Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti xarajatlarining samaradorligini yanada oshirish va davlat moliyaviy nazorati organlari faoliyatini takomillashtirish toʻgʻrisida” 2022-yil 14-fevraldagi PQ-128-son qarori ijrosini taʼminlash, shuningdek, vazirlik va idoralarning ichki audit xizmatini yanada rivojlantirish hamda ularning faoliyatini tartibga solishni takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Vazirlik va idoralarning ichki audit xizmati toʻgʻrisidagi namunaviy nizom (keyingi oʻrinlarda — Nizom) ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
ichki audit xizmatining vazifalari va funksiyalari;
ichki audit xizmati xodimlariga qoʻyiladigan malaka talablari va ichki audit tadbirlarida ishtirok etishga cheklovlar;
ichki audit xizmatlari tomonidan budjet toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga rioya etilishini tahlil qilish va baholash hamda moliyaviy hisobotlar shakllantirilishini oʻrganish;
ichki audit xizmatining huquqlari va majburiyatlari, shuningdek, ichki audit xizmati faoliyati boʻyicha hisobotlarni tayyorlash;
aniqlangan budjet toʻgʻrisidagi qonunchilik talablarining buzilish holatlari hisobini yuritish hamda ular yuzasidan vazirlik va idoralar rahbarlarini xabardor qilib borish.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ikki oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari — iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vaziri J.A. Qoʻchkorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 1-avgust,
416-son
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 1-avgustdagi 416-son qaroriga ILOVA
Vazirlik va idoralarning ichki audit xizmati toʻgʻrisida
1. Ushbu Nizom vazirlik va idoralar ichki audit xizmatining maqsadi, vazifalari, funksiyalari, huquq va majburiyatlari hamda ularning faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
vazirlik va idoralar — ichki audit xizmati tashkil etilgan budjet mablagʻlari taqsimlovchilari va ular tizimidagi budjet tashkilotlari hamda davlat maqsadli jamgʻarmalari;
ichki audit xizmati — vazirlik va idoralarda ichki audit faoliyatini amalga oshiruvchi hamda boshqa tarkibiy tuzilmalardan mustaqil tarkibiy boʻlinma;
ichki audit faoliyati — vazirlik va idoralarda budjet intizomini mustahkamlash, budjet toʻgʻrisidagi qonunchilik buzilishi holatlarining oldini olish, budjet tizimi budjetlari hamda qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalardan foydalanish samaradorligini baholashga qaratilgan mustaqil faoliyat;
ichki audit obyekti — ichki audit tadbiri amalga oshirilishi nazarda tutilgan vazirlik va idoralar;
ichki audit tadbiri — ichki audit obyektlarida ichki audit xizmati maqsadlariga erishishga qaratilgan ichki audit xizmati xodimi tomonidan amalga oshiriladigan jarayon.
3. Ichki audit xizmati oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga hamda boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga, oʻzlari faoliyat yuritayotgan vazirlik va idoraning qarorlari, buyruqlari va farmoyishlariga, shuningdek, ushbu Nizomga muvofiq amalga oshiradi.
6. Ichki audit xizmati tomonidan ichki audit maqsadlari va vazifalarini amalga oshirish uchun ichki audit obyektlarida, shu jumladan, fuqarolar ishtirokidagi audit tizimi orqali aniqlangan obyektlarda ichki audit tadbirlarini oʻtkazadi, natijalarini rasmiylashtiradi hamda taklif va tavsiyalar tayyorlaydi.
Ichki audit tadbirlari vazirlik va idora rahbari tomonidan tasdiqlangan ichki audit yillik rejasi asosida oʻtkaziladi.
7. Vazirlik va idoralarning ichki audit xizmati xodimlari tomonidan ichki audit tadbirlari ichki auditning milliy standartlari va ichki audit tadbirlarini oʻtkazish qoʻllanmasi asosida oʻtkaziladi.
Ichki audit xizmati faoliyatiga vazirlik va idoralarning boshqa mansabdor shaxslari, shuningdek, boshqa davlat organlari, tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari aralashuviga yoʻl qoʻyilmaydi.
10. Ichki audit xizmatining xodimi lavozimiga ichki audit boʻyicha milliy malaka sertifikatiga ega boʻlgan shaxslar qabul qilinadi. Malaka sertifikatiga ega boʻlmagan shaxslarning ichki audit xizmatining xodimi lavozimiga ishga qabul qilishga hamda ularning ushbu tizimlarda faoliyat yuritishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
3-bob. Ichki audit xizmatining vazifalari va funksiyalari
12. Ichki audit xizmatining asosiy maqsadi vazirlik va idoralarda budjet intizomini mustahkamlash va budjet toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlarining buzilish holatlarini profilaktika qilish, budjet xarajatlarining samaradorligi va natijadorligini baholash hamda ichki audit faoliyati sohasidagi hujjatlar ijrosini taʼminlashdan iborat.
13. Quyidagilar ichki audit xizmatining asosiy vazifalari hisoblanadi:
budjet toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga rioya etilishini tahlil qilish va baholash, budjet hisobining yuritilishi hamda moliyaviy hisobotlar shakllantirilishini oʻrganish orqali budjet intizomini mustahkamlash;
masofaviy auditni qoʻllagan holda, budjet mablagʻlaridan maqsadsiz va samarasiz foydalanish xavflarini aniqlash, minimallashtirish, ularni sodir etishga imkoniyat yaratuvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish orqali budjet toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlarining buzilish holatlari profilaktikasini amalga oshirish;
rivojlantirish dasturlarining samaradorligi natijalarini tahlil qilish va baholash, mavjud resurslardan oqilona foydalanish orqali budjet xarajatlarining samaradorligi va natijadorligini oshirish;
vazirlik va idoralarni moliyalashtirish jarayoniga axborot texnologiyalari tatbiq etilishini baholash orqali ulardan foydalanish samaradorligini oʻrganish va rivojlantirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish.
14. Ichki audit xizmati oʻziga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
a) budjet toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga rioya etilishini tahlil qilish va baholash, budjet hisobining yuritilishi hamda moliyaviy hisobotlar shakllantirilishini oʻrganish orqali budjet intizomini mustahkamlash boʻyicha:
budjet tizimi budjetlari mablagʻlari hisobidan moliyalashtirish jarayonini, yaʼni xarajatlar smetasi va jamlanma xarajatlar smetasi, daromadlar va xarajatlar smetasi, shtatlar jadvali hamda ularga qoʻshimcha hujjatlarni tuzish, tasdiqlash va ijro etish tartibi va jarayonlarini oʻrganadi va baholaydi;
budjet tizimi budjetlari mablagʻlarining ularni olish (ulardan foydalanish) shartlariga muvofiq boʻlgan maqsadlarga yoʻnaltirilishini oʻrganadi;
mehnatga haq toʻlash boʻyicha belgilangan razryadlarga, lavozim maoshlari, ustamalar, ish haqiga qoʻshimchalar va boshqa toʻlovlar miqdorlariga rioya etgan holda, toʻlovlar amalga oshirilishini tahlil qiladi;
budjetdan ajratiladigan mablagʻlar normativlarga muvofiq xarajatlar smetasiga kiritilishini oʻrganadi;
xodimlarning belgilab qoʻyilgan cheklangan umumiy soniga, xodimlarning toifalari oʻrtasidagi oʻzaro nisbat normativlariga, namunaviy shtat normativlariga, budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamgʻarmalarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibiga, tarifikatsiya roʻyxatlarini tuzishning belgilangan tartibi va normativlariga rioya etilishini oʻrganadi;
koʻrsatilayotgan davlat xizmatlari turlari va sifatini oʻrganish orqali mablagʻlar iqtisod qilinishi va maqbullashtirilishi boʻyicha taklif tayyorlaydi;
moliyaviy hisobotlarning ishonchliligi, asoslanganligi, toʻliqligi hamda toʻgʻri shakllantirilganligini oʻrganish orqali ular yuzasidan rahbariyatga ishonchli maʼlumotlar taqdim etadi;
asossiz debitor va kreditor qarzdorliklarga yoʻl qoʻymaslik yuzasidan mavjud debitor va kreditor qarzdorliklar holati va ularning kelib chiqish sabablari hamda manbalarini oʻrganish orqali barcha turdagi debitor va kreditor qarzdorliklarni qisqartirish va ularning yuzaga kelishiga yoʻl qoʻymaslik choralarini koʻrish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;
aktivlardan foydalanish va ularning saqlanishini baholash orqali ularni doimiy butligi va ishga yaroqliligini oʻrganadi hamda ularning natijalari yuzasidan takliflar ishlab chiqadi;
aniqlangan budjet toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlarining buzilish holatlari statistikasini yuritadi va ular yuzasidan vazirlik va idora rahbarini xabardor qilib boradi;
moliya-buxgalteriya xodimlari tarkibini mustahkamlash masalalari boʻyicha tavsiyalar tayyorlaydi;
b) masofaviy auditni qoʻllagan holda, budjet mablagʻlaridan maqsadsiz va samarasiz foydalanish xavflarini aniqlash, minimallashtirish, ularni sodir etishga imkoniyat yaratuvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish orqali budjet toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlarining buzilish holatlari profilaktikasini amalga oshirish boʻyicha:
masofaviy auditni keng koʻlamda qoʻllash, zamonaviy axborot texnologiyalari va maʼlumotlar bazasi vositasida ichki audit obyektlari va yoʻnalishlarini aniqlash yoʻli bilan ichki audit tadbirlari samaradorligini oshiradi;
xavf tahlilini amalga oshirish orqali mablagʻlardan samarasiz foydalanish holatlarining oldini olish va ularni bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqadi;
moliyaviy taʼminlashni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlardagi oʻzaro nomuvofiqliklar, kamchiliklar va boʻshliqlarni aniqlash orqali ularni bartaraf etish va takomillashtirish boʻyicha takliflar kiritadi;
davlat moliyaviy nazorat organlari tomonidan oʻtkazilgan moliyaviy nazorat va tashqi audit natijalari boʻyicha aniqlangan budjet toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlarining buzilish holatlariga kelgusida yoʻl qoʻymaslik va oldini olish boʻyicha takliflar tayyorlaydi;
budjet tashkilotlarida budjet mablagʻlari boshqarilishi va budjet hisobi yuritilishini maxsus avtomatlashtirilgan dasturiy mahsulotlar vositasida monitoring qiladi;
maxsus axborot tizimlaridan foydalangan holda, tender (tanlov) savdolarining oʻtkazilishi va shartnomalar tuzilishini monitoring qiladi;
budjet toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlarining buzilish holatlari profilaktikasi va ularning oldini olishni nazarda tutadigan istiqbolli yoʻnalishlar boʻyicha takliflar beradi;
moliyaviy-iqtisodiy masalalarga taalluqli boʻlgan normativ-huquqiy va ichki idoraviy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish jarayonida vazirlik va idoralar vazifalarining toʻliq hajmda, oʻz muddatida va sifatli bajarilishini, iqtisodiy tejamkorlik, moliyaviy maqsadga muvofiqlik nuqtai nazaridan koʻrib chiqadi;
moliyaviy xato va kamchiliklarning oldini olish maqsadida masofaviy auditning maxsus modullarini ishlab chiqish va dasturiy majmualarga joylashtirish boʻyicha takliflar tayyorlaydi;
sohaga oid seminarlar, treninglar va boshqa shu kabi tadbirlarda ishtirok etadi va/yoki ularni tashkil qiladi;
v) rivojlantirish dasturlarining samaradorligi natijalarini tahlil qilish va baholash, mavjud resurslardan oqilona foydalanish orqali budjet xarajatlarining samaradorligi va natijadorligini oshirish boʻyicha:
vazirlik va idoralarning rivojlantirish dasturlarining samaradorlik (maqsadli) indikatorlari ijrosi natijalarini tahlil qiladi va baholaydi hamda sohaga taalluqli samaradorlikning yangi indikatorlarini joriy etish yuzasidan takliflar kiritadi;
davlat qarzi va grantlar hisobidan amalga oshirilayotgan loyihalarning natijadorligini oʻrganadi;
ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturiga kiritilgan obyektlarda amalga oshirilayotgan qurilish ishlarini monitoring qiladi;
vazirlik va idoralarning vazifalarini bajarish uchun shakllantirilgan tarkibiy tuzilma va uning tarkibidagi lavozimlar, boʻysunuv va hisobdorlikni yaxshilash boʻyicha takliflar tayyorlaydi;
vazirlik va idoralarning takrorlanuvchi va samarasiz vazifa hamda funksiyalarini aniqlash va baholash orqali ularni optimallashtirish, davlat-xususiy sheriklik asosida faoliyat yuritishni yoʻlga qoʻyish yoki toʻliq xususiy sektorga oʻtkazish boʻyicha taklif va tavsiyalar beradi;
mavjud moddiy, moliyaviy va inson resurslaridan samarali foydalangan holda yuqori natijadorlikka erishish, xususan, qoʻshimcha faoliyatni tashkil etish orqali budjetdan tashqari jamgʻarmalarga daromadlarni shakllantirish va oshirish imkoniyatlari boʻyicha taklif kiritadi;
budjetdan tashqari jamgʻarmalarni shakllantirish va ulardan foydalanish yuzasidan tahlillar oʻtkazish orqali daromadlarni oshirish va mablagʻlardan oqilona foydalanish boʻyicha takliflar tayyorlaydi;
budjet tizimi budjetlaridan subsidiyalar ajratilishi maqsadga muvofiqligini, ajratilayotgan subsidiyalarning maqsadliligi va manzilliligini hamda samaradorligini baholaydi;
g) vazirlik va idoralarni moliyalashtirish jarayoniga axborot texnologiyalari tatbiq etilishini baholash orqali ulardan foydalanish samaradorligini oʻrganish va rivojlantirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish boʻyicha:
dasturiy taʼminotlar va axborot texnologiyalarining tatbiq etilish holatini baholaydi hamda vazirlik va idoralar faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarga mosligini oʻrganadi;
dasturiy taʼminotlardan olinadigan moliyaviy maʼlumotlar toʻgʻri va toʻliq shakllanganligini baholaydi;
dasturiy majmualardan foydalanish tartiblari, bosqichlari va jarayonlari samaradorligini baholash orqali ularni maqbullashtirish va takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;
zamonaviy axborot-kommunikatsiya va raqamli texnologiyalarni tatbiq etish orqali faoliyatning yanada samarador va natijador boʻlishini taʼminlashga qaratilgan takliflar tayyorlaydi;
oʻz vakolatlarini mustaqil ravishda, faqat qonunchilik hujjatlariga boʻysungan holda amalga oshirish;
oʻziga yuklangan vazifalarni amalga oshirish uchun real vaqt rejimida davlat organlari va tashkilotlarning maʼlumotlar bazasidan foydalanish;
ichki audit obyekti mansabdor shaxsi hamda ichki audit tadbiri oʻtkazilayotgan sohaga masʼul boʻlgan shaxslardan yuzaga kelayotgan masalalar boʻyicha tushuntirish olish;
ichki audit obyektlarining tegishli xodimlaridan ichki audit tadbirlari natijalari boʻyicha hujjatlarni imzolashni soʻrash;
davlat moliyaviy nazorat organlari bilan ichki audit obyekti faoliyatiga doir maʼlumotlarni almashish;
ichki audit faoliyatini amalga oshirishda maxsus kasbiy bilimlarni talab etadigan masalalarni koʻrib chiqish uchun vazirlik va idoralarning tuzilmasidagi mutaxassislarni jalb etish;
ichki audit tadbirlarini oʻtkazish maqsadida qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan hollarda, ichki audit obyektining barcha binolariga, shuningdek, elektron va qogʻoz arxivlari hamda dasturiy majmualariga kirish va ulardan foydalanish;
vazirlik yoki idoralar tomonidan chaqiriladigan moliyaviy-iqtisodiy masalalarga tegishli yigʻilishlarda ishtirok etish;
jinoyat alomatlari aniqlangan hollarda, kassa va kassa binolari, omborlar, arxivlar va boshqa binolarni muhrlash, qalbakilashtirish, soxtalashtirish va boshqa suisteʼmolliklar alomatlari aniqlangan taqdirda, ichki audit obyektidan tegishli hujjatlarni olib qoʻyish, shuningdek, vazirlik va idoralarning mansabdor shaxslaridan asosiy vositalar, tovar-moddiy boyliklar, pul mablagʻlari va hisob-kitoblar xatlovdan oʻtkazilishini talab qilish;
ichki audit faoliyati natijalarini qayd etish uchun texnik vositalardan, shu jumladan, audio-foto va video qayd etish vositalaridan foydalanish;
ichki audit xizmatining xodimi bilan ichki audit tadbirlarini oʻtkazishga yoʻl qoʻyilmaydigan holatlar yuzaga kelgan taqdirda, ichki audit tadbirini oʻtkazishni rad etish, toʻxtatish;
vazirlik va idoralar tizimidagi moliyaviy-iqtisodiy masalalar boʻyicha tuzilmalar bilan hamkorlikda xodimlarning moliyaviy savodxonligini oshirishga qaratilgan uchrashuvlar, seminarlar, tanlovlar va boshqa tadbirlarni tashkil etish;
ichki audit faoliyatiga taalluqli boʻlgan ichki idoraviy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va tasdiqlash uchun vazirlik va idoralar rahbarlariga kiritish.
Ichki audit xizmati qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
16. Ichki audit xizmatlari:
ichki audit faoliyatiga oid normativ-huquqiy hujjatlar talablariga rioya etish, oʻz vakolat doirasidan chetga chiqmaslik;
ichki audit tadbirlarini xolis, subyektiv fikrlarning taʼsir qilishiga yoʻl qoʻymagan holda amalga oshirish;
ichki audit xizmati xodimlari tomonidan ichki audit xizmati obroʻsiga putur yetkazishi mumkin boʻlgan harakatlarni amalga oshirmasdan hamda odob-axloq qoidalariga rioya etgan holda ichki audit tadbirlari oʻtkazilishini taʼminlash;
aniqlangan budjet toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlarining buzilish holatlari, moliyaviy xato va kamchiliklar, maqsadsiz va noqonuniy xarajatlar, pul mablagʻlari va tovar-moddiy boyliklar kamomadi yuzasidan toʻgʻridan-toʻgʻri vazirlik va idoralarning birinchi rahbariga xabar berish;
jinoyat alomatlari, korrupsiyaga doir huquqbuzarliklar alomatlari (shu jumladan, ichki audit tadbirini amalga oshirgan shaxslar tomonidan) aniqlangan taqdirda, tegishli choralar koʻrish (hujjatlashtirish, oldini olish choralarini koʻrish) va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga materiallarni yuborish yuzasidan vazirlik va idoralarning birinchi rahbarini xabardor qilish;
“Davlat auditi” dasturiga ichki audit tadbirlari rejalari kiritilishini, barcha ichki audit tadbirlari roʻyxatdan oʻtkazilishini va ularning natijalari, budjet xarajatlari va rivojlantirish dasturlarining maqsadli indikatorlari ijrosini baholash natijalari kiritilishini taʼminlash;
budjet toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlarining buzilish holatlarini, ularni sodir etishga imkoniyat yaratuvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish toʻgʻrisida ichki audit obyektlariga bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatmalar kiritish;
bir ish kuni ichida oʻzi aniqlagan va vakolati doirasida hal etish imkoni boʻlmagan budjet toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlarining buzilish holatlari yuzasidan Moliya vazirligi huzuridagi Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasini xabardor qilish;
xoʻjalik shartnomalarini bajarmaganlik va tegishli darajada bajarmaganlik uchun “Xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida nazarda tutilgan javobgarlik choralarini qoʻllash uchun Moliya vazirligi huzuridagi Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasini xabardor qilish;
ichki audit tadbirida aniqlangan budjet toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlarining buzilish holatlarini bartaraf etish boʻyicha chora-tadbirlarning bajarilishini monitoring qilib borish;
ichki audit tadbirlarini oʻtkazish vaqtida soʻralgan hujjat va materiallarni vazirlik va idoralar mansabdor shaxslari tomonidan taqdim etmaslik holatlari boʻyicha dalolatnomalar tuzish;
ichki audit obyekti mansabdor shaxslarining tushuntirishlar berish va ichki audit tadbiri natijalari boʻyicha rasmiylashtiriladigan hujjatlarni imzolashdan bosh tortganliklari toʻgʻrisida dalolatnoma tuzish;
jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini koʻrib chiqishda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari talablariga qatʼi rioya qilish;
davlat, tijorat va xizmat sirlarini oshkor etmaslik;
belgilangan vazifa va funksiyalarini bajarishda korrupsiya holatlarining, shu jumladan, manfaatlar toʻqnashuvining oldini olish choralarini koʻrish;
ish yuritishni belgilangan tartibda olib borish, ichki audit tadbirlari boʻyicha toʻplangan hujjatlarning nusxasini qonunchilik hujjatlarida belgilangan muddatda saqlash hamda hisobini yuritish;
Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi va Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga oʻz faoliyati yuzasidan soʻralgan boshqa maʼlumotlarni taqdim etish boʻyicha majburiyatlarga ega.
18. Vazirlik va idoralar tomonidan Moliya vazirligiga ichki audit xizmati faoliyati natijalari yuzasidan hisobot choragidan keyingi oyning 20-sanasigacha choraklik hisobot hamda hisobot yilidan keyingi yilning 25-yanvariga qadar yillik hisobot taqdim etiladi.
20. Mazkur Nizomning 7-bandi 2022-yil 1-sentabrdan va 10-bandi 2024-yil 1-yanvardan boshlab amal qiladi.
(20-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 29-apreldagi 174-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.05.2023-y., 09/23/174/0237-son)