1.02.00.00.00 Davlat boshqaruvi asoslari / 02.08.00.00 Iqtisodiyot, ijtimoiy-madaniy qurilish sohasidagi davlat boshqaruvining umumiy masalalari / 02.08.06.00 Maʼmuriy tartib-taomillar / 02.08.06.04 Davlat xizmatlarini koʻrsatish;
2.05.00.00.00 Mehnat va aholining bandligi toʻgʻrisidagi qonunchilik / 05.02.00.00 Mehnat / 05.02.17.00 Attestatsiya (xodimlarni) (shuningdek, 13.02.04.00 va 13.01.16.00ga qarang);
3.12.00.00.00 Axborot va axborotlashtirish / 12.03.00.00 Axborot resurslari. Axborot resurslaridan foydalanish / 12.03.08.00 Axborotni taqdim qilish. Axborot xizmatlari]
[TSZ:
1.Davlat va jamiyat qurilishi / Davlat hokimiyati organlari. Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Bolalarni ularning sogʻligʻiga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish sohasidagi ekspertlarni akkreditatsiya qilish hamda Davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari rahbarlarini attestatsiyadan oʻtkazish boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatishning maʼmuriy reglamentlarini tasdiqlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat xizmatlari koʻrsatish infratuzilmasini takomillashtirish va aholining davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 24-iyuldagi PF-6269-son Farmoni ijrosini taʼminlash, shuningdek, mamlakatimizda fuqarolar va tadbirkorlarga kulay investitsiya va ishbilarmonlik muhitini yaratish, byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etish hamda davlat xizmatlari koʻrsatish sifatini tubdan yaxshilash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Bolalarni ularning sogʻligʻiga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish sohasidagi ekspertlarni akkreditatsiya qilish hamda davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari rahbarlarini attestatsiyadan oʻtkazish boʻyicha davlat xizmatlari joriy etilsin.
(2-bandning ikkinchi — beshinchi xatboshilari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 30-noyabrdagi 635-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.12.2023-y., 09/23/635/0917-son)
Davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari rahbarlarini attestatsiyadan oʻtkazish boʻyicha davlat xizmati koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari rahbarlarining elektron reyestrini yuritish tartibi.
3. Belgilansinki, ushbu qaror bilan tasdiqlangan maʼmuriy reglamentlarga muvofiq koʻrsatiladigan davlat xizmatidan foydalanish uchun murojaat etuvchilar faqat davlat xizmatlari markazlari yoki Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi oʻrinlarda — YIDXP) orqali murojaat qiladilar.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik)ga oʻn kun muddatda davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari rahbarlarini attestatsiyadan oʻtkazish boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatish uchun tegishli hujjatlarning namunaviy shakllari va blankalari tayyorlanishini hamda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan kelishgan holda tasdiqlanishini taʼminlash, shuningdek, davlat xizmatlarini joriy etish bilan bogʻliq sarf-xarajatlarni oʻz mablagʻlari hisobidan qoplash tavsiya etilsin.
5. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Agentlik, Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda bolalarni ularning sogʻligʻiga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish sohasidagi ekspertlarni akkreditatsiya qilish hamda davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari rahbarlarini attestatsiyadan oʻtkazish boʻyicha davlat xizmatlarini YIDXP orqali joriy etilishini taʼminlasin.
6. Vazirlar Mahkamasining baʼzi qarorlari 3-ilovaga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari — turizm va madaniy meros vaziri A.A. Abduhakimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 30-noyabrdagi 635-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.12.2023-y., 09/23/635/0917-son)
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 8-iyundagi 317-son qaroriga 2-ILOVA
Davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari rahbarlarini attestatsiyadan oʻtkazish boʻyicha davlat xizmati koʻrsatishning
MAʼMURIY REGLAMENTI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Reglament davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari rahbarlarini attestatsiyadan oʻtkazish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi tomonidan ularni attestatsiyadan oʻtkazish boʻyicha davlat xizmati koʻrsatish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Reglamentda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
ariza beruvchi — axborot xizmati rahbarini attestatsiyadan oʻtkazish uchun murojaat qilgan yuridik shaxs;
talabgor — attestatsiyaga qoʻyilgan axborot xizmati rahbari;
maxsus vakolatli davlat organi (keyingi oʻrinlarda — vakolatli organ) — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi;
attestatsiya — ariza beruvchining axborot xizmatlari rahbarlariga qoʻyiladigan talablarga mosligini vakolatli organ tomonidan tekshirish tartib-taomili;
guvohnoma — vakolatli organ tomonidan davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari rahbarlarining attestatsiyadan oʻtkazilganligini tasdiqlovchi rasmiy hujjat. Guvohnomaning shakli vakolatli organ tomonidan belgilanadi;
Davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari rahbarlarining elektron reyestri (keyingi oʻrinlarda — Reyestr) — davlat organlari va tashkilotlarining axborot xizmatlari rahbarlari toʻgʻrisidagi himoyalangan elektron maʼlumotlar bazasi.
3. Davlat xizmati davlat xizmatlari markazlari yoki Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi oʻrinlarda — YIDXP) orqali koʻrsatiladi.
4. Davlat xizmatlari markazlari va vakolatli organ oʻrtasidagi axborot almashinuvi elektron raqamli imzoni (keyingi oʻrinlarda — ERI) majburiy tartibda qoʻllash orqali faqat idoralararo oʻzaro elektron bogʻlanish yordamida amalga oshiriladi.
5. Davlat xizmati mazkur Reglamentga 1-ilovaga muvofiq sxema boʻyicha koʻrsatiladi.
2-bob. Davlat xizmatini koʻrsatish tartibi
6. Ariza beruvchi davlat xizmatidan foydalanish uchun davlat xizmatlari markazlariga bevosita yoki YIDXP orqali elektron tarzda murojaat qiladi.
7. Ariza beruvchi bevosita murojaat etgan taqdirda, Davlat xizmatlari markazi xodimi ariza beruvchi nomidan, YIDXP orqali murojaat etgan taqdirda esa — mustaqil tarzda ushbu Reglamentga 2-ilovaga muvofiq shakldagi soʻrovnomani elektron tarzda toʻldiradi.
8. Ariza beruvchining soʻrovnomasi Davlat xizmatlari markazi xodimi tomonidan toʻldirilib, ariza beruvchi vakilining imzosi bilan tasdiqlangandan soʻng 10 daqiqada vakolatli organga elektron shaklda yuboriladi. YIDXP orqali murojaat qilinganda esa soʻrovnoma avtomatik tarzda vakolatli organga yuboriladi.
9. Ariza beruvchi bevosita murojaat etgan taqdirda, soʻrovnomadagi tegishli imzolar identifikatsiya qilishning boshqa vositalari (daktiloskopiya, elektron imzo va boshqalar) bilan tasdiqlanishi mumkin.
10. Davlat xizmati koʻrsatilganligi uchun yigʻim undirilmaydi.
11. Agar soʻrovnomada koʻrsatilgan maʼlumotlar yoki tegishli hujjatlar toʻliq topshirilmagan boʻlsa, ariza beruvchiga 5 ish kuni ichida xato va kamchiliklarni toʻgʻrilash uchun muddat beriladi. Belgilangan muddatda xatolar bartaraf etilmaganligi va yetishmayotgan hujjatlar taqdim etilmaganligi davlat xizmati koʻrsatishni rad etish uchun asos hisoblanadi.
Davlat xizmatlari koʻrsatishni boshqa asoslar boʻyicha rad etish taqiqlanadi.
12. Ariza beruvchilar davlat xizmatidan foydalanishdan uni koʻrsatishning har qanday bosqichida bosh tortish huquqiga ega. Ariza beruvchi davlat xizmatidan foydalanishdan bosh tortganda, uning soʻrovnomasi koʻrib chiqilmasdan qoldiriladi.
13. Vakolatli organ soʻrovnoma kelib tushgan kundan boshlab 15 ish kunida taqdim etilgan hujjatlar asosida ariza beruvchini attestatsiyaga qoʻyish yoki qoʻyilmasligi toʻgʻrisida qaror qabul qiladi va bu haqida xabarnomani Davlat xizmatlari markaziga (oʻzi kelib murojaat etgan taqdirda) yoki talabgorga (elektron tarzda murojaat etgan taqdirda) YIDXP orqali elektron shaklda yuboradi.
Ariza beruvchini attestatsiyaga qoʻyish yuzasidan qaror qabul qilinganda, imtihonga qoʻyilganlar roʻyxati axborot tizimi orqali attestatsiya komissiyasiga topshiriladi va YIDXPda joylashtiriladi. Bunda attestatsiya guruhlar shakllanishiga qarab, talabgorlarning soʻrovnomalariga asosan attestatsiya komissiyasi nazorati ostida oʻtkaziladi.
14. Talabgor attestatsiyadan oʻta olmagan taqdirda, vakolatli organ uning sabablarini, qonunchilikdagi aniq normalarni koʻrsatgan holda QR-kod (matrik shtrixli kod) qoʻyilgan bildirishnoma rasmiylashtiradi hamda uni tegishli Davlat xizmatlari markaziga (oʻzi kelib murojaat etgan taqdirda) yoki ariza beruvchiga (elektron tarzda murojaat etgan taqdirda) YIDXP orqali elektron tarzda yuboradi.
Davlat xizmatlari markazi shu kunning oʻzida bildirishnomani ariza beruvchining (oʻzi kelib murojaat etgan taqdirda) elektron manziliga yuboradi va bu haqida uni axborot-kommunikatsiya tizimi orqali xabardor qiladi.
15. Attestatsiyada qatnashishdan chetlashtirilgan talabgor olti oy davomida keyingi attestatsiyalarga qoʻyilmaydi.
3-bob. Talabgorlarni attestatsiyadan oʻtkazish tartibi
16. Attestatsiya 5 — 10 ta savoldan iborat ogʻzaki suhbat shaklida oʻtkaziladi. Attestatsiya jarayoni audio va videoyozuvlarda qayd etib boriladi.
Talabgorlar attestatsiyaga shaxsni tasdiqlovchi hujjat asosida qoʻyiladi.
Attestatsiya savollari attestatsiya komissiyasi raisi va masʼul kotibning imzolari bilan tasdiqlanadi.
17. Talabgorning savollarga javoblari quyidagi mezonlar asosida baholanadi:
oʻz mutaxassisligi boʻyicha tayyorgarlik darajasi;
umumiy va maxsus bilim hamda amaliy koʻnikmalari, kasbiy faoliyati natijalari;
oʻz mutaxassisligi boʻyicha xizmat faoliyatini tahlil qila olishi.
Talabgorning har bir savolga javobi attestatsiya komissiyasi aʼzolarining koʻpchilik ovozi bilan oʻn ballik tizimda baholanadi. Ovozlar teng boʻlganda komissiya raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
18. Attestatsiyada talabgor toʻplanishi mumkin boʻlgan eng yuqori ballning 65 foizi va undan yuqori ball olgan taqdirda, attestatsiya komissiyasi tomonidan attestatsiyadan oʻtganligi toʻgʻrisida qaror qabul qilinishi uchun asos boʻladi.
19. Attestatsiya natijasi hamda har bir talabgor boʻyicha attestatsiya komissiyasi qarori talabgorning attestatsiya varaqasiga kiritiladi hamda ushbu varaqa attestatsiya komissiyasining barcha aʼzolari tomonidan imzolanadi.
20. Attestatsiya davomida attestatsiya komissiyasi kotibi tomonidan bayonnoma yuritiladi.
Bayonnomada quyidagi maʼlumotlar koʻrsatiladi:
attestatsiya oʻtkazilgan joy va sana;
attestatsiya boshlangan va tugallangan vaqt;
attestatsiyada qatnashgan attestatsiya komissiyasi aʼzolarining familiyasi, ismi va otasining ismi hamda lavozimi;
attestatsiyaning umumiy natijalari;
attestatsiya jarayoniga taalluqli boʻlgan boshqa maʼlumotlar.
Bayonnomaga attestatsiyada hozir boʻlgan va kelmagan talabgorlar roʻyxati kiritilgan jadval ilova qilinadi. Mazkur jadvalda har bir talabgorning familiyasi, ismi va otasining ismi, tugʻilgan yili, ish joyi va lavozimi, mutaxassisligi, umumiy ish staji, mutaxassisligi boʻyicha ish staji, attestatsiyada olingan ballar hamda attestatsiya komissiyasining qarori koʻrsatiladi.
Bayonnoma attestatsiya komissiyasi raisi va kotibi tomonidan imzolanadi.
21. Bayonnomaga asosan, vakolatli organ rahbarining buyrugʻi qabul qilinadi hamda QR-kod (matrik shtrixli kod) qoʻyilgan guvohnoma rasmiylashtiriladi. Vakolatli organ rahbari guvohnomani oʻz ERI bilan tasdiqlab, tegishli Davlat xizmatlari markaziga (oʻzi kelib murojaat etgan taqdirda) yoki talabgorga (elektron tarzda murojaat etgan taqdirda) YIDXP orqali elektron tarzda yuboradi.
22. Davlat xizmatlari markazi 10 daqiqa ichida guvohnomani talabgorning elektron manziliga yuboradi va bu haqida ariza beruvchini axborot-kommunikatsiya tizimi orqali xabardor qiladi.
23. Davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari rahbarlari har uch yilda attestatsiyadan oʻtadi.
Attestatsiyadan oʻtganlik toʻgʻrisidagi guvohnomaga ega boʻlgan shaxslar mazkur guvohnomaning amal qilish muddati tugashiga qadar ikki oylik muddat ichida attestatsiyadan oʻtish kerak.
4-bob. Davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari rahbarlarining elektron reyestrini yuritish tartibi
24. Vakolatli organ davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari rahbarlarining elektron reyestrini yuritadi va unga quyidagi maʼlumotlarni kiritib boradi:
attestatsiya qilingan davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari rahbarlari yoki axborot xizmatlari rahbarlarining tashkilotlari toʻgʻrisida;
attestatsiya qilingan davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari rahbarlari yoki axborot xizmatlari rahbarlarining tashkilotlari tarqatadigan axborot mahsulotlari turi toʻgʻrisida;
attestatsiya toʻgʻrisida qaror qabul qilingan sana;
attestatsiya qilinganligi toʻgʻrisida guvohnomaning raqami va berilgan sanasi;
attestatsiyaning amal qilish muddati;
attestatsiya qilinganligi toʻgʻrisida guvohnomaning amal qilishini toʻxtatib turish va qayta tiklash toʻgʻrisidagi qarorlar qabul qilinishi uchun asoslar va ular qabul qilingan sanalar;
attestatsiya qilinganligi toʻgʻrisida guvohnomaning amal qilishini bekor qilish uchun asos va bekor qilingan sana.
25. Davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari rahbarlarining elektron reyestri begona odamlar kirishi taqiqlangan joylarda saqlanadigan va ishlatiladigan elektron manbalarda, axborotni yoʻq qilish, bloklash, oʻgʻirlash yoki oʻzgartirishning oldini oladigan shart-sharoitlarda yuritiladi.
26. Mazkur reyestrga tegishli qaydni kiritish uchun vakolatli organ tomonidan belgilangan tartibda qabul qilingan qaror asos boʻladi.
27. Axborot xizmatlari rahbarlari reyestriga attestatsiyadan oʻtkazish, attestatsiyaning amal qilishini toʻxtatib turish, qayta tiklash va bekor qilish toʻgʻrisida qaydlarni kiritish qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran bir ish kuni ichida amalga oshiriladi.
28. Manfaatdor tomonlarning Axborot xizmatlari rahbarlari reyestridagi maʼlumotlardan (davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari rahbarlari tarkibi, ularning ismi, familiyasi, otasining ismi, lavozimlari, unvonlari, elektron pochta manzillari) foydalanish imkoniyati vakolatli organning rasmiy veb-sayti orqali taʼminlanadi.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
29. Davlat xizmatlari markazlari va vakolatli organ oʻz faoliyatini amalga oshirishi natijasida olingan maxfiy maʼlumotlarning sir saqlanishini taʼminlaydi.
30. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, uning hududiy boshqarmalari va davlat xizmatlari markazlari ushbu Reglament talablari ijrosi boʻyicha davlat organlari va boshqa tashkilotlarning faoliyati yuzasidan doimiy nazorat va monitoringni amalga oshiradi.
31. Talabgorlar davlat organlari va boshqa tashkilotlar xodimlarining xatti-harakatlari yuzasidan qonunchilikka muvofiq shikoyat qilishlari mumkin.
32. Mazkur Reglament talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilikka muvofiq belgilangan tartibda javob beradilar.
Davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari rahbarlarini attestatsiyadan oʻtkazish boʻyicha davlat xizmati koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga 1-ILOVA
Davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari rahbarlarini attestatsiyadan oʻtkazish
SXEMASI
Bosqichlar
Subyektlar
Tadbirlar
Bajarish muddatlari
1-bosqich
Ariza beruvchi
Davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmati rahbarini attestatsiyadan oʻtkazish uchun Davlat xizmatlari markaziga bevosita yoki vakolatli organga YIDXP orqali murojaat qiladi.
Xohishiga koʻra
2-bosqich
1. Davlat xizmatlari markazi
2. YIDXP
1. Soʻrovnoma shaklini toʻldirib, vakolatli organga yuboradi.
2. Toʻldirilgan soʻrovnoma vakolatli organga yuboriladi.
1. 10 daqiqada
2. Avtomatik tarzda
3-bosqich
Vakolatli organ
(Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi)
1. Ariza beruvchini attestatsiyaga qoʻyish yoki attestatsiyaga qoʻyishni rad etish haqida qaror qabul qiladi.
2. Qabul qilingan qaror toʻgʻrisidagi xabarnomani Davlat xizmatlari markaziga (oʻzi kelib murojaat etgan taqdirda) yoki ariza beruvchiga (elektron tarzda murojaat etgan taqdirda) YIDXP orqali yuboradi.
15 ish kunida
4-bosqich
Davlat xizmatlari markazi
Xabarnomani ariza beruvchining elektron manziliga yuboradi va bu haqida uni axborot-kommunikatsiya tizimi orqali xabardor qiladi.
Qaror kelib tushgandan soʻng darhol
5-bosqich
Vakolatli organ
Talabgorlarni attestatsiyadan oʻtkazadi. Attestatsiya vakolatli organ tuzadigan attestatsiya komissiyasi tomonidan 5 — 10 ta savoldan iborat ogʻzaki suhbat shaklida oʻtkaziladi.
Qaror qabul qilingandan soʻng attestatsiya guruhi shakllanishiga qarab
6-bosqich
Vakolatli organ
Guvohnomani yoki attestatsiyadan oʻta olmaganligi toʻgʻrisidagi bildirishnomani Davlat xizmatlari markaziga (oʻzi kelib murojaat etgan taqdirda) yoki ariza beruvchiga (elektron tarzda murojaat etgan taqdirda) YIDXP orqali elektron shaklda yuboradi.
10 daqiqada
7-bosqich
Davlat xizmatlari markazi
Guvohnoma yoki bildirishnomani talabgorning elektron manziliga yuboradi va bu haqida uni axborot-kommunikatsiya tizimi orqali xabardor qiladi.
Guvohnoma kelib tushgan kuni
Davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari rahbarlarini attestatsiyadan oʻtkazish boʻyicha davlat xizmati koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga 2-ILOVA
Attestatsiyadan oʻtkazish toʻgʻrisida SOʻROVNOMA
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 8-iyundagi 317-son qaroriga 3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblanayotgan baʼzi qarorlari
ROʻYXATI
1. Vazirlar Mahkamasining “Bolalarni ularning sogʻligʻiga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 22-oktabrdagi 848-son qarori 1-bandi uchinchi xatboshisi va unga 2-ilova.
2. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Axborot sohasi va ommaviy kommunikatsiyalarni yanada rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2019-yil 2-fevraldagi PF-5653-son Farmoni va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida” 2019-yil 2-fevraldagi PQ-4151-son qarori)” 2019-yil 3-iyundagi 457-son qaroriga 1-ilovaning 43-bandi “d” kichik bandi.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.06.2022-y., 09/22/317/0497-son; 02.12.2023-y., 09/23/635/0917-son; 04.12.2024-y., 09/24/809/0998-son)