toggle_night_mode
Hujjat 07.02.2022 sanasi holatiga
Amaldagi versiyaga o‘tish
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“Boysun bahori” xalqaro folklor festivalini tashkil etish va oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Madaniyat va sanʼat sohasiga, xalqimizning boy madaniy merosiga berilayotgan eʼtibor natijasida mamlakatimizda Xalqaro baxshichilik sanʼati festivalini oʻtkazish yoʻlga qoʻyildi. Ushbu festival 2019-yilda Termiz shahrida, 2021-yilda Nukus shahrida nufuzli xalqaro tashkilotlar va mehmonlar ishtirokida yuqori saviyada oʻtkazildi.
YUNESKOning Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish boʻyicha hukumatlararo qoʻmitasi XVI sessiyasi (2021-yil, Parij shahri) doirasida Baxshichilik sanʼati Oʻzbekistonning nomoddiy madaniy merosi elementi sifatida Insoniyat nomoddiy madaniy merosi Reprezentativ roʻyxatiga kiritildi.
Xalqimizning oʻziga xos folklor sanʼatini qoʻllab-quvvatlashni davom ettirish, shu jumladan, xalq dostonlari, hunarmandchiligi, milliy liboslari va xalq oʻyinlari, qadimiy urf-odatlarini saqlab qolish hamda ularni keng targʻib qilish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Surxondaryo viloyati hokimligi, Madaniyat vazirligi hamda Turizm va sport vazirligining 2022-yildan boshlab har ikki yilda bir marta aprel oyida Boysun tumanida “Boysun bahori” xalqaro folklor festivalini (keyingi oʻrinlarda — Festival) tashkil etish va oʻtkazish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
Keyingi tahrirga qarang.
2. “Boysun bahori” xalqaro folklor festivaliga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmita (keyingi oʻrinlarda — Tashkiliy qoʻmita) tuzilsin hamda uning tarkibi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Tashkiliy qoʻmita:
manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda 2022-yilda Festivalni tashkil etish hamda oʻtkazish boʻyicha barcha tashkiliy va ijodiy ishlarni muvofiqlashtirsin;
Festival oʻtkaziladigan yilning 1-martiga qadar unga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlar smetasini shakllantirsin hamda tasdiqlasin;
Festival oʻtkaziladigan yilning 1-martiga qadar sovrindorlarga topshiriladigan diplom, sertifikat, statuetka namunalarini tasdiqlasin;
Festivalni zamonaviy texnologiyalardan keng foydalangan holda yuqori badiiy saviyada oʻtkazish ishlarini amalga oshirsin.
4. Surxondaryo viloyati hokimligi:
bir oy muddatda Festivalni tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha “yoʻl xaritasi”ni tasdiqlab, unda belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlasin;
Boysun tumanida keng koʻlamdagi obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlarini amalga oshirsin, Festival oʻtkaziladigan joylarni talab darajasida tayyorlasin;
Festival ishtirokchilari uchun madaniy dasturlar hamda Surxondaryo viloyatining diqqatga sazovor joylariga sayohatlarni tashkil etsin;
Madaniyat vazirligi bilan birgalikda Festival oʻtkaziladigan yilning 10-fevraliga qadar tajribali rejissyor, taniqli sanʼatkor, prodyuser, kompozitor, shoir va sohaning boshqa malakali mutaxassislarini jalb etgan holda Festivalning ochilish va yopilish marosimlari ssenariysi hamda badiiy dasturlarini tayyorlasin;
“Hunarmand” uyushmasi bilan birgalikda Festival doirasida milliy sozlar va liboslar, hunarmandchilik buyumlari, tasviriy va amaliy sanʼat asarlari koʻrgazmalarini, badiiy va hujjatli filmlar, audio va video disklar, kitoblar, albomlar, fotosuratlar namoyishi va ularning sotuvini tashkil etsin;
Turizm va sport vazirligi bilan birgalikda Festival oʻtkaziladigan yilning 10-fevraliga qadar turizm sohasidagi tadbirkorlik subyektlari orasida Festivalni keng targʻib qilish hamda u haqidagi maʼlumotlarni Internet jahon axborot tarmogʻi, ijtimoiy tarmoqlar va boshqa ommaviy axborot vositalarida joylashtirish choralarini koʻrsin.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Belgilansinki, Festivalni tashkil etish va oʻtkazish bilan bogʻliq sarf-xarajatlar Surxondaryo viloyati hokimligi va Madaniyat vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan hamda Tashkiliy qoʻmita tomonidan tasdiqlangan smeta asosida quyidagi tartibda:
30 foizi — respublika budjetidan Madaniyat vazirligiga madaniy tadbirlar uchun har yili ajratiladigan mablagʻlar hisobiga;
70 foizi — Surxondaryo viloyati mahalliy budjetining qoʻshimcha manbalari, shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga qoplanadi.
6. Quyidagilarni nazarda tutuvchi “Boysun bahori” xalqaro folklor festivalini tashkil etish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
Festivalni Surxondaryo viloyati hokimligi va Madaniyat vazirligi tomonidan tashkil etish va oʻtkazish tartibi;
Festivalni oʻtkazish tartibi va shartlari, shu jumladan, unda folklor jamoalari (folklor sanʼati boʻyicha 12 nafardan, milliy xalq oʻyinlari va tomosha sanʼati yoʻnalishida 4 nafardan oshmagan holda) tomonidan oʻz dasturlarini namoyish etish talablari;
Festival ishtirokchilarini 9 — 11 nafar yetakchi mutaxassislardan iborat tarkibda tuziladigan Hakamlar hayʼati har bir aʼzosi tomonidan alohida tarzda 10 ballik tizim boʻyicha baholash va gʻoliblarni aniqlash mezonlari;
Festivalni tashkil etish va oʻtkazishni moliyalashtirish tartibi hamda moliyalashtirish manbalari.
7. Madaniyat vazirligi 2022-yil yakuniga qadar:
Baxshichilik sanʼatini kelajak avlodga munosib yetkazish maqsadida soha mutaxassislarini jalb etgan holda ushbu sanʼatning ilmiy asoslangan tarixi, rivojlanish bosqichlari haqida kitob-albom;
Kinematografiya agentligi bilan birgalikda Oʻzbekiston hududida baxshichilikning rivojlanish tarixini aks ettiruvchi maxsus film yaratilishini taʼminlasin.
8. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Festivalni keng yoritib borish tavsiya etilsin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — turizm va sport vaziri A.A. Abduxakimov, Surxondaryo viloyati hokimi T.A. Bobolov va Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziri O.A. Nazarbekov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 7-fevral,
59-son

Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 7-fevraldagi 59-son qaroriga

1-ILOVA

“Boysun bahori” xalqaro folklor festivaliga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmita
TARKIBI

1.

A. Abduxakimov

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — turizm va sport vaziri, Tashkiliy qoʻmita raisi

2.

T. Bobolov

Surxondaryo viloyati hokimi, Tashkiliy qoʻmita raisining oʻrinbosari

3.

O. Nazarbekov

madaniyat vaziri, Tashkiliy qoʻmita raisining oʻrinbosari

4.

Gʻ. Fozilov

tashqi ishlar vazirining oʻrinbosari

5.

A. Nuridinov

Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi raisi

6.

M. Xodjimatov

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari

7.

S. Saidov

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi

8.

U. Abdullayev

Respublika “Hunarmand” uyushmasi raisi

9.

A. Xadjayev

Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi raisi

10.

A. Karimov

Xalqaro “Oltin meros” jamgʻarmasi raisi

11.

J. Toʻrayev

Surxondaryo viloyati hokimining turizm, sport, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari boʻyicha oʻrinbosari

12.

Q. Amonqulov

Surxondaryo viloyati madaniyat boshqarmasi boshligʻi, Tashkiliy qoʻmita kotibi

Izoh. Tashkiliy qoʻmita aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimga yangidan tayinlangan yoki zimmasiga tegishli vazifalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.
Keyingi tahrirga qarang.

Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 7-fevraldagi 59-son qaroriga

2-ILOVA

“Boysun bahori” xalqaro folklor festivalini tashkil etish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom “Boysun bahori” xalqaro folklor festivali (keyingi oʻrinlarda — Festival)ni tashkil etish va oʻtkazish tartibini belgilaydi.
2. Festival 2022-yildan boshlab har ikki yilda bir marta aprel oyida Boysun tumanida oʻtkaziladi.
Bunda uning aniq muddati “Boysun bahori” xalqaro folklor festivaliga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmita (keyingi oʻrinlarda — Tashkiliy qoʻmita) tomonidan Festival boshlanishidan 30 kun oldin ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinadi.
3. Festival Surxondaryo viloyati hokimligi va Madaniyat vazirligi (keyingi oʻrinlarda — tashkilotchilar) tomonidan tashkil etiladi va oʻtkaziladi.
4. Festivalni tashkil etish va oʻtkazish Tashkiliy qoʻmita tomonidan muvofiqlashtiriladi.
2-bob. Festivalning asosiy vazifalari
5. Festivalning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
oʻzbek xalqining oʻziga xos folklor sanʼatini, shu jumladan, ogʻzaki sheʼriy ijodiyot, xalq dostonlari, hunarmandchilik, milliy liboslar va xalq oʻyinlari, qadimiy urf-odatlarni saqlab qolish hamda ularni keng targʻib etish;
xorijiy davlatlar bilan hamkorlikda milliy madaniyatlar uygʻunligi va turfa xilligini saqlash va rivojlantirish, nomoddiy madaniy merosning eng yaxshi namunalarini muhofaza qilish va rivojlantirish;
milliy anʼanalarni asrab-avaylash, yoshlarda folklor sanʼatiga boʻlgan qiziqishni oshirish;
oʻzbek xalqining madaniyatini, xususan, betakror folklor sanʼatini, shu jumladan, Festival doirasida hunarmandchilik koʻrgazmalari, tasviriy va amaliy sanʼat asarlari, qadriyatlar va anʼanalarni keng targʻib etish;
turli millat vakillarini maʼnaviy muloqotga jalb etish, milliy anʼanalar asosida xalqaro madaniy hamkorlikni mustahkamlash, madaniy turizmni rivojlantirish.
3-bob. Festivalni oʻtkazish tartibi va shartlari
6. Festival ijro dasturi asosida mazkur Nizomga ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq oʻtkaziladi.
7. Tashkilotchilar tomonidan Festivalning ijro dasturi va tanlovda ijro etiladigan asarlar roʻyxati (keyingi oʻrinlarda — dastur va asarlar roʻyxati) tasdiqlanadi hamda Festivalni oʻtkazishning aniq muddati bilan birga Festival boshlanishidan uch oy oldin ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinadi.
8. Madaniyat vazirligi dastur va asarlar roʻyxatini ular tasdiqlangandan keyin besh kun muddatda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, viloyatlar madaniyat boshqarmalari hamda Toshkent shahar madaniyat bosh boshqarmasiga yetkazadi.
9. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, viloyatlar madaniyat boshqarmalari hamda Toshkent shahar madaniyat bosh boshqarmasi dastur va asarlar roʻyxatini ular olingandan keyin uch kun muddatda folklor ijrochilari va jamoalariga yetkazadi.
10. Har bir ishtirokchi Festival oʻtkazilishidan 30 kun oldin Tashkiliy qoʻmitaga quyidagilarni taqdim etadi:
ishtirokchining maʼlumotnomasi;
ijro dasturi va matni;
audio va video disk.
11. Festivalda:
yakka ijrochilar, folklor sanʼati boʻyicha 12 nafardan, milliy xalq oʻyinlari va tomosha sanʼati yoʻnalishida 4 nafardan oshmagan tarkibda ijodiy jamoalar chiqishlari namoyish etiladi;
ijro asarlari chiroyli va mazmunli chiqishi uchun raqslardan ham foydalanish (bunda raqslar Hakamlar hayʼati tomonidan baholanmaydi) mumkin;
barcha ijro etiladigan asarlar yoddan ijro etiladi.
12. Festival quyidagi nominatsiyalar boʻyicha oʻtkaziladi:
folklor sanʼati (alla, oʻlan, lapar, raqs, terma, marosim qoʻshiqlari va hokazo);
milliy xalq oʻyinlari va tomosha sanʼati.
13. Festivalga xorijiy davlatlardan keladigan ishtirokchilar hujjatlari va materiallari tegishli davlatlardagi mutasaddi tashkilotlar va muassasalar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi elchixonalari orqali taqdim etiladi.
14. Nominatsiya boʻyicha har bir ishtirokchining chiqish dasturlari ijrosi 15 daqiqadan oshmasligi kerak.
15. Festivalda ishtirok etishda fonogrammadan foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi.
16. Festival doirasida ilmiy-ijodiy konferensiyalar, seminarlar, davra suhbatlari, sayillar, konsertlar, koʻrgazmalar va boshqa tadbirlar tashkil etiladi.
4-bob. Festival ishtirokchilarini baholash va hayʼat faoliyatini tashkil etish
17. Tashkiliy qoʻmita tomonidan 9 — 11 nafar aʼzodan iborat Hakamlar hayʼati tarkibi va Hayʼat reglamenti tasdiqlanadi.
Xalqaro hayʼat tarkibiga yuqori malakali mutaxassislar, taniqli sanʼat va madaniyat arboblari, olimlar, tadqiqotchilar, amaliyotchilar, shuningdek, ishtirokchi davlatlardan tegishli sohalar namoyandalari kiritiladi.
18. Festival ishtirokchilarining ijro mahorati Hakamlar hayʼatining har bir aʼzosi tomonidan alohida tarzda 10 ballik tizim boʻyicha baholanadi va gʻoliblar aniqlanadi.
19. Baholash jarayonida:
repertuarning badiiy qiymati (etnografik aniqlik va asar qayta ishlanishi yoki stilizatsiyasidagi afzalliklar), materialda hududiy oʻziga xosliklarning aks etishi;
mahorat saviyasi, xalq ijrochiligi usullarini egallaganlik darajasi;
ogʻzaki, musiqiy, ashulachilik va raqs milliy anʼanalari ijrosi uslublari va yoʻllarining mutanosibligi;
bezakning badiiy saviyasi (kiyimlar, rekvizit) va uning milliy anʼanalarga mosligi, anʼanaviy musiqa asboblaridan foydalanish;
dekorativ-amaliy ijod asarlari badiiy saviyasi asosiy mezon hisoblanadi.
20. Ishtirokchilarni baholashda Hakamlar hayʼati mustaqil hisoblanadi.
21. Tanlovning yakuniy natijalari Hakamlar hayʼatining qarori bilan rasmiylashtiriladi.
22. Xalqaro hayʼatning qarorlari qatʼiy va qayta koʻrib chiqilmaydi.
5-bob. Mukofotlash tartibi
23. Festival gʻoliblari quyidagi pul mukofotlari bilan taqdirlanadilar:
1-oʻrin (har bir nominatsiya boʻyicha) — 3 500 AQSh dollari;
2-oʻrin (har bir nominatsiya boʻyicha) — 2 500 AQSh dollari;
3-oʻrin (har bir nominatsiya boʻyicha) — 1 500 AQSh dollari.
24. Festivalning gʻoliblariga Tashkiliy qoʻmita tomonidan diplomlar, sovrinlar va Festival ramzlari tushirilgan esdalik sovgʻalari topshiriladi.
Xalqaro hayʼat qarori bilan eng yaxshi deb topilgan ishtirokchilar har bir nominatsiya boʻyicha bittadan Laureat diplomlari bilan taqdirlanadilar.
Bundan tashqari, har bir nominatsiyada bittadan 1, 2 va 3-darajali diplomlar, Festival ishtirokchisi diplomlari hamda har bir qatnashchiga maxsus diplom beriladi.
25. Festival tashkilotchilari, davlat va nodavlat tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari, korxonalar, muassasalar, jamgʻarmalar, ijodiy uyushmalar va boshqa tashkilotlar ishtirokchilar uchun maxsus mukofotlar, sovrinlar, esdalik sovgʻalari va maxsus mukofotlar taʼsis etishlari mumkin.
6-bob. Festivalni tashkil etish va oʻtkazishni moliyalashtirish
26. Hakamlar hayʼati aʼzolarining Surxondaryo viloyatiga kelib-ketishi, mehmonxona va ovqatlanishi bilan bogʻliq xarajatlar Festival smetasi doirasida qoplanadi.
27. Festival ishtirokchilarining uni oʻtkazish belgilangan hududga kelib-ketishi, mehmonxona va ovqatlanishi bilan bogʻliq xarajatlar ularni Festivalda ishtirok etishga yuborgan tashkilot tomonidan oʻz mablagʻlari, jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari, shuningdek, qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoplanadi.
28. Xorijiy mehmonlarning Oʻzbekiston hududidagi alohida mehmonxona va transport xarajatlari ularni taklif etgan mezbon tashkilot va muassasalar yoki mehmonlarning oʻzlari tomonidan qoplanadi.
29. Festivalni tashkil etish va oʻtkazish bilan bogʻliq sarf-xarajatlar Surxondaryo viloyati hokimligi va Madaniyat vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan hamda Tashkiliy qoʻmita tomonidan tasdiqlangan smeta asosida quyidagi tartibda:
30 foizi — Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetidan Madaniyat vazirligiga madaniy tadbirlar uchun har yili ajratiladigan mablagʻlar hisobiga;
70 foizi — Surxondaryo viloyati mahalliy budjetining qoʻshimcha manbalari, shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga qoplanadi.
7-bob. Yakunlovchi qoidalar
30. Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga muvofiq koʻriklarda, tanlovlarda sovrinli oʻrinlar uchun beriladigan sovrinlar, pul mukofotlariga soliq solinmaydi, shuningdek, yagona ijtimoiy toʻlov va sugʻurta badallari boʻyicha soliq solish obyekti hisoblanmaydi.
31. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Davlat moliyaviy nazorati departamenti Festivalni tashkil etish va oʻtkazish uchun ajratilgan budjet mablagʻlarining maqsadli ishlatilishi va toʻgʻri toʻlanishini nazorat qiladi.
Keyingi tahrirga qarang.

“Boysun bahori” xalqaro folklor festivalini tashkil etish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga

ILOVA
“Boysun bahori” xalqaro folklor festivalini tashkil etish va oʻtkazish
SXEMASI

Bosqichlar

Subyektlar

Amalga oshiriladigan ishlar

Bajarish muddati

1-bosqich

Tashkilotchilar

Festivalning ijro dasturi va unda ijro etiladigan asarlar roʻyxatini (keyingi oʻrinlarda — roʻyxat) tasdiqlaydi

Festival boshlanishidan uch oy oldin

2-bosqich

Tashkiliy qoʻmita

Festival oʻtkaziladigan aniq muddatni ommaviy axborot vositalarida eʼlon qiladi

Festival boshlanishidan oʻttiz kun oldin

3-bosqich

Madaniyat vazirligi

Roʻyxatni Qoraqalpogʻiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, viloyatlar madaniyat boshqarmalari hamda Toshkent shahar madaniyat bosh boshqarmasiga yetkazadi

Festivalning ijro dasturi va tanlovda ijro etiladigan asarlar roʻyxati tasdiqlangandan soʻng besh kun muddatda

4-bosqich

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, viloyatlar madaniyat boshqarmalari hamda Toshkent shahar madaniyat bosh boshqarmasi

Roʻyxatni folklor ijrochilari va jamoalariga yetkazadi

Festivalning ijro dasturi va tanlovda ijro etiladigan asarlar roʻyxati olingandan keyin uch kun muddatda

5-bosqich

Festival ishtirokchilari

Festivalda qatnashish uchun zarur hujjatlarni Tashkiliy qoʻmitaga taqdim qiladi

Festival boshlanishidan oʻttiz kun oldin

6-bosqich

Tashkilotchilar,

Tashkiliy qoʻmita

Festivalni oʻtkazadi

Festival oʻtkaziladigan yilning aprel oyida

7-bosqich

Tashkilotchilar,

Tashkiliy qoʻmita

Festival gʻoliblarini taqdirlaydi

Festival yakuni boʻyicha

(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.02.2022-y., 09/22/59/0104-son, 21.05.2022-y., 09/22/278/0439-son; 06.08.2022-y., 09/22/431/0716-son; 03.03.2025-y., 09/25/135/0208-son)