1.02.00.00.00 Davlat boshqaruvi asoslari / 02.08.00.00 Iqtisodiyot, ijtimoiy-madaniy qurilish sohasidagi davlat boshqaruvining umumiy masalalari / 02.08.06.00 Maʼmuriy tartib-taomillar / 02.08.06.04 Davlat xizmatlarini koʻrsatish;
2.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.15.00.00 Transport / 09.15.06.00 Avtomobil transporti]
[TSZ:
1.Davlat va jamiyat qurilishi / Davlat xizmati. Arxiv ishi;
2.Iqtisodiyot / Transport. Yoʻl xoʻjaligi. Harakat va parvozlar xavfsizligi]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“Avtomobil tarixi” maʼlumotlarini taqdim etish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentini tasdiqlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat xizmatlari koʻrsatish infratuzilmasini takomillashtirish va aholining davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 24-iyuldagi PF-6269-son Farmoniga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat xizmatlari koʻrsatish infratuzilmasini takomillashtirish va aholining davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 24-iyuldagi PF-6269-son Farmoniga muvofiq “Avtomobil tarixi” maʼlumotlarini (davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan sana, bosib oʻtgan masofasi, fuqarolik-huquqiy shartnomalar tuzilganligi, yoʻl-transport hodisasi sodir etilganligi va boshqalar haqida) avtomototransport vositalariga berilgan roʻyxatdan oʻtkazish davlat raqami belgisi orqali shartnomaviy asosda Davlat xizmatlari markazi va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi oʻrinlarda — YIDXP) orqali aniqlash davlat xizmatini koʻrsatish yoʻlga qoʻyilishi belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. 2022-yil 1-maydan eʼtiboran “Avtomobil tarixi” maʼlumotlarini shartnomaviy asosda Davlat xizmatlari markazlari, YIDXP yoki veb-saytlar va ularning ilovalari orqali aniqlash boʻyicha davlat xizmati yoʻlga qoʻyilsin.
3. Quyidagilarni nazarda tutuvchi “Avtomobil tarixi” maʼlumotlarini taqdim etish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti ilovaga muvofiq tasdiqlansin;
“Avtomobil tarixi” oʻz ichiga oladigan maʼlumotlar tarkibi;
ariza beruvchi tomonidan davlat xizmatidan foydalanish uchun murojaat qilish, shuningdek, soʻrovnomani toʻldirish tartibi;
“Avtomobil tarixi” maʼlumotlarini taqdim etish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatish tartibi;
“Avtomobil tarixi” maʼlumotlarini taqdim etish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatganlik uchun yigʻim miqdori hamda yigʻim summasini taqsimlash tartibi;
“Avtomobil tarixi” maʼlumotlarini taqdim etish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishda Davlat xizmatlari markazlari va vakolatli organning maʼlumotlar sir saqlanishini taʼminlash boʻyicha majburiyatlari.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) Ichki ishlar vazirligi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda:
Agentlikning budjetdan tashqari jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan “Avtomobil tarixi” maʼlumotlarini olish imkoniyatini nazarda tutuvchi “Avtomobil tarixi” dasturini ishlab chiqsin va ishga tushirsin;
ushbu qaror bilan tasdiqlangan Maʼmuriy reglamentga muvofiq davlat xizmatining YIDXP, Davlat xizmatlari markazlari, shuningdek, veb-saytlar va mobil ilovalar orqali avtomatik tarzda real vaqt rejimida koʻrsatilishini taʼminlasin;
YIDXPda davlat xizmatlari koʻrsatilishining har bir bosqichida murojaatlarning koʻrib chiqilishini kuzatib borish tartibini joriy etsin;
davlat xizmatlarini koʻrsatish uchun yigʻimlarning davlat xizmatlari koʻrsatilganligi uchun toʻlangan davlat bojlari va yigʻimlar summasi hisobini yurituvchi yagona billing tizimi orqali elektron tarzda toʻlanishi imkoniyatini yaratsin.
5. Agentlik Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda masʼul vazirliklar va idoralar bilan birgalikda davlat xizmatini koʻrsatish uchun zarur boʻlgan quyidagi maʼlumotlar 2022-yil 1-mayga qadar raqamlashtirilishini hamda “Avtomobil tarixi” dasturida aks ettirib borish uchun axborot tizimlarining toʻliq integratsiya qilinishini, shu jumladan:
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan — avtotransport vositalari agregat maʼlumotlari (davlat raqami belgisi, davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan sana, rusumi (modeli), ishlab chiqarilgan yili, turi, kuzov (shassi) raqami, toʻla (yuksiz) vazni, dvigatel raqami va quvvati, yonilgʻi turi, rangi, oʻrindiqlar soni, alohida belgilari yoki oʻzgargan agregat maʼlumotlari (mavjud boʻlsa), roʻyxatga olingan yoʻl-transport hodisasi toʻgʻrisidagi hamda “Avtomobil tarixi” maʼlumotlariga oid boshqa maʼlumotlar (davlat organlari tomonidan bevosita Ichki ishlar vazirligiga taqdim etib boriladigan maʼlumotlar bilan birga);
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan — fuqarolik-huquqiy shartnoma (bitim)lar tuzilganligi, shuningdek, avtotransport vositasining garovda ekanligi haqidagi;
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi tomonidan — avtotransport vositasiga nisbatan taqiq mavjud yoki mavjud emasligi toʻgʻrisidagi;
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Sugʻurta bozorini rivojlantirish agentligi tomonidan — yoʻl-transport hodisasida ishtirok etgan haydovchilar tomonidan ixtiyoriy ravishda barcha sugʻurta tashkilotlariga yuborilgan yoʻl-transport hodisasi toʻgʻrisidagi;
Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi tomonidan — avtotransport vositasida yoʻlovchi tashish uchun litsenziya varaqasi berilganligi (berilmaganligi) toʻgʻrisidagi;
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki huzuridagi “Garov reyestri” DUK tomonidan — avtotransport vositasining garovda ekanligi haqidagi;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi tomonidan — transport vositalari bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar axborot tizimiga taqdim etib borilishini taʼminlasin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi 2022-yil 1-maydan boshlab avtotransport vositasini texnik koʻrikdan oʻtkazish jarayonida avtotransport vositasining bosib oʻtgan masofasi haqidagi maʼlumotlar, jumladan, texnik koʻrikdan oʻtkazuvchi tadbirkorlik subyektlari tomonidan ham majburiy tartibda axborot tizimiga kiritishni yoʻlga qoʻysin.
7. Belgilansinki, “Avtomobil tarixi” haqidagi maʼlumotlarni taqdim etish boʻyicha murojaat boʻyicha soʻrovlar veb-saytlar hamda ularning ilovalari orqali pasport (identifikatsiya ID-kartasi) maʼlumotlarini kiritmagan holda yoʻllanilishi mumkin.
Bunda xizmat koʻrsatish uchun toʻlovlar qatʼiy ravishda yagona billing tizimi orqali amalga oshiriladi.
8. Agentlik:
xususiy veb-saytlar vakillarining (tadbirkorlik subyektlarining) murojaatlari asosida “Avtomobil tarixi” maʼlumotlarini taqdim etish boʻyicha davlat xizmati veb-saytlar (ularga ilovalar, onlayn eʼlonlar yoki savdo platformalari) orqali koʻrsatilishini yoʻlga qoʻysin;
davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan davlat xizmatlari koʻrsatilishining belgilangan tartibiga rioya etilishi boʻyicha ularning faoliyati yuzasidan, jumladan, YIDXP orqali doimiy nazorat oʻrnatsin.
9. Ushbu qarorning 4-bandida nazarda tutilgan manfaatdor vazirliklar va idoralar:
“Avtomobil tarixi” maʼlumotlari doimiy yangilab borilishini, ushbu maʼlumotlar real vaqt rejimida taqdim etilishini taʼminlab borsin;
oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri R.Q. Davletov va Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri P.R. Bobojonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 9-mart,
106-son
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 9-martdagi 106-son qaroriga ILOVA
“Avtomobil tarixi” maʼlumotlarini taqdim etish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning
MAʼMURIY REGLAMENTI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Maʼmuriy reglament (keyingi oʻrinlarda — Reglament) jismoniy va yuridik shaxslarga (keyingi oʻrinlarda — ariza beruvchi) mazkur Reglamentning 3-bandida nazarda tutilgan “Avtomobil tarixi” maʼlumotlarini taqdim etish boʻyicha davlat xizmatlarini (keyingi oʻrinlarda — davlat xizmati) koʻrsatish tartibini belgilaydi.
2. Davlat xizmati Davlat xizmatlari markazlari (keyingi oʻrinlarda — Markaz), Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi oʻrinlarda — YIDXP), shuningdek, veb-saytlar, ularning ilovalari orqali Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi (keyingi oʻrinlarda — vakolatli organ) tomonidan koʻrsatiladi.
3. “Avtomobil tarixi” maʼlumotlari avtotransport vositasiga doir quyidagi axborotlarni oʻz ichiga oladi:
avtotransport vositasining agregat maʼlumotlari (davlat raqami belgisi, davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan sana, rusumi (modeli), ishlab chiqarilgan yili, turi, kuzov (shassi) raqami, toʻla (yuksiz) vazni, dvigatel raqami va quvvati, yonilgʻi turi, rangi, oʻrindiqlar soni, alohida belgilari yoki oʻzgargan agregat maʼlumotlari (mavjud boʻlsa);
bosib oʻtgan masofasi (mavjud boʻlsa);
fuqarolik-huquqiy shartnoma (bitim)lar tuzilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (ishonchnoma, ijara, hadya, meros, oldi-sotdi shartnomasi va boshqalar);
yoʻl-transport hodisasi sodir etilganligi (mavjud boʻlsa);
avtotransport vositasi ishtirokida sodir etilgan qoidabuzarliklar (mavjud boʻlsa);
avtotransport vositasining garovda ekanligi haqidagi (mavjud boʻlsa);
avtotransport vositasiga nisbatan taqiq mavjud yoki mavjud emasligi toʻgʻrisidagi;
bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtgan sana toʻgʻrisidagi maʼlumot (agar bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtgan boʻlsa);
avtotransport vositasiga yoʻlovchi tashish boʻyicha litsenziya varaqasi olinganligi (olinmaganligi) haqidagi maʼlumotlar.
Vakolatli organ manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan kelishgan holda “Avtomobil tarixi” maʼlumotlariga qoʻshimcha maʼlumotlar kiritishi mumkin.
4. Ariza beruvchi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasida roʻyxatdan oʻtgan istalgan “Avtomobil tarixi” maʼlumotlarini olishga yoʻl qoʻyiladi, tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi, mudofaa va davlat xavfsizlik xizmati sohasidagi, shuningdek, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga tegishli avtotransport vositalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bundan mustasno.
5. Markazlar va vakolatli organ oʻrtasida axborot almashinuvi faqat idoralararo oʻzaro elektron bogʻlanish yordamida amalga oshiriladi.
6. Davlat xizmati ushbu Reglamentga 1-ilovaga muvofiq sxema asosida koʻrsatiladi.
2-bob. Davlat xizmatini koʻrsatish tartibi
7. Ariza beruvchi davlat xizmatidan foydalanish uchun Markazga oʻzi kelib murojaat etadi yoki davlat xizmatlaridan elektron tarzda foydalanish uchun YIDXPda roʻyxatdan oʻtadi.
8. Ariza beruvchi oʻzi kelib murojaat etgan taqdirda, Markaz xodimi ariza beruvchi nomidan, YIDXP orqali murojaat etganda esa — mazkur Reglamentga 2-ilovaga muvofiq shakldagi soʻrovnomani elektron ravishda mustaqil toʻldiradi.
9. Ariza beruvchiga davlat xizmatidan foydalanish uchun murojaatlar veb-saytlar yoki boshqa onlayn platformalar orqali yoʻllanganda mazkur Reglamentning 8-bandiga muvofiq soʻrovnomani toʻldirish talab etilmaydi.
10. Davlat xizmati Markaz orqali koʻrsatilgani uchun bazaviy hisoblash miqdorining 10 foizi miqdorida yigʻim undiriladi.
Davlat xizmatidan foydalanish uchun YIDXP orqali murojaat qilinganda, Markaz orqali murojaat etganda toʻlanadigan summaning 90 foizi miqdorida yigʻim undiriladi.
Davlat xizmati koʻrsatilgani uchun yigʻim toʻlanganligi axborot-kommunikatsiya tizimlari orqali tasdiqlanadi.
11. Yigʻimlar summasi quyidagi tartibda taqsimlanadi:
a) Markazga kelib, veb-saytlar yoki boshqa onlayn platformalar orqali murojaat etganda:
40 foizi — Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligining budjetdan tashqari jamgʻarmasining shaxsiy hisobvaragʻiga;
40 foizi — Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmatining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish, xodimlarni ragʻbatlantirish va mukofotlash jamgʻarmasiga;
0,5 foizi — Yagona billing tizimi orqali tasdiqlanganligi uchun Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamgʻarmasining maxsus hisobvaragʻiga;
qolgan mablagʻlar — Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjetiga oʻtkaziladi;
b) YIDXP orqali murojaat etilganda:
30 foizi — Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligining budjetdan tashqari jamgʻarmasining shaxsiy hisobvaragʻiga;
30 foizi — Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmatining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish, xodimlarni ragʻbatlantirish va mukofotlash jamgʻarmasiga;
11,75 foizi — Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamgʻarmasining Elektron hukumat va raqamli iqtisodiyotning idoralararo loyihalarini moliyalashtirish boʻyicha maxsus hisobvaragʻiga (shu jumladan, 0,5 foizi yigʻim toʻlanganligi Yagona billing tizimi orqali tasdiqlanganligi uchun);
qolgan mablagʻlar — Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjetiga oʻtkaziladi.
12. Soʻrovnomada notoʻgʻri maʼlumotlar koʻrsatilishi, shuningdek, davlat xizmatlarini koʻrsatish uchun yigʻimni toʻlamaslik davlat xizmatini koʻrsatishni rad etish uchun asos hisoblanadi.
Davlat xizmatini koʻrsatishni boshqa asoslar boʻyicha rad etish taqiqlanadi.
13. “Avtomobil tarixi” maʼlumotlari avtotransport vositasining roʻyxatdan oʻtkazish davlat raqam belgisi, roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi guvohnomasi seriyasi va raqami asosida taqdim etiladi.
14. Ariza beruvchi davlat xizmatidan foydalanishdan uni koʻrsatishning har qanday bosqichida bosh tortish huquqiga ega.
Ariza beruvchi davlat xizmatidan foydalanishdan bosh tortganda, uning soʻrovnomasi koʻrilmasdan qoldiriladi.
Bunda toʻlangan yigʻim summasi qaytarilmaydi.
15. Ariza beruvchi Markazga kelib murojaat etganda, uning soʻrovnomasi Markaz xodimi tomonidan toʻldirilib, ariza beruvchi tomonidan tasdiqlanganidan soʻng barcha hujjatlar real vaqt rejimida vakolatli organga elektron shaklda yuboriladi. YIDXP orqali murojaat qilinganda esa — soʻrovnoma avtomatik tarzda vakolatli organga yuboriladi.
16. Vakolatli organ soʻrovnoma tushgan vaqtdan boshlab real vaqt rejimida ushbu Reglamentga 3-ilovaga muvofiq QR-kod (matrik shtrixli kod) qoʻyilgan “Avtomobil tarixi” haqidagi maʼlumotnomani avtomatik ravishda rasmiylashtiradi hamda uni tegishli Markazga (oʻzi kelib murojaat etgan taqdirda) yoki ariza beruvchiga (elektron tarzda murojaat etgan taqdirda) YIDXP orqali elektron ravishda yuboradi.
Markaz xodimi “Avtomobil tarixi” haqidagi maʼlumotnoma tushganidan soʻng real vaqt rejimida uni ariza beruvchining elektron manziliga yuboradi va ariza beruvchini bu haqida axborot-kommunikatsiya tizimi orqali xabardor qiladi. Markaz xodimi ariza beruvchi oʻzi kelib murojaat qilgan taqdirda, ariza beruvchining soʻroviga koʻra “Avtomobil tarixi” haqidagi maʼlumotnomani elektron shaklda beradi.
“Avtomobil tarixi” haqidagi maʼlumotnoma shaxsga doir maʼlumotlar oshkor etilmagan holda taqdim etiladi (avtotransport vositasi mulkdori tomonidan oʻz “Avtomobil tarixi”ni bilish uchun yoʻllangan soʻrovnomalar bundan mustasno).
Maʼlumotnoma axborot xususiyatiga ega boʻlib, kelgusida rasmiy harakatlarni amalga oshirish uchun asos boʻlmaydi.
3-bob. Yakunlovchi qoidalar
17. Markaz va vakolatli organ oʻz faoliyatini amalga oshirishi natijasida olingan maʼlumotlarning sir saqlanishini taʼminlaydi.
18. Vakolatli organ, uning hududiy boshqarmalari va Markazlar Reglament talablari ijrosi boʻyicha davlat organlari va boshqa tashkilotlar faoliyatini, shu jumladan YIDXP orqali doimiy nazorat va monitoring qilib boradi.
19. Ariza beruvchilar davlat organlari va boshqa tashkilotlar xodimlari xatti-harakatlari yuzasidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilishlari mumkin.
20. Reglament talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
“Avtomobil tarixi” maʼlumotlarini taqdim etish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga 1-ILOVA
“Avtomobil tarixi” maʼlumotlarini taqdim etish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatish
SXEMASI
Bosqichlar
Subyektlar
Tadbirlar
Bajarish muddatlari
1-bosqich
Ariza beruvchi
1. Maʼlumotnomani olish uchun Davlat xizmatlari markaziga oʻzi kelib murojaat qiladi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YIDXP)dan roʻyxatdan oʻtadi.
2. Xizmat koʻrsatish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 10 foizi miqdorida yigʻim toʻlaydi.
Xohishiga koʻra
2-bosqich
1. Davlat xizmatlari markazi
2. YIDXP
3. Veb-saytlar, yoki ularning ilovalari
Soʻrovnomani vakolatli organga yuboradi.
1. Soʻrovnoma toʻldirilgandan soʻng real vaqt rejimida
2. Avtomatik tarzda
3-bosqich
Maʼlumotnomani taqdim etuvchi organlar
Davlat xizmatlari agentligi
1. Maʼ�umotnomani rasmiylash-tirish uchun vakolatli organga yuboradi.
2. QR-kod (matrik shtrixli kod) qoʻyilgan maʼlumotnomani rasmiylashtirish uni Davlat xizmatlari markaziga yoki ariza beruvchiga YIDXP yoxud veb-sayt orqali elektron ravishda yuboradi.
Real vaqt rejimida
4-bosqich
Davlat xizmatlari markazi
Maʼlumotnoma tushganidan soʻng uni ariza beruvchiga elektron yoki qogʻoz koʻrinishida taqdim etadi.
1. Real vaqt rejimida
2. Ariza beruvchining soʻroviga asosan
“Avtomobil tarixi” maʼlumotlarini taqdim etish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga 2-ILOVA
_________________ (sana)
____________________
(raqam)
Avtomobil tarixi” maʼlumotlarini olish uchun SOʻROVNOMA*