toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 16.12.2025
Hujjat 07.06.2022 sanasi holatiga
Amaldagi versiyaga o‘tish
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Aktuariy malaka sertifikatini berish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentini tasdiqlash toʻgʻrisida
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-dekabrdagi 791-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat xizmatlari koʻrsatish infratuzilmasini takomillashtirish va aholining davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 24-iyuldagi PF-6269-son Farmoniga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Aktuariy malaka sertifikatini berish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti (keyingi oʻrinlarda — Reglament) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
daʼvogarning malaka sertifikati olish uchun Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi oʻrinlarda — YIDXP) orqali murojaat qilish tartibi;
aktuariy malaka sertifikatini berish va qayta rasmiylashtirish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatish;
aktuariy malaka sertifikatini olish uchun daʼvogarga qoʻyiladigan talablar va malaka imtihonini oʻtkazish tartibi;
malaka imtihonidan muvaffaqiyatli oʻtgan daʼvogarlarga aktuariy malaka sertifikatini berish, shuningdek, malaka sertifikatlarining reyestrini yuritish tartibi;
aktuariy malaka sertifikatini bekor qilish asoslari.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Moliya vazirligi hamda Adliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda:
ushbu qaror bilan tasdiqlangan Reglamentga muvofiq davlat xizmatlari koʻrsatish YIDXP orqali joriy etilishini taʼminlasin;
YIDXPda davlat xizmatlari koʻrsatilishining har bir bosqichida murojaatlar koʻrib chiqilishini kuzatib borish tartibini joriy etsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi:
davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan davlat xizmatlari koʻrsatilishining belgilangan tartibiga rioya etilishi boʻyicha ularning faoliyati yuzasidan, jumladan, YIDXP orqali doimiy nazorat oʻrnatsin;
ushbu qaror bilan tasdiqlangan Reglament talablari buzilgan hollarda, davlat organlari va boshqa tashkilotlarning mansabdor shaxslariga nisbatan belgilangan tartibda maʼmuriy jazo choralarini qoʻllasin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 2-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari — iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vaziri J.A. Qoʻchqorov hamda Oʻzbekiston Respublikasi moliya vaziri T.A. Ishmetov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 7-iyun,
305-son
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 7-iyundagi 305-son qaroriga
1-ILOVA
Aktuariy malaka sertifikatini berish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishning
MAʼMURIY REGLAMENTI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Maʼmuriy reglament (keyingi oʻrinlarda — Reglament) aktuariy malaka sertifikatini berish, qayta rasmiylashtirish va bekor qilish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Reglamentda quyidagi tushunchalardan foydalaniladi:
aktuariy — aktuariy malaka sertifikatini olgan va aktuar tashkilot shtatida turgan yoki aktuar tashkilot bilan fuqarolik-huquqiy shartnoma tuzgan jismoniy shaxs;
aktuar tashkilot — aktuar xizmatlar koʻrsatuvchi va oʻz shtatida kamida bitta aktuariyga ega boʻlgan yuridik shaxs;
aktuariy malaka sertifikati — jismoniy shaxsga, agar ushbu shaxs aktuar tashkilot shtatida yoki u bilan aktuar tashkilot oʻrtasida fuqarolik-huquqiy tusdagi shartnoma tuzilgan boʻlsa, aktuar xizmatlar koʻrsatish huquqini beruvchi hujjat;
vakolatli organ — Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Sugʻurta bozorini rivojlantirish agentligi;
daʼvogar — aktuariy malaka sertifikatini olishga talabgor boʻlgan jismoniy shaxs.
3. Daʼvogar malaka imtihonini muvaffaqiyatli topshirgan taqdirda, aktuariy malaka sertifikati vakolatli organ tomonidan besh yil muddatga beriladi. Ushbu Reglament bilan belgilangan malaka talablariga javob beradigan daʼvogar malaka imtihonini topshirishga qoʻyiladi.
4. Aktuariy malaka sertifikatini berish va qayta rasmiylashtirish boʻyicha davlat xizmatlari Davlat xizmatlari markazi va Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi oʻrinlarda — YIDXP) orqali koʻrsatiladi.
5. Aktuariy malaka sertifikati ushbu Reglamentga 1-ilovadagi sxemaga muvofiq beriladi.
6. Vakolatli organ vakolatli shaxsning elektron raqamli imzosi (keyingi oʻrinlarda — ERI) bilan tasdiqlangan hamda ushbu Reglamentga 2-ilovaga muvofiq elektron shaklda rasmiylashtiriladigan aktuariy malaka sertifikatini beradi.
7. Aktuariy malaka sertifikatini berish uchun daʼvogar quyidagi talablarga javob berishi kerak:
iqtisodiyot yoki matematika oliy taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tashkilotlarida olingan oliy maʼlumotga yoki xorijiy davlatlarning oliy taʼlim tashkilotlarida olingan hamda qonunchilik hujjatlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasida tan olingan oliy maʼlumotga ega boʻlish yoxud Oʻzbekiston Respublikasida yoki xorijiy davlatlarda (qonunchilik hujjatlariga muvofiq tan olishdan oʻtgan taqdirda) olingan matematika yoki iqtisodiyot fanlari boʻyicha ilmiy darajaga ega boʻlish;
soʻnggi oʻn yil ichida kamida besh yil sugʻurta, matematika, statistika, axborotlashtirish sohalarida ish stajiga (jumladan, oʻrindoshlik asosida) yoki pedagogik stajga ega boʻlish.
2-bob. Aktuariy malaka sertifikatini berish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatish tartibi
8. Daʼvogar aktuariy malaka sertifikatini berish boʻyicha davlat xizmatlaridan foydalanish uchun Davlat xizmatlari markaziga bevosita oʻzi yoki ishonchli vakili orqali murojaat etadi yoxud YIDXPda davlat xizmatlaridan elektron shaklda foydalanish uchun roʻyxatdan oʻtadi.
9. Daʼvogar Davlat xizmatlari markaziga bevosita oʻzi yoki ishonchli vakili orqali murojaat etgan taqdirda, Davlat xizmatlari markazi xodimi daʼvogar nomidan, YIDXP orqali murojaat qilgan hollarda esa — mustaqil ravishda ushbu Reglamentga 3-ilovaga muvofiq shakldagi anketani elektron shaklda toʻldiradi.
Anketa Davlat xizmatlari markazi xodimi tomonidan toʻldirilganda, daʼvogar undagi maʼlumotlarning toʻgʻriligini tekshirgandan soʻng oʻz ERIsi bilan tasdiqlaydi.
Davlat xizmatlari markazi ariza beruvchi oʻz ERIsini shu joyning oʻzida olishi uchun barcha zarur sharoitlarni taʼminlashi shart.
Anketani ERI bilan tasdiqlash imkoniyati boʻlmagan hollarda, tegishli maʼlumot identifikatsiya qilishning boshqa vositalari (daktiloskopiya, elektron imzo va boshqalar) bilan ham tasdiqlanishi mumkin.
10. Quyidagi hujjatlar vakolatli organ tomonidan tegishli davlat organlari va tashkilotlaridan mustaqil ravishda, jumladan, “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali soʻrab olinadi:
pasport (identifikatsiyalovchi ID-karta) yoki shaxsni tasdiqlovchi boshqa maʼlumotlari;
daʼvogarning belgilangan shakldagi fotosurati;
iqtisodiyot yoki matematika oliy taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha oliy maʼlumot toʻgʻrisidagi diplom, ilmiy daraja olganligi toʻgʻrisidagi hujjat nusxasi yoxud oliy maʼlumot yoki ilmiy daraja haqidagi xorijiy hujjatni tan olish toʻgʻrisida vakolatli davlat organining guvohnomasi nusxasi (olish imkoni mavjud boʻlmagan holatlar bundan mustasno);
ish staji toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (olish imkoni mavjud boʻlmagan holatlar bundan mustasno);
jismoniy shaxslarning familiyasi va (yoki) ismi oʻzgartirilgan boʻlsa, bu toʻgʻrisidagi maʼlumotlar.
Davlat xizmatlari markazi va vakolatli organ oʻrtasida axborot almashinuvi ERIni qoʻllagan holda, faqat idoralararo elektron hamkorlik orqali amalga oshiriladi.
11. Daʼvogar Davlat xizmatlari markaziga bevosita oʻzi yoki ishonchli vakili orqali murojaat etganda, uning anketasi Davlat xizmatlari markazi xodimi tomonidan toʻldirilib, daʼvogarning ERIsi bilan tasdiqlangandan soʻng real vaqt rejimida, biroq bir soatdan oshmagan vaqt ichida, YIDXP orqali murojaat qilganda esa — avtomatik tarzda vakolatli organga elektron shaklda yuboriladi.
12. Daʼvogarning aktuariy malaka sertifikatini berish toʻgʻrisidagi murojaatini koʻrib chiqish boʻyicha davlat xizmati koʻrsatilganligi uchun bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida yigʻim undiriladi.
Daʼvogar davlat xizmati koʻrsatilishi uchun YIDXP orqali murojaat etgan taqdirda, yigʻim summasining 90 foizi miqdorida undiriladi.
Yigʻim summasi quyidagi tartibda taqsimlanadi:
a) Davlat xizmatlari markazi orqali murojaat etilganda:
20 foizi — Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Davlat xizmatlarini rivojlantirish jamgʻarmasi shaxsiy gʻazna hisobvaragʻiga;
qolgan mablagʻlar — vakolatli organning budjetdan tashqari jamgʻarmasiga;
b) YIDXP orqali murojaat etilganda:
10 foizi — Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Davlat xizmatlarini rivojlantirish jamgʻarmasi shaxsiy gʻazna hisobvaragʻiga;
11,25 foizi — Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamgʻarmasining elektron hukumat va raqamli iqtisodiyotning idoralararo loyihalarini moliyalashtirish boʻyicha maxsus hisobvaragʻiga;
0,5 foizi — Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamgʻarmasiga;
qolgan mablagʻlar — vakolatli organning budjetdan tashqari jamgʻarmasiga oʻtkaziladi.
Davlat xizmatlari koʻrsatilganligi uchun yigʻim toʻlanganligi axborot-kommunikatsiya tizimlari orqali tasdiqlanadi.
13. Daʼvogar davlat xizmatlaridan foydalanishda ularni koʻrsatishning har qanday bosqichida bosh tortish huquqiga ega. Daʼvogar davlat xizmatlaridan foydalanishdan bosh tortganda, uning antekasi koʻrib chiqilmasdan qoldiriladi va toʻlangan yigʻim qaytarilmaydi.
3-bob. Malaka imtihonini topshirishga ruxsat berish yoki rad etish toʻgʻrisida qarorlar qabul qilish tartibi
14. Vakolatli organ murojaat kelib tushgan kundan boshlab oʻn kun muddatda daʼvogarga malaka imtihonini topshirishga ruxsat berish yoki rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
15. Vakolatli organ daʼvogarni ruxsat berish yoki rad etish toʻgʻrisida qabul qilingan qaror haqida uch kun ichida elektron shaklda xabardor qiladi. Rad etilgan holatda, uning asoslari koʻrsatiladi.
Vakolatli organ daʼvogar tomonidan ushbu Reglamentga asosan anketaga ilova qilinishi lozim boʻlgan hujjatlarning toʻliq emasligi, tegishli ravishda rasmiylashtirilmagan va taqdim etilgan hujjatlarda notoʻgʻri yoki buzib koʻrsatilgan maʼlumotlarning mavjudligi hamda davlat xizmatlarini koʻrsatish uchun belgilangan yigʻim toʻlanmaganligi, shuningdek, daʼvogarning ushbu Reglamentning 7-bandida nazarda tutilgan talablarga muvofiq kelmasligi daʼvogarga davlat xizmatlari koʻrsatilishini hamda malaka imtihonini topshirishga ruxsat berishni rad etish uchun asos hisoblanadi.
Davlat xizmatlari koʻrsatishni boshqa asoslar boʻyicha rad etish taqiqlanadi.
16. Murojaati rad etilgan daʼvogar rad etish uchun sabab boʻlgan kamchiliklarni bartaraf etganidan soʻng ushbu Reglamentda belgilangan tartibda vakolatli organga besh ish kunida qayta murojaat qilishga haqli.
Daʼvogar belgilangan muddatda qayta murojaat qilganda, vakolatli organ undan yigʻim undirmaydi.
Daʼvogar besh ish kuni oʻtgandan keyin murojaat qilgan taqdirda, murojaat yangidan berilgan deb hisoblanadi va daʼvogardan mazkur Reglamentning 12-bandida koʻrsatilgan miqdorda yigʻim undiriladi.
17. Daʼvogarning arizasini qayta koʻrib chiqishda ilgari malaka imtihoni topshirishga ruxsat berishni rad etish toʻgʻrisidagi xabarnomada koʻrsatilmagan yangi asoslar boʻyicha malaka imtihonini topshirishni rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Malaka imtihonini topshirishga ruxsat berish toʻgʻrisida qaror qabul qilinganda, vakolatli organ malaka imtihonini topshirishga ruxsat berilgan daʼvogarlar roʻyxatini imtihon komissiyasiga topshiradi.
18. Malaka imtihonini topshirishga ruxsat berilgan daʼvogarlar malaka imtihonini oʻtkazish sanasi, vaqti va joyi toʻgʻrisida imtihon oʻtkazilishidan kamida oʻn kun oldin tegishli Davlat xizmatlari markaziga (oʻzi murojaat etganda) yoki daʼvogarga YIDXP orqali (elektron tarzda murojaat etganda) elektron shaklda xabarnoma yuboriladi.
19. Davlat xizmatlari markazi vakolatli organdan elektron shaklda xabarnoma kelib tushgan kunda uni daʼvogarga anketada koʻrsatilgan elektron manzil boʻyicha yuboradi. Davlat xizmatlari markazi daʼvogarning soʻroviga koʻra xabarnomani qogʻoz shaklida berishi lozim.
4-bob. Imtihon komissiyasi
20. Malaka imtihonini tashkil etish va oʻtkazish uchun vakolatli organ tomonidan imtihon komissiyasi tashkil qilinadi. Imtihon komissiyasi rais, rais oʻrinbosari, kotib va kamida uch nafar aʼzodan iborat boʻladi.
Imtihon komissiyasi tarkibiga vakolatli organ xodimlari, aktuar hisob-kitoblar va sugʻurta sohalaridagi mutaxassislar kiritiladi. Imtihon komissiyasining tarkibi har bir malaka imtihoni uchun alohida tuziladi.
21. Malaka imtihoni komissiyasining tarkibi va ish reglamenti vakolatli organ tomonidan tasdiqlanadi.
Imtihon komissiyasi aʼzolarining uchdan ikki qismi hamda raisi yoki uning oʻrinbosari ishtirok etganda, imtihon komissiyasi vakolatli hisoblanadi.
22. Imtihon komissiyasining ishi bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi. Bayonnoma imtihon komissiyasining raisi tomonidan tasdiqlanadi va ishtirok etgan barcha aʼzolar tomonidan imzolanadi.
5-bob. Malaka imtihonini oʻtkazish tartibi
23. Malaka imtihoni kamida uch kishidan iborat guruhning shakllanishiga koʻra, lekin uch oyda kamida bir marta oʻtkaziladi. Malaka imtihonini oʻtkazish sanasi vakolatli organ tomonidan belgilanadi.
24. Malaka imtihoni ikki bosqichda oʻtkaziladi:
test sinovi (uch akademik soat davomida kompyuter orqali). Test sinovi yakunlangach, uning natijasi shu vaqtning oʻzidan maʼlum qilinadi. Uning natijasiga koʻra daʼvogarga yozma va ogʻzaki imtihonni topshirish uchun ruxsat beriladi;
imtihon biletlari boʻyicha yozma va ogʻzaki imtihon (masalalarni yechish va ogʻzaki javobga tayyorlanish uchun uch akademik soat beriladi).
Malaka imtihonining ikkala bosqichini bir kun davomida oʻtkazishga ruxsat berilmaydi.
25. Test savollari va imtihon biletlari vakolatli organ tomonidan ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.
Test savollari va imtihon biletlariga kiritilgan fanlar boʻyicha mavzular vakolatli organning rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi.
Imtihon komissiyasi raisining imzosi qoʻyilmagan imtihon biletlari haqiqiy emas deb hisoblanadi.
Testlar va imtihon biletlari mazmuni qonunchilik hujjatlariga kiritiladigan oʻzgartirish va qoʻshimchalarni hisobga olgan holda davriy ravishda qayta koʻrib chiqiladi.
26. Daʼvogarga uning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar (pasport, identifikatsiyalovchi ID-karta yoki shaxsni tasdiqlovchi boshqa hujjat) taqdim etilgan taqdirda, malaka imtihonini topshirish uchun ruxsat beriladi. Ushbu hujjatlari boʻlmagan yoki malaka imtihoniga kechikkan daʼvogar imtihonga kelmagan deb hisoblanadi va navbatdagi malaka imtihonini topshirishga ruxsat berilgan shaxslar roʻyxatiga kiritiladi.
27. Malaka imtihonini oʻtkazishga ajratilgan vaqt ichida daʼvogar kompyuter vositasida oʻtkaziladigan test sinovlarini yakunlashi, imtihon biletlari boʻyicha javoblarni imtihon komissiyasiga topshirishi shart. Ushbu talablarni buzgan daʼvogar malaka imtihonini topshirmagan deb hisoblanadi.
28. Test savollari quyidagi taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha 40 ta nazariy savollardan iborat:
aktuar matematika (10 ta savol);
statistika va ehtimollar nazariyasi (10 ta savol);
sugʻurta ishi va tavakkalchilik nazariyasi (10 ta savol);
investitsiya faoliyati va moliyani boshqarish (10 ta savol).
Har bitta toʻgʻri javob uchun bir ball beriladi.
Test sinovlari natijalarini ijobiy deb eʼtirof etish uchun asos boʻladigan toʻplangan ballar yigʻindisi 30 balldan kam boʻlmasligi kerak.
Test sinovlari natijalari salbiy deb eʼtirof etilganda (30 balldan kam toʻplangan ball), daʼvogar imtihon topshirishga qoʻyilmaydi.
29. Imtihon bileti quyidagi taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha 4 ta nazariy savol va 4 ta amaliy masalalardan iborat:
aktuar matematika;
statistika va ehtimollar nazariyasi;
sugʻurta ishi va tavakkalchilik nazariyasi;
investitsiya faoliyati va moliyani boshqarish.
Imtihon biletining har bir nazariy savoli va amaliy masalasi 5 ballik tizim boʻyicha baholanadi.
Imtihon bileti boʻyicha kamida 30 ball toʻplagan daʼvogar malaka imtihonini muvaffaqiyatli topshirgan hisoblanadi.
30. Malaka imtihoni oʻtkazilayotgan vaqtda qonunchilik hujjatlari va yoʻriqnoma materiallari, maʼlumotnomalar va maxsus adabiyotlardan foydalanish, boshqa daʼvogarlar bilan gaplashish, shuningdek, aloqa vositalaridan foydalanish man qilinadi. Ushbu talablarni buzgan daʼvogar malaka imtihonini oʻtkazish tartibi buzilganligi boʻyicha dalolatnoma rasmiylashtirilib, auditoriyadan chiqarib yuboriladi va malaka imtihonini topshirmagan deb hisoblanadi.
Malaka imtihonida begona shaxslarning ishtirok etishiga ruxsat berilmaydi.
31. Malaka imtihonining shaffofligi va xolisligini taʼminlash maqsadida malaka imtihonini oʻtkazish jarayoni uzluksiz ravishda videoyozuvga (ovozli) tushiriladi va ushbu videomateriallar vakolatli organda kamida bir yil saqlanadi.
Malaka imtihoni natijalari imtihon komissiyasining bayonnomasi bilan rasmiylashtiriladi va malaka imtihoni oʻtkazilgan sanadan soʻng uch kun ichida vakolatli organga topshiriladi.
Imtihon komissiyasi bayonnomasida quyidagilar koʻrsatiladi:
imtihon komissiyasi tarkibi;
malaka imtihonining birinchi bosqichida ishtirok etgan daʼvogarlarning ular toʻplagan ballar koʻrsatilgan roʻyxati;
malaka imtihonining birinchi bosqichiga kelmagan daʼvogarlar roʻyxati;
malaka imtihonining ikkinchi bosqichida ishtirok etish uchun ruxsat berilgan daʼvogarlar roʻyxati;
malaka imtihonining ikkinchi bosqichida ishtirok etgan daʼvogarlarning ular toʻplagan ballar koʻrsatilgan roʻyxati;
malaka imtihonining ikkinchi bosqichiga kelmagan daʼvogarlar roʻyxati;
malaka imtihonini muvaffaqiyatli topshirgan daʼvogarlar roʻyxati;
malaka imtihonini topshira olmagan daʼvogarlar roʻyxati.
32. Malaka imtihonini topshirish boʻyicha hujjatlar (test natijalari, biletlar va ularga javoblar), shuningdek, imtihon komissiyasining bayonnomalari vakolatli organda besh yil mobaynida saqlanadi.
33. Malaka imtihonini topshira olmagan daʼvogar aktuariy malaka sertifikatini olish uchun yigʻimni toʻlash sharti bilan mazkur Reglamentga muvofiq qayta murojaat etishga haqlidir.
Malaka imtihonini topshira olmagan daʼvogarlarga yigʻim qaytarilmaydi.
6-bob. Aktuariy malaka sertifikatini berish tartibi
34. Vakolatli organ imtihon komissiyasining bayonnomalari qabul qilib olgandan soʻng uch ish kuni mobaynida belgilangan tartibda QR-kod qoʻyilgan aktuariy malaka sertifikatini rasmiylashtiradi va uni oʻz ERIsi bilan tasdiqlab, tegishli Davlat xizmatlari markaziga (oʻzi murojaat etganda) yoki daʼvogarga YIDXP orqali (elektron tarzda murojaat etganda) elektron shaklda yuboradi.
35. Davlat xizmatlari markazi vakolatli organdan aktuariy malaka sertifikati elektron shaklda kelib tushgandan soʻng oʻn daqiqa mobaynida uni daʼvogarning elektron manziliga yuboradi va daʼvogarni bu haqda axborot-kommunikatsiya tizimi orqali xabardor qiladi. Davlat xizmatlari markaziga daʼvogar oʻzi kelib murojaat qilgan taqdirda, daʼvogarning soʻroviga koʻra unga aktuariy malaka sertifikatini elektron yoki qogʻoz shaklda beradi.
Agar aktuariy malaka sertifikati vakolatli organ tomonidan daʼvogarga YIDXP orqali elektron shaklda yuborilsa, u avtomatik ravishda daʼvogarning elektron kabinetida namoyon boʻladi.
Aktuariy malaka sertifikati hisobga olish seriyasi va raqamiga ega boʻladi.
36. Aktuariy malaka sertifikatining egasi aktuariy malaka sertifikatining amal qilish muddati tugashidan uch oy oldin, biroq ushbu sertifikatning amal qilish muddati tugashidan olti oydan koʻp boʻlmagan muddatda vakolatli organga aktuariy malaka sertifikatini yangi muddatga olish uchun mazkur Reglamentga muvofiq Davlat xizmatlari markazi yoki YIDXP orqali murojaat qiladi.
Bunda mazkur Reglamentning 12-bandida koʻrsatilgan yigʻim miqdorining 50 foizi undiriladi.
7-bob. Apellyatsiyalarni koʻrib chiqish
37. Malaka imtihoni natijalariga koʻra salbiy qaror chiqarilgan daʼvogar malaka imtihoni natijalari eʼlon qilingan sanadan boshlab oʻttiz kalendar kuni mobaynida vakolatli organga apellyatsiya berish huquqiga ega. Apellyatsiya yozma shaklda taqdim etiladi. Apellyatsiyani koʻrib chiqish muddati oʻn besh kundan oshmasligi lozim.
38. Apellyatsiyani koʻrib chiqish uchun vakolatli organ tomonidan Apellyatsiya komissiyasi tashkil qilinadi. Apellyatsiya komissiyasi tarkibi vakolatli organning buyrugʻi bilan tasdiqlanadi. Apellyatsiya komissiyasi tarkibiga imtihon komissiyasi tarkibiga kirgan shaxslar kiritilmaydi.
Apellyatsiya komissiyasi besh kun muddat ichida berilgan apellyatsiyani daʼvogar ishtirokida koʻrib chiqadi. Apellyatsiya komissiyasining ishi bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi. Bayonnoma apellyatsiya komissiyasining barcha aʼzolari va daʼvogar tomonidan imzolanadi.
Apellyatsiya komissiyasi apellyatsiyani koʻrib chiqish natijalari boʻyicha quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:
imtihon komissiyasining qarorini oʻzgarishsiz qoldirish va apellyatsiyani qanoatlantirishni rad etish;
imtihon komissiyasining qarorini bekor qilish va aktuariy malaka sertifikatini berish toʻgʻrisida.
39. Imtihon komissiyasining qarorini oʻzgarishsiz qoldirish va apellyatsiyani qanoatlantirishni rad etish toʻgʻrisidagi qaror quyidagi hollarda qabul qilinadi:
apellyatsiya ushbu Reglament talablari buzilgan holda berilgan boʻlsa;
apellyatsiyada keltirilgan sabablar oʻz tasdigʻini topmasa.
40. Imtihon komissiyasining qarorini bekor qilish va aktuariy malaka sertifikatini berish toʻgʻrisidagi qaror malaka imtihoni ushbu Reglament talablari buzilgan holda oʻtkazilgan taqdirda qabul qilinadi.
41. Aktuariy malaka sertifikatini berish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilingandan soʻng vakolatli organ daʼvogarga aktuariy malaka sertifikatini beradi.
42. Qayta apellyatsiyaga yoʻl qoʻyilmaydi.
8-bob. Aktuariy malaka sertifikatini qayta rasmiylashtirish tartibi
43. Ilgari berilgan aktuariy malaka sertifikatida koʻrsatilgan maʼlumotlar oʻzgargan taqdirda, daʼvogar aktuariy malaka sertifikatini qayta rasmiylashtirish uchun oʻn ish kunida Davlat xizmatlari markaziga bevosita oʻzi yoki ishonchli vakili orqali murojaat etadi yoxud YIDXPda elektron shakldagi tegishli murojaatni yuboradi.
Anketaga kiritilgan maʼlumotlarning haqqoniyligi axborot tizimlari yordamida avtomatik ravishda tekshiriladi.
44. Anketada xato maʼlumotlar koʻrsatilgan taqdirda, murojaat avtomatik ravishda rad etiladi va bu haqda daʼvogarga onlayn tarzda elektron shaklda javob qaytariladi.
45. Vakolatli organ daʼvogarning murojaati kelib tushgan kundan boshlab besh kundan koʻp boʻlmagan muddatda aktuariy malaka sertifikatini qayta rasmiylashtiradi va ushbu Reglamentning 34-bandida belgilangan tartibda daʼvogarga yuboradi.
46. Vakolatli organ aktuariy malaka sertifikatini qayta rasmiylashtirishda reyestrga tegishli oʻzgartirishlar kiritadi.
47. Aktuariy malaka sertifikatini qayta rasmiylashtirish uchun daʼvogar qayta imtihondan oʻtkazilmaydi va yigʻim undirilmaydi.
48. Aktuariy malaka sertifikatining egasi ushbu sertifikat qayta rasmiylashtirilgunga qadar unda koʻrsatilgan faoliyatni ilgari berilgan aktuariy malaka sertifikati asosida amalga oshiradi.
9-bob. Aktuariy malaka sertifikatini bekor qilish tartibi
49. Aktuariy malaka sertifikati quyidagi hollarda bekor qilinadi:
aktuariy malaka sertifikatini olgan shaxs tomonidan aktuar xizmatlar koʻrsatish talablari va shartlari bir marotaba qoʻpol ravishda buzilganda;
aktuariy malaka sertifikati qalbaki hujjatlardan foydalangan holda olinganligi aniqlanganda.
50. Aktuariy malaka sertifikatining bekor qilinishiga asos boʻladigan qoʻpol qoidabuzarliklarga quyidagilar kiradi:
aktuar xizmatlarni koʻrsatish davomida aktuariy tomonidan olingan maʼlumotlarni uchinchi shaxslarga aktuar xizmatlar buyurtmachisining ruxsatisiz taqdim etish holatining aniqlanishi, qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno;
aktuariy malaka sertifikatini boshqa shaxsga oʻz nomidan aktuar xizmatlarni koʻrsatish uchun ushbu hujjatdan foydalanish maqsadida berish holatining aniqlanishi.
51. Aktuariy malaka sertifikati sud tomonidan bekor qilinadi. Vakolatli organ aktuariy malaka sertifikatini bekor qilish toʻgʻrisida sudga ariza bilan murojaat qilingan kundan eʼtiboran bir ish kunidan kechiktirmay aktuariy malaka sertifikatini olgan shaxsni yozma shaklda, aktuariy malaka sertifikatini bekor qilish haqida ariza bilan sudga murojaat qilish asoslarini, qonunchilik hujjatlarining aniq normalarini koʻrsatgan holda bu haqda xabardor qiladi.
52. Aktuariy malaka sertifikati bekor qilingan shaxs ushbu sertifikatning amal qilishi davrida qoʻpol qoidabuzarliklar uchun uni bekor qilish haqidagi sud qarori qonuniy kuchga kirgan paytdan boshlab uch yil mobaynida aktuariy malaka sertifikatini qayta olish uchun malaka imtihonini topshirishga qoʻyilmaydi.
10-bob. Aktuariy malaka sertifikatiga ega boʻlgan aktuariylar reyestrini yuritish
53. Vakolatli organ malaka sertifikatiga ega boʻlgan aktuariylar reyestrini yuritadi va unda quyidagilar koʻrsatiladi:
aktuariy malaka sertifikatini olgan shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi va berilgan sanasi;
pasport (identifikatsiyalovchi ID-karta) maʼlumotlari va manzili;
aktuariy malaka sertifikatining seriyasi, raqami va berilgan sanasi;
aktuariy malaka sertifikatini qayta rasmiylashtirish va bekor qilish toʻgʻrisidagi maʼlumotlar.
54. Vakolatli organning rasmiy veb-saytida aktuariylar reyestri bilan tanishish uchun ochiq boʻlgan maʼlumotlar joylashtiriladi va unda quyidagilar koʻrsatiladi:
aktuariy malaka sertifikatini olgan shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi;
aktuariy malaka sertifikatining seriyasi, raqami va berilgan sanasi;
aktuariy malaka sertifikatining amal qilish muddati;
aktuariy malaka sertifikati bekor qilinganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar.
11-bob. Yakunlovchi qoidalar
55. Davlat xizmatlari markazi va vakolatli organ oʻz faoliyatini amalga oshirishi natijasida olingan maʼlumotlarning sir saqlanishini taʼminlaydi.
56. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Davlat xizmatlari markazi ushbu Reglamentning talablari ijrosi boʻyicha davlat organlari va boshqa tashkilotlarning faoliyatini doimiy nazorat qiladi va monitoring olib boradi.
57. Daʼvogar davlat organlari va boshqa tashkilotlar xodimlarining xatti-harakatlari yuzasidan qonunchilikka muvofiq shikoyat qilishi mumkin.
58. Ushbu Reglament talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Aktuariy malaka sertifikatini berish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga
1-ILOVA
Aktuariy malaka sertifikatini berish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatish
SXEMASI

Bosqichlar

Subyektlar

Tadbirlar

Bajarish muddatlari

1-bosqich

Daʼvogar

Aktuariy malaka sertifikatini olish uchun Davlat xizmatlari markaziga oʻzi kelgan holda yoki elektron tarzda YIDXP orqali murojaat qiladi.

Oʻz xohishiga koʻra

2-bosqich

Davlat xizmatlari markazlari yoki YIDXP

Daʼvogar Davlat xizmatlari markaziga murojaat etganda, uning anketasi Davlat xizmatlari markazi xodimi tomonidan toʻldirilib, daʼvogarning ERIsi bilan tasdiqlangandan soʻng yoki YIDXP orqali murojaat qilganda — anketa daʼvogar tomonidan mustaqil ravishda toʻldirilib, soʻng vakolatli organga elektron shaklda yuboriladi.

Davlat xizmatlari markazi orqali murojaat qilinganda real vaqt rejimida, biroq bir soatdan oshmagan vaqtda, YIDXP orqali esa avtomatik tarzda

3-bosqich

Sugʻurta bozorini rivojlantirish agentligi

1. Vakolatli organ murojaat kelib tushgandan keyin daʼvogarga malaka imtihonini topshirishga ruxsat berish yoki rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.

Murojaat elektron koʻrinishda kelib tushgan kundan boshlab oʻn ish kunida

2. Ruxsat berish yoki rad etish toʻgʻrisidagi qaror haqda vakolatli organ daʼvogarni elektron shaklda xabardor qiladi.

Qaror qabul qilingan sanadan keyin uch ish kunida

Davlat xizmatlari markazi

3. Malaka imtihonini topshirishga ruxsat berilgan daʼvogarlar malaka imtihonini oʻtkazish sanasi, vaqti va joyi toʻgʻrisida tegishli Davlat xizmatlari markaziga (oʻzi murojaat etganda) yoki daʼvogarga YIDXP orqali (elektron tarzda murojaat etganda) elektron shaklda xabarnoma yuboradi.

Malaka imtihoni oʻtkazilishidan kamida oʻn kun oldin

4. Davlat xizmatlari markazi vakolatli organdan kelib tushgan elektron shakldagi xabarnomani daʼvogarga anketada koʻrsatilgan elektron manzil boʻyicha yuboradi va daʼvogarni bu haqda axborot- kommunikatsiya tizimi orqali xabardor qiladi.

Davlat xizmatlari markazi tomonidan elektron shaklda xabarnoma kelib tushgan kunda

4-bosqich

Daʼvogar

1. Malaka imtihonida qatnashishga ruxsat berilgan daʼvogar belgilangan sana va vaqtda shaxsini tasdiqlovchi hujjat bilan (pasport, identifikatsiyalovchi ID-karta yoki shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjat) bilan imtihon oʻtkaziladigan joyga yetib keladi.

Imtihon oʻtkazish sanasi uch kishidan iborat guruhning shakllanishiga koʻra, lekin kamida uch oyda bir marta belgilanadi

Sugʻurta bozorini rivojlantirish agentligi

2. Malaka imtihoniga kechikkan yoki shaxsini tasdiqlovchi hujjati boʻlmagan daʼvogarlar imtihonga kelmagan deb hisoblanadi va navbatdagi malaka imtihonini topshirishga ruxsat berilgan shaxslar roʻyxatiga kiritadi.

Malaka imtihoni oʻtkazilgan kundan soʻng bir ish kuni mobaynida

5-bosqich

Imtihon komissiyasi

1. Malaka imtihonining test sinovi bosqichi.

Test sinovi 40 ta nazariy savoldan iborat.

Test oʻtkaziladigan kunda uch akademik soat davomida

2. Malaka imtihonning yozma va ogʻzaki bosqichi.

Imtihon 4 ta nazariy savol va 4 ta amaliy masalalardan iborat.

Imtihon oʻtkaziladigan kunda uch akademik soat davomida

6-bosqich

Sugʻurta bozorini rivojlantirish agentligi

1. QR-kod qoʻyilgan aktuariy malaka sertifikatini rasmiylashtiradi va uni ERIsi bilan tasdiqlab, tegishli Davlat xizmatlari markaziga (oʻzi murojaat etganda) yoki daʼvogarga YIDXP orqali (elektron tarzda murojaat etganda) elektron shaklda yuboradi.

Imtihon komissiyasining bayonnomalari qabul qilib olingandan soʻng keyingi uch ish kuni mobaynida

2. Aktuariy malaka sertifikatini elektron shaklda daʼvogarning elektron manziliga yuboradi va daʼvogarni bu haqda axborot-kommunikatsiya tizimi orqali xabardor qiladi.

Aktuariy malaka sertifikati elektron shaklda kelib tushgandan soʻng oʻn daqiqa mobaynida

Davlat xizmatlari markazi yoki YIDXP

3. Davlat xizmatlari markaziga daʼvogar oʻzi kelib murojaat qilgan taqdirda, daʼvogarning soʻroviga koʻra unga aktuariy malaka sertifikatini elektron yoki qogʻoz shaklda beradi.

Daʼvogar talab qilgan paytda

Aktuariy malaka sertifikatini berish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga
2-ILOVA


‎Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali


Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Sugʻurta bozorini rivojlantirish agentligi ‎‎

Hujjat raqami:
‎Hujjat yaratilgan sana: ‎‎
‎‎

Aktuariy
‎MALAKA SERTIFIKATI ‎‎

‎‎
JSHSHIR:

‎‎____________________

‎‎
‎‎F.I.O.:

____________________‎‎

‎‎Pasport (identifikatsiyalovchi ID-kartasi) seriya raqami:‎‎



‎‎‎____________________


‎Fotosurat (elektron hamkorlik asosida maʼlumotlar bazasidan olinadi)
‎ ‎‎

Qachon berilgan:‎‎

____________________‎‎

‎‎
Sertifikatning amal qilish muddati:


‎____________________‎‎

‎‎

_________________________________________________________

‎‎0000

(Vakolatli organ mansabdor shaxsining F.I.O.)

Mazkur hujjat Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 15-sentabrdagi 728-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq shakllantirilgan elektron hujjatning nusxasi hisoblanadi. Elektron hujjatning nusxasida koʻrsatilgan maʼlumotlar toʻgʻriligini tekshirish uchun repo.gov.uz veb-saytiga oʻting va elektron hujjatning noyob raqamini kiriting yoki mobil telefon yordamida QR-kodni skaner qiling. ‎‎

‎‎

Diqqat! Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 15-sentabrdagi 728-son qaroriga muvofiq elektron hujjatlardagi maʼlumotlar qonuniy hisoblanadi. Davlat organlariga Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida shakllantirilgan elektron hujjatlarning nusxalarini qabul qilishni rad etishi qatʼiyan taqiqlangan.‎‎‎



QR-kod‎

Aktuariy malaka sertifikatini berish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga
3-ILOVA

ANKETA
‎ Daʼvogar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar
‎Anketani toʻldirish qoidalari ‎‎


‎fotosurat (elektron hamkorlik asosida maʼlumotlar
‎bazasidan olinadi)‎‎

‎‎

Anketa elektron shaklda toʻldiriladi. Barcha sanalar arab sonlarida keltirilishi lozim. Anketaning barcha savollariga toʻliq javob berilishi lozim. Anketaning birorta ham qatorlari toʻldirilmasdan qolmasligi kerak. Bitta toʻldirilmagan qatorning mavjudligi butun anketaning toʻldirilmaganligini anglatadi.‎‎

‎‎

T/r‎‎

Daʼvogar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar‎‎

‎‎

1.‎‎

Familiyasi (oʻzgartirilgan boʻlsa, yozilishi kerak)‎‎

‎‎

2.‎‎

Ismi (oʻzgartirilgan boʻlsa, yozilishi kerak)‎‎

‎‎

3.‎‎

‎‎Otasining ismi (oʻzgartirilgan boʻlsa, yozilishi kerak)

‎‎

4.‎‎‎

‎‎Tugʻilgan yili va sanasi

avtomatik toʻldiriladi‎‎

5.‎‎

‎‎Doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olingan manzil

avtomatik toʻldiriladi‎‎

‎‎6.

Pasport yoki identifikatsiyalovchi ID-kartasi seriyasi va raqami‎‎

avtomatik toʻldiriladi‎‎

7.‎‎

Elektron pochta manzili (mavjud boʻlsa)‎‎

8.‎‎

Telefon raqami‎‎

‎‎
‎‎_______________________________________

Daʼvogarning elektron raqamli imzosi

Keyingi tahrirga qarang.
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 7-iyundagi 305-son qaroriga
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz kuchini yoʻqotgan deb eʼtirof etilayotgan qarorlari
ROʻYXATI
1. Vazirlar Mahkamasining “Aktuariy malaka sertifikatini berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2020-yil 17-dekabrdagi 797-son qarori.
2. Vazirlar Mahkamasining “Davlat xizmatlari koʻrsatishning infratuzilmasi takomillashtirilganligi va aholining davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlari kengaytirilganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” 2021-yil 28-oktabrdagi 661-son qaroriga ilovaning 25-bandi.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.06.2022-y., 09/22/305/0475-son; 02.12.2023-y., 09/23/635/0917-son)