toggle_night_mode
Hujjat 31.08.2022 sanasi holatiga
Amaldagi versiyaga o‘tish
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi boʻylab amalga oshirilgan ichki sayohatlar xarajatlarining bir qismini qaytarib berish tizimini joriy etishga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ichki turizm xizmatlarini diversifikatsiya qilishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2022-yil 30-apreldagi PQ-232-son qarori ijrosini taʼminlash, shuningdek, fuqarolarning mamlakatimiz hududi boʻylab sayohat qilishlarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ichki turizm xizmatlarini diversifikatsiya qilishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2022-yil 30-apreldagi PQ-232-son qaroriga muvofiq:
2022-yil 1-sentabrdan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari uchun respublika hududlarida “Oʻzbekiston boʻylab sayohat qil!” dasturi doirasida ichki sayohatlarni amalga oshirish xarajatlarining bir qismini qaytarish (keyingi oʻrinlarda — sayohat xarajatlarini qaytarish) tartibining joriy etilishi belgilanganligi;
sayohat xarajatlarini qaytarishni moliyalashtirish uchun respublika budjetining qoʻshimcha mablagʻlari hisobidan 30 mlrd soʻm mablagʻ Turizm va madaniy meros vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Turizmni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasiga (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) ajratilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasi boʻylab amalga oshirilgan ichki sayohatlar xarajatlarining bir qismini qaytarish tartibi toʻgʻrisida nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
sayohatlar xarajatlarini qaytarishni, shuningdek, sayohat qiluvchilarga taqdim qilinadigan chegirmalar va tayyor turistik paketlarni mustaqil shakllantirishni nazarda tutuvchi elektron platformada (keyingi oʻrinlarda — Platforma) roʻyxatdan oʻtish hamda undan foydalanish tartibi;
sayohatlar xarajatlari qaytariladigan turizm xizmatlarining turlari;
sayohatlar xarajatlarini qaytarish miqdorlari, muddati va qaytarish tartibi;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi va Turizm va madaniy meros vazirligi tomonidan Platforma orqali sayohatlar xarajatlarini qaytarish talablari bajarilishining monitoring qilinishi.
3. Belgilansinki:
a) 2023-yildan boshlab har yili Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarida sayohat xarajatlarini qaytarishning navbatdagi bosqichlarini moliyalashtirish uchun Jamgʻarmaga mablagʻlar ajratilishi nazarda tutiladi;
Keyingi tahrirga qarang.
b) Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi va Turizm va madaniy meros vazirligi Platformani uzluksiz faoliyat olib borishini taʼminlash, sayohat xarajatlarini Platformaga kiritish shartlarini buzgan fuqarolarning Platformadan foydalanishini cheklash, shuningdek, ular toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni tahlil qilish choralarini koʻradi;
v) sayohat xarajatlarining bir qismi ular mazkur qarorda belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan oydan keyingi oyning yigirma beshinchi sanasiga qadar qaytariladi;
g) Platformaga xizmat koʻrsatish, uning faoliyatini takomillashtirib borish va doimiy ravishda texnik qoʻllab-quvvatlash Jamgʻarmaga sayohat xarajatlarini qaytarish uchun ajratilgan mablagʻlar hisobidan amalga oshiriladi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi Transport vazirligi hamda Turizm va madaniy meros vazirligi bilan birgalikda:
“Uztrans” yagona interaktiv axborot tizimi, boshqa yoʻlovchi tashish litsenziyasiga ega tashkilotlarning elektron chiptalarni xarid qilish portallari, shuningdek, joylashtirish vositalarida yashovchilarni elektron shaklda hisobga olishning avtomatlashtirilgan maxsus elektron dasturini Platforma bilan integratsiya qilish va doimiy ravishda uzluksiz faoliyat olib borishini taʼminlash choralarini koʻrsin;
xarid qilingan barcha avia, temiryoʻl va shaharlararo avtobus chiptalari hamda joylashtirish vositalariga kelgan fuqarolar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni onlayn rejimida olish imkoniyatini yaratsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi Davlat soliq qoʻmitasi bilan birga:
2023-yil 1-fevralga qadar sayohat qiluvchilarga xarajatlarining bir qismini qaytarish uchun ularning asosliligi hamda ajratilgan mablagʻlardan foydalanilishi yuzasidan 2022-yil yakuni boʻyicha hisobotni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasiga ushbu qarorning mazmun-mohiyatini ommaviy axborot vositalarida keng yoritish tavsiya etilsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — turizm va madaniy meros vaziri A.A. Abduxakimov va davlat soliq qoʻmitasi raisi Sh.D. Kudbiyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 31-avgust,
484-son
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 31-avgustdagi 484-son qaroriga
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi boʻylab amalga oshirilgan ichki sayohatlar xarajatlarining bir qismini qaytarish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari tomonidan (keyingi oʻrinlarda — turist) respublika hududlari boʻylab ichki sayohatlarni amalga oshirish xarajatlarining bir qismini qaytarish (keyingi oʻrinlarda — sayohat xarajatlarini qaytarish) tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi tushunchalar qoʻllaniladi:
joylashtirish vositalari — mehmonxonalar, turistik bazalar va majmualar, dam olish uylari va zonalari, pansionatlar, kempinglar, motellar, mehmon uylari, oʻtov va chodirli oromgohlar, sanatoriylar hamda mehmonxona xizmatlari (joylashtirish boʻyicha xizmatlar) koʻrsatiladigan boshqa obyektlar, shuningdek, joylashtirish vositasi sifatida tunab qolish uchun jihozlangan yer usti transporti;
madaniyat tashkilotlari — moddiy madaniy meros obyektlari, muzeylar, teatrlar, kinoteatrlar, badiiy galereyalar (koʻrgazmalar), koʻrgazma zallari va sirklar;
QR-kodli chek — sotilgan tovarlar (bajarilgan ishlar va koʻrsatilgan xizmatlar) uchun hisob-kitoblarni amalga oshirishdagi fiskal belgili chek;
Platforma — “Soliq” mobil ilovasidagi sayohat xarajatlarini qaytarish, shuningdek, “Oʻzbekiston boʻylab sayohat qil!” dasturi doirasida taqdim qilinadigan chegirmalar, tayyor turistik paketlarni mustaqil shakllantirishni nazarda tutuvchi elektron tizim.
3. Turistlarga sayohat xarajatlarini bir qismini qaytarishni moliyalashtirish uchun mablagʻlar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan Turizm va madaniy meros vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Turizmni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasiga ajratiladi.
Turizm va madaniy meros vazirligi sayohat xarajatlarini bir qismini qaytarish uchun ajratilgan mablagʻlarni Davlat soliq qoʻmitasining talabnomasiga asosan maxsus ochilgan hisob raqamiga oʻtkazib beradi.
4. Davlat soliq qoʻmitasi turistlarga sayohat xarajatlarini qaytarishni Platforma orqali ushbu Nizomning 5 va 6-bandlari talablari asosida amalga oshiradi.
2-bob. Sayohat xarajatlarini qaytarish shartlari va miqdorlari
5. Sayohat xarajatlarini qaytarish har bir turist tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi boʻylab ichki sayohatlarni amalga oshirish davomida bir vaqtning oʻzida quyidagi turizm xizmatlaridan foydalangan taqdirda amalga oshiriladi:
avia, temir yoʻl va (yoki) avtobus transportidan foydalanish;
joylashtirish vositalari xizmatlaridan foydalanish;
sayohat davomida kamida bir marta madaniyat tashkilotlariga tashrif buyurish.
6. Sayohat xarajatlarini qaytarish har bir turistga quyidagi miqdorlarda amalga oshiriladi:
aviaqatnov orqali borib-kelish chiptasi narxining 15 foizi, lekin 150 ming soʻmdan oshmagan miqdorda;
temiryoʻlda yoki avtobusda borib-kelish chiptasi narxining 15 foizi, lekin 80 ming soʻmdan oshmagan miqdorda;
joylashtirish vositasida tunab qolish xarajatining 15 foizi, lekin 80 ming soʻmdan oshmagan miqdorda;
madaniyat tashkilotlariga har bir tashrif chiptasi narxining 50 foizi, lekin 20 ming soʻmdan oshmagan miqdorda.
7. Sayohat xarajatlarini qaytarish mahsulotlarning (tovar va xizmatlarning) yagona elektron milliy katalogida mavjud hamda Oʻzbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi tomonidan tasdiqlangan roʻyxatdagi xizmatlar uchun amalga oshiriladi.
8. Sayohat xarajatlari turistlarga bir oy davomida bir marotaba amalga oshirilgan sayohatlar uchun qaytariladi.
9. Keyingi sayohatlarni roʻyxatga olish uchun oxirgi hisobga olingan chekdan bir oy oʻtgan boʻlishi kerak.
3-bob. Platformadan foydalanish va sayohat xarajatlarini qaytarib olish tartibi
10. Turistlarga sayohat xarajatlarini qaytarish mazkur Nizomga ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
11. Turistlar sayohat xarajatlarini qaytarish uchun Platformani “Google PlayMarket” yoki “ApStore” internet doʻkonidan mobil aloqa vositasiga yuklab oladi.
Platformani mobil aloqa vositasiga yuklab olgandan soʻng, Platformada:
“Sayohat uchun keshbek” tugmasini bosish orqali ilovaga kiriladi;
sayohat yoʻnalishi, borish va kelish sanalarini kiritish orqali sayohat boshlanganligi tasdiqlanadi.
12. Turistlar Platformada quyidagilarni:
borish va (yoki) kelish uchun xarid qilingan avia, temiryoʻl va (yoki) shaharlararo avtobus chiptalari uchun berilgan QR-kodli cheklarni;
madaniyat tashkilotlariga kirish chiptasi uchun berilgan QR-kodli cheklarni;
joylashtirish vositalari xizmatlaridan foydalanganligi uchun toʻloviga berilgan QR-kodli cheklarni roʻyxatdan oʻtkazadi.
13. Platformada roʻyxatdan oʻtkazilgan QR-kodli cheklar bir vaqtda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Chakana savdo va xizmat koʻrsatish sohasida nazorat-kassa texnikasidan foydalanishni takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2021-yil 4-oktabrdagi PQ-5252-son qaroriga muvofiq 1 foiz miqdorida “keshbek” hisoblanishiga hamda mazkur Nizomning 5-bandiga muvofiq sayohat xarajatlari qaytarilishiga asos hisoblanadi.
14. Sayohat muddati tugashi bilan Platformada roʻyxatga olingan QR-kodli cheklar avtomatik tarzda hisoblanadi. Shuningdek, turist maxsus tugmani bosish orqali oʻzi belgilagan muddatidan avval sayohatni tugatish imkoniyatiga ega.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
15. Davlat soliq qoʻmitasi sayohat yakuni bilan keyingi oyning 5-sanasiga qadar roʻyxatdan oʻtkazilgan cheklarni tekshirib, ulardagi summalar hisob-kitobini amalga oshiradi.
16. Sayohat xarajatlarini qaytarish shartlari toʻgʻri bajarilganligi natijasi boʻyicha yigʻilgan mablagʻlar Platforma orqali amalga oshirilgan sayohatlar uchun uning yakuni bilan keyingi oyning 25-sanasiga qadar turistlarning shaxsiy bank kartalariga Oʻzbekiston Respublikasi milliy valyutasida qaytariladi.
Bunda, Davlat soliq qoʻmitasi operatori hisobiga tizimning uzluksiz ishlashini taʼminlash, bank komissiyasi xarajatlarini qoplash va doimiy ravishda texnik qoʻllab-quvvatlash funksiyalarini bajarganlik uchun hisoblangan sayohat xarajatlarini qaytarish summasining 1,5 foiziga teng miqdorda komissiya ushlab qolinadi.
17. Ushbu Nizomni qoʻllashda yuzaga keladigan nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
18. Oʻzbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi tegishli axborot tizimlari orqali chegirmalar olish va sayohat xarajatlarini qaytarib olish talablari bajarilishini doimiy nazorat va monitoring qiladi.
19. Belgilangan tartibni buzgan (buzishda gumon qilingan) turistlarning Platformadan foydalanishiga cheklov (vaqtincha cheklov) oʻrnatiladi.
20. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilikka muvofiq javob beradilar.
Oʻzbekiston Respublikasi boʻylab amalga oshirilgan ichki sayohatlar xarajatlarining bir qismini qaytarish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi boʻylab amalga oshirilgan ichki sayohatlar xarajatlarining bir qismini qaytarish
SXEMASI

Bosqichlar

Subyektlar

Chora-tadbirlar

Muddatlar

1-bosqich

Turist

“Soliq” platformasini “Google PlayMarket” yoki “ApStore” internet doʻkonidan mobil telefoniga yuklab oladi.

Sayohat boshlanishidan oldin

2-bosqich

Turist

“Sayohat uchun keshbek” tugmasini bosish orqali ilovaga kiriladi, sayohat yoʻnalishi, borish va kelish sanalarini kiritish orqali sayohat boshlanganligini tasdiqlaydi.

Sayohat boshlanganda

3-bosqich

Turist

Borish va (yoki) kelish uchun xarid qilingan avia, temiryoʻl va (yoki) shaharlararo avtobus chiptalari uchun, madaniyat tashkilotlariga kirish chiptalari uchun hamda joylashtirish vositalari xizmatlaridan foydalanganligi uchun toʻloviga berilgan QR-kodli cheklarni Platformada roʻyxatdan oʻtkazadi.

Sayohat davomida, uning yakuniga qadar

4-bosqich

Turist

Sayohat muddatini tugatishi bilan Platformada roʻyxatga olingan QR-kodli cheklar avtomatik tarzda hisoblanadi.

Shuningdek, turist maxsus tugmani bosish orqali oʻzi belgilagan muddatidan avval sayohatni tugatish imkoniyatiga ega.

Sayohatni yakunlash

5-bosqich

Davlat soliq qoʻmitasi

Sayohat yakuni bilan roʻyxatdan oʻtkazilgan cheklarni tekshirib, ulardagi summalar hisob-kitobini amalga oshiradi.

Sayohat yakuni bilan keyingi oyning 5-sanasiga qadar

6-bosqich

Davlat soliq qoʻmitasi

Sayohat xarajatlarini qaytarish shartlari toʻgʻri bajarilganligi natijasi boʻyicha yigʻilgan mablagʻlarni Platforma orqali amalga oshirilgan sayohatlar uchun uning yakuni bilan ushbu Nizomning 6-bandi talablari asosida turistlarning shaxsiy bank kartalariga Oʻzbekiston Respublikasi milliy valyutasida oʻtkazib beradi.

Sayohat yakuni bilan keyingi oyning 25-sanasiga qadar

(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.08.2022-y., 09/22/484/0788; 29.12.2023-y., 07/23/422/0994-son)