toggle_night_mode
Hujjat 13.04.2022 sanasi holatiga
Amaldagi versiyaga o‘tish
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“Boysun-farm” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi” davlat unitar korxonasini tugatish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Termiz” erkin iqtisodiy zonasi hududini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 21-dekabrdagi PF-37-son Farmoni ijrosi yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Boysun-farm” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi” davlat unitar korxonasini (keyingi oʻrinlarda — Direksiya) tugatish komissiyasining (keyingi oʻrinlarda — Tugatish komissiyasi) tarkibi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Tugatish komissiyasi (O. Rustamov) Direksiyani tugatish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar qonunchilik hujjatlarda belgilangan tartibda amalga oshirilishini taʼminlasin, shu jumladan:
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda bir hafta muddatda Direksiya tugatilishi munosabati bilan uning ustav kapitalidagi mablagʻlarni Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasiga oʻtkazish choralarini koʻrsin;
bir oy muddatda Direksiyani tugatish toʻgʻrisida ommaviy axborot vositalarida eʼlon berish hamda unda kreditorlar talablarini bildirish tartibi va muddatlari koʻrsatib oʻtilishini;
ommaviy axborot vositalarida eʼlon berilgan kundan eʼtiboran ikki oy muddatda Direksiyaning kreditorlari yozma ravishda xabardor qilinishini va ularning oldidagi majburiyatlarini aniqlab, kreditlar toʻliq qaytarilishini, debitorlik qarzlar soʻndirilishini;
oraliq tugatish va tugatish balanslari tasdiqlanishini, ularda tugatilayotgan korxona mol-mulkining tarkibi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar aks ettirilishini;
uch oy muddatda Direksiya tugatilishi haqidagi yozuv belgilangan tartibda yagona davlat reyestriga kiritilishini taʼminlasin.
3. Surxondaryo viloyati hokimligi Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda “Boysun-farm” erkin iqtisodiy zonasi tarkibiga kiruvchi qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer maydonlari Boysun tumani hokimligi zaxirasiga qaytarilishini va davlat mulki sifatida davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini taʼminlasin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Direksiyaning tugatilishi munosabati bilan mehnat shartnomasi bekor qilinayotgan xodimlarning bandligiga koʻmaklashish choralarini koʻrsin.
5. Tugatish komissiyasi (O. Rustamov) 2022-yil 1-avgustiga qadar amalga oshirilgan ishlarning natijadorligi toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 2-ilovaga muvofiq ayrim hujjatlariga oʻzgartirishlar kiritilsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.U. Umurzakov hamda Surxondaryo viloyati hokimi T.A. Bobolov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 12-aprel,
179-son
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 12-apreldagi 179-son qaroriga
1-ILOVA
“Boysun-farm” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi” davlat unitar korxonasini tugatish komissiyasining
TARKIBI

1.

O.B. Rustamov

investitsiyalar va tashqi savdo vaziri oʻrinbosari, Komissiya raisi

2.

A.X. Oripov

Surxondaryo viloyati hokimining oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi boshligʻi, Komissiya raisi oʻrinbosari

3.

S.H. Kariyev

Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi direktori, Komissiya raisi oʻrinbosari

4.

A.Ch. Joʻrayev

Surxondaryo viloyati Boysun tumani hokimi

5.

B.N. Xursandov

Surxondaryo viloyati Moliya bosh boshqarmasi boshligʻi

6.

S.M. Xoliqov

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Surxondaryo viloyati boshqarmasi boshligʻi

7.

M.A. Abdurahmonov

Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi Surxondaryo viloyati boshqarmasi boshligʻi

8.

M.M. Ochilov

“Boysun-farm” EIZ direksiyasi direktori, Komissiya kotibi

Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 12-apreldagi 179-son qaroriga
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. Vazirlar Mahkamasining “Zomin-farm” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi”, “Kosonsoy-farm” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi”, “Sirdaryo” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi”, “Boysun-farm” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi”, “Boʻstonliq-farm” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi”, “Parkent-farm” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi” davlat unitar korxonalarining ustavlarini tasdiqlash toʻgʻrisida” 2017-yil 25-iyuldagi 542-son qarorida:
a) nomidagi “Boysun-farm” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi” soʻzlari chiqarib tashlansin;
b) muqaddima va 1-banddagi “Boysun-farm” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi” va “Boysun-farm” soʻzlari chiqarib tashlansin;
v) 2-banddagi “Boysun-farm” soʻzlari chiqarib tashlansin hamda “2 — 8-ilovalarga” soʻzlari tegishlicha “2 — 5, 7 va 8-ilovalarga” soʻzlari bilan almashtirilsin;
g) 1-ilovaning nomidagi “Boysun-farm” soʻzlari chiqarib tashlansin;
d) 6-ilova oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
2. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalari faoliyati samaradorligini oshirish borasidagi qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2017-yil 25-oktabrdagi PQ-3356-son qarorini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 16-yanvardagi 29-son qarorida:
a) 2-banddagi “Boysun-farm” soʻzlari chiqarib tashlansin;
nomidagi “Boysun-farm” soʻzlari chiqarib tashlansin;
5-band oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;
9-bandning birinchi xatboshidagi “Boysun-farm” soʻzlari chiqarib tashlansin;
“j” kichik bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
3. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida” 2019-yil 23-fevraldagi 161-son qaroriga 1-ilovaning 33-bandida:
birinchi xatboshidagi “Boysun-farm” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi” soʻzlari chiqarib tashlansin;
“d” kichik band oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
4. Vazirlar Mahkamasining “Tashqi begʻaraz koʻmak mablagʻlarini jalb etish mexanizmlarini va donorlar bilan ishlash tizimini takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2021-yil 29-dekabrdagi 786-son qaroriga 3-ilovaning 13-bandida:
birinchi xatboshidagi “Boysun-farm” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi” soʻzlari chiqarib tashlansin;
“b” kichik banddagi “3 — 8-ilovalarda” soʻzlari “3 — 5, 7 va 8-ilovalarda” soʻzlari bilan almashtirilsin.
5. Vazirlar Mahkamasining “Termiz” erkin iqtisodiy zonasi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 13-martdagi 148-son qaroriga 1-ilova quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Termiz” erkin iqtisodiy zonasi tarkibiga kiruvchi hududlarning chegaralari
1-yer uchastkasi:
1-boshlangʻich nuqta Termiz tumanidagi “Termiz xalqaro savdo markazi” erkin savdo zonasi hududining gʻarb tomonida, “Termiz” erkin iqtisodiy zonasi hududida joylashgan.
1-nuqtadan chegara “Termiz xalqaro savdo markazi” erkin savdo zonasi hududi boʻylab janubiy yoʻnalishda 330,0 metr masofada 2-nuqtagacha davom etadi.
2-nuqtadan chegara Ayritom avtomagistral yoʻlining “Termiz” erkin iqtisodiy zonasi hududi boʻylab gʻarbiy yoʻnalishda 616,0 metr masofada 3-nuqtagacha davom etadi.
3-nuqtadan chegara “Termiz xalqaro savdo markazi” erkin savdo zonasi hududi boʻylab shimoliy yoʻnalishda 1050,0 metr masofada 4-nuqtagacha davom etadi.
4-nuqtadan chegara “Amu-zang” kanali muhofaza zonasining “Termiz” erkin iqtisodiy zonasi hududi boʻylab sharqiy yoʻnalishda 320,0 metr masofada 5-nuqtagacha davom etadi.
5-nuqtadan chegara “Amu-zang” kanali muhofaza zonasining “Termiz” erkin iqtisodiy zonasi hududi boʻylab janubiy yoʻnalishda 755,0 metr masofada 6-nuqtagacha davom etadi.
6-nuqtadan chegara “Termiz xalqaro savdo markazi” erkin savdo zonasi hududi boʻylab gʻarbiy yoʻnalishda 315,0 metr masofada 1-nuqtagacha davom etadi.
2-yer uchastkasi:
1-boshlangʻich nuqta Boysun aholi yashash punktidan gʻarbiy yoʻnalishda 1 950 metr masofada joylashgan Boysun-Podan avtomobil yoʻlidagi nuqtadan janubga qarab 755 metr masofada joylashadi.
1-nuqtadan chegara quruq yer boʻylab 2-nuqtagacha umumiy yoʻnalishda janubiy-sharqqa qarab 610 metr masofaga davom etadi.
2-nuqtadan chegara umumiy yoʻnalishda quruq yer boʻylab 3-nuqtagacha janubga qarab 230 metr masofaga davom etadi.
3-nuqtadan chegara 4-nuqtagacha gʻarbiy-shimoliy-gʻarbiy yoʻnalishga qarab toʻgʻri chiziqda quruq yer boʻylab 650 metr masofaga davom etadi.”
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.04.2022-y., 09/22/179/0301-son)