1.16.00.00.00 Xavfsizlik va huquq tartibot muhofazasi / 16.02.00.00 Xavfsizlikni taʼminlash kuchlari / 16.02.07.00 Milliy gvardiya organlari;
2.16.00.00.00 Xavfsizlik va huquq tartibot muhofazasi / 16.03.00.00 Davlat xavfsizligi / 16.03.05.00 Davlat tomonidan qoʻriqlanadigan obyektlarning xavfsizligini taʼminlash]
[TSZ:
1.Mudofaa va milliy xavfsizlik / Alohida muhim obyektlarni muhofaza qilish]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Qoʻriqlash bosh boshqarmasining harbiylashtirilgan soqchilik boʻlinmalari va qorovullik boʻlinmalari toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Qoʻriqlash bosh boshqarmasining faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 20-fevraldagi PQ-4997-son qarorini ijro etish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Qoʻriqlash bosh boshqarmasining harbiylashtirilgan soqchilik boʻlinmalari va qorovullik boʻlinmalari toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
toifalangan obyektlarni, davlat boshqaruvi organlari va xoʻjalik birlashmalari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, jismoniy va yuridik shaxslarning obyektlarini, ularning mol-mulkini qoʻriqlash uchun tuziladigan shartnomalarga asosan qoʻriqlash xizmatlarini koʻrsatish evaziga tushadigan mablagʻlar hisobidan harbiylashtirilgan soqchilik boʻlinmalari va qorovullik boʻlinmalarini tuzish va ularning faoliyatini tashkil etish tartibi;
harbiylashtirilgan soqchilik boʻlinmalari va qorovullik boʻlinmalari tomonidan toifalangan obyektlarni, davlat boshqaruvi organlari va xoʻjalik birlashmalari, jismoniy va yuridik shaxslarning obyektlarini, ularning mol-mulkini qoʻriqlash boʻyicha koʻrsatiladigan qoʻriqlash xizmatlarining turlari;
harbiylashtirilgan soqchilik boʻlinmalari va qorovullik boʻlinmalarining ishchi va xizmatchi lavozimlari, toifalari hamda shtatlarini tashkil etish, harbiylashtirilgan soqchilik boʻlinmalari va qorovullik boʻlinmalariga ishga kiradigan nomzodlarga qoʻyiladigan talablar, ularni ishga qabul qilish, tayyorlash va qayta tayyorlash tartibi;
harbiylashtirilgan soqchilik boʻlinmalari va qorovullik boʻlinmalari ishchi va xizmatchilarining vazifalari, huquq va majburiyatlari, ularning faoliyatini tashkil etish, xizmatga toʻgʻri taqsimlash va nazorat qilish tartibi;
harbiylashtirilgan soqchilik boʻlinmalari va qorovullik boʻlinmalarining moliyaviy va moddiy-texnik taʼminotini tashkil etish tartibi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qoʻmondoni R.M. Djurayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2021-yil 16-dekabr,
757-son
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 16-dekabrdagi 757-son qaroriga ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Qoʻriqlash bosh boshqarmasining harbiylashtirilgan soqchilik boʻlinmalari va qorovullik boʻlinmalari toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi (keyingi oʻrinlarda — Milliy gvardiya) Qoʻriqlash bosh boshqarmasining tarkibida idoraviy mansub boʻlmagan harbiylashtirilgan soqchilik boʻlinmalari va idoraviy mansub boʻlmagan qorovullik boʻlinmalarini tuzish va ularning faoliyatini tashkil etish hamda ushbu boʻlinmalar ishchi va xizmatchilarining vazifalari, huquqlari va majburiyatlarini, boʻlinmalarning moliyaviy va moddiy-texnik taʼminotini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Milliy gvardiya Qoʻriqlash bosh boshqarmasining (keyingi oʻrinlarda — Qoʻriqlash bosh boshqarmasi) idoraviy mansub boʻlmagan harbiylashtirilgan soqchilik boʻlinmalari va idoraviy mansub boʻlmagan qorovullik boʻlinmalari shaxsiy tarkibi mehnat munosabatlari mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari bilan tartibga solinadigan ishchi va xizmatchilardan iborat boʻladi.
3. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
harbiylashtirilgan soqchilik boʻlinmalari — toifalangan obyektlarni, davlat boshqaruvi organlari va xoʻjalik birlashmalari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, jismoniy va yuridik shaxslarning obyektlarini, ularning mol-mulkini qoʻriqlash vazifalarini bajarish uchun tashkil etiladigan, qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda xizmat jarayonida jismoniy kuch, xizmat quroli va maxsus vositalarni qoʻllash huquqiga hamda belgilangan namunadagi formali kiyim-boshga ega boʻlgan ishchi va xizmatchilardan iborat, xizmat faoliyati Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining Garnizon va qorovullik xizmatlari nizomi talablari boʻyicha ishlab chiqilgan va Milliy gvardiya qoʻmondoni tomonidan tasdiqlangan yoʻriqnomaga muvofiq tashkil etiladigan idoraviy mansub boʻlmagan Qoʻriqlash bosh boshqarmasining tarkibiy boʻlinmasi;
qorovullik boʻlinmalari — davlat boshqaruvi organlari va xoʻjalik birlashmalari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, jismoniy va yuridik shaxslarning obyektlarini, ularning mol-mulkini qoʻriqlash vazifalarini bajarish uchun tashkil etiladigan, qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda xizmat jarayonida jismoniy kuch, xizmat quroli va maxsus vositalarni qoʻllash huquqiga hamda belgilangan namunadagi formali kiyim-boshga ega boʻlgan ishchi va xizmatchilardan iborat, xizmat faoliyati Milliy gvardiya qoʻmondoni tomonidan tasdiqlangan yoʻriqnomaga muvofiq tashkil etiladigan idoraviy mansub boʻlmagan Qoʻriqlash bosh boshqarmasining tarkibiy boʻlinmasi;
qoʻriqlanadigan obyekt — shartnoma asosida qoʻriqlash uchun topshirilgan binolar, qurilmalar, inshootlar, muayyan joylar, ularning hududlari, transport vositalari, transportda tashiladigan yuklar, pul mablagʻlari, moddiy boyliklar va boshqa mol-mulklar;
nazorat-oʻtkazish rejimi — qoʻriqlanadigan obyektlarga (obyektlardan) shaxslar va transport vositalarining kirishini (chiqishini), mol-mulkni olib kirishni (olib chiqishni) nazorat qilish tartibi;
qoʻzgʻalmas post (yoʻnalish) — xizmat oʻtash uchun belgilangan joy yoki hudud.
4. Harbiylashtirilgan soqchilik boʻlinmalari va qorovullik boʻlinmalari ishchi va xizmatchilarining qoʻriqlash faoliyati ushbu Nizom, Milliy gvardiyaning ichki idoraviy hujjatlari va boshqa qonunchilik hujjatlari bilan tartibga solinadi.
2-bob. Harbiylashtirilgan soqchilik boʻlinmalari va qorovullik boʻlinmalarining faoliyatini tashkil etish
5. Harbiylashtirilgan soqchilik boʻlinmalari va qorovullik boʻlinmalari Qoʻriqlash bosh boshqarmasining vakolatlari doirasida, toifalangan obyektlarni, davlat boshqaruvi organlari va xoʻjalik birlashmalari, jismoniy va yuridik shaxslarning obyektlarini, ularning mol-mulkini qoʻriqlash uchun tuziladigan shartnomalarga asosan qoʻriqlash xizmatlarini koʻrsatish evaziga tushadigan mablagʻlar hisobidan Qoʻriqlash bosh boshqarmasi boshligʻining buyrugʻi asosida tashkil etiladi.
6. Harbiylashtirilgan soqchilik boʻlinmalari va qorovullik boʻlinmalari tomonidan quyidagi xizmatlar koʻrsatiladi:
a) harbiylashtirilgan soqchilik boʻlinmalari tomonidan:
obyekt yoki uning bir qismini qoʻzgʻalmas post orqali qoʻriqlash va xavfsizligini taʼminlash;
piyoda yoki transport vositasida, shuningdek, boshqa vositalarda muayyan hududdagi obyektlarni yoki ularning hududlarini yoʻnalish boʻylab qoʻriqlash;
b) qorovullik boʻlinmalari tomonidan — qoʻzgʻalmas post orqali obyekt yoki uning bir qismini qoʻriqlash va xavfsizligini taʼminlash.
7. Quyidagilar harbiylashtirilgan soqchilik boʻlinmalari va qorovullik boʻlinmalarining asosiy vazifalari hisoblanadi:
toifalangan obyektlarni, davlat boshqaruvi organlari va xoʻjalik birlashmalari, jismoniy va yuridik shaxslarning obyektlarini, ularning mol-mulkini qoʻriqlash;
qoʻriqlanadigan obyektlarda nazorat-oʻtkazish rejimi va obyekt ichki rejimlarini taʼminlash;
qoʻriqlanadigan obyektlar hududida jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va ularni bartaraf etish;
qoʻriqlanadigan obyektlarda tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlarning oldini olish hamda ularni bartaraf etishda ishtirok etish;
obyektlarning xavfsizligini taʼminlashda huquqni muhofaza qiluvchi organlar, boshqa davlat organlari, jamoatchilik vakillari bilan hamkorlik qilish hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuklangan vazifalarni hal etishda oʻz vakolatlari doirasida koʻmaklashish.
Harbiylashtirilgan soqchilik boʻlinmalari va qorovullik boʻlinmalari qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa vazifalarni ham amalga oshirishi mumkin.
8. Harbiylashtirilgan soqchilik boʻlinmalari ishchi va xizmatchilarining lavozimlari, toifalari hamda shtatlari mazkur Nizomga 1-ilovaga muvofiq tashkil etiladi.
9. Obyektlarni qoʻriqlash boʻyicha ishchi va xizmatchilarning faoliyatini tashkil etish, xizmatga toʻgʻri taqsimlash va nazorat qilish uchun mazkur Nizomga 2-ilovaga muvofiq harbiylashtirilgan soqchilik boʻlinmalari guruhlari tuziladi.
10. Obyektlarni qoʻriqlash uchun qoʻzgʻalmas postlar (yoʻnalishlar)ni qoʻyish qoidalari va shartlari, shuningdek, ularning faoliyati ustidan nazoratni amalga oshirish tartibi Milliy gvardiyaning ichki idoraviy hujjatlariga asosan belgilanadi.
11. Obyektning joylashuvi, uning va xizmatni oʻtashning oʻziga xos xususiyatlaridan kelib chiqqan holda harbiylashtirilgan soqchilik boʻlinmalari naryadlarining xizmati sutkalik va vaxta usulida tashkil etilishi mumkin.
Vaxtaning davomiyligi yetti sutkagacha belgilanadi va bunda naryadlarning xizmatni oʻtashi tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining Garnizon va qorovullik xizmati toʻgʻrisidagi nizomga asosan ishlab chiqilgan va Milliy gvardiya qoʻmondoni tomonidan tasdiqlangan yoʻriqnomaga muvofiq tashkil etiladi.
Vaxta usulida xizmat tashkil etilganda ishchi va xizmatchilarning dam olishi, ovqatlanishi, yuvinishi va ular bilan oʻquv mashgʻulotlarini oʻtkazish, ularning tabel qurollarini saqlash boʻyicha tegishli shart-sharoitlar yaratilgan boʻlishi shart.
12. Harbiylashtirilgan soqchilik boʻlinmalari va qorovullik boʻlinmalari ishchi va xizmatchilari Milliy gvardiya qoʻmondoni tomonidan tasdiqlangan namunadagi formali kiyim-bosh va xizmat guvohnomalari bilan taʼminlanadi.
13. Harbiylashtirilgan soqchilik boʻlinmalari va qorovullik boʻlinmalari tomonidan foydalaniladigan xizmat qurollari, ularning oʻq-dorilari va maxsus vositalar turlari, ularning soni, taʼminlash va foydalanish tartibi qonunchilik hujjatlariga muvofiq belgilanadi.
3-bob. Harbiylashtirilgan soqchilik boʻlinmalari va qorovullik boʻlinmalariga ishga qabul qilish, ishchi va xizmatchilarni tayyorlash va qayta tayyorlash
14. Harbiylashtirilgan soqchilik boʻlinmalari va qorovullik boʻlinmalariga ishga ixtiyoriy tartibda, tanlov asosida, belgilangan talablarga javob beradigan oʻn sakkiz yoshdan yigirma besh yoshgacha boʻlgan (qorovullik boʻlinmalariga nomzodlar bundan mustasno) Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari qabul qilinadi.
Qabul qilinadigan fuqarolar kamida umumiy oʻrta yoki oʻrta maxsus maʼlumotga ega boʻlishi, sogʻligʻining holati va jismoniy tayyorgarligi boʻyicha xizmat majburiyatlarini bajarishga qodir boʻlishi lozim.
Erkak nomzodlar Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni yoki safarbarlik chaqiruvi rezervida harbiy xizmatni oʻtagan boʻlishi kerak.
Harbiylashtirilgan soqchilik boʻlinmalari va qorovullik boʻlinmalari boshliqlar tarkibiga Milliy gvardiya va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlarda samarali xizmat qilib, nafaqaga boʻshagan nomzodlar suhbat asosida, jismoniy tayyorgarligi va salomatligi holatiga koʻra ishga qabul qilinishi mumkin.
15. Nomzodlar bilan tanlov oʻtkazish, hujjatlarini rasmiylashtirish va ishga qabul qilish tartibi hamda nomzodlarga qoʻyiladigan maxsus talablar Milliy gvardiya qoʻmondoni tomonidan belgilanadi. Qabul qilingan shaxslarga uch oydan ortiq boʻlmagan dastlabki sinov muddati belgilanadi.
16. Harbiylashtirilgan soqchilik boʻlinmalariga qabul qilishda nomzodlarning boʻyi oʻlchami quyidagi maxsus antropometrik parametrlarga javob berishi talab etiladi:
a) erkak nomzodlar uchun 178 santimetrdan past boʻlmasligi;
b) ayol nomzodlar uchun 170 santimetrdan past boʻlmasligi.
Qorovullik tarkibiga qabul qilinadigan nomzodlarga antropometrik parametrlar belgilanmaydi.
17. Quyidagi shaxslarning:
qasddan jinoyat sodir etgan, jinoyati uchun tugallanmagan yoki olib tashlanmagan sudlanganligi boʻlgan;
sud hukmi asosida jazoni oʻtayotgan;
mulkka qarshi qaratilgan huquqbuzarliklar uchun maʼmuriy javobgarlikka tortilgan, shuningdek, jamoat tartibiga yoki boshqaruvning belgilangan tartibiga tajovuz qilish bilan bogʻliq maʼmuriy huquqbuzarliklarni bir yil mobaynida takroran sodir etgan shaxslar;
ruhiy kasalliklarga, giyohvandlikka, toksikomaniyaga, alkogolizmga chalingan bemor sifatida dispanser hisobida turgan;
sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan yoki muomala layoqati cheklangan;
davlatning boshqa xizmatlaridan salbiy sabablarga koʻra boʻshatilgan;
oʻzi va yaqin qarindoshlari toʻgʻrisida bila turib notoʻgʻri maʼlumotlar taqdim qilganligi aniqlangan;
ogʻir va oʻta ogʻir jinoyat sodir etganlar;
nomzod va yaqin qarindoshlari boʻyicha belgilangan hujjatlarni taqdim etishdan bosh tortganlar;
xizmatni oʻtashga toʻsqinlik qiladigan, kasalligi yoki jismoniy nuqsonlari boʻlgan nomzodlar harbiylashtirilgan soqchilik boʻlinmalari va qorovullik boʻlinmalariga ishga qabul qilinishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
18. Harbiylashtirilgan soqchilik boʻlinmalari va qorovullik boʻlinmalariga ishga qabul qilinayotgan fuqarolar hududiy tibbiyot birlashmalarida tibbiy koʻrikdan oʻtadi. Tibbiy koʻrikdan oʻtish shartlari va uni tashkil etish tartibi, nomzodlarning sogʻligʻiga boʻlgan talablar Milliy gvardiya qoʻmondoni tomonidan belgilanadi.
19. Tanlov yakuniga koʻra eng yuqori natijalarga erishgan nomzod bilan nomuayyan muddatga mehnat shartnomasi tuziladi. Mehnat shartnomasida xodim boshlangʻich tayyorlashga jalb etilishi va belgilangan tartibda oʻquv kursini muvaffaqiyatli tamomlab sertifikat olgan taqdirda, mehnat munosabatlari davom ettirilishi, aks holda mehnat shartnomasi bekor qilinishi haqidagi qoida nazarda tutiladi.
20. Ishga qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari majburiy tartibda boshlangʻich tayyorlashdan oʻtadi.
Harbiylashtirilgan soqchilik boʻlinmalari ishchi va xizmatchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish Milliy gvardiyaning taʼlim muassasalarida amalga oshiriladi.
21. Harbiylashtirilgan soqchilik boʻlinmalari va qorovullik boʻlinmalari ishchi va xizmatchilari uchun xizmat va jangovar, ijtimoiy-huquqiy, maʼnaviy-psixologik hamda jismoniy tayyorgarlik vaqti ish vaqti hisobiga kiritiladi.
22. Harbiylashtirilgan soqchilik boʻlinmalari va qorovullik boʻlinmalari shaxsiy tarkibi bilan maxsus dasturlar asosida quyidagi tartibda xizmat va jangovar tayyorgarlik mashgʻulotlari oʻtkaziladi:
harbiylashtirilgan soqchilik boʻlinmalarida — oyiga 8 soat (oʻquv yilida 80 soat);
qorovullik boʻlinmalarida — oyiga 4 soat (oʻquv yilida 40 soat).
23. Harbiylashtirilgan soqchilik boʻlinmalari va qorovullik boʻlinmalari ishchi va xizmatchilari belgilangan tartibda har yili tibbiy koʻrikdan, shuningdek, jismoniy tayyorgarlik, jismoniy kuch ishlatish, maxsus vositalar va qurolni qoʻllash bilan bogʻliq sharoitlarda harakat qilishga yaroqlilik yuzasidan davriy sinovlardan oʻtadilar. Davriy sinovlarni oʻtkazish tartibi Milliy gvardiya qoʻmondoni tomonidan belgilanadi.
Sinov natijalari boʻyicha qoniqarsiz baholangan harbiylashtirilgan soqchilik boʻlinmalari va qorovullik boʻlinmalari ishchi va xizmatchilarining malakasi yetarli emas deb hisoblanib, tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinadi.
24. Qoʻriqlash bosh boshqarmasi psixologlari tomonidan tuzilgan dastur (reja, jadval)larga asosan harbiylashtirilgan soqchilik boʻlinmalari ishchi va xizmatchilari bilan maʼnaviy-psixologik tayyorgarlik bosqichma-bosqich, maqsadli va doimiy ravishda oʻtkaziladi.
4-bob. Harbiylashtirilgan soqchilik boʻlinmalari va qorovullik boʻlinmalari ishchi va xizmatchilarining huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi
25. Harbiylashtirilgan soqchilik boʻlinmalari va qorovullik boʻlinmalari ishchilari va xizmatchilari xizmatni oʻtash vaqtida quyidagi huquqlarga ega:
oʻrnatilgan nazorat-oʻtkazish va obyekt ichki rejimlariga hamda jamoat tartibiga rioya etilishini talab qilish;
qoʻriqlanadigan obyekt hududidan mol-mulkni noqonuniy olib chiqishga yoki qoʻriqlanadigan obyektga taqiqlangan narsalarni olib kirishga urinayotgan shaxslarni ushlash;
qoʻriqlanadigan obyektlardagi mol-mulkning saqlanishi sharoitlarini, muhandislik himoya vositalarining holati va sozligini tekshirish, aniqlangan buzilishlar, kamchiliklar bartaraf etilishini talab qilish;
qoʻriqlanadigan obyektga noqonuniy kirganlarning yoki obyektda huquqbuzarlik sodir etganlarning shaxsini aniqlash, qoʻriqlash xizmati xonasiga keltirish hamda ushlab turish (bunday vakolatlar boʻlmagan taqdirda, tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlarning xodimlarini chaqirish);
muomalada boʻlishi cheklangan moddalar, shu jumladan qoʻriqlanadigan obyekt rahbariyati tomonidan obyektga olib kirilishi taqiqlangan buyumlar roʻyxatiga kiritilgan modda bor deb hisoblash uchun asoslar mavjud boʻlgan taqdirda, fuqarolarni shaxsiy koʻrikdan oʻtkazish, ularning ashyolari, qoʻl yuki, bagajini koʻzdan kechirish hamda ularni olib yurish va saqlash uchun asoslar boʻlmagan taqdirda mazkur ashyolar, vositalar hamda moddalarni olib qoʻyish, transport vositalarini koʻzdan kechirish, shuningdek ularda tashilayotgan yuklarning kuzatuv hujjatlariga muvofiqligini tekshirish;
qoʻriqlanadigan hududda, patrullik yoʻnalishida sodir etilgan hodisa yoki jinoyatni, maʼmuriy huquqbuzarlikni rasmiylashtirish, jinoyat izlarini saqlash maqsadida fuqarolardan hodisa joyini tark etishini talab qilish;
fuqarolarning hayoti va sogʻligiga, atrof muhitga zarar yetkazmaydigan qoʻriqlash texnik vositalaridan foydalanish;
qoʻriqlanadigan obyektlarga qonunga xilof ravishda kirgan yoki kirishga uringan shaxslarni aniqlash uchun, shuningdek bunday kirishlarning oldini olish maqsadida xizmat (qoʻriqchi) itlaridan foydalanish;
qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda qurol va maxsus vositalarni olib yurish va ulardan foydalanish, shuningdek jismoniy kuch ishlatish.
Qoʻriqlash faoliyatini amalga oshiruvchi ishchi va xizmatchilar, ularning oila aʼzolari qoʻriqlanadigan obyektlarning ishchi va xizmatchilari uchun nazarda tutilgan barcha turdagi tibbiy va ijtimoiy taʼminot (poliklinika, shifoxona, dam olish uylari, bolalar dam olish oromgohlari, bolalar bogʻchalari) turlaridan foydalanadi.
Harbiylashtirilgan soqchilik boʻlinmalari va qorovullik boʻlinmalari ishchi va xizmatchilari qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa huquqlardan ham foydalanadilar.
26. Harbiylashtirilgan soqchilik boʻlinmalari va qorovullik boʻlinmalari ishchi va xizmatchilari qoʻriqlash turi, shakllari va usullaridan qatʼi nazar, xizmatni oʻtash jarayonida quyidagilarga majbur:
obyektlarni qoʻriqlash va qonunga xilof tajovuzlardan himoya qilishi, belgilangan tartibga va qoʻriqlash faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga qatʼiy rioya etishi, mol-mulkini qoʻriqlashi va uni kuzatib borishi;
oʻz vakolatlari doirasida davlat, jismoniy va yuridik shaxslarning mol-mulkini himoya qilish, shuningdek fuqarolar va davlat xavfsizligini taʼminlash uchun zarur boʻlgan choralarni koʻrishi;
xizmatni oʻtash joylarida jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va ularni bartaraf etishi;
qoʻriqlanadigan obyektda jinoyatning, maʼmuriy huquqbuzarliklarning va hodisalarning izlari saqlanishini taʼminlashi;
jinoyat joyida jabrlangan fuqarolarga, shuningdek nochor ahvolda qolgan shaxslarga birinchi yordam koʻrsatishi yoki shunday yordam koʻrsatilishini tashkil etishi;
obyektlar xavfsizligini taʼminlash maqsadida huquqni muhofaza qiluvchi organlar va boshqa davlat organlari, jamoatchilik vakillari bilan hamkorlik qilishi;
oʻz vakolatlari doirasida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ularga yuklatilgan vazifalarni hal etishda koʻmaklashishi;
qoʻriqlanadigan obyektlarda tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar hamda favqulodda hodisalarni bartaraf etishda ishtirok etishi;
qoʻriqlanadigan obyektning nazorat-oʻtkazish punktlarida qoʻriqlanadigan obyekt maʼmuriyati tomonidan qoʻriqlash xizmati rahbari bilan kelishuviga koʻra tasdiqlangan rejim boʻyicha yoʻriqnomaga muvofiq obyektdagi ichki va nazorat-oʻtkazish rejimlariga rioya etilishini taʼminlashi;
oʻziga ishonib topshirilgan xizmat quroli va uning oʻq-dorilarining, maxsus va texnik vositalarning, shaxsiy himoya vositalarining hamda mol-mulkning xavfsiz va tegishli tarzda saqlanishini taʼminlashi;
formali maxsus kiyim-boshini belgilangan tartibda kiyib va farqlash belgilarini taqib yurishi;
qoʻriqlash faoliyatini amalga oshirishi chogʻida oʻziga maʼlum boʻlib qolgan qonun bilan qoʻriqlanadigan xizmat siri va boshqa sirlarning maxfiyligini taʼminlashi shart.
Harbiylashtirilgan soqchilik boʻlinmalari va qorovullik boʻlinmalari ishchi va xizmatchilariga qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa majburiyatlar ham yuklanishi mumkin.
27. Harbiylashtirilgan soqchilik boʻlinmalari va qorovullik boʻlinmalari ishchi va xizmatchilarining xizmat majburiyatlarini bajarishi deganda quyidagilar tushuniladi:
lavozim majburiyatlarini bajarish;
xizmatni oʻtash;
xizmat safarida boʻlish;
kun tartibida belgilangan xizmat vaqti davomida yoki xizmat zarurati tufayli qoʻriqlash boʻlinmalari (qoʻriqlanayotgan obyekt) hududida boʻlish;
xizmat joyiga borish yoki ulardan qaytish;
oʻquv yigʻinlarida ishtirok etish;
sud tomonidan ishchi va xizmatchilarning shaxs, jamiyat va davlat manfaatlarini koʻzlab sodir etilgan deb topilgan boshqa harakatlari.
28. Harbiylashtirilgan soqchilik boʻlinmalari va qorovullik boʻlinmalari ishchi va xizmatchilari davlat organi vakili hisoblanadi va davlat himoyasi ostida boʻladi.
29. Harbiylashtirilgan soqchilik boʻlinmalari va qorovullik boʻlinmalari ishchi va xizmatchilaridan faqat qoʻriqlash faoliyati bilan bogʻliq vazifalarni bajarish maqsadida shartnoma asosida foydalaniladi.
5-bob. Harbiylashtirilgan soqchilik boʻlinmalari va qorovullik boʻlinmalarining moliyaviy va moddiy-texnik taʼminoti, ishchi va xizmatchilarning ijtimoiy himoyasi
30. Harbiylashtirilgan soqchilik boʻlinmalari va qorovullik boʻlinmalari ishchi va xizmatchilari ish haqi va bepul formali kiyim-bosh bilan taʼminlanadi. Ishchi va xizmatchilarga har oyilik qoʻshimcha toʻlovni nazarda tutuvchi malaka toifasi, ularning moddiy-texnik taʼminoti normalari, shuningdek, formali kiyim-boshni kiyish qoidalari Milliy gvardiya qoʻmondoni tomonidan belgilanadi.
31. Qoʻriqlash bosh boshqarmasining shakllanadigan pul taʼminoti jamgʻarmasi doirasida harbiylashtirilgan soqchilik boʻlinmalari va qorovullik boʻlinmalari ishchi va xizmatchilariga:
Yagona tarif setkasi boʻyicha mehnatga haq toʻlashning tasdiqlangan razryadlariga koʻra lavozim maoshlariga qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda oshirilgan koeffitsiyentlar qoʻllaniladi;
bir yilda bir marta ikki oylik lavozim maoshi miqdorida ragʻbatlantiriladi;
bir yilda bir marta bir oylik lavozim maoshi miqdorida moddiy yordam koʻrsatiladi.
32. Harbiylashtirilgan soqchilik boʻlinmalari va qorovullik boʻlinmalari ishchi va xizmatchilari qonunchilik hujjatlarida belgilangan ijtimoiy kafolat va imtiyozlardan foydalanadilar.
33. Harbiylashtirilgan soqchilik boʻlinmalari va qorovullik boʻlinmalari ishchi va xizmatchilari mehnat faoliyati davomidagi baxtsiz hodisalar va kasbiy kasalliklaridan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda davlat majburiy ijtimoiy sugʻurtasi qilinishi lozim.
34. Harbiylashtirilgan soqchilik boʻlinmalari va qorovullik boʻlinmalari ishchi va xizmatchilari xizmat vazifalarini bajarish chogʻida jarohat olgan yoki halok boʻlgan taqdirda, zararni qoplash tegishli jamoa shartnomalari va jamoa kelishuvlariga muvofiq, amaldagi qonunchilikda belgilab qoʻyilgan normalardan kam boʻlmagan tartibda amalga oshiriladi.
35. Mehnat sharoitlari sogʻliq uchun zararli boʻlgan obyektlarda xizmat qiluvchi harbiylashtirilgan soqchilik boʻlinmalari va qorovullik boʻlinmalari ishchi va xizmatchilari shu obyektlarning ishchi va xizmatchilari uchun nazarda tutilgan imtiyoz va qulayliklardan foydalanadilar.
Qoʻriqlanayotgan obyektlar maʼmuriyati, oʻz xizmat vazifasini vijdonan bajarayotgan harbiylashtirilgan soqchilik boʻlinmalari va qorovullik boʻlinmalari ishchi va xizmatchilarini taqdirlashi va moddiy ragʻbatlantirishi mumkin.
6-bob. Yakunlovchi qoida
36. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Qoʻriqlash bosh boshqarmasining harbiylashtirilgan soqchilik boʻlinmalari va qorovullik boʻlinmalari toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Harbiylashtirilgan soqchilik boʻlinmalari ishchi va xizmatchilarining lavozimlari, toifalari hamda shtatlari
ROʻYXATI
T/r
Lavozim nomlari
Toifasi
Shtat soni
1.
Otryad boshligʻi
Katta boshliq
Tuzilgan shartnomalarga asosan ajratilgan shtat birliklari soni 76 birlikdan oshganda kiritiladi
2.
Otryad boshligʻi oʻrinbosari
3.
Otryad boshligʻining moddiy taʼminot boʻyicha yordamchisi
4.
Alohida komanda va otryad tarkibidagi komanda boshligʻi
Tuzilgan shartnomalarga asosan ajratilgan shtat birliklari soni 16 birlikdan 75 birlikkacha boʻlganda kiritiladi
5.
Otryad (komanda) qorovul itlari instruktori
Oʻrta boshliq
Harbiylashtirilgan soqchilik otryadi (komandasi) tarkibidagi mavjud 7 birlik kinolog shtat lavozimiga 1 birlik qorovul itlari instruktori kiritiladi
6.
Otryad (komanda) starshinasi
Kichik boshliq
Harbiylashtirilgan soqchilik otryadi (komandasi) ish hajmi va xizmat zaruriyatiga muvofiq 1 birlik kiritiladi
7.
Qorovul boshligʻi
Tuzilgan shartnomalarga asosan ajratilgan shtat birliklari 16 birlikdan oshganda keyinchalik har 25 birlik uchun kiritiladi
8.
Guruh boshligʻi
Tuzilgan shartnomalarga asosan ajratilgan shtat birliklari soni 6 birlikdan 15 birlikkacha boʻlganda kiritiladi
9.
Ruxsatnomalar byurosi boshligʻi
3 birlik ruxsatnomalar byurosi navbatchisi boʻlganda kiritiladi
10.
Ruxsatnomalar byurosi navbatchisi
Ruxsatnomalar byurosi tashkil etilgan nazorat-oʻtkazish punktlarida 3 birlik ruxsatnomalar byurosi navbatchisi kiritiladi
11.
Kinolog
Oddiy tarkib
Tuzilgan shartnomalarga asosan xizmat faoliyatida foydalanilayotgan har bir qorovul iti uchun harbiylashtirilgan soqchilar shtati hisobidan 1 birlik kiritiladi
12.
Nazoratchi
Qoʻriqlash vaqti hisobi va toʻlov smetasiga muvofiq kiritiladi
13.
Oʻqchi
Qoʻriqlash vaqti hisobi va toʻlov smetasiga muvofiq kiritiladi
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Qoʻriqlash bosh boshqarmasining harbiylashtirilgan soqchilik boʻlinmalari va qorovullik boʻlinmalari toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Harbiylashtirilgan soqchilik boʻlinmalari guruhlari
ROʻYXATI
T/r
Guruhlar
Shtat soni
1.
Guruh
1 — 15 birlik
2.
3-guruh komandasi
16 — 35 birlik
3.
2-guruh komandasi
36 — 50 birlik
4.
1-guruh komandasi
51 — 75 birlik
5.
3-guruh otryadi
76 — 200 birlik
6.
2-guruh otryadi
201 — 350 birlik
7.
1-guruh otryadi
351 birlik va undan ortiq
Izoh.
Tuzilgan shartnomalarga asosan ajratilgan shtat birliklari soniga muvofiq guruhlar belgilanadi.
Harbiylashtirilgan soqchilik boʻlinmalarining guruhlarini oʻzgartirish va unga asosan mehnatga haq toʻlashni belgilash Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Qoʻriqlash bosh boshqarmasi tomonidan amalga oshiriladi.