaklda yuboriladi.

10 daqiqa mobaynida

3-bosqich

Yoshlar ishlari agentligi

Ariza beruvchining murojaati YIDXP orqali tushgan paytdan boshlab taqdim etilgan sertifikatni, jamgʻarma kafilligini berishda esa ariza beruvchining “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kirgan oila farzandi ekanligini yoki “Yoshlar daftari”ga kirganligini verifikatsiyadan oʻtkazadi.

Ariza beruvchining maʼlumotlari toʻgʻri deb topilganda ariza beruvchiga isteʼmol krediti boʻyicha kompensatsiya toʻlanishi (jamgʻarma kafilligi berilishi) toʻgʻrisida maʼlumotnoma beradi, aks holda ariza beruvchiga rad javobini beradi.

Verifikatsiyadan oʻtgan ariza beruvchilarning elektron reyestrini shakllantiradi, ushbu elektron reyestrni bankka avtomatik ravishda taqdim etadi.

5 ish kuni mobaynida

4-bosqich

AT “Xalq banki”,

AT “Aloqa bank” va

“Mikrokredit-bank” ATB

Ariza beruvchiga isteʼmol krediti ajratish masalasini koʻrib chiqadi;

Jamgʻarma kafilligini berish boʻyicha berilgan maʼlumotnoma asosida vakolatli organ yoki uning tegishli hududiy boʻlinmasi bilan kafillik boʻyicha uch tomonlama bitim imzolaydi;

Isteʼmol krediti ajratish boʻyicha hujjatlarni rasmiylashtiradi, uning summasini kompyuter yetkazib beruvchi tashkilotlarning tegishli banklardagi hisobvaragʻiga oʻtkazib beradi.

Bankning ichki hujjatlarida belgilangan muddatlarda

Bu haqida ushbu Reglamentga 3-ilovaga muvofiq maʼlumotlarni vakolatli organga taqdim etadi.

Har oyning 15-kuniga qadar

5-bosqich

Yoshlar ishlari agentligi va uning hududiy boʻlinmalari

Maʼlumotnomada belgilangan hollarda jamgʻarma kafilligini berish yuzasidan tegishli bank bilan bitim tuzadi.

Isteʼmol krediti boʻyicha foiz toʻlovlarini banklarning tegishli hisobvaragʻiga ariza beruvchilarning reyestrini ilova qilgan holda oʻtkazadi.

Banklar bilan kelishilgan muddatlarda Har oyning 25-kuniga qadar

6-bosqich

AT “Xalq banki”,

AT “Aloqa bank” va

“Mikrokredit-bank” ATB

Taqdim etilgan reyestrga muvofiq mablagʻlarni isteʼmol krediti foizlarini qoplash uchun ariza beruvchilarning bankdagi hisobvaragʻiga oʻtkazadi.

2 ish kunida

Isteʼmol krediti boʻyicha asosiy qarz ariza beruvchi tomonidan toʻlanmaganda bank asosiy qarzni undirishga qaratilgan barcha zarur choralarni koʻradi (shu jumladan, undiruvni ariza beruvchining ish haqi va boshqa daromadlariga qaratadi).

Zaruratga koʻra

Ariza beruvchidan kamida uch oylik asosiy qarzni va/yoki foiz toʻlovini undirish imkoni boʻlmaganda bank asosiy qarzni undirish uchun koʻrilgan choralar, qarzdorlik summasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni ilova qilgan holda vakolatli organning bitimni imzolagan hududiy boʻlinmasiga talabnoma yuboradi.

Har oyning 10-kuniga qadar

7-bosqich

Yoshlar ishlari agentligi va uning hududiy boʻlinmalari

Jamgʻarma kafilligi berilgan isteʼmol krediti boʻyicha asosiy qarzni va/yoki foiz (shu jumladan, kreditning muddati oʻtgan asosiy qarzi uchun hisoblangan) toʻlovini bankka toʻlash choralarini koʻradi.

5 ish kuni mobaynida

“Bir million dasturchi” loyihasi doirasida oʻquv kurslarini muvaffaqiyatli tamomlagan yoshlarga, shuningdek, IT-park rezidentining oʻquvchisi yoki bitiruvchisi boʻlgan yoshlarga isteʼmol krediti orqali kompyuter xarid qilish uchun kafillik berish hamda mazkur kreditlarning foiz toʻlovlarini kompensatsiya qilishning maʼmuriy reglamentiga
2-ILOVA
Isteʼmol kreditining foiz toʻlovlari kompensatsiya qilinishi va/yoki ushbu kreditni olishda jamgʻarma kafilligini berish boʻyicha davlat xizmatlaridan foydalanish uchun
SOʻROVNOMA

T/r

Qabul qilish sanasi

Qabul qilgan shaxs

I. Ariza beruvchi (jismoniy shaxs) haqida maʼlumot:

1.1. F.I.O.:

-

1.2. Tugʻilgan sanasi:

kun/oy/yil

1.3. Jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (JSHSHIR):

-

1.4. Telefon raqami:

-

1.5. Yashash joyi:

Mahalla, tuman (shahar), viloyat, respublika

1.6. “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida oʻquv kurslarini muvaffaqiyatli tamomlaganligi toʻgʻrisidagi yoki IT-park rezidenti boʻlgan tashkilotlarning axborot texnologiyalari sohasidagi oʻquv kurslarida tahsil olayotgan ishtirokchi sertifikatining yoki ushbu oʻquv kurslarini soʻnggi 6 oyda tamomlaganligi toʻgʻrisidagi sertifikatning (nusxasi ilova qilinadi) havolasi:

-

II. Sertifikat olgan oʻn toʻrt yoshdan oʻn olti yoshgacha boʻlgan shaxs va uning qonuniy vakili haqidagi maʼlumot:

2.1.1. Oʻn toʻrt yoshdan oʻn olti yoshgacha boʻlgan shaxsning F.I.O.:

-

2.2. Tugʻilgan sanasi:

kun/oy/yil

2.3. Tugʻilganlik haqidagi guvohnoma raqami yoki shaxsiy identifikatsiya raqami (JSHSHIR):

-

2.4. Qonuniy vakil (tasdiqlovchi hujjat ilova qilinadi) F.I.O.:

-

2.5. Shaxsiy identifikatsiya raqami (JSHSHIR):

-

2.6. Qonuniy vakil ekanligini tasdiqlovchi hujjat:

2.7. Telefon raqami:

-

2.8. Yashash joyi:

Mahalla, tuman (shahar), viloyat, respublika

2.9. “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida oʻquv kurslarini muvaffaqiyatli tamomlaganligi toʻgʻrisidagi yoki IT-park rezidenti boʻlgan tashkilotlarning axborot texnologiyalari sohasidagi oʻquv kurslarida tahsil olayotgan ishtirokchi sertifikatining yoki ushbu oʻquv kurslarini tamomlaganligi toʻgʻrisidagi sertifikatning (nusxasi ilova qilinadi) havolasi:

-

2.10. “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan oila farzandining yoki “Yoshlar daftari”ga kirgan yoshlarning Yoshlarga oid davlat siyosatini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi kafilligini olishga boʻlgan xohishi:

bor/yoʻq

2.10.1. Yoshlarga oid davlat siyosatini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi kafilligini olish boʻyicha xohishi boʻlgan ariza beruvchi:

“Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kirgan oila farzandi / “Yoshlar daftari”ga kiritilgan shaxs

“Bir million dasturchi” loyihasi doirasida oʻquv kurslarini muvaffaqiyatli tamomlagan yoshlarga, shuningdek, IT-park rezidentining oʻquvchisi yoki bitiruvchisi boʻlgan yoshlarga isteʼmol krediti orqali kompyuter xarid qilish uchun kafillik berish hamda mazkur kreditlarning foiz toʻlovlarini kompensatsiya qilishning maʼmuriy reglamentiga
3-ILOVA
Isteʼmol kreditining foiz toʻlovlari kompensatsiya qilib borilayotgan ariza beruvchilarning roʻyxati (reyestr)

T/r

F.I.O.

Pasport maʼlumoti JSHSHIR

Maʼlumotnomadagi ariza raqami

Kredit miqdori

_____ oyi uchun toʻlanadigan kompensatsiya miqdori

Bank rekvizitlari

Bank boshqaruvchisi

(Imzo) F.I.O.

”.

(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.10.2022-y., 09/22/617/0960-son)