toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Xalqaro shartnomaga qoʻshilish toʻgʻrisida
“Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 23-moddasiga muvofiq:
1. Koʻzi ojiz, koʻrishda nuqsoni boʻlgan va bosma axborotni idrok etishda boshqa jihatdan qobiliyati cheklangan shaxslarning nashr etilgan asarlardan foydalanishini yengillashtirish toʻgʻrisidagi Marokash shartnomasiga (2013-yil 27-iyun, Marokash) qoʻshilinsin.
2. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi mazkur xalqaro shartnomani amalga oshirish yuzasidan masʼul vakolatli organ etib belgilansin.
3. Tashqi ishlar vazirligi Oʻzbekiston Respublikasining mazkur xalqaro shartnomaga qoʻshilishi hamda uni amalga oshirish uchun masʼul vakolatli organ haqidagi tegishli bildirishnomani depozitariyga yuborsin.
4. Vazirlar Mahkamasi:
bir oy muddatda Marokash shartnomasini amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ni tasdiqlasin;
tegishli vazirlik va idoralarning rahbarlari bilan birgalikda ushbu xalqaro shartnoma kuchga kirgandan keyin Oʻzbekiston Respublikasining huquq va majburiyatlari bajarilishi ustidan belgilangan tartibda nazoratni taʼminlasin.
5. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2022-yil 12-yanvar,
PQ-80-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.01.2022-y., 07/22/80/0016-son)