1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.14.00.00 Qishloq xoʻjaligi / 09.14.16.00 Hayvonlar karantini;
2.11.00.00.00 Atrof tabiiy muhit va tabiiy resurslar / 11.07.00.00 Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va foydalanish / 11.07.01.00 Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va foydalanishning umumiy masalalari]
[TSZ:
1.Tabiiy resurslar / Oʻsimlik va hayvonot dunyosini muhofaza qilish va ulardan foydalanish]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Hayvonlarning oʻta xavfli yuqumli kasalliklariga qarshi vaksinatsiya tadbirlarini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasining “2022-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi Qonuni ijrosini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 30-dekabrdagi PQ-73-son qaroriga muvofiq, shuningdek, hayvonlarning oʻta xavfli yuqumli kasalliklariga qarshi vaksinatsiya tadbirlarini oʻtkazish tizimini takomillashtirish hamda vaksinatsiya jarayonlarini toʻliq raqamlashtirish orqali sohada shaffoflikni taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-dekabrdagi PQ-73-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining barqarorligini taʼminlash va xarajatlarning samaradorligini oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi”da hayvonlarning oʻta xavfli yuqumli kasalliklariga qarshi vaksinatsiya tadbirlarini oʻtkazish hamda zamonaviy va shaffof mexanizmlar asosida moliyalashtirishni nazarda tutuvchi yangi tizim joriy etilishi belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Hayvonlarning oʻta xavfli yuqumli kasalliklariga qarshi vaksinatsiya tadbirlarini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom (keyingi oʻrinlarda — Nizom) ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
hayvonlarning oʻta xavfli yuqumli kasalliklariga qarshi vaksinatsiya tadbirlarini belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan va foydalanish uchun ruxsat etilgan vaksinalar bilan oʻtkazish;
vaksinatsiya tadbirlarini oʻtkazish va mazkur jarayonni davlat veterinariya xizmati tomonidan monitoring qilib borish;
vaksinatsiya tadbirlarini har bir tuman (shahar)da maxsus emlash guruhlari tomonidan klinik jihatdan sogʻlom hayvonlarda oʻtkazish;
vaksinalarni har yili shakllantiriladigan roʻyxat asosida hayvon turlari va vaksinalar qoʻllanadigan hududlar boʻyicha belgilangan miqdorda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan xarid qilish hamda ularning hisobini yuritish tartibi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi:
ikki oy muddatda Butunjahon hayvonlar sogʻligʻini himoya qilish tashkiloti talablari hamda unga aʼzo boʻlgan xorijiy davlatlar tajribasi asosida hayvonlarning oʻta xavfli yuqumli kasalliklariga qarshi vaksinatsiya tadbirlarini oʻtkazish boʻyicha tegishli yoʻriqnomalarni ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin;
2022 — 2024-yillarda xalqaro va xorijiy moliya institutlarining grantlari hisobidan davlat veterinariya xizmatining hududiy boʻlinmalari moddiy-texnika bazasini mustahkamlash hamda zarur jihoz va texnikalarni xarid qilish ishlarini amalga oshirsin.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari davlat veterinariya xizmati tomonidan hayvonlarning oʻta xavfli yuqumli kasalliklariga qarshi vaksinatsiya tadbirlarining tashkil etilishida har tomonlama amaliy yordam koʻrsatsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari Sh.M. Gʻaniyev hamda Oʻzbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi B.T. Norqobilov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 31-avgust,
481-son
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 31-avgustdagi 481-son qaroriga ILOVA
Hayvonlarning oʻta xavfli yuqumli kasalliklariga qarshi vaksinatsiya tadbirlarini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom davlat, idoraviy va ishlab chiqarishdagi veterinariya xizmatlari tomonidan hayvonlarning oʻta xavfli yuqumli kasalliklariga qarshi vaksinatsiya tadbirlarini (keyingi oʻrinlarda — vaksinatsiya tadbirlari) oʻtkazish va moliyalashtirishni zamonaviy va shaffof mexanizmlar asosida amalga oshirish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
vaksina — organizmda maʼlum bir antigenga qarshi immunitet hosil boʻlishini taʼminlovchi biologik preparat;
vaksinatsiya tadbirlari — epizootiyaning oldini olishga, uni aniqlashga yoki tugatishga doir tashkiliy va maxsus veterinariya tadbirlari tizimi;
veterinariya — hayvonlarning hayoti va sogʻligʻi muhofaza qilinishi, hayvonlar kasalliklari paydo boʻlishi tarqalishining oldini olish va ularni tugatishni, aholini hayvonlar va odam uchun umumiy boʻlgan kasalliklardan muhofaza qilish, Oʻzbekiston Respublikasi hududini hayvonlarning yuqumli kasalliklari olib kirilishidan muhofaza qilish, hayvonlarga veterinariya xizmati koʻrsatilishi, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi hududining veterinariya osoyishtaligini, davlat veterinariya xizmati nazorati ostidagi tovarlarning veterinariya, veterinariya-sanitariya xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan ilmiy va amaliy faoliyat sohasi;
veterinariya osoyishtaligi — hayvonlarning sogʻligʻiga salbiy omillarning zararli taʼsirlari, epizootiya mavjud boʻlmagan, shuningdek, hayvonlarning yashashi uchun qulay shart-sharoitlar taʼminlanadigan holat;
epizootiya — tegishli hududda hayvonlarning oʻta xavfli va boshqa yuqumli kasalliklari tarqalishi;
epizootiyaga qarshi tadbirlar — epizootiyaning oldini olish, uni aniqlash yoki tugatishga doir tashkiliy va maxsus veterinariya tadbirlari tizimi;
hayvon — yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli boʻlgan qoramol, qoʻy, echki, ot, tuya, eshak, it, mushuk, choʻchqa, parranda, baliq, asalari, yovvoyi hayvonlar, hayvonot bogʻi va sirk hayvonlari;
hayvonlarning yuqumli kasalliklari — hayvonlarga kasalliklarning qoʻzgʻatuvchilari taʼsiri sababli paydo boʻladigan, tarqalish hamda boshqa hayvonlar va odamga oʻtish ehtimoli mavjud boʻlgan kasalliklar.
3. Vaksinatsiya tadbirlari mulkchilik shaklidan qatʼi nazar barcha yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli hayvonlarda oʻtkaziladi.
4. Hayvonlarning oʻta xavfli yuqumli kasalliklariga qarshi vaksinatsiya tadbirlari ushbu Nizomga ilovada keltirilgan sxemada belgilangan tartibda oʻtkaziladi.
2-bob. Vaksinatsiya tadbirlarini oʻtkazish tartibi
5. Vaksinatsiya tadbirlarini oʻtkazishning asosiy mezoni monitoring maʼlumotlari asosida Oʻzbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda — Qoʻmita) tomonidan har yili 1-oktabrga qadar ishlab chiqilgan prognozga asoslanadi.
6. Vaksinatsiya tadbirlarini oʻtkazishda jismoniy va yuridik shaxslar, davlat boshqaruvi organlari tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlar ham hisobga olinadi.
7. Qoʻmita veterinariya osoyishtaligini taʼminlashda hayvonlarning yuqumli kasalliklarini oʻz vaqtida aniqlash, ularga tashxis qoʻyish va ular tarqalishining oldini olishga doir epizootiyaga qarshi tadbirlar boʻyicha doimiy ravishda monitoring yuritadi.
8. Vaksinatsiya tadbirlari mahalliy va xorijda ishlab chiqarilgan, foydalanish boʻyicha qoʻllanmaga muvofiq belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan va foydalanish uchun ruxsat etilgan vaksinalar bilan oʻtkaziladi.
9. Qoʻmita epizootiya boʻyicha tizimli monitoring natijalariga asoslanib, mahalliy ijro eguvchi hokimiyat organlariga hududlarni oʻrganish va epizootiyaga qarshi kurashish choralarini koʻrish zarurligi toʻgʻrisida tezkor xabar beradi.
10. Vaksinatsiya tadbirlari Qoʻmita tomonidan tasdiqlangan hayvonlarning oʻta xavfli yuqumli kasalliklariga qarshi kurashish tadbirlari boʻyicha yoʻriqnomaga muvofiq oʻtkaziladi.
11. Qoʻmita, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi, viloyatlar va Toshkent shahar veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmalari (keyingi oʻrinlarda — hududiy boshqarmalar) va tumanlar (shaharlar) veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boʻlimlari (keyingi oʻrinlarda — tuman (shahar) boʻlimlari) vaksinatsiya tadbirlarining oʻtkazilishini nazorat qiladi.
12. Monitoring olib borish uchun yuqumli kasalliklarning paydo boʻlishi, tarqalishi va ularni yoʻqotish boʻyicha maʼlumotlardan (nosogʻlom hududning geografik joylashuvi, yuqumli kasalliklarning oʻchogʻi va oʻlgan hayvonlarning soni, laboratoriya-ekspertiza xulosasi va boshqalar) foydalaniladi. Ushbu maʼlumotlar belgilangan tartibda rasmiy hisobotlardan olinadi.
13. Maʼlumotlarning bir qismi oʻrganilayotgan hududni toʻgʻridan-toʻgʻri kuzatish, tekshirish, shuningdek, epizootik tekshiruv orqali olinadi.
3-bob. Vaksinatsiya tadbirlarini oʻtkazishda monitoring yuritish tartibi
14. Qoʻmita va uning hududiy boshqarmalari hamda tuman (shahar) boʻlimlari vaksinatsiya tadbirlarining doimiy ravishda monitoringini yuritib boradi.
15. Monitoring epizootik nosogʻlom hududlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarini toʻplash, klinik, patologoanatomik va laboratoriya tekshiruvlar oʻtkazish, kasallanish dinamikasi, hayvonlarni boqish va oziqlantirish, chorvachilikning veterinariya-sanitariya holati, veterinariya xizmatining sifat darajasi hamda epizootik oʻchoqni kuzatish hamda boshqa usullar yordamida olingan maʼlumotlarni baholash orqali ham yuritiladi.
16. Monitoring davomida mavjud vaziyat aniqlanadi, epizootik oʻchoqlar monitoring qilinadi va olingan maʼlumotlar baholanib, zarur tavsiyalar ishlab chiqiladi.
17. Monitoring natijalariga koʻra aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatmalar boʻyicha vaksinatsiya tadbirlari oʻtkaziladi hamda muntazam nazorat oʻrnatiladi.
4-bob. Vaksinatsiya tadbirlarini oʻtkazish mezonlari
18. Vaksinatsiya tadbirlari klinik tekshiruvlardan oʻtgan sogʻlom hayvonlarda oʻtkaziladi.
19. Agar hayvon kasal boʻlsa yoki jarrohlik amaliyoti oʻtkazilgan boʻlsa, vaksinatsiya ushbu hayvon toʻliq tuzalguniga qadar kechiktirilishi mumkin.
20. Vaksinatsiya tadbirlari vaksinalar saqlanadigan muzlatkich, mutaxassis ish stoli, hayvonlarni mahkamlash stoli, asboblar va dori-darmonlar uchun maxsus shkaflar, sterilizator bilan jihozlangan alohida xonalardan iborat veterinariya klinikalarida oʻtkazilishi hamda binolarning devorlari hamda pollari tozalash va dizenfeksiyalash oson boʻlgan materiallar bilan qoplangan boʻlishi kerak.
21. Vaksinatsiya tadbirlari har bir tuman (shahar)da veterinariya xodimlari tomonidan oʻtkaziladi.
22. Vaksinani foydalanishga berish davrida vaksinani qoʻllash bilan shugʻullanadigan veterinariya xodimlariga tegishli tushuntirishlar berib boriladi.
5-bob. Vaksinalarni xarid qilish tartibi
23. Qoʻmita tomonidan oʻta yuqumli kasalliklarning tarqalish holatidan hamda qoʻshni mamlakatlar bilan chegaradosh hududlarda ushbu mamlakatlar tomonidan rasmiy ravishda eʼlon qilingan kasallik turlaridan kelib chiqib, kelgusi yil uchun xarid qilinadigan vaksinalar roʻyxati hamda miqdori hayvonlar turlari, qoʻllanadigan hududlar boʻyicha kalendar yilning 1-iyuniga qadar aniqlanadi.
24. Xarid qilinadigan vaksinalarning turlari va miqdoridan hamda ularning kutilayotgan bahosidan kelib chiqib, keyingi yil Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutilishi zarur boʻlgan mablagʻ hisob-kitob qilinadi.
25. Qoʻmita tomonidan vaksinalarni xarid qilish uchun talab etiladigan mablagʻ hisob-kitobi asosida qonunchilikda belgilangan muddatlarda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga budjet soʻrovi kiritiladi.
26. Vaksinalarni xarid qilishda shaffoflikni taʼminlash maqsadida ularni ishlab chiqaruvchining yoki preparatning aniq nomi koʻrsatilishiga yoʻl qoʻyilmaydi va faqat preparatning taʼsir etuvchi moddasi nomi koʻrsatiladi.
27. Vaksinalar “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni talablari asosida xarid qilinadi.
6-bob. Vaksinalardan foydalanish hisobini yuritish
28. Vaksina har bir hududiy boshqarma va tuman (shahar) boʻlimining maxsus jihozlangan omborlarida (shkaf va muzlatkichlarda) saqlanadi.
29. Qoʻmita, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi, hududiy boshqarmalar va tuman (shahar) boʻlimlari tomonidan sarflangan har bir preparat boʻyicha hisobot elektron dasturda yuritiladi hamda unda preparat qoʻllanilgan hayvon egasi, hayvon turi, qoʻllanilgan preparat miqdori, sanasi boʻyicha maʼlumotlar toʻliq aks ettiriladi.
30. Vaksinalarni qoʻllash takroriyligi mazkur preparatlarni qoʻllash boʻyicha belgilangan meʼyordan ortishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
7-bob. Yakunlovchi qoida
31.Ushbu Nizom qoidalari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
Hayvonlarning oʻta xavfli yuqumli kasalliklariga qarshi vaksinatsiya tadbirlarini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ILOVA
Hayvonlarning oʻta xavfli yuqumli kasalliklariga qarshi vaksinatsiya tadbirlarini oʻtkazish
Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi va uning hududiy boshqarmalari va tuman (shahar) boʻlimlari
Vaksinatsiya tadbirlarini — monitoring maʼlumotlari asosida ishlab chiqilgan prognozga asosan oʻtkazish.
Har yili 1-oktabriga qadar
2-bosqich
Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi
Vaksinatsiya tadbirlarini oʻtkazishda jismoniy va yuridik shaxslar, davlat boshqaruvi organlari tomonidan maʼlumotlar taqdim etilishi.
Doimiy ravishda
3-bosqich
Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi va uning hududiy boshqarmalari va tuman (shahar) boʻlimlari
Veterinariya osoyishtalikni taʼminlashda hayvonlarning yuqumli kasalliklarini oʻz vaqtida aniqlash, ularga tashxis qoʻyish va tarqalishining oldini olishga doir epizootiyaga qarshi tadbirlar boʻyicha monitoring xulosalarini taqdim etish.
Doimiy ravishda, har oyning yakunida
4-bosqich
Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi
Epizootiya boʻyicha tizimli monitoring natijalariga asoslanib mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga hududlarni oʻrganish va epizootiyaga qarshi kurashish choralarini koʻrish zarurligi toʻgʻrisida tezkor xabar berib borish.
Doimiy ravishda
5-bosqich
Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi va uning hududiy boshqarmalari va tuman (shahar) boʻlimlari
Vaksinatsiya tadbirlari oʻtkazilishini nazorat qilish.
Doimiy ravishda
6-bosqich
tuman (shahar) boʻlimining veterinar xodimlari (maxsus emlash guruhlari)
Vaksinatsiya tadbirlarini har bir hududda oʻtkazish.
Har yili tasdiqlanadigan kasalliklarga qarshi kurashish tadbirlari boʻyicha yoʻriqnomaga muvofiq
7-bosqich
Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasining hududiy boshqarmalari va tuman (shahar) boʻlimlari
Oʻtkazilgan vaksinatsiya tadbirlari boʻyicha hisobotni Qoʻmitaga taqdim etish.
Tadbirlar yakuni boʻyicha
8-bosqich
Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasining hududiy boshqarmalari va tuman (shahar) boʻlimlari
Uta yuqumli kasalliklarning tarqalish holatidan kelib chiqib kelgusi yil uchun xarid qilinadigan vaksinalar miqdori toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni Qoʻmitaga taqdim etish.