1.07.00.00.00 Moliya va kredit toʻgʻrisidagi qonunchilik. Bank faoliyati / 07.09.00.00 Soliq qonunchiligi / 07.09.01.00 Umumiy qoidalar]
[TSZ:
1.Moliya / Soliqlar (yigʻimlar, bojlar)]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Konsert-tomosha faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslardan davlat bojini undirish hamda ularni soliqqa tortish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida
Konsert-tomosha faoliyatini amalga oshirish litsenziyasi uchun davlat bojini undirish va ushbu litsenziyaga ega shaxslarni soliqqa tortish tizimini takomillashtirish hamda sanʼatkorlar uchun qulay ijodiy muhit yaratish maqsadida:
[OKOZ:
1.13.00.00.00 Taʼlim. Fan. Madaniyat / 13.03.00.00 Madaniyat / 13.03.02.00 Madaniyat sohasida boshqaruv. Madaniyat sohasida faoliyatni amalga oshirishni litsenziyalash;
2.13.00.00.00 Taʼlim. Fan. Madaniyat / 13.03.00.00 Madaniyat / 13.03.12.00 Teatr-konsert faoliyati]
1. Konsert-tomosha faoliyatini litsenziya asosida amalga oshiruvchi ijrochilarning reyting guruhlari soni amaldagi 6 tadan 3 taga qisqartirilsin.
Bunda, aholiga konsert-tomosha xizmatlarini koʻrsatish huquqi ijrochilarning reyting guruhlari orasida quyidagicha taqsimlanadi:
a) I reyting guruhi ijrochilariga:
respublika hududida va uning tashqarisida yakkaxon konsert tashkil etish;
II va III reyting guruhlari ijrochilari uchun nazarda tutilgan huquqlardan foydalanish;
b) II reyting guruhi ijrochilariga:
bitta janrning ikki va undan koʻp ijrochilari ishtirokidagi konsert-tomosha dasturida, turli janrlar yoʻnalishlarining bir nechta ijrochilari ishtirokidagi konsert-tomosha dasturida qatnashish;
ommaviy axborot vositalarida qoʻshiqlar va videokliplarni taqdim etish;
III reyting guruhi ijrochisi uchun nazarda tutilgan huquqlardan foydalanish;
v) III reyting guruhi ijrochilariga:
toʻy, yubiley hamda boshqa marosim va tantanalarda, jumladan toʻyxona, restoran, hordiq chiqarish tashkilotlari (klub, diskoteka, bar va qahvaxona) va xususiy uylarda konsert-tomosha xizmatlarini koʻrsatish;
sozanda va raqqos(a)lar tomonidan bitta janrning ikki va undan koʻp ijrochilari ishtirokidagi konsert-tomosha dasturlarini tashkil etish va ularda qatnashish.
[OKOZ:
1.07.00.00.00 Moliya va kredit toʻgʻrisidagi qonunchilik. Bank faoliyati / 07.18.00.00 Davlat boji / 07.18.03.00 Davlat boji boʻyicha imtiyozlar]
2. Konsert-tomosha faoliyatini amalga oshirish litsenziyasi uchun davlat bojini undirish boʻyicha shunday tartib joriy etilsinki, unga koʻra 2022-yil 1-sentabrdan boshlab:
a) davlat boji stavkalari pasaytiriladi va quyidagi miqdorlarda belgilanadi:
I reyting guruhi uchun bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravari miqdorida;
II reyting guruhi uchun bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravari miqdorida;
III reyting guruhi uchun bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravari miqdorida;
b) quyidagi sanʼatkorlar davlat bojini toʻlashdan ozod etiladi:
yoshga doir pensiya olish huquqiga ega boʻlgan shaxslar;
nogironligi boʻlgan shaxslar;
taʼlim muassasalarida oʻqiydigan talabalar — oʻqish muddati davomida;
v) yuridik shaxs tashkil etgan ijodiy jamoalardan davlat boji yagona litsenziya boʻyicha undiriladi. Bunda:
litsenziyada ijodiy jamoa aʼzolari toʻliq koʻrsatiladi va ulardan litsenziya uchun davlat boji qoʻshimcha ravishda undirilmaydi, ijodiy jamoa aʼzosi mustaqil ijrochi sifatida ijod qilgan hollar bundan mustasno;
ijodiy jamoa uning barcha aʼzolari davlat bojini toʻlashdan ozod qilingan shaxslardan tarkib topgan taqdirdagina davlat boji toʻlashdan ozod qilinadi.
3. Madaniyat vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasining quyidagi takliflariga rozilik berilsin:
konsert-tomosha faoliyatini litsenziya asosida amalga oshiruvchi jismoniy shaxslarga daromad soligʻini deklaratsiya asosida yoki qatʼiy belgilangan miqdorda toʻlash huquqini berish;
2024-yil 1-yanvardan boshlab xonandalardan, 2026-yil 1-yanvardan boshlab qolgan ijrochilardan daromad soligʻini faqat deklaratsiya asosida undirish.
[OKOZ:
1.07.00.00.00 Moliya va kredit toʻgʻrisidagi qonunchilik. Bank faoliyati / 07.09.00.00 Soliq qonunchiligi / 07.09.05.00 Soliqlar va yigʻimlar boʻyicha imtiyozlar hamda preferensiyalar;
2.13.00.00.00 Taʼlim. Fan. Madaniyat / 13.03.00.00 Madaniyat / 13.03.12.00 Teatr-konsert faoliyati]
4. Belgilab qoʻyilsinki:
a) deklaratsiya asosida yoki qatʼiy belgilangan miqdorda daromad soligʻini toʻlash huquqi xonandalarga 2024-yil 1-yanvarga qadar, konsert-tomosha faoliyatini litsenziya asosida amalga oshiruvchi boshqa jismoniy shaxslarga 2026-yil 1-yanvarga qadar beriladi;
b) deklaratsiya asosida soliq toʻlashni tanlagan ijrochilar uchun:
yillik umumiy daromadning 30 foizi miqdoridagi xarajatlar tasdiqlovchi hujjatlar talab etilmagan holda chegiriladi;
tasdiqlangan xarajatlar summasi umumiy daromadning 30 foizidan oshgan taqdirda qoʻshimcha ravishda ushbu daromadning 10 foizi miqdori chegiriladi;
litsenziya olish uchun undirilgan davlat boji va ijtimoiy soliq summalari xarajat sifatida qayd etiladi hamda daromadlar tarkibidan chegiriladi;
v) qatʼiy belgilangan miqdordagi soliq toʻlashni tanlagan ijrochilardan daromad soligʻi bir yilda bir marta quyidagi miqdorlarda undiriladi:
I reyting guruhi ijrochilaridan 2,7 mln soʻm miqdorida;
II reyting guruhi ijrochilaridan 1,8 mln soʻm miqdorida;
III reyting guruhi ijrochilaridan 1,0 mln soʻm miqdorida.
[OKOZ:
1.07.00.00.00 Moliya va kredit toʻgʻrisidagi qonunchilik. Bank faoliyati / 07.09.00.00 Soliq qonunchiligi / 07.09.05.00 Soliqlar va yigʻimlar boʻyicha imtiyozlar hamda preferensiyalar;
2.13.00.00.00 Taʼlim. Fan. Madaniyat / 13.03.00.00 Madaniyat / 13.03.12.00 Teatr-konsert faoliyati]
5. Shunday tartib joriy etilsinki, unga koʻra:
2024-yil 1-yanvarga qadar III reyting guruhi ijrochilari qatʼiy belgilangan miqdordagi soliq toʻlashdan ozod etiladi;
2025-yil 1-yanvarga qadar konsert-tomosha faoliyatini litsenziya asosida amalga oshiruvchi jismoniy shaxslar mehnat shartnomasi asosida band boʻlmagan taqdirda, ulardan konsert-tomosha faoliyati boʻyicha ijtimoiy soliq bir yilda bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida undiriladi;
konsert-tomosha faoliyatini litsenziya asosida amalga oshiruvchi jismoniy shaxslarning yuridik shaxslarga xizmat koʻrsatishdan olgan daromadlaridan, ular tomonidan tanlangan soliq rejimidan qatʼiy nazar, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi va ijtimoiy soliq toʻlov manbaida ushlab qolinadi;
yuridik shaxs tashkil etgan holda konsert-tomosha faoliyatini litsenziya asosida amalga oshiruvchi ijodiy jamoalar jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi va ijtimoiy soliqni yuridik shaxslar uchun oʻrnatilgan tartibda toʻlaydi.
[OKOZ:
1.07.00.00.00 Moliya va kredit toʻgʻrisidagi qonunchilik. Bank faoliyati / 07.05.00.00 Respublika budjeti / 07.05.02.00 Respublika budjeti daromadlari]
6. Konsert-tomosha faoliyatini amalga oshirish litsenziyasi uchun davlat boji toʻlovi litsenziya olgan yilda amaldagi tartib boʻyicha, keyingi yillardan boshlab esa quyidagi tartibda taqsimlansin:
30 foizi — Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetiga;
0,5 foizi — Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamgʻarmasining elektron hukumat va raqamli iqtisodiyotning idoralararo loyihalarini moliyalashtirish boʻyicha maxsus hisobvaragʻiga;
qolgan mablagʻlar — litsenziyalovchi vakolatli organ hisobvaragʻiga.
7. Davlat soliq qoʻmitasi Madaniyat vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda “Soliq” mobil ilovasida litsenziya asosida konsert-tomosha faoliyati bilan shugʻullanuvchi jismoniy shaxslar uchun daromadlar toʻgʻrisidagi deklaratsiyaning daromad va xarajatlarini kunlik asosda onlayn yuritish imkoniyatini yaratsin.
[OKOZ:
1.07.00.00.00 Moliya va kredit toʻgʻrisidagi qonunchilik. Bank faoliyati / 07.07.00.00 Budjet tizimining boshqa masalalari / 07.07.02.00 Davlat jamgʻarmalari / 07.07.02.04 Vazirlik va idoralar jamgʻarmalari]
“Soliq” mobil ilovasini mazkur band talablari asosida takomillashtirish xarajatlari Davlat soliq qoʻmitasining budjetdan tashqari jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi.
[OKOZ:
1.07.00.00.00 Moliya va kredit toʻgʻrisidagi qonunchilik. Bank faoliyati / 07.07.00.00 Budjet tizimining boshqa masalalari / 07.07.02.00 Davlat jamgʻarmalari / 07.07.02.04 Vazirlik va idoralar jamgʻarmalari]
8. Madaniyat vazirligiga vazirlikning budjetdan tashqari jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan 2022-yilda 1 mlrd soʻmgacha mablagʻni “Oʻzbekkonsert” davlat muassasasi faoliyatini qoʻllab-quvvatlash va xodimlarini ragʻbatlantirish uchun yoʻnaltirishga ruxsat berilsin.
9. Madaniyat vazirligi:
Davlat soliq qoʻmitasi bilan birgalikda mazkur Farmondan kelib chiqib, joylarda targʻibot va tushuntirish ishlarini tashkil qilish orqali ijrochilarning qonuniy tartibda faoliyat koʻrsatishlariga koʻmaklashsin;
bir oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
10. Mazkur Farmon ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib madaniyat vaziri O.A. Nazarbekov belgilansin.
Farmon ijrosini nazorat qilish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining oʻrinbosari A.A. Djurabayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2022-yil 13-iyul,
PF-168-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 14.07.2022-y., 06/22/168/0630-son)